background
logotype

O'tkir Hoshimov. Non va iymon (1984)

Ishonish qiyin bo‘lgan voqea

Ishonmasdim. Bu voqeani o‘z ko‘zim bilan ko‘rmaganimda ishonmasdim. Esimda, bundan bir necha yil ilgari «Literaturnaya gazeta»da xuddi shunday manzara tasvirlangan maqola chiqqan edi. Biroq uni o‘qiganimda shubhalangandim. «O'libdimi endi shunchalikka borib yetsa», degan edim. O'zim ko‘rganimdan keyin ishondim. Yo‘q, avval o‘z ko‘zimga ishonmay garangsib turdim-da, keyin...

Bu voqea Chilonzorda bo‘ldi. Ishdan qaytayotib, temir garajlar oldidagi maydonchada futbol o‘ynayotgan bolalarga ko‘zim tushdi. Odatda, kun botish oldida hamma bola ham onasining ko‘zini shamg‘alat qilib, ko‘chaga shataloq otib qoladi. Bular ham qiy-chuv qilib o‘ynashar edi. Biri - to‘qqiz-o‘n yoshda, biri tikroq... Terlab ketishgan, baqirib-chaqirib yugurishadi. Nachora, hamma bola ham o‘ynaydi, hamma bola ham qiy-chuv soladi. Biroq bolalar tepayotgan «koptok»ni ko‘rdimu vujudim sirqirab ketdi, o‘z ko‘zimga ishonmay serrayib turib qoldim. Ular... yarim buxanka nonni koptok qilib tepardi. O'shanda qay ahvolga tushganimni idrok etolmayman. Go‘yo bolalar mening boshimni o‘rtaga olib tepayotganga o‘xshab ketdi. Keyin nima qilganim, nima deganim aniq esimda yo‘q. Bolalar har yoqqa tirqirab qochib ketishdi. Tuproqqa belangan nonni qo‘limga oldim. Nonning suvi qochgan, ammo hali judayam qotmagan, shuning uchun «koptok» vazifasini o‘taganda maydalanib ketmagan, faqat qirralari tepki zarbidan, dumalayverganidan silliqlanib ketgan, qora tuproqqa belangan edi.

Nima gap, grajdanin?

Boshimni ko‘tarib qarasam, ro‘paramda yupqa gardishli ko‘zoynak taqqan ellik yoshlardagi kishi turibdi! Nonni ko‘rsatdim:

- Futbol qilib o‘ynashyapti, qarang.

Men uning ham «yonib» ketishini kutgan edim. Qiziq, ko‘zoynakli kishi tutaqmadi.

- Yaxshimas, grajdanin, - dedi bosh chayqab. - Bolalarni nega ko‘rqitasiz!

- Axir bu non-ku! - dedim yig‘lamoqdan beri bo‘lib. - Non-ku!

Ko‘zoynakli kishi bir qadar xijolat chekkandek bo‘ldi. Ammo yana o‘sha gapini qaytardi:

- Qarang, qo‘rqib qochib ketishdi. Bolada, o‘ynasa o‘ynabdi. - U bir zum jimib qoldi-da, qo‘shib qo‘ydi: - Non topiladi. Boladan aziz bo‘ptimi?

Uning qirrasi chiqarib dazmollangan shimiga, yupqa ko‘zoynak ortidan ta'nali boqib turgan ko‘ziga uzoq qarab qoldim.

Ehtimol, bola - boladir. Ammo yorug‘ dunyoda shuncha yashagan, turmushning past-balandini ko‘rgan bu odamga nima desa bo‘ladi!

Indamay burilib ketayotgan edim, yonbosh tomondagi baland uyning ikkinchi qavatidagi qaysidir deraza sharaq-shuruq qilib ochildi. Shang‘illagan ovoz keldi:

- Militsiya chaqirish kerak! O'n besh sutkaga qamash kerak, yosh bolani ko‘rqitgan bezorini!

Guldor xalat kiygan, ko‘kragi katta ayol derazadan qo‘lini chiqarib meni ko‘rsatar, borgan sayin avjiga chiqib bobillar edi.

Nonni qo‘limda tutgan ko‘yi ketaverdim. Qiziq, tap-pi tappidan uzoqqa tushmaydi, deganlari shu emasmi? Bolasining «huquqini» himoya qilayotgan anavi ko‘zoynakli kishi bilan tinimsiz shovqin solayotgan manavi xotin o‘zi kimu, farzandiga qanaqa tarbiya beradi? Tuproqqa belangan qo‘lbola «koptok»ni ko‘tarib borarkanman, xayolimni bir-biridan ma'yus fikrlar chulg‘ab olgan edi.

Dadam aytib bergan dahshatli hodisa

Urushdan keyingi yillarni es-es bilaman. Onam arpa non yopgan kuni uyda bayram bo‘lib ketar edi. Ota-onamiz, non - tabarruk, deb qayta-qayta qulog‘imizga quyishgani uchunmi, keyinchalik zamon to‘kinchilik bo‘lib ketganidan keyin ham bolaligimda o‘rgangan bir odatni hech tark etolmadim. Yerda non burdasi yotgan bo‘lsa, ehtiyotlab ko‘tarib olasiz. Avval uch marta o‘pasiz, peshanangizga bosasiz, keyin ozodaroq joyga olib qo‘yasiz. Nima bu? Shunchaki bosh-ketining tayini yo‘q, asossiz e'tiqodmi? Yo mavhum aqidami? Shoshmang, bu so‘roqlarga javob izlashga shoshilmaylik.

...O'sha, og‘ir yillar edi. Hali maktabga qatnamasdim. Qirq yamoq bo‘lib ketgan dasturxonni o‘rtaga qo‘yib, nonushta qilib o‘tirardik. O'sha kuni onam arpa non yopgan, ya'ni uyimizda bayram edi. Bir mahal dadam jerkib qoldi:

- Nimaga nonni teskari qo‘yasan?

Qarasam, dadam menga gapiryapti. Damim ichimga tushib ketdi. U - biz bolalarni hech qachon urib-so‘kmas, ammo hammamiz dadamdan qattiq hayiqar edik.

- Ko‘zing bormi! - dedi u yanayam zardaliroq ohangda. - Nega nonni teskari qo‘yding?

Dasturxonga qaradim. Hozirgina o‘zim tishlagan non burdasini to‘nkarib qo‘ygan ekanman. Shosha-pisha o‘ngini ag‘dardim.

- Bilmagan-da, adasi, - dedi onam odatdagidek yupatib. - Endi unaqa qilmaydi...

Dadam indamadi. Biroq anchagacha qovog‘ini solib o‘tirdi. Ertasimi-indinimi, bostirmada arra qayradi. Men arrani bosib turdim. Dadam egov bilan zanglab ketgan arraning tishlarini charxlarkan, dahshatli voqeani gapirib berdi. Hozir bu hodisani so‘zma-so‘z aytib berolmayman.

O'ttiz uchinchi yili (dadamning aytishicha katta akam tug‘ilmasidan avvalroq) yomon ocharchilik bo‘pti. Bahor ekan. Dadam Parkat tomonda turadigan («Parkat» Parkent ekanini keyin tushunganman) o‘rtog‘inikiga boribdi. U tog‘larda ocharchilik shahardagidan battar ekan. Odamlar ravoch, ismaloq izlab, tog‘-toshlarni kezib yurganini ko‘ribdi. Shular orasida sen tengi (dadam «sen tengi» degani esimda qolgan, demak, u olti yoshlarda bo‘ladi) bolasi bilan bir odam ham ismaloq izlab chiqqan ekan. Bola nuqul bir gapni qaytarib yig‘larmish. «Non», «non», «non!» Otasi tajang bo‘lib «o‘chir ovozingni!» dermish. Bola bo‘lsa jim bo‘lish o‘rniga battar baqirarmish «Non!» Non bering, non!» dermish. Shunda boyagi odam «o‘chir ovozingni, badbaxt!» deb musht o‘qtalgan ekan, bola otasidan qochaman deb orqasiga qalqib ketibdi. Aksiga olib, nariroqda tarvuzdek tosh yotgan ekan. Bola sho‘rlik orqaga tisarilib boshi bilan toshga urilibdi-yu tipirlab jon beribdi. Odamlar, «nima qilding, yaramas, bolani o‘ldirding-ku!» desa boyagi odam boshiga mushtlab yig‘labdi, bolasini quchoqlab dod solibdi. «O'ldiringlar, meniyam o‘ldiringlar, qaytaga yaxshi bo‘ldi, bolam bu azoblardan qutuldi, uch kun oldin onasi ochlikdan o‘lgan edi, qabristonga oborishiga odam topolmay hovlimga ko‘mgandik», depti.

Bilmadim, ehtimol bu hodisaga ko‘pchilik ishonmas. Ammo bir narsa aniq: dadam hech qachon yolg‘on gapirmagan... Tepki zarbidan qirralari silliqlanib ketgan, qora tuproqqa belangan nonni ko‘tarib borarkanman, beixtiyor shu hodisani esladim. Keyin Leningraddagi Piskaryov qabristonidagi voqea yodimga tushdi.

Ushbu qabristonda qamal paytida ochlikdan o‘lgan marhumlar yotadi. Bu yerda oq marmar, qora marmar, ko‘k marmardan o‘rnatilgan xotira toshlari oz emas. Qabristonni aylanib yurib, soch-soqoli oqarib ketgan keksa kishi bilan yoshi bir joyga borib qolgan ayolga ko‘zim tushdi. Bu qabristonda ziyoratchilar ko‘p bo‘ladi. Biroq aynan shu odamlar esimda qolganining boisi bor. Ular hech qanday dabdabali marmartosh o‘rnatilmagan jajji qabr boshidagi pastak yog‘och harrakda jimgina o‘tirishar, qabr ustida esa... bir burda non bo‘lagi yotar edi. Hayron qoldim.

Chol-kampir bilan salomlashdik. Qabr ustida nima uchun non yotganini so‘radim. Shunda chol-kampir alamli voqeani aytib berishdi.

Qamalda ochlikdan o‘lgan marhumlarni yig‘ib olish uchun ham, ko‘mish uchun kuch ham qolmagan. Mana shu chol-kampir (o‘sha paytda yosh bo‘lishgan) yetti yashar qizchalarini yetaklab ketishayotganda, qizcha qor bosgan ko‘cha o‘rtasida o‘lib yotgan odamning qo‘lida mahkam changallab yotgan nonni ko‘rib qolgan. Bola - baribir bola-da! Nonni ko‘rib o‘sha tomonga yugurgan. Ota-onasi uni tutib qolisholmagan. Qizcha ayni nonga yetib borganida dushman otgan snaryad yorilganu...

...Urush bitdi. ...O'shandan buyon ota-ona bir burda non uchun qurbon bo‘lgan qizchaning qabriga har kuni bir burda non olib kelishadi... Bir burda non...

Inson bolasi xotirasiz yashay olmaydi. Ayniqsa, mushkul damlar odamzodning esida uzoq saqlanib qoladi. Qamalda bo‘lgan odamlar hali ham o‘sha damlarni yaxshi eslashadi. To‘qqiz yuz kun davom etgan qamal... Non o‘rniga yelim qaynatib yegan odamlar... Yaqin kishilarining ochlikdan sillasi qurib o‘layotganini kuzatgan, oxiri o‘zi ham vafot etgan qizcha Tanyaning kundaligi. Qirq ikkinchi yilning yanvar-fevral oylarida bir shaharning o‘zida ochlikdan halok bo‘lgan 200 ming kishi... Urush bo‘layotgan joylardan keltirilgan 240 ming yetim bolaga o‘zi yeb turgan nonni yegizgan o‘zbek xalqining mislsiz saxovati... bu kunlarni unutib bo‘larmikin? Donishmand xalq «Eski chorig‘ingni unutma», degani bejiz emasdir...

Chilonzorda nonni koptok qilib futbol o‘ynayotgan bolalarni ko‘rganimda, shimining qirrasi chiqarib dazmollangan ziyolinamo kishi menga dashnom berganida, ko‘kragi semiz xotin men «bezorini» militsiyaga topshirmoqchi bo‘lganida shularni esladim.

Non isi

Kunlardan birida sulton Husayn Boyqaro dunyoda eng yoqimli hid taratuvchi narsani keltirishga amr etibdi. Vaziru vuzarolar sandal daraxtidan tortib eng muattar gulgacha saroyga olib kelibdilar. Biroq shahanshoh taskin topmabdi. Saroy a'yonlari nima qilishini bilmay, oxiri Alisher Navoiydan madad so‘rab boribdilar. «Sultonga tandirdan yangi uzilgan bir savat non olib boringlar», debdi hazrat Alisher. Chindan ham podsho dunyoda eng yoqimli bo‘y tandirdan yangi chiqqan non isi ekanini e'tirof etibdi.

Bu bir afsona. Biroq har qanday rivoyat zaminida haqiqat bo‘ladi.

...Xalqimizning ajoyib udumlari bor. Yangi farzand ko‘rgan onaning ko‘ksiga darrov issiq non qo‘yadilar. Nimaga? Ehtimol yorug‘ dunyoga endi kelgan bolaning vujudiga ona suti aralash non isi ham kirsin, deb shunday qilishar. Go‘dak kechasi bosinqiramasin deb beshikka, yostig‘ining tagiga bir burda non qo‘yishadi. Bola yo‘lga kirishi bilan oyog‘ining orasidan kulcha yumalatib tikroq bolalarga obqochtirishadi. Bola esini tanishi bilan «Non - tabarruk, nonni oyoqosti qilish - gunoh», deb qulog‘iga quyishadi... Safarga chiqqan odam, yo‘lda hamroh bo‘lsin, deb non olvoladi. Ko‘pkariga kirgan chavandoz beliga non tugib, keyin otga minadi. Onalarimiz sovchilikka borsa, tuguniga albatta non tugib boradi. Ikki yoshning boshini qovushtirishdan oldin sadoqatga, baxtga qasam sifatida o‘rtada non ushatiladi. Keksalar birovni alqasa «Nonday aziz bo‘l!» deb duo qiladilar.

Xalqimiz nonni behurmat qilgan odamni eng razil kimsa hisoblaydi. El o‘rtasida «nonko‘r», «nontepki» degan tamg‘adan ortiq haqorat yo‘q. Odam eng mushkul paytda non nomi bilan qasam ichadi. «Non ursin», degan ont eng og‘ir qasam! Nima, bu ham shunchaki asossiz e'ti-qodmi? Yo‘q! Insoniyat nonni kashf etganiga 15 ming yil bo‘libdi. Nonni imon darajasiga, vijdon darajasiga ko‘targan xalq bu ishni ongli ravishda - bilib qilgan. Buni qarangki, go‘dak bolaning yostig‘i ostiga non qo‘yishning xosiyatini zamonaviy tibbiyot to‘la tasdiqlaydi. Non isida havoni tozalovchi, inson asabini tinchlantiruvchi barcha elementlar bor ekan. Qiziq, nima uchun inson bolasi go‘shtsiz, yog‘siz, boshqa oziq-ovqatlarsiz bemalol yashaydi-yu, nonsiz yashay olmaydi? Axir oqsil yoki kraxmal deymizmi, uglevod yoki vitamin deymizmi, boshqa narsalarda ham bor-ku! Qizig‘i shundaki, nonda inson hayoti uchun zarur bo‘lgan barcha narsalar bor ekan. Ular shu qadar mutanosib joylashgan ekanki, non inson bolasining me'dasiga hech tegmas ekan. Buni ham zamonaviy meditsina tasdiqlaydi.

Arzon, ammo bebaho

Ehtimol, bolasi gilamga loyli oyog‘i bilan chiqsa, bir tarsaki uradigan odam, o‘sha bolasi nonni loyga tashlab yuborsa parvo qilmas. To‘g‘ri, balki o‘sha gilam ikki ming so‘m turar, balki bolasi yerga tashlagan non ikki tiyin turar. Ammo odam och qolganida ikki ming so‘mlik gilamni pishirib yeyolmaydi, joniga ikki tiyinlik non ora kiradi.

Bir kilo un yetishtirib olish uchun to‘rt kvadrat metr maydonga bug‘doy sepish kerak. Agar har kuni har bir oilada har bir odamdan yarim burda non «ortib qolsa», bir oyda necha kilo bo‘ladi? Bir yilda necha tonna bo‘ladi? Bir tonna unga ketadigan bug‘doyni yetishtirish uchun to‘rt ming kvadrat metr maydonda dehqonchilik qilish zarur! Biroq non degani bug‘doy sepishning o‘zi emas. Shuncha maydonni haydash kerak, boronalash kerak, o‘g‘itlash, sug‘orish, o‘rib olish, yanchish, xirmonga tashish, tozalash, un qilish, zavodga olib kelish... Nihoyat, non yopish, magazinga eltib borish... Shuncha ish uchun qancha yer, qancha o‘g‘it, qancha texnika, qancha yonilg‘i, ni-hoyat, qancha odamning mehnati sarf bo‘ladi? Insof bilan aytganda, bir kilo nonning qimmati bir kilo oltin qimmatidan past emas.

Hisob-kitob qanaqa bo‘lishini chet elga borganlar yaxshi bilishadi. Manaman degan eng badavlat mamlakatga boring. Manaman degan restoranga kiring. Har burda nonni «qulog‘ingizga o‘lchab» beradi!

Birlashgan Millatlar Tashkilotining axborotini o‘qiganimda o‘zim ham avvaliga hayron qoldim. Faqat bir yil mobaynida - 1979 yilda yer yuzida 50 millionga yaqin odam ochlikdan qirilib ketibdi. Keyingi paytlarda Hindistonda «Yashil revolyutsiya» amalga oshirilgani, ya'ni qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirish keskin ko‘payganligiga qaramay, bu mamlakatda 350 million odam to‘yib ovqat yemas ekan. Indoneziyada 33 million, Bangladeshda 27 million, Nigeriyada 14 million, Braziliya, Efiopiya, Pokistonda 12 milliondan ziyod odam ochlik azobidan qiynalarkan. 1983 yili Yer kurrasida har kuni 40 ming bola ochlikdan o‘lgan ekan. Har kuni! Osiyo, Afrika, Lotin Amerikasidagi qator mamlakatlarda-ku, bir burda non uchun tilanchilik qilib «baxshish» so‘raydigan bolalar har qadamda uchraydi. Minglab bolajonlar, qizaloqlar... Hatto taraqqiy etgan Italiyada ham bir yarim million bola bir burda non topish uchun eng og‘ir mehnat qiladi. Jahondagi eng boy mamlakat Amerika Qo‘shma Shtatlarida har yili 150 ming bola duch kelgan yumushlarni bajarar ekan.

Bu gaplarni «ichimdan to‘qib» chiqarayotganim yo‘q. Bunaqa dahshatli dalillarni Amerika jurnalisti Dotston Reydjer yozgan. Bu gaplar yuz yil oldingi voqealar emas, bizning zamonamizda, yigirmanchi asrning so‘nggi choragida yuz berayotgan voqealar...

Bolasi gilamga loyli oyog‘i bilan chiqsa jazolaydigan, ammo o‘sha bola nonni yerga uloqtirib yuborsa parvo qilmaydigan odamlarni ko‘rganimda, nonni futbol qilib tepayotgan bolalarni tiriqtirib quvlaganimda, shimining qirrasi chiqarib dazmollangan ziyolinamo kishi dashnom berganida, ikkinchi qavatda yashaydigan o‘sha xotin men «bezori»ni militsiyaga topshirmoqchi bo‘lganida shularni o‘yladim. «Non boladan aziz bo‘ptimi?» deb qoshini chimiradigan odamlarni ham ko‘p ko‘rdim. O'shanda shunday deb hayqirgim keldi: «Ha, non - boladan aziz bo‘lishi mumkin!» Judayam mumkin! Mashaqqatli urush yillarida bolam ochlikdan o‘lmasin deb birovlarning eshigiga, choyxonalarga, yetimxonalarga tashlab ketgan odamlar bor! Hali ular tirik. Faqat bu to‘g‘rida gapirgisi kelmaydi! To‘qlikka sho‘xlikning ham chegarasi bo‘ladi. Bolangiz esini tanimasidanoq qulog‘iga quying: nontepki bo‘lmasin».

To‘qlikka - sho‘xlik

Leningradda ajoyib odat bor. Do‘konga kirib ikki buxanka non olsangiz, darrov so‘rashadi: «Oilangizda necha kishi bor, shuncha nonni nima qilasiz?»

Bu ham inson xotirasining barqarorligidan nishona. Azbaroyi non taxchilligidan emas, nonni isrof qilish koni gunoh ekanidan nishona. Bizda sal boshqacharoq. Non do‘koniga kirgan odam xohlagancha oladi. Bitta, uchta, o‘nta... Ikkitasini bola-chaqalari bilan yeydi, qolganini... molga beradi. Qarabsizki, yarim yil ichida buqasini non bilan semirtirib, mo‘may daromad qilib turibdi. Ana sizga nondan keladigan «sof foyda».

Ko‘pincha yoshlardan noliymiz: «Yoshlar undoq bo‘p ketdi, bundoq bo‘p ketdi, qadr-qimmatni bilmaydi...» Ochig‘ini aytsam, yoshlardan hadeb noliydigan odamlarni unchalik hurmat qilmayman.

Vijdonni o‘rtaga qo‘yib aytaylik: to‘ylardagi isrofgarchiliklarga, ayniqsa, non isrofgarchiligiga kim sababchi: yoshlarmi, kattalarmi?! Men otaxonlarimizu ona-xonlarimizni, umuman, keksalarimizni, ajoyib udumlarimizni chuqur ehtirom bilan hurmat qilaman. Ammo aytaylik, to‘y yoki ma'rakada necha qop un yopishni kim hal qiladi? Yoshlarmi, keksalarmi! Har bir mehmonning oldiga albatta non sindirish, dasturxonda tayyor non turganiga qaramay «issig‘idan» tag‘in ushatishni kim hal qiladi! Birovning aybini topish qiyinmas, o‘zimizga ham chetdan bir qarab ko‘raylik!

* * *

Yana bir teskari haqiqat: nonning isrof bo‘lishiga... non zavodlari ham aybdor. Nonni yomon deyish - gunoh. Ammo, insof bilan aytganda, zavodlarda yopilayotgan nonlar judayam sifatli emas. Men Toshkentdagi non zavodlaridan birining direktori bilan ochiqchasiga suhbatlashdim. «Rostini ayting-chi, - dedim kulib, - dasturxoningizda o‘z zavodingizdan chiqqan non bo‘lsa-yu, yana xonaki tandirda yopilgan non tursa, qaysi birini yerdingiz?!» Direktor bir lahza jim turdi-da, oxiri chidolmadi. O'zi ham kulib yubordi: «Tandir nonni yerdim!»

To‘g‘ri, bir kunda besh-olti tandir non yopish boshqa, har kuni 300 tonna undan non tayyorlash boshqa. Lekin modomiki texnika bor ekan, a'lo sifatli un bor ekan, nonni shunday yopish kerakki, burdasi ham, uvog‘i ham uvol bo‘lmasin!

Albatta, bu gaplar hech qachon o‘zimizning zimmamizdagi mas'uliyatni susaytirmaydi. Aslida, bu katta mas'uliyat ham emas, insonning oddiy qoidasi. Nonni e'zozlash - imonni mahkam tutmoq, demak, vijdonni mustahkam ushlamoq demakdir.

* * *

Dunyoda odamlarni bir-biri bilan bog‘lab turuvchi iplar ko‘p. Qarindoshlik ipi, qadr-qimmat ipi, yana nima desak ekan... manfaat, mol-dunyo, pul... Xullas, turi ko‘p. Lekin zamonlarni zamonlar bilan, insonlarni insonlar bilan bog‘lovchi eng mustahkam vosita bor. Bu - e'tiqod! E'tiqodi pok, iymoni but insonlar Yer yuzida hamisha bo‘lgan. Bundan keyin ham bo‘ladi. Aslida dunyoni shunday kishilar yelkasida tutib turadi.

«...Don sepuvchi dehqon Odam Ato farzandi, balki undan rizq yeganlar - shu dehqonning farzandi. Uning o‘zi esa Odam Atodir!»

Bu so‘zlarni hazrat Alisher Navoiy aytganlar. Navoiydek vali inson don sepuvchi dehqonni Odam Atoga qiyoslayapti! Bu bejiz emasdir, axir!

Modomiki, oramizda bittami, o‘ntami, yuztami non-tepki bor ekan, ular e'tiqodimizni haqorat qilgan bo‘ladi. Modomiki shunday ekan, nonni ko‘zga surtib e'zozlash doimiy udumimiz bo‘lib qolaveradi. Shunday ekan, biz birovga eng yaxshi tilak bildirganimizda «Nonday aziz bo‘ling!» deymiz.

O'tgan yili televidenieda, «Bahs» ko‘rsatuvida nonni xorlayotganlar haqida ancha keskin gaplar aytildi. Ko‘rsatuv yuzasidan mingga yaqin xat keldi. Shular orasida urush faxriysi andijonlik Turg‘unali akaning bir gapi menga, ayniqsa, qattiq ta'sir qildi. U kishi bunday noinsoflarga gap ta'sir qilmasligi, agar davlat tomonidan nonni isrof qiluvchilarni jazolash haqida qonun chiqsagina, yoki Xudo ko‘rsatmasin, non deganda kesak g‘irillab o‘shanaqalarning o‘zi och qolsagina esi joyiga kelishini aytibdi.

Bu gapda achchiq, juda achchiq haqiqat bor!

1984 yil.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.