background
logotype

Abdulla Qahhor. Muhabbat va oila (1961)

Turli redaktsiyalarga, ayrim yozuvchilarga yoshlardan oila va muhabbatga doir juda ko‘p xat keladi. Bu xatlar yoshlarimizning oila masalasiga nihoyatda jiddiy, jamiyatimizning hayot negizlaridan biri deb qaraganini ko‘rsatadi.

Bu masalaning diqqat markaziga o‘tib qolganligiga sabab yosh oilalarning ko‘p buzilishi emas, balki ming-minglab totuv yashayotgan baxtiyor oilalar fonida buzilgan yoki qalqib turgan oilaning erish va xunuk ko‘ringanligidir.

Ko‘chada xandon-xushon yurgan minglab odamlar orasida bitta odam yig‘lab ketayotgan bo‘lsa, shuncha odam ichida kishining ko‘zi shunga tushadi. Yana bir yig‘lab ketayotgan odam ko‘rinib qolsa kishi hayron bo‘ladi, sababini bilgisi keladi, u yoq-bu yoqqa qaraydi... Uchinchi shunaqa odam yo‘liqsa, har kim ham tashvishga tushadi, so‘raydi, surishtiradi. Xaloyiqning diqqati jalb bo‘ladi. Bu holning sababi ma’lum bo‘lguncha har xil taxminlar bo‘lishi, shoshqaloq odamlar taxminga asoslab noto‘g‘ri xulosalar chiqarishi ham mumkin.

Buzilgan yoki buzilishga moyil bo‘lib turgan yosh oilalar to‘g‘risida ham shu gapni aytsa bo‘ladi. Totuv yashayotgan minglab baxtiyor oilalar orasida bittasi buzilsa yoki buzilishga moyil bo‘lsa, tevarak-atrofdagilarning ko‘zi shunga tushadi. Ba’zi odamlar buning sababi ma’lum bo‘lguncha shoshqaloqlik qilib «hozirgi yoshlar...» deb kinoya qilishadi.

Mushohada va faktlar shuni ko‘rsatadiki, buzilgan yoki qalqib turgan yosh oilalar asosan ikki sababga binoan buziladi. Bu sabablarning biri eski ong, eski urfu odatdir.

Eski ong, eski urfu odat qo‘li yetgan oila uchun bir ofat. Bu ofat oldi olinmasa, shumg‘iyaday, oilani quritadi, hatto g‘unchaligida xazon qiladi. Eskilik dastidan bir-biriga yetisholmay, yetishgan taqdirda ham yana shu eskilik oraga judolik solib, firoq alamini tortayotgan yosh qizlar, yosh yigitlar yo‘qmi?

Qiz bilan yigit bir-birini yaxshi ko‘radi, ikkovi qariyalarning hurmatini qilib, ulardan rozilik so‘raydi. Qizning ota-onasi qat’iyat rozi bo‘lmaydi: «yigit bevatan, hukumatning hovlisida turar emish». Bu hurmatli ota-ona o‘ylamaydiki, hukumatniki degan so‘z xalqniki degan so‘z, hozirgi zamonda xalqni degan xalqdan ko‘radi, xalqni demagan boridan ham mahrum bo‘ladi.

Yana bir qizning otasi bo‘lajak kuyovi, ya’ni o‘z farzandining jondan ortiq sevgan yoridan katta qalin so‘raydi: «Mana shuncha pul bersang sevganing seniki, shuni bermasang boshqa bozorni ko‘r!»

Ba’zi ota-onalar o‘zlarining behuda orzu-havaslari uchun yigitdan katta to‘y talab qilishadi. Kuyov hozir shunga qodirmi, qodir bo‘lmasa-yu, to‘y deb qarzga botsa, keyinchalik ikkovining ahvoli nima bo‘ladi — bu bilan ishlari yo‘q!

Nahot shu narsalar ota-onaning o‘z farzandiga bo‘lgan mehrini ko‘rsatsa!

Shunday qilib, ba’zi oilalar eskilik zahridan hatto g‘unchaligidayoq xazon bo‘ladi. Bundan ba’zi birovlarning g‘azabi keladi. «Ayb, o‘sha qiz yoki yigitning o‘zida, shartta ZAGS qilib, bo‘lganim shu deb turavermaydimi, sevgani bilan qochib ketsa, bo‘lmaydimi» deguvchilar ham bo‘ladi. Bu aytmoqqa oson!

Yana shu eskilik chin muhabbat asosida bunyodga kelgan oilani ba’zan zangday kemiradi.

Ba’zi qaynana va qaynatalar kelindan «etti qavat ko‘rpachaga o‘tqazib qo‘yib, xizmatda bo‘lishini» talab qilishadi va bu talabning cheki-chegarasi bo‘lmaydi: kelin o‘qimasa, ishlamasa, oilaga bor-yo‘g‘ini bersa-yu, undan hech narsa talab qilmasa! Kelin bunga ko‘nmasa qaynananing zihnoviga qoladi, erning qulog‘i qomatga ksladi: «Xotining undoq, xotining mundoq... Qisqasi, xotindan kuyding!» Er sevgan xotinining tarafini olsa, yig‘i, ta’na: «O‘g‘il o‘stirib nima ko‘rdim, xotin onadan aziz ekan-da...»

Tomchi toshni, zang temirni teshadi.

Bu xususda yosh erlarning yuziga qora surkab «undoq qilsa bo‘lmaydimi, bundoq qilsa bo‘lmaydimi» deguvchilar bor. Bu ham aytmoqqa oson! Bitta oilani eskilik sirtmog‘idan qutqarish uchun mingta oila yordam qo‘lini cho‘zsa ham oz.

Juvonmarg bo‘lgan yosh oilalarning tez xazon bo‘lganiga ikkinchi, lekin kamroq, uchraydigan sabab — bu oilalarning mushakday chiroyli, chaqmoqday ko‘zni qamashtiradigan, lekin bir lahzali, o‘tkinchi muhabbatnamo tuyg‘u asosiga qurilganligidir.

Chin muhabbat tug‘ilishi, mustahkam oila vujudga kelishi uchun jismoniy balog‘at tuyg‘usigina kifoya qilmaydi, buning ustiga ma’naviy kamolot ham kerak! Shundagina yigit qiz zotining, qiz esa yigit zotining eng mukammalini topa oladi, ochiq ko‘z bilan muhabbat qo‘yadi, bu chin muhabbat asosida mustahkam oila vujudga keladi. Bir qiz bunday deb yozadi: «Men bir yigitni yaxshi ko‘rar edim. U ham meni yaxshi ko‘rar edi-yu, oradan ko‘p o‘tmay boshqa qizning ketidan ketdi. Nima qilay, men ham undan yuz o‘giraymi yoki u qizdan qaytarishga urinaymi?»

Xayriyat, bu mushak-muhabbat asosiga qurilgan munosabatning puchligi tezroq fosh bo‘libdi! Oila qurilib o‘rtada bir-ikkita bola bo‘lgandan keyin shu hodisa ro‘y bersa — yigit boshqa qizning ketidan ketsa nima bo‘lar edi?

Bir yigit yozadi: «Men bir qizni yaxshi ko‘raman, qiz ro‘yxush beradi-yu, turmush qilgani unamaydi. Keyinchalik eshitsam men kelishgan, chiroyli emas emishman... Kelajakdagi orzu-havaslarimni barbod qilib yubordim. Shu kunlarda qalandardek bo‘lib yuribman...»

Xayriyat, qiz shu gapni hozir aytibdi, biron sabab bilan shu «qalandar»ga tekkani rozi bo‘lsa-yu, er-xotin bo‘lgandan keyin ikki gapning birida «sen xunuksan» deb tursa nima bo‘lar edi?

Muhabbat va oila masalasida xato qo‘yilgan qadam, sudning hukmiday, hech qachon va hech kim tuzatolmaydigan xato bo‘ladi. Sudning yanglish hukmi bilan turmada o‘tgan vaqt, yanglish qurilgan oilada g‘urbat bilan kechgan umr hech qachon qaytmaydi.

Oila qurishda qilingan xatoning jabrini faqat er-xotin emas, bolalar, qarindosh-urug‘, yor-jo‘ralar ham tortadi. Oiladagi halovatsizlik er-xotin mansub bo‘lgan kollektivni ham tashvishga qo‘yadi.

Jamoatchilikni yosh oilalarga yomon ta’sir ko‘rsatayotgan eskilikka qarshi kurashga chaqirayotgan, oila masalasida xato qadam qo‘ymaslik g‘amida bo‘layotgan yoshlarimizning ovozi kuchliroq yangrashi kerak.

1961 yil

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.