OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qalmoq xalq maqollari (166)

Qalmoqlar, qalmiqlar (o‘zlarini xalmg deb atashadi) — Rossiya Federatsiyasidagi xalq, Qalmog‘istonning asosiy aholisi (156 ming kishidan ziyod); RF da jami 174 ming kishi (2002). Qalmoq tilida so‘zlashadi. Dindorlari — buddaviylar; pravoslavlar ham bor.


• Uzoq bo‘lsa-da qimmatini borib ol, qari bo‘lsa-da qizni ol.
• Ertak o‘qib olim bo‘lolmaysan.
• Aroq qadahdan boshqa hamma narsani yemiradi.
• Odamning tilidan hatto chaqirtosh titraydi.
• O‘limga mahkum sichqon mushukning dumi bilan o‘ynashadi.
• Bir asr joyida yonboshlab yotgan qariyadan emas, dunyo kezgan yoshdan so‘ra.
• Do‘stidan ayrilgan oh chekadi, o‘tlog‘idan ayrilgan ot ishnaydi.
• Daryo qancha chuqur bo‘lsa-da, tubi bor, tog‘ qancha yuksak bo‘lsa-da, cho‘qqisi bor.
• Yerga yiqilgan yerga tayanib turadi.
• Ketayotganni uyni isitib ham olib qololmaysan.
• Oyog‘i bilan ketgan ― qaytadi, kurak bilan ko‘milgan ― qaytmaydi.
• Ayyorga omad bir marta keladi, epchilga ― ikki marta.
• Sham o‘chmasidan oldin alangalaydi.
• Kuchli ― bo‘kiradi, kuchsiz ― chinqiradi.
• Xasis qiz shohning to‘yidan nolibdi.
• Avval chanqog‘ini qondir, so‘ng nimaga kelganini so‘ra.
• Yo‘lsizning halovati yo‘q.
• Taklif ― riyokorlikdan, tasodifiy uchrashuv ― yaxshi taqdirdan.
• Chaqaloq va kuchukning og‘zi to‘q bo‘lmaydi.
• Baliq balchiq bor joyga to‘planadi, odam ― yaxshi fe’llilar bor joyga.
• Topqirlik bo‘lmasa, panoh ham yo‘q.
• Ezgu yurakdan ko‘z olib bo‘lmas, yorilgan labdan ― til.
• Erkakdan ish arimas, tog‘dan ― bulut.
• Xonning ehsoni ― bahordagi qor.
• Otim yuvosh deb ishonma, piyoda qolasan.
• Beparvo odam ikki marta qiladi.
• To‘qliginigda ochlikda yeganlaringni eslamaysan.
• So‘zamol ― oldinda, gapga no‘noq ― orqada.
• Ovchi qushni tumshug‘idan biladilar, kishi tafakkurini ― so‘zidan.
• Qarg‘ani otib, tipratikanga tutildi.
• Umrning uzuni yaxshi, ma’rakaning ― qisqasi.
• Qaynayotgan suv choy hisoblanadi, fotihalangan qiz ― erga tekkan.
• Bilganga so‘z gapir, mergan otuvchiga sayg‘oqni ko‘rsat.
• Uzoqdan ma’rab, yaqindan suzadi.
• Kim itni chaqirsa, uning yuzini yalaydi.
• Kelajak haqida o‘ylovchi ― dono, eski-tuskini sozlovchi ― mohir.
• Gapirsalar ― so‘z bo‘ladi, kessalar ― payraha uchadi.
• Tog‘ otni qiynaydi, adovat ― odamni.
• Daryo irmoqdan dengizga oqadi, jinoyat aybdorga qaytadi.
• Tuhmatda haqiqat yo‘q, yolg‘onda yaxshilik yo‘q.
• Qorong‘i kechada yo‘l uzoq, xasis odamga do‘stlar uzoq.
• Maslahatsiz donolik yo‘q.
• Ehtiyotkorlik o‘zing uchun kerak.
• Boyisang ― hamma qarindosh, kambag‘allikda hamma dushman.
• Boylik ilk bo‘rongacha, pahlavonlik ilk o‘qqacha.
• Hunardan ortiq boylik yo‘q.
• Katta tosh bilan kichik toshni uradilar.
• Daromad bor joyda buromad ham bor.
• Dangasaning uyida o‘tin bo‘lmaydi, ochko‘zning uyida ― ovqat.
• Yomon do‘stdan ham battar dushman yo‘q.
• Ummonda kir bo‘lmaydi.
• Ko‘rlar yurtida ko‘zingni yum, oqsoqlar yurtida oyog‘ingni eg.
• Tuyaga aylansang ― minadilar, arava bo‘lsang ― yuklaydilar.
• Arqon ingichka joyidan uziladi.
• Shamol bo‘ron bilan tugaydi, ko‘ngilxushlik ― janjal bilan.
• Bo‘ri yesa-emasa lunji qizil.
• Bo‘rini hamma odam biladi, bo‘ri odamni tanimaydi.
• O‘g‘ri orqaga qarab qichqiradi.
• O‘g‘ri oydin kechani yoqtirmaydi, nodon ― yaxshilikni.
• O‘g‘ri bir marta gunoh qiladi, o‘g‘irlangan molning egasi ― ko‘p marta.
• O‘g‘ri it hurib yuguradi, yolg‘onchi ― tirjayib.
• O‘g‘rilik bilan boyib bo‘lmaydi.
• Olam Quyosh bilan yorug‘, odam ― ilm bilan.
• Muloyimlik yo‘q joyda birodarlik yo‘q.
• Tushunmagan odamga gapirish ho‘kizning shoxiga don sochish bilan barobar.
• Tog‘ burguti toqqa uchadi, dononing o‘g‘li maqol bilan gapiradi.
• G‘oz bir marta qichqirsa ― bahor, qarg‘a qancha qag‘illamasin bahor kelmaydi.
• Tug‘ilmagan bolaga temir belanchak yasaydilar.
• Ilonni boshqaning qo‘li bilan ushla.
• Ummon uchun tomchi ham qo‘shiluv.
• Nodondan so‘rama: o‘zi aytadi.
• Nodon yegan-ichganini gapiradi, dono ― ko‘rgan-eshitganini.
• Kalla bo‘sh bo‘lsa oyoq ham og‘irlashadi.
• Bola yig‘lamasa ona ko‘krak tutmaydi.
• Nodonga yaxshilik qilsang ― tushunmaydi, donoga zulm qilsang ― unutmaydi.
• Bosh omon bo‘lsa taom topiladi.
• Qo‘l ishlasa, og‘iz ham tishlaydi.
• It bir marta qoqinsa, yana yuz marta qoqinadi.
• It uyda o‘tirsa ― och qoladi, ko‘chada izg‘isa ― suyak g‘ajiydi.
• Agar ota o‘lsa, katta aka ― ota, ona o‘lsa, katta opa ― ona.
• Bo‘yin ko‘tarolsa katta bosh yaxshi, badan ko‘tarolsa ― kichik oyoq.
• Ekkaningni o‘rasan, berganingni olasan.
• Quyonni aravada quvib yetolmaysan.
• Daraxtga o‘yilgan ― o‘chmaydi, aytilgan so‘z ― unutilmaydi.
• Oltinni chang bilan yopolmaysan.
• Duming bo‘lsa ― qimirlat, aqling bo‘lsa ― o‘ylab ish qil.
• Buqa qancha kuchli bo‘lmasin, u ham bir vaqtlar buzoq bo‘lgan.
• Tabib qanchalik zo‘r bo‘lmasin, o‘zini davololmaydi.
• Daraxt qanchalik mustahkam bo‘lmasin, shoxlari og‘irligidan egiladi.
• Boshda qancha soch bo‘lmasin, uni ustarada qirsa bo‘ladi.
• Ilonning olasi tashida, odamning olasi ichida.
• Maqtovni eshitgan ishni mukammal bajaradi.
• It yo‘q joyda cho‘chqa ham huriydi.
• Boyisang qarindoshlaring ko‘payadi, kambag‘allashsang ― buyruq beruvchilar.
• Sigir shakarning ta’mini bilmaydi.
• Itning og‘ziga kirgan suyak butun chiqmaydi.
• O‘limdan boshqa har ishning tez bitgani yaxshi.
• Oyog‘ing uzun bo‘lsa kaltak yeysan, bo‘yning uzun bo‘lsa tishlanasan.
• Tulki ― ayyor, odam undan ayyorroq.
• Itdan ko‘ra zanjir yaxshi.
• Birovga ovqat ehson qil, o‘zing eng yaxshi kiyimni kiy.
• O‘zi yiqilgan bola yig‘lamaydi.
• Dengiz qurimaydi, xalq o‘lmaydi.
• Chumoli oz bo‘lsa ham tog‘ni kovlaydi.
• Onaning o‘yi bolada, bolaning o‘yi dashtda.
• Aql bilan taxtdasan, orqa bilan kirdasan.
• Nodonga taraf yo‘q.
• Boyning bazmida kambag‘alga o‘lim keladi.
• Suvning boshlanishi ― buloq, xalqning boshlanishi ― qarindoshlik.
• Janjalning boshlanishi ― qon, tinchlikning boshlanishi ― moy.
• Suvni ko‘rmasdan etikni yechma.
• Birovga chox qazima, o‘zing qulaysan.
• Yolg‘iz o‘zing jang qilolmaysan.
• Havo aynishi o‘tadi, zulm qoladi.
• Ichishga hech narsa yo‘q, lekin choyni yaxshi ko‘rishadi.
• Yolg‘iz daraxt daraxt emas, yolg‘iz odam odam hisoblanmaydi.
• Qora sigirdan oq buzoq tug‘iladi.
• Ota-onasini sevmagan qiz ― eng yomon qiz, qarindoshlarini hurmat qilmagan yigit ― eng yomon yigit.
• Yomon jangchi ― yaqinlari orasida pahlavon.
• Odamni boqsang boshing qon bo‘ladi, ho‘kizni boqsang og‘zing moy bo‘ladi.
• Keyin chiqqan shox oldin o‘sgan quloqdan uzun.
• Otang hayot bo‘lganda odamlar bilan tanish, oting yoshligida uzoqlarga choptir.
• O‘zing his etmaguningcha birovning dardini tushunmaysan.
• Yomg‘irdan so‘ng Quyosh chiqadi, yolg‘ondan so‘ng ― uyat.
• Suzib o‘tganingdan so‘ng qayiq kerak emas, tuzalganingdan so‘ng ― tabib.
• Oqshomdan so‘ng issiq bo‘lmaydi, o‘limdan so‘ng ― shodlik.
• Sevimli do‘stingni yo‘qotsang yetti yil eslaysan, Vataningdan ayrilsang ― bir umr.
• Sigirni sog‘ishdan oldin idishni tayyorla.
• So‘rash ― nodonlik, bermaslik ― undan battar.
• Hunar o‘rganish uchun qarilik yo‘q.
• Qo‘l qo‘lni yuvadi.
• Pahlavon bilan ovqat uchun talashma, boy bilan ― baxt uchun.
• Ustasi bilan bahs etma.
• Shakar to‘rt tomonda laziz.
• Cho‘chqa osmonni ko‘rmaydi.
• Kumush kumushga boradi.
• Aytilgan so‘z ― qo‘porilgan daraxt.
• Qarg‘a qancha sayramasin bulbul bo‘lolmaydi.
• Tafakkur ko‘rligi ko‘z ko‘rligidan yomon.
• It arava ostida yurib "yukni men ko‘taryapman", derkan.
• It ― xo‘jayini uchun, qush ― o‘zi uchun.
• Odamga o‘z hidi bilinmaydi.
• Odam bo‘lishi bolaligidan ma’lum, yaxshi ot bo‘lishi ― toychoqligidan.
• Boyniki ― cho‘ntagida, kambag‘alniki ― yuragida.
• Yolg‘onchi uchun guvohlar doim tayyor.
• Tayoqning ikki tarafi bo‘ladi.
• Kulayotgandan so‘ra, yig‘layotgandan o‘rgan.
• Aqlli bir marta totadi, nodon ― ikki marta.
• Aqlli o‘z fazilatlarini qalbda saqlaydi, nodon ― tilda.
• Quloqlar aldaydi, ko‘zlar rost so‘zlaydi.
• Yaxshi asal ko‘karib ketmaydi.
• Yaxshi odamni gapirishni boshlashidan biladilar.
• Yaxshi temir zanglamaydi, yaxshi qarindosh unutmaydi.
• Yaxshi muomalani xizmatkor qilsa ham go‘zal, yaxshi hid sichqondan kelsa ham yoqimli.
• Yaxshi ot chopishidan ma’lum.
• Pichoq o‘tmas bo‘lsa ham ― pichoq, erkak yomon bo‘lsa ham ― erkak.
• Shohning xazinasida topilmagan kambag‘alning xaltasida bor.
• Qiyinchilikda odam yaqinlariga shoshiladi, qush esa ― iniga.
• Odam yordam bilan tik, qush ― qanoti bilan.
• Tuya ustida ketayotgan odam osmonga yaqin.
• Suvdan va jangdan qochgan omon qoladi.
• Odamning qandayligi boshga dard tushganda bilinadi.
• Ish bilmasning boshqaruvchisi bo‘lgandan ish bilganning quli bo‘l.
• Taklif etilgan joyga borgandan bexos ko‘rishib suhbatlashgan afzal.
• Birovning to‘kin dasturxonidan o‘zingning qattiq noning afzal.
• Burgut bir marta hujum qiladi, xon bir marta amr qiladi.

D.Tojialiyev tarjimalari

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.