background
logotype

Abdulla Oripov. Ko‘ngil kaliti (1980)

Asrlar davomida sayqal topgan san’atimiz bor. Biz inson faoliyatining turli-tuman sohalarida Yer yuzi xalqlaridan ibratu o‘rnak olishimiz mumkindir. Ammo, adabiyot va musiqa sohasida shunday ulug‘vor hamda nafis merosimiz borki, bu saltanat bizning shuhratimizni abadul-abad ta’minlaydi. Mana shu sohada Sharqning qiyosi yo‘q, mana shu sohada Sharq ustozlik da’vo qilishi mumkin. Meros, albatta, meros. Hayot tinimsiz harakat qilib bormoqda, avlodlar shuurida yangi-yangi qatlamlar ochilayotir. Jumladan, qo‘shiqchilikda ham davr belgilari, XX asr ohanglari paydo bo‘lmoqda. Bu qonuniy bir holdir. Men shu kungi qo‘shiqlar haqida bir-ikki kalima so‘z aytmoqchiman.

Yaxshi qo‘shiq dilga malham bo‘ladi, u ko‘ngil kalitidir. Bunga zarracha ham shubha yo‘q. Yaxshi qo‘shiq, yaxshi muzika tinglaganda kishi o‘zini mutlaqo boshqa olamda his etadi, xunuk hodisalar, ayanch xotiralar dildan bir zum tumandek ko‘tariladi. Ayniqsa, kishi ko‘z oldiga manzaralarni keltiruvchi qo‘shiqlar menga juda yoqadi. Bepoyon kengliklar, turnalarning cho‘ziq va hasratli nidolari... bular bari qo‘shiqlardir, bular bari tabiatning ulug‘vor uyg‘unligidan taralgan sadolardir. Yaxshi qo‘shiqlar hamisha yaratilgan. Ular konservatoriya va nota yozuvidan ko‘ra ancha qadimiyrokdir. Muhit, ayniqsa, shahar sharoiti — kishini shunday bir ahvolga solib qo‘yganki, ertadan to kechgacha — xohlaysizmi, yo‘qmi, allaqancha tovushlarni, g‘alati sadolarni eshitishga majbursiz. Radio va televidenie muomalada turgan ekan, yaxshi qo‘shiqlar barobarida o‘rtachasini ham, afsuski, nihoyatda g‘arib qo‘shiqlarni ham gohida beixtiyor tinglaymiz.

G‘arib qo‘shiqlar! Ularni tinglovchilarga mening dildildan rahmim keladi. Chunki bunday qo‘shiqlar o‘zining chuchmal ohangi, poyma-poy so‘zlari bilan asablarni beomon arralaydi, millionlab tinglovchilarni bir nafas bo‘lsa ham g‘oyat noqulay ahvolga solib qo‘yadi, didsiz, farosatsiz ashulachining dastidan dod deging, dunyodan bosh olib chiqib ketging keladi. Xo‘sh, ashulaning she’rini yozgan shoir nazmboz tovlamachi ekan, uning musiqasini yozgan bastakor allaqanday ohangfurush ekan, ijrochi bez terishdan boshqa ishga yaramaydigan o‘tkinchi savodsiz kimsa ekan, million-million xalqda nima ayb?! Nega ulug‘ did va farosat egasi bo‘lgan buyuk xalq bundaqangi masxarabozlikni tinglashi kerak? Usha noinsof pguhratparast kimsalar xalqning didini buzayotganini, uni oyog‘idan orqaga tortayotganini bilarmikin? Eng avvalo, tinglovchini iztirobga soladigan narsa ashulaning she’ridir. Chunki, no‘noq musiqani, ha, bu ham bir ting‘ir-ting‘ir ekan-da, deb qo‘ya qolasiz. Ammo qo‘shiq she’ri, xohlaysizmi-yo‘qmi, teshik quloqdan ichkariga kiradi. Biz qo‘shiqlarimizda ijtimoiy mazmun bo‘lishini xush ko‘ramiz. Durust, ijtimoiy mazmun zarur, unga bastalangan kuy ham, bir darajada ijtimoiy bo‘lishi kerakmi-yo‘qmi? Aks holda traktorga qarab, “oh, traktor”, deb xonish qilish qo‘shiqchilik san’atini masxara qilishdan boshqa narsa emas. Dunyoda biror narsa o‘z-o‘zicha qo‘shiq bo‘la olmaydi. Unga munosabatda qo‘shiq elementlari bo‘lishi mumkin.

Yana bir hodisa ko‘zga tashlanadi. Iqtidorli bir necha shoirlarni hisobga olmaganda, ko‘pgina bozori kasod qalamkashlar nochorlikdan o‘zlarini qo‘shiqchilikka uradilar. Holbuki, bir necha ming nusxada nashr etiladigan ularning bo‘sh asarlaridan ko‘ra, g‘arib qo‘shiqlari xalqqa ko‘proq ziyon yetkazadi.Chunki, uni millionlab odamlar tinglaydi. U yoshlarningmo‘rt va murg‘ak didini buzadi. Mana shu sababdan ham shoir qo‘shiqchilik darajasiga tushmasligi, balki qo‘shiqchilikdarajasiga o‘sib yetishmog‘i kerak. Bu o‘rinda bastakorning o‘rni nihoyatda katta. O‘qish uchun yaratilgan she’r qo‘shiqbo‘lmasligi mumkin. Uni zo‘rlab qo‘shiq qilishdan zarracha foyda yo‘q. Agar bastakor she’rga mos ohang topsa, she’rning ijrosiga putur yetkazmasa, biror murod hosil bo‘lishi mumkin. Masalan, H. Olimjonning “O‘rik gullaganda” she’rini olib ko‘raylik. Mana shu she’r qo‘shiq bo‘lishi mumkinligi hech kimning xayoliga kelmagan. Ammo bastakor Manas Leviev bu she’rga mos shunday kuyni topdiki, endilikda bu qo‘shiqni ko‘pchilik e’tibor bilan tinglamoqda. Turob To‘laning ko‘pgina muvaffaqiyatli chiqqan qo‘shiqlari haqida ham shunday fikrlarni aytish mumkin. Masalan, T. To‘la va M. Ashrafiyning “Jannatda ham topilmaydi bu chog‘lar” mazmunidagi qo‘shig‘ini ko‘pchilik xush ko‘radi. Qo‘shiq bo‘ladigan so‘zning o‘zida allaqanday erkalik bo‘lmog‘i lozim, to‘pori so‘z qo‘shiqqa hech qachon sig‘maydi. Bastakor bu holni hamisha hisobga olmog‘i shart. Gap aruz vazniga kelib taqalganda bir holni xotirangizga solib o‘tmoqchi edim. Aruz (albatta, qoidasiga to‘g‘ri kelgani aruz) o‘zicha tayyor ohangdir. Uni, masalan, bo‘g‘inlari to‘g‘ri kelib qolsa, “Guluzorim” kuyiga yoki boshqa biror tayyor qolipga solib kuylayverish mumkin. Ammo ba’zi ijrochilarimiz g‘azalning nozik xususiyatlariga e’tiborsizlik bilan qarab ichki turoqdagi bo‘g‘inlar almashinuvini noto‘g‘ri talqin etadilar. Natijada qo‘shiqning biror o‘rnida kelgan, masalan, “jonon” so‘zi ikkiga bo‘linib ketadi.

Sharq she’riyatida ta’sirchan didaktikaning o‘z o‘rni bor. Masalan, Maxtumquli singari daho shoirlar bu janrni yuksak san’at darajasiga ko‘tara bilganlar. Ularning she’rlarida shoirning o‘tli armoni ufurib turadi. Men bu o‘rinda g‘aliz, chuchmal nazmbozlik haqida gapirmoqchiman, xolos. Afsuski, bu illat qo‘shiqchiligimizda hanuzgacha mavjud. O‘zingiz o‘ylang, xalqqa qarata, dalaga chiqib ishlang, chunki bu foydali, degan gapni ashula tarzida, yana buning ustiga, chiranib tashviq qilish shartmi? Bunday qilish mehnatkashlarning izzat-nafsiga tegmaydimi? Ota-onani hurmat qilishni, jamiyatga xizmat qilishni xalqimiz juda yaxshi zuhuretadi. Mahmadona shoir va ijrochi bunday gaplarni o‘zlari kabi sayoz, didsiz to‘dalarga borib aytsalar, ehtimol, to‘g‘ri bo‘lar. Axir qo‘shiqlarimiz zamonamizga, mehnatimiz pafosiga munosib bo‘lmog‘i kerak. San’atkorlarimiz mana shu g‘oyat nozik va mas’uliyatli ishning uddasidan chiqmoqlari, buning uchun esa tinimsiz izlanmoqlari zarur. Suvchini yaxshi ko‘raman, cho‘ponni sevib qoldim qabilidagi gaplarni bugungi kunda suvchi ham, cho‘pon ham yaxshi tushunadi. San’atning vazifasi — ularga yuzaki sevgi izhor qilib, shafqat bilan boshini silash emas, balki xalqning yuragida balqib turgan tuyg‘ularni kuylashdir.

Qo‘shiqchilik san’atini rivojlantirish haqida maxsus qarorlar chiqqan. Bu qarorlar bir jihatdan qo‘shiqchilik san’atining muvaffaqiyatlaridan qoniqish belgisi bo‘lsa, ikkinchi tomondan qo‘shiqchilik sohasidagi kamchiliklardan tashvishlanish belgisi hamdir. Men bu o‘rinda birmuncha umumiy mulohazalar yuritdim. Ba’zi andishalarga borib aniq misollar keltirmadim. Ammo hammamiz bir mantiqni yaxshi anglab olmog‘imiz kerak: qo‘shiqchilik bedarvoza soha emas!

“Sovet O‘zbekistoni” jurnali, 1980 yil, 3-son.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.