background
logotype

Abdulla Oripov. Dantening bezovta ruhi (1983)

Men ba’zi chet el mamlakatlarida avval ham bir necha bor bo‘lganman. Lekin negadir safar taassurotlarimni qog‘ozga tushirgan emas edim. Navbatdagi Italiya safarimni esa hikoya qilgim keldi. Buning sababi, mening Dante tarjimoni sifatida Italiyaga qiziqishimdandir, ehtimol. Safarimizdan murod asosan Italiyaning Sitsiliya yozuvchilar klubi bilan aloqa o‘rnatish bo‘lib, bizni bu gal italyan adiblari taklif etgan edilar. Delegatsiyamiz tarkibida ukrain adibi Vitaliy Korotich (rahbar), rus shoirlari Yevgeniy Vinokurov, Igor Shklyarevskiy, latish yozuvchisi Imant Ziedonis, tarjimon Lev Vershininlar bor edi. Men bu yozuvchilarni, albatta, avvaldan bilardim, ba’zilari bilan esa do‘st ham edim...

Siz quyidagi iborani yaxshi bilasiz, ya’ni Rimni — boqiy shahar deydilar. Magar qadimiy dunyo ho‘kiz shoxlari ustida turgan bo‘lsa, uning bir shoxi Samarqandga, ikkinchisi esa Rimga qadalgan bo‘lib chiqadi.

Sitsiliya Italiyaning janubidagi atrofini uch dengiz o‘rab olgan, iqlimi juda mo‘‘tadil orol. Viloyatning sanoati zaif. Aholining tirikchiligi esa asosan mandaringa o‘xshash mevalarni sotish hisobiga kechadi. Shu o‘rinda bir gapni aytib o‘tmoqchi edim. Tarixda italyanlar ulug‘ farzandlari bilan nechog‘lik nom qozongan bo‘lsalar, ular noittifoq xalq sifatida ham shunchalik dong taratganlar. Italyan tili lahjalarining bir-biridan keskin farq qilishi ham bu parokandalikda rol o‘ynagandir.

Lekin tarixning taqozosiyu Dantedan tortib Garibaldigacha bo‘lgan fidoyi farzandlarining sa’y-harakatlari tufayli italyanlar bir davlat sifatida uyushganlar va ularning yagona ona tili — italyan tili hisoblanadi. Shunga qaramasdan, hanuzgacha har bir viloyat o‘zining mavqei uchun kurash olib boradi, bu kurash gohida oshkor, gohida pinhon kechadi. Bu mash’um illatdan, albagga, sitsiliyaliklar ham holi emaslar. Viloyat poytaxti Kataniya shahrida bizni Sitsiliya adiblarining vakillari sinor Mario Gratsio va yozuvchi Jovanni hamda ularning yaqin kishilari kutib oldilar. Keyinchalik payqadikki, u yerda, masalan, biznikiga o‘xshash yozuvchilar tashkilotining o‘zi rasman yo‘q. U yerda adiblar, madaniyat xodimlari klub atrofida jam bo‘ladilar. Sinor Gratsio esa o‘z hisobidan jurnal chiqaradi. Jurnalning bosh muharriri sinorning o‘zi, xotini mas’ul kotib, yoqimtoygina talaba qiz ularning ishlariga gohida qarashib turar ekan. Bor-yo‘q gap shu. Mario Gratsioning jurnali Sitsiliyada ancha e’tiborli hisoblanadi. Biroq shundoq jurnalning tiraji 1,5 ming atrofida, xolos. Mario odamgarchilikni o‘rniga qo‘yadigan, adabiyotlarimiz hamda xalqlarimiz o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik bo‘lishini chin dildan xohlaydigan shaxs sifatida iliq taassurot qoldirdi. Mario Gratsio o‘z jurnalining deyarli butun bir sonini adabiyotlar do‘stligiga bag‘ishlagan. Jurnal sahifalarini varaqlay turib, O‘rta Osiyodan tojik shoirasi Gulruxsor Safievaning surati va she’rlariga ko‘zim tushdi. Yuqoridagi kabi fazilatlar Marioning shaxsiyatini, albatta, bezab turibdi. Biroq, uning ijodi bilan biz mutlaqo notanishmiz, uning yuragi tubiga nazar tashlay olgan emasmiz. Ikkinchi mezbonimiz — Jovanni. “Unita” gazetasining jamoatchi muxbiri, soqol-mo‘ylovini o‘stirgan, ixcham gavdali, o‘ychan va tiyrak ko‘zli odam. Kataniya shahridan (unda 600 mingga yaqin aholi yashaydi) dengiz bo‘yidagi kichikroq shahar qarorgohimiz Ocherialiga mashinalarda yo‘l oldik. Men Jovannining mashinasida edim. Tarjimon ham biz bilan birga ekanligidan foydalanib, Jovanni bilan yo‘l-yo‘lakay suhbatlashib ketdik.

Odam hamma joyda ham odam. Men Jovanni va uning o‘g‘liga ikkita do‘ppi sovg‘a qilganimda ular g‘oyat quvonib ketishdi. Jovannining o‘g‘lini, ayniqsa, bizning Buxoro, Toshkent, Samarqand belgili nishonlarimiz qiziqtirib qoldi. Jovannining aytishicha, adabiy mehnatdan keladigan daromad ro‘zg‘orini ta’minlay olmas ekan. Shu sababli, u bo‘sh vaqtlarida kulolchilik bilan shug‘ullanib, turli badiiy buyumlar yasab sotar ekan.

— Bolalar o‘syapti, ularni uy-joyli qilish kerak, — dedi Jovanni. Uning to‘rt farzandi bor. Italiya sharoitida bu katta oila. Hayot haqiqatan ham g‘alati guzar. Umrida bir-biri bilan bir og‘iz gaplashmagan, bir piyola choy ichishmagan odamlarning bir-birlariga xusumat bilan qarashlarini bilaman. Bu yerda esa boshqa tuzum, begona til, o‘zga tartiblar. Jovanni — inson. Jovanni — ijodkor. Bizning bir-birimizga xayrixohlik bilan qarashimizga shularning o‘zi yetarli edi.

— Mening ham beshta bolam bor, — dedim.

— Bo‘lmasam, kulolchilikni senga ham o‘rgatishim kerak ekan, — dedi kulib Jovanni.

Ha, odam har joyda ham odam...

Bizni Ocheriali shahrining chekkasidagi bir mehmonxonaga keltirishdi. U shundoqqina dengiz sohilida bo‘lib, nomi ham “Ioni dengizining durdonasi” deb atalar ekan. Agar go‘zallik olamida dur degan sifatni mutlaq deb qabul qilsangiz, uni faqat shu joydagina qo‘llash mumkin edi. Vo ajab! Ona zaminimiz bunchalar go‘zal bo‘lmasa? Balki Bibi Maryam jamoli haqidagi betakror tasavvurlar shu joylarda tug‘ilganmi?! Bu yerning odamlari tag‘in qanday manzaradan hayratga tushishlari mumkin ekan! Yashillik, turli-tuman charog‘on gullarning rangi zangor dengiz rangi bilan, shaffof havo bilan uyg‘unlashib ketgan, uzoqda esa ko‘m-ko‘k yassi tog‘lar harir parda orqasida turgan kabi jimirlab ko‘rinadi. U yerda — Etna vulqoni.

O‘sha oqshom bizni Ocheriali shahrining meri qabul qildi. Qabul chog‘ida shahar yepiskopi, madaniyat, adabiyot va san’at arboblari ishtirok etishdi. Tantanali marosimda dastavval uch-to‘rt rassomga qandaydir laureatlik nishonlarini topshirishdi. Barcha notiqlarning, jumladan, merning nutqida ham asosiy gap tinchlik haqida bo‘ldi. Mezbonlar bizning tashrif buyurganimizdan mamnunligini izhor etishdi. Biz ham navbat bilan so‘z olib, dilimizdagi gaplarni, ezgu niyatlarimizni aytdik. Men merga do‘ppi kiygizdim hamda Dantening o‘zbek tilida nashr qilingan “Do‘zax” kitobini sovg‘a qildim. To‘g‘risini aytganda, Dante kitobining o‘zbekcha nashrini ko‘rib, italyanlar nihoyatda hayajonga tushishdi. Bir-birlari bilan chug‘urlashib, allanarsalarni uqgirishdi. Men ularga “Do‘zax”ning boshlanish qismidan o‘zbekcha parcha o‘qib berdim. Zaldagilarning ba’zilari italyan tilida jo‘r bo‘lishdi. Meni to‘g‘ri tushunishingizni so‘rayman. Mening o‘rnimda boshqa biror tarjimon, masalan, Eshmat, Toshmatmi bo‘lishi mumkin edi. Gap tarjimonning kimligida emas. Gap shundaki, qanchalik turli tillarda gaplashmasin, insoniyat yaxlit organizmdir. Uni bir butun qilib turgan juda ko‘p omillar mavjud. Odamzod o‘zini-o‘zi parchalamasligi lozim. Shafqatsiz tuzum, boylikka hirs, shuhratparastlik va qashshoqlik shundayligicha ham illatlardan xoli bo‘lmagan inson ruhiyatini vayron qiladi, odam bolasini yovuz bo‘riga aylantirib yuboradi. Ulug‘ she’riyat haqida suhbatlashar ekanmiz, merning ham, yepiskopning ham ko‘zlarida chuqur samimiyat porlab turardi. Odam bolasi o‘zining asl mohiyatiga qaytsagina shunday holatga tushishi mumkin.

Shu payt tashqaridan — ulkan cherkov tomondan gumburlagan ovozlar eshitildi. Qandaydir diniy marosim munosabati bilan mushak otishayotgan ekanlar. Vitaliy Korotich jilmayib:

— Mayli, mushaklar otilsin, faqat zambaraklar tilga kirmasa bas, — deb qo‘ydi.

Sitsiliya mafiyaning vatani hisoblanadi. Mafiya — zo‘ravonlik, qotillik bilan ish ko‘ruvchi yashirin tashkilot bo‘lib, uning o‘z qoidalari bor. Chunonchi, uning a’zolari o‘lim xavfi tug‘ilganda ham bir-birovini sotmasligi shart.

Sitsiliyaning Kataniya shahrida taniqli yozuvchi va jurnalist Juzeppe Fava o‘ldirilgan. U televidenie orqali so‘zlab, mafiyachilarning xristian demokratik partiyasi vakillari bilan aloqasi borligini fosh qilgan. O‘sha Kataniya shahri hozir ko‘z o‘ngimdan o‘tayotibdi. Yuzaki qaraganda, u oddiy Yevropa shaharlarining biri. Ko‘chalar tig‘iz, yuzlab do‘konlarda savdo qaynaydi. Lekin, u joyda Italiyaning boshqa shaharlarida bo‘lgani singari odam joni bilan ham savdo qilinadi. Biz keyingi ikki kun mobaynida ikkita joyda uchrashuv o‘tkazdik. Biri — Ocherialidagi litseyda, ikkinchisi esa — Kataniya universitetida. Bu uchrashuvlar mushoira va qizg‘in savol-javoblar bilan o‘tdi. Uchrashuvlardan umumiy taassurotim shundan iboratki, italyanlar bizning xalqlarimizni yaxshi bilmaydilar, ular tashviqoti ayniqsa, yoshlarning miyasiga biz haqimizda tamomila g‘ayri tasavvurlarni singdirib yuborgan. Ba’zi misollar keltiraman. Har ikkala o‘quv yurtida ham mening Dante tarjimoni ekanligimni eshitishib, ancha-muncha savollar berishdi. Xususan, bu ishingiz uchun Sizni quvg‘in qilishmadimi, degan ma’noda savol berishdi. Ma’lum bo‘lishicha, ular Dantening o‘zini ham boshqacharoq tushunishar, uni faqatgina xristian-katolik g‘oyalarini ifoda qilgan shoir deb bilishar, bizning, Danteni tarjima qilishimiz esa, ularga mutlaqo g‘ayriijtimoiy holat bo‘lib tuyular ekan.

Shu orada biz Sitsiliyaning Guarmane, Sirakuzi kabi shaharlarida ham bo‘ldik. Bu shaharlar asosan turistlar keladigan joylardir. Sirakuzida Arximed yashab o‘tgan. Buyuk ixtirochi xuddi shu yerda dengiz sohilida ko‘zgularga quyosh nurini yig‘ib, dushman kemalarini yoqib yuborgan. Sirakuzida qadimiy grek teatrining ulug‘vor xarobalari yastanib yotibdi. Bahaybat qoyalarning bag‘rida esa, son-sanoqsiz sun’iy g‘orlar ko‘rinib turibdi. Ularni bir zamonda turli mamlakatlardan keltirilgan qullar o‘yib yasashgan. Qullarni ana shu g‘orlarga qamab qo‘yganlar, zarur paytda esa, ular haligi ochiq teatr sahnasida bir-birlarini qonga belab yoki yovvoyi hayvonlar bilan yulishib, tomosha ko‘rsatganlar. Gladiatorlik qadimgi Rimda keng tarqalgan vahshiyona tomoshalardan biridir.

Sayohatimizning yana bir maroqli marshruti Etna vulqoni edi. Vulqon dengiz sathidan 3340 metr balandliqda joylashgan. Uning yonbag‘rida 200 dan ziyod mayda kraterlar qaynab yotibdi. Vulqon hozirgacha so‘ngan emas. U miloddan avvalgi 1500 yillarda ham otilib turgan. U jami bo‘lib hanuzgacha 130 marta qattiq junbushga kiribdi. 1669 yilda Etna vulqonining lava oqimi Kataniya shahrigacha yetib kelgan ekan. Shaharda lava to‘xtagan joyda maxsus yodgorlik o‘rnatilgan. Vulqonning lava oqimi g‘oyat katta maydonni egallab yotibdi. Kalinligi tom bo‘yi keladigan qop-qora lava metin kabi qotib qolgan. Uni kesish yoki o‘rnidan ko‘chirish hazilakam ish emas. Shunga qaramasdan, to vulqon etagigacha lavani o‘yishib, tekis asfalt yo‘l o‘tkazganlar, xushmanzara tog‘ daralarida esa, sayohatchilar uchun maxsus musofirxonalar qurishgan. Har holda vulqon “ega”lariga sayohatchilardan durustgina foyda tushib tursa kerak. Yo‘qsa, bu joylarda mushuk oftobga chiqarmidi. Ba’zi mehmonxonalarda qimorboz avtomatlar o‘rnatilgan. Boshi gangigan biror odam avtomat bilan qimor o‘ynab, bor-yo‘g‘idan ajrab qolishi hech gap emas.

Sitsiliyadagi sayohatimiz oxirlab qolgan edi. Biz ba’zi rassomlarning ko‘rgazmalarida ham bo‘ldik. Hafta oxirida bizni Ocheriali shahrining meri va yepiskopi yana rasmiy ravishda qabul qildi. Shahar ma’murlari bizning tashrifimiz foydali bo‘lganligini qayd etib, bizga esdalik sovg‘alari taqdim etdilar. Ushbu qabul marosimida, ayniqsa, yepiskopning gaplari mening xotiramda o‘rnashib qoldi. Yoshi oltmishlardan oshgan g‘oyat harakatchan bu odamning mavqei ancha baland hisoblanadi. Shunday bo‘lishi ham tabiiy, chunki, mamlakat uning hayotining uzviy bo‘lagidir. Cherkov odamlar ongiga bevosita ta’sir o‘tkazadigan, fatvolari har qanday muhokamadan xoli bo‘lgan g‘oya maskanidir.

Bu borada adabiyotning qo‘lidan nimalar kelishi mumkin? Urush — siyosatning qurolli to‘qnashuvlar shaklida davom etishidir. Urushning ilmiy ta’rifi aslida mana shu. Lekin odamzod qadim zamonlardan buyon urushga ruhiy olamning inqirozi deb ham qarab kelgan. Odamlarning fe’l-atvoridagi qusurlar, xususan, ochko‘zlik, oradan mehru oqibat ko‘tarilishi kabi manfiy jihatlar haddan ziyod kuchayib ketganda, xalq oddiygina qilib qiyomat yaqin qoldi, shekilli, deb qo‘ya qolgan. Demak, odamlarni tarbiyalash, yovuzlikni tug‘diradigan sabablarga qarshi kurash qonli mojarolarning oldini olishda muhim ahamiyatga egadir. Bu esa, adabiyot va san’atning bosh vazifasini tashkil etadi.

Nihoyat sitsiliyaliklar bilan xayr-xo‘shlashib, biz samolyotda Rimga yetib keldik. Rim — miloddan avvalgi VIII asrlarda tashkil topgan shahar. U bir qancha tepaliklar ustida joylashgan bo‘lib, o‘rtasida Tibr daryosi oqib o‘tadi. Rim qadimiy obro‘-e’tiboriga ko‘ra, jahon tsivilizatsiyasining markazlaridan biri hisoblanadi. Inson bolasi o‘zining aql-zakovati nimalarga qodir ekanligini necha ming yillar burun isbotlab qo‘ygan. Buning guvohi ko‘hna Rimdir. Afsonaviy shaharning arxitektura yodgorliklari — Forum, Kolizey, Kapitoliy, Panteon, Vatikan va ko‘plab cherkovlar, necha yuzlab haykallar hanuz odamlarni hayratga soladi. Rimga har yili 10 milliondan ziyod turist kelib ketadi. Yozuvchi va san’atkorlar qadim-qadimdan, bamisoli musulmonlar Makkaga intilganlari kabi Rim tomon talpinadilar, Bu shaharda hozir ham qandaydir ko‘z ilg‘amas nafosat yashab turadi. Turli-tuman modalar Rimdan tarqalishi bejiz emas. Lekin, u Forobiy va Sen-Simon orzu qilgan ideal shahar emas, albatta. Bugungi Rimning salobati — arvohlarning salobatidir.

Ulug‘vor xarobalarga hayrat bilan qarayman. Ana, mashhur Forum, tosh ustunlar orasidan Yuliy Sezar chiqib kelayotganday. Saroy mash’um fojeani kutmoqda. Sezarga Brut xanjar urdi. Sezar: “Sen hammi, Brut!..” deydi. Ulug‘ Shekspir asarlaridagi voqealar aynan shu yerda yuz bergan. Forumning shundoq yonginasida Yu. Sezarning haykali turibdi. Kiyim-boshlari Hamza teatrida biz ko‘rgan Sezar liboslarining o‘zi. O, Shukur Burhonov! Men shu zumda Sizni xayolimga keltirdim. Naqadar qudratli san’atkorsiz!

Mana bu esa — Kolizey! Betimsol, ulug‘ inshootning xarobalarini ko‘rgach, ha, insoniyat fazoga parvoz qilguncha ming yillar muqaddam tayyorgarlik ko‘ra boshlagan ekan, deysiz. Kolizey ochiq stadion shaklida qurilgan. Bu yerda turli tomoshalar ko‘rsatilgan. Lekin, bu tomoshalarning aksariyati qonli tomoshalar edi. Qadimgi Rim faylasufi Seneka “Axloqqa oid maktublar” kitobida quyidagi gaplarni yozadi:

“...Birmuncha hordiq chiqarish maqsadida u joyga bordim! Hordiq qayoqda! Kunning birinchi yarmida odamlarni (gladiatorlarni ko‘zda tutmoqda — A. O.) yo‘lbarslar va ayiqlar burdalaydi. Kunning ikkinchi yarmida esa, ya’ni, hayvonlar bilan olishuvdan omon qolgan kurashchilar zo‘rlik bilan maydonga haydab chiqariladi. Endi ular gladiatorlar sifatida bir-birlarini o‘ldiradilar...” Seneka bu tomoshalarni ahmoqona deb ataydi.

Kolizeyga boraverishda tag‘in bir imorat bor. Uni mal’un va manfur Mussolini qurdirgan. Italyanlar bu imoratni “qassobning didi bilan qurilgan bino” deydilar. Uni ko‘rganda son-sanoqsiz, bahaybat toshlar qalashtirib tashlangan-u, ustidan oq ko‘pik sochib yuborilgan, deysiz. Arkning oldida halok bo‘lgan jangchilar xotirasiga mangu olov yoqib qo‘yilgan. U yerda ikki askar faxriy qorovullikda turadi. Aytishlaricha, askarlar gohida zinaga o‘ltirishib uxlab ham qolishar ekan. Rimning eng gavjum ziyoratgohlaridan biri, shubhasiz, Vatikan hisoblanadi. Vatikan — jahon katolik dinining markaziy cherkovi, u dunyoda eng kichkintoy davlat ham hisoblanadi. Vatikanda Rim papasi istiqomat qiladi. Papa jahon siyosatiga hamisha aralashib keladi. Buning sababi, albatta, dunyoda katolik dinining ta’sir doirasi g‘oyat kengligi bilan izohlanadi.

Men hozircha Italiya xotiralarining bir qismini yozdim. O‘ylaymanki, bu mamlakat haqida kuzatganlarimni, taassurotlarimni bayon qilib berarman. Zero, Italiya bilan mening kamtarin ijodimni bog‘laydigan rishtalar bor...

1983 yil.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.