background
logotype

Umarqul Egamov. O‘smirda nimsa ayb? (1988)

Bir paytlar («Kozera»mi, «Kozara»mi aniq esimda yo‘q) bir film bo‘lardi. Yoshlar goh daladan, goh maktabdan qochib, kattalardan yashirin holda shu filmni ko‘rib kelishar, keyin burchak-burchaklarda, hingir-hingirlar boshlanardi. Bolalar fashist soldatining qilgan ishidan nafratlanish o‘rniga uning bug‘doyzorda yosh rus qizini qanday zo‘rlaganini aytib zavqlanishardi. Ilgari o‘zidan kichik qizga singilday yoki o‘zidan katta qizga opaday qaraydigan bola endi ularga yonib qaraydigan bo‘lgandi!

Kitob yozishdan asosiy maqsad — kishilarni tarbiyalash bo‘lishi kerak. Ba’zi kitoblarning tez sotilishiga sabab ularda yoshlarni junbushga keltiradigan ishqiy sarguzashtlarning zavq bilan tasvirlanishidir. Lekin bu xil kitoblar ularga qanday ta’sir qilyapti? Bu masala bizlarni qiziqtirmayapti. Shuning uchun 14 va 20 yoshlilar orasida bo‘yida bo‘lib qolishlar ko‘paymoqda! Har joy, har joylarga tashlab ketilayotgan chaqaloqlar haqida eshitib turibmiz.

Bizning diyorimizda nafaqat ishqiy filmlar, balki sal yengil so‘z ham issiq qonli o‘smir ko‘nglini buzadi. Ko‘ngli buzilgan o‘smir esa havasini jilovlay olmaydi.

Boladan nimani yashirsang u o‘sha narsaga ko‘proq qiziqadi. Sigareta chekma desang — chekadi. Teskarisini qilib, chekishning yomon tomonlarini, oqibatini tushuntirib, «ma, chek», desang u cho‘chiydi. Chekmaydi. Choynakning qo‘lni kuydirishini tushuntirib, barmog‘ini tekkizsang ikkinchi u choynak oldiga yaqinlashmaydi. Biz xohlasak-xohlamasak kitoblar yozilaveradi, filmlar qo‘yilaveradi. O‘zimiznikini taqiqlasak, chet eldan kirib keladi. To‘g‘risini aytganda, dunyo miqyosidagi saviyamizniyam o‘ylashimiz kerak! Chet ellar ko‘p sohada bizdan o‘zib ketgan, deb, ularni o‘zimizdan yuqoriroq qo‘yamiz. Ularning ko‘p narsalari — stanoklari, elektron apparatlari, mashina-mexanizmlari bilan ichki hayotimizga kirib kelishiga keng yo‘l ochib bermoqdamiz. To‘g‘ri, bu jamiyatning moddiy-texnika bazasini yaratishda, oqsagan ekonomikani yo‘lga solishda katta ahamiyatga ega. Ammo chet eldan ochiq va yashirin tarzda kirib kelayotgan «madaniyat» hayotimizni buzmoqda, bema’niliklar bilan to‘ldirmoqda. «Erkin dunyo» zaharlari ta’siriga tushunib-tushunmay berilayotgan yoshlarimiz, yengiltak kattalarimiz axloqan buzilmoqda. Chet el muzikasiga jazavaga tushib o‘ynaymiz, chet el adiblarining kitoblarini maqtab o‘qiymiz, chet el filmlarining shaydosimiz, erkin dunyo lazzatlarining ishqibozimiz. Buning ta’siriga nafaqat hali ko‘zi ochilmagan g‘o‘r yoshlarimiz berilmoqda, balki katta-katta ishlarda ishlaydigan amaldor akalarimiz, amaldor opalarimiz ham berilib ketishmoqda. Ba’zi puldor boyvachchalar esa karate, odamxo‘rlik, mushtlashish, seksni targ‘ib qiluvchi videokassetalari bilan faxrlanishadi. Ularni qadrdon, hurmatli mehmonlariga qo‘yib berishadi. Tamaddidan keyin oila a’zolari bilan maza qilib ko‘rishadi, madaniy hordiq chiqarishadi.

Videobarlarda tushlik paytlarida, ish vaqti tugaganidan keyin bunday ko‘rsatuv ishqibozlari eshikni ichidan qulflab, tomosha ko‘radilar. Sayoq videokinochilar pana-panadagi uylarda, hatto jihozlangan mashinalarda erkin harakat qilmoqdalar. Harom ishlarni targ‘ib qilib harom pul to‘plamoqdalar, boyimoqdalar! Xo‘sh, bular qanday insonlar?! Menimcha, bular madaniy saviyasi past, axloqan buzuq, o‘z xalqining eng yaxshi urf-odatlarini toptayotgan ma’nan tuban odamlardir! Nahot biz shunchalik qoloqlashib ketgan bo‘lsak? Bugungi kunga kelib chet el madaniyatiga muhtoj bo‘lib qoldikmi?! Yo‘q! Bir-ikkita soxta shuhrat orttirish ilinjida bo‘lgan akalarimizgina boshqa daraxtga qo‘nib sayrashmoqda! U daraxt mevasining achchiq-zahar ekanligini vaqt ko‘rsatadi. Lekin u payt kech bo‘ladi! Bunaqa yengil-elpi madaniyatni import qilishni to‘xtatish kerak!

Bundan o‘n yil, yigirma yil oldingi o‘zbek qizi, o‘zbek yigiti bilan hozirgilar o‘rtasidagi farqni solishtiraman. U davrdagi axloq-odob, madaniyat, g‘urur, or-nomus, oqibatu hurmat bilan hozirgilari o‘rtasida farq katta. Yaxshi tomongami? Yo‘q, albatta, yomon tomonga! Nega shunday?! Bunga o‘zlarini odamlardan aqlliroq hisoblayotgan, men kommunistman, deb ko‘kraklariga urayotgan, «e’tiqod»larini isbotlash uchun befarosatlarcha harakatlar qilayotgan ba’zi opalarimiz, ba’zi akalarimiz sabab bo‘lmoqdalar! Befarosatlarcha yo‘rg‘alayotgan ma’muriyatchilik mexanizmi hukmida xalqimizning yaxshi urf-odatlari, madaniyatiga o‘tmishning yomon qoldig‘i sifati berilib xurofot paranjisiga o‘ralmoqda!

Jizzaxdagi katta bir fabrikaga yuqoridagi ulug‘lardan birining kelayotganligini eshitib, korxona rahbari buyuradi: «Fabrikadagi xotin-qizlarning lozimlari yechilib, oq xalat va tursi kiydirilsin!» Buyruq so‘zsiz bajariladi. Bajarmaganlar ishdan bo‘shatiladi. Chunki «katta»ga fabrikadagi «ilg‘or madaniyat» ko‘z-ko‘z qilinishi kerak edi-da! Yoki «formangizni» almashtirib keling, bu yer sizga chimildiq emas, deb Ovro‘pa madaniyatiga sig‘inadigan o‘qituvchi tomonidan auditoriyadan chiqarib yuborilgan kelinchak-talaba ahvoliga nima deysiz? Yoki ba’zi soxta kommunistlarning o‘lik ko‘mish marosimlaridan oyoq tortayotganliklarini nima bilan izohlash mumkin?

Ba’zi joylarda machitlarga buldozerlar solish, mullalarni quvg‘in qilish, ularning «tavbasini» matbuotda, radioda berishimiz ishimizni quruq ko‘z-ko‘zlash uchungina bo‘lib qolmayaptimi? Din ba’zi chalamullalar tomonidan qovoq aridek g‘o‘ng‘illab o‘qiladigan suralardangina iborat emas-ku! Avvalo uning nima ekanligini bilmoq kerak. Bilmagan narsani rad etish kulgili-ku! O‘rganishimiz, o‘rganishimiz va to‘g‘ri tahlil qila bilishimiz kerak.

Ba’zi yosh oilalarning bozor qila bilmasligi, hatto oilasi uchun magazinga borib xarid qilishga uyalishi, maktab bolalarini bozorlardan, savdodan quvg‘in qilayotganimiz sababli emasmikin?! O‘zimizning tarbiyada no‘noqligimiz, har narsani odil tushuntirib bolalarni to‘g‘ri yo‘lga boshqara olmayotganimiz tufayli har xil keraksiz chegaralashlarga duch kelyapmiz. Ba’zi oilalardagi janjallarning sababi ham shu. Ilgari bozorlar nafaqat kattalarni, bolalarni ham tarbiyalagan, muomalaga o‘rgatgan! Mehnatni taqiqlaymiz, bozorlarga kiritmaymiz, bolalarimizni kim qilib o‘stirmoqchimiz o‘zi?! Ertaga tag‘in ularni no‘noqlikda, muomalani bilmaslikda ayblaymiz! Turli xil barlar tashkil qilib yoshlarga sharoit yaratib beryapmiz. Lekin bu «sharoit» nimaga xizmat qilyapti? Muzikalar shovqinidan zirillayotgan xonalarga bosh suqib, kashandalarcha chekilayotgan giyohlar tutunidan o‘tirganlarning qaysisi erkak, qaysisi ayol ekanligining farqigayam borib bo‘lmayapti. Ular o‘rtasidagi noma’qulchiliklar, jinoyatlar, qonunbuzarliklarni-ku, qo‘yaverasiz! Bir vaqt kelib hozir ishlab chiqarish bo‘yicha chet ellardan shuncha orqada qolib ketdik deb ayuhannos solayotganimizdek, ma’naviy qashshoqlikda ham ilgarilab ketibmiz deb sochimizni yulmasmikinmiz?!

Hozir Yaponiya, Amerika va boshqa kapitalistik mamlakatlarda bog‘chadayoq bolalarga pul muomalasini o‘rgatishadi. Savdo-sotiq sirlaridan boxabar bola yoshligidanoq diplomat bo‘lib o‘sadi. O‘z hayotining «kommersanti» bo‘ladi. Moddiy qiyinchiliklardan chiqish yo‘llarini, pul qadrini, «kirim-chiqim» variantlarini, oila byudjeti xarajatlarini, uni qoplash yo‘llarini anglaydi. Bizda esa voyaga yetgan farzandimiz savdo madaniyatidan bexabar, mustaqil qadam bosolmaydi. Shuning uchun hayotda tez qoqiladi. Xato qiladi va birato‘la o‘nglanmaydigan bo‘lib toyib ketadi.

Novomoskovskiyda 1986 yil boshida rassom — bezovchi Sergey Ivanov boshchiligida 14-maktab qoshida yosh ijodkorlar klubi ochilgan. Yuzdan ortiq yuqori sinf o‘quvchilarini birlashtirgan bu klub a’zolari hech kimdan mablag‘ ham so‘ramaganlar, o‘zlari ustav qabul qilib, oyoqqa turib olish uchun 2 so‘mdan pul yig‘ishgan. Bo‘sh yotgan kechki maktab binosini remont qilishib, o‘zlariga ustaxona qilib olishgan. Bolalar slesarlik ishlari, yog‘och o‘ymakorligi, bezak ishlari bilan shug‘ullanganlar. Qizlar palos to‘qiganlar. Hozir bu klub kengayib Butunrossiya madaniy fondlari badiiy ishlab chiqarish kombinatiga aylangan. Unga «Izogrif» nomi berilgan. Hozir hisobida 25 ming so‘m mablag‘i bor. Ish haqi bolalar mehnatining miqdori va sifatiga qarab taqsimlanadi. Ota-onalar bundan minnatdor! Klub a’zolari darsdan keyin haftada 3 kun ikki soatdan ishlashadi. Ayni kunda ular o‘ttizta mutaxassis boshchiligida ish olib borib, ganchli bezak ishlarini o‘rganyaptilar. Shaxsiy uy qurayotgan odamlardan buyurtmalar qabul qilmoqdalar, shahar bolalar parkini yaratish ustida ish olib bormoqdalar. («Deti i dengi». «Izvestiya». 1988 yil, 25 mart, 85-son 3-bet).

Atoqli sovet pedagogi A. S. Makarenko aytganidek, mehnat ta’lim bilan, siyosiy va ijtimoiy tarbiya bilan birga qo‘shib olib borilsagina yaxshi natija beradi.

Maktablar uchun o‘quv programmasini tuzish va tasdiqlashda umumiy fanlardan tashqari o‘tiladigan maxsus o‘quv darslarini mamlakatimiz miqyosida bir xil qilib qo‘ymaslik lozim. Masalan, oila to‘g‘risida alohida fan joriy qilinib, bog‘chadan, quyi sinflardan boshlab ko‘proq tarbiyaga e’tibor qilinsa. Salom-alikni ham erinmay o‘rgatish kerak, shaxsiy gigienani ham. Chunki tarbiyasiz bilimdondan, tarbiyali inson jamiyat uchun zarurroqdir! Bolalarimiz maktabdan mustaqil hayotga tayyor bo‘lib chiqishi uchun hech bo‘lmasa huquqning umumiy qonun-qoidalarini o‘rgatishimiz, qonuniy mas’uliyat hissini tarbiyalashimiz kerak.

Ilgari to‘ydan oldin qizga turmushga chiqqan dugonasi yoki yangasi kuyov yigitga esa uylangan o‘rtog‘i maslahat berardi. Hozirgi yoshlar hamma baloni biladi, deb bu odatga hech kim e’tibor qilmay qo‘ydi. Nima qilish kerak?!

Turmush qurishga ariza berishganidan keyin ZAGS byurolarida, qishloq Sovetida yoki biror mutasaddi tashkilot ixtiyorida yosh yigit va qizlar uchun alohida kurs tashkil etilsa. Unda oilaviy hayotning hamma qirralari o‘qitilsin, o‘rgatilsin.

Bunga turli soha mutaxassislari — sotsiologlar, psixologlar, yuristlar, mediklar, shu bilan birga ko‘p bolali ota-onalar jalb qilinsin! Qaynona-qaynota, er-xotin, bola psixologiyasi chuqurroq o‘rgatilsa, seksual hayotning sehri, pinhoniy tomonlari, intim tuyg‘u, uning vaqti-soati, shart-sharoiti, ba’zida yoshlar irodasidan ustun keladigan bu tuyg‘uning bevaqt xurujini jilovlash, undan qutilish yo‘l-yo‘rig‘ini tushuntirilsa, birinchi kechada kuchli nerv qo‘zg‘alishidan, hayajondan, qo‘rquvdan, uyatdan qiz bokira bo‘lsa ham «o‘sha narsaning» kelmay qolishi mumkinligini, yosh kuyovning bu xil ta’sirlar o‘tgunicha, o‘z vazifasini o‘tay olmasligini ma’lum qilib, to‘g‘ri yo‘l-yo‘rig‘ini sezdirsa bo‘ladi-ku!

Tegishli kursni bitirganligini aniqlash maqsadida qiz va yigit alohida-alohida suhbatdan o‘tkazilganidan keyingina ular ZAGSdan ro‘yxatdan o‘tkazilsa. Bu usul nafaqat o‘zbek millati farzandlariga, balki Sovet mamlakatiga mansub hamma millat yoshlariga zarur deb o‘ylayman. Qo‘ydi-chiqdi ko‘paygan bir paytda bu davr taqozosidir! Chunki ko‘pgina janjallar nafaqat oiladagi yo‘qchilikdan yoki to‘qchilikdan, balki intim muomalani bilmaslik, axloqsiz xatti-harakatlardan kelib chiqadi.

Ba’zi yozuvchilarimiz intim yaqinlikni ilohiy lazzat sifatida ta’riflab qahramonlarining sokin go‘shalarda qanday don olishganlarini yozish bilan o‘quvchilar e’tiborini qozonmoqchi bo‘lishyapti. Bu xildagi yaqinlik hayvonga xosligini, inson uchun bu ma’naviy dog‘ ekanini, oqibati — mayiblikka, farzandsizlikka olib kelishini, tanosil kasalliklariga sabab ekanini, bunday yengiltaklikdan keyin fohishalarcha hayotga munkib ketishini, ular nega yoritishmaydi? Nega o‘zbek qizining bokira qiz bo‘lib, oq fotiha bilan chimildiqqa kirishini targ‘ib qilmaydilar? Yoki bu ham xurofotmi?! Yo‘q, o‘rtoqlar, bu adabiyotimizdagi xurofotdir!!!

Yigitlar mard bo‘lsa, sevganining iffatini duch kelgan joyda bulg‘amasin! Qizda or-nomus, g‘urur bo‘lsa, har qanday hiyla-nayrangga ham bo‘yin bermasin, to‘yini kutsin! Oq libosu oq fotihada chimildiqqa kirganga ne yetsin! Faqat to‘y kechasi o‘zini yoriga baxsh etsin! O‘shandagina u bu tunni, bu lahzani intiqlik bilan kutgan besabr sevgilisi — umr yo‘ldoshi oldidayam, unga baxt tilagan to‘y ishtirokchilari, do‘st-tanishlari, kelin bo‘lib tushgan xonadon, mahalla oldida ham yuzi yorug‘, qalbi pok, musaffo bo‘ladi. Endi Vafodorlikni, kutib yashashni o‘rganishadi. Bunday turmush har qanday qiyinchiliklarga dosh beradi. Har xil gap-so‘zlar, sovuqchilik to‘g‘risida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Endi ular farzandlariga ham shunday hayot va’da qilib yashashadi.

Shu yerda modalar haqida ikki og‘iz gapirib o‘tmoqchiman. Modadan maqsad insonni har xil ranglarga bo‘yalgan latta-puttalarga o‘rash emas, uning bo‘yi-basti, rangi-ro‘yi, gavda tuzilishiga qarab kunduzu kech, yozu qish, bahoru kuzda shu inson gavdasiga mos tushadigan, uni ochadigan, qadamlarini, harakatini yanada go‘zallashtiradigan kiyim bo‘lishi kerak. Modalar namoyish etiladigan joyga borsang yoki jurnalni varaqlasang ayniqsa ayollarimizga taqdim etilayotgan narsalarning ko‘pchiligi odamning kulgisini qistatadi.

O‘zingiz tasavvur qiling: havo 25—35 darajada issiq. Avtobus tiqilinch. Ko‘pi yoshlar. Unga ayol kishi chiqadi. U o‘rta yoshda, sipo kiyingan, lekin qadam bosganida lippasi yoriq modadagi koftasidan, hammom eshigi tirqishidan bexosdan ko‘zga tashlanib qolgandek ayol boldiriga ko‘zingiz tushadi! Ayolning esa parvoyigayam kelmaydi.

Qo‘zg‘aydigan ham o‘zimiz, radio-televizorda eshittirib, ko‘rsatayotgan ham o‘zimiz, kitoblarga yozib pinhona yo‘l-yo‘riqlar berayotgan ham o‘zimiz! Tag‘in «buzilib ketgan, buzilib ketishyapti», deb o‘smirlarni yomonlaymiz! Chuqurroq o‘ylab ko‘rsak bo‘lardi! Bolalarga tanbeh berishdan avval o‘zimizni tarbiyalab olaylik!

Bir kengash oldidan teatrda artistlar «Maysaraning ishidan» parcha ko‘rsatishdi. Maysara rolida o‘ynagan yosh ijrochi ayol sahnada shunday ochilib ketgan ediki, atrofimda o‘tirganlar o‘zlaricha tahsinlar ayta boshlashdi. Hayal o‘tmay shu ayol chiqib bir juft qo‘shiq aytdi. Odamlarning hafsalasi pir bo‘ldi. Biri: «Dumi yuluq tovuqqa o‘xsharkan», deb qo‘ydi. Chunki rol o‘ynaganida ayol mahsi-kalish, ko‘ylagi ustidan uzun beqasam kamzul kiyib olgandi. O‘ziga yarashgan durrasi peshonasiga tang‘ilgandi. Sochlari yo‘g‘on-yo‘g‘on ikkita edi. Qo‘shiq aytganida esa sochlari yo‘q, boshi dumaloq, egnida yoqasiz atlas ko‘ylak va tuflida edi.

...Amakim harbiy xizmatdan o‘ris qiziga uylanib keldi. 60-yillar edi, qishloqda juda katta shov-shuv bo‘ldi. Hayal o‘tmay har xil gap-so‘zlar qilib yurgan mahalladagilar ham rus ayolini yaxshi ko‘rib qolishdi. Chunki u o‘zbekchani qunt bilan o‘rganib, chuchuk til bilan gapiradigan bo‘lib qolgan, kiyinishida o‘zbek xotin-qizlaridan farq yo‘q edi. Azaga mahsi-kalishda, kamzul kiyib, belini bog‘lab boradi. O‘zbek ayollari sadrga tushsa, sadrga tushadi. Aytuvchilik qilishsa, shirin til bilan aytuvchilik qiladi:

—Endi qanday qilamiz Xamedjan! Bezlarde kemga tashlab ket-de-en u-ka-jan!!..

Mahsi-kalishda, peshopasiga tang‘ib bog‘langan ro‘molda, o‘risoyim va umuman barcha ayollar menga ajib bir sehrli bo‘lib ko‘rinishar, ular oldida sho‘xligimdan asar ham qolmas, mo‘min-qobil bo‘lib qolardim. Hozir ham shunday kiyingan ayolni ko‘rsam uning yoshidan qat’i nazar hurmatim oshib ketadi. Qalbimda minnatdorchilik hissi jo‘sh uradi! Haqiqiy o‘zbek ayoli! Modalar ketidan quvmagan, hayoga o‘ralgan O‘ZBEK AYOLI! Faqat yoriga yor, kichikka ona — o‘zbek ayoli! Faqat seni shunday tasavvur qila olaman, xolos! Dunyoning qaysi burchagiga borma TURKMAN AYOLIdek ko‘zga tashlanib tur! Seni ko‘rganida qaysi millat bo‘lmasin hech ikkilanmasdan, adashmasdan ayta olsin:

—      Ana, ana O‘ZBEK AYOLI! — deya olsin.

O‘ylanib qolaman, modlyorlar ichida o‘zbek ayollari yo‘qmi?! Bo‘lmasa nega modalarimizdan nuqul Ovro‘paning isi keladi!

Hurmatli raqqosamiz Mukarrama Turg‘unboevaning pardoz-andozsiz qomatlari ko‘z oldimda muhrlanib qolgan. Shu shamoyildagi ayollarni vodiyga borganimda ko‘p ko‘rdim. Hurmatim oshdi. Sochlari ko‘kka bo‘yalgan, ko‘z-yuzlari har xil ranglar bilan chaplangan, olabayroq kiyimli ayol — «kloun»ga ko‘zim tushsa, o‘shalarni eslayman. Ularga mingdan-ming rahmatlar aytaman!

Ba’zi shoir, yozuvchilarimiz revmatizmga uchragan bemorlarga o‘xshaydilar! Havoning o‘zgarishini oldindan sezadilar. Uning jamiyat uchun foydasi ham, zarari ham ularga baribir! Ma’lum vaqt kuzatib, poylab turadilar va shamolning esgan tomoniga qarab ilhom baytlarini shunday savalashadiki, jazavaga tushib undan ham oldinga o‘tib ketishadi!

Poraxo‘rlar, laganbardorlar, sotqinlar, xavfli retsidvistlar, tovlamachilarga tupirib, o‘zlarining xatti-harakatlarini «xalqimning vijdoniman», degan ibora bilan pardalab, tirsilloq qorinlari, yumshoq kreslolari, «porloq kelajaklari» uchun har qachon kurash formasini topa bilgan, mash’um maqsadlari uchun o‘z xalqini zinapoya qilayotgan bunday «Xameleonlarga» ofarinlar aytaman. Bular o‘zlarini hammadan aqlli sanaydilar. O‘zlarining xatti-harakatlari bilan oddiy xalqqa kulgu bo‘layotganlarini sezib sezmaslikka oladilar! Bundaylar milliy turmush tarzimizga yot ishlar qilayotgan fohishadan ham xavflidirlar! Chunki fohisha birni, ko‘pga borsa o‘nni buzadi. Shoir yoki yozuvchining «fohishasi» esa minglarni, millionlarni buzadi, to‘g‘ri hayotdan chalg‘itadi, adashtiradi! Fohisha sanoqli odamlarni kasallantirsa shoir yoki yozuvchining «fohishasi» jamiyatni kasallantiradi, kelajakni kasallantiradi! Fohisha tarqatgan kasallikni davolashga ma’lum vaqt kerak bo‘lsa, shoir yoki yozuvchining «fohishasi» tarqatgan kasallikni davolashga o‘n yillar, yuz yillar, hattoki ming yillar kerak bo‘ladi!

Yozuvchi xalqining vijdoni, uning qalbi ekan, u kitobining tez sotilishini o‘ylamasdan, kitob o‘qilganidan keyingi ta’sir, u keltirib chiqaradigan oqibatni, jamiyatga nima berishini o‘ylashi kerak! Men ishonamanki, sovet yozuvchilari ba’zi chet el yozuvchilariga o‘xshab kitob qancha tez ketsa, undan shuncha tez keladigan shaxsiy daromadni o‘ylab yozishmaydi. Hurmatli yozuvchimiz Abdulla Qahhor izidan borib ba’zi yozuvchilarimiz mehnatkashlarning dardini o‘z boshimdan o‘tkazay, deb vaqtincha bo‘lsa ham soya-salqin ijod bog‘larini tark etib, biri traktor shturvalini tutgan, birining yelkasida ketmon — suv taratgan, birining ustida qizil forma qidiruv gruppasi bilan jinoyatchilarni quvib yuribdi. Yana birining qulog‘i ding, choyxonada choy ichgan kishi bo‘lib odamlarning dardini tinglab o‘tiribdi.

Bu mening tasavvurimda... Hayotda-chi?! Afsus, afsus...

Mashhur bo‘lib olganingdan keyin kursing baland, tushish qiyin! Sening so‘zing — so‘z! Atrofingda tik gapiradigan kimsa topilmaydi. Bitta-yarimta botirroqlari ham uyidan juda shitob bilan chiqqani bilan yo‘lda ancha soviydi. Hashamatli bino oldiga kelgach, bir qalqib tushadi. Zinalardan chiqqunicha bo‘shagan pufakdek bo‘lib qoladi. Endi uni shashti pasaygan, dermatinli eshik unga andisha bo‘lib ko‘rinadi. Ichkariga kirmaydi. Kirsa ham hol-ahvol so‘rashib, qo‘li ko‘ksida, kalla bir tomonga qiyshaygan, ma’qul-ma’qul bilan chiqib ketadi. Hamma balo shuning kasofatidan bo‘lmoqda!

— Yoshligimizda,— deb hikoya qiladi kolxozchi Asqar aka,— shiyponda, bir xonada, qizlar qo‘rqmasin deb bir o‘g‘il bilan bir qizni yonma-yon yotqizib qo‘yishardi. Kallamizga bir yomon fikr kelmabdi o‘shanda. Ishlab charchamasdik. Oy yorug‘ida yashinmachoqmi, oq terakmi-ko‘k terak o‘ynardik. Birorta qiz yoki o‘g‘il xomush ko‘rinsa o‘shaning ustida hammamiz o‘lib qolardik! Televizor yo‘q edi. Lekin yoshlar o‘rtasida mehr-oqibat, kattalarga hurmat, hozirgilarga nisbatan ko‘proq edi. Hozirgi yoshlar shum bo‘lib ketishgan! Televizor bilan sening o‘sha kitoblaring bularni buzyapti!

Hayot muammolarini to‘g‘ri tahlil qilish uchun psixologlar, sotsiologlar nondek zarur bo‘lib qoldi! Meteorologlar havo avzoyini oldindan aytib anchagina ko‘ngilsizliklarning oldi olinadi. Bizda psixologlar juda kam yoki ular yomon ishlashyapti, ishlariga e’tibor yo‘q! Hayot muammolarga to‘la ekan psixologlarga, sotsiologlarga e’tiborni kuchaytirmog‘imiz zarur! Bu biometeorologlar jamiyatdagi har xil xurujlarni kasalliklarni oldindan sezib, aytib beradilar. Qonun chiqarish ishlarida qatnashadilar. Hayot to‘lqinlarini, sellarini ma’lum bir oqimga soladilar.

O‘z zamonasi, jamiyati taqdirini o‘ylamagan inson nafaqat kiyim kiygazilgan quruq gavda, balki jamiyatning, kelajakning o‘g‘risi hamdir. Hozirgi oshkoralik davrida aktivlik har bir insondan. Hech kimning kuzatuvchi bo‘lib qolishga haqqi yo‘q deb o‘ylayman!

“Yoshlik” jurnali, 1988 yil, 12-son

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.