background
logotype

Ilyos Fozilov. Vatandoshlar bilan muloqot (1979)

http://ziyouz.uz/images/ilyos_fozilov.jpg

Makka safari xotirasi

Vatan mehri, Vatan muhabbati!.. Inson uchun Vatandan aziz, Vatandan qimmatli, mo‘‘tabar narsa bormi dunyoda?! Vatan tuprog‘i — ko‘zlarga to‘tiyo. Bu abadiy e’tiqod ayniqsa chet elga safar qilganingda qalbingni hayajonga soladi, Vatan sog‘inchi butun borlig‘ingni qamrab oladi. Ana shunda bir mahallar turli sabablar bilan vatanidan judo bo‘lganlar taqdiriga, ahvoliga achinib ketasan kishi. Makkaga safar qilganimizda ana shu tuyg‘uni yana bir bor his etdik.

Makkaga yo‘li tushganlar odatda u yerdagi vatandoshlariga har xil sovg‘a-salomlar, fotosuratlar, xatlar olib boradilar. Bu sovg‘a-salomlar qanchadan-qancha quvonchlarga, uchrashuvlar va suhbatlarga sabab bo‘ladi. Ba’zi bir tanishdoshlarimiz ko‘proq biz bilan birga bo‘lgilari, nima bilandir bizga ko‘mak bergilari keladi. Ko‘plari vatanga qaytish orzu-istaklari borligini ham izhor etadilar. Biz ham har safargi uchrashuvda ochiq yuz, shirin so‘z bilan muomalada bo‘lamiz...

Biz Makkaga tun yarmida yetib bordik. Buni qarangki, ertalab nonushta paytidayoq vatandoshlarimizdan besh-olti kishi biz turgan hovliga kelishdi. Rahbarimiz Yusufxon akadan tortib hammamiz ularni hurmat-tavoze bilan qarshi oldik, yuqoriga taklif qildik. Yusufxon aka bilan Shamsiddinjon mezbonlik qilishdi. Dasturxonni bezatishga hammamiz o‘z hissamizni qo‘shdik. Patir non, bo‘g‘irsoq, pista-bodom, mayiz, yong‘oq, asal qo‘yildi dasturxonga.

— Aziz do‘stlar, qani, dasturxonga marhamat,— dedi Yusufxon aka. Mehmonlarga har joydan Toshkent piyolasida choy uzatildi.

— Sizlarning choylaringiz ham o‘zgacha, ajoyib,— dedi mehmonlardan biri.

— Choy Samarqandda qadoqlangan, marhamat, ichinglar,-dedi kulib Yusufxon aka.

— Qalay, eson-omon, sog‘-salomat keldilaringizmi? El-yurt, yoru birodarlar tinch-omonmi?

— Rahmat, hammalaringizga yurtimizdan salom keltirdik.

— Rahmat, barcha do‘stu birodarlar omon bo‘lsinlar,— dedi o‘tirganlardan biri.— Endi men bu yerda o‘ltirganlarni sizlarga tanishtirib qo‘yay. Avval o‘zimdan boshlab qo‘ya qolay. Men Abdurahmon hoji — asli Andijondanman. Vatandan kelib qolganimizga yaqin 60 yillar bo‘ldi. Bu kishi Toshpo‘lat qori — Qo‘qondan. Xo‘sh, Hoji Siddiq domla — Marg‘ilondan, Abduxoliq maxsum — Namangandan, Oqiljon to‘ra — Toshkentdan, Ahmadjon hoji — Samarqanddan. Bu o‘zbeklarning Makkaga kelib qolganlariga qariyb 50—60 yil bo‘lgan. Biz kelgan vaqtlarda yo‘l qiyinchiliklari ko‘p edi. Tuyada kelganmiz. Endi u gaplar qayoqda deysiz. Har holda, unchalik qiynalmadinglarmi?

— Yo‘q, rahmat, yaxshi keldik. Faqat havo issiqroq ekan.

— Hozir qish mavsumi. Havo issiqligi juda borsa 40 darajaga yetadi. Yozda bo‘lsa 50—55 darajagacha chiqadi,— dedi Ahmadjon hoji,— Makkada qish bo‘lmaydi, qor, yomg‘ir yog‘maydi. Hamma fasllar yozdek o‘tadi. Birgina Toif Sharif degan shahar bor. O‘sha yerda havo nisbatan salqinroq bo‘ladi. Shuning uchun ko‘pchilik muhojirlarimiz Toif Sharifda istiqomat qilishadi.

Hoji Siddiq domla so‘zga aralashdi:

— Bundan bir necha muddat avval ayrimlarimiz Pokistonda, Afg‘onistonda, Turkiyada, Eronda bo‘ldik, ko‘plarimiz Hindistonni ham ko‘rdik. Lekin hech qaysisini o‘z vatanimizga o‘xshata olmadik.

— Har kimniki o‘ziga, oy ko‘rinar ko‘ziga, deb shuni aytadi-da,— deb kuldi Abduxoliq maxsum,— Esimizda bor, yurtimizda to‘rt faslni to‘liq ko‘rardik... Eh... bu yoqlarda-chi? Qayda deysiz, Eh, vatan boshqacha bo‘lar ekan. Hammamiz vatanni orzu qilamiz. Ba’zilar uylanmasdan umr o‘tkazmoqdalar. Uylansam, shu yerda qolib ketaman, deb o‘ylasalar kerak-da.

— Shunaqa deysizu, tirik jon, Vatanga qaytishning iloji bo‘lavermasdan ketini o‘ylar ekansiz. Mana bizlar uylandik, bola-chaqa orttirdik, mol-dunyo topdik. Mundoq qaraganda, kamchilik yo‘qdek. Lekin ko‘ngil joyida emas, nimadir muhim narsa yetishmaydi. Ko‘zimiz vatanda, o‘sib-ungan joyga ne yetsin. Kindik qoni to‘kilgan, ona sutini emgan joyingni sog‘inar ekansan. Yo‘l ochilsayu qushdek uchsak deymiz.

— Non bergan, tuz bergan vatanni qo‘msab, bag‘rimiz kabob bo‘ldi,— dedi Oqiljon to‘ra.— Kishining vatani bo‘lmasa ko‘ngli yayramas ekan. Yeganing ichingga tushmaydi. Insonga bundan yomon xo‘rlik yo‘q... Yoshlikda kishi unchalik farqiga bormas ekan. Yoshingiz o‘tgan sari vatansizlik juda qattiq sezilar ekan. O‘ylab-o‘ylab dunyoga kelganingga ham afsuslanasan kishi. Har bir inson o‘z vatanida yashashi kerak ekanda... Qiziq, bolalarimiz shu yerda tug‘ilgan bo‘lsa ham ularni: «Buxorolik» deb atashadi. Bu bilan bizning begona ekanligimizni peshonamizga taq etib urgandek bo‘lishadi...

— Xafa bo‘lmanglar, yurtga kelinglar, yurt eshigi sizlar uchun hamma vaqt ochiq,— dedi Shamsiddinxon mehmonlarga taskin berib.— Ona yurting omon bo‘lsa, rangi ro‘ying somon bo‘lmas, degan o‘zbek maqoli bor. Vatanimiz kun sayin gullab-yashnayapti. Turmush farovon, Madaniyat, ilm-ma’rifat, texnika, qishloq xo‘jaligi gullab boryapti...

Vatandoshlardan biri chuqur uh tortib, ko‘ziga yosh olgandek titroq ovozda ilova qildi:

— Mana shu yaqin yillarda aqli, ilmi, obro‘si baland qarindoshlarimizdan Usmon hazrat, Najmiddinxon to‘ra, Abdulla domla, Abdusalom va yana bir qanchalar «Vatan-vatan» deb dunyodan o‘tdilar. Armonda ketishdi ular. Namanganlik Abdunabi qori bo‘lsa, o‘la-o‘lguncha «yuzim qora bo‘ldi» deb yurdi. Chunki ona-Vatanda yettita bolasini qoldirib kelgan ekan-da...

O‘rtaga og‘ir sukunat cho‘kdi.

— Men bir narsaga hayronman. Bundoq borib, yurtni ko‘rib kelsalariig bo‘lmaydimi?— dedi Shamsiddinxon jimlikni buzib.— Yurtimizga har yili Pokistondan, Erondan, Afg‘onistondan, Suriyadan, Hindistondan, Germaniyadan, hatto Amerikadan qardoshlar kelib, bir-ikki oy dam olib ketishadi. Kasal bo‘lsalar bepul davolanib ham ketadilar...

Suhbatimiz oxirlay deganda yana yangi mehmonlar kelib qolishdi. Avval kelganlar ijozat so‘rab, o‘rinlaridan turishdi. Sovg‘a-salomlar berib, ularni kuzatdik.

Yangi kelgan o‘zbeklar uch kishi edi. Bulardan biri mening eski qadrdon do‘stim To‘ychi Ali boyvachcha edi. Uning yonida kelganlarning biri Namangandan, ikkinchisi O‘shdan ekan. Ular o‘z tanish-bilishlarini surishtirishdi, Ularga ham sovg‘a-salomlar berib xursand qildik. To‘ychi Ali boyvachcha meni uyiga taklif etdi. Men: «Hojati yo‘q, ovora bo‘lmang», deb uzr so‘radim. Lekin u so‘zida qattiq turib oldi. «Sizni kelasiz, deb besh-oltita do‘stu yorlarimizni aytib ko‘yganman. Buning ustiga uyda bemorimiz ham bor. Sizga ko‘rsatmoqchi edik», dedi. Yo‘q deyolmadim, kechroq boraman, dedim.

Bizga uy bergan Shayx Zayni Kushak avval o‘zining to‘rttala xotinidan bo‘lgan bemor bolalarni, keyin hajga kelgan bemor musofirlarni ko‘rsatdi. Bemorlar shu qadar ko‘pki, yengilgina ko‘zdan kechirib ham ulgurolmaysan. Bemorlarni bepul ko‘rib, bepul dori berganim uchun kasallar yog‘ila boshladi.

Tushdan keyin kasal yotgan ayrim o‘zbeklarning uyiga olib ketdilar. Men ulardan: «Nega bu qadar kasallik ko‘p?» deb so‘radim, «Bizda umuman doktorlar yetishmaydi,— deb javob berdi ular.— Borlariga ham har kim yetisha olmaydi.» Ularning aytishicha, tibbiy yordam uchun juda ko‘p pul talab qiladilar. Moddiy tomondan qiynalgan odamlar juda ko‘p, dorilar qimmat. Dorixonalar xususiy kishilar qo‘lida bo‘lib, dorilarni istagancha pulga sotadilar. Bir dona aspirin 5 rial turadi. Saudiya Arabistonida bemorlar u yoqda tursin, hatto tug‘ilgan va o‘lganlar ham hisobga olinmaydi. Bu mamlakatda sil, bezgak, traxoma, teri kasalliklari, tif, dizenteriya yil bo‘yi uchraydi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, Saudiya Arabistonida 1970 yilda 6,8 ming o‘rinli 47 kasalxona (1 ming kishiga 0,9 o‘rin), 206 dispanser, 303 meditsina punkti xizmat qilgan. 1969 yilda 1,5 ming vrach, (11 ming kishiga 1 vrach) 353 stomatolog, 594 farmatsevt, 2 mingga yaqin meditsina hamshirasi ishlagan.

Saudiya Arabistonida vrachlar va farmatsevtlar Er-Riyodda tayyorlanadi. Bu mamlakatda 7 ta meditsina bilim yurti mavjud. Davlat byudjetining 2,9 protsenti sog‘liqni saqlash ishlariga sarf etiladi. Ana shu boisdan bemor vatandoshlardan va ziyoratga keluvchilardan bir soat ham bo‘shash mumkin emas. Bemorlar tuproq bo‘lib yog‘iladi.

Kech soat 6 larda arang bo‘shab, Shayx Zayni Kushak hovlisiga keldim. Ko‘p o‘tmay do‘stim To‘ychi Ali boyvachcha hozir bo‘ldi.

Makkada havo juda issiq. Quyosh nurlari nayza bo‘lib boshga sanchiladi go‘yo. Havo dim, nafas olish mashaqqat. Osmon tiniq, tangadek bulut ko‘rinmaydi. Osmonda lochinlar charx urib uchadi. Makka ko‘chalari ziyoratchilar bilan liq to‘la. Shov-shuvdan quloqlar tom bitadi, odamlar chumoli bo‘lib o‘rmalashadi. Havoning issig‘i va tiqilinchdan qora terga botib ketdim. Tilim qaqrab aylanmay qoldi. Odamlarni surib-itarib zo‘rg‘a bir chetga chiqib oldik. Boshim aylanib, ko‘zim tinib yerga o‘tirib qolganligimni o‘zim ham sezmabman. Do‘stim birinchi ko‘ringan mashinani to‘xtatdi. Yo‘lga tushdik. Qaysi ko‘chaga kirib, qaysi ko‘chadan chiqqanimni sezmadim. Nihoyat biz o‘tirgan mashina uzoq yurib, oldiga suv sepilgan eshik yonida to‘xtadi. Eshik oldida o‘ynab yurgan bolalar men bilan salomlashib ko‘rishdilar.

— Bular mening bolalarim,— dedi To‘ychi Ali boyvachcha.

— Yaxshi bolalar ekam, ofarin!

Bolalar xursand bo‘lishib, bizni qurshagancha hovliga kirishdi. Chaqirilgan mehmonlar ikkinchi qavatda ekan. Zinadan ko‘tarildik. Ichkariga kirishimiz bilan mendan oldin kelgan mehmonlar gur etib o‘rinlaridan turishdi. Hamma bilan birma-bir ko‘rishib chiqdik, hol-ahvol so‘rashdik. Kichikroq mehmonxona, qizil gilam to‘shalib, atrofiga shohi ko‘rpachalar solingan, par yostiqlar qo‘yilgan. O‘rtada xontaxta, turli noz-ne’matlar. Qo‘lga suv quyilar zkan, mezbon do‘stim o‘ng‘aysizlik bilan:

— Joylarimizni ziyoratga keluvchilarga berib, mehmonxonamiz kichiklik qilib qoldi,— deb uzr so‘radi.

— Zarari yo‘q. «Ninadek tor yer, do‘stlar bilan keng maydon bo‘lur, keng yer dushman bilan zindon bo‘lur», degan o‘zbek maqolini eshitmaganmisiz?

— To‘g‘ri-to‘g‘ri,— deb kulishdi boshqalar.

— Rahmat, doktor, meni xijolatdan chiqardingiz.

— Qani, dasturxonga marhamat.

— Ijozat bersalaring, mehmonlarni tanishtirib o‘tsam,— dedi choy ichib o‘ltirganimizda To‘ychi Ali boyvachcha va dastlab meni tanishtirdi.— Bosh mehmonimiz, mening ota qadrdonim, vatandoshim Ilyos hoji... Xo‘sh... Bular esa o‘zimizning shu yerdagi vatandoshlar; Abduhamid Mahdum — Namangandan, Usmon hoji Eshon — Andijondan, Abdukarim hoji — Qo‘qondan, Abduvahob qori — Samarqanddan, Sobirjon domla — Marg‘ilondan, Hoshimboy hoji — Buxorodan. Begona odam yo‘q. Faqat vatandoshlar, tortinmasdan o‘ltiringlar.

Men To‘ychi Ali boyvachchanikiga asal olib kelgan edim. «Vatandan tabarruk» deb dasturxonga qo‘ydim. Mehmonlar asalni maqtab-maqtab yeya boshlashdi.

— Ona yurtning asali yurtning o‘zidek aziz edi, sevib yeyishdik,— deb kuldi Abdukarim hoji. Asal tamom bo‘lishi bilan tovuq kabobi keltirildi.

— Qani, tovuqqa marhamat,— mulozamat qildi mezbon.

— Ovqatlar yetarlik. Qani endi yaxshi ashuladan bo‘lsa,— dedi kimdir To‘ychi Ali boyvachchaga qarab. To‘ychi Ali boyvachcha magnitofon murvatini buradi. Navoiy, Lutfiy, Ogahiy, Uvaysiy, Bobir g‘azallari bilan aytiladigan rost, dugoh, navo, buzruk maqomidan kuylar yangray boshladi. Zebunniso begim g‘azali bilan aytiladigan «Samarqand ushshog‘i» ijro etilayotganda:

— Shuni bir miriqib eshitaylig-a,— deb qoldi Abduvahob qori Samarqandiy.— Jahonga nomi ketgan Ulug‘bekning vatani — Samarqand, ko‘klar bilan o‘pishgan madrasalar...

Ashula tinglab o‘tirar ekanmiz, san’at va san’atkorlar ustida so‘z ketdi.

— O‘zbek maqomlarini o‘zbek xalqining oltin sandig‘i, desa bo‘ladi,— Vatanni sog‘ingan chog‘larimda shu kuylar bilan jonim taskin topgandek bo‘ladi,— dedi To‘ychi Ali boyvachcha.— Xafa bo‘lgan paytlarimda muzikadan boshqa dilkash topolmayman.

— Yaxshi, bu maqomlar bu yoqlarda ham topilib turar ekan,— dedim men.

— E, qaerda deysiz,— dedi To‘ychi Ali boyvachcha afsus bilan.— Men bularni Istambuldan oltinga sotib olib kelganman. Yana maqom yozdirib kelish uchun bu yil ham Istambulga, Afg‘onistonga, Pokistonga borib kelmoqchiman. Haqiqatan dunyoga kelib, nima ko‘rdik?!.

O‘rtadagi suhbatimiz Abduhamid Mahdumga yoqmasdi shekilli, u ijirg‘anib o‘tirardi. Oxiri u suhbatni boshqa tomonga burmoqchi bo‘ldi:

— Vatanni ko‘p maqtayapsizlaru,— dedi Abduhamid Mahdum,— lekin har xil «mish-mishlar» yuradi bu yerlarda. To‘g‘ri, biz vatandan uzoqdamiz. Biroq yurtimiz haqidagi mana shu mish-mishlarni eshitaverib qulog‘imiz bitadi. Qaysi birisiga ishonishingni ham bilmaysan kishi.

— Qanaqa gaplar ekan, eshitaylik,— deyishdi o‘ltirganlar.

— U yerda, vatandagi odamlar nihoyatda kambag‘al emish. Kiyimlari nochor! Odamlari boshqa millatlar hisobiga ko‘payarmish. 70 so‘mlik ishga faqat o‘zbeklar qabul qilinar emish... Umuman shunaqa gaplar...

Shu payt ko‘pchilik menga ko‘z tashladi. Men Abduhamid Mahdumning gaplariga javob aytdim.

— Dunyoda nima ko‘p, mish-mish ko‘p. Odam o‘z ko‘zi bilan ko‘rmaganidan keyin mish-mishga ham ishonishi mumkin. Aslida ahvol siz aytgancha emas. Mana, masalan, men inqilobdan oldin tug‘ilganman. Bir oilada uch o‘g‘il edik. Oramizda bir dona paxtalik chopon bor edi. Zarur bo‘lgan vaqtda navbat bilan kiyar edik. Inqilobdan keyin, mana, o‘qidik, uylandik, oila tuzdik. Oila boshlig‘i bo‘lganimga 46 yildan oshdi. Mana hozir bir o‘zimda 7—8 ta palto, 8—9 ta kostyum, 10—12 juft oyoq kiyimi bor. Boshqalarda ham shunday. Ehtimol 1—2 ta ko‘p yoki kam bo‘lishi mumkin. Juda ko‘pining keragi ham yo‘q-ku o‘zi!.. Ana endi o‘zingiz shundan bilavering bizdagi ahvolni. Yoki sizlarda bundan ham ko‘pmi?! Maosh masalasida ham gap ochdingiz. Bizda har bir kishining o‘z ixtisosi bo‘yicha oladigan o‘rtacha oyligi 160 so‘mni tashkil etadi. Mukofotlar va boshqa imtiyozlarni qo‘shib hisoblaganda ish haqi oyiga 212 so‘mdan 219 so‘mgacha yetadi. Bundan tashqari, kasal bo‘lganlar tekin muolaja qilinadilar. Yana buning ustiga kasallik vaqti uchun ham to‘la oylik to‘lanadi. E-e, aytgan bilan ado bo‘lmaydi bunday ezgu jihatlarni. Mabodo, siz aytgandek kambag‘al bo‘lsa, qaerdan orttirib kassalarga ming-minglab pul qo‘yishadi?.. Bular faqat bizning moddiy boyligimiz. Yana eng kerakli ma’naviy boyligimizni aytmaysizmi? Insonlik qadr-qiymatini aytmaysizmi? Mana, faqat 1978 yil ichida SSSRda 11 million kishining uy-joy sharoiti yaxshilandi. 1,4 million o‘quvchiga mo‘ljallangan umumiy ta’lim maktablari, qariyb 600 ming o‘rinli maktabgacha tarbiya muassasalari, 65 ming o‘rinli kasalxonalar, bir smenada 123 ming kishini qabul qiladigan ambulatoriya, poliklinika muassasalari qurildi. Hozirgi vaqtda maktablarimizda o‘n millionga yaqin bola o‘qiydi. Doimiy maktabgacha tarbiya muassasalarida o‘n besh millionga yaqin bola tarbiyalanmoqda. Ilmiy xodimlar soni salkam bir yarim million kishini tashkil etadi. O‘zbekiston Fanlar Akademiyasida yuzga yaqin fan doktori, salkam mingta fan nomzodi tadqiqot ishlari olib boryapti. Butun jumhuriyatimiz bo‘yicha esa, ikki yuz chamasi ilmiy-tadqiqot instituti mavjud bo‘lib, 16 ming ilmiy xodim faoliyat ko‘rsatib turibdi.

Hozir O‘zbekiston olimlari asarlarining uchdan bir qismini chet eldagi ilmiy muassasalar sotib olmoqdalar. Akademiyamizning kutubxonasi 39 davlatga 6 mingdan ko‘p nashrlarni yuborib turadi. Mana bu — bizning ma’naviy boyligimiz. Biz ayniqsa ana shu boyligimiz bilan faxrlanamiz.

Bizda millat ajratish yo‘q. Hamma millatlar aka-ukadek inoq yashaydi. Xuddi bir oiladek, bir-birlari bilan ahil, ittifoq. Bizning shiorimiz do‘stlik, rostgo‘ylik, poklik, odillik, kamtarlik. Adolatsizlik, tekinxo‘rlik, qalloblik, kishining kishi tomonidan kamsitilishi bizga butunlay begona. Buyuk rus yozuvchisi Chexov: «Insonda hamma narsa: yuzi ham, kiyimi ham, qalbi ham, fikri ham go‘zal bo‘lmog‘i lozim», degan edi. Biz o‘z hayotimizni ana shu so‘zlarga qiyoslasak bo‘ladi. Endi haligi mish-mish tarqatuvchilarga kelsak, yo ular laqma, yo alamzada, qalbi ko‘r odamlarning ishi bu!

— Gap tagini gap ochadi,— dedi boyadan beri o‘ylanib o‘tirgan Usmon hoji ota.— Keyingi Olmon urushida men Parijda tijorat bilan shug‘ullanar edim. Gitler navbati bilan Frantsiyaga hujum boshladi. Bir yarim oy ichida Frantsiya dushmanga taslim bo‘ldi. Shundan keyin ko‘p o‘tmay ular Sovetlarga urush boshladilar. Nihoyat 4 yil davom etgan qattiq qirg‘in urushda Gitler mag‘lubiyatga uchradi. Fashistlar Parijga yaqinlashganda xalq hayajonga tushib qoladi. O‘ziga to‘q katta boylar shoshilinch ravishda uy-joylarini tashlab Amerikaga qocha boshlaydilar. Frantsiyalik mashhur artist Didro Deni qochish oldidan xotini, yaqin do‘stlari hamrohligida mashhur jarroh, professor Delakrua bilan xayrlashish uchun uning uyiga boradilar. Ular professor Delakruaga, birga ketaylik, deb taklif qiladilar, Biroq u ochiq javob bermaydi. Didro Deni qochishga hozirlik ko‘rib, oxiri tun yarmida professorga telefon qiladi: «Biz ketyapmiz, istasangiz, birga ketaylik», deb iltijo qiladi. Biroq professor Delakrua javobni qisqa qiladi:

— Ko‘zimning oqu qorasi yolg‘iz o‘g‘lim edi, u birinchi jahon urushida halok bo‘ldi. To shu kunga qadar, o‘g‘lim vatan uchun qurbon bo‘lgan, deb faxrlanib o‘zimga taskin berib kelardim. Mana bugun vatanimiz xavf ostida qoldi. Bu dahshatli fojiaga aslo chiday olmayman. Mayli, bora beringlar, vatandan ham judo bo‘lsam, unda mening nimam qoladi?!.

Didro noiloj trubkani qo‘yib qo‘ydi va paroxodda keta turib do‘sti professor Delakruaning o‘zini-o‘zi o‘ldirganligi xabarini gazetadan o‘qib, hayron bo‘ladi... Vatanparvarlik shunday bo‘ladi. Shuning uchun mutafaqkir shoir Alisher Navoiy: «Inson tirik ekan, o‘z vatani uchun kurashmog‘i lozim», degan edi. Sovet kishilari Vatanni dushmandan saqlab qolish uchun 20 milliondan ortiq qahramon o‘g‘il-qizini qurbon berdi. Bunday shavkatli Vatanga olqishlar bo‘lsin. Ochig‘ini aytganda, biz vatandan uzoqda bo‘ldik. Aslida vatanda turib vatan mudofaasida baravar bir jon bir tan bo‘lishimiz muqaddas burchimiz edi. Na chora, taqdir ekan, biz qo‘lga qurol olib dushmanga qarshi kurashmagan bo‘lsak ham, xayrixohligimiz bilan vatandoshlar safida turdik. Shunga ham shukur qilamiz...

Usmon hoji otaning gapi tugalishi bilan To‘ychi Ali boyvachcha magnitofon qulog‘ini burab segoh maqomidan «Adashganman» kuyini qo‘ydi. O‘tirganlar boshlarini egib jim qoldilar. Shu topda Boburning ikki satrini xayolan o‘qidim:

O‘z yerni qo‘yib, Hind sori yuzlandim,
Yorab, netayin, ne yuz qaroliq bo‘ldi...

Men shu ondayoq o‘z vatanimni allaqachon sog‘inganimni his etdim.

Ilyos Fozilov,

dotsent, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan vrach

“Sharq yulduzi” jurnali, 1979 yil 8-son.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.