background
logotype

G‘afur G‘ulom. Yozuvchilik mahoratini tinmay takomillashtirib boring (1954)

O‘rtoqlar!

Biz bugun bu yerga Butunittifoq sovet yozuvchilarining ikkinchi s’ezdi arafasida yig‘ilib turibmiz. Birinchi s’ezddan hozirgacha o‘tgan yigirma yildan mo‘lroq bir muddat ichida mamlakatimiz, mamlakatimiz xalqlari o‘z boshlaridan bir butun tarix desa bo‘laturgan muhim voqealarni kechirdilar. Ulug‘ Vatan urushigacha osoyishta hayot, qurilish, o‘sish yillari, qariyb (yilma-yiliga) besh yilga cho‘zilgan, oqibati bizning shonli g‘alabamiz bilan tamomlangan Vatan urushi yillari va undan so‘nggi tinch qurilish yillari, beshinchi beshyillik sovet yozuvchilarining kattadir-kichikdir, turli-tuman janrlardagi asarlarida, ushbu bosib o‘tilgan yillarning tarixlari va hujjatlari sifatida qayd qilindilar va adabiyot xazinamizning oltin fondlari bo‘lib qoldilar.

Yillar o‘ta berar ekan, yil sayin umrlarga ham bir yoshdan qo‘shila berar ekan. Birinchi s’ezd yili navqiron yoshda bo‘lgan yozuvchi bukun ellik bir yoshga kirib o‘ltiribdi. Yoxud o‘sha yili ikkinchi klassda bo‘lgan bola bugun o‘ttiz yoshdagi navqiron yozuvchidir. Agar birinchi s’ezd yili biror yozuvchining yoshi ellikda bo‘lgan bo‘lsa (bundaylar juda ko‘p edi), bugun u yetmish birda bo‘ladi, yoxud shu muddat ichida oramizdan bir sabab bilan yo‘qolganlar, o‘lganlar sanog‘ida bo‘ladi. Qaysi sohada bo‘lmasin, kishilar qarir ekan, o‘lar ekan. Charchab, safdan chiqar ekan, ammo ularning o‘rnini nasllar to‘ldirib borishi tabiiy ekan.

Birinchi s’ezddan haligacha sovet yozuvchilari safidan talay kishilar o‘z tabiiy umrlari bilan o‘ldilar, bir qanchalari Vatan urushi frontlarida qahramonlarcha jon berdilar, bir qismlari charchab, boshqa sabablar bilan safdan chiqdilar. Ammo bu yo‘qotuvlarning o‘rni ikki-uch marotaba ziyodasi bilan to‘ldi. Sovet yozuvchilarining safi ketganlarga nisbatan yana ham talantliroq, yana ham olimroq, yana ham mahsuldorroq, pok vijdonli, Vatanimiz, xalqimizga sodiq, ajoyib kadrlar bilan to‘ldi. Bular xalqimizning kundan-kunga o‘sib borayotgan kitobxonlik talabini mumkin qadar qondirishga intilmoqdalar.

Sovet yozuvchilari otryadining ajralmas bir qismi bo‘lgan o‘zbek sovet yozuvchilari ham shu do‘stona oilada hamisha o‘z hissalari bilan ishtirok qilib keldilar va keladilar. Yigirma yillik muddat ichida o‘zbek sovet yozuvchilarining qatori o‘nlab talantli, ishsevar va mahoratli yosh yozuvchilar bilan to‘ldi. O‘zbek sovet adabiyoti xazinasi katta-kichik, qari-yosh yozuvchilarimizning asarlari bilan boyib bormoqda. Barcha qardosh respublikalar adabiyotlari singari o‘zbek sovet adabiyoti ham kundan-kun rivojlanmoqda. O‘zbek sovet shoirlari, dramaturglari va prozaiklari shaklan milliy adabiyotimiz taraqqiyoti uchun tinmay xizmat qilmoqdalar. 1951 yil kuzida Moskvada bo‘lib o‘tgan dekada o‘zbek sovet adabiyoti va san’atida qo‘lga kiritgan yutuqlarimizning namoyishi bo‘ldi. Ilg‘or rus va qardosh respublikalar adabiyotlari, shu bilan birga o‘zbek sovet adabiyotidagi yozuvchilarning eng yaxshi asarlari yosh yozuvchilarimizning ijodiy o‘sib-unishlari uchun o‘rnak bo‘lmoqda. O‘zbek sovet adabiyotida hali yetarli bo‘lmasa ham, o‘rnak bo‘larli ijobiy qahramonlarning obrazlari yaratildi. Yosh yozuvchilarimiz ham sovet kishisining obrazini yaratib berish uchun kurashib, ba’zi bir yutuqlarni qo‘lga kiritdilar. Jonli, kundan-kunga o‘zgarib borayotgan, fidokorona xizmat qilayotgan sovet kishilarining bir-birlari bilan bo‘lgan munosabatlari, ruhiy kechinmalari yosh yozuvchilarimizning ham asarlarida o‘z ifodasini topmoqda.

Bu gaplarning hammasi durust. Ustdan qarasak, xotirjam bo‘lsa bo‘la beradigan. Haqiqatda esa gap bunday emas. Hali aytganimday, umr o‘tib borayotibdi. Garchand ellik-ellik besh yoshda bizning zamonamizda hech kim o‘zini qarib qoldim, charchadim, deb chetga tortishga haqqi yo‘q. Bu yosh ijodkor uchun ayni mahsul beradigan, unumli yillar hisoblanadi. Ijodkorning aqli tingan, falsafiy dunyoga qarashi o‘tkirlashgan, tajribalar xazinasiga aylangan ustodlik yillari boshlanadi. Jahon adabiyotida bo‘lsin, ulug‘ rus adabiyotida, Sharq adabiyotida bo‘lsin yozuvchilar o‘zlarining eng noyob, mashhur asarlarini shu yoshlarda, qirq-ellik o‘rtasi, ellik-oltmish o‘rtasida yozganlar. Demak, birinchi bo‘g‘in deb ataluvchi bizning yoshimizdagi yozuvchilardan endi ijodiy yetuk, xalqimiz, Vatanimiz sha’niga yarasha munosib asarlarni kutamiz. O‘zbek yozuvchilaridan bir guruhi: Oybek, Uyg‘un, Sobir Abdulla, Nazir Safarov, Yashin, Abdulla Qahhor va boshqalar bugun emas, ertaga ellik yoshga to‘ladilar. Bulardan ko‘pchiligi 1905 yilda tug‘ilgan. Bularning ayni yirik, to‘laqonli, barkamol yozaturgan yillari yetdi. Bular yozib beradilar, bunga ishonchimiz komil. Xo‘sh, yana o‘n yil o‘tgandan so‘ng nima bo‘ladi? Bular axir oltmishga kiradilar-ku! Qarilik boshlanmasmikan, charchamasmikanlar? Bularning orqalaridan, izlaridan yetib kelayotgan yoshlar bormi, boring-chi, shogirdlari bormi? Yoxud shu orqamizdan iz quvib kelayotgan yosh yozuvchilarimiz, o‘z ijodiy saviyalari bilan, bilimlari bilan, dunyoga qarashlarining chuqurligi bilan kundan-kun o‘sib borayotgan xalqimizning talablariga javob bera oladilarmi?

Avval shuni aytish kerakki, bizda yosh yozuvchilar otryadi yetarli darajada bo‘lishiga qaramay, ularning o‘sib unishi, kamol topishi, o‘z hunarining egasi bo‘lib yetishishi uchun qilayotgan rahbarligimiz, tarbiya ishimiz, tanqidiy yo‘llanma ishimiz qanoatlanurli emas. Istasin O‘zbekiston Yezuvchilar soyuzi bo‘lsin, istasin redaktsiyalarimiz, istasin ayrim katta yozuvchilarimiz bo‘lsin, bu ishda astoydil jon kuydirib ishlaganlari yo‘q. Shuni ham aytish kerakki, yosh yozuvchilarimiz faqat tama’girgina bo‘lib qolmay, o‘z-o‘zlarini ham tarbiya qilishlari kerak. Yozuvchilar soyuzi har yili bir-ikki marotaba mana shunday kengashlar chaqirib qo‘ya qolish bilan qanoatlanib keladi. Ilgari soyuzda uchta konsultant bor edi, bular 1700 so‘mdan moyana olib, o‘z tuxum po‘chog‘ini yorib chiqolmagan jo‘jalarday, soyuzdan tashqari bormay, konsultatsiya berar edilar, lekin bularning shuncha uzoq muddatli konsultatsion faoliyatlari natijasida yoshlarning biror asari ro‘yobga chiqqan emas. Hozir bu shtat olti kishiga ko‘paygan. Lekin ishonamizki, bu yangi konsultantlar eski tajribani davom qildirmasalar kerak. Ular oblast va rayonlarga marhamat qilib, yosh yozuvchilarimiz bilan mustahkam aloqada bo‘ladilar va ularning tarbiyasi, o‘sishi uchun mumkin qadar musbat va foydali yordamlar beradilar. Haligacha soyuz faqatgina Toshkent shahridagi yosh yozuvchilargagina, unda ham yoshlarning o‘zi bosh urib kelganda, uncha-muncha yordam beradi. Ayrim oblastlarda, ayrim rayonlarda kimlar boru nimalar ijod qilayotir — juda kam biladi. Masalan, Samarqandda UzGU atrofida, Andijonda O‘qituvchilar instituti va gazeta atrofida, Farg‘onada GPI va gazeta atrofida, Xorazmda va boshqa yerlarda qanday yosh yozuvchilar bor, ular nimalar yozadi, kelajakda shu yigitdan yoki qizdan yaxshi yozuvchi chiqadimi, yo‘qmi — aniq bilmaydi. Yoshlarimizning bevosita o‘z organlari bo‘lgan «Yosh Leninchi», «Komsomolets Uzbekistana», «Lenin uchquni» gazetalarida ahyonda-ahyonda ko‘zga chalinib qolaturgan yarim tanqidiy, yarim taqriz, yarim ilmiy maqolachalarni hisobga olmaganda, yosh yozuvchilarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarbiya berilmaydi. Ma’lumdirki, yosh yozuvchilar o‘z yozgan asarlarini birinchi navbatda gazeta va jurnallarga yuboradilar. Va bu asarlarning bosilib chiqishini juda muntazirlik bilan kutadilar. Birinchi asar bosilib chiqqanda avtorning ruhida qanchalik g‘urur, shodlik paydo bo‘lishini hammamiz bilamiz-ku. Redaktsiyalarga har kuni yuzlab paketlar keladi. Bulardan kattagina kismi yosh yozuvchilardan, havaskorlardan kelgan asarlar bo‘ladi. Albatta bu asarlarning hammasi ham to‘laqonli badiiy asar bo‘lavermaydi, ya’ni hammasi ham bosila bermaydi. Demak, bosilmayturgan asarlarning avtorlariga nima uchun bosilmaganlik sababini to‘la, qoniqarli dalillar bilan yozib yuborish kerak. Redaktsiyalarda bunday xatlar juda ko‘p bo‘lganidan, hammasiga javob yozish uchun juda ko‘p vaqt talab qilinganidan yoki javob yozuvchi adabiy xodim xatlar egasidan saviya jihatidan quyi turganidan ko‘pincha trafaret — bir xildagi javoblar yoziladi. Yoki «Qirqiga bir qozon», deganday, yigirma-o‘ttiz asarni birvarakay yig‘ishtirib obzor yoziladi. Chunonchi, «Yosh Leninchi» gazetasida 1954 yilda 11 obzor yozildi. Shulardan 26 noyabrdagi «Poeziyamizning xususiyatlarini mukammal o‘rganish kerak» degan obzorda birdaniga 23 she’rga baho qo‘yilgan. Albatta, bu tartibdagi ish usulini biz yosh yozuvchilarga berilayotgan tarbiya deb ayta olmaymiz. Afsuski, bu hol birgina yoshlar gazetasida emas, katta gazetalarimizda ham shundayroq.

Endi katta yoshdagi, tajriba ko‘rgan yozuvchilarimizning yosh yozuvchilar bilan bo‘lgan munosabatlari, yoshlarga beraturgan tarbiyalari, o‘z bilganlarini o‘rgatishlari, ijodiy muvaffaqiyatlarini o‘rtoqlashuvlarini olsak, bu juda qoniqarsiz. Men hali o‘z tengdoshlarimdan: «Falon yosh yozuvchini tarbiya qilayotirman, falonchi mening shogirdim», degan xushvaqt xabarni eshitishga muyassar bo‘lganim yo‘ts. Agar men o‘z tengdosh o‘rtoqlarimga bu ginaxonligim bilan chakki aytayotgan bo‘lsam, ular shu minbardan chiqib, yuu sohada qilgan xizmatlarini sanab, meni uyaltirarlar. Ko‘pincha ular yoshlardan kelgan xatlarga ham javob bermasalar kerak. To‘g‘ri, ayniqsa kichik yoshdagi havaskorlar juda serxat bo‘ladilar. Bular ko‘pincha 5- bilan 8-sinf o‘rtasidagi bolalar. Agar uning xatiga javob yozsang, asariga konsultatsiya bersang, bir o‘ylab qaraganda to‘g‘ri bo‘lmaydi. Ya’ni u bola: «Men falonchi yozuvchi bilan xatlashib turaman, o‘zim ham yaxshigina yozuvchiman», degan g‘urur bilan o‘z o‘qishiga beparvo bo‘lib qolishi, es-hushi «baytu g‘azal»da bo‘lib qolishi mumkin. Yoki yozilgan shu xatni sinfdoshlariga birma-bir ko‘rsatib chiqib, maqtanadi, navbatda esa sinfdagi yana bir necha bolalar ham yozuvchiga xat yozadilar, — xullasi, bu ish, menimcha, albatta tarbiyaviy-pedagogik nuqtai nazardan to‘g‘ri bo‘lmasa kerak.

Xullas, keksa deb atalgan yozuvchilarimiz yosh yozuvchilarning ijodi bilan, kamolga yetishi bilan, tarbiyasi bilan kam shug‘ullanadilar. Yozuvchilarimiz safini yosh kadrlar yana ham to‘ldirishi lozim bo‘lgan shunday jiddiy bir paytda yetuk yozuvchilarimiz ustozlik rolini mustahkamroq o‘ynashlari kerak.

Bundan buyon yosh yozuvchilar bilan bo‘laturgan munosabatlarni bu xildagi kengashlar tarzida emas, balki seminarlar, umumiy konsultatsiyalar tarzida o‘tkazilsa, durust bo‘lar. Yoki bir necha yosh yozuvchining ijodiga bag‘ishlangan fikr olishuvlarmi, yoki biror keksa yozuvchining o‘z yjodiy yo‘li to‘g‘risidagi bayonimi, yoki bir necha adabiyotshunoslarning turli janr va turli masalalar yuzasidan bir qator lektsiyalarni uyushtirishmi, — har holda, endigi tarbiyaviy ishlarning shaklini Yozuvchilar soyuzi komsomol Markazkomi bilan birlikda redaktsiyalar ishtiroki bilan ishlab chiqar.

Bu xildagi tarbiyaviy tadbirlar faqatgina Toshkent shahrining o‘zida emas, balki oblastlarda, rayonlarda ham o‘tkazilsa yaxshi. Katta yozuvchilar o‘sha tomonlarga borsinlar. Lektsiyalar o‘qisinlar, kechalar uyushtirsinlar, ta’lim bersinlar.

Endi yosh yozuvchilarning o‘z-o‘zlarini tarbiya qilishlari to‘g‘risida.

Bizning yoshdagi yozuvchilarning, ya’ni katta yozuvchilar deb ataluvchilarning aksariyati deyarli oliy ma’lumotga ham ega emasdir. Chunki biz qalam ushlagan yillari — Sovet davlati endigina qaddini rostlab kelar edi. Birinchi jahon urushi, undan keyin ichki urushlar, bosmachilik, ocharchilik, buzg‘unliklarning falokat ikir-chikirlari mamlakatimiz boshidan endigina arib kelar edi. Sotsial hayotimizning hamma sohasida ham, shu qatori adabiyotda ham kadrlarga tanqislik juda katta edi. Biz esa bilganimizni yozar edik. Hozir bundan o‘ttiz yil ilgari yozgan narsalarimizni (jo‘rttaga asar deb atayotganim yo‘q) o‘qib, o‘z saviyamizning pastligidan kulamiz. To‘g‘ri, juda jo‘n gaplar edi. O‘sha topda o‘quvchining saviyasi ham biznikidan yuqori bo‘lmagani uchun: «Asar ekan, xo‘p yozibdi-da», deb o‘qiy berardi.

Siz yosh do‘stlarning ijodiy yo‘lga kirgan zamonangiz tamoman boshqacha. Siz injener deb atalguday oddiy ishchilarning, agronomdan ma’lumotli kolxozchilarning, fan kandidatlari, fan doktorlari bo‘lgan intelligentsiyaning shoir va adiblari bo‘lasizlar. Demak, siz yosh yozuvchilarimizning bilimlari o‘z o‘quvchilaridan tubanda bo‘lmasligi kerak. Men-ku, oliy ma’lumoti bo‘lmagan kishi yozuvchi bo‘la olmaydi, demoqchi emasman; ammo oliy ma’lumotsiz, oliy darajada jahonga qarashni bilmay turib, qanday qilib ham yozuvchi bo‘la olishga hayronman. Bir to‘da oliy ma’lumotlilarni ham taniyman. Ular qachonlardir biror institutni, yuridik institutmi yo boshqasini tamom qilgan. Lekin tamom qilganu undan nari bir qadam ham jilmagan. Yo borib maktabda to‘rt soat dars berib keladi, yo idorada sakkiz soat ishlab keladi. Keyin uyga qaytib, kundalik «Qizil Uzbekiston»ga bir ko‘z yugurtiradi. Keyin bola-chaqalari bilan tinch-osoyishta, o‘z inidan tashqariga chiqmay, o‘z atrofini o‘rab olgan turli-tuman, har nafas o‘zgarib turguvchi progressiv hayot bilan aloqasiz, o‘tgan umriga shukur qilib yashay beradi. Bundaylardan albatta yozuvchi chiqmaydi. Maboda chiqqanda ham yozgani o‘zidan va goho xotinidan boshqaga manzur bo‘lmayturgan, biror chala obrazni o‘nlab variantda takror qiluvchi sxolastik g‘azalboz, mashqparast chiqadi.

Biz qalam tutganda endigina yer islohoti boshlanib, endigina paranjiga hujum boshlanib, endigina (savodsizlikni va) chalasavodlik(ni bitirish) kurslari ochilgan edi. Siz qalam tutgan bu zamonda-chi, respublikamiz yirik agrar mamlakat bo‘lish bilan birga yirik industrial mamlakatga ham aylandi. Lampa chiroq tagida charxu chig‘iriqqa qarshi yozilgan asarlar zamonasi o‘tib ketdi, endi Farhod GES charog‘lari nurida Tekstilkombinatimiz ilg‘orlariga yozilgan she’rlar —respublikamizning ilg‘or saviyasi bilan barobar bo‘lishi kerak.

Yosh yozuvchilarimiz zamonamizning ilg‘or ilmi bilan bizning ilg‘or va ustun falsafamiz bilan sug‘orilgan bo‘lishlari kerak. Hamma bilgan ilmlarimiz — kundalik hayot bilan jips bog‘langan bo‘lishi kerak. Garchand entsiklopedist yozuvchi bo‘lish hammaga muyassar bo‘lmaydi; lekin mukammal yozuvchilikni umid qilgan kishi hech bo‘lmasa ikki, uch tom entsiklopediyacha ma’lumotga ega bo‘lishi kerak. Yozuvchi hayotdagi hamma narsadan, hamma ishdan, hamma hodisadan, hamma ilmdan oz-oz bo‘lsa ham xabardor bo‘lishi kerak. Ko‘pqirrali, rango-rang hayotimiz, turli-tuman psixikaga va ajoyib xarakterlarga ega bo‘lgan odamlar bilan to‘ladir. Shu odamlarni ayrim-ayrim tanimay turib, ayrim-ayrim o‘rganmay turib, ular to‘g‘risida yozib bo‘lmaydi. Yozuvchilik ishi yozuvchi o‘z ish stoliga o‘tirmasdan ancha ilgari boshlanadi Bu ish atrofingni o‘rab turgan hayotni o‘rganishdan boshlanadi. Hayotni o‘rganish esa uzoq vaqt, o‘tkir did talab qila turgan ish. Ko‘plar o‘ylagancha, «bir marta ijodiy otpuskaga chiqib, odamlar bilan va kerakli materiallar bilan .tanishib qaytgach, o‘ltirasanu biror mo‘ljal qilgan asaringni yozib qo‘ya qolasan, xolos» emas. Istagan bir badiiy asarni yozish uchun hayotiy va ijodiy tajriba kerak bo‘ladi, yozuvchining shuuri hayotda o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan yoki o‘z boshidan kechirgan chuqur, hissiy hodisa va manzaralar bilan to‘la — boy bo‘lishi kerak bo‘ladi.

Yozuvchining dunyoga qarashini o‘stirishda, mukammallashtirishda kundalik matbuotning roli g‘oyat kattadir. Yozuvchi kundalik matbuot bilan yaqindan aloqada bo‘lsa yoxud redaktsiyada biror vazifa bilan band bo‘lsa, demak u olamdagi hamma hodisalardan, o‘z gazetasi doirasi qamragan yerlardagi kundalik ahvollardan xabardor bo‘lib turadi, atrofdagi kishilar bilan yaqindan tanishadi, ijodiy bardamligi uchun matbuot katta ustozlik rolini o‘ynaydi. Chunki ommaviy tirajlar bilan nashr etiladigan mahalliy va markaziy gazetalar, jurnal, almanaxlar o‘quvchilar ommasi bilan muxbirlar, yozuvchilar o‘rtasidagi aloqani mustahkamlaydi, yozuvchi uchun dastlabki ijodii maktab hisoblanadi.

Yozuvchi Konstantin Fedin «Yozuvchining masterligi degan nutqida shunday degan edi: «Gazeta — hayot va xalqni kuzatib borishning maktabidir. Gazeta uchun ishlaguvchi yozuvchilar hayotiy haqqoniyatlar bilan mustahkam harakat qilib turguvchi aloqaga muhtojdirlar. Gazeta u-bu to‘g‘risidagi yoki hech nima to‘g‘risidagi hikoyalarni bosmaydi. Uning sahifasi — bu bizning har kunimiz demak. Shunday bo‘lsa ham u yozuvchidan kundalik hodisalar to‘g‘risida axborot kutmaydi. Buni muxbirlar bajaradilar. Yozuvchi qisqa-qisqa chiziqlarda, aniq harakatlarda zamonamiz qahramonlarining ichki hayotlarini mag‘zi-mag‘zigacha ochib berishi kerak. Gorkiy professional gazetachilik ishining butun mashaqqatini mukammal bilar edi va o‘z boshidan kechirgan edi. Va uning birinchi badiiy hikoyalari gazeta uchun yozilgan edi. Gorkiy gazeta uchun ishlash uni ko‘p narsalarga o‘rgatganini qayd qilar edi. Ajoyib hikoyalarning masteri bo‘lgan bizning Chexov ham o‘z hikoyalarini uzoq yillar gazetalarda bostirgan edi».

Mixail Ivanovich Kalinin 1929 yilda Butunittifoq ishchi-dehqon muxbirlar kengashida shunday degan edi:

«...Orangizda adabiyotchi bo‘lishni istovchilar ayniqsa juda ko‘p mehnat qilishlari kerak. Frantsuz yozuvchisi Balzak yozuvchi bo‘lganiga qadar nashriyotchilar tomonidan hech narsaga yaramaydigan narsalar sifatida brakka chiqarib tashlangan yuzlab va minglab sahifalarni yozgan edi. Men sizlarga Nafis san’atlar muzeyiga borishni maslahat beraman. Unda Tolstoy vistavkasi bor. Bu vistavkada siz Tolstoyning qanday yozganini ko‘rishingiz mumkin. Uning qo‘lyozmasining boshlab yozilgan bir sahifasiga qarang va shu sahifaning oqqa ko‘chirilganini o‘qib chiqing. Siz 15—20 variantni ko‘rasiz va dastlab yozilgan sahifadagi so‘zdan deyarli bitta ham topa olmaysiz. Mana, yozishning ulug‘ ustalari, rus tilining eng ulug‘ bilimdonlari mana shunday yozishgan. Bizga esa ularning asarlarini o‘qiyotganimizda, o‘qiyotganlarimizning barchasi juda sodda yozilganday tuyuladi.

«Sodda» yozish uchun juda ko‘p ishlash kerak».

Badiiy tajriba yig‘ish degan so‘z voqealarni esda saqlab, ularning keragini ajrata bilish demakdir. Bu protsess san’atkorning butun umri bo‘yi davom etadi. Turmushni kuzatib borish va undan ta’sirlanish juda ko‘p material beradi. Yozuvchidagi bu material ma’lum darajada tartibga solingan bo‘ladi. Yozuvchi o‘z qalbiga va sezgisiga ta’sir qilgan narsalarni ehtiyot bilan saqlaydi.

Badiiy materiallarni yig‘ishda yon daftarchaning roli g‘oyat kattadir. Ko‘rgan va bilgan narsalarni yozib borish diqqatni markazlashtirish va shu obrazlarni yodda saqlab qolishga yordam beradi. Turmushdan olingan fakt va taassurotlarni ajrata bilishda badiiy did bo‘lmog‘i kerak. Badiiy asar yozganda kerakli materiallarni tanlab olish, uning mazmuni hayotda ahamiyatga ega bo‘lishi kerak. Hayotiy hodisalarni mushohada qilish bnlan birga, ana shular orasidan o‘zi uchun kerak bo‘lgan tipik xususiyatlarni ilg‘ab ola bilish, bulardan eng tipiklarini ajrata bilish lozim. Avtor obrazlar hayotiy va psixologik chuqur bo‘lishi uchun ulug‘ rus yozuvchisi Lev Tolstoy aytganidek, o‘z qahramonlarini ko‘rib yoki eshitibgina qolmay, o‘z tasavvurida ular bilan birga yashashi, ularning his va tuyg‘ulari, qilgan ishlari bilan birga yurgandek bo‘lishi kerak.

Boshlovchi shoir biron siyosiy temani aks ettirmoqchi bo‘lib qo‘liga qalam oladi. U hammaga ma’lum bo‘lgan fikrlarni ma’lum iboralarda ifodalab, keyin she’rining bosilmaganidan nolib yuradi. Vaholanki, u o‘z she’rida ruhiy kechinmalarni yuzaki bergan, ya’ni tushunchaning tub maqsadlarini oxirigacha ochib bermagan, davrimiz kishisining tuyg‘ulari nafasini, yuksak hayajonini aks ettira olmagan.

Yozuvchi biron temaga murojaat qilar ekan, uni hayotdan olingan kuzatishlar, to‘plangan materiallar bilan boyitishga harakat qiladi. Ba’zi yozuvchilar materialni to‘plab, umumlashtirgandan keyin asarlar planini tuzadilar. Masalan, ulug‘ rus yozuvchisi Turgenev o‘z asarlarining asosiy qahramonlarini, xarakteristikalarini maxsus ravishda yozib borar edi. Ba’zi yozuvchilar asarda ifoda qilmoqchi bo‘lgan maqsad va fikrlarini miyalarida olib yuradilar. U asarni tugal shakllangan va miyasida obrazli yashay boshlagandan keyingina yozishga kirishishi kerak.

Agar avtor hayotiy materialni yaxshi o‘rganmay va bilmay turib asar yozishga o‘tirsa, bunday asar muvaffaqiyatli chiqmaydi. Shuningdek, asar yozishni kechiktirmaslik kerak.

Yozuvchi kishining ichki dunyosini tasvirlar ekan, o‘z tajribasiga suyanadi. Shuning uchun ham bu tajriba qanchalik keng bo‘lsa, asar qahramonining ichki dunyosi shu qadar boy bo‘ladi. Yozuvchining mehnati haqida ko‘p narsalarni aytish mumkin. Men Nikolay Ostrovskiyning Azov—Qora dengiz o‘rtasi yozuvchilarining 1935 yil 6 dekabrda chaqirilgan s’ezdidagi shu so‘zlarini keltirmoqchiman: «...Ko‘rish, mushohada qilish, his qilishning o‘zi kamlik qiladi. O‘z saviyamizni oshirish uchun o‘qib o‘rganishimiz, chuqur bilimga ega bo‘lishimiz, jahon madaniyatining eng yaxshi asarlarini bilishimiz kerak. Faqat shundagina dadillik bilan qo‘lga qalam olib, o‘z kuzatishlarimizni umumlashtirishimiz va talabga javob bera oladigan asar yoza olishimiz mumkin.

Shuning uchun ham yozuvchining shaxsiy tarjimai hol masalasi katta masaladir. Yosh yozuvchi kishi sifatida, jangchi sifatida o‘sgandagina yozuvchi sifatida o‘sa oladi. Yosh o‘rtoqlarimiz shuni yodlarida tutishlari kerakki, o‘tmishning kattakon madaniy merosini bir hamla bilan egallab bo‘lmaydi. Uning uchun osoyishta sabot, katta, ulug‘vor mehnat kerak. Bu yo‘ldagi qiyinchiliklarni yengishning o‘zi eng go‘zal narsa emasmi?! Sizning vazifangiz — yozuvchi bo‘lish. Siz yaxshi bilasizki, yozuvchi bu o‘qituvchidir. O‘quvchilardan ko‘proq biladigan va ularga nima deyishni biladigan kishigipa o‘qituvchi bo‘la oladi, ta’lim bera oladi. Bizning ko‘pmillatli kitobxonlarimiz aqlda tengsizdir. Ular ko‘p narsani biladilar va asarlarimizning zerikarli bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydilar!»

Sovet yozuvchilarining Butunittifoq II s’ezdi yozuvchilarimiz ishiga yakun yasaydi, ularga yanada baquvvat asarlar yaratish uchun yo‘l-yo‘riq beradi. Shuning bilan birga adabiyotimiz maydoniga kirib kelayotgan yoshlarni davrimiz talabiga mos bo‘lgan asarlar yaratishga undaydi. Yoshlar o‘qib-o‘rganishlari, intilishlari, s’ezd materiallari bilan qurollangan holda bizning safimizni to‘ldirishga harakat qilishlari kerak.

“Yosh leninchi”, 1954 yil 14 dekabr

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.