OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Ulug‘ov. XX asrning eng yaxshi asarlari

http://ziyouz.uz/images/abdulla_ulugov.jpgAbdulla Ulug‘ov — munaqqid.

1. XX asr jahon adabiyotining 10 eng yaxshi asari deb qaysi asarlarni tilga olasiz?

XX asrning eng e’tiborli asarlari... Ular ancha-muncha. «10 ta eng sarasi» degan mezon qo‘yiladigan bo‘lsa, ularning qaysi birini ko‘rsatsam ekan, deb ikkilanib qolasan, kishi. Biroq XX asrning eng e’tiborli asarlari ro‘yxati boshida Fyodor Dostoevskiy romanlari ko‘rsatilsa, albatta, adolatdan bo‘lardi. Chunki bu asrning eng sara asarlari bo‘lgan Jeyms Joysning «Uliss» («Odisseya»), Mixail Bulgakovning «Usta va Margarita», Gabriel Garsia Markesning «Yolg‘izlikning yuz yili», Tomas Mannning «Iosif va uning akalari», Andrey Platonovning «Xandaq», «Chevengur», «Yoshlik ummoni» («Ювенильное море»), Vladimir Nabokovning «Lolita», Marsel Prustning «Svanga yo‘l» («Путь к Свану»), Avgust Strindbergning «Qizil xona» («Красная комната»), Gayto Gazdanovning «Uchish» («Полёт»), Knut Hamsunning «Pan», «Viktoriya», Andrey Beliyning «Peterburg» asarlari, Xorxe Luis Borxes hikoyalari bag‘rida hayotni inson dunyosini «Telba» muallifiga xos kuzatish, ko‘rsatish ayon bo‘lib turadi.
XX asr adabiyotida «Tinch Don» degan yana bir asar mavjudki, uni kim yozganidan qat’i nazar, behad maroqli, ta’sirchandir.
Ulkan iste’dodlarning alohida bitta asarini ajratib olib, aynan shunisi yaxshi, deyish nihoyatda mashaqqat. Chunki ular bir-biriga o‘xshamaydi. Har biri o‘z fazilati bilan yarqirab turadi. Shunday bo‘lsa-da, Chingiz Aytmatovning «Qiyomat» romani adib ijodining cho‘qqisi sanaladi. Bu asar eng adolatli mezonlar bilan yondashilganida XX asr jahon adabiyotining eng sara o‘nligi birinchi beshligida turishga munosib.

2. XX asr o‘zbek adabiyotidagi eng yaxshi 10 asarni tilga oling.

XX asr o‘zbek adabiyotining eng sara o‘n asari... «Eng sara»ni qaysi mezonda o‘lchash kerak? Agar «jahon adabiyotining eng e’tiborli asarlari» mezonidan kelib chiqiladigan bo‘lsa, o‘zbek adabiyotida shu mezonga loyiq asar bormi?
O‘zimizning jaydari mezonlarimiz bilan yondashsak-chi... O‘nta chiqarmikan? Sanaylikchi:

1. Cho‘lpon. «Kecha va kunduz» (roman).
2. Abdulla Qahhor. «Sarob» (roman).
3. Maqsud Shayxzoda. «Mirzo Ulug‘bek» (tragediya).
4. Odil Yoqubov. «Ulug‘bek xazinasi» (roman), «Ko‘hna dunyo» (roman).
5. Abdulla Qodiriy. «O‘tkan kunlar» (roman).
6. Abdulla Oripov. «Bahor» (she’r).
7. Rauf Parfi. She’rlar.
8. Murod Muhammad Do‘st. «Lolazor» (roman), «Dashtu dalalarda» (hikoya).
9. Naza Eshonqul. «Qora kitob» (qissa).

O‘ntaga yetmadi. Lekin shu «ro‘yxat»ning o‘zi ham ancha ko‘ngilchanlik bilan tartiblandi...

Manba: «Hurriyat» gazetasi, 1999 yil, 12-18 may soni.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.