background
logotype

Erkin Vohidov. Ustoz bilan vidolashuv (1981)

Ulkan, ehtirosli shoirning yoniq yuragi urishdan to‘xtadi. Kuni kecha bizning oramizda bo‘lgan, dilbar suhbati bilan, tunda yozgan yangi she’ri bilan dillarni yayratgan, o‘zining borligi, salobati bilan davralarga fayz berib turgan ustoz bir lahzada tarixga aylandi qoldi.

Aql bovar qilmaydi, ko‘ngil ko‘nikolmaydi, nashriyot xonalarida, redaktsiya yo‘laklarida qo‘limizni mahkam siqib, samimiyat to‘la ko‘zlarini tikib «omonmisan, bo‘tam» deydigan, tonglarda telefon qilib, «kecha gazetadagi she’ringni o‘qidim», deb gap boshlaydigan mehribon bir insonning endi yo‘qligiga ishongimiz kelmaydi.

Bu zamin ulug‘ odamlarny ko‘p yaratgan, yana ko‘p yaratadi. Lekin shoir Mirtemir qaytib kelmaydi. Inson Mirtemir ham. Chunki ustoz betakror bir siymo edi, betakror nafasga ega bo‘lgan shoir va zarshunos edi.

Mirtemir adabiyotga juda erta kirib kelgan, o‘n yettiga to‘lib-to‘lmagan yoshida sochma she’rlari to‘plami bilan shuhrat topgan shoir edi. Umrining oxirigacha yoshlik ehtirosi, yoniqligi uni tark etmadi. «Qoraqalpoq daftari»ning mutoyibaga boy satrlari, «Yengajon» kabi sho‘x she’rlari bitilganda Mirtemir zabardast shoir bo‘lgan. Yoshlik intilishi, izlanishi shoirni so‘nggi nafasgacha tark etmadi.

Esimda, biz institut talabalari edik. Marhum Xayriddin, Yusuf, Sayyor, To‘lqin, Husniddin Sharipov, Aziz Abdurazzoqlar Yozuvchilar Soyuzi qoshidagi yoshlar seminariga qatnashar edik. Domla Mirtemir seminar olib borar edi. Biz har bir mashg‘ulotdan dunyo-dunyo taassurotga to‘lib, ustoz suhbatlari, o‘gitlaridan bahramand bo‘lib qaytar edik. Oradan yigirma yilcha vaqt o‘tib, o‘tgan yil boshlarida ustoz yoshlar seminarining bir mashg‘ulotini boshqardi. Domla shamollagan, betob edi. Dam-badam issiq choy, dori ichib turar edi. Shunga qaramasdan yoshlarni noumid qilgisi kelmay mashg‘ulotga keldi va oxirigacha uni boshqardi, hayotiy va ijodiy tajribalaridan eng ibratli lavhalarni gapirib berdi, she’riyatning nozik sirlari bilan yoshlarni oshno qildi.

O‘shanda men shoirning fidoyiligiga, kuyunchakligiga, yoshlarga, demakki adabiyotimizning kelajagiga umidi, muhabbati va ishonchiga qarab havas qilgan edim.

Ustoz Mirtemir yurak mehrini, otashini so‘nggigacha yoshlarga berib ketdi.

Na oltin, na javohir edim,
Armonli bir yosh shoir edim.
Zuhro bo‘lmasang-da husnda,
Men ishqingda naq Tohir edim.

Bu misralarning o‘zi Mirtemirning kaft ustida turgan yuragini, yoniq ehtirosini, samimiyat to‘la shoirligini namoyon qilib turibdi.

Ustozdan bizga boy va sermazmun meros qoldi. Bu — tom-tom she’rlar, dostonlar. Bu — o‘zbek tilida so‘zlagan Pushkin, Nekrasov, Shevchenko, bu — ulkan qirg‘iz eposi «Manas»ning o‘zbekchasi, bu — daftar-daftar yozishmalar, risolalar, nutqlar... Ular qog‘ozda qolmaydigan, biz bilan yashaydigan, kunda kunimizga yaraydigan boyligimiz.

Pushkinning «Proshay, svobodnaya stixiya» satrini ustoz «Alvido, qudratli asov g‘alayon» deb tarjima qilgan edi. Shoir Mirtemir — hayotda sokin va mayin inson bo‘lsa-da, yuragida she’riyatning qudratli asov g‘alayoni yashar edi. Bugun ustoz bilan vidolashib «Alvido, qudratli asov g‘alayon», deymiz va bu qudratli she’riyatining bizga umrbod hamroh bo‘lib qolishiga ishonamiz.

1981

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.