background
logotype

Abdulla Oripov. Usmon Nosir haqida so‘z (1983)

Ayonki biz tengi avlod Usmon Nosirni ko‘rgan emas. Lekin shoirning ijodiy yo‘li, hayoti va taqdiri barchamizga yaxshi ma’lumdir. Uning umri g‘oyat dolg‘ali va sharafli tarixiy davrga duch keldi. Mamlakatda sotsialistik o‘zgarishlar batamom qaror topayotgan yillar, o‘ziga xos qiyinchiliklar, eng muhimi, yangi zamonning sururi shoir va grajdan sifatida Usmon Nosir avlodini shakllantirgan omillardir. Shoir haqida so‘z yuritishga, eng avvalo, uning ijodi asos bo‘ladi. Zamondoshlarining xotiralari, turli saviyadagi tadqiqotlar, tushuntirishlar yoxud farazlar shoir ijodidan kelib chiqadigan bevosita taassurotni sira o‘zgartirolmaydi. Shu ma’noda bizning qarshimizda Usmon Nosirning o‘zi, uning ijodi yagona va asl manba sifatida turibdi.

Xo‘sh, shoir ijodi bilan tanishib chiqqanda bizda uyg‘onadigan birinchi taassurot nima? Usmon Nosir, shubhasiz, yirik iste’dod egasi. Shu o‘rinda umuman shoirlar haqida ba’zi xulosalarni, muqoyasalarni aytib o‘tsak o‘rinli bo‘lar. Ha, adabiyotda hamisha ikki toifa ijodkorlar davr surib kelganlar. Ulardan birinchisi, ta’bir joiz bo‘lsa, kosiblardir. Kosiblar kimlar? Ular she’riyatda umuman qanday maqomda namoyon bo‘ladilar? Adabiyotdagi kosib faqatgina o‘z istak va orzulariga ko‘ra, balki tirikchilik taqozosi tufayli yoxud nom qozonib yashash ishtiyoqida qo‘liga qalam oladi. Ba’zilari esa bu sohaga mutlaqo tasodif tufayli aralashib qolgan omadsiz mehnatkashlar bo‘lib chiqadi. Nima bo‘lgan taqdirda ham, qanchalik yashovchan bo‘lsa-da, adabiyotda kosiblik uning sohibiga obro‘ keltirgan emas. Ikkinchi toifa esa, qalb amri bilan ijod qiluvchi, o‘zi yoqqan alangada o‘zi qovriluvchi, cheksiz mashaqqatli mehnatdan huzur va halovat olguvchi, qisqasi, ijodni qismat deb bilguvchi shaxslardir. Ularni ko‘pincha tug‘ma iste’dod egalari deb ham atashadi. Tug‘ma iste’dodni, albatta, faqat stixiyadan iborat holat deb tushunish noto‘g‘ridir. Haqiqiy qalb egasi o‘z fuqarolik darajasini, bilim va quvvai hofizasini muttasil kengaytirgan holdagina tarix uchun zarur san’atkorga aylanishi mumkin. Biz bugun so‘z yuritayotgan shoir Usmon Nosir tabiatning benihoya muruvvati tufayli dunyoga kelgan ana shunday iste’dod egasi edi.

Usmon Nosir deganda biz kimni tushunamiz. U shunday iste’dod egasiki, bamisoli tekkan joyini kuydirguvchi olovdir. Shoirning g‘oyat qisqa umriga nazar solgan kishi juda uzoq o‘ylarga tolishi shubhasizdir. Chunki bu chaqmoqdek umrda benihoya katta imkoniyatlar yonib ketganligini ko‘rib va his qilib turasiz. Usmon Nosir ulug‘ va abadiy she’riyatning diydasidan oqib ulgurmagan shabnamdir, u hali qahqahaga aylanmay lablarimizda manguga qotib qolgan nim tabassumdir. Uning she’rlari ko‘z kabi tirik, jonli, tutqich bermas hayot poralaridir.

Bog‘larga namozgar salqini tushdi,
Gullar nam bargini qayirdi asta.
Oftob ham suv ichar tog‘lardan pastda,
Loladek qip-qizil o‘t-shafaq o‘chdi.

Bu kabi satrlar Usmon Nosirning umuman she’riy qiyofasini, poetik ohangini belgilaydi, desak xato bo‘lmas. Usmon Nosir nimalarni kuylab o‘tdi? Uning ideali nima edi? Usmon Nosir qoldirgan adabiy meros bizga shu haqda guvohlik beradiki, u o‘z safdoshlari qatorida yangi davrga ichdan tanqidiy qaradi. She’rlarida o‘ksik bolalik yillarini yoki keskin kurashlarda qatnasha olmaganligini gapirishi shoirning ijtimoiy nuqtai nazari haqida to‘la tasavvur beradi. U yozadi:

Kech tug‘ildim, ammo qola olmadim
Ikki bo‘lak yo‘lning Arosatida.
Har bir so‘zim sinfiy,
Falsafiy fard,
Sinfiy ong yotadi farosatimda.

Ushbu satrlar, albatta, shoirning iqrornomasidir. Ayni paytda shuni eslatib o‘tmoq lozimki, hayotning teran qatlamlariga endigina kirib borayotgan Usmon Nosir hali uni batamom tadqiq etishga ulgurmagan edi. Har qanday katga va o‘ziga xos iste’dod egalarida bo‘lgani kabi uning ham betakror uslubi mavjud ediki, biz bu uslubda birmuncha romantik kayfiyat ustunligini kuzatamiz. Aslida ham, hayotdagi voqea va hodisalarni tadqiq etish o‘sha voqea va hodisalarni she’rxonga takror aytib berishdangina iborat emas. Hayot hodisalari qalbimizda uyg‘otadigan taassurotlar va kayfiyatlarni ifodalash she’riyatda grajdanlik ma’nosini bildiradi. Shunga ko‘ra, hayot nechog‘li rang-barang bo‘lsa, shoirning undan orttirgan taassurotlari ham shu qadar rang-barangdir. Agar shoir bir she’rida tiriklikning cheksiz mashaqqatlaridan dili ozor topgan shikasta zot sifatida ko‘rinsa, sira ham ajablanmaslik kerak. Odam bolasi to hanuz nomukammal ekan, to hanuz yorug‘ ideallar uchun kurash olib borar ekanmiz, insonlar fe’l-atvoridagi qusurlardan bir lahza ham ko‘z yummasligimiz shart. Afsuski, yovuzlikning shakl-shamoyili juda ham turfa, ko‘rinishi g‘oyat rang-barangdir. Masalan, birgina ichiqoralik, mash’um hasad qanchadan-qancha iste’dod egalarining boshiga kulfat solmagan. Biz bunday hollarda narsalarni o‘z nomi bilan atab, kulfat uchun tarixdan burun mash’um kimsalarni dadil ayblashimiz zarur. Usmon Nosirning latif va samimiy, goh esa o‘ychan, lekin hamisha maroqli she’riyatini ko‘zdan ko‘chirgan kishi har qalay teran o‘ylarga cho‘madi. Shoirga umr vafo qilib, agar u uzoqroq yashaganda bizga nechog‘li qadrli asarlar yaratib berishi mumkin edi, degan fikr xayolimizdan kechadi. Uning bizga qoldirgan hozirgi mavjud merosidan ham ajib bir qoniqish hosil qilamiz. Usmon Nosir she’rlarini o‘qiganimizda ba’zi shoirlarning mudroq va g‘aliz ijodiyoti tarix uchun nechog‘li nozarur ekanligini payqab qolamiz. Bu ham Usmon Nosir ijodining avlodlar uchun ibratli jihatlaridan biridir. Biz bugungi kunda Usmon Nosirning tarjimonlik faoliyatini ham zo‘r mamnuniyat bilan tilga olamiz. Ulug‘ rus adabiyotining ikkita eng ko‘rkam dostoni — “Demon”, “Bog‘chasaroy fantani” uning tarjimasida jaranglab turibdi. Biz Usmon Nosirni qadrlaymiz. Chunki u she’riyatning tabarruk, muqaddas dargohida anvoyi bir chamanzor, sira xazon bo‘lmaydigan mo‘‘jaz bog‘ yaratib ketdi.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 1983 yil, 18 mart.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.