background
logotype

G‘afur G‘ulom. Shoir ayblaydi (1949)

Furqatning Hindistondan yozgan xatlari

Men yirik shoirimiz Muhammad Zokirjon Furqat to‘g‘risida ba’zi narsalar yozish niyatidaman. Tunov kuni mo‘ysafid kitobxon Mulla Mo‘minjondan Furqat to‘g‘risida yangi materiallar topib berishini iltimos qildim. U menga «Turkiston viloyatining gazeti»ning (ma’lumki, bu gazeta o‘zbek tilidagi birinchi bosma gazetadir) sahifalarida bosilgan uch xabarni olib kelib berdi.

Men bu xabarlarni ilgari ko‘rmagan ekanman. Holbuki, ular Furqatning faoliyati haqidagi fikrlarni to‘ldirish uchun juda zarur bo‘lgan materiallardandir. Furqat haqida maxsus maqola yozgan yo kitob chiqargan o‘rtoqlarim ham ulardan bexabar bo‘lsalar kerakki, bu muhim xabarlar haqida bir og‘iz ham gapirmaganlar.

Har uch maqola «Turkiston viloyatining gazeti»ning 1897 yil 28 noyabrdagi 45- sonining 6- va 7-sahifalarida bosilgan.

Ma’rifatparvar va gumanist shoirlarimizdan bo‘lgan Furqat mazlum, bechora, himoyasiz hind va afg‘on xalqining ingliz zulmi ostida qattiq jabru jafo chekkanini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, shu xabarlarni yozgan ekan:

«...Alhol jamoaiy afg‘oniyaning bu tariqa hujumi xavfidin Jilim daryosining kanorasig‘a hisobsiz anglis lashkari ko‘p to‘pxona birla kelib yotibdur. Malankan degan mavzeda o‘n ming chog‘lik afg‘on xalqi birlan anglis lashkari orasida muhoriba bo‘lib, afg‘on xalqi shikast topgan vaqtda, afg‘on xotinlari erlari qo‘lidan urush asboblarini olib, yakbora o‘zlarini anglis lashkarig‘a urib, bir yarim soatda anglislarg‘a shikast beribdirlar...»

Furqat yozgan ikkinchi xabar:

«...Va yana Kalkuttadan axbor qilurmankim:

...Va digar Hindiston viloyatlarida musulmonlar bilan hindilar orasida xusumat paydo bo‘lib erkan. Bu xusumatning musabbibi anglislar erkan.

Va yana xabar berurlarki, musulmonlarning yosh bolalari nogohdan kasal bo‘lib o‘libdirlar. Tafaxxus qilsalar, London shahridin kelgan halvolarning ichig‘a zahar qo‘shilg‘an erkan...»

Furqat yozgan uchinchi xabar:

«...Va yana Bilujiston birla anglis orasida muhoriba borib turibdur.

Bilujiston taraflaridin ko‘p odamlar har kun kelib Suvot xalqig‘a qo‘shilub turadirlar. Bu muhoriba qilg‘an afg‘onlarg‘a ta’yin bo‘lg‘an mavojib yo‘qdir. Har kim o‘z avqatini o‘zi olib kelib muhoriba qiladir. Ozuqlari tugagan odam ketib, o‘rnig‘a yangidin ozuqi bor kishilar keladir. Ozuqi tugaguncha muhoriba qilib, o‘rniga yana yangi odamlar kelib, bular ketadirlar. Valhosil, kundin-kung‘a odam ko‘payib turadir».

Ya’ni ustod shoirimiz Furqat xabar beradi:

1. Afg‘ondek kichkinagina xalqqa qarshi inglizlar askar yuborib, bosqinchilik qilgan.

2. Ular xaritada ham ko‘rinmaydigan bilujiylar ustiga bostirib kelganlar.

3. Mustamlakachi inglizlar hind xalqining naslini quritish uchun Londondan Hindistonga halvo deb zahar blib kelganlar.

Furqatning yuqoridagi so‘zlari hali ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. Chunki ular hozirgi kunda bizning ko‘z o‘ngimizda bo‘layotgan ba’zi voqealarni to‘laroq izohlashga ham yordam beradilar.

Bu xabarlar inglizlar Sharqqa madaniyat tarqatish uchun kelganlar, degan soxta targ‘ibotning misini chiqaradi. Bu hujjatlar yana Sharq mamlakatlarining xalqlari o‘z vatanlariga yovuz niyatlar bilan bosqinchilik qilib kelgan inglizlarga qarshi tinmay kurashganliklaridan darak beradi.

Ikkinchi xabarda Hindiston viloyatlarida musulmonlar bilan hindilar orasida paydo bo‘lgan nizolarning sababchisi sifatida inglizlar ko‘rsatiladi. Bu xabar bundan roppa-rosa 52 yil ilgari yozilgan, lekin hozir ham ingliz imperializmining bu mamlakatga nisbatan olib borayotgan jirkanch siyosatini fosh qiladi. Shu satrlar yozilgan davr bilan bizning kunlarimizgacha bo‘lgan yarim asrdan ortiqroq vaqt ichida sodir bo‘lgan voqealarni eslaylik. Hindiston xalqlarining ingliz bosqinchiligiga qarshi yuqoridagi xabarlarda ham qayd qilingan nafrati kun sayin kuchaya bordi. Hind xalqining mustamlakachilik zulmiga qarshi kurashidan, uning milliy ozodlik harakatlaridan qo‘rqqan Angliya va Amerika imperialistlari Hindistondagi musulmonlar bilan hindlar orasiga nizo va dushmanlik solib, ularni bir-birini qirishga zo‘r berib undadi va shunga urinib kel-moqda.

Uzoq vaqtlardan beri olib borilgan bu siyosat natijasida millionlab aldangan va bechora hindlar o‘ldi, xonavayron bo‘ldi, ingliz bosqinchilar esa bundan manfaat topib keldi. Bu yirtqichlar o‘zlarining «bo‘lib tashla va hukmronlik qil» degan vahshiy printsiplarini amalga oshirib, bir qancha millionlarcha mustamlaka xalqlarini allaqachonlardan beri qon qaqshatib kelmoqda.

Furqat yozgan xabarlar imperialistlarning turli xalqlar o‘rtasiga nizolar solish nayrangi, u mamlakatlarning begunoh aholisini qirishda qo‘llanayotgan jirkanch usullari avvallardan borligini va amalga oshirilib kelayotganligini ko‘rsatuvchi tarixiy hujjatlardandir. Shuning uchun imperializm ustidan bo‘lajak sudda ulug‘ shoirimiz Muhammad Zokirjon Furqat ham qoralovchisifatida qatnashajak.

Kelasi maqolachamizda Furqatning rus askarining fazilati haqida yozgan «Ofarin» sarlavhali asari to‘g‘risida so‘zlanajakki, bu asar ham yangi topilgan, u ham «Turkiston viloyatining gazeti»da chop qilingan ekan.

“Sharq yulduzi”, 1949 yil, 11-son

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.