background
logotype

Erkin Vohidov. Qo‘shiq umri poyidor (1980)

Qadim zamonlardan she’riyat bilan musiqa bir onaning ikki egiz farzandi kabi o‘xshash va yaqin, bir zarvaraqning ikki sahifasi kabi tutash va bir butun bo‘lib kelgan. Hali kitobat san’ati dunyoga kelmagan zamonlarda, odamlar xarsang toshga shakllar chizib yurgan paytlarda xalqning dardi, armoni bo‘lgan she’riyat musiqa qanotida parvoz qilib yurgan.

Rudakiy va Hofizning, Navoiy va Fuzuliyning o‘lmas baytlari ham xalq orasiga qo‘shiq bo‘lib tarqalgan, qo‘shiq qanotida minglar, millionlar yuragiga kirib borgan.

Necha asrlar davomida sayqal topib kamolat cho‘qqisiga ko‘tarilgan she’riy va musiqiy san’atimiz merosini yig‘ish, o‘rganish, tartib berish benihoya olijanob vatanparvarlik mehnatidir.

Ulug‘ Navoiy o‘zigacha yashagan va o‘ziga zamondosh bo‘lgan shoirlarning baytlarini yig‘ib «Majolisun nafois» tuzdi va unutilishga mahkum bo‘lgan devonlarning ham durdonalarini olib avlodlar mulkiga aylantirdi.

Buyuk Sa’diy Sheroziy xalq donishmandligining nodir namunalariga o‘z iste’dodi shu’lasi bilan sayqal berib «Guliston» va «Bo‘ston»lar yaratdi.

Gyote, Pushkin, Lev Tolstoylar xalq og‘zaki ijodiyotining tengsiz bilgichlari va to‘plovchilari bo‘lganlar.

O‘zbek xalqining ulkan allomasi Yunus Rajabiyning musiqa san’ati borasida qilgan mehnati hech bir mubolag‘asiz buyuk ustozlar mehnati bilan barobar turadi.

Olim, san’atkor, musiqa arbobi Rajabiy o‘z nomini tirikligidayoq tariximiz sahifalarida qoldirdi.

San’atga baxsh umrning ajib mo‘‘jizasi bor,
U dunyoni tark etsa, undan dunyo qoladi.
Odam umri sarhadli, qo‘shiq umri poyidor,
Navosoz yuraklarda o‘lmas navo qoladi.

1980

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.