OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Indonez xalq maqollari (70)

Indonezlar — Indoneziyaning aholisi; tili, madaniyati va turmushi jixatdan qardosh xalqlardan tashkil topgan. Mamlakat aholisining 96% ni indonez tilida so‘zlashuvchi indonezlar tashkil qiladi. Dindorlari — asosan, musulmonlar. Keng ma’noda «indonezlar» istilohi Indoneziyaning barcha fuqarolarini anglatadi. Mamlakatdagi xalqlarning umumiy soni — 230 mln.ga yaqin. Ular orasida yavanlar, sundanlar, madurlar, malayyalar, rejang-lamponglar, minangkabaular, bataklar, achinlar, ma-kassarlar, dayaklar va boshqalar bor.


• Husnni o‘zgartirish mumkin, xulqni esa go‘r to‘g‘rilaydi.
• O‘z yurtingdagi tosh yomg‘iri o‘zga yurtdagi oltin yomg‘iridlan afzal.
• Pichoq ham, bolta ham inson tilidan ko‘ra o‘tkir emas.
• Yolg‘on halokatga olib boradi.
• Bir marta yolg‘on gapirsang, qaytib senga ishonmaydilar.
• Olmos axlatlar orasida ham yarqiraydi.
• Olovsiz tutun yo‘q.
• Katta daraxt quyoshdan ham, seldan ham saqlaydi.
• Qorong‘ida hamma mushuklar bir xil rangda.
• Sochimiz rangi bir xildir, lekin yuragimiz har xil.
• Qarg‘ani atirgul suvi bilan yuvsang ham oqarib qolmaydi.
• Yonmasdan oldin olovni o‘chir.
• Burgutlar yo‘q joyda chumchuqlar burgut.
• Gullar qayerda bo‘lsa, asalari ham o‘sha yerda.
• Yovvoyi tovuqni oltin ovqat bilan boqsang ham baribir o‘rmonga qochib ketadi.
• Zo‘rg‘a cho‘qqiga chiqib qarasam, oldinda yana bir cho‘qqi ko‘rindi.
• Shamol bo‘lmasa daraxt silkinmaydi.
• Suv sokin bo‘lsa ham unda timsoh yo‘q deb o‘ylama.
• Omading kelmasa, quruqlikda ham cho‘kib o‘lasan.
• Tutunni quvsang olovsiz qolasan.
• Yomon odam tez qariydi.
• Hatto fil suyagida hai yoriqlar bor.
• Hatto dengizni ham chelaklab quritish mumkin.
• Olim ham adashishi mumkin.
• It ham o‘z ko‘chasida — sher.
• Bitta loviyadan qayla qila olmaysan.
• Hamma qurbaqa o‘z botqog‘ini maqtaydi.
• Qarqara qancha baland uchmasin, o‘z axlatiga qo‘nadi.
• Qisqichbaqa o‘zining bukri ekanligini bilmaydi.
• Ilondan qo‘rqqan kaltakesakdan ham cho‘chiydi.
• Kim yaxshi gapirsa, u g‘olib bo‘ladi.
• Baliq ham suv oqqan tarafga suzadi.
• Uchyaptimi, demak — qush.
• Yolg‘on haqiqatdan ko‘ra shirin bo‘ladi.
• Kichik olov — do‘st, katta olov — dushman.
• Bo‘rdan oq, ko‘mirdan qora iz qoladi.
• Usti loyqa suvning ichi ham loyqa bo‘ladi.
• Yumshoq so‘z bilan suyakni sindirsa bo‘ladi.
• Bir kemada ikki darg‘a bo‘lmaydi.
• O‘z joyida o‘rdak ham hukmdor.
• Xunuk ko‘ringan har harsa ham ko‘rksiz emas.
• Hamma yaxshi narsalar ham go‘zal emas.
• Yutqizmagan o‘yinchi bo‘lmaydi.
• To‘lqinsiz dengiz yo‘q.
• Bir qo‘l bilan qarsak chalolmaysan.
• Katta daraxtdan foyda ham katta.
• Otdan eshak tug‘ilmaydi.
• Kichik yomg‘irdan toshqin yuzaga kelmaydi.
• Tizzangga o‘tkazsang, boshingga chiqqisi keladi.
• Yo‘lbars o‘lsa terisi qoladi, odam o‘lsa — shuhrati.
• Novdani sindirish oson.
• Kichik baliqlar g‘ajib tashlagandan timsoh yutgani afzal.
• Ishda — dangasa, yeyishda — botir.
• Itning hurishidan tog‘ qularmidi?
• Toza ko‘ldan kir suv oqarmidi?
• Xo‘roz qichqirmasa, tong otarmidi?
• Yara tuzaladi, chandig‘i qoladi.
• Jilg‘a irmoqqa aylanadi.
• Kelbatidan sherdek, yuragi sichqonniki.
• Qurbaqa kokos yong‘og‘i po‘chog‘ida o‘tirib, u yerda butun dunyoni tasavvur qiladi.
• Fil kuchli bo‘lishi mumkin, lekin u ham qoqinadi; yo‘lbars abjir bo‘lishi mumkin, lekin u ham chuqurlikdan sakrab chiqib keta olmaydi.
• Odamlar qancha bo‘lsa, orzulari ham o‘shancha.
• Filning izini yashirib bo‘lmaydi.
• Tashi — yaltiroq, ichi — zanglagan.
• Qari kokos ko‘proq moy beradi.
• Quyosh yuqoridaligida doningni qurit.
• Katta daraxtning shoxlari ham uzun bo‘ladi.
• Cho‘tir otaning o‘g‘li sepkil bosgan.
• Xotining qari bo‘lgani yaxshi: ham to‘qsan, ham maslahat uchun uzoqqa bormaysan.
• Oyog‘ingni kerib yursang cholvoring darz ketadi.

D.Tojialiyev tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.