background
logotype

Ziyoviddin Akramov, Risqitilla Nurinboev. Orol muammolari (1979)

http://ziyouz.uz/images/aral1973.jpg

Juda uzoq o‘tmish. Qoraqum sahrosi orqali Kaspiy dengiziga suv quyib turgan Amudaryo nima bo‘ldiyu undan yuz o‘girib, shimolga qarab oqa boshladi. U qum sahrolariyu, tekis to‘qaylarni bosib o‘tdi, qanchadan-qancha chuqurliklarni suv bilan to‘ldirib, Xorazm botig‘iga yetib bordi. Bu yerni ham tezda «zabt» etgach, yana shimolga yo‘l oldi. Nihoyat u yo‘lda o‘ziga yangi makon topdi va hozirgi Orol dengizini hosil qildi. Xuddi shu vaqtda Qizil O‘rda ko‘lini to‘ldirib bo‘lib, ochiq sahroga jon kiritib kelayotgan Sirdaryo ham Orol quchog‘iga yetib kelgan edi. Bu davrlarda Irtish daryosi To‘rg‘ay darvozasi orqali o‘z suvining bir qismini Orolga «hadya» qilar edi. Keyinchalik Irtish Oroldan bosh olib ketdi. Sirdaryo va Amudaryolar Orolga bir umrga suv quyadigan bo‘ldilar. Orol o‘zani to‘lib, uning sathi Oybug‘ir va Sariqamishgacha kengaydi. Azim daryolar bu joylarni ham tezda to‘lg‘azgach, O‘zboyga suv quya boshladi. O‘zboy esa Kaspiy bilan tutashib ketgan edi. Bu aloqa uzoq yillar davom etdi, ammo keyinchalik turli tabiat hodisalari hamda sug‘orish ishlarining rivojlanishi natijasida bu aloqa uzilib qoldi. Dastlab Sariqamishdan ayrilgan Orol keyinroq Oybug‘ir bilan ham vidolashdi. Nihoyat bugungi kunda Orolning taqdiri ancha tashvishli ahvolda qoldi. Orol tobora chekinib bormoqda.

Odamzod paydo bo‘lgan davrdan beri doimo harakatda. U o‘jar tabiatni mislsiz jasoratlar bilan o‘ziga bo‘ysundirib kelmoqda. Inson jonsiz cho‘lga suv chiqarib, unga hayot bag‘ishladi. Insoniyatning ilk beshiklaridan bo‘lgan O‘rta Osiyoda esa odamlar eng qadimgi davrlardayoq kanallar qazib suv chiqarish ishlari bilan shug‘ullanganlar.

Bu yerda dehqonchilikning rivojlanishi bilan, sug‘orish ishlari avj olib ketdi. Dastlabki miroblar Turonda bundan olti ming yil oldin yerlarni sug‘ora boshlagan edilar. Iqlim quruq, yoz issiq bo‘lgan O‘rta Osiyo cho‘llarida suv tanqis bo‘lganligi sababli dastlabki vaqtlarda dehqonchilik faqat daryo vodiylarida rivojlangan bo‘lsa, keyinroq sug‘orishning barcha sirlarini o‘rgana boshlagan ajdodlarimiz, ariqlarga, undan keyin esa yirik kanallarga o‘ta boshladilar.

Tarix sahifalarini varaqlab ko‘rsak, sug‘orish dehqonchiligi O‘rta Osiyoda bir xilda rivojlanmaganligiga guvoh bo‘lamiz. Bundan taxminan to‘rt ming yillar oldin kishilar dehqonchilikda sug‘orish tarmoqlaridan foydalana boshladilar. Eradan oldingi 2—1 ming yilliklar esa aholining sug‘orish malakasini puxta o‘rganish davri bo‘ldi. Bu vaqtda O‘rta Osiyo territoriyasida ulkan iqtisodiy va siyosiy o‘zgarishlar ro‘y berdi, sinfiy munosabatlar kelib chiqa boshladi, quldorlik davlatlari rivojlanib, yuksalib bordi.

Eradan oldingi 1 ming yillikda O‘rta Osiyoning sug‘orish tarmoqlari rivojlanishida yangi bosqich yuz berdi, daryolarda to‘g‘onlar qurildi, yirik suv inshootlari barpo etildi. Katta daryolar atrofida dehqonchilik qizg‘in rivojlanib ketdi.

Eramizning IV-VI asrlari ko‘pdan-ko‘p o‘zaro urushlar, qirg‘inlar tufayli sug‘oriladigan dehqonchilikning susayish davri bo‘ldi. VII asrdan boshlab sug‘orish ishlari yana avj olib ketdi. Daryolarda yirik to‘g‘onlar qurildi, turli kattalikda kanallar qazildi. Ko‘rinib turibdiki, bularning hammasi Orol suv sathiga asta-sekin ta’sir qila boshladi. Yirik feodal to‘qnashuvlar davrida yoki Chingizxon istilolari vaqtida faqat shahar, qishloqlargina emas, ekin maydonlari ham, sug‘orish tarmoqlari ham butunlay vayron qilingandi. Mo‘g‘ullar istilosi davridagi bunday buzg‘unchiliklar yozuvchi V. Yan tomonidan shunday ta’riflanadi: «...Mo‘g‘ullar butun Xorazmga suv beradigan katta to‘g‘onni yemirib tashladilar... Xorazmning bir necha shaharlarini quturgan daryoning suvi bosib ketdi. Daryoning oqimi o‘zgarib,

anchagacha Xazar dengiziga qumlar orasidan oqib yotdi».

Bunday urushlar davrida Orol dengizining sathi ko‘tarilib, qisqa vaqtda Sariqamish bilan tutashadi. O‘rta asrlardan keyin sug‘orish yana avj olib ketdi. Orol yuzasi shu bilan bog‘liq holda yana pasaya bordi. Asrimizga kelib sug‘orish ishlari ayniqsa keng miqyosda rivojlana boshladi.

Inqilobdan keyin O‘rta Osiyoning siyosiy va iqtisodiy qiyofasi o‘zgardi. Ilgarilari «Qush uchsa qanoti — odam yursa oyog‘i kuyadi», deb kelingan Mirzacho‘l, Qarshi dashti singari asriy cho‘llarda hozir davrimiz dehqonlari behisob dur — «oq oltin» undirmoqdalar. Hozirgi vaqtda zamonaviy texnika beqiyos darajada ulkan qudratga ega. Texnika kuchi bilan katta magisral kanallar qurildi, yirik suv omborlari bunyod etildi. Bu suv omborlari Amudaryo, Sirdaryo kabi qudratli daryolar suvini bepoyon dalalarga, cho‘llarga uzata boshladi. Ota-bobolarimizning kuchi yetmagan qo‘rqinchli cho‘llar endilikda gulistonga aylandi.

Respublikamizda sug‘orish ishlari bundan keyin ham yanada rivojlanadi, hozirda yangi-yangi yerlar o‘zlashtirilmoqda. Bu — tabiiy hol, zamon talabi. O‘z-o‘zidan ravshanki, yangi o‘zlashtirilayotgan yerlarga suv kerak, suvning esa O‘rta Osiyoda yildan-yilga tanqisligi ortib bormoqda. Bu esa o‘z navbatida tabiatdagi katta muvozanatning buzilishiga olib kelishi mumkin. Orol dengizi O‘rta Osiyo cho‘llari o‘rtasida joylashgan, uning atrofini Qizilqum, Qoraqum, Ustyurt, Bo‘rsiq cho‘llari o‘rab turadi. Amudaryo va Sirdaryo unga deyarli sakkiz ming yildan beri suv quyib kelmoqda. Yuqorida aytilganidek, Orol bir vaqtlar to‘lib, Kaspiy bilan bog‘lanib turardi. Hozirda esa uning sathi yil sayin pasayib borayotir.

Amudaryoning yillik suv sarfi yuqori qismida 65,9 kub. km bulib, Orol dengizigacha 39,2 kub, km suv yetib keladi. Amudaryo Orol dengizigacha tabiiy va sun’iy ravishda o‘z suvining bir qismini yo‘qotadi. Tabiiy holda daryo yuzasidan 9,3 kub. km suv bug‘lanib ketsa, besh kub. km suv daryo o‘zaniga shimilib ketadi, Amudaryo suvining 16,4 kub. km dan ortiqroq qismi sug‘orish ishlariga olinadi. Shundan to‘rt kub. km suv qaytarilma (oqava) suv sifatida yana daryoga qaytadi.

Sirdaryoning yillik suv sarfi 39,1 kub. km ni tashkil etadi. Orolgacha Sirdaryo suvining 12,4 kub. km qismi yetib boradi. Sirdaryo suvining 6,8 kub. km qismi tabiiy ravishda yo‘qoladi. Sug‘orish ishlariga esa 19,9 kub. km suv sarf bo‘ladi, shundan 5,5 kub. km suv oqava suv sifatida qaytadi.

Sirdaryo va Amudaryo Orol dengiziga yiliga ellik ikki kub. km suv quyadi. Agar bu daryolarning suvi sug‘orishga taqsimlanmaganda, dengizga sakson sakkiz kub. km suv quyilardi. 1960 yilgacha Orolga yiliga ellik ikki kub. km ga yaqin suv quyilib, dengiz chuqurligi ellik uch metr atrofida turar edi. Bu holda Orol dengizining maydoni oltmish olti ming kvadrat kilometrni tashkil qilardi. Yiliga dengiz ustiga olti kub. km yog‘in tushadi (yog‘in qatlami to‘qson mm). Dengiz yuzidan esa ellik sakkiz kub. km suv bug‘lanib ketadi (bug‘lanish qatlami to‘qqiz yuz mm).

Oltmishinchi yillardan keyin yuqorida keltirilgan raqamlar o‘zgardi, albatta. Orolga boruvchi suv keskin kamayganligi natijasida dengiz sathi so‘nggi o‘n iil ichida yetti metr atrofida pasaydi va hozir 46,3 metrga tushib qoldi. Ikki minginchi yilga borib dengiz sathi o‘n yetti metrdan ortiqroq pasayishi kutiladi.

Orol suvlari shu yo‘sinda kamayib boraversa keyinchalik nima bularkin degan savolga turli olimlar turlicha javob berdilar. Ayrimlar Orol maydoni o‘rnida dehqonchilik qilish mumkin deb hisobladilar. Ba’zilar Orolning qurishi tabiatga aytarli ta’sir qilmaydi degan fikrda bo‘ldilar. Ammo Orol O‘rta Osiyo tabiatining ajralmas bir bo‘lagidir. Uning qurib qolishi mavjud region uchun katta salbiy oqibatlarga olib keladi. Birinchi navbatda dengizda yashovchi jonivorlar qirilib ketadi. Orol dengizi O‘rta Osiyoning baliq bazasi hisoblanadi, Bu yerda bir necha yil oldin to‘rt yuz ming tsentner baliq tutilgan bo‘lsa, hozirgi kunda bu ko‘rsatkich yuz ming tsentnerga tushib qoldi. Uning suvi kamayishi bilan baliqchilikning ahamiyati yo‘qolib ketadi. Dengiz suvining sho‘rligi ortgan sari, bunday sho‘r suvga moslashmagan baliqlar qirilib ketayotir. Bundan tashqari baliqlarning urchishi uchun chuchuk suv zapasi ham kamayib qoldi. Ularning ovqatlanishi uchun maydon qisqardi. Oqibatda sazan, usach, leshch va boshqa ayrim tur baliqlar mutlaqo tugab qoldi yoki juda oz mmqdorda qolganlari ham xavf ostida turibdi.

Dengiz suvining sho‘rligi oltmishinchi yillargacha litrida 10,3 grammni tashkil qilardi, hozir esa litrida o‘n yetti grammga yetib qoldi. Orol dengizi suvining hajmi bir ming oltmish kub. km bo‘lib, unda to‘plangan tuzning miqdori 10,9 milliard tonnaga yaqindir. Vaholanki, shuncha tuz zapasining vujudga kelishi uchun uch yuz sakson yil kerak bo‘ladi. Amudaryo va Sirdaryo dengizga yiliga 28,7 million tonna tuz oqizib keladi. Orolning qurishi bilan uning o‘rnida tuz sahrosi paydo bo‘ladi. Bu tuzlardan kimyoviy xom ashyo sifatida foydalanish mumkin deguvchilar ham bo‘ldi. Lekin bu rayonda Orol tomonidan Amudaryo deltasiga esuvchi shamollar kuchliroq bo‘ladi. Bu shamollar tuz qatlamiga bevosita ta’sir qilib (ayniqsa sulfat tuzlari shamolga beriluvchan bo‘ladi) qishloq xo‘jaligida yaroqli bo‘lgan maydonlarga uchirib ketadi va yotqizadi. Natijada unumdor yerlar ishdan chiqadi. Hozirning o‘zidayoq Orol atrofidagi vohalarda sho‘rlanish sezilarli darajada ko‘rina boshladi. Dengizga yaqinlashgan sari sho‘rlanish oqibatida tashlab ketilgan dalalarni ko‘plab ko‘rishingiz mumkin. Bundan tashqari tuz hozirning o‘zidayoq uchib faqat yaqin atrofgagina emas, ancha uzoq masofalarga ham tarqalmoqda. Masalan, yaqinda Tatariston elektr liniyalaridagi hodisalar, elektroizolyatsiyaning ishdan chiqish sabablarini mutaxassislar sinchiklab o‘rganib, uning shamol uchirgan tuzlardan shikastlanganligini aniqladilar.

Orol dengizining qurib borishi bilan sizot suvlar sathi pasayib, ularning bosimi ham keskin kamayib ketadi. Bu faqatgina artezian quduqlargagina emas, balki bu yerda o‘suvchi o‘simliklar dunyosiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Hozirning o‘zidayoq Amudaryo deltasida Orolning kichrayishi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan hodisalarni kuzatish mumkin. O‘zSSR Fanlar akademiyasi geografiya bo‘limining 1977 yilgi ekspeditsiyasi davrida quyidagi hodisalarning guvohi bo‘ldik. Bundan bir necha yillar oldin Mo‘ynoq shahri atrofini suv qoplab turgan. Qiziljar yoki porlotovlik kishilarning aytishicha, shu yerlardan qayiqda Mo‘ynoqqacha bemalol borib kelaverish mumkin edi. Hozir esa bir vaqtlar ko‘l va botqoqliklardan iborat bo‘lgan joylar, befoyda sho‘rxok bo‘lib yotibdi. Dengiz atrofidagi sermahsul yaylovlar o‘rnini kammahsul o‘simliklar egallay boshladi. Vohalar, qalin daraxtli to‘qaylar o‘rnini yulg‘un butalari qoplab olmoqda. O‘simlik dunyosi bilan bog‘liq holda mavjud territoriyada hayvonot olami ham yo‘qolib borayotir. Masalan, bu yerdagi to‘qaylarda yaqin yillargacha nodir hayvonlardan yo‘lbars bo‘lardi. Amudaryo deltasida ko‘p uchraydigan turli-tuman qushlar, hayvonlar ham kamayib ketdi.

Oldinlari Quyi Amudaryo yaylovlarida juda ko‘plab chorva mollari boqilardi. Hozirgi kunda bu yaylovlar chekinib, mahsuldor ozuqa o‘simliklar o‘rnini yulg‘un yoki sho‘rxok o‘simliklari qoplab bormoqda. Chorva mollari oziqlanishi uchun sharoit tobora og‘irlashib bormoqda. Biologik vaziyatning bunday o‘zgarib borishi albatta iqtisodiy sharoitlarga ham ta’sir ko‘rsatadi.

Orol dengizi O‘rta Osiyo iqlimining ajralmas qismi hisoblanadi. Uning sathidan yiliga to‘qson santimetrga qadar suv bug‘lanib ketadi. Shuncha suv atrofdagi cho‘llar havosi namligiga ta’sir qilishi tabiiy bir hol.

Umuman olganda Orol dengizining qurishi bilan tabiatdagi muvozanat buziladi. Shuning uchun tabiatning bu ulkan durdonasini saqlab qolish ustida ko‘p olimlar, ilmiy muassasalar ish olib bormoqdalar. Keyingi vaqtlarda sug‘orishning ilg‘or usullari (yomg‘irlatib yoki yer ostidan sug‘orish kabi) keng joriy qilinayotir. Suvning behudaga isrof qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik bilan bir qatorda ayrim o‘simliklarning suv bug‘lantirish qobiliyatini kamaytirish tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Mavjud suv resurslaridan ratsional foydalanish, bekorga Arnasoy va Sariqamish cho‘kmalariga oqayotgan qaytarilma — oqava va drenaj suvlarini Orol dengiziga oqizish yo‘llari ishlab chiqilib, bu suvlar to‘liq Orolga yuborilishi kerak. Bu dastlabki tadbirlarning asta-sekin amalga oshirila borishi Orol sathi pasayishining sekinlashuviga olib keladi.

Ko‘pchilik adabiyotlarda O‘rta Osiyo irrigatsiyasini rivojlantirish haqida ko‘plab fikrlar aytiladi-yu, Orol masalasi chetlab ketilayotir. Hozirgi vaqtda tabiatni qo‘riqlash xalqimiz oldidagi eng muhim vazifalardan biri bo‘lib turibdi. SSSR Konstitutsiyasining 18-moddasida shunday deyiladi: «SSSRdagi hozirgi va kelajak avlodlarning manfaatlarini ko‘zlab, yer va yer osti boyliklarini, suv resurslarini, o‘simliklar va hayvonot dunyosini qo‘riqlash va ulardan ilmiy asosda, oqilona foydalanish, havo va suvni toza saqlash, tabiiy boyliklarni uzluksiz ko‘paytirib borishni ta’minlash va insonning atrof-muhitini yaxshilash uchun zarur choralar ko‘riladi», deb ta’kidlab o‘tiladi. SSSR Konstitutsiyasida SSSR grajdanlarining huquqlari va burchlari ravshan belgilab berilgan. Unda «SSSR grajdanlari tabiatni muhofaza qilishlari, uning boyliklarini qo‘riqlashlari shart» (67-modda) deb uqtiriladi. Modomiki shunday ekan, tabiat in’omi bo‘lgan Orol dengizi masalasini hal qilish ishini O‘rta Osiyo irrigatsiyasi bilan birga olib borilishi zarur.

Orol muammosini hal qilish yo‘lida ko‘pgina olimlar o‘z fikrlarini bildirdilar. Masalan, ba’zi olimlar Pomir daralarida joylashgan Sarez ko‘lini ochib yuborish yo‘li bilan Orol dengizini qisqa muddatga to‘ldirish mumkin demoqdalar. Sarez ko‘li Orolga Sirdaryoning bir yilda quyadigan suvichalik suv quyishi mumkin. Bu fikrga qo‘shilib bo‘lmaydi, chunki ko‘lning suvi Orolni uzoq muddatga saqlab turolmaydi. Oqibatda Sarez ko‘lidan ham ayrilib qolgan bulamiz.

Professor M. P. Lvovich esa dengizning sayoz joyidan to‘g‘on bilan bo‘g‘ish va suvni bir tomonga to‘plashni taklif etadi. Bu holda Orol ekvatoriyasi kichrayadi, ammo u saqlanib qoladi. Uning maydoni shunda 44—46 kvadrat km va sathi qirq to‘qqiz metr atrofida bo‘ladi. Bu ham Orol uchun aytarli ijobiy natija bermaydi.

Xo‘sh nima qilish kerak? Faqat Sibir daryolarigina Orol dengizini va uning atoofidagi tabiatni saqlab qolishi mumkin. Hozirda Sibir daryolarining bir qismini O‘rta Osiyoga oqizish problemalari ishlab                chiqilayotir. KPSS XXV s’ezdida bu xususda shunday deyiladi: «Sibir daryolari tarmoqlaridan bir qismining suvini O‘rta Osiyo va Qozog‘istonga burish problemasi bilan bog‘liq bo‘lgan ilmiy tadqiq ishlari o‘tkazilsin va shu asosda loyihalash ishlari amalga oshirilsin».

Hozir bu hayotbaxsh qarorni amalga oshirish uchun qizg‘in kirishildi. Ko‘pgina ilmiy muassasalar, jumladan O‘zSSR Fanlar akademiyasi geografiya bo‘limi Orol problemasi ustida katta ilmiy ish boshladi. Shuni ham aytib o‘tish kerakki, Sibir daryolarini O‘rta Osiyoga oqizish masalasi o‘tgan asrning 1868 yiliyoq rus injeneri Ya. Demchenko tomonidan ilgari surilgan edi. Bu O‘rta Osiyo iqlimini yaxshilash maqsadida aytilgan dastlabki amaliy taklif edi. Undan ancha keyin ham bu masala bir necha bor ko‘tarib chiqildi. Masalan, 1920 yillarda D Bukinich, 1924 yilda N. N. Botvinnik, 1927 yilda V. A. Monastirev, Z. O. Kirilets, 1930 yilda esa A. Makarov kabi olimlar Ob, Irtish, Yenisey singari daryo suvlarini to‘g‘on yordamida to‘sib To‘rg‘ay dovoni orqali Orolga oqizishni taklif etishdi. A. A. Myuller 1936 yilda bu daryo suvlarini to‘g‘on bilan to‘sish va nasos yordamida ko‘tarib berishni taklif qildi. Shu vaqtga qadar bu taklif va loyihalar amalga oshmadi. Bu masalaga Orol suvi kamayishi sababli puxta kirishildi. Bugungi kunda muammo mutaxassislar qo‘lida hal bo‘lish arafasida turibdi.

Hozir Sibir daryolarini O‘rta Osiyoga oqizishning bir necha varianti ishlab chiqildi Bunday loyihalardan birida Tobolsk shahri yonida Tobolsk suv ombori qurilishi ko‘zda tutilgan. Bu suv omboriga to‘plangan suv sakson metrlar chamasi yuqoriga kuchli nasoslar yordamida ko‘tarib beriladi. Suv To‘rg‘ay yo‘lagi orqali o‘ta boshlaydi. Kelayotgan bu suv yo‘lida yana bir necha suv omborlari barpo etiladi. Masalan Yuqori Mingbuloq suv omborida yig‘ilgan suvning bir qismi Orol dengizi sathini saklab turish uchun, bir qismi Sirdaryo va Quyi Amudaryoga, u yerdan esa kanal orqali Turkmaniston sahrolariga oqiziladi. Sibir suvi yordamida katta maydonlarni o‘zlashtirish ko‘zda tutiladi.

Taqdim qilinayotgan loyihaning yana birida Yenisey-Ob-Irtish-Tobol kanallari tarmog‘ini hosil qilish mo‘ljallanadi. Bunda Osinovo shahri yaqinida Yenisey daryosiga to‘g‘on quriladi. Ko‘tarilgan suv kanal orqali Ket va Chulim daryolariga quyiladi. Chulim daryosiga yana bitta to‘g‘on quriladi va suv Tom daryosining Obga qo‘shilishidan shimolroqda qurilgan suv omboriga kanal yordamida tutashtiriladi. Bu yerdan suvni yana Novosibirsk shahri yaqinidan qazilgan salkam olti yuz kilometrli kanal yordamida Irtish daryosiga oqiziladi. Omsk shahri yaqinida yana bir to‘g‘on vujudga keltiriladi. Besh yuz kilometrli kanal orqali suv Tobol daryosiga qo‘shiladi. Qo‘rg‘on shahri yaqinida bu daryoda yana bir to‘g‘on bunyod qilinadi. Natijada suv To‘rg‘ay vodiysi bo‘ylab qazilgan kanal yordamida Orol sari oqib keladi.

Loyihalardan birida Ob suvi Volga daryosi orqali keladi. Avval suv Pechora daryosiga, so‘ng Kama daryosiga qo‘shiladi va Volga daryosiga quyiladi. So‘ngra Volga-Ural kanaliga o‘tadi. U yerdan suv Orol dengizi va O‘rta Osiyoga oqib keladi.

Sibir daryolarining O‘rta Osiyoga kelishi bilan bog‘liq holda xalqning yana bir necha tarmoqlarini rivojlantirish nazarda tutiladi. Sibir suv hisobiga yana necha million gektar maydon o‘zlashtiriladi, undan olinadigan mahsulot esa yana bir qancha million aholi ehtiyojini qondirishi mumkin. Bundan tashqari Kaspiy-Shimoliy Muz okeani suv yo‘li ochiladi. Bir necha sanoat korxonalari va GESlar quriladi. GESlarning umumiy quvvati o‘n million kilovattdan ortishi kutiladi. Suv havzalarida baliqchilik rivojlantiriladi.

Shu bilan birga Sibir daryolarini O‘rta Osiyoga oqizishda ayrim tangliklar ham kelib chiqishi mumkin. Shuncha ko‘p suvning kirib kelishi O‘rta Osiyo tabiatiga ta’sir ko‘rsatishi tabiiy. Birinchi navbatda havo namligi ortib, yog‘inlar odatdagidan ko‘proq tushishi kutiladi. Bu mahalliy daryolarning suv resurslarini yana ancha yaxshilashi mumkin. Iqlim o‘zgarib, ob-havo ancha yumshaydi. O‘lkaning o‘simliklar va hayvonot dunyosi boyiydi.

Xullas, Sibir daryolarini O‘rta Osiyoga oqizishda katta-katta muammolar paydo bo‘laveradi. Ularning hammasini nazardan qochirmay, har tomonlama puxta hal qilish olimlarimiz oldidagi eng katta vazifa bulib turibdi.

Ziyoviddin Akramov,

geografiya fanlari doktori,

Risqitilla Nurinboev,

SSSR geografiya jamiyatining haqiqiy a’zosi

“Sharq yulduzi” jurnali, 1979 yil 7-son.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.