OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Oltoy xalq maqollari (59)

Oltoylar (o‘zlarini — oltoy-kiji deb ataydilar) — Oltoy Respublikasidagi xalq (63 ming kishi, 2002). Rossiya Federatsiyasida jami 65 ming kishi (2002). Quyidagi etnografik guruxlarga bo‘linadi: oltoy-kiji, telengitlar, teleslar, teleutlar, tubalorlar, chelkanlar, kumandinlar. Oltoy tilida so‘zlashadi. Dindorlari — pravoslavlar, bir qismi baptistlar, an’anaviy diniy e’tiqodlar saqlangan.


• Bo‘sh idishning jarangi ko‘p, bo‘sh kallaning gapi ko‘p.
• Bilag‘on yarimta so‘zdan tushunadi, nodon bilmasa ham og‘iz ochaveradi.
• Ot qochsa ushlab kelish mumkin, aytilgan so‘zni qaytarib bo‘lmaydi.
• Mehnatda ayb yo‘q.
• Senga qanday ot olib kelishsa, o‘tir, faqat ehtiyot bo‘l, oyog‘ing yerga tegib qolmasin.
• Ko‘p, lekin yomon narsadan, oz, ammo yaxshi narsa afzal.
• Kalxatlar o‘limtik bor joyda yig‘iladi.
• Hakkaning ko‘zi ― o‘liktikda, shomonning ko‘zi ― qozonda.
• Yaroqli yer hammaga qadrli.
• Harakat qilgan topadi.
• Tuyaday yomon fikrdan sedanaday yaxshi fikr afzal.
• Oraga suqilma, ortiqcha so‘z gapirma.
• Yassi daraxt yonishga xalaqit beradi, yomon odam ― yashashga.
• Otasiz o‘g‘il nobop, onasi qiz nobop.
• Yaxshi odamning do‘stlari ko‘p, buzuqining dushmani ko‘p.
• Begonaning ko‘ylagi tez kir oladi, begonaning oti tez terlaydi.
• Oldinga yursang tog‘ oshasan, o‘tirsang o‘z chuquringdan boshqasini ko‘rmaysan.
• Sergaplikda haqiqat bo‘lmaydi, maqolda yolg‘on bo‘lmaydi.
• Echki yo‘q joyda urg‘ochi echki ham sardor bo‘ladi.
• Matalda fikr bor, maqolda foyda bor.
• O‘tin ko‘p bo‘lsa uy issiq bo‘ladi, yig‘ilgan xalqda kuch bo‘ladi.
• Echkining shoxi osmongacha o‘sganini kim ko‘ribdi?
• Tuyaning dumi yerga tekkanini kim ko‘ribdi?
• Ho‘kiz o‘lsa it semiradi.
• Bo‘rining bolasi bo‘ri bo‘ladi.
• Yaxshi odam yomonlikni, yomon odam yaxshilikni unutadi.
• Ho‘kiz boqsang och qolmaysan.
• Oltinni qancha qoraga bo‘yama, baribir qoraymaydi.
• Bo‘ridan echki chiqmaydi.
• Hech nimasiz yong‘in chiqmaydi.
• Omadli ovchiga qush o‘zi uchib keladi.
• Ot otni kishnashidan biladi, inson so‘z bilan yaqinlashadi.
• Urushgan charchaydi, tortishgan yengiladi.
• Dangasa odam ko‘p g‘iybat qiladi.
• Dangasaga ming kun kam, mehnatsevar bir kunda bajaradi.
• Asal aroqdan afzal, otaning yeri oltin-kumushli yerdan afzal.
• Yangi niholga suv kerak, chaqaloqqa erkalash kerak.
• Onasi telba qizga uylanma.
• Chiroyiga emas, qalbiga qara.
• Bitta chechak bahorni olib kelmaydi.
• Yolg‘iz otni bo‘ri bo‘g‘izlaydi.
• Yomon otga ― ming qamchi, yaxshi otga bittasi yetadi, yomon odamga mingta gapir, yaxshiga bitta kifoya.
• Haqiqat oltindan qimmat.
• Rost so‘z oltindan qimmat.
• Quvonch har yilda kelmaydi, kulfat oyoq ostidan chiqadi.
• Tayoqning yarasi bitadi, yomon tilniki bitmaydi.
• Matal bilan gap chiroyli.
• Qancha harakat qilsang, shuncha olasan.
• Quyoshga qarasang, qulog‘ingni isitib olasan.
• Filni tishidan bilsa bo‘ladi.
• Qoshiq bilan yig‘ib, idishni to‘ldirasan.
• Bo‘ri yesa ham, yemasa ham ― aybdor.
• Qo‘rqoqlar topilmaydigan yurtda botirlar topiladi.
• Harakat qilsang ko‘p narsani o‘rganasan.
• Ishchan odamning qo‘li tinmaydi, vaysaqining ― tili.
• Yaxshi ot qadrlanadi, yaxshi odam sharaflanadi.
• Yomon havo o‘tadi, ammo yomonning yomonligi qolmaydi.
• Qisqa bo‘lgandan uzun bo‘lgan afzal.
• Qo‘zichoq ma’rab o‘sadi, chaqaloq ― yig‘lab.

D.Tojialiyev tarjimalari

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.