background
logotype

Uyg‘un. Hamid Olimjonning so‘nggi kunlari (1964)

Mana, oradan 20 yil o‘tibdi. Ammo u voqea hali ham ko‘z oldimdan nari ketmaydi. Shoirning yoqimli ovozi, xushchaqchaq kulgilari hamon quloqlarimda yangrab turganday...

1944 yil, iyunning issiq kunlaridan biri, dam olish kunining arafasida edi. Ish tamom bo‘lgandan keyin, hoynahoy, Yozuvchilar Soyuzida hech kim qolmagan bo‘lsa kerak, degan umidda, istar-istamas telefon qildim. Lekin, shu zahotiyoq trubkadan Hamid Olimjonning tanish ovozi eshitildi:

— Kim?

— Men... Uyg‘unman...

— Ha, qayoqlarda yuribsiz? Soat 3 ga va’dalashibmidik? Qaerdan gapiryapsiz? Qachon kelasiz?

— Nazarimda, xiyla kech bo‘lib qoldi... Boshqa kuni chiqa qolsak bo‘lmaydimi?

— Lanjlik qilmang! Unaqasi ketmaydi! Kech bo‘lgani yo‘q. Boshqalar kelib sizni kutib o‘tirishibdi, zudlik bilan yetib keling, kutaman!

Shu gaplarni aytdi-yu, javobimni kutmasdan, trubkani ilib qo‘ydi.

Bir kun avval Hamid (o‘sha paytlarda u Yozuvchilar Soyuzining boshlig‘i bo‘lib ishlardi). Soyuzga ajoyib bir bog‘ olinganligini va shu bog‘ni bizlarga ko‘rsatmoqchi ekanini aitib, bu ish bugunga va’dalashilgan edi. U, bizdan bo‘lak Yashin bilan Shayxzoda ham boradi, bir yayrab dam olib kelamiz, degandan keyin, men darhol unovdim. Ammo, ertasiga, negadir, borgim kelmadi. Yo‘q, biror narsani ko‘nglim sezganidan emas, mutlaqo! Uyda bir ish chiqib qoluvdimi, yo biror yerda kattaroq sayil, tamosha bo‘lishi kerakmidi, yo birov to‘satdan mehmondorchilikka, yo to‘yga aytuvdimi, hozir esimda yo‘q, ammo borgim kelmay, oyog‘im tortmay, ketib qolishgan bo‘lsa, telefon qiluvdim, kutmay ketib qolibsizlar, deb keyin vaj aytmoqchi bo‘lib, Soyuzga ataylab kechroq telefon qilganligim aniq yodimda. Yo‘q, Hamid ketmasdan meni kutib o‘tirgan ekan.

Eski do‘st, qadrdon, ta’bi nozik shoirni xafa qilish odamgarchilikdan bo‘lmas, dedim-da, Soyuzga zudlik bilan yetib bordim.

Qarasam, mendan bo‘lak hech kim yo‘q.

— Xo‘sh, boshqalar qani?

U, odatdagidek, qulog‘iga qadar qizarib, aybdorlarcha kuldi:

— E, ular ham betayin chiqib qoldi... Haliga qadar daraklari yo‘q.

Yashin bilan Shayxzodaning kelmaganini bilib, yengil tortdim va qolishga vaj topdim.

— Ish-pishlari chiqib qolgandir-da! Keling, bugun bormay qo‘ya qolaylik. Ikkalamiz nima qilamiz? Ularni ham olib, erta-perta chiqaylik.

— Yo‘q, ikkalamiz ketaveramiz. Balki ular keyinroq o‘zlari borib qolishar. Chustiy bilan Azimovni boqqa yubordim, ular tayyorgarlik ko‘rib, kutib o‘tirishibdi. (U mahalda Chustiy litfond direktori, Bahrom Azimov esa bog‘ mudiri edi.) Qani, tezroq yura qoling, Chirchiq poezdi ketib qolmasin.

— Poezd allaqachon ketib bo‘ldi!

— Yo‘q, hali ketgani yo‘q, yuring!

Ko‘chaga chiqdik. Pushkin ko‘chasidan tramvayga o‘tirib, Chirchiq stantsiyasiga bordik. Biz borganda, poezd endigina jo‘nagan ekan. Ichimdan xursandu, sirtimdan achingan bo‘ldim:

— E, attasi...

U jiddiy xafa bo‘lib, qovog‘ini soldi:

— Siz aybdorsiz. Biram imilladingiz-e... Qani, yuring mashinaga tushib bo‘lsa ham ketamiz.

Men uning vaziyatini sezib, qarshilik ko‘rsatmadim. Katta yo‘lga kelib mashina kutdik. U mahalda katta yo‘ldan muntazam qatnovchi maxsus transport yo‘q bo‘lib, qo‘l ko‘tarib, to‘g‘ri kelgan biron yuk mashinasiga tushib ketaveriladigan payt. Yonimizdan shitob bilan bizni changga ko‘mib, uch-to‘rt yuk mashinasi o‘tib ketdi, ammo qo‘l ko‘tarsak ham, baqirsak ham, orqasidan yugursak ham — to‘xtamadi. Kiyimlarimizga, qoshu kipriklarimizga chang o‘tirdi. Hamid muvaffaqiyatsizliklardan juda tajang, tajangligidan usti-boshining changini ham artkisi kelmas edi. Men uning oppoq chang bosgan, shu topda xuddi tegirmonchining basharasini eslatadigan yuziga qarab turib, noiloj kulib yubordim. U menga jahl bilan yalt etib bir qaradi-yu, chamamda, nima uchun kulayotganimni fahmlab, jahldan tushdi-da, g‘ayri ixtiyoriy ravishda bor ovozi bilan qah-qah urib kulib yubordi:

— Basharangizga qarab turib, odam tuproqdan yaralgan, degan aqidaga ishongim keldi, — dedi u hamon kulgidan to‘xtamay.

Bu kulgi uning qalbidagi nogahoniy g‘azabni eritganday bo‘ldi. O‘sha-o‘sha og‘zimizdan hazil, mutoyiba, kulgi arimadi.

— Zararsiz, bu azoblarning rohati ham bo‘ladi, — dedi u keyin.

Shu orada yonimizdan o‘tib borayotgan yana bir yuk mashinasiga qo‘l ko‘tardik. U qo‘l ko‘tarishimiz bilanoq to‘xtadi. Biz mashinaga chiqdik va ro‘molchalarimizni olib, yuz-ko‘zimizni arta boshladik. Ust-boshimizni qoqdik. Endi boqqa qarab ketganimiz aniq bo‘ldi.

Do‘rmondan o‘tib, Qibrayga yetmay, mashinadan tushdik. Bedazor, olmazor, jiydazor, paxtazorlarni oralab, xushmanzara yerlar, uzoqda ko‘ringan tog‘larni zavq bilan tamosha qilib, bog‘ tomon piyoda yo‘l oldik.

Tabiatning ajoyib husn-tarovatini tamosha qilib borarkanman, bolaligim, qishlog‘im yodimga tushib ketdi. Ha, men mana shunday go‘zal tabiat quchog‘ida ulg‘aygan edim. Hamid-chi? U ham Jizzaxda, xuddi mana shunday go‘zal tabiat quchog‘ida voyaga yetgan shoir edi. Shuning uchun ham ushbu topda mening qalbimga to‘xtovsiz quyilayotgan ajoyib his-tuyg‘ular uning ham qalbidan joy olayotgani aniq. Men bu holatni uning katta, sevinch va hayratga to‘la ko‘zlar bilan atrofga to‘ymasdan, och nazar tashlashidan, lablaridagi mayin qaltiroq va nim tabassumdan yaqqol sezib turardim. Shu paytda uning qalbida qanday hayajon, fikrida qanday o‘ylar, xayollar, orzular, misralar tug‘ilayotgan ekan?.. Bilgim kelardi, ammo unga o‘rinsiz savol berib, xotirini parokanda qilishni, hayajonini, sevinchini, ilhomini cho‘chitishni istamasdim... yo‘lda o‘rikzor oralab jildirab oqib yotgan muzday suvdan hovuch-hovuch ichdik. Ariq bo‘yida picha yonboshlab dam olgan bo‘ldik. Maysalar ustida bir oz ag‘anashdik.

— Qani, ketdik, yuring! Ana, bog‘ ham ko‘rinib qoldi!— dedi u o‘rnidan turib.

Boqqa kirishimiz bilan dimog‘imizga atir va bol hidi urildi. Atir hidi o‘rtalikdagi shinam gulzordan, bol hidi esa ariq bo‘yida o‘sgan azim lipalarning gulidan tarqalmoqda edi. Nazarimda, boqqa kirganday emas, jannatga kirganday bo‘ldim. Havo sof, salqin, uzala ketgan olmazor, mevazor, bedazorlar tanlarga orom bag‘ishlar, ko‘zni quvontirar edi.

Bog‘dan juda xursand bo‘lganimni bilib, Hamid g‘urur bilan so‘zladi:

— Qalay! Yoqadimi?

— Qalay emas, oltin! Yoqqanda qanday!

U kulib qo‘ydi va javobimdan mamnun bo‘lib, kesatib so‘radi:

— Kelganingizdan pushaymon emasmisiz?

— Yo‘q, aksincha, boshda kelishga tixirlik qilganimdan va sizni behuda ranjitganimdan pushaymonman.

— Aminman, anovilar ham keyin pushaymon bo‘lishadi.

Yechindik, yuvindik, katta ariq bo‘yidagi gilam, shohi ko‘rpachalar to‘shalgan karavot ustida, gullagan, shoxlari suvga tegay-tegay deb turgan lipa ostida o‘tirib rohat qilib ovqatlandik, yayrab choy ichdik.

Keyin bog‘ni boshdan-oyoq ko‘rib chiqdik, qo‘shni kolxoz dalalarini aylandik, Bo‘zsuv yoqasiga borib qaytdik. Bog‘ menga juda ma’qul bo‘ldi. Ariq bo‘yiga qaytar ekanmiz, Hamid mendan yana so‘radi:

— Qalay?

— Juda yaxshi bog‘ ekan... Faqat shahardan sal olisroq ko‘rinadi...

— Atayi olisrog‘ini tanladim. Bo‘lmasa, yaqinroq yerda ham, masalan, Lunacharskiyning yonida ham bir bog‘ bor edi. Ammo uni qo‘yib, buni oldim. Bog‘ yaqin bo‘lsa — juda ham oyoq osti bo‘lib ketadi. Bilasiz, soyuz, litfond atrofida o‘ralashib yuradigan salkam bekorchilar, o‘zini yozuvchi deb hisoblaydigan nodonlar, betamizlar, litfond kassasini poylaydigan, tekin ovqat bo‘lsa mukkasidan ketadiganlar ko‘p bo‘ladi... Bog‘ yaqin bo‘lsa o‘shanaqalar kelaverib, tinkani quritadi. Injiqoboddagi bog‘ esingizda-ku!.. Bu yerga esa endi ular o‘ylab kelishadi. Uzoq. Ha, bu yerga endi haqiqiy yozuvchilar kelib turishi, dam olishi, ijod qilishlari kerak. Xo‘sh, ayting-chi, bu yerda dam olsa, ijod qilsa bo‘ladimi?

— Bo‘lganda qandoq!

— Ha, har yili dam olish, kurort, deb allaqayoqlarga boramiz... Mana kurort! Mana dam oladigan joy! Shundoq yonimizda! Ha, bu yerni ijod fabrikasiga aylantiramiz... Bu yerda endi qancha-qancha she’rlar, poemalar, hikoyalar, romanlar, pesalar yaratiladi... O‘lmasak, ko‘ramiz!

Bu gaplarni kamol ishonch va zo‘r g‘urur bilan gapirgan Hamid Olimjon ham, uning so‘zlarni hayajon va zavq bilan tinglagan men ham ertasiga yuz beradigan nogahoniy fojiadan, kutilmagan dahshatdan mutlaqo bexabar edik!

Ariq bo‘yidagi karavotga yonboshlab, qahrabo ko‘k choyni asta ho‘plab, suhbatni davom ettirdik. Kechasi, yotar paytimizda, Hamidning iltimosi bilan uydagi sim karavotlar tashqariga, gulzor yoniga olib chiqildi.

— Tashqarining havosini qarang, qanday yaxshi!.. Maza qilib shu yerda yotamiz...

Sof havo. Gul, rayhon hidlarini dimoqqa urib, shabada esadi, allaqaerda chigirtka sayraydi. Osmon to‘la yulduz... Yirik-yirik oltin yulduzlar... Ancha vaqt tunning mayin shivirlariga quloq solib, yulduzlarning jamoliga tikilib, jim yotdik. Nazarimda, Hamid yulduzlarga tikilib, o‘y o‘ylamoqda edi. Balki shu topda u ertaga yoziladigan, navbatdagi, o‘quvchini nihoyatda mamnun qiladigan jonon she’rining ilk misralarini ichida takrorlayotgandir. Zero, bunday ajoyib kechada, bunday chiroyli joylarda shoirning miyasida she’r o‘z-o‘zidan tug‘ila boshlaydi... Men unga xalaqit bermay, jim yota berdim.

— Uxlaganingiz yo‘qmi?—- dedi u anchadan keyin, boshini men tomon burib.

— Yo‘q...

— Havoni qarang, xuddi odamni elitib qo‘yadiganday... Keyin yana suhbat boshlanib ketdi. Samarqand, Samarqandda o‘qib yurgan chog‘larimiz, Siyobda o‘tkazilgan mayovkalar, adabiy kechalar, o‘yin-kulgilarimizni maroq bilan esladik.

— Birinchi marotaba qandoq va qaerda tanishganligimiz esingizda bormi?— deb so‘radi Hamid.

— Ha, esimda bor... 27-yili, Samarqandda, Pedinstitutning hovlisida tanishgandik. Hovlida studentlar davra olib to‘p o‘ynashardi. Siz tamosha qilib, bir chekkada qarab turardingiz. Keyin davraga chopib kirib, to‘pni uzoqqa tepib yubordingiz-da, o‘yinni buzib, yana qaytib chekkaga chiqdingiz va qo‘lingizni cho‘ntagingizga solgancha, go‘yo hech narsa bo‘lmaganday, yigitlarning ta’na-tazarruiga ham parvo qilmay, jilmayib turaverdingiz. O‘sha paytda men ham bir chekkada turib, o‘yinni tamosha qilardim. Sizga qarab kuldim, siz ham kuldingiz, so‘ng yonimga kelib: «Siz Uyg‘un emasmisiz?» — deb so‘radingiz. Men ismimni aytdim va: «Siz Hamid Olimjon emasmisiz?» — deb savol berdim. Siz kulib, bosh silkib, qo‘l cho‘zdingiz. O‘shandan beri ayrilmas do‘stmiz...

— Esingizda ekan... Ha, bizni hech kim tanishtirgan emas. O‘zimiz tanishganmiz... Men sizni ilgarilari ham eshitgan edim... Kundalik matbuotda chiqadigan she’rlaringizni o‘qib turardim...

— Men ham xuddi shundoq — «Zarafshon» gazetasida bosiladigan she’rlaringizni o‘qib, g‘oyibona tanish edim...

— ...Sizni, Samarqandga kelibdi, deb eshitib, tanishmoq orzusida edim... O‘sha kuni, sizni uzoqdan ko‘rib sinchiklab qaradim va nima uchundir, Uyg‘un shu yigit bo‘lsa kerak, degan o‘y ko‘nglimdan o‘tdi...

— Men ham xuddi shunday o‘ylagan edim... Sizga bir qaradimu, shoir Hamid Olimjon shu yigit bo‘lsa kerak, deb o‘yladim...

— Basharamga shoir deb yozib qo‘yilgan ekanmi?— deb kuldi Hamid.

— Ha, basharangizdan shoirlik yog‘ilib turadi...— yarim hazil, yarim chin qilib javob berdim.

— Ha, mana, urush ham tugay deb qoldi... G‘alaba yaqin. Ayni yashaydigan, ayni ijod qiladigan zamonlar qaytib kelyapti, o‘tgan umrdan albatta rozimiz... Umrimiz, yoshligimiz yomon o‘tmadi. Jang, kurash, ijod bilan o‘tdi, zavq bilan o‘tdi... Nazarimda, bu yog‘i undan ham yaxshi o‘tadi...

Yana adabiyot, yana yozuvchilar haqida, hayot haqida, yangi ijodiy rejalarimiz haqida uzoq suhbatlashdik... Ovozimiz susaya, gapimiz ozaya borib, ko‘zimiz uyquga ilinib ketdi.

Ertalab uyg‘onganimizda quyosh charaqlagan, fayzli, chiroyli kun boshlangan edi. Biz zo‘r ishtaha bilan nonushta qildik. So‘ng, yana atrofni sayr etdik, yangi pishgan mevalardan yedik. Tushda, bog‘bon bog‘ etagida, o‘z chaylasida g‘alati, qo‘ling o‘rgilsin bir osh qilib, bizni mehmonga chaqirdi. Oshni juda yaxshi ko‘radigan va o‘zi ham oshga juda pazanda bo‘lgan Hamid, bog‘bonning oshini maqtab-maqtab, rosa ishtaha bilan yedi.

Oshdan keyin picha yotib dam oldik. So‘ng Azimovning taklifi bilan men, Hamid, Chustiy, Azimovning o‘zi ariqda yayrab cho‘mildik. Hamid suvdan vaqtliroq chiqdi, bizning esa suvdan hech chiqqimiz kelmas edi. Shunday rohat! Keyin bizning yonimizga bog‘da ishlab yurgan yigitlar kelib qo‘shildi.

Hamid ko‘prik ustida cho‘qqayib, kulib o‘tirib, zavq bilan bizning cho‘milishimizni, yosh bolalardek bir-birimizni ariqqa bosib, bir-birimizga suv sepib, shovqin-suron solib o‘ynashimizni tamosha qilar edi.

Bir mahal Hamid o‘rnidan turib:

— Qani yetar, chiqinglar, vaqt bo‘lib qoldi, ketamiz,— dedi.

Biz suvdan chiqqimiz kelmay:

— Nega ketamiz? Bog‘ning ayni gasht qiladigan fasli boshlanayotibdi, kechki salqin tushib kelayotibdi, bugun ham qolib, ertaga ertalab ketarmiz...— dedik!

— Yo‘q, Hamid unamadi.

— Bo‘lmasa, sizlar qolaveringlar, men ketaman. Uydagilarga bugun albatta kelaman, deb va’da berganman. Bormasam — ular xavotir olib o‘tirishadi.

Men, uning, aytgan gapini so‘zsiz amalga oshiradigan odatini bilar edim. Demak, hech qanday iltimosimizga qaramay, ketadi. Birga hamroh bo‘lib kelib, uni yolg‘iz jo‘natish insofdanmi? Yo‘q! Birga ketish kerak! Birin-ketin, istar-istamas suvdan chiqa boshladik. Bizning shaharga noiloj ketmoqchi bo‘lganimizni sezib, u hazillashdi:

— Sizni boqqa olib kelishda rosa qiynaluvdim, endi janoblarini bog‘dan olib ketish undan ham qiyinga o‘xshab qoldi. Mana, ko‘rib oldingiz, bundan bu yoq istagan vaqtingizda kelaverasiz — bog‘ning eshigi ochiq! Bugungi rohatning qazosini keyingi safar ado qilarsiz.

Bahrom Azimov vaqtliroq ketayotganimizga achinnb, Hamidga murojaat qildi:

— Asti, bu kecha ham qolsalaringiz bo‘lar edi, kechqurun g‘alati, achchiq qovurma qildirib berardim.

Hamid unamadi. Keyin men, Hamid, Bahrom, Chustiy to‘rttalamiz piyoda yo‘lga tushdik. Hamid har galgiday bizdan ikki qadam ilgari borardi. Ruhi juda tetik, o‘zi quvnoq edi uning. Yo‘lda bir oz g‘ingg‘illab, xirgoyi ham qildi.

Katta yo‘lga chiqqanimizda kun botib qolgan edi. Mashina poylab, yo‘l bo‘yida ancha o‘tirdik. Bir mahal Chirchiq tomondan emas, balki Toshkent tomondan kelayotgan katta yuk mashinasiga ko‘zimiz tushdi. Chustiy:

— Nima bo‘lsa ham, qancha olsa ham mayli, shu mashinani to‘xtataman,— dedi-yu, yo‘lning o‘rtasiga chopib chiqdi, qo‘l ko‘tarib, mashinaning yo‘lini to‘sdi.

Mashina to‘xtadi. Chustiy shoferlar bilan so‘zlashdi, so‘ng bizni chaqirdi.

— Kelaveringlar, ish pishdi, o‘zimizning shofer bolalar ekan!

Darhol kelib mashinaga chiqdik.

Shofer bola, tatar yigiti, hammamizni ham tanishligini, shaharga jon deb, tekingayoq olib borib qo‘yishini aytdi.

Keyin bilsak, bu yigit dam olish kunidan foydalanib, kira qilib, picha choy chaqa ishlab olish payida yurgan ekan. Biz, bir chekkasi shoshilinchda, bir chekkasi qorong‘ida shoferlarning bir oz kayfi bor ekanini ham payqamabmiz.

To‘rttovimiz kabina orqasida tikka turib oldik. Mashina (studebekker) shitob bilan yo‘lga tushdi. Ko‘l o‘tmay Do‘rmon guzarida to‘xtab, yana ikkita yo‘lovchi oldi!

Bu ishdan Hamidning bir oz ensasi qotdi va shoferga qarab pisanda qildi:

— Bundan bu yoq to‘xtamanglar! Boshqa odam olmanglar! Biz shoshib turibmiz! Vaqtimiz yo‘q! Har qancha pul bo‘lsa o‘zimiz beramiz. Hayda!

Mashinaga tushganlarning biri agronom, yana biri allaqaerdan, rabochiy batalondan bo‘shab, uyiga kelayotgan odam ekan.

Mashina yana yo‘lga tushdi. Yo‘l serqatnov, qorong‘i, chang edi. Ro‘paradan yuk olib, odam solib kelayotgan mashinalar uchrab turardi.

Biz tushgan mashina yo‘l-yo‘lakay duch kelgan aravalar bilan mashinalarni quvib o‘tib, to‘g‘ridan kelayotganlarini chapdastlik bilan chetlab o‘tib, ilgari uchar edi. Mashina notinch, biz goh orqaga, goh yonga chayqalib, kuzov qirg‘og‘ini mahkam ushlab borardik. Markaziy Komitetning bog‘iga yaqin kelganda shofer, vaqtida tormoz berolmay, to‘g‘rida, yo‘lning chekkasida, allaqaeri buzilib to‘xtab qolgan yuk mashinasiga urilib ketmaslik uchun, qoidaga xilof bo‘lsa ham, mashinani zarb bilan chapga burdi. Yo‘lda turgan mashinani endigina aylanib o‘tib edik, ro‘paradan, chang-to‘zon orasidan o‘nga yaqin odam tushgan bir arava duch kelib qoldi. Endi... Sur’at bilan ketayotgan og‘ir mashina dam o‘tmay aravaga uriladi-yu, dahshat yuz beradi... Buni hammamiz ham sezdik. Shoshib qolgan shofer halokat yuz bermasin uchun mashinani yana chapga burdi. Lekin mashina yo‘ldan chiqib ketdi. Mashinaning kabinasi ochilib, ikki shofer, irg‘ib tushib, ikki yoqqa qarab qochdi. Idorasiz qolgan mashina qaldirab, shaldirab, chang-to‘zon ko‘tarib, avval stolbaga kelib urildi, keyin stolbani sindirib, katta daraxtga borib urildi-yu, shoxlarni qasira-qusur sindirib, yonga — ariqqa ag‘darildi...

Bularning hammasi bir daqiqa ichida yuz berdi. Shu dahshatli lahzalar ichida mashinadan sakrab qolishga ulgurgan va endilikda chekkaroqqa chiqib, nima qilishini bilmay qotib turgan Bahrom Azimovdan bo‘lak hech kim mashinadan tushib qolishga ulgurolmadi. Mashina zarb bilan daraxtga urilganda hammamiz har tomonga qarab uchib ketdik. Men uchib borib, belim bilan ariqqa tushdim, zum o‘tmay ustimga mashina ag‘darildi. Chalqancha yotibman, mashinaning kuzovi kelib qornimdan bosdi, borgan sari nafas olishim og‘irlasha borardi. Men bilan qator yiqilgan, rabochiy batalondan bo‘shab, bola-chaqasining oldiga kelayotgan sho‘rlik shu zahotiyoq jon berdi. U mukka tushib yotar va yelkasidan mashinaning kuzovi ezib turardi. Og‘zidan oqayotgan qon asta-sekin ariqqa jilmoqda. Agar mashinaning kuzovi o‘sha sho‘rlikning yelkasida to‘xtamasa va men ariq ichiga tushib qolmaganimda, mashina meni ham majaqlab yuborishi turgan gap edi. Faqat tasodif bilan salomat qoldim — ariq jonimga ora kirdi.

Chang-to‘zon ichida Chustiy bilan agronomning baqirig‘i eshitildi. Chustiyning qo‘li, agronomning oyog‘i sinibdi. Chustiy: «Voy qo‘lim, voy qo‘lim!..» deganicha dod solib, Markaziy Komitetning bog‘iga kirib ketdi. Mashinaning naryog‘idan Hamidning og‘ir ingrashi eshitildi. Men qattiq karaxt bo‘lib, lekin hushimni yo‘qotganimcha yo‘q edim — hammasini eshitib yotardim. Bir oz o‘zimga kelgach, u yoq-bu yog‘imga nazar soldim. Bilagimdan to tirsagimga qadar tilinib, suyagi ko‘rinib qolibdi. Qon oqmoqda... So‘ng, asta-sekin oyoqlarimni qimirlatib ko‘r-dim, qimirlaydi, demak butun. A’zoyi badanim lovillab achisha boshladi, keyin bilsam, motorga yaqinroq yerda yotgan ekanman, ustimga benzin quyilib ketibdi. Benzii o‘t olib ketsa nima bo‘ladi? Meni vahima bosdi... Jon holatda mashinaning tagidan chiqishga harakat qilib ko‘rdim, bellarim sidirilib ketdi, ammo chiqolmadim. Shu payt Hamid Olimjonning yana ingrab, zo‘rg‘a gapirayotgan tovushi eshitildi:

— Meni... qo‘ya turing... Uyg‘unga... qarang. Mashinaning ostida qoldi... Chamasi...

Hamidning tovushini eshitib, tirikligini bilib, bir oz xursand bo‘ldim, dadillashdim. Yonimga shoshilib Bahrom keldi. U, mening mashina tagidagi holatimni ko‘rib, Uyg‘unning belidan cho‘rt uzib ketibdi, so‘nggi nafasda yotibdi, deb o‘yladi shekilli, baqirib yig‘laganicha nari chopib ketdi.

Ko‘p o‘tmay haligi aravadagi odamlar, Markaziy Komitetning bog‘idan chiqqan kishilar, yaqin atrofdagi xonadonlardan yig‘ilgan katta-kichiklar yetib kelishdi. Men hamon taqdirimga tan berib jim yotibman. Odamlar xodalar olib kelishib, kuzovning ostiga tiqishdi va mashinani ko‘tarishdi. Ustimdan tog‘ qulaganday, darhol yengil tortdim. Uzoq-uzoq nafas ola boshladim. Kimdir qo‘ltig‘imdan ushlab dast ko‘tardi-yu, turg‘izib qo‘yib: «Qani, yurib ko‘ring!» deb qattiq turtib yubordi. Turtkining zarbi bilan yurib ketdim: «Hamma yog‘i sog‘! Bir asrabdi!» dedi haligi kishi. Men, ko‘ylaklarim dabdala, usti-boshim chang, benzin, qo‘llarim qon, yugurgancha Hamidning qoshiga bordim. Hamid ariq bo‘yidagi ko‘k maysada chalqancha cho‘zilib yotar, og‘ir-og‘ir nafas olib, ohista ingrardi. Menga ko‘zi tushib, chehrasi bir oz yorishganday bo‘ldi.

— Ha, xayriyat... omon ekansiz... Men...

Naryog‘ini aytolmay, yana ingray boshladi. Ust-boshiga ko‘z yugurtirib chiqdim, hamma yog‘i sog‘dek, hech yeri yaralanmagandek bo‘lib ko‘rindi.

— Sizga ham ortiqcha hech narsa bo‘lmaganga o‘xshaydi. Ehtimol, biror yeringiz lat yegandir, tuzalib ketasiz,— dedim men Hamidga dalda berib.

U bosh chayqadi:

— Yo‘q... ahvolim og‘ir... ichim... yonayotibdi... Men... o‘laman...

Men bu gapni eshitib, avval hayron bo‘ldim, keyin lol qoldim. Bunday bo‘lishiga hech ishonmadim, ishongim ham kelmadi! «Axir, qandoq qilib endi, haligina bog‘da xandon tashlab kulib yurgan, hali o‘n gulidan bir guli ochilmagan, hayotni, yashashni naqadar qattiq sevadigan, ajoyib, xassos shoir, shunaqa, to‘satdan, tasodifan... bizni tark etsa? Yo‘q, bunga sira ham aql bovar qilib bo‘lmasdi! Durust, qaeridir qattiq lat yegandir, ehtimol, beli singandir. Tuzalib ketar... O‘lim?! Hech mumkin emas! Og‘riqning azobiga chidayolmay shunaqa deyayotgandir... Tuzaladi! Omon qoladi! Albatta omon qoladi!..» Bu fikrlar boshimdan chaqmoq tezligida o‘tdi.

Bizni falokatga duchor qilib, o‘zlari mashinani tashlab qochgan shoferlarni allaqaerdandir tutib kelishib, militsiyaga topshirib yuborishibdi. Ikkalasi ham ichgan ekan, deyishdi.

Bog‘dan Usmon Yusupov chiqib keldi (u paytda Usmon aka Markazqo‘mning birinchi kotibi edi), u nihoyatda hayajonda, yuz bergan fojiadan dilgir edi. U Hamid Olimjonni juda ham qattiq sevardi. So‘ng Usmon Yusupov komissariga buyurdi, zudlik bilan mashina keltirildi, men va qo‘li katta ro‘mol bilan bog‘langan Chustiy mashinaga o‘tirdik. Hamidni esa uch-to‘rtta kishi asta ko‘tarib (u o‘rnidan qimirlolmasdi), mashinaning orqa o‘rindig‘iga suyantirib o‘tirg‘izdilar. Mashina shaharga, statsionarga qarab sekin yo‘l oldi. Yo‘lda mashina sal nojo‘ya qimirlasa ham Hamid ingrar va yana ham sekinroq yurishni iltimos qilar edi. Holbuki, har daqiqa g‘animat bo‘lib, Hamidni tezroq kasalxonaga yetkazish zarur edi. Chamasi, kechasi soat 9—10 larda statsionarga yetib keldik. Hamidni zambilga solib ko‘tarishib, statsionarning bir bo‘sh xonasiga olib kirishdi va bo‘sh karavotga yotqizishdi. Biz ham o‘sha xonaga kirdik. Oradan hayal o‘tmay Toshkentdagi eng zo‘r jarrohlardan Orlov, Keyzer, Berliner va boshqa bir qancha vrachlarni to‘plab, Usmon Yusupovich yetib keldi.

Juda og‘ir nafas olayotgan Hamid Usmon Yusupovga qarab:

— Aka, mendan ajraldinglar... men o‘laman... ahvolim og‘ir,— dedi.

Usmon Yusupovich butun choralar ko‘rilishini, albatta omon-sog‘ olib qolishini aytib, unga tasalli berdi. Vrachlardan kimdir birov:

— Bularni darhol boshqa-boshqa xonalarga joylash lozim, aks holda, bir-birini ko‘rib, yomon ta’sirlanadi, ortiqcha hayajonga tushadi, — dedi.

Shundan keyin Chustiy bilan meni u yerdan olib chiqib ketishdi. Chiqar ekanman, Hamidga qarab ko‘z ishorasi bilan xayrlashdim. Nimalardir demoqchi, unga allaqanday tasalli bermoqchi bo‘ldim, ammo tilim kalimaga kelmadi. Bu, sevimli shoirni so‘nggi bor ko‘rishim edi.

Joy yo‘qligidan meni hamshiralar xonasiga olib kirib yotqizishdi. Eng avval Hamidni operatsiya qilishlari kerak ekan. Hamshiralar, vrachlar men yotgan xonaga kirib-chiqib turishar, u yoqdan-bu yoqqa yugurishib, asbob, bint tashishib, dori-darmon tayyorlashar va operatsiyaga hozirlik ko‘rishar edi.

Ko‘p o‘tmay, Hamidni koridordan operatsiya xonasiga olib o‘tishdi. Men yotgan xonaning eshigi oldidan o‘tar ekan, yana qulog‘imga Hamidning ingragan tovushi chalinib, negadir ko‘nglim buzilib ketdi va ko‘zimga yosh keldi. Uning juda qattiq iztirob chekayotganini sezib yotardim.

Operatsiya juda uzoq davom etdi: ikki soatmi, uch soatmi— hozir aniq esimda yo‘q. Ammo juda ko‘p vaqt o‘tganligi, juda murakkab operatsiya bo‘lganligi yodimda, Ora-chora, shoshib-pishib qo‘shimcha asbob, dori-darmon olib chiqib ketayotgan hamshiralardan operatsiyaning borishini so‘rab turdim. Ular: «Mast qilish qiyin bo‘ldi, ko‘p narkoz berishga to‘g‘ri keldi», «operatsiya yaxshi o‘tyapti», «ichiga bir yarim paqircha qon to‘lib qolgan ekan, olib tashlandi», «qovurg‘alari sinib, ichak-chavag‘ini, jigarini sitib, yirtib yuborgan ekan»... degan kabi javoblarni berishardi. Bir vaqt operatsiya tamomlanib, Hamidni yana koridordan olib o‘tishdi: uning eshitilar-eshitilmas ingrashi yana quloqlarimga chalindi.

Hamshiralardan biri kirib, xursand holda:

— Xayriyat, operatsiya yaxshi tugadi. Tuzalib ketadi,— dedi-yu, yana nimanidir olib chiqib ketdi.

Men yengil tortdim, tarang bo‘lib turgan asablar bir oz bo‘shashdi. Ammo, oradan ko‘p o‘tmay, g‘amgin holda Usmon Yusupovich kirib keldi.

— Bo‘lmadi... olib qololmadik... Hamiddan ajraldik...— dedi u yig‘i ohangi bilan.

Men hangu-mang bo‘lib qoldim.

— Operatsiya yaxshi o‘tdi deyishdi-ku?— dedim ko‘zimni katta ochib va Usmon Yusupovning yuzlariga tikilib.

— Ha... operatsiya yaxshi o‘tdi-yu... ammo operatsiyadan so‘ng o‘ziga kelolmadi, narkoz ko‘plik qildi chamasi... — dedi-yu, keyin yonidagi doktorlarga qarab:— Endi bularga yaxshi qaranglar, — deb iltimos qildi. So‘ng, menga yuzlanib:— Sizlar xotirjam bo‘linglar, yaxshi qarashadi. Endi, men borib o‘rtoqlarga mash’um xabarni yetkazishim kerak, — dedi-da, palatadan chiqib ketdi.

Uni dafn qilganlarida men, operatsiyadan so‘ng, qirq daraja harorat bilan kasalxonada yotgan edim. Dafn marosimini keyin aytib berishdi. Shoir juda katta hurmat va zo‘r tantana bilan butun xalq, butun sovet va partiya xodimlarining ishtirokida O‘rtoqlar mozoriga dafn etilibdi. Kimdir, o‘rtoqlarimdan biri, Yo‘ldosh Oxunboboevdan keyin juda zo‘r tantana bilan dafn etilgan Hamid Olimjon bo‘ldi. Xalq uni shu qadar sevar va hurmat qilar ekan, dedi.

Ha, uni xalq juda qattiq sevardi va hurmat qilardi. Shunday, hali ham sevadi va hurmat qiladi.

U juda yosh, bevaqt ketdi, u o‘zi bilan birga, yozilishi mumkin bo‘lgan, ammo mash’um fojia tufayli yozilmay qolgan qancha-qancha ajoyib she’rlar, balladalar, qancha-qancha nodir dostonlar, dramalar va ilmiy asarlarni olib ketdi.

Ammo u o‘zining qisqa, lekin sermazmun umrida yaratgan shoh asarlari bilan o‘ziga o‘lmas obida o‘rnata oldi va xalqning qalbida abadiy qoldi.

Xalq Hamid Olimjonday kishilarga qarata: ularga tug‘ilish boru, ammo o‘lim yo‘q, deydi. Ha, donishmand xalqning bu dono so‘zlari haq! Shoir Hamid Olimjon doim barhayot.

1964 yil, may.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.