background
logotype

Abdulla Qahhor. Badiiy ocherk to‘g‘risida (1940)

Bir tanqidchi bir adabiy asar to‘g‘risida yozgan maqolasida asarning falon yeridan: «Ocherk hidi keladi», deb burnini jiyiradi.

Ocherkning hidi kelganda burnini jiyirgan tanqidchi ocherkistning o‘zini ko‘rsa nima deydi! Ocherkist o‘zini yozuvchi deb atasa, ayniqsa Yozuvchilar soyuziga kirgani ariza bersa, bu xildagi tanqidchilar, adabiyot xonaqosiga o‘t tushdi deb, dod solmaydimi?

Bu xildagi «tanqidchilar»ning fahmicha, ocherk bilan hikoya ikki olam. Ocherk yerda, hikoya ko‘kda. Hikoya gunohkor bo‘lib yerga, ocherk olamiga tushib ketishi mumkin, ammo ocherk hech qachon qanot bog‘lab hikoya ko‘kiga ko‘tarila olmaydi. Ocherk loydan, hikoya nurdan yaratilgan.

Ocherk bilan hikoyaga bu xilda qaraydigan kishilardan bu ikki janrning farqini so‘ramang — xijolat bo‘lasiz. «Shuni ham bilmaysanmi?» degan ishora qilib iljayadi. Kishi bilmaganiii bilsa va bilish uchun so‘rasa hech aybi yo‘q deysizmi? Xayr, so‘rang. «Men bilmayman, sizday bir adabiyotshunosning mo‘‘tabar fikrini eshitgani keldim», deng. U vaqtda «mo‘‘tabar fikr»ni eshitasiz, lekin qattiq ishonamanki, bu mo‘‘tabar fikr til kelishmaydigai son-sanoqsiz terminlar, talay tsitatalardan iborat bo‘lib, sizga hech narsa bermaydi. Natijada, bilolmay qolasiz: bu odam shuncha termin va tsitatalar vositasi bilan fikr bayon qilmoqchi bo‘ldimi, yo fikr bayon qilish bahonasi bilan shu terminlar, shu tsitatalarni bilganligini aytmoqchi bo‘ldimi?

Siz agar bu ikki janr orasidagi ayirma haqida uning fikrini bilishga juda ham qiziqsangiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘liga bir asarni bering-da: «Bu hikoyami, ocherkmi?» deng. Shunday qilsangiz, u hech qanday termin, o‘z fikri bo‘lmagani uchun ijaraga olgani hech qanday tsitata ostiga qochib kirolmaydi. Asaringizda masalan: «Tovuq tomdan uchib tushdi», degan jumla uchrasa, «mo‘‘tabar fikr» egasi burnini jiyirib: «Bu ocherk» deydi: agar: «Tovuq tomning labidan sakrab, kanotlarini qoqa-qoqa havolarni to‘lqinlatib tushdi», deb yozilgan bo‘lsa, chehrasi ochilib: «Bu lirik hikoya», deydi.

Buyuk Pushkin hozir tirik bo‘lsa «Hayot qo‘shig‘i» degan hikoyalar to‘plami chiqargan Ma’ruf Hakimning qulog‘idan cho‘zib, yuziga bir tarsaki urar va: «Pushti gullagan o‘riklar o‘z gullarini to‘kib, dovuchcha tugar edi», «Otning jilovini siltab, tezlashini qistadi» («Uchrashuv») dema, «O‘rik gulini to‘kkan edi», «Otni jadallatdi» degin, der edi. Pushkinning o‘zi shunday yozgan. Bunga uning hamma proza asarlari dalil. Shunday yozgangina emas, zamondosh bo‘lgan adiblardan ham shuni talab qilgan edi.

Ocherkka bunday nazar bilan qarash, umuman, adabiyotni bilmaslik orqasida uni boshqa janrlardan kam ko‘rish, ikkinchi sort janr, deb bilishning natijasidir.

Meditsinaning talay tarmoqlari bor: fiziologiya, osteologiya, gistologiya, miologiya va boshqalar. Bu ilmlarning har qaysisi turli «material»da, turli yo‘l bilan bir maqsad uchun xizmat qiladi: kishilarni kasallikdan saqlash, kishi kasal bo‘lgan taqdirda tuzalgani yordam berish. Endi meditsinaga: «Bu ilmlarning ahamiyat jihatidan qaysinisi birinchi o‘rinda-yu, qaysinisi o‘ninchi, yigirmanchi o‘rinda?» deb savol qo‘yish mumkiimi? Konkret hollarda birining roli katta, birining roli kichik va hatto mutlaqo rol o‘ynamasligi mumkin.

Adabiyotda prozaning ham turli tarmoqlari — janrlari bor: hikoya, ocherk, roman, povest. Bular ham turli materialda, turli yo‘l bilan bir maqsad uchun xizmat qiladi. Konkret hollarda bulariing ham, biri katta, biri kichik rol o‘ynashi mumkin. Shunday bo‘lgandan keyin: «Hikoya ahamiyatli janrmi, ocherkmi?» deb savol qo‘yish o‘rinli bo‘ladimi? Demak, ocherkning materiali, yozilishi boshqa janrlardan farq qilar ekan, bu farq uni adabiyotda ikkinchi darajali janr deyishga mutlaqo asos bo‘lolmaydi. Bundan ma’lum bo‘ldiki, ocherk ham adabiyotda to‘la huquqyai janr. Ocherkist — yozuvchidir.

Ba’zan: «Ocherk odamni zavqlantirmaydi», degan gaplarni eshitishga to‘g‘ri keladi. Ocherk odamni zavqlantirmasa, ocherk bo‘lgani uchun emas, yomon yozilgani uchun zavqlantirmaydi. Yomon yozilgan hikoya, povest, roman zavqlantiradimi bo‘lmasa? Bizda so‘nggi yillarda bosilib chiqqan ko‘p hikoyalarni V. Kataevning ozod qilingan o‘lkalarda yurib yozgan ocherklariga solishtirib qaraylik. Qaysinisi zavqlantiradi? Demak, gap janrda emas, asarning qanday yozilganida. Hikoya hikoyanavisdan qancha mehnat, qancha mohirlik, qancha madaniyat talab qilsa, ocherk ham ocherkistdan shuncha mehnat, shuncha mohirlik, shuncha madaniyat talab qiladi. Yaxshi hikoya uzoq umrli bo‘lsa, yaxshi ocherk ham uzoq umrli bo‘la oladi. Chexovning hikoyalari bugun qancha sevib o‘qilsa, Uspenskiyning ocherklari ham shuncha sevilib o‘qiladi. Chexovning ko‘p hikoyalari klassik hikoyalar hisoblansa, Radishchevning «Peterburgdan Moskvaga sayohat»i, Pushkinning «Arzrumga sayohat»i rus adabiyotida ocherkning klassik namunalari hisoblanadi.

Bizda yaxshi ocherklar yo‘q hisobi. Ocherkka hozirgi nazar shuning natijasidir. Yaxshi ocherk bo‘lmagani sababli, bu janrning nazarga kira olmayotganligi, o‘z navbatida bu janrning taraqqiy qilishiga xalal berayotipti. «Ipak qurti ilgari bino bo‘lganmi, qurt urug‘i kapalagimi?» deganday, boshi-keti yo‘q bir muammo bo‘lib qolayotipti. Lekin, har holda, bizningcha, yaxshi ocherkning bo‘lmasligiga sabab, unga yomon nazar bilan qaralishi bo‘lsa kerak. Bugungacha qancha yomon hikoyalar, she’rlar to‘plami chiqdi, hech qanday qimmati bo‘lmagan pesalar bosildi. Ammo yomon ocherklar to‘plami chiqqani yo‘q. Ko‘pincha yomon she’r yosh shoirni, yomon hikoya yosh hnxoyakavisni rag‘batlantirish uchun-ku bosiladi, nima uchun xuddi shuningdek yosh ocherkistni rag‘batlantirish kerak emas? Holbuki, yomon she’rlar, yomon hikoyalar, yomon pesalar o‘quvchiga hech narsa bermagani holda, yomon ocherk hech bo‘lmasa o‘z ob’ekti to‘g‘risida o‘quvchida ma’lum tasavvur hosil qiladi. Bu gaplarni aytishdan murod xalturaga yo‘l ochish, yo‘l qo‘yilgan xatolarni ta’na qilib, ongli ravishda xato qilishni talab qilish ham emas, albatta. Bundan maqsad ocherkka to‘la huquqli bir janr, deb qaralmasligini ta’na qilishdir.

Hikoyanavis kitobxonga aytishi zarur bo‘lib qolgan quvonchini, hasratini tipik bir voqeaga soladi. Voqea tipik bo‘lgani uchun o‘quvchining esiga o‘zi ko‘rgan yo eshitgan boshqa voqealar tushadi; hikoya personajlari bilan o‘zi bilgan kishilar, ba’zan o‘zi orasida qandaydir yaqinlik ko‘radi; hikoya qahramoni, undagi personajlarga o‘zi bilgan kishilarni, ba’zan o‘zini qarshi qo‘yadi. Bunday vaqtda o‘quvchi hech qachon loqayd qololmaydi, voqeaga va bu voqeani vujudga keltirgan kishilarga nisbatan ma’lum munosabatda bo‘ladi.

Hikoya qilgan ishni ocherk ham qila oladi. Biroq uning vositalari, imkoniyatlari hikoyaga qaraganda boshqachadir. Hikoyanavis ko‘p hodisalarni umumlashtiruvchi voqea yaratsa, ocherkist bir voqeaning xarakterli chiziqlarini tanlab olish yo‘li bilan uni tipiklashtiradi.

Ocherkist o‘zi bevosita ko‘rgan, mushohada qilgan kishilar, hodisalar to‘g‘risida yozgani uchun fantaziyadan foydalanmaydi. Foydalangan taqdirda ham ma’lum chegaradan nari o‘tolmaydi. Hikoyanavis, masalan, o‘zining keksa qahramonida yoshlik tuyg‘usi uyg‘onganini aytmoqchi bo‘lsa, unga shu his uyg‘onganligini ko‘rsatadigan bir ish qildiradi, so‘zlatadi. Ocherkist o‘z qahramonida shunday tuyg‘u uyg‘onganligini aytmoqchi bo‘lsa, unga hech qanday ish qildirolmaydi, so‘z ham ayttirolmaydi, chunki bu qahramon — konkret odam, ertasiga: «Men qachon o‘shanday ish qildim, qachon shunday gapni gapirdim», deb ocherkistning yoqasidan tutishi mumkin. Qahramon indamagan taqdirda ham uni tanigan, bilgan odamlar aytadi. Soxta voqea hikoyani bir pul qilganiday, erkin fantaziya ocherkni bir pul qiladi.

Ocherkist hikoyanavisda bo‘lgan bu imkoniyatlardai mahrum bo‘lsa, uning boshqa imkoniyatlari bor. U hikoyada o‘ziga o‘rin topolmaydigan muhokama qilish, xulosa chikarish, o‘z fikrini bayon qilishdek imkoniyatlarga ega.

Dongdor paxtakorlarimizdan biri to‘g‘risida ocherk yozishga to‘g‘ri keldi. Qahramonimiz so‘z orasida bolalik va yigitlik chog‘lari nima bo‘lib o‘tganini bilmaganini aytdi. Men uning bolalik yillari qanday o‘tganligi bilan tanishganimdan keyin, muhokama yurgizdim, ya’ni ocherk imkoniyatidan foydalandim:

«Bolalikda har narsa, har hodisa bir yangilik bo‘lib xotirda ma’lum iz qoldiradi. Xotirda iz qoldiruvchi yangiliklar bilan to‘la bo‘lgan yoshlik kunlari «uzun», yillari «barakali» tuyuladi. Kishining bugun ko‘rayotganlari kecha ko‘rganlarining takrorlanishidan iborat bo‘lsa, yillardan «baraka qochadi»... Bolalikdagi yillari bir-biriga o‘xshagan «quyma yillar» bo‘lib o‘tgan kishi ulg‘ayganda bolaligining nima bo‘lib o‘tganini bilmaganligidan noliydi...»

Hikoyanavis qo‘liga qalam olmasdan burun o‘z oldiga aniq bir maqsadni qo‘yib, ixtiyorida bo‘lgan materialdan shunga qarab foydalanadi. Maqsad yozuvchining o‘ziga «umuman» ma’lum, lekin aniq-ravshan bo‘lmasa, hikoya ortiqcha detallar, keraksiz tafsilotlar bilan og‘irlashadi. Ko‘pincha yosh hikoyanavislar aytmoqchi bo‘lgan fikrlarni juda ham aniqlab olmaydilar-da, nazarlariga qanday detal, qaiday tafsilot, qanday so‘z yaxshi ko‘rinsa hikoyaga kiritaveradilar. Natijada hikoya shishib ketadi yoki hech tamom bo‘lmaydi.

Ocherkist ham o‘z ob’ektiga yaqinlashgan vaqtida aniq bir maqsad ko‘zlashi kerak. Maqsad aniq bo‘lmasa ocherk faktlarni registratsiya qilishdan iborat bo‘lib qoladi. Ocherkist, masalan, «Ayollar ozodligi faqat paranji tashlashdangina iborat emas» degan haqiqatni ko‘rsatish maqsadi bilan biron ayolni olar ekan, bu ayol to‘g‘risida nima bilsa, unga bog‘langan qanday hodisa ko‘ziga ko‘rinsa hammasini ocherkka kirgizavermaydi, maqsadga xizmat qilmaydigan faktlar, taassurotlar qanday qiziq, qanday chiroyli bo‘lmasin ocherkistning bloknotida foydalanilmay qolaveradi.

Turmushni chuqur anglash, uning hodisalarini tahlil qila bilish, ba’zan kundalik ikir-chikirlar g‘uborni bosib, yuzini xiralagan hayot haqiqatining jilosini ko‘ra olish hikoyanavisdan qancha talab qilinsa, ocherkistdan ham shuncha talab qilinadi.

Mana shu aytilganlardan hikoya bilan ocherkning asosiy xususiyatlari anglashilsa kerak. Shu xususiyatlar bu ikki janrni bir-biridan farq qildiradi, lekin ikkovining orasiga qat’iy suratda bir chiziq tortish mumkin emas, negaki, yaxshi va shirali til bilan yozilgan, yaxshi umumlashtirilgan, obraz yaratilgan ocherk — hikoyadir. Katta Farg‘ona kanali qazilayotgan kunlarda xalq tashabbusini, qahramonligini ko‘rsatadigan qancha tipik voqealar yuz berdi. Bularning har qaysisi tipik voqea — turmushning bir parchasi bo‘lganligi uchun hikoya, yozuvchi tomonidan o‘ylab chiqarilmagani, umumlashgan konkret bir hodisa bo‘lgani uchun ocherk deyish mumkin. Shunday bo‘lgandan keyin bu ikki janr orasiga qanday qilib qat’iy bir chiziq tortib bo‘ladi? «Voqeiy» deb ataganimiz hikoya — ocherk, tipik voqea tasvir etilgan ocherk — voqeiy hikoya emasmi?

Bizning kunlarda ocherk adabiy harakatning oldingi safida turishi kerak. Mamlakat hayotining har sohasida kun sayin emas, soat sayin katta-katta o‘zgarishlar bo‘lmoqda. Kishilarning yangidan-yangi sifatlari ko‘rinmoqda. Xalqimiz o‘zi qilayotgan buyuk olamshumul ishlarni, o‘zi tarbiyalagan kishilarni, o‘z ichidan chiqqan qahramonlarni ko‘rishi kerak. Turmushning har sohasidan olingan konkret misollar bilan ommani tarbiyalashda adabiyotning hamma janrlaridan ko‘ra ocherk chaqqonroq janrdir. Ocherkistning vazifasi mana shunday mas’uliyatli va shu bilan birga sharafli vazifadir.

1940 yil

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.