background
logotype

Xurshid Davron. Tarix mezoni haqiqatdir (1989)

http://ziyouz.uz/images/vereshagin1.jpg

Tarixdagi har bir ijtimoiy yuksalish jamiyatning o‘z merosiga, o‘z o‘tmishiga bo‘lgan munosabatini isloh qilishdan boshlangan. Faqat shundagina haqiqiy ma’noda inqilobiy o‘zgarishlar ro‘y berishi mumkin. Zero, o‘tmish saboqlari zamonaviy taraqqiyot uchun xizmat qiladi.

Nihoyat, tarix «ilmi»da hukmronlik qilgan juda ko‘p noto‘g‘ri aqidalar yukidan qutuladigan, ularni qayta ko‘rib chiqadigan vaqt keldi.

O‘tgan yilning oxirida bo‘lib o‘tgan xalq ta’limi xodimlarining Butunittifoq s’zdida SSSR xalq ta’limi Davlat komitetining raisi G. Yagodin: «Sotsialistik internatsionalizm bemillat emas. U milliy iftixor, ilg‘or tarixiy an’analar, ona tilini hurmat qilish asosida quriladi. Bu sohada ko‘pgina masalalar yig‘ilib qoldi. Masalan, «SSSR tarixi» darsliklari ma’lum darajada hamon rus xalqining, rus davlatining tarixi bo‘lib qolmoqda» deb, bu boradagi kamchiliklarni yangicha tafakkur asosida haqqoniy tanqid qildi. Xuddi ana shunday fikrni «Pravda» gazetasi sahifasidayam o‘qish mumkin: «Lavhalarida: «Boshqalarni tahqirlab, o‘zing yuksal!» deb yozilgan biror din yo‘q. Ammo ayrim g‘oyalar, siyosiy yo‘nalishlar asosida aynan mana shu qabih fikr yotganiyam aniq. O‘z xalqini osmonga ko‘tarib, boshqa xalqni haqoratlagan hollarni san’at, adabiyot va tarix fanidayam uchratish mumkin. Toki bu chirkin yo‘nalish harakatda ekan, tarix fani ibtidoiy, yovvoyi etnotsentrizm manbai bo‘lib qolaveradi. Madaniyat bunday qarash bilan kurashgandagina chiniqadi. Faqat madaniyat emas, shaxs ham chiniqadi. Bugungi juda ko‘p ijtimoiy illatlarimiz o‘zini boshqalar hisobidan ulug‘lash samarasi emasmi?

Bugungi siyosat ham tarixdan o‘sib chiqqan, uni tarix shakllantirgan. Shuning uchun ham bugun biz millatlararo munosabatlar, ittifoqimizdagi muammolar haqida gapirar ekanmiz, mana shu asosiy amalni unutmasligimiz kerak. Bugungi juda ko‘p ijtimoiy falokatlarning idizi regional tarix fanidan ozuqa oladi». («Pravda», 1989 i. 27-soni.)

O‘zbekiston tarixida yangicha tafakkur bilan qarash zarur bo‘lgan masalalarning biri — O‘rta Osiyoning, xususan, bugungi O‘zbekiston territoriyasiga kirgan yerlarning Rossiya tomonidan zabt etilganiga bag‘ishlangan axborotlarda tez-tez uchraydigan «oq dog‘»lardir. Po‘latxon qo‘zg‘oloniga bag‘ishlangan maqola shu yo‘nalishdagi ilk qadam, albatta. Biz ushbu maqola munosabati bilan mustamlakachilik siyosati to‘g‘risida darsliklarda bayon etilgan ayrim bahsli o‘rinlarga baholi qudrat oydinlik kiritishga harakat qilamiz.

O‘rta maktab darsliklarida bu masalaga biryoqlama baho berilgan. Qizig‘i shundaki, yurtimizga yunon, arab, mo‘g‘ul bosqinchilari tajovuz qilganlaridan so‘ng ro‘y bergan qirg‘in-barotlar aniq va ravshan tasvirlanadi. Darhaqiqat, bu fojialarning har biri O‘rta Osiyo xalqlari uchun og‘ir asoratlar qoldirgan. Chor Rossiyasining O‘rta Osiyoga bosqinchilik siyosati beozor bo‘lganmi, degan haqli savol tug‘iladi. Zo‘ravonlik, ba’zi bir tarixchilar ta’kidlagandek, haqiqatan ham zabt etilgan o‘lkalarga yorug‘lik olib kelgani rostmi? Biz — realistlarmiz: haqiqatga tik qaraymiz va «Yevropa xalqlarining jallodi» (V. I. Lenin iborasi) bo‘lmish chirkin imperiya bilan jafokash rus xalqi hech qachon bitta chashmadan suv ichmaganini yaxshi bilamiz. Va yana shu narsani bilamizki, rus xalqining asl farzandlari yuz yillar davomida chorizmga qarshi kurashganlar, jonlarini fido etganlar!

Chorizm bosqinidan so‘ng O‘rta Osiyo xalqlari boshida o‘ynab turgan zulm qilichi paydo bo‘ldi. Chor hukumati ulug‘ davlatchilik siyosatini og‘ishmay amalga oshira boshladi. Bosqindan so‘ng Turkiston o‘lkasi Rossiya sanoatining mollari sotiladigan va unga xomashyo yetkazib beradigan tekin manbaga aylantirildi. O‘lka aholisi podsho hukumatining ma’murlari tomonidan ham, olchoq mahalliy boylar tomonidan ham ayovsiz ezildi. V. I. Lenin so‘zi bilan aytganda, «Turkiston chinakam mustamlaka»ga aylandi.

Rus burjuaziyasi vakillari Rossiya sanoati va savdosi jamiyati majlislarida og‘izlarini to‘ldirib, uyatni unutib hukumatni adolatsizlikka da’vat qilardilar. «Bo‘shab qolgan sandiqlarimizni to‘ldiruvchi xazina G‘arbda emas, u bizning O‘rta Osiyodagi mulklarimizda joylashgan», deb jar solardilar. Ular, Lenin ta’biri bilan aytganda, «Vatan sanoati» uchun o‘t va qilich yordami bilan yangi bozorlarni qo‘lga kiritish yo‘lida «vatanparvarlik siyosatini olib boradigan» kuchli hokimiyat bo‘lishini istardilar... va «ulug‘» kapitalistik Rossiyani yaratish ustida... qo‘lni qo‘lga berib ishlashga tayyor» edilar.

Juda ko‘p tarixchilar K. Marks va F. Engelsning Angliya o‘z mustamlakasi bo‘lmish Hindistonda «ikki missiyani: ham vayron qiluvchi, ham yaratuvchilikni bajardi», degan so‘zlarini pesh qilib, Rossiya ham O‘rta Osiyoda shu vazifani o‘tadi, deb o‘sha davr bosqinchilik siyosatini yoqlaydilar. Holbuki, Marks ham, Ekgels ham chor hukumatining zo‘ravonligini hech qachon qo‘llab-quvvatlamaganlar. Xuddi mana shuning uchun ham rus tilida nashr etilgan tanlangan asarlaridan ularning «XVIII asr diplomatiyasining yashirin tarixi» asari o‘rin olmagan. Buni faqat proletariat dohiysining chor Rossiyasi bosqinchilik siyosatiga bergan achchiq baholari bugungi sovet (ya’ni, marksistik nuqtai nazarga asoslangan) tarix fanida hukmron bo‘lgan aqidalarga to‘g‘ri kelmagani bilan izohlash mumkin, xolos.

Yillar davomida, ayniqsa, «Stalin — tarix fanining otasi» deb rasmiy e’lon qilingandan so‘ng rus podsholari, knyazlari, lashkarboshilari faqat ijobiy tarzda tasvirlanib kelindi. Hatto mustamlakachilik iskanjasiga tushib qolgan o‘lka xalqlari boshiga solingan jabr-zulm, iqtisodiy qashshoqlik, haqida rus tarixchilari ochiq-oydin yozgan bo‘lsalar ham, lekin 30-yillarning o‘rtalaridan boshlab chor Rossiyasining mustamlakachilik siyosati to‘g‘risida faqat ijobiy ma’noda yozish temir qonunga aylandi. Bu hol faqat olimlarning ilmiy asarlariga xos bo‘lsa mayli edi, aksincha, darsliklarda, kinofilmlarda, ilmiy-ommabop kitoblardayam noto‘g‘ri tashviqot avj oldirildi va avlodlar ongi zaharlab kelindi. Bunday tendentsiya adabiy asarlardayam mavjudligi kishini tashvishga soladi: ikki-uch yil avval men A. Gorbovskiy va Yu. Semyonov qalamiga mansub «O‘q uzmasdan» nomli kitobni o‘qigan edim. Mualliflar Buxoro amiri ishonchini qozonishga ulgurgan rus josusi Benevenini fosh etgan toshkentlik Xo‘ja Raim ismli savdogarni «chaqimchilikda, ayg‘oqchilik»da ayblashadi. Xo‘ja Raim o‘zining vatanparvarlik burchini bajargani mualliflarning xayoliga ham kelmaydi.

Eng ajablanarlisi shundaki, Afrika, Osiyo, Lotin Amerikasi xalqlarining ingliz, frantsuz, ispan va boshqa mustamlakachilarga qarshi qaratilgan kurashi, hatto ular mahalliy hukmdorlar tomonidan boshqarilgan bo‘lsa-da, ijobiy baholangani holda, chor Rossiyasiga qarshi qaratilgan har qanday xalq harakati to‘la (ayrim o‘rinlari albatta millatchilik, milliy mahdudlik rangi bilan bo‘yalib) qoralanadi. Bu faqat zararli tashviqot bo‘lmasdan, balki xalq harakatlarining qutlug‘ g‘oyalarini haqorat qilishdir. Menimcha, tarixni soxtalashtirayotgan olimlar bilib-bilmay ulug‘ davlatchilik g‘oyalariga xizmat qilishayotganini tushunishlari kerak. Ular sotsialistik davlat asoschisining: «Ezilgan millatning har bir burjua millatchiligida zulmga qarshi bo‘lgan umumdemokratik mazmun bor, biz ana shu mazmunni mutlaqo yoqlar ekanmiz; milliy mumtozlik yo‘lidagi harakatni jiddiy ravishda ajratib ko‘rsatamiz», degan so‘zlarini hech qachon unutmasliqlari kerak va ezilgan millatlarning harakatlarida mana shu «umumdemokratik mazmunni» ko‘ra bilsalar yomon bo‘lmasdi.

Shu paytgacha biz rus samoderjaviesi bilan rus xalqi degan tushunchalarni bir-biridan ajratmagan holda, ularni bir-biriga teng qadriyat sifatida qabul qilganimiz uchun ham chor Rossiyasi siyosatiga qarshi qaratilgan har qanday tanqidiy fikrni rus xalqiga qarshi qaratilgan deb keldik. Bu g‘ayriilmiy, stalincha milliy siyosatning o‘q tomiri necha avlodlarni nobud etdi, necha onglarni zaharladi. Tarix fanidagi dahshatli asoratdak tezroq qutulish kerak. O‘zaro ishonchsizlik keltirib chiqaruvchi bu qarash do‘stligimiz daraxti ildizlarini kemiradi, xolos. Ajoyib rus adibi Boris Vasilev «Rossiyani kulfatdayam sev» maqolasida («Izvestiya», 17—19-sonlar, 1989 y.) sovet tarix fanidagi bunday g‘ayriilmiy g‘oyalarni qotib qolgan toshlarga o‘xshatadi. Xususan, u Rossiya tarixiga tegishli har qanday salbiy oqibatni, chunonchi, asrlar bo‘yi davom etgan rus milliy qoloqligini (jumladan, siyosiy qoloqlikni), faqat tashqi ta’sirga — mo‘g‘ullar istibdodi bilan bog‘lashga urinishlarni keskin qoralab, sovet tarixi fanida yangicha tafakkur tezroq amalga oshirilishi zarurligini ta’kidlaydi.

Chor Rossiyasi, Lenin yozganidek, «xalqlar turmasi» bo‘lganini, turmada esa har qanday erkin fikr bo‘g‘ilishini, unda erkin odamlar emas, faqat mahbuslar saqlanishini unutmasligimiz kerak. Bu turmada 63 million (47 protsent) rus bo‘lmagan xalqlar va elatlar yashardi va ular ulug‘ davlatchilik g‘oyasi bilan zaharlangan hukmdor sinf vakillari tomonidan dahshatli tarzda ezilardi. Masalan, mustamlaka Turkiston mehnatkashlariga solingan soliq (1869 yilga nisbatan) 1890 yilga kelib 5 marta, 1910 yilga kelib 10 marta oshdi. Chor hukumati o‘zbek dehqonlari yerlarini zo‘rlik bilan tortib olish siyosatini yurgizardi. Samarqand, Farg‘ona va Sirdaryo oblastlarida mavjud 63,9 million desyatina yerning 58,6 million desyatinasi rus hukumatiga tegishli edi. «Soliqlarni oshirib borish siyosati vositasi bilan chor hukumati Turkiston qonini so‘rib yotardi», deb yozadi tarixchi 3. D. Kastelskaya «Turkiston o‘lkasi tarixidan» kitobida. Ajabki, o‘sha paytlari ham chor amaldorlari: «Turkiston rus millionlarini bekorga yeb yotibdi», degan gap tarqatgan edilar, lekin bunday bema’ni gapni biror bir tarixiy hujjat tasdiqlamaydi. Chamasi, mish-mishlar mahalliy xalqning shafqatsizlarcha talanayotganini yashirish uchun o‘ylab topilgan g‘oyaviy «barrikada» edi. Qo‘rqoq (fosh bo‘lishdan qo‘rqqan) oldin musht ko‘tarar, deganlari shu bo‘lsa kerak.

Mustamlaka o‘lkadagi chor amaldorlari orasida poraxo‘rlik ham juda avj olgan edi. Masalan, Sirdaryo oblastining harbiy gubernatori Golovachyov mahalliy aholini shu darajada talagan ediki, hatto oq podsho o‘zining nufuzli vakilini sudga topshirishga buyruq bergan. Biroq keyin uning harbiy xizmatlari e’tiborga olinadiyu poraxo‘r amaldor jazolanmaydi. Uezd boshlig‘i Bikchurin esa bir soliqni aholidan 4 marta yig‘ib oladi...

Ammo chor hukumati davrida qonun yo‘q edi deb bo‘lmasdi: oddiy dehqonlar bir chaqa uchun qamoqqa tashlanardi. Yana mavjud qonunga muvofiq shu yerlik aholi alohida maxsus tartib bilan boshqarilishi talab qilinadigan, aniqrog‘i — oddiy grajdanlik huquqlarigayam ega bo‘lmagan odamlar hisoblanardi. O‘z elida huquqsiz bo‘lgan xalqning ahvolini turmadagi hayotga qiyoslash mumkin edi: Toshkentdagi katta ko‘chalarda o‘zbeklarning milliy kiyimlarda yurishi qattiq taqiqlanardi. Tramvaylarda esa o‘zbeklar uchun alohida, o‘rindiqsiz maydonchalar ajratilgan edi. Shunga qaramay, ulug‘ davlatchilik g‘oyasining maddohlari uyatni yig‘ishtirib qo‘yib: «Bizning zabt etilgan xalqlarga nisbatan o‘tkazayotgan siyosatimiz teng huquqlilikka asoslangan. Kuni kecha bosib olingan Toshkent, Samarqand aholisi o‘sha zahoti Moskva grajdani bilan huquqda tenglashadilar», deb olamga jar solardilar. V. I. Lenin Rossiyadagi o‘sha davr siyosatini baholab shunday yozgan edi: «Hukumat siyosati, burjuaziya qo‘llab-quvvatlayotgan pomeshchiklar siyosati boshdangoyoq qoraguruhchilik ruhidagi millatchilik bilan sug‘orilgan siyosatdir». Bu fikrni O‘rta Osiyoni zabt etishda jonbozlik ko‘rsatgani tufayli o‘ttiz to‘rt yoshida generallik unvoniga erishgan M. D. Skobelevning uchiga chiqnan qoraguruhchi M. N. Katkovga yozgan maktubidagi: «Butun O‘rta Osiyoni mustahkam va foydali ittifoq evaziga Angliyaga berib yuborish mumkin», degan jumlalari tasdiqlab turibdi.

O‘rta Osiyo xalqlarining qadim madaniyati jahon taraqqiyotida muhim o‘rinlardan birini egallagani shak-shubhasizdir. Bu o‘lka dunyoga Al Farg‘oniy, Forobiy, Beruniy, Xorazmiy, Ibn Sino, Navoiy, Ulug‘bek, Bobur va boshqa juda ko‘p buyuk mutafakkirlarni bergan, ayni vaqtda rus bosqini oldidan ham o‘zining kuchli san’ati, adabiyoti va ilmu fani bilan ajralib turardi. Shu sababdan bugun 1897 yilgi aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlariga asosan tojiklarning 99,5; qirg‘izlarning 99,4; turkmanlarning 99,3; o‘zbeklarning 98,4; qozoqlarning 97,9 foizi savodsiz bo‘lgani haqidagi ma’lumotni to‘g‘ri baholashimiz kerak. Shu paytgacha bu hisob-kitob o‘lkada tashkil etilgan rus-tuzem maktablarida ta’lim olgan bolalar soniga nisbatan olingani jo‘rttaga aytilmasdi. O‘lkadagi eski maktablarda, madrasalarda ta’lim olayotgan yoshlar, ichkarida otinbibilar qo‘lida xat-savod chiqarayotgan xotin-qizlar esa umuman «sanoqqa» qo‘shilmasdi. Vaholanki, 1897 yili Samarqandning o‘zida bitta rus-tuzem maktabi bo‘lgani holda, 21 madrasa, 83 maktab yoki Buxoroda o‘sha yillarda 103 madrasa bo‘lgani tarixdan ma’lum-ku! Shuning uchun ham 1900 yilda «Vestnik vospitaniya» jurnalida e’lon qilingan: «O‘rta Osiyo va Qozog‘iston aholisini to‘la savodxon qilish uchun 4600 yil kerak», degan ahmoqona mulohazani hadeb pesh qilavermaslik kerak. Tatar olimlari o‘rganib chiqqan ma’lumotlarga binoan, Turkiston mustamlakaga aylantirilgandan so‘ng maorif ishi oldinga emas, orqaga ketgan ekan. Buni Turkiston general-gubernatorlaridan biri bo‘lmish general N. A. Kuropatkinning o‘z kundaligida bitgan: «Biz mahalliy aholini 50 yil davomida taraqqiyotdan, maktab-maorifdan va rus hayotidan chetda saqladik», deb bitgan so‘zlari ham tasdiqlamaydimi? Rus tarixchisi va etnografi V. Nalivkin esa 1913 yilda hukumat tomonidan ochilgan rus-tuzem maktablari hech qanday natija bermayotgani haqida yozadi: Samarqand, Farg‘ona va Sirdaryo oblastlaridagi 143 rus-tuzem maktablarida 8961 o‘quvchi ta’lim oladi, xolos — bu aholining 0,17 foizini tashkil qilgan. Mustamlaka yillari davomida maorif ishiga ajratilgan mablag‘ umum xarajatning 0,7 foizidan 2,33 foizigacha «o‘sib» borgan. Agar biz haqiqatdan ko‘z yumib, Rossiya O‘rta Osiyoga maorif keltirdi, deb aytsak, to‘g‘ri bo‘larmikan?

Yuqorida aytib o‘tilgan va chor Rossiyasining zulm-istibdodga asoslangan siyosatini fosh qiluvchi boshqa dalillar o‘sha davrda mahalliy xalqning ahvoli juda og‘ir bo‘lganini ko‘rsatib turibdi. Shuning uchun ham xalq orasida chor hukmdorlariga nisbatan bo‘lgan qahru g‘azab kuchayib borgani tabiiy. Juda ko‘p hollarda istibdodga qarshi xalq qo‘zg‘olon ko‘tarardi. Mana shunday harakatlarning biri Po‘latxon qo‘zg‘oloni bo‘ldi. Maqola muallifi: «Bu qo‘zg‘olonga baho berishda shu kunga qadar tarixchi olimlar o‘rtasida birlik yo‘q. Biri uni xalq harakati, ikkinchilari reaktsion harakat, uchinchilari milliy ozodlik urushi, to‘rtinchilari o‘zaro feodal urush, beshinchilari esa hech qanday baho bermay kelmoqdalar», deb yozadi. O‘ylashimcha, bu harakatga eng to‘g‘ri bahoni Po‘latxonning dushmani bo‘lmish kishi aytib ketgan; qo‘zg‘olonni bostirishda faol qatnashgan (o‘sha paytda u hali kapitan edi) general Kuropatkin oliy qo‘mondonlikka yuborgan ma’lumotida shunday axborot beradi: «Kurash xon bilan emas, aksincha, yengish juda qiyinlashgan xalq harakati bilan bo‘ldi... Aholi bilan jang qilish esa hamisha mahalliy hukmdorlarga qaraganda juda og‘ir bo‘ladi».

Po‘latxon qo‘zg‘oloni tom ma’noda xalq harakati emas, u eng avvalo ozodlikka chiqish uchun chor hukumati zulmiga va mahalliy feodallarning xalq manfaatlariga zid qilmishlariga qarshi qaratilgandi. Maqolada tilga olingan general Trotskiyning «qo‘zg‘olon rus vakillariga qarshi ko‘tarildi» degan so‘zlarini maqola muallifi yolg‘on so‘zlar deb aytadi. To‘g‘ri, bunga bir oz oydinlik kiritish kerak. Trotskiyning so‘zlari ba’zi olimlarning, yuqorida aytganimizdek, rus mustabid tuzumi bilan rus xalqi o‘rtasida farq yo‘qdek, ularni bir tushuncha sifatida qabul qilishlari oqibatida hujjatdan hujjatga o‘tib, qo‘zg‘olonni qoralovchi dalil o‘rnida foydalanib kelinmoqda. Xo‘sh, general Trotskiy «rus vakillari» deganda, bu o‘lkaga yaxshi maqsadda kelgan olim, sayyoh yoki savdogarni nazarda tutgan edimi? Albatta, yo‘q. Axir, o‘sha paytda bosib olingan yerlarda rus qo‘shinidan, rus mustamlaka qonunlarini o‘rnatishga xizmat qiluvchi amaldorlardan boshqa rus vakillari yo‘q edi-ku! Mustabid generalga esa himoyasiz Andijonga hujum qilishga bahona kerak edi, xolos. Hadeganda bahona topilavermaydi, general bahonani o‘zi to‘qiydi. Bosqinchilar uchun esa pashshaning g‘ing‘illashiyam bahona bo‘lishi mumkin, degan ekan bir sharq donishmandi. Demak, generalning «rus vakillariga qarshi» degan so‘zini «rus bosqinchilariga qarshi» deb tushunish kerak.

Mustabidlar qo‘zg‘olonni qonga botirdilar. Maqolada keltirilgan Ajaba qishlog‘idagi qirg‘in, bu qishloq aholisining mardligi hech qachon xalq xotirasidan o‘chmasligi lozim. Rus harbiylari o‘z erki uchun bosh ko‘targan har bir odamni ayovsiz o‘ldirardilar. 1869 yilning 1 iyunida sodir bo‘lgan Samarqanddagi qo‘zg‘olon taqdiri bunga misol bo‘la oladi. Qo‘zg‘olon bostirilgach, shahar uch kun soldatlar ixtiyoriga topshiriladi, keyin o‘t qo‘yib yuboriladi. Yuzlab odamlar hech qanday so‘roqsiz otib tashlanadi. Bosqinda faol qatnashgan musavvir V. Vereshchagin shunday yozgan edi: «General Kaufmanning hovlimizda o‘tirib olib turli odamlarni jazoga hukm qilgani ko‘z o‘ngimda turibdi; saxovatli Konstantin Petrovich ofitserlar davrasida o‘tirar ekan, hech narsa bo‘lmagandek, bamaylixotir buyurardi: otib tashlansin, otib tashlansin, otib tashlansin». Qonli voqealarni chizishni haddan tashqari sevgan musavvir bu so‘zlarni jazoga tortilayotgan odamlarga achinishdan emas, balki «saxovatli» Konstantin Petrovichning irodasi va qat’iyatiga qoyil qolganini ta’kidlash uchun qayd etadi, albatta.

Qo‘zg‘olon bostirildi. Necha romanlarga mavzu bo‘ladigan Po‘latxon taqdiri fojiali tugadi: o‘z xalqi erki uchun kurashgan 33 yoshli yigit dorga tortiladi. Xalq qonini daryo qilib oqizgan, yo‘lida uchragan barcha qishloqlar kulini ko‘kka sovurgan, tirik jonni — bola demay, ayol demay, qari demay tig‘dan o‘tkazgan general Skobelev esa 1876 yilning 19 fevralida podshoh Aleksandr I hukmi bilan tashkil etilgan Farg‘ona oblastining harbiy gubernatori etib tayinlanadi.

Qo‘zg‘olonning haqiqiy qahramoni xalq edi. Shu sababdan ham «reaktsion mahalliy elementlar bu qo‘zg‘olonni boshqarib turgani, ular Rossiyaning O‘rta Osiyodagi ta’siri kuchayib borayotganidan qo‘rqib, xalqni ko‘targani» haqida ayyuhannos solish asossizdir. Chor hukumatining mustamlakachilik siyosatini yoqlab, ya’ni qo‘zg‘olon ruslarga qarshi qaratilgani uchun xonlik chor qo‘shinlari tomonidan bosib olindi, deb yozgan bir qator tarixchilar o‘z xatolarini anglarmikanlar? Agar anglamagan bo‘lsalar, anglaydigan vaqt yetdi.

Chor hukumati xalq manfaatlariga qarshi borgan va sotqinlik yo‘liga o‘tgan kimsalarni o‘z panohiga olardi. Qo‘zg‘olonga xiyonat qilgan Abdurahmon oftobachi xalq qahridan qochib, Yekaterinoslavda yashaydi va sotqinligi evaziga har yili 3 ming tilla tanga «sadaqa» oladi. Uning o‘limidan so‘ng xotini bilan qiziga «sadaqa» meros qoladi. Mustabidlar xiyonatni juda qimmat baholaydilar. Bunday siyosat mustamlaka o‘lkasida hukm surayotgan har qanday zo‘ravonlik, har qanday jabru zulmdan dahshatli edi. U odamlar ko‘ngliga shubha va xiyonat urug‘larini sochardi. Bunday siyosat kishilar ongida chaquv va ayg‘oqchilik bilan turmushni yaxshilash mumkin, degan tasavvur paydo bo‘lishi uchun xizmat qilardi.

Lenin shunday yozgan edi: «Biz millatlarning ixtiyoriy ittifoqini, bir millat ikkinchi millatga qanday bo‘lmasin zo‘ravonlik qilishga yo‘l qo‘ymaydigan ittifoqni istaymiz, to‘la ishonchga, qardoshlarcha birlikni aniq tushunib olishga, to‘la ixtiyoriylikka asoslanadigan ittifoqni tushunamiz». Lenin vasiyatlari qanday amalga oshirilgani alohida bir maqolaga mavzu bo‘lishi mumkin.

Men faqat chor Rossiyasi yurgizgan mustamlaka siyosatining ayrim belgilari jug‘rofiy nomlarda haligacha saqlanib qolayotgani haqida to‘xtalmoqchiman. Masalan, Toshkentga yaqin bir joyni odamlarimiz hamon shaharni qonga belagan general nomi bilan «Chernyaevka» deb atashadi; Samarqandda esa shaharni bosib olish chog‘ida halok bo‘lgan bosqinchilarga o‘rnatilgan yodgorlik hozir ham qo‘r to‘kib turibdi. Bu haqorat emasmi? Yurtimizga musavvir sifatida emas, bosqinchi sifatida kirib, bir qo‘lida mo‘yqalam ushlab qonli janggohlarni chizganu bir qo‘lida beshotar to‘tib, odamlarni qirgan va bu haqda maroqlanib maktublar bitgan V. Vereshchaginning «ulug‘ rus musavviri» ekanligi pesh qilinib Toshkent ko‘chalarining biriga uning nomi berilganini kim oqlaydi, kim izohlaydi? Nahotki, bu internatsionalizm uchun xizmat qiladi, deb o‘ylaydigan zot hali ham tirik bo‘lsa?

Qayta qurish bo‘roni Stalin qatag‘oni, turg‘unlik yillari bulutlarini tezroq quvishi, dillarimizni yorug‘ nurga — haqiqatga sherik qilishi kerak.

“Sharq yulduzi” jurnali, 1989 yil, 11-son

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.