background
logotype

O‘tkir Hoshimov. Shudringli o‘tloqlar (1971)

SAYOHATNOMA

Tuynukdagi yulduzlar

Eng og‘ir kishaning — uyingning ostonasi, depsh hikmatni qaysi donishmand aytgan bo‘lsa, topib gapirgan ekan. Kundalik tashvishlar, yugur-yugurlar bilap shu qadar o‘ralashib qolasizki, ostona hatlab, uzoqroq joyga chiqishga yuragingiz betlamay turadi. Lekin ostona «kishanidan» chiqib olgandan keyin, ruhingizda allanechuk yengillik sezasiz. Safar gashti vujudingizga mayin bir kuy kabi singib ketadi.
Bizlar yetti kishi edik. Beshovimiz toshkentlik «mehmonlar», yana ikki kishi mezbonlar edi. Eng oldinda yil bo‘yi sovutilgan saman otining jilovini mahkam ushlab Abdumannop aka borardi. Uning chinakam chavan-dozlar kabi egarga yopishib o‘tirishini, oftobda qizargan silliq chehrasini ko‘rgan kishi bu odam nevaralik ekaniga ishongisi kelmaydi. Uning butun harakatlarida yigitlik shijoati jo‘shib turadi. Abdumannop aka Chetsuv qishlog‘idagi Baynal-Minal qishloq yig‘inida bir necha yil raislik qilgan, hozir ham uni hamma oqsoqol deb ataydi.
Chavandozlarning eng oxirida Shamat aka boradi. Turmush mashakqatlari uning ko‘z qarashlarida, onda-sonda aytib qoladigan gaplarida, erta oqargan sochlarida o‘z tamg‘asini qoldirgan. U urushda qatnashgan, bir qo‘lidan ayrilgan,Q bir necha yil ilgari o‘zi yashab turgan uyni tog‘ oralig‘idagi Ertosh qishlog‘ining boshlang‘ich maktabiga bo‘shatib berib, Oqqo‘rg‘onga ketgan, keyin yana qishlog‘iga qaytib kelgan. Chavandozlikda u ham «oqsoqol»dan qolishmaydi.
Faqat biz — «mehmonlar» bir soat yurar-yurmas, ot minish mashinada yastanib o‘tirish emasligini bilib qol-dik. Avvaliga yumshoqqina tuyulgan egar endi shunday azob berishga tushdiki, betoqat bo‘la boshladik. Ammo manzil olis. Oltmish chaqirim yo‘l bosib, Arashonbuva degan joyga borishimiz kerak.
Otlar pishqirib-pishqirib qo‘yadi. Tog‘ so‘qmog‘idan ko‘tarilayotganda, bo‘yni terlab, yoli yopishib ketadi. Harsillab nafas oladi.
— Egarda hadeb qimirlayvermanglar. Bir tekis o‘tirib, otni o‘z holiga qo‘yib beringlar, — deb maslahat beradi Abdumannop aka.
«Bir tekis o‘tiringlar...» Aytishga oson. Ot tikkaga ko‘tarilayotganda, egarning qoshiga yopishamiz. Pastga tushish undan ham azob. Negadir hoziroq ot qoqilib ketadiganday, bo‘ynidan oshirib tashlayotganday tuyulaveradi.
Atrof sokin. Belga uradigan o‘tlar shabadada ohista to‘lqinlanadi. Negadir, qushlar ham sayramaydi, chigirtkalar chirillamaydi. Go‘yo butun tabiat mana shu ulug‘vor sukunatni buzishni man etib qo‘yganday. Faqat otlar pishqiradi. Tuyoq tovushlari bo‘g‘iq gursillaydi. Ahyon-ahyonda soy uchraydi. Toshlarga urilib ayqirayotgan suv tovushi anchagacha quloq ostida shovillab turadi.
— Mana shu qirdan oshsak, Qizilchaga yetamiz. U yog‘i Kelinchakkacha o‘n besh chaqirim, — deydi yo‘l boshlovchimiz qamchi bilan imo qilib.
Qo‘l cho‘zsa yetgudek «mana shu» qirdan oshish uchun ham besh chaqirim yurish kerak.
Yana o‘sha tuyoq tovushlari. Yana o‘sha sokin go‘zallik. Qirning tepasiga chiqqanda, orqaga qarasangiz, boshingiz aylanib ketadi. Ajib haqiqat: odam bosib o‘tgan yo‘liga emas, bosib o‘tishi kerak bo‘lgan yo‘liga qarashi kerak. Ammo, baribir, olisda — pastlikda qolgan baxmal o‘tloq, ilon izi so‘qmoq olovday issiq ko‘rinadi ko‘zingizga.
Nihoyat, oldinda — yassi adir o‘rtasida yaltirab oqayotgan soy, sohilda turgan uch-to‘rt o‘tov ko‘rindi. Otlar manzil yaqinligini bilganday qadamini tezlatdi.
— Urkinboyning o‘tovi, — deb tushuntirdi hamrohimiz. — Farg‘onadan kelgan cho‘ponlar shu yerda to‘xtashgan.
Soydan o‘tishimiz bilan, ikkita kattakon it akillagancha yugurib keldi. O‘rta bo‘yli, yelkalari xiyol turtib chiqqan kishi o‘tovdan chiqib qarshi oldi.
— Kelinglar, — dedi u qisiqroq ko‘zlarini yiltillatib. Uning do‘rdoq lablari yaxshi yumilmas, negadir tishlari turtib chiqqanga o‘xshab ko‘rinardi.
Otdan tushgandan keyin, bir lahza qadam bosolmay qoldik. Oyoqlar akashak bo‘lib qolibdi.
— Qalay, ot qoqib tashlamadimi! — dedi uy egasi tabassum bilan.
Bir soat dam olar-olmas, hamrohimiz yana shoshirdi.
— Havo ayniyapti. Tezroq yetib olmasak, qorong‘iga qolib ketamiz. Yo‘l qaltis.
Uy egasi ham qarshilik bildirmadi:
— Kelinchakda ertaga qiyomat to‘y bo‘ladi. Uloq bo‘ladi.
...Yana o‘sha past-baland yo‘llar boshlandi. Faqat, endi osmonni bulut o‘ragan, achchiq sovuq turgan edi. Qiziq, saratonda qahraton...
Kunbotar chog‘ida tik jarlik tepasiga keldigu, ajib bir manzarani ko‘rdik. Uch yuz metrcha pastlikda qator o‘tovlar tizilishib turar, xotin-xalaj, bola-chaqalar tovushi, otlarning kishnashi quloqqa chalinar, o‘tovlar oldida olov yaltirar edi.
— Uloq katta bo‘ladiganga o‘xshaydi. Qarang, yuzdan ortiq ot to‘planibdi.
Yaqin kelishimiz bilan bir necha yigitlar yugurib-elib jilovni tutishdi.
O‘tov ichida darrov olov yoqildi. Sovqotgan badanga issiq yugurdi.
— Farg‘onaning cho‘poni borki, bahor keligni bilan shu tomonga ko‘chib chiqadi, — dedi o‘tov egasi Bo‘zvoy aka tushuntirib. — Yaylovlar keng, o‘t serob. Mana endi to‘y mavsumi boshlandi. To‘ylar bir-biriga ulanib ketaveradi.
...Tun yarimdan oqqanda atrof tinchib qoladi. Faqat itlar akillaydi. Sovitilgan otlar betoqat kishnab qo‘yadi. Qo‘shni o‘tovda bola yig‘laydi. Onasi alla aytadi. O‘rtadagi archa o‘tinning cho‘g‘i yoqut nuqralarday qizarib ko‘rinadi. O‘tov keragasiga ilib qo‘yilgan yaltiroq taqinchoqlar, bir chekkadagi sandiq tunukalarida shafaq o‘ynaydi. Tuynukdan esa yorqin, pastak yulduzlar mo‘ralaydi. Ular jimgina boquvchi o‘ychan ko‘zlar kabi tikilib turaveradi-turaveradi, beixtiyor xayol olib qochadi kishini.
Rivoyat qilishlariga qaraganda qadim zamonlarda bir qishloqni yov bosibdi. Yigitlarni qilichdan o‘tqazib, qizlarni oyoqosti qilishibdi. Yolg‘iz bir kelinchak dushmanga bo‘ysunmabdi. Tog‘-toshlar oshib, mana shu yerga, ikki tog‘ orasidagi o‘tloqqa kelib, u yog‘iga o‘tolmay qolibdi. Dushman qo‘liga tushgandan ko‘ra, toshga aylanib qolay deb iltijo qilibdi. Chindan ham toshga aylanib qolibdi. O‘shandan buyon bu yer Kelinchak deb atalarmish.
Bora-bora hammayoq jimib qoladi. O‘chokdagi cho‘g‘ so‘nadi. Tashqarida otlar kishnamaydi, itlar hurimaydi. Hamma uyquga ketadi. Faqat tuynukdan boqib turgan yulduzlar bedor. Vafodor kelinchak xotirasini qo‘riq-laganday o‘ychan tikilib turadi...

Har narsaning o‘z gashti bor

Yaqingina joyda buzoqning cho‘zib ma’rashidan uyg‘onib ketdim.
O‘tov tuynugi yorishib, unda kechagi yulduzlar o‘rnida lojuvard osmonning bir bo‘lagi ko‘rinib turardi.
Oqshomda hammani qaqshatgan sovuq tugab, iliq, tarovatli tong otgan edi. O‘tovlar allaqachon uyg‘ongan, hammayoqda to‘y taraddudi sezilar, har yer-har yerda qozon osilgan, bolakaylar irg‘ishlab o‘ynashar, chamasi kechasi tag‘in uloqchilar kelishgan bo‘lsa kerak, otlar yanayam ko‘paygan edi. Kunchiqar tomondagi tepalik ortidan quyosh mo‘raladi. Shu ondayoq uning nurlari butun o‘tloqqa sepilganday maysalar yuzida nurli nuqralar yarqirab ketdi.
Qachondir bolaligimda shudringda yalangoyoq yurish davo, degan gapni eshitgandim. Kim bilsin, balki rostdir. Tizza bo‘yi o‘tloqda shudring kechib yugurish chindan ham gashtli ekan. Qo‘l cho‘zsa yetgudek qorliklardan shaldirab tushayotgan soyda seskanib-seskanib yuvinish ham, suvning shovillashiga quloq solib uzoq xayolga cho‘mish ham hayot gashtli ekanini ta’kidlayotgandek bo‘lardi.
Peshinga yaqin o‘tloq yanayam gavjum bo‘lib ketdi. To‘y xizmatchilari yelib-yuguradi, birov laganda osh tashiydi. Birov kelgan mehmonning otiga o‘t tashlaydi. Yaylovlarda kamyob bo‘ladigan narsalarni ataylab olib kelgan attorlar egar, yugan, bigiz, qamchisini maqtaydi.
— Shoir keldi, to‘y ana endi qiziydi, — dedi kimdir tantana bilan.
Echkidekkina ixcham, ammo chayir ot mingan o‘rta bo‘yli qirg‘izni hamma o‘rab oldi. U beqasam to‘n kiyib, qo‘sh belbog‘ bog‘lab olgan edi. «Shoir» iltifot kutib o‘tirmay, egardan tushmasdanoq o‘qib ketdi:
Mening otim Boltavoy,
Izlab keldim elingga,
Quvvat bersin belingga...
To‘y egalaridan biri «shoir»ning og‘zidan muttasil otilib chiqayotgan pala-partish misralar oqimini to‘xtatish uchun bo‘lsa kerak, qichqirdi:
— Shomaqsudni bir maqtang...
«Shoir» o‘ziga atalgan pulni oldi-yu, saxiy Shomaqsudni maqtab ketdi:
Bo‘zboshim bo‘lganida,
Bo‘z bolam o‘lmasmidi.
Yalpizim bo‘lganida,
Yolg‘izim o‘lmasmidi...
Saxiy mezbon Shomaqsud
Maqsudingga yetarsan
Ilgarilab ketarsan...
Xullas, kim pul bersa, o‘shanga uzoq hamdu sanolar o‘qildi. Oxiri maqtovtalab saxiy qolmadi shekilli, «shoir» ter quyib kelayotgan peshanasini arta-arta egardan tushdi.
— Endi uloq bo‘ladi, — dedi yo‘l boshlovchimiz adir etagini ko‘rsatib. — Qarang, uch yuzga yaqin ot to‘planipti.
«Maqtov» bilan ovora bo‘lib sezmay qolibmiz. O‘tovlardan yarim chaqirimcha narida to‘da-to‘da otlar to‘planib turar, boshini qiyiq bilan tang‘ib olgan chavandozlar uloq boshlanishiga ishora kutganday betoqat yugurishar edi.
Nihoyat, otlar bir yerga to‘plandi. To‘y egasi uloqni yerga osiltirguday sudrab borib o‘rtaga tashladi-yu, o‘zi chekkaga chiqdi. G‘ala-g‘ovur bo‘lib ketdi. Hamma otlar bir tomonga qarab to‘lqindek surila boshladi.
— Uloq og‘ir ko‘rinadi, — dedi yo‘l boshlovchimiz sinchiklab qarab. — Ikki yoshlik novvosni tashlagan ekan. Chavandozlarga qiyin. — U miyig‘ida kulib qo‘ydi. — Sovriniga ot qo‘yilibdi.
Qamchi sadolari, otlarning nola chekib kishnashi, qizishib ketgan chavandozlarning so‘kinishi osmonni titratdi. Jiyron ot mingan bir chavandoz, engashgan ko‘yi, novvosni changallagancha davradan chiqdi. Ancha joygacha sudrab keldi-yu, keyin boshqalari uni o‘rab olishdi. Bir ozdan keyin otlar to‘lqini ters tomonga surilib ketdi. Boyagi joyda o‘sha jiyron ot bilan egasi qoldi. U negadir boshqa chavandozlar ketidan yugurmas, yuzini changallagancha, egarda munkayib qolgan edi.
Yaqinroq keldigu, uning qiyiqcha tang‘ilgan peshanasidan qon oqayotganini ko‘rib hayratdan og‘iz ochib qoldik. Bu — o‘n olti-o‘n yetti yoshlardagi qotmagina yigitcha edi.
Kimdir, yaqin borib, jiyron otning jilovidan ushladi-da:
— Yuvinib ol, — dedi yigitchaga.
Yigit boshini keskin ko‘tardi-da, kafti bilan peshanasini artib, jerkib berdi.
— Ishingiz bo‘lmasin! — u otiga shunday shiddatli qamchi urdiki, jiyron bir sapchib, quyunday uchib ketdi.
— Parvo qilmang, — dedi Abdumannop aka kulib. — Bu yigitlar pishib ketgan. Hamma narsaning o‘z gashti bor. Uloqning lazzati ham mana shunda... Ammo bugun kurash ajrim bo‘lmaydi. Birontasi marraga uloqni olib chiqishga ko‘zim yetmay turibdi. Ketdik, yo‘ldan qolmay-lik.
...Orqaga, to‘da-to‘da otlar yugurib yurgan vodiyga qaray-qaray yana yo‘lga tushdik. Qiziq, uloqda chavandozdan ko‘ra otning xizmati ko‘proq taqdirlanadi. Mabodo, uchqur ot egasi o‘zi to‘daga kirishni xohlamasa, otini eng olg‘ir chavandozga berib turishi mumkin. Chavandoz esa undan mukofot oladi.
Otlar ham, o‘zimiz ham toliqqach, Yoyiq degan joyda to‘xtadik. Chindan ham bu yerda tiniq bir soy yoyilib oqar, atrofda oppoq gulxayrilar ochilib yotar, ammo daraxt ko‘rinmas edi. Umuman, bu atroflarda daraxt ham, qushlar ham ko‘zga onda-sonda chalinardi.
— O‘sha qorning tagiga yetsak, marra bizniki, — dedi yo‘l boshlovchimiz kun botar tomondagi cho‘qqini ko‘rsatib.
Endi otliq yurishga ancha ko‘nikib qolgan bo‘lsak ham, yana egarga o‘tirish malol kelar, ammo o‘zga chora yo‘q edi. Kun qaytib tag‘in sovuq turdi.
O‘tlab yurgan otlarimizni egarlayotganimizda, sakkiz-to‘qqiz yoshlardagi qirg‘iz qizaloqlar kelib qolishdi. Qizil ko‘ylak kiygan, maydalab o‘rilgan sochiga pilik taqqan bu qizaloqlar birdaniga paydo bo‘lganiga hayron qoldik. Ular uzun etaklarini qayirib tezak terib yurishardi. Chamasi, pastroqda — soyning narigi betida ko‘rinib turgan ovuldan kelishgan bo‘lsa kerak.
— Ovulga qo‘nib o‘tarmishsizlar, — dedi qizaloqlarning tikrog‘i yo‘l boshlovchimizga qarab.
Ovul yetti o‘tovdan iborat bo‘lib, sayhon maydonga joylashgan, chekka-chekkada o‘tin sochilib yotar, o‘tov panasida o‘tirgan xotin-xalaj biri kechki ovqat pishirar, biri sholcha to‘qish bilan band edi.
— Arashonga kech qoldilaring, u yerda ko‘rpa-to‘shak yo‘q. Hamma yo‘lovchilar shu yerda tunab o‘tishadi. Sizlar ham qolinglar, — dedi o‘rtadagi o‘tov oldida o‘tirgan gavdali ayol.
— Erkaklar ko‘rinmaydi-ku, noqulay bo‘lmasmikin, — dedi Abdumannop aka ikkilanib.
— Kelinchakka — uloqqa ketishgan. Ertaga qaytishadi.
Ayol bizning qololmasligimizni eshitgandan keyin, o‘tovdan ko‘rpacha, po‘stin olib chiqdi.
— Bo‘lmasa sovqotib qolasizlar, qaytishda tashlab o‘tarsizlar.
Yetti yot begona kishilarga shunday samimiy muomala qilgan qirg‘iz ayoliga minnatdorchilik bildirib, tag‘in yo‘lga tushdik.

Dunyo keng

Qirrador toshlar sochilib yotgan past-baland so‘qmoqlardan yuraverib, otlar ham toliqdi. Ba’zilarining tuyoqlari tushib, oyog‘i qonab ketgan edi. Faqat yo‘l boshlovchimizning samanigina hamon tizginga bo‘y bermay ildam borar, qo‘yib bersa uchib ketgudek holi bor edi. Eng orqada esa Shamat akaning jiyroni xuddi egasi kabi jimgina, ammo bir tekis, sobit qadamlar bilan yurib kelardi.
Manzilga yetib kelganimizda quyosh botib ketdi. Shundoq boshimiz ustida qad ko‘tarib turgan tog‘da qor ko‘rinar, muzday shamol izillardi. Tog‘ belida joylashgan kulbaning tosh devori orasidagi pastak eshik ochilib, yoshi yetmishlar atrofidagi chol peshvoz chiqdi. U yaktak kiyib olgan, baland gavdasini g‘oz tutib turar, o‘siq qoshlari ostidan qo‘kishroq ko‘zlari mag‘rur boqar edi.
— Kelinglar, — dedi u hammamiz bilan qo‘l olishib so‘rasharkan. Ammo ta’zim-tavoze qilib o‘tirmadi. Uning yuzida ba’zi tabarruk hisoblangan joylarni egallab olgan «shayxlar»ga xos ta’magirlik mutlaqo sezilmas edi. Cholning butun vujudi «men mehnat kishisiman, bu yerda, yagona kulbamda odamlarga panoh berishim mumkin, xohlasang shu, xohlamasang bilganingni qil», deb turardi.
Tik tursangiz boshingiz shiftga tegadigan, o‘rtasida ustun qaqqayib turgan kulbaga kirdik. Hujra devorlari toshdan tiklangan, xomsuvoq ham qilinmagan, yozuv daftaridek kichkinagina tuynukdan oqshomning o‘limtik nuri aralash sovuq kirib turardi. Devor va tomi qurumdan qorayib ketgan, zax yerga to‘shalgan namat ustiga ikki-uchta shaparak ko‘rpachalar tashlangan edi.
Zum o‘tmay qorong‘ilik cho‘kdi. Chol o‘ninchi lampa ko‘tarib kirib, ustundagi mixga osdi. Abdumannop aka eski tanish bo‘lgani uchunmi, cholni gapga soldi.
— Bu yoqqa chiqqaningizga ancha bo‘lgandir, ota? Chol o‘siq qoshlari ostidan unga qarab qo‘ydi.
— Bir hafta bo‘ldi, — dedi bosiq ovoz bilan, — kecha qor yog‘di. — U hammamizga sinovchan qarab qo‘ydi-da, indamay chiqib ketdi.
— Bu yerda iyulning boshida ham qor bo‘ladi, — deb tushuntirdi Abdumannop aka. — Avgustning yarmidan boshlab tag‘in qor bosadi.
Bir ozdan keyin yuzlari qip-qizil, ko‘hlikkina kampir kirdi. U cholning tamomila aksi edi. Qarashlari jonli, so‘zamol ekani ko‘rinib turardi. Kosada echki qatig‘i uzatarkan, Abdumannop aka bilan so‘rashib oldi.
— Qishda bu atroflarda qor uch metrga chiqadi-ku, uyni bosib qolmaydimi, — dedi yo‘l boshlovchimiz hujraning omonat devorlariga imo qilib.
— E, bosib qolmaydi, oqsoqol, — dedi kampir ko‘zla-rida muloyim o‘t yonib. — Erib, ikki chetidan oqib ketaveradi.
Qiziq, tog‘ning qoq belida joylashgan shu kulbani suv chetlab o‘tishiga aql bovar qilmasdi.
Ovqatlanib bo‘lishimiz bilan yo‘l boshlovchimiz yana qistadi.
— Bo‘linglar, buloqqa tushamiz. Bisotimizdagi bor issiq kiyimlarga o‘ralib olsak
ham sovuq vujudimizni titratar, chamasi, kechagi qorning zahri hali ketmagan edi.
Shosha-pisha yechindigu, atrofi tsementlab hovuzcha qilingan buloqqa o‘zimizni urdik. Suv iliq, o‘ttiz darajadan yuqori bo‘lgani uchun rohatbaxsh edi.
— Shu kunlarda Toshkentda odamlar issiqdan qochib, o‘zini suvga uryapti. Bizlar bo‘lsak, sovuqdan qochib, issiq suvga tushib o‘tiribmiz, — dedi kimdir.
Rost gap. Issiq mineral suvning tafti charchagan tanlarga orom berar, kishi bosh ko‘tarib chiqqisi kelmasdi.
Uzoqda — Yoyiq soyning tepasidagi qir ortida to‘lin oy ko‘rindi. Bir lahzadan keyin muloyim nur butun vodiyni, uzoqlarda yaltirab yotgan soyni, past-baland tepaliklarni sukunat tumaniga burkadi. Boya buloqqa tushganda hammamiz bir-birimizga gap bermay chug‘urlashgan edik. Hozir bo‘lsa oy nuri o‘zining mayin, sukutli yuki bilan yelkamizdan bosayotgandek jimib qoldik. Hozir har kim o‘z xayoli bilan band edi. Ammo hammamiz ham bir narsani — dunyo bepoyon ekanini, uning o‘z qonunlari, o‘z sehri borligini o‘ylamay ilojimiz yo‘q edi. Mana shu buloq ham, oy nuri ham, sutdek sukunat ostida o‘zining muzday to‘lqinlarini yaraqlatib yotgan soy ham tabiatning mangu bir sehri emasmi? Bizning olamga o‘t sochgudek tashvishlarimiz, g‘am-kulfatlarimizu quvonchimiz, olijanobligimizu xudbinligimiz — barchasi mayda narsalar emasmi? Tabiatga yaqin turgan kishi tozaroq bo‘ladi, deganlari shu emasmikin?
Har kim o‘z tuyg‘ulariga berilib, uzuq-yuluq savol-javoblar bilan hujraga qaytib tushganimizda, tun yarmidan og‘gan edi.
Chol bizni kutib turgan ekan.
— Ko‘rpa-to‘shakning mazasi yo‘q, — dedi u xotirjam qiyofada.
— Buloqni siz hovuzcha qilib qo‘yganmisiz? — dedi suhbatdoshlarimizdan biri.
— Ha, men.
— Sementni qayoqdan olgansiz?
— Vertolyotda olib kelishgan.
— Buloq suvini doktorlar tekshirib ko‘rishganmi?
— Qaydam, — chol sovuqqon javob qildi, — bir kelishgandi. Odamlar o‘zicha yara-chaqaga, bel og‘riq, oyoq og‘rig‘iga davo deyishadi.
Chol birpas qarab turdi-da, chiroqni pasaytirdi.
— Otlarga o‘t tashlatib qo‘ydim. — U shunday dedi-yu, chiqib ketdi.
Ko‘rpacha bilan po‘stin bergan qirg‘iz xotin rost aytgan ekan. Amallab tiqilishib oldik-da, dong qotib uxlab qolibmiz...
— Endi qorga chiqamiz, — dedi yo‘l boshlovchimiz nonushta ustida.
Buloqdan yuqorilab yana bir qoyador tepalikni oshgach, ko‘m-ko‘k ko‘lga ko‘zimiz tushdi. Ko‘lning narigi sohilida — novvot rang qoyalar qoplagan tik jarlikda qor oqarib yotardi.
— Bu Tumorko‘l, — tushuntirdi hamrohimiz. — Umuman, bu yerda ko‘l ko‘p. Tumorko‘l, Chuqurko‘l, Tulporko‘l... Ohangaron daryosi shu yerdan boshlanadi. Ko‘llarning eng kattasi — Tulporko‘l.
Otlar seskana-seskana tik so‘qmoqdan o‘tgach, qarshimizda yana bir ko‘l paydo bo‘ldi. Ko‘l juda chuqur bo‘lsa kerak, suvi qorayib yotar, narigi sohilda palahsa-palahsa muz bo‘laklari ko‘zga tashlanar edi.
Qirg‘oqqa yetganimizda hamrohlarimizdan biri suvga qo‘lini tiqdi-yu, darrov tortib oldi.
— Juda sovuq ekan.
— Shuning uchun bu yerda baliq bo‘lmaydi. Bu suvda hech qanday jonivor yashamaydi. Geologlarning aytishicha, Tulporko‘l dengiz sathidan 3200 metr balandda joylashgan ekan.
Rivoyat qilishlaricha, bu suvda faqat bir tulpor ot yasharmish. U yilda bir marta — kechasi suvdan chiqib, yana suv tubiga kirib ketarmish. Qadim zamonlarda bir yilqichi shu tulpordan toychoq olish niyatida o‘z biyasini olib kelib, ko‘l bo‘yida tunab qolibdi. Chindan ham kelgusi yili biyasi ajoyib bir tulpor qulunlabdi. Qulun yil emas, kun sayin o‘sib borayotganini ko‘rgan yilqichi yana biyasini olib kelibdi. Toy ham onasiga ergashib kelibdi. Yilqichi ko‘l sohilida yotib, kutib turibdi. Yarim kechada suv tulpori ko‘ldan chiqibdi-yu, biyaga qaramay, toychoqni ergashtirib suv tubiga kirib ketibdi.
Necha kundan buyon suhbatimizga onda-sonda aralashayotgan Shamat aka hozir hayajonlanibmi, zavqlanibmi, shu afsonani hikoya qilarkan, ko‘zlarida o‘t chaqnab ketdi.
Ko‘l esa, bizning suhbatimizdan bexabar, quyosh nurida mayin mavjlanib jimgina to‘lqinlanar, faqat olisda narigi sohildagi muzlar orasidan tushayotgan suv bo‘g‘iq shovillar edi.
— Anavi Kelinchakdagi to‘yda she’r o‘qigan «shoir» esingizdami? — dedi Abdumannop aka qaytayotganimiz-da. — Har gapida bo‘zboshim bo‘lganida, bo‘z bolam o‘lmasmidi, degan edi-ku. Hozir o‘sha bo‘zboshni ko‘rasiz. U faqat qorga yaqin joylarda o‘sadi.
Bo‘z rang mayda gulli giyohlarni yig‘ib yana kulbaga tushdik. Cholda quritilgan bo‘zbosh bor edi. Damlagan edi, ko‘kchoydek tiniq, qahrabo rangli choy chiqdi. Ichimlikning hidi o‘tkir, xushbo‘y edi.
— Meditsinada bo‘zboshdan foydalanishadimi, yo‘qmi bilmayman, — dedi yo‘l boshlovchimiz. — Ammo bir hafta ichida o‘zim sinaganman. Qon bosimini keskin tushirarkan.
...Issiq Arashon bulog‘i ham, vazmin sukut saqlab turgan toshlar o‘rtasida tunlari chiroq porlatib, odamlarga yo‘l ko‘rsatgan chol kulbasi ham, afsonaviy Tulporko‘l ham orqada qoldi.
Chol tadbirli ekan. Otlarni yaxshilab to‘yg‘azganidanmi, Yoyikdagi qirg‘iz ovuliga tez yetib keldik. Balki yurib o‘tilgan yo‘ldan qaytish hamisha oson tuyulishi uchun shunday ko‘ringandir. O‘zining borini bizdan ayamagan qirg‘iz ayoliga rahmat aytib, yo‘limizda davom etdik.
Erta oqshomda Kelinchakka yetib keldik. To‘y pastdagi ovulga ko‘chgan ekan.
Ertasiga Qizilchada — Urkinboyning o‘tovi oldida to‘xtadik. Urkinboy eshik qarshisida tavoze bilan kutib oldi. Qisiqroq ko‘zlarida tabassum bilan ta’zim qildi.
— Ziyoratlar qabul...
Arashon buvaga ketayotganimizda erlari to‘yga ketgan bo‘lsa ham bir o‘tovni bo‘shatib bermoqchi bo‘lgan, qo‘nib o‘tishimizni iltimos qilgan qirg‘iz ayol, o‘zgalardan o‘nlarcha chaqirim uzoqda — tog‘lar orasida odamlar uchun chiroq yoqib o‘tirgan mag‘rur chol bilan uning muloyim kampiri ko‘z o‘ngimizdan ketmas edi...
1971 yil.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.