background
logotype

Abdulla Qahhor. To‘ylar muborak... (1963)

To‘y abadiy hayot tantanasidir. To‘yda ikki yosh ahd-paymon qilib, bir-biriga qo‘l beradi, murod-maqsadiga yetadigina emas, o‘tgan ajdodimiz bilan kelajak avlodimizni bir-biriga bog‘laydigan oltin halqa, go‘zal va xushaxloq kishilarni yetishtiradigan tarbiya o‘chog‘i vujudga keladi. Shuning uchun to‘y nihoyatda ulug‘vor, nihoyatda go‘zal marosim bo‘lishi kerak.

Hozir shahar va qishloqlarimizda bo‘layotgan to‘ylarga razm solsangiz, yosh-qari hamma shunga intilayotganini payqaysiz, lekin ko‘p odamlar ulug‘vorlikka to‘yni cheksiz-chegarasiz katta qilish — go‘zallikka «bir umr yiqqanini to‘kib tashlash» bilan erishmoqchi bo‘ladi.

Menimcha, to‘yni katta qilishga urinish qadimgi boylarga ko‘r-ko‘rona ergashishdir.

Qadimgi boylar to‘yni mumkin qadar katta qilishar edi. Lekin boyning to‘yni katta qilishdan, bir hafta, o‘n kun va hatto bir oy to‘y berishdan maqsadi, shubhasiz, tekin tomoq ulashish emas, obro‘ orttirish, chunki pul sochib orttiradigan obro‘dan yana pul yasash mumkin edi. Modomiki, shundoq ekan, hozirgi zamonda pul sochishning ma’nosi bormi? Bu zamonda obro‘ning birdan-bir manbai — mehnat, obro‘ esa pul yasash quroli emas, xalqning hurmatiga sazovor bo‘lishdir. Demak, obro‘ni pul sochib topish mumkin emas, bunga urinish, xalqning o‘rinli shubha va nafratini qo‘zg‘otadi, xolos.

To‘yni qimmatga tushiradigan rasmlardan biri, uning ikki joyda — ham kuyovning, ham kelinning uyida bo‘lishi, har ikkala to‘yning yana «to‘ycha»larga bo‘linishidir. Har ikkala quda ham «orzu-havas ko‘rish», «qudadan kam emasligini» ko‘rsatish, falonchini qoyil qoldirish, allakimlardan o‘ch olish va hokazo, deya bor-yo‘g‘ini to‘kadi, bundan tashqari bolasini qarzdor-abgor qiladi. Ko‘pgina yoshlar «ota-ona roziligi» deb, o‘zlari istamagan holda, shu ishlarning boshida turishadi. Holbuki, «ota-ona roziligi»da ham rozilik bor, bularning to‘g‘ri keladiganiga ko‘nib, bid’atlariga qarshi bosh ko‘tarish zarur. Juda ko‘p eski urf-odatlardan hozir ota-onalar, qariyalarning o‘zlari ham jirkanishadi, chunonchi: qalin deb qizni savdoga qo‘yish, kelinni gulxan atrofidan aylantirish, chimildiq (go‘shanga) va uning tashqarisida-yu, ichkarisida bo‘ladigan sharmanda urf-odatlarga hozir qaysi bir ota-ona, qaysi bir qariya rozi bo‘ladi?

O‘g‘lining to‘yiga yetti yarim ming so‘m sarf qilgan 69 yashar bir cholni ko‘rdim. Chol to‘yga atab yostiqqa pul tiqib yurgan ekan, to‘yga yaqin o‘g‘lining qo‘lidagi pullarni ham qoqishtirib olipti, 200 kilo guruch damlash bilan to‘yni boshlab yuboripti. Quda tomon ham, albatta «bir chol»dan qolishmaslikka harakat qilganligi turgan gap. To‘y o‘tgan hovlini, yangi oilaning ro‘zg‘orini ko‘rdim. Solinayotgan ikki uy, bir dahlizning usti yopilmay qolipti. Chol-kampir o‘zlari turgan uyni yoshlarga bo‘shatib berib, hozirgacha tokning tagida yotib yurishar ekan.

Yangi oilani mana shunaqa ortiqcha chiqimdor qilmaslik, to‘yda isrofgarchilik bo‘lmasligi uchun to‘y yo qizning, yo kuyovning uyida, yo bo‘lmasa klubdami, biron bog‘dami, yoki Moskvadagi singari, maxsus to‘yxonadami o‘tkazilsa, nima qilar ekan? Xizmat qilishni ko‘ngliga tugib yurgan qavm-qarindoshlar, yor-oshnalar shu yerda xizmat qilishsin. Har ikkala tomondan aytilgan odamlar tabrik va sovg‘a-salom bilan shu yerga kelishsin. (O‘rni kelganda shuni aytib qo‘yaylik: to‘yda hol-baqudrat to‘yona bilan kelish yaxshi, bu narsalar kelin bilan kuyovga to‘yni, jamoatchilikni uzoq vaqt eslatib turadi, lekin dasturxon ko‘tarib kelib dasturxon olib ketishdek chirib ketgan odatga barham berish kerak.)

Odamlar yig‘ilgandan keyin to‘yboshi hammani stolga taklif qilsin. Kelin bilan kuyov, qudalar boshqa yaqin kishilar bilan to‘rdan joy olishsin. To‘y marosimini yigit bilan qizning (qudalarning emas) salmog‘iga qarab mahalliy hukumat boshlig‘i, o‘rinbosari, mas’ul xodimlardan biri ochsin. Shundan keyin muzika sadosi ostida ZAGS mudiri nikohni qayd etsin. Qayd davomida kelin bilan kuyov gullarga, rang-barang qog‘oz lenta va pistonlarga ko‘mib tashlansin, mushakbozlik bo‘lsin, kelin bilan kuyovning oti yozilgan «fonus» o‘chirilsin. Marosim tugagandan keyin yoshlar yor-yor aytib kelin bilan kuyovni kuzatib qo‘yishsin.

Yaxshi o‘tgan to‘y haqida mahalliy gazetalar axborot, qolaversa, taassurotlar, lavhalar bersin.

To‘y mana shundoq ulug‘lansa to‘y egalari mansub bo‘lgan kollektiv va butun jamoatchilik diqqat markaziga qo‘yilsa, yigit bilan qiz shundoq to‘yga munosib bo‘lishga harakat qiladi, to‘y ularning dilida va ongida chuqur iz qoldirib, oilaning mustahkam bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

Bu birovning xayoli emas, balki hayotning talabidir, chunki ko‘p joylarda shunga intilish bor. Respublika komsomol gazetasi «Yosh leninchi» ochgan munozara, boshqa gazetalarda tez-tez ko‘rinib qoladigan maqolalar, turli rayonlarda qilinayotgan tajribalar shuni ko‘rsatadi.

«Kommunist», «Kolxoz g‘alabasi» gazetalari Andijon oblastining Xartum, Teshiktosh, Xo‘jaobod qishloqlarida bo‘lib o‘tgan yangicha to‘ylarni maqtab, shulardan o‘rnak olishga chaqiradi. Klublarda o‘tgan mazkur to‘ylar faqat yangi oila va ularga yaqin kishilarning to‘yi emas, to‘y egalari mansub bo‘lgan butun kollektivning ham to‘yi bo‘lipti.

Bu taklifga ko‘pgina ota-onalar, ayniqsa, onalarning javobi tayyor: «Voy, uyimdan ilon chiqiptimi, nega bolaginamning to‘yginasi boshqa joyda bo‘lar ekan!» deyishadi. Mayli, bularga ham so‘z beraylik, bular ham o‘z fikrlarini gazeta sahifalarida aytishsin. Turli mulohazalar bilan bularga beixtiyor yon bosadigan yoshlarning ham so‘zini eshitaylik. Lekin shuni esdan chiqarmaslik kerakki, hech bir eski urf-odat shovqinsiz, yig‘isiz taslim bo‘lgan emas, hech bir yangilik daf’atan quchoq ochib qarshi olingani yo‘q. Paranji tashlash, savodsizlikni bitirish singari tadbirlar joriy qilingan choqlarda hatto qon to‘kilgan edi.

To‘yni qimmatga tushiradigan, ko‘pincha uning xunugini chiqaradigan bid’atlardan yana biri ichkilikdir. Men shaharda o‘tgan bir qancha to‘ylarning sarf-xarajatiga sarhisob soldim. Bu to‘ylarda bo‘lgan sarf-xarajatlarning 28—53 protsenti ichkilikka ketadi. To‘yni qimmatga tushirishi ustiga ichkilikning boshqa «fazilatlari» ham bor: birinchidan, ichkilik to‘yni ikkiga bo‘ladi, to‘y egasi qariyalarga alohida joy qilishga majburiyat sezadi, natijada qariyalar «katta to‘y»ning o‘yin-kulgisidan mahrum bo‘lishadi, ba’zan teskarisi bo‘ladi — xususan, qishloq joylarda to‘y egasi ichadigan odamlarni «katta to‘y»dan ajratib, ularga alohida joy qiladi, to‘yga ruh berishi, uni qizitishi mumkin bo‘lgan odamlar shu to‘pga kirib qolsa, «katta to‘y»dan fayz ketadi; ikkinchidan, ichkilik bo‘lgan to‘yda, «Yosh leninchi» aytganday, albatta «oshga tushgan pashshalar» bo‘ladi; uchinchidan, to‘yda ichkilik propaganda qilinadi: to‘y marosimini ochgan, undan keyin yoshlarga tilak tilagan eng hurmatli qishilar qadah ko‘tarib, tevarak-atrofni mo‘r-malahday bosib ketgan tomoshabin bolalarning ko‘z oldida hammaga ichiradi, shu bilan ichkilikka obro‘ tug‘dirib beradi, bolalarning ko‘zida ichkilik ichish ayb bo‘lmay qoladi. Holbuki, hukumatimiz, butun jamoatchilik ichkilikka qarshi choralar ko‘rayotipti: amerikankalar butkul yo‘qotildi, o‘tkir ichkiliklar hamma joyda sotila bermaydi, ichkilik ishlab chiqarish ko‘p hissa kamaytirildi, aroqxo‘r militsiya va xalq drujinachilarining dakkisiga, kollektivlarning ta’na-dashnomiga yo‘liqayotipti... Ichkilik ichishning ayb hisoblanmasligi mana shu chora va tadbirlarning kuchini kesadi, ichkilikbozlikka qarshi kurashga xalal beradi.

Ichkilikni to‘ydan quvib chiqarish to‘g‘risida har xil odamlar bilan fikr olishdim. Jizzaxlik ikkita kolxoz raisi iftixor bilan: «Biz ichkilikni to‘yga yo‘latmaymiz», deyishdi. Namanganning Shahand qishlog‘ida to‘yni ichkilik bilan bezash umuman rasm emas ekan. Shaharlik bir o‘qituvchi: «Ichkilik to‘ydagina emas, umuman hayotimizdan quvib chiqarilsa, juda olijanob ish bo‘lar edi, chunki, o‘g‘ri mol o‘g‘irlasa, ichkilik jon o‘g‘irlaydi, jamiyat a’zosini safdan chiqarib tashlaydi», dedi. Bu gapga safdan chiqib qolgan piyanistagina e’tiroz bildirishi mumkin.

Men bu gapni to‘y taraddudida yurgan bir studentga ham aytib ko‘rdim. Student bu taklifni darrov rad qildi: «To‘y qizimaydi, ta’ziyaga o‘xshab qoladi», dedi. Bu xavf sirtdan qaraganda asosli ko‘rinsa ham, aslida mutlaqo asosizdir: birinchidan, ichkilik ichilgandagina qiziydigan, ichkiliksiz ta’ziyaga o‘xshaydigan to‘y, to‘y emas; ikkinchidan, ichkilik hozir ham ba’zan ta’ziyaga kirib qolayotipti, nahotki ichkilik ta’ziyani qizitish, ta’ziyani to‘yga o‘xshatish uchun ichilsa! Men ichkilik oralagan uchta ta’ziyada bo‘ldim. Marhumni qabrga qo‘yib kelgan odamlar qadahlarni to‘ldirib, uning salomatligiga-ku emas, «yorqin xotirasiga» ichishmoqda edi. Shu ta’ziyalardan birida birov ashula aytib yubordi. Hamma xijolat. Hushyor odamlar: «Marhum shu ashulani yaxshi ko‘rar edi», deb odamlarni xijolatdan chiqarishga harakat qilishdi.

Ba’zan odamlar: «To‘yda ichkilik bo‘lsinu me’yorida bo‘lsin», deyishadi. Xo‘sh, bu «me’yor»ni kim belgilab beradi? Ta’ziyada ashula aytib yuborgan mastmi yo aroqxo‘rni o‘g‘ridan battar ko‘radigan boyagi o‘qituvchimi? Bordi-yu, o‘rta bir odam belgilaydigan bo‘lsa, o‘sha miqdorda ichkilik stolga qo‘yilgandan keyin choynaklarda «qo‘shimcha» ichkilik keltirilmasligiga, vaqt chog‘likni faqat shishadan topadigan odamlar o‘zi keltirgan shishani stolning tagida bo‘tatishmasligiga kim kafil bo‘ladi?

Ba’zilar to‘yda shampanskiyga yo‘l qo‘yilsin deyishadi. Bu taklif ham noma’qul, chunki birinchidan, shampanskiy boshqa hamma ichkiliklardan qimmatga tushadi; ikkinchidan, shampanskiy katta ichkilikka yo‘l ochib beradi, ichadigan odamlar kuni bo‘yi aroq ichishini xotinidan yashirish uchun har kuni ertalab uning o‘zidan bir ryumka aroq so‘rab oladigan aroqxo‘r qabilida ish ko‘raveradi.

Nasha chekish ayb, ko‘knor ichish uyat. Nima uchun ichkilik ichish ayb-uyat emas, nima uchun to‘yni ayb-uyatlikda har ikkisidan ham qolishmaydigan ichkilik bilan bezaymiz? Nasha bangilikka, ko‘knor-ko‘knorlikka eltib kishini odamgarchilikdan chiqaradi, deymiz, nima uchun piyanistani odam hisoblaymiz? Ichkilikning, masalan, ko‘knordan nima afzalligi bor? Ko‘knori ko‘knor ichib o‘g‘irlikka tushgani, odam o‘ldirgani ma’lum emas, lekin piyanistaning qilmagan jinoyati yo‘q-ku! Shumi ichkilikning boshqa bangilardan afzalligi!

Ichkilikni hozircha hayotdan butkul quvib chiqarish mumkin emas, chunki hozircha xalq orasida ichuvchilar bor ekan, ichkilik taqiq qilingan kundan boshlab ichuvchilar, ayniqsa, tekinxo‘rlar uyida xum qaynaydi. Lekin ichkilikni to‘ylarimizdan haydab chiqarish mumkin va zarur.

To‘yni ichkiliksiz ham obod qilish mumkin bo‘lgan san’at va hunarlarimiz ko‘p: ashula, yalla, lapar, hajviy ashula va o‘yin, raqs, tantsa, qiziqchilik, askiya, payrav, «bo‘lasizmi», «o‘xshatdim» chandish, laqab*, qofiyabozlik), xilma-xil, rang-barang mushak (qamish mushak, sim mushak, gardish mushak, guldasta mushak, charx mushak, baqa mushak) va hokazo...

Biz bu yerda to‘yni ulug‘vor va chiroyli qilib o‘tkazish, uni ortiqcha chiqimlardan bo‘shatish to‘g‘risida gapirdik. Ortiqcha chiqimlar faqat to‘ydagina emas, undan oldin va keyin o‘tadigan turli «to‘ychalarada ham bo‘ladi. Biz bu to‘g‘rilarda ham fikr olishib, yangicha to‘yning har jihatdan mukammal va go‘zal shaklini topishimiz kerak.

1963 yil

* «Sovet kishilariga laqab qo‘yish mumkin emas» degan da’vo jaholatdan va demogogiyadan boshqa narsa emas. Askiyada laqab ki-shini haqorat qilmaydi, balki so‘z musobaqasida bir vosita bo‘-ladi, xolos. Sahnada o‘g‘ri, poraxo‘r, ayiq, it, eshak qiyofasida chi-qadigan artistlar haqorat ostida qoldi, degan gap kimning xayo-liga kelishi mumkin?

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.