background
logotype

Abdulla Qahhor. Paqir qo'mondonlari (1963)

Yoz faslida, bir tuman markazidagi kitobxona yigirmatacha yozuvchini nom-banom aytib, uchrashuvga taklif qildi. Uchrashuvdan keyin jamoa xo‘jaliklarida adabiy suhbatlar o‘tkazdik, dalalarni kezdik. Bir jamoa xo‘jaligi dalasida g‘alati bir bog‘cha-yaslini ko‘rib qoldik. Bu «tarbiya o‘chog‘i» kattakon tut daraxti ostiga joylashgan bo‘lib, yerga palos ma’nosida eski brezent to‘shalgan, tevarakka bir necha belanchak tortilgan. Bog‘cha-yaslining butun jihozi shundan iborat. Buning ustiga bolalar o‘zi tarbiyaga muhtoj bo‘lgan bir kampirning qo‘liga topshirilgan. Ichimizda bu holdan g‘azablanmagan odam qolmadi. Raisni ta’na-dashnomga ko‘mib tashladik. «Tarbiya o‘chog‘i»ni suratga oldik... Bizni kuzatib borgan rayon rahbar xodimi xijolatdan boshini ko‘tarolmay qoldi. Bu narsa, shubhasiz, feletonbop bir fakt edi. Lekin hech kim feleton yozmadi. Ehtimol, hamma ham kolxoz raisiga bergan dashnomimiz, rayon rahbar xodimlarining xijolat tortgani kifoya deb o‘ylagandir. Oradan ko‘p o‘tmay hamrohlarimizdan biri shu «tarbiya o‘chog‘i»dan ilhomlanib — iyib «Kolxoz yaslisida» sarlavhali bir sonet yozib ro‘znomaga berdi.
«Qush uyasida ko‘rganini qiladi», degan gap bor, lekin na o‘zbek adabiyoti tarixida, na rus adabiyoti tarixida bu shiorga ta’lim bo‘ladigan hech qanday fakt ko‘rgan emasman. Aksincha, Navoiy haq-haqiqatga kelganda vazirlik libosini tashlab xalq quchog‘iga otilgan, Furqat yolg‘onchilik va riyo uyasi boyonlarning yuziga «tuf» degan, Chexov bilan Korolenko haqqoniyatsizlikka qarshi norozilik yuzasidan akademiklik unvonidan voz kechgan, Korolenko o‘zi mahbus bo‘lgani holda chor hukumatining butun bir xalqqa zulm o‘tkazayotganligi to‘g‘risida baland tovush bilan qichqirgan. Sholoxov shaxsga sig‘inish davrining eng dahshatli kunlarida nohaq xalq dushmani unvoni taqilgan kishilarni ochiq himoya qilgan. Bularning hammasi mazkur yozuvchilarning grajdanlik shijoati iste’dod kuchidan kam emasligini ko‘rsatadi.
Boyagi «tarbiya o‘chog‘ivdan ilhomlanib — iyib sonet yozgan shoirning bu qilmishi sirtdan ko‘ringaniga qaraganda chuqurroq illatdir.
Ma’lumki, shaxsga sig‘inish davrida butun propaganda quroli, jumladan adabiyotning ham har bir so‘zi «dohiy»ninggina emas, mahalliy dohiychalarning hamma ishi, har bir «hadis»i to‘g‘ri va oqilona ekanini tasdiq va isbot qilishi kerak edi. Shu qolipda yozilgan asarlar naqadar g‘arib va notavon bo‘lmasin, rasmiy doira va doirachalarda tahsinga sazovor bo‘lar, adabiyotda mash’al qilib ko‘tarilar edi. Shuning uchun yozuvchi hayot haqiqatiga yuzma-yuz kelishdan mumkin qadar qochishga, bu haqiqatga loaqal yonboshdan qarashga, o‘shanda ham ko‘zi tushganini o‘z holicha emas, bo‘yab ko‘rsatishga majbur bo‘lar edi. U vaqtda hayotimizning illatlari haqida ming mulohaza bilan aytilgan yarim, hatto chorak haqiqat ham «siyosiy xato», «tipik emas», «paskvil», «voqelikni qasddan bo‘yab ko‘rsatish», «dushman tegirmoniga suv quyish», «yutuqlarimizni ko‘rmaslik», hokazo va hokazolar hisoblanar, bu ta’nalardan birontasini eshitgan yozuvchi faqat ta’na eshitibgina qolmas edi. Bu yo‘l keng o‘quvchilar ommasi bilan yozuvchilar orasini buzishga, xalq ko‘zida adabiyotni beburd qilishga olib borar edi.
Markaziy ro‘znomalarning birida bir hikoya bosilib chiqdi. Qattiq sovuq. Ko‘chadan o‘tib ketayotgan bir kishi ariqqa tushgan yosh bolani ko‘rib qoladiyu uni qutqarib onasiga topshiradi. Bu hodisa beparvo onaga ta’na va boshqa onalarni hushyorlikka chaqirish maqomidagi bir xabar. Muallif bu hodisadan «sovet kishisining qiyofasini ko‘rsatadigan» hikoya yasaydi. Holbuki, o‘layotgan bolani ko‘ra turib indamasdan o‘tib ketadigan inson zotini tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bu «ongli sovet kishisi» o‘rnida ongsiz 3—4 yashar bola bo‘lganda ham dod solib odam chaqirar, bolaning joniga ora kirar edi-ku, degan gapni muallif xayoliga ham keltirmaydi. Yana bir qancha «shingil hikoyalar»da boshqa bir muallif tramvayga tushib chipta ololmagan chol ertasiga ikkita chipta olganligi, xaridorlar magazinchidan o‘tib qolgan bir necha tiyinni yeb ketmasdan qaytarib berganliklari va boshqalar haqida gapiradi, shu bilan sovet kishilarining qiyofasini ko‘rsatmoqchi bo‘ladi.
Ma’lumki, shaxsga sig‘inish davrida odamga ishonch yo‘q, hatto bir oila a’zolari bir-biriga shubha ko‘zi bilan qarar, sovet kishisining qiyofasi, uning eng yaxshi xislatlari mana shu ishonchsizlik, shubha ostiga ko‘milgan edi. Shuning uchun shaxsga sig‘inish sharoitida odamning odamga ishonchini, anchayin odamgarchiligini ko‘rsatadigan biror hodisa kattakon voqea bo‘lib ko‘rinar edi. Esimda bor: qishloqdan shaharga kelgan bir odam birovdan falon ko‘chani so‘raydi. U odam kelgindini ergashtirib borib ko‘chani ko‘rsatadi. Shu narsa «sovet kishisining qiyofasini ko‘rsatadigan» fakt sifatida ro‘znoma sahifasidan yaqin bir podval joy olgan edi.
Biz hozir yangi sharoitda sovet kishisining haqiqiy qiyofasini shaxsga sig‘inish xarobalari orasidan tortib olish o‘rniga hanuz anchayin hodisalarni voqea qilib ko‘rsatamiz, olov turgan holda o‘t qidirib chaqmoq chaqamiz. Shaxsga sig‘inish hayotimizda hozir ba’zi odamlar chamalagandan ko‘ra kattaroq va chuqurroq iz qoldirdi. Shaxsga sig‘inish davri qanchadan-qancha odamlarni jonidan, nomidan judo qilgani ustiga undan ham ko‘proq kishilarning ko‘ksiga xatar va xavotirlik tuyg‘usini qamab ketdi.
«Kolxoz yaslisida» sovet kishilarining qiyofasi haqidagi hikoyalar qabilidagi asarlar shularga mos tushadigan tanqid, ayniqsa, bularga matbuotimizning munosabati, adabiy jamoatchiligimizning loqayd qarashi o‘zbek adabiyotining hanuz shaxsga sig‘inish ta’siri zahridan qutilmaganini ko‘rsatadi. Bu hol hayvonot bog‘chasida ikki yuz yil zanjirband bo‘lib, zanjir uzilgandan keyin ham yana yuz yil qoziq atrofidan yiroq ketish mumkin bo‘lib qolganini payqamagan, yetaklaganda ham yurmagan filni eslatadi.
Adabiyotimiz, afsus, ming afsuski «qoziq»dan hamon yiroq ketolmayapti, shaxsga sig‘inish oqibatlarini odamlarning dilidan, tafakkuridan quvib chiqarish, mamlakat havosini shaxsga sig‘inish zahridan butkul tozalashda jamiyatimizga ko‘mak berolmayotipti, Bunga kimdir xalal berayotganga o‘xshaydi. Lekin bu haqda chuqurroq o‘ylab qaralsa, o‘zimiz xalal berayotibmiz. Bizda o‘sha grajdanlik shijoati kamlik qilayapti, degan xulosaga keladi kishi.
Adabiy muhitimizda shaxsga sig‘inish degan ilonning vishillashini eslatadigan sovuq, nihoyatda sovuq bir shivirlash bor. Bu shivirlashlardan hosil bo‘lgan bosinqi g‘ovurga diqqat bilan quloq solsangiz, ayrim tovushlarni ilg‘ab olishingiz mumkin: biri shaxsga sig‘inish davrida nima bo‘lyb o‘limdan qolgan, keyin oqlangan, hatto partiya safida bo‘lgan kishilarimizning haqiqatan gunohsiz qamalganligiga, endi to‘liq oqlanganligiga shubha tug‘dirmoqchi bo‘lsa, ikkinchisi shaxsga sig‘inish davrida barbod bo‘lgan yigirmanchi yillar adabiyotimizning tarixini tiklashni, shaxsga sig‘inish davrida halok bo‘lgan adabiyot ahlining xotirasini abadiylashtirishni ham hazm qilolmaydi; biri adabiyotimiz tarixini tiklashga harakat qilgan kishilarimizni qora ro‘yxatga yozishni istasa, biri shaxsga sig‘inish jafosini chekkan yozuvchilarimizning adabiyotda o‘z iste’dodi va mehnatiga yarasha o‘rin olishiga g‘ashlik qiladi, ularni iloj va imkoniyat topilsa chetga surgisi keladi.
Hamma gap shundaki, hech birimiz bu odamlarni yoriqqa solib ko‘rishni, maqsadini xalq oldida aytishini talab qilgani hafsala, to‘g‘rirog‘i jur’at qilolmaymiz. Shu shivirlashlar adabiy muhitimizda asabiy kayfiyat, ishonchsizlik, karaxtlik tug‘diradi.
Shaxsga sig‘inish zamonida adabiy muhitimizda bir toifa odamlar paydo bo‘lgan edi. Bular shovqin solib aytadigan gaplarining taxminiy qolipi shular edi: «Yozuvchining bu xatosi tasodifiy emas», «bu narsalar bizning hayotimiz uchun tipik emas» (bular hayotimizdagi ko‘p illatlarning jon saqlab qolishi uchun yaxshi sharoit tug‘dirib berdi), «sovet kitobxoni bundar asarlarga zor emas», «yozuvchi voqelikni buzib ko‘rsatadi», «yozuvchi tushunmaydi», hokazo va hokazo. Bularning asar haqida katta marhamat bilan aytadigan gapi «yozuvchi hayotni to‘g‘ri aks ettirishga urinadi»dan nari o‘tmas edi.
Ikkita misol bularni xarakterlab beradi.
Hukumat qarori bilan bir qancha mollar qirq foizga arzon qilindi. Shu toifa odamlardan biri bir kitobda «qiymat behikmat emas, arzon beillat» degan maqolni ko‘rib qoladiyu kitob muallifiga dahshatli savol bilan murojaat qiladi: «Xo‘sh, hukumat qarori bilan arzon qilingan mollarning illati nimadan iborat?!» O’shalardan yana biri urush mavzuida yozilgan bir kitobda «polk Bryansk o‘rmonlarigacha bo‘lgan qariyb yuz ellik kilometr masofani jangsiz bosib o‘tdi» degan gapni ko‘rib qolib esi chiqib ketadi: «Stalin dushman bir qarich yerni ham jangsiz tashlab ketmaydi» degan-ku, bu yozuvchi front hayotini buzib ko‘rsatishga qanday jur’at qildi ekan?!»
Bunday misollarni yana ko‘plab ko‘rsatish mumkin. Bular hozir latifaday tuyuladi, lekin latifa emas. O’z vaqtida kishi bunaqa odamlardan faqat ichida kular edi, xolos.
Qadim zamonda tunu kun hammaga amru farmon berib yurgan bir mansabdor mansabidan bekor bo‘libdi. Mansabdor har yonga bosh urib ish chiqarolmaganidan keyin, nihoyat xumorini yozadigan bir mashg‘ulot topibdi: mahalladagi hovuz bo‘yida qalin ko‘rpacha solib o‘tirib olibdiyu, paqir ko‘tarib kelgan har bir kishiga «Paqiringni tort! Paqiringni tort!» deb amru farmon berib o‘tirar ekan.
Shaxsga sig‘inish davrida komanda berib o‘rgangan kimsalar hozir, boyagi mansabdor singari, «paqir qo‘mondoni» bo‘lib qolgan bo‘lsa ham, har nechuk hozir ham o‘zini qo‘mondon hisoblaydi. Mansabdorning qilmishi kishining kulgusini qistatadi xolos, lekin shaxsga sig‘inish xarobasining siniq-parchalari bo‘lmish «paqir qo‘mondonlari» odamlarning g‘azabini keltiradi. «Paqir qo‘mondonlari» hamma vaqt tuxumdan tuk qidiradi, maydonga kelgan har bir asarni tirnoqlab, hidlab, iloji bo‘lsa yozuvchining boshiga chertib ko‘rishni, bulardan o‘ziga obro‘ orttiradigan biror narsa topishni, loaqal asarni shubha ostida qoldiradigan har xil imo-ishoralar qilishni, chala-yarim gaplar aytib, mish-mishlarga ozuq berishni o‘zining muqaddas burchi hisoblaydi.
«Paqir qo‘mondonlarivning ko‘zida yozuvchi ularning hukmini kutib qora kursida o‘tirgan gunohkor, kitobxon, tomoshabin esa bog‘cha yoshidagi bolalar!
Sahnada poraxo‘r pora berayotgan odamni aldash uchun «Men poradan hazar qilaman, poraning yuzi qursin!» deydi. «Paqir qo‘mondoni» shu yerda hozir: «Yuzi qursin? So‘z pul to‘g‘risida ketyapti, pulda bizning gerbimiz bor-ku, bu qandoq bo‘ldi!?»
So‘z pul haqida emas, pora haqida ketayotganligi bilan uning ishi yo‘q, ishqilib ilmoq topilsa, bas... Shoir «bolaligimda oyoqyalang ko‘chalarda yugurib yurar edik... Hozir bolam yomg‘irda ko‘chaga chiqsa xavotir bo‘laman, bu yomg‘ir tomchilarida falokat atom ta’siri yo‘qmikin» deb she’r yozipti, «paqir qo‘mondoni» e’tiroz bildiradi: «Bu she’rni bosib bo‘lmaydi, odamlar yomg‘irda ishga chiqmay qo‘yishi mumkin».
Ishga boradigan odamlar, kamida yetti sinf ma’lumotga ega, atom nima ekanini bular mendan yaxshiroq biladi, bundan tashqari davlat hech qachon mehnatkashni taqdir hukmiga tashlab qo‘ymaydi, degan gap «paqir qo‘mondoni»ning xayoliga ham kelmaydi.

1963 yil


Ustod Abdulla Qahhor 1963 yilda «Shijoat haqida» degan maqola yozgan edilar. Keyinchalik, shaxsga sig‘inishning kuli ko‘kka sovurilib uncha-muncha gaplarni baland ovoz bilan gapirshi imkoniyati tug‘ilgach, bu maqolani qayta ko‘rib chiqib, ba’zi bir o‘zgartishlar kiritgan va unga «Paqir qo‘mondonlari» deb nom qo‘ygan ekanlar. Men yaqinda bu maqolani hujjatgohdan topdim va oynoma muxlislari hukmiga havola qilmoqdaman.
Ustod hayot bo‘lganda va mustaqillik shabadasi hilpirab turganini ko‘rganda qancha-qancha yangi asarlar yozib, o‘z muxlislarini xursand qilar edilar.
Ba’zi bir odamlar aytganidek, Abdulla Qahhor hech qachon birovning topshirig‘i bilan asar yozgan emaslar. Ularning butun orzu-armonlari ichlarida qolib ketdi, Buning isboti yon daftarlariga bitilgan quyidagi qayd:
«Yozuvchilik qiyin ish bo‘lib qoldi. Tarixda ot qoldiray desang, zamondoshlaring yuzingga qora surkaydi, zamondoshlarim yuzimga qora surkamasin desang, tarix yuzingga qora surkaydigan gaplarni gapirishga majbursan!»
Ustod hech qachon maddohlik qilmagan, munofiq ham bo‘lmagan. Hamisha adolatparvar, haqiqatgo‘y yezuvchi sifatida nom qozongan va xalq ardog‘iga sazovor bo‘lgan edilar.

Kibriyo QAHHOROVA
“Sharq yulduzi” jurnali, 1992-yil, 11-son

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.