background
logotype

Erkin Vohidov. Sharq yulduzi (1984)

1954 yil. Sira yodimdan chiqmaydi. O‘shanda to‘qqizinchi sinf o‘quvchisi edim. Mening ilk she’riy mashqlarimdan biri «MGUga» nomi bilan «Sharq yulduzi»da bosilib chiqdi. O‘sha kunlardagi quvonchimni ta’riflashga so‘z kamlik qiladi. Sinfdoshlarim, to‘garakdoshlarim oldida gerdayib yurganlarim, jurnal sotilayotgan do‘konlar oldidan ketolmay turganlarim, men bilan so‘rashgan har bir kagta-kichikning og‘zini poylaganim, «she’ringni o‘qidim», degan so‘zini eshitganda ich-ichimdan yayraganimni esdan chiqarolmayman. Xayolimda o‘sha kunlarda hamma mening she’rimni o‘qir, u bilan yashar edi.

Minglab shogirdlarin sevib, ardoqlab,
Fan qo‘yniga chorlab, keng ochib bag‘rin,
Leninskie Gorida azamat tog‘day
MGU bulutlarga bo‘y cho‘zmish mag‘rur.

Hozir o‘ylasam, bu andak ibtidoiy, andak balandparvoz, lekin yosh yurakning sodda va samimiy xayollarini ifoda qilgan she’r mening adabiyotga qo‘ygan birinchi qadamim ekan.

Menga maktab miqyosidagi shuhrat bilan birga qalam haqi hisobidan «Komsomolets» fotoapparati, «qurbaqa» peroli avtoruchka hadya etgan ilk qadam — «Sharq yulduzi» bilan ilk avtorlik tanishuvim shunday bo‘lgan.

1960 yil. Toshkent Davlat universitetining so‘nggi kursida o‘qib turgan vaqtimda «Sharq yulduzi»da «Buyuk hayot tongi» nomli dostonim bosildi.

Bu hodisa hayotimda unutilmas yangi sahifa ochdi. O‘sha kunlarda «Sovet O‘zbekistoni»da shoir Turob To‘laning «Sharq yulduzi»ni varaqlab» maqolasi bosildi. Nomdor shoir bir student bolaning ilk dostoniga katta qalb egasiga xos tantilik bilan yuksak baho berdi.

Mana bugun oradan ko‘p yillar o‘tib xayol qilsam, «Sharq yulduzi» — men uchun ham beshik, ham dorilfunun bo‘libdi. Shu aziz va qadrdon jurnal sahifalarida G‘afur G‘ulomdan tortib to Abdulla Oripovgacha, Oybekdan tortib O‘tkir Hoshimovgacha, ustozlarim, do‘stlarim ijodidan bahramand bo‘ldim, shu muborak sahifalar necha avlod o‘zbek ijodkorlari qatori mening tengdoshlarim uchun ham mushoira, mubohasa maydoni bo‘ldi.

Bugunda «Sharq yulduzi» «Yoshlik» jurnali timsolida o‘zining — «ukasiga» ega. Barcha yoshlarning umidi shuki «uka» ham «aka»ga munosib, elga sevimli jurnal bo‘ladi.

Qadrdon jurnalimiz qutlug‘ yoshga to‘lgan kunda shogirdlik ta’zimi va minnatdorligi bilan shunday degim keladi:

— «Sharq yulduzi» — sen bizning ko‘z tikkan yulduzimizsan. Doimo baland bo‘l, doimo yorug‘ bo‘l. Ijod ufqida hamisha balqib tur. Lekin yosh shoir, yozuvchilarga yulduz qadar yiroq bo‘lma. Uzing yulduz bo‘lsang ham, bag‘ring osmon, mehring oftob bo‘lsin.

1984

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.