background
logotype

G‘afur G‘ulom. Mening yarim asrlik do‘stim (1965)

Men Oybek bilan juda yoshlikdan, ostona hatlab ko‘chaga chiqa boshlagan kundan o‘rtoqman. Mahallamiz bir-biriga yaqin edi. Anhorda, Eshvali akaning qo‘sh objuvozijoylashgan yerning quyirog‘ida, Opar tarnovda butun yaqin mahallalarning bolalari ichida men ham, Oybek ham birga cho‘milardik. Yoni-beri allof, aravakash, bozorchilarning otlarini cho‘miltirib berardik. Oqshomlari o‘g‘il-qiz bolalar yig‘ilib, mindi-mindi, qushim boshi, botmon-botmon, oq terakmi-ko‘k terak, bekinmachoq o‘yinlarini birga-birga o‘ynardik. Oybek Degrez maktabida, men Qo‘rg‘ontegi maktabida boshlang‘ich eski tahsilni oldik. Keyin u «Namuna» maktabiga, men «Hayot» maktabiga kirdim. Bu maktabdan keyin Oybek Leningradga o‘qishga ketdi, men muallimlik qila boshladim. 1924-25-26 yillarda men maorif komsomollari yacheykasiiing sekretari edim. Oybek bizning yacheyka hisobida edi, vznosni menga to‘lardi. Oybek ruschaga usta bo‘lib ketdi, men no‘noq edim, havasim kelar edi. Oybek she’rlar yoza boshlaganda birinchi she’ri maorif komsomollar yacheykasining devoriy gazetasida bosilgan. Taxminan «O‘zbek qiziga» deb atalgan bo‘lsa kerak.

«Mo‘ralama, hoy yosh qiz,
Eshiging tirqishidan,
Borliq kularmi sensiz,
Chiq endi uy ichidan!»,—

deb boshlanardi u.

Birinchi kitoblarimiz chiqdi. Shundan buyon har yili Oybekning bir-ikki yangi kitobi chiqib turadi, kaminaniki ham. Bora-bora xalqimiz o‘rtasida tanilgan, e’tirof qilingan e’tiborli yozuvchilar bo‘lib qoldik. Qirq to‘rtinchi yili bir kunda bab-baravar O‘zbekiston Fanlar akademiyasiga haqiqiy a’zo bo‘lib saylandik. Bu satrlarni o‘qib, Oybek to‘g‘risida yozmoqchi bo‘lgan G‘afur aka, hadeb nega o‘zini qistiraverdi ekan, demang. Taqdirimiz shunday keldi. Ikki g‘arib mahalladan chiqqan ikki g‘arib yigit shunday voyaga yetdik.

Oldinma-ketin laureat bo‘ldik. Ammo tan berib aytish kerakki, Oybek g‘oyatda bardoshli, quntli, zahmatkash ijodkordir.

Oybekning serhosil, o‘tkir ijodkorligini bizning adabiyot tarixida kimga o‘xshatish mumkin?

Oybekni o‘ziga, Oybekka o‘xshatish mumkin.

Asarlarini o‘qib ulgurolmaysan, yangi bir asar bilan «mana man» deb, ro‘parangda tabassum qilib turadi.

Qanday yaxshi, yaxshi...

Men 50 yildan ortiqroq birga-birga o‘sib, kamolga yetgan aziz do‘stim bilan yana shuncha yillar sihat-salomatlikda diydor ko‘rishib turishni orzu qilaman.

“Sharq yulduzi”, 1965 yil 9-son

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.