background
logotype

O‘tkir Hoshimov. Qalbning oppoq daftari (1981)

Rivoyat qiladilar: kunlardan birida sulton Husayn Boyqaro shikorga — ovga chiqishni ixtiyor etdi. Unga hazrat Alisher Navoiy hamroh bo‘ldi. Shikordan qaytar ekanlar, bir qishloqdan o‘tdilar. Ko‘cha chetida turgan olti-etti yoshlardagi bolakay salom berdi. Sulton Husayn qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, alik oldi-yu, o‘tib ketaverdi. Alisher Navoiy esa bolani ko‘rib otini to‘xtatdi. Pastga tushib bola bilan qo‘shqo‘llab ko‘rishdi. Keyin tag‘in otiga minib, yo‘lida davom etdi. Navoiyning bu ishi shahanshohni hayron qoldirdi.

— Mavlono, — dedi u Navoiyga yuzlanib, — siz saltanatning vaziri bo‘lsangiz, buning ustiga jahonga taniqli shoir bo‘lsangiz, nainki go‘dak bir bolaga shunchalar muruvvat ko‘rsatursiz?!

— Olampanoh, — dedi Navoiy jilmayib. — Gap bolada ermas. Gap shundaki, bir vaqtlar shu bolaning bobosi menim savodimni chiqazgan erdi. Men ustozimning yetti pushti oldida hamisha qarzdordurmen...

Bu voqea chindan ham bo‘lganmi-yo‘qmi, noma’lum. Biroq Navoiydek zukko insondan xuddi shunday harakatni kutish hech kimni ajablantirmaydi. Umuman, hamma xalqlar hamma zamonlarda o‘qituvchini buyuk inson hisoblagan. O‘zbeklar hurmat qilgan kishisini, ilmli odamlarni ustoz, domla deb izzatini joyiga qo‘yadi. Ozarbayjonlar muallim deb ehtirom ko‘rsatadi. Tojiklar ustod deydi. Ruslar uchui «uchitel» degan so‘z juda keng ma’noni anglatadi. Biroq bu so‘zlarning hammasini yagona ma’no - katta hurmat ma’nosi birlashtirib turadi.

O‘qituvchilarning moddiy va ma’naviy ta’minoti keyingi yillarda bir qadar yaxshilandi. Bu borada yana ko‘p xayrli ishlar qilinmoqda. Shunga qaramay ayrim odamlarning o‘qituvchilik kasbiga munosabati meni ko‘p o‘ylantiradi. Bugungi kunda o‘qituvchining obro‘si qay darajada?

Esimda, o‘shanda yosh bola edim. Biroq aniq yodimda bor: elliginchi yillarda g‘alati qoida bor edi. Birovning qiziga o‘qituvchidan sovchi kelsa, ota-onasi deyarli ikkilanmasdan rozi bo‘lardi. Hozir o‘qituvchidan qiziga sovchi kelsa, ensasi qotadigan ota-onalar oz emas. Lekin, «beli baquvvat» odamdan sovchi kelsa, deyarli ikkilanishmaydi. Ilgarilar davraning eng to‘rida o‘qituvchi o‘tirardi. Hozir... Bilmadim, har qalay hamma davraning to‘rida ham o‘qituvchi o‘tiravermaydi. Yaqinda «boyvachcha» yigitlar davrasiga kirib qoldim. Xo‘p zamonaviy kiyingan, ko‘rinishidan ziyolinamo, tilla tish qo‘ygan yigit g‘alati latifa aytib berdi. Bir odamning bolasi o‘lgudek sho‘x ekan. Buning ustiga nuqul «ikki» olarkan. Biroq dadasi badavlat kishi ekan. Bir kuni o‘qituvchi uning uyiga hasrat qilib kelibdi. Shundoq-shundoq, bolangizning xulqi yomon, o‘qishning mazasi yo‘q, bu ketishida odam bo‘lishi qiyin, debdi. Otasi o‘ylab o‘tirmasdan qo‘l siltabdi. Baribir uyda ham bekor yuradi-da, maktabga qatnab tursin, ja-a-a bo‘lmasa, ma’lim-pa’lim bo‘lar, debdi. Davradagilar xaxolab kulishdi. Men zil ketib o‘tirardim. Ehtimol, bu shunchaki xushchaqchaq latifadir. Lekin uning tagida juda mudhish ma’no bor. Nahotki, o‘qituvchi degan kasbning qadri shunchalik pasayib ketgan bo‘lsa?! Buning uchun kim aybdor, nima aybdor! Axir biz maktabda o‘qiganimizda o‘qituvchiga faqat bolalarning emas, ota-onalarning ehtiromi ham g‘oyat kuchli ediku. Qishlokdami, shahardami, eng ta-barruk kasb o‘qituvchilik kasbi sanalardi-ku.

Birinchi marta maktabga borganim esimdan chiqmaydi. Birinchi kuni darsga kirdim-u, ertasiga bormay qo‘ya qoldim. O‘qituvchimiz chiroylimas ekan. Burnipi enlay olmaydigan mendek jibilajibonning o‘qituvchi chiroyli-chiroyli emasligi bilan necha pullik ishi borligini hamon tushunolmayman. Lekin o‘qituvchi opa yoqmadi, vas-salom! Uyga kelib, ikkinchi marta maktabga bormasligimni «tantana bilan» e’lon qildim. Dadam bunaqa obi diydalarni eshitsa ayab o‘tirmasdi. Uch kundan keyin yana maktabga zipillab qoldim. Ammo o‘qituvchimni baribir yaxshi ko‘rolmasdim. Keyin qizamiq toshib yotib qol-dim. Shunda qiziq voqea bo‘ldi. Xuddi o‘sha o‘zimga yoqmagan o‘qituvchi opa meni ko‘rgani keldi. Anchagacha boshimni silab o‘tirdi. O‘sha kundan boshlab opam men uchun dunyodagi eng chiroyli odam bo‘lib qoldi...

Xo‘sh, hozir pedagoglar orasida shunday o‘qituvchilar yo‘qmi? Bor! Oz emas. Qishloqda ishlaydigan Asqar Jo‘raev degan fizik do‘stim bor! (Darvoqe, bu yigit shoir Sulton Jo‘raning jiyani bo‘ladi.) Har gal shu do‘stim bilan suhbatlashganimda, uning ilm doirasi naqadar kengligiga qoyil qolaman. Eynshteynning nis-biylik nazariyasini menga shu yigit tushuntirib bergan. Mayli, bu-ku, o‘zining sohasi. Biroq u adabiyotni jonidan yaxshi ko‘radi. Bundan tashqari uyida dinning kelib chiqishiyu yo‘nalishlaridan tortib, Amerika milliarderlari hayoti tasvirlangan kitoblargacha — hammasi bor. Bu yigit bilan qaysi sohada gaplashmang, bemalol fikrlashadi.

Yaqinda bundan rosa yigirma yil ilgari maktabni bitirgan yigitlar bir piyola choy ustida suhbatlashdilar. Suhbatga meni ham taklif qilishdi. Ular orasida agronom bilan mexanizator ham, medik olim bilan geografiya fanlari nomzodi ham, shoir ham bor edi. Ham-malari bolalik yillarini eslab chuvillashar, o‘zlari ham yosh bolaga aylanib qolishgandi. Ularning shu holatini tomosha qilishning o‘zi zavqli edi. Shu payt xonaga qorachadan kelgan, gavdali kishi kirib keldi. Yoshlar gurr etib o‘rinlaridan turishdi. Mehmonni quchoqlab ketishdi. Bu — ularning sobiq domlasi edi. Yigitlar birdan muloyim tortib qolishdi. Yo‘q, ular o‘rtasida samimiy suhbat uzilmadi. Biroq o‘qituvchining salobati bosgani uchun hurmatini joyiga qo‘yib o‘tirishardi.

Ko‘rinib turibdiki, hurmatga loyiq muallimlar ham, ustozini hurmat qiladigan shogirdlar ham ko‘p. Biroq baribir keyingi yillarda o‘qituvchi degan unvonning oliy darajasi ayrim kishilar nazarida o‘zgarganligi ham rad etib bo‘lmaydigan gap. Xo‘sh, buning sababi nima? Nazarimda, buning o‘qituvchiga bog‘liq bo‘lgan sub’ektiv sabablari ham, bog‘liq bo‘lmagan ob’ektiv sabablari ham bor.

Keling, eng avval o‘qituvchining o‘ziga bog‘liq bo‘lgan tomonlarini olaylik. Bundan yigirma-o‘ttiz yil ilgari shaharda ham, ayniqsa, qishloqda o‘qituvchi darajasidagi ilmli odamlar kam edi. O‘qituvchi bilgan narsani, pedagog o‘qigan kitoblarni ko‘pchilik bilmas, ko‘pchilik o‘qimagan bo‘lardi. Endi shaharda ham, qishloqda ham barcha ilmli. Har bir qishloqda ikki-uch nafardan olim bor. Mana shu ilm taraqqiyoti oldida o‘qituvchi yarq etib ajralib ko‘rinmaydigan bo‘lib qoldi. Kechagi shogird bugun o‘qituvchining o‘zidan ko‘ra ko‘proq ilmga ega. Xo‘sh, bunday vaziyatda pedagog nima qilishi kerak? Bunday holatda u faqat bir yo‘l bilan o‘z mavqeini saqlab qolishi mumkin. U faqat konspekt tuzish bilan ovora bo‘lmasdan, o‘z ustida muntazam ishlab borishi kerak. Holbuki, o‘qituvchilar orasida o‘z fanini naridan-beri bilib olib, darsga kirib-chiqib yuradigan pedagoglar oz emas. Haftada falon soat darsi bo‘lsa, shuni o‘tib falon so‘m oyligini olsa bo‘ldi. Boshqa narsa bilan ishi yo‘q. Bunday vaziyatda pedagog albatta boshqalardan ajralib turolmaydi-da! U faqat o‘qituvchi bo‘libgina qolmasdan, ziyolilarning yo‘lboshchisi bo‘lishi kerak-ku!

Keyingi paytlarda matbuotda o‘qituvchining kiyinish madaniyati haqida ko‘p gaplar bo‘ldi. Bu masalaga faqat bir tomonlama qarash, menimcha, to‘g‘ri emas. Ya’ni, pedagog albatta qordek oppoq yoqali ko‘ylak, qirrasi chiqarib dazmollangan shim kiyib yurishi, galstuk taqishi shart, deyishadi. Shahar o‘qituvchisi uchun bu shartlar mos keladi. Biroq qishloq o‘qituvchisining ahvoli ancha mushkulroq. Chunki, u bolalar bilan qo‘shilib dalaga chiqadi. Uyida moliga, tomorqasida ekiniga qarashi kerak. Demak, u xohlaydimi-xohlamaydimi qishloq o‘quvchisining ko‘ziga eski ko‘ylak, dazmollanmagan shim, chang bosgan etikda ko‘rinishi mumkin. Negaki, qishloqda hamma narsa hammaning ko‘z o‘ngida bo‘ladi. Biroq bu gap o‘qituvchi maktabga isqirt kiyinib borsin degan ma’noni mutlaqo anglatmaydi. U maktabda, yig‘ilishlarda, to‘y-ma’-rakalarda nihoyatda zukkoligi bilangina emas, tashqi madaniyati bilan ham ajralib turishi kerak. Bu borada faqat bolalargina emas, hamqishloqlari ham undan o‘rnak olishi lozim. Bu, shubhasiz, o‘qituvchining o‘ziga bog‘liq bo‘lgan masala. Albatta, pedagog dehqonchilik qilsa (ayniqsa, qishloq joyda) ekin-tikin qilsa, buning hech bir yomon joyi yo‘q.

Nihoyat, o‘qituvchining o‘ziga bog‘liq bo‘lgan va hammaning oldida uning obro‘sini uch pul qiladigan yana bir jiddiy masala bor. Afsus, ming afsuslar bo‘lsinki, pedagoglar orasida bolaning ilmiga emas, uning ota-onasi tutgan mavqeiga qarab baho qo‘yadiganlari bor. Falonchixon falonchi amaldorning tantiq qizchalari bo‘lgani uchun «uch»mas, «to‘rt» qo‘yilsa, falonchijonning otasi «o‘z bahosi»ga finskiy etik olib bergani uchun «uch» o‘rniga «besh» qo‘yilsa, buni nima deb baholab bo‘ladi? Pedagog bu bilan o‘z obro‘sini shamolga sovursa, mayli. Bunga loyiq odam ekanki, shunday qilibdi. Lekin bu yerda boshqa, nihoyatda jiddiy masala bor. Dunyoda ikki toifa odamlar eng sezgir bo‘ladi. Birisi — ijodkorlar, birisi — bolalar. Xuddi o‘sha amaldorning «uch» o‘rniga «to‘rt» olgan qizchasi bilan bir partada o‘tirgan dugonasi hech nimani payqamaydi, deb o‘ylaysizmi? Xuddi o‘sha «foydali» odamning o‘g‘ilchasi bilan bir partada o‘tirgan o‘rtog‘i hech nimani ko‘rmaydi, deb o‘ylaysizmi? Bilasizmi, bu qanday oqibatga olib keladi? Buni ko‘rgan bolalar faqat o‘qituvchidan hafsalasi pir bo‘lib qolmaydi. Faqat ilmdan sovib qolmaydi. Buni ko‘rgan bolalar umuman hayotga boshqacha munosabatda bo‘lishni o‘rganadi. Chayqov bozorida go‘sht bilan chayqovchilik qilish, telpak bilan chayqovchilik qilish — bor gap. Biroq ma’naviyat bilan chayqovchilik qilishni jinoyatning qaysi darajasiga kiritish kerak? Axir bu eng og‘ir jinoyat-ku. Nahotki, bolalarga ma’naviyatni o‘rgatadigan pedagog shunchalik pastkashlik qilsa? Biz xohlaymizmi-yo‘qmi, pedagoglar orasida shunday shaxslar yo‘q emas.

Endi o‘qituvchi degan sharafli nomning qadri pasayishiga olib kelgan ba’zi ob’ektiv sabablar haqida — pedagogning o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan sabablar to‘g‘risida gaplashib olsak. Mana o‘sha sabablar. Avvalo shuni aytish kerakki, har kimda yaxshi yashashga intilish bo‘lishi tabiiy. Biroqbu intilish chegaradan chiqib ketsa, «foydasi kam» kasb egalariga, jumladan, o‘qituvchiga ham hurmat pasayadi. Bunday kishilar odamni kimdan qanday foyda kelishiga qarab baholashadi. O‘qituvchi birovga, aytaylik, qimmatbaho dublyonkani «shapkasiz» olib berishni eplolmaydi. Bu uning vazifasiga kirmaydi ham. Birovning kvartira olishiga ko‘mak berolmaydi. Birovning tilla tishini navbatsiz qo‘yib berolmaydi va hokazo, va hokazo. Hamma narsani o‘ziga keladigan foyda bilan o‘lchaydigan odamlar esa o‘qituvchi haqida boyagi aytilgan latifaga o‘xshash gaplarni to‘qib yurishadi. Ular uchun o‘qituvchi — o‘qituvchi. Shundan boshqa hech kim emas. Biroq bunday odamlar bitta eng muhim narsani esdan chiqarishadi. Eng yaxshi dublyonkani nari borsa o‘n yil kiyish mumkin. Eng yaxshi kvartirani oxir-oqibat navbat bilan olsa bo‘ladi. Eng yaxshi tilla tish ovqat chaynash uchun, nari borsa og‘izni yaltiratish uchun kerak. Biroq o‘qituvchining vazifasini bularning birortasi bilan solishtirib bo‘lmaydi. Negaki u moddiy boylik yaratmaydi. Uning mehnati bugun yoki ertaga ko‘rinmasligi mumkin. Biroq bizning bolamiz yigirma yildan keyin kim bo‘li-shi xuddi mana shu kasb egasi — pedagogga bog‘liq. Agar pedagog yomon dars bersa, yomon saboq bersa, buning achchiq mevasini o‘qituvchidan ko‘ra ko‘proq o‘zimiz «maza qilib» symiz. Ana o‘shanda dod-voyning foydasi kam bo‘ladi. Odamlar o‘rtasidagi meshchanlik munosabatlari, mol-dunyoga hirs qo‘yish kattalardan ko‘ra bolalarga keskinroq ta’sir qiladi. Bir misol. Yaqinda bir o‘qituvchi o‘rtog‘im hasrat qilib qoldi. Uyida katta janjal bo‘pti. U, hatto oilasi bilan ajrashishga ham tayyor. Hamma gap to‘qqizinchi sinfda o‘qiydigan qizidan boshlangan. Qizchaning sinfdosh dugonasi bor ekan. Do‘stimning qizi dugonasining uyiga tez-tez chiqib yurgan. Bir kuni dadasiga ochiqdan-ochiq «bayonot» bergan. «Men o‘ninchi sinfni bitirishni xohlamayman. Ming yaxshi o‘qiganim bilan baribir badavlat bo‘lolmaymiz. Ana, o‘rtog‘imning hovlisida fontangacha bor. Dadasi bazada ishlaydi. O‘rtog‘imga dublyonka oberibdi». Ehtimol, yana bechora savdo xodimi ro‘kach qilinyaptimi, degan savol tug‘ilar. Rostini ayti-shim kerak. Savdo xodimlarida hech qanday xusumatim yo‘q. Ular orasida juda yaxshi do‘stlarim, o‘z vazifasini juda halol bajaradigan yigit-qizlar ko‘p. Men ularni chin dildan hurmat qilaman. Biroq naridan-beri o‘rta ma’lumot olgan ayrim yulg‘ichning hovlisida «fontan otilib tursa», qo‘sha-qo‘sha mashinasi bo‘lsa, bu atrofidagi odamlarga ta’sir qilishi mumkin. O‘qituvchi do‘stimning qizi hali yosh. Biroq do‘stimning aytishiga qaraganda, qizchada, bunday kayfiyat uyg‘onishiga ko‘p jihatdan onasi sababchi bo‘lgan. Xotin topish-tutishning mazasi yo‘qligini aytib har kuni erini «egovlagan». Albatta, har kim o‘z vazifasini bajaradi. O‘qituvchi bolalarga ham ilm, ham ta’lim beradi. Binokor imorat quradi. Vrach bemorni davolaydi va hokazo. Lekin kasbini daromad manbaiga aylantiradigan shaxslar yo‘q emas. «Defitsit» degan balo bor. Shu balo bor ekan, ayrim yulg‘ichlarning oshig‘i olchi bo‘laveradi. Ko‘pincha «defitsit» sun’iy ravishda yo‘q joydan bor qilinadi.

Shubhasiz, har bir kasb o‘zicha sharafli. Har hunarning o‘z falsafasi bor. Pedagoglik kasbining falsafasi hammadan ko‘ra murakkabroq. Murg‘ak bolaning oppoq qalb daftariga insoniylik degan so‘zni yozish huquqi faqat o‘qituvchiga berilgan. Aytaylik, dehqon yerga nobop urug‘ sochsa bir yil hosilsiz qoladi. Agar pedagog bolaning qalbiga nobop urug‘ sochsa-chi? Bu narsa bir umrlik fojiaga olib kelmaydimi? Bu fojia bir ki-shining emas, ko‘plarning fojiasiga aylanmaydimi? Hayotda hamma narsa bir-biri bilan bog‘liq-ku. Shu boisdan men boshqa bironta kasbni o‘qituvchilik hunari bilan tenglashtira olmayman.

Yana bir muammo. Yozda bir qishlokda to‘yda bo‘ldim. (Keling, manzilini aytmay qo‘ya qolaylik.) To‘yni rayon ijroiya qo‘mitasining raisi ochdi. Kelin bilan kuyovni tabrikladi. Keyin to‘satdan poygakroqda o‘tirgan maktab direktoriga ko‘zi tushib qoldi-yu, qo‘lida mikrofon bilan murojaat qildi:

— Iya, domlajon, siz ham shu yerdamisiz? Kecha bolalarni chopiqqa nega kam olib chiqdingiz?

Rostini aytsam, tovonimdagi jonim hiqildog‘imga keldi. Avvalo bu rayispolkomning majlisi emas, to‘y. Bunaqa gapning o‘rni yo‘q. Qolaversa, maktab direktori kolxozning raisi ham, brigadiri ham, agronomi ham emas. Rayijrokom raisining maktab direktoriga, bolalarni nega chopiqqa olib chiqmading, deb tergashiga nima haqqi bor?

Ba’zan hayron qolaman. Nari borsa o‘rta ma’lumotga ega bo‘lgan kolxoz brigadiri maktab direktorini yoqasidan olgudek bo‘ladi. Bunda pedagogning obro‘si qayoqqa ketadi? Axir xuddi o‘sha rais, xuddi o‘sha brigadirning bolalari xam maktabda o‘qiydi-ku. Xuddi o‘sha pedagog unga dars beradi, ta’lim beradi-ku. Axir o‘sha to‘yda o‘sha direktorning qo‘lida o‘qiydigan yigit-qizlar xizmat qilib yurgan edi-ku. Modomiki ijrokom raisi rayon rahbarlaridan biri ekan, pedagog obro‘sini tushirish emas, aksiyacha, ko‘pchilik o‘rtasida osmon qadar ko‘tarishi kerak edi.

Keyingi yillarda tag‘in bir masalani juda ko‘p o‘ylayman. Qaysi maktabga bormang, yuz protsent o‘zlashtirish uchun harakat qilib yotibmiz, deyishadi. Ko‘p yaxshi intilish. Vizda ilm olish bepul. Davlat har bir o‘quvchi uchun mablag‘ saflaydi. Binobarin, bolaning sinfdan-sinfga ko‘chmay qolishi moddiy jihatdan ham, ma’naviy jihatdan ham zarar. Biroq, hatto shu sohada ham rejani o‘ylash o‘zini oqlarmikin. Keyingi paytlarda o‘quv programmalari murakkablashib ketdi. Ochig‘ini aytsam, yuqori sinfda o‘qiydigan o‘g‘il-qizlarimning matematika masalalarini yechishga ba’zan yordam beray deyman-u, uyalib qolaman: aqlim yetmaydi. Shunday ekan, sinfda o‘qiydagan o‘ttiz bola orasida, aytaylik, bir-ikki o‘quvchi o‘zining tabiiy qobiliyatiga qarab u yoki bu fanni o‘zlashtira olmasligi mumkinmi? Xo‘sh, shunday bolani sun’iy ravishda sinfdan-sinfga ko‘chirish qanday bo‘larkin? Menimcha, buning ikkita zararli tomoni bor. Birinchidan, hozirgi asr — fan asri, texnika asri. Maktabni bitiradigan bola qaerda, kim bo‘lib ishlashidan qat’i nazar ilmli bo‘lishga majbur. Chalasavodlik bilan qo‘lga kiritilgan attestatni yetuklik attestati deb bo‘lmaydi. Ikkinchidan (menimcha, eng muhimi ham shu bo‘lsa kerak), o‘qituvchi o‘quvchiga sun’iy ravishda «ikki» o‘rniga «uch» qo‘ydi deylik. Bu narsa o‘qituvchinyng oyoq-qo‘lini bog‘lab o‘quvchiga topshirish degan gap emasmi? Bolaning o‘qisam ham, o‘qimasam ham domla baribir «uch» qo‘yadi degan fikr ongiga o‘rnashdimi, oqibatYa xunuk bo‘ladi. Bundan tashqari, xuddi o‘sha bola bilan bir partada o‘tiradigan boshqa o‘quvchida shunday fikr uyg‘onmaydi, deb kim kafolat bera oladi? Falonchi o‘kimasa ham «uch» oladi, men o‘qisam ham «uch» olaman, deb o‘ylagan bolaning ilmga, maktabga, umuman hayotga munosabati qanday bo‘ladi? Axir o‘qituvchi faqat ilmli odamni emas, umuman, insonni tarbiyalaydi-ku. Bu holda pedagogning tarbiyachilik xususiyati qaerda qoladi?

Menimcha, maktablarni ta’mirlash borasida ham ba’zi noqulay holatlar bor. Har yili yoz kelishi bilan maktablarning o‘qituvchilari ota-onalarga ohak, bo‘yoq, oyna «soliq»lari solib qolishadi. Juda bo‘lmasa hashar bilan maktabni ta’mirlashga qarashish kerak. Albatta, yuqori sinf o‘quvchilari o‘z maktabida hashar qilsa, buning hech qanday yomon joyi yo‘q. Biroq qurilish materiallari yetishmasligi muammosini bir yoqlik qilish kerak. Negaki, pedagogning ota-onaga «material»dan yordam berishni so‘rab murojaat qilishining o‘zi ham uning obro‘siga putur yetkazadi.

Nazarimda, pedagogika fanlari ilmiy-tekshirish instituti zimmasida ham o‘qitish metodikasini takomillashtirish borasida qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘p. Hali bu masala ham maromiga yetgan, deb bo‘lmaydi.

Respublikamizda rus tilini o‘rganishga jiddiy e’tibor berilyapti. Biroq o‘zbek tili, o‘zbek adabiyotini o‘rganish borasida qilinayotgan ishlar yetarlimi? O‘zbek adabiyoti qay darajada o‘qitilayotganligi muhokama qilinadimi? Bilmadim. Qiziq. Nima uchun o‘zbek o‘quvchisi rus tili, adabiyotini bilish kerak-da, rus o‘quvchisi o‘zbek tili, adabiyotini bilmasligi kerak? Ular Navoiy xazi-nasidan, G‘afur G‘ulom mulkidan, Oybek ijodidan originalda bahramand bo‘lsa qanday yaxshi! Buning ustiga keyingi yillarda yuqori sinflarda o‘zbek tili va adabiyoti darslari kamaygan. O‘rniga rus adabiyoti va rus tili darslari kiritilgan. Buyog‘ini tushunolmay qoldim.

Nihoyat yana bir masala — oliy o‘quv yurtlariga talabalarni qabul qilish masalasi. Biz xohlaymizmi-yo‘qmi, baribir, ilmli, iste’dodli bolalar bu yoqda qolib, o‘rtacharoqlarni institut kursisiga o‘tqizib qo‘yish uchrab turibdi, buning «yo‘llari» ko‘p... Oliy o‘quv yurtlarida institut domlasiga o‘z bolasini o‘zi ishlayotgan o‘quv yurtiga olib kirishning yaxshigina imkoni bor. Ehtimol, bu bir jihatdan to‘g‘ridir. (Shu yerda ishlagandan keyin bitta bolasini o‘qishga olib kirmasa qandoq gap, degan savol tug‘ilishi mumkin.) Biroq talabalar orasida uning o‘g‘li yoki qizidan talantliroq, ilmliroq bola uchrasa-chi? Oliy o‘quv yurtlariga in qurib olgan ashaddiy poraxo‘r «domlalar» haqida gapni chuqurlashtirib o‘tirishdan-ku, umuman, ma’no yo‘q... Bu — «tuzalmas» dard!

Men maktabda savodimni chiqargan, tarbiya bergan, universitetda ilm sirlarini o‘rgatgan domlalarimga hamisha chuqur ta’zimdaman. Umuman, o‘qituvchi degan nomni buyuk ehtirom bilan tilga olaman. Balki shuning uchun ham ba’zan fikrlarni keskinroq aytgandirman. Uzr so‘rab, yana bir keskin gap aytay: o‘qituvchini, umuman, ziyolilarni xor qilgan jamiyat, oxir-oqibat o‘zi xor bo‘ladi!

Modomiki gapni hazrat Navoiydan boshlagan ekan-miz, yana shu ulug‘ zotning so‘zlari bilan yakunlay qolamiz:

Haq yo‘linda kim senga bir harf o‘qitmish ranj ila,
Aylamak bo‘lmas ado oning haqin ming ganj ila.

Aziyatlar chekib bizga ilm bergan, bundan keyin bolalarimizga ilm beradigan, binobarin yana o‘n-yigirma yildan keyingi avlodni bugun shakllantirayotgan o‘qituvchi degan insonga hamisha chuqur ta’zimda bo‘laylik.

1981 yil.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.