OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Dog‘iston xalq maqollari (49)

Dog‘iston tillari - Kavkaz (iber-kavkaz) tillarining eng ko‘p tarmoqli guruhi. Mazkur tilda so‘zlashuvchi elatlar Dog‘iston, Shimoliy Ozarbayjon, Gruziyaning ayrim joylari, Checheniston, Ingushiya hududlarida tarqalgan. Dog‘iston tillari tillar guruhi va ayrim tillarga bo‘linadi: 1) avar-anddidoy (tsez) guruhi. Bu guruhga avar, and, botlix, karatin, axvax, bagulal, tindin, chamalin, godoberi, didoy (tsez, xvarshi, ginux, bejitin yoki kapichu, gunzib) tillari kiradi; 2) lak tili; 3) darg‘in tili. Bu tillar bir-biridan keskin farq qiluvchi bir necha dialektlarga bo‘linadi (bularning ba’zilari (mas, kubachi, qaytog‘)ga, hatto alohida til sifatida qaralgan); 4) lazgin tillari guruhi (lazgin, tabasaran, og‘ul, rutul, tsaxur, krыz yoki jek, budux, xinalug, udin, archin); 5) tat tili.


• Ilon terisini har yil o‘zgartiradi, ammo zaharli tishi shundayligicha qoladi.
• Ko‘piga yugurgan ozidan ham qoladi.
• Kim yolg‘on gapirsa, u o‘g‘irlikdan ham toymaydi.
• Ko‘p changallama, ko‘tarish qiyin bo‘ladi.
• Yomon odam qarzdor bo‘lib qolmaydi: unga yaxshilik qilgan odamning uyini yoqadi.
• Otasiz ― o‘g‘il xo‘jayin, onasiz ― qiz.
• Qumsiz daryo bo‘lmaydi.
• Yomon odamning og‘ziga moy ham yeb bo‘lmaydigandek tuyuladi.
• Poda qayerdan o‘tsa, cho‘ponning izi ham o‘sha yerda.
• Yomon odamdan hech bo‘lmasa urushda foyda.
• Bilimdon odam Quyoshga o‘xshaydi, bilimsiz ― qora tunga.
• G‘ozga o‘z g‘ozchasi aziz, insonga o‘z farzandi aziz.
• Ahillikda hayot uzun, noahillikda ― qisqa.
• Agar toza narsaga iflos qo‘shilsa ― hammasi kirlashadi.
• Ko‘p bil, lekin kam gapir.
• Qanday baqirsang, shunday ovoz chiqadi.
• Sigirni qanday boqsang, shunday sut olasan.
• Ota-onalar qanday bo‘lsa, bolalar ham shunday.
• Go‘sht qanday bo‘lsa, sho‘rva ham shunday.
• Tosh otilgan joyida, qiz berilgan joyida.
• Dangasa o‘tirib uxlaydi, yotib ishlaydi.
• Dangasaga kun uzoq, mehnatsevarga kun yetmaydi.
• Yolg‘on ko‘p, haqiqat bitta.
• Odamdan afzal hech narsa bo‘lmaydi.
• Er va xotinning orasiga tushma.
• Do‘stona so‘zga do‘stona javob berish lozim.
• Teshik qayiq bilan uzoqqa borolmaysan.
• O‘z joyida buqa ham kuchli.
• Kattaning yo‘l-yo‘rig‘ini eshitsang hayotda ko‘p narsani ko‘rasan.
• Tog‘da bo‘lmay, tog‘ni bilmaysan.
• Mehnatdan qolma, qalpoqqa ham ega bo‘lasan.
• Otga chiqmasdan qamchi urma.
• Odam yolg‘izlikda yasholmaydi.
• Taqalanmagan otni bo‘ri yeydi, xalqdan ajragan shaytonga yo‘liqadi.
• Shafaq ko‘rinsa tong otadi, kakku sayrasa maysa chiqadi.
• Ochlik paytida boylar semiradi.
• Ho‘kiz o‘lsa it to‘q.
• O‘z yerini poda ham biladi.
• Ikki aka-ukadan ayiq ham qo‘rqadi.
• Podadan qolgan molni bo‘ri yeydi, xalqdan ajragan odam o‘ladi.
• Kattaga joy ber, kichikka yordam ber.
• Ho‘l daraxtni qurimasdan egib ol, bolani o‘z vaqtida o‘qit.
• Ichi iflos narsaning tashqarisini ham toza qilolmaysan.
• Shoshilgan pashsha sutga tushadi.
• Ishyoqmasning tili yomon.
• Dangasaning og‘zi quruq, mehnatsevarning og‘zi moyli.
• Yaxshi ish maqtov olib keladi.
• Yaxshi ot bo‘taligidan ma’lum, yaxshi odam ― bolaligidan.
• Nohaq gapni gapirgandan jim turgan afzal.

D.Tojialiyev tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.