background
logotype

Pirimqul Qodirov. Tog’ay Murodning tug’ma iste’dodi (1985)

Qadimiy bir baytda shunday deyiladi:
Hidi yo‘q gulga chaman hayf,
Mehri yo‘q dilga badan hayf.

Har bir gulning o‘ziga xos hidi va har bir dilning takrorlanmas mehri, ayniqsa, adabiyot uchun qadrlidir. Chunki adabiyot - saralangan badiiylik chamanidir. Inson diliga yo‘l topgan asarlargina bu chamandan o‘rin ola biladi. Kitobxonlar qalbiga "jiz" etib tegmagan, unga zavq bermagan so‘xtasi sovuq asarlarga bu chaman chindan hayfdir. Shu sababli adabiyotga kitobxon qalbi orqali yo‘l topib kelmagan asar unda yashab keta olmaydi. Iste’dodli qalbning mehri bilan yo‘g‘rilgan g‘oyaviy mazmun va yangicha bir go‘zallik xush bo‘yini taratadigan badiiy shakllargina adabiyot chamaniga mos tushadi, uning boyligiga boylik, husniga husn qo‘shadi.
Tog‘ay Murod qissalari adabiyotimizga Surxon vodiysining o‘ziga xos nafasini olib kirdi, mehnatsevar, kamtar va tanti chorvadorlar, bog‘bonlarga nisbatan dilimizda samimiy mehr uyg‘otdi. "Ot kishnagan oqshom" qissasi "Alpomish" dostoni an’analarini eslatadigan xalqchil ruh bilan sug‘orilgan. Tog‘ay Murodning o‘zi ham Alpomish va Barchinlarni bergan go‘zal vodiylar, bepoyon yaylovlarda o‘sganligi uning so‘z boyliklaridan, yozuvchilik uslubi va o‘ziga xos ovozidan sezilib turadi. Nasriy asarga she’riy jarang va ko‘tarinki ruh bag‘ishlay olish qobiliyati yosh adibning qalamiga xos eng yaxshi fazilatlardandir.
Qissa qahramoni Ziyodulla oddiy bir cho‘pon. Uning o‘z oti Tarlonga bo‘lgan mehri — insonning tabiatga qo‘ygan mehriday sof. Tarlon tabiat timsoli bo‘lgani uchun ham yozuvchi uni yorqin bir obraz darajasiga ko‘tarib tasvirlaydi.
Birinchi qissaning qahramoni Ziyodulla o‘zi yashayotgan joydagi qallob va riyokor odamlarga qarshi dadil kurashadi. U hatto o‘zidagi jismoniy nuqsonga qarshi isyon ko‘taradi, "kal" degan malomatni ma’naviy ustunlik - mohir chavandozlik shuhrati bilan yengib o‘tadi.
"Oydinda yurgan odamlar" qissasida yosh adibning ijodiy izlanishlari boshqacharoq yo‘ldan boradi. Qoplon ham Ziyodulla kabi mehnatsevar, bir so‘zli odam, u ham tabiatga ixlos qo‘ygan, Oymomo degan qizni sevib qolgan. Ikki qalbning tuganmas muhabbatiga farzandsizlik balosi qarshi turadi. Ular umr bo‘yi shu dardga davo izlaydilar, ba’zi odamlarning malomatlaridan azob tortadilar, bir qancha vaqt o‘ksik va tili qisiq bo‘lib yuradilar.
Farzandsizlik muammosiga Tog‘ay Murod o‘z qissasida yangicha talqin berganini alohida aytish kerak. Muallif qissaning dastlabki boblarida Qoplon bilan Oymomoni "akamiz", "opamiz", deb hurmat bilan qalamga oladi. Yoshlari ulg‘aygan sari adib endi ularni "bobomiz", "momomiz", deb e’zoz bilan ulug‘laydi. Qoplon va Oymomo dillaridagi insoniy muhabbatning yuksakligi tufayli kitobxonlar qalbida farzandlarcha mehr uyg‘otadilar. Shu bilan ular ma’naviy jihatdan ko‘p farzand ko‘rgan muhtaram bobolar va momolar qatoridan o‘rin oladilar.
Tog‘ay Murodning qalbida mehnatkash xalqimizga atalgan yaxshi tuyg‘ular ko‘p ekani uning qissalaridan se-zilib turibdi. Faqat hali bu asarlar - adibning ilk qadamlaridir. Biz uning ijodi ham, mahorati xam yangi-yangi yuksakliklarga ko‘tariladi, deb umid qilamiz. Chunki unda tug‘ma bir iste’dod bor. Iste’dod esa asl e’tibori bilan mehru oqibatdan tarkib topadi. Mana shu mehru oqibatning biror zarrasi zoe ketmasligi uchun adib o‘z iste’dodiga "Bu faqat meniki emas, xalqniki, adabiyotniki!" deb qarashi kerak. Ana o‘shandagina iste’dod o‘sgan sari uni umrboqiy qiladigan mas’uliyat hissi ham o‘sib, ilk muvaffaqiyatlardan esankirashga yo‘l qo‘ymaydi.
Chinakam katta adib o‘z xalqiga katta bir qo‘shin keltirgandan ham ulkanroq zafar va shuhrat keltirishi mumkin. Faqat buning uchun adib o‘zidagi iste’dodni xuddi qo‘shin bayrog‘ini avaylab qo‘riqlaydigan yalovbardor kabi asrashi kerak, bu bayroqni oldirib qo‘ymasligi, unga g‘ubor yuqtirmasligi, dog‘ tushirmasligi kerak.
Tog‘ay Murodga chin qalbdan aytadigan tilagim ana shu.

PIRIMQUL QODIROV,
O’zbekiston xalq yozuvchisi. 
1985.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.