background
logotype

Abdulla Qahhor. Abdulla Qodiriy (1964)

O‘zbek elining sevikli adibi Abdulla Qodiriy manfaatparast, martabaparast odamlarning chaquvi bilan safimizdan yulib olingan edi.

Abdulla Qodiriy, ba’zi bir odamlar aytmoqchi, «bir-ikkita risola yozgan» anchayin yozuvchi emas, balki yangi davr adabiyoti, Yevropa adabiyoti gazi bilan o‘lchaganda ham to‘laqonli asarlar yozgan, o‘zbek romanchiligini boshlab bergan ulkan adibdir. Uning «O‘tgan kunlar», «Mehrobdan chayon» romanlari, bir talay hajviy asarlari xalq orasida g‘oyat mashhur bo‘lib, har bir o‘zbek oilasiga, hatto savodxon odam bo‘lmagan oilalarga ham kirib borgan edi. Allaqaerdan kelgan bir kitobxon «O‘tgan kunlar»ni yod bilar ekan, kitobning istalgan joyini so‘ralganda sharros o‘qib berganida Abdulla Qodiriy unga chopon kiygizgani yodimda bor. Uning asarlarini o‘qish man qilingan vaqtlarda ham kitobxon «O‘tgan kunlar» bilan «Mehrobdan chayon»ni qo‘lidan qo‘ygan emas, boshqa kitoblarning muqovasiga solib yashiriqcha o‘qigan. Bu romanlar o‘sha vaqtdayoq kardosh xalqlar va g‘arb tillariga tarjima qilingan edi. Biz bir guruh o‘zbek yozuvchilari o‘ttiz oltinchi yilda Tataristonga borganimizda Abdulla Qodiriyning «Abdulla obi» nomi bilan tatar ziyolilari, hatto tatar ovullarida mashhur ekaniga shohid bo‘lgan edik.

Bizning 20-yillar adabiyotimiz tarixi hozirgi turishida kambag‘al ko‘rinadi. O‘z vaqtida faqat Abdulla Qodiriygina emas, kattakon olim-yozuvchi Fitrat, zo‘r talant egasi Cho‘lpon, jo‘shqin komsomol shoir Botu, satira va yumorda tengi, timsoli yo‘q va o‘ziga xos shoir So‘fizoda, yigirmanchi yillar poeziyasini bezagan shoirlardan Rafiq Mo‘min, G‘ulom Zafariy, usta satirik shoir Abduhamid Majidiy singari ko‘p arboblarimizning ham nomi o‘chgan edi. Keyingi vaqtlarda adolat yuz ko‘rsatib, bularning hammasi bosh ko‘tarayotibdi, adabiyotimiz tarixiga qaytayotibdi. Bunga har bir vijdonli kishi, har bir ziyoli benihoyat xursand bo‘lishi kerak. Afsuski, oramizda bu muhtaram zotlarning tirilib, 20-yillar adabiyotimiz tarixini obod qilishiga g‘ashlik qilayotgan, hatto to‘sqinlik qilmoqchi bo‘lgan odamlar ham bor. G‘ashlik qilayotg‘an odamlarning bir toifasini o‘limtik yeb tiriklik qiladigan quzg‘unga o‘xshatish mumkin: ko‘zini cho‘qishga chog‘lanib turganida o‘lik qimirlasa, xususan, boshini ko‘tarib, o‘rnidan tursa, albatta, norozi bo‘ladi, yana yiqilishini kutadi, qag‘illab uning boshi uzra aylanadi. G‘ashlik qilayotgan odamlarning boshqa bir toifasi shuhratparast qalam ahllaridan bo‘lib, «o‘liklar» tirilsa, hozir adabiyotda ishg‘ol qilib turgan o‘rni «poyga»roq bo‘lib qolishidan qo‘rqadi. Holbuki, aytilgan adib va shoirlar safiga qaytsa, hech kimni o‘rnidan turg‘izmaydi, o‘zining bo‘sh turgan o‘rniga o‘tiradi, chunki adabiyotda hech qachon birov birovning o‘rnini ololmaydi, har kim qobiliyati, qilgan xizmati, qay darajada kitobxonning ko‘nglini olganiga qarab o‘zi munosib o‘rinni ishg‘ol qiladi.

Bu xildagi odamlar asl g‘arazlarini har xil siyosiy so‘zlar, «hushyorlik»ka oid iboralar bilan xaspo‘shlab, o‘zbek sovet adabiyotining tarixini bezaydigan adib va shoirlarning oqlanganiga kishilarda shubha tug‘dirmoqchi, bularga qora ko‘lanka solmoqchi bo‘lishadi.

Bunaqa odamlarning so‘zi inobatga o‘tadigan, jamoatchilikni chalg‘itadigan zamonlar o‘tib ketdi, u kunlar yomon bir tushday bo‘lib qoldi. Lekin, «ilon chaqqan kishi ola arqondan qo‘rqadi» deganday, o‘sha zamonda aziyat tortgan yoki aziyat tortganlarni ko‘rgan ko‘p odamlar hanuz o‘ziga kelolmaydi.

Bolaligimda bir kitob o‘qigan edim. Unda hayvonot bog‘chasidagi bir fil to‘g‘risida gapiriladi. Fil 200 yil davomida temir qoziqqa zanjirband qilib qo‘yilgan ekan. 200 yil davomida zanjir zanglab, temir yemirilibdi, temir qoziqdan nom-nishon qolmabdi, biroq fil bundan bexabar yana 100 yil temir qoziq atrofidan nari ketolmagan ekan.

Fil jonivor, aql-idroki yo‘q, biz nega kult davri qoqib ketgan temir qoziq atrofidan yiroq ketolmaymiz?

Bizning vazifamiz bularning hammasini joy-joyiga o‘tqazib, 20-yillar o‘zbek adabiyoti tarixining go‘zal manzarasini tiklashdir.

1964 yil

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.