background
logotype

Monteskyo

MONTESKYO
(Sharl-Lui Sekonda)
(1689-1755)


Farangistonlik faylasuf Sharl-Lui Sekonda Monteskyo obro‘li oqsuyaklar xonadonida dunyoga keldi. Uning otasi aslida unchalik badavlat bo‘lmasa-da, omadi chopib, tagli-tugli, davlatmand xonadonning qiziga uylangandi. Monteskyoning onasi asli ingliz millatiga mansub bo‘lib, juda aqlli, taqvodor va mistikaga moyil ayol edi. U Sharl-Lui 7 yoshga to‘lganda vafot etadi.
Sharl-Lui 10 yoshidan boshlab Jyuli shahridagi ibodatxonada ochilgan kollejda o‘qiy boshlaydi. Monteskyo bu yerda mumtoz adabiyot, falsafadan tahsil oladi. O’qishni tugatgach, otasi yashaydigan La-Bru qal’asiga qaytadi va mustaqil ravishda huquq ilmini o‘rganishga kirishadi.
Sharl-Lui Sekondaga befarzand amakisidan katta meros qoladi. Shundan so‘ng olim amakisining familiyasini qabul qiladi va uni Monteskyo deb atay boshlashadi.
Uning jahon huquqshunoslik va qonunshunoslik ilmiga qo‘shgan hissasi beqiyosdir. U o‘zining mashhur «Qonunlar ruhi haqida» nomli ilmiy-tadqiqiy asari uchun manbalar yig‘ish maqsadida butun Ovro‘po va Angliyani kezib chiqadi. U Angliya parlamentining qariyb 12 soatga cho‘zilgan yig‘ilishida qatnashib, hukumat bilan unga muxolifat bo‘lgan guruh o‘rtasidagi munozaralarning guvohi bo‘ladi. Angliya safari Monteskyoda hokimiyatning bo‘linishi haqidagi nazariyaning shakllanishiga olib keladi. Monteskyo qattiq shamollab, 1755 yilning 10 fevralida vafot etdi.
Sharl-Lui Monteskyoning quyidagi asarlari ma’lum: «Sulla va Evkrat», «Rimliklarning ulug‘vorligi va tushkunligi sabablari to‘g‘risida mulohazalar» (1734 y.), «Qonunlar ruhi haqida», «Insonning vazifalari haqida umumiy mulohazalar», «G’oyalar tizimi haqida mulohazalar» va boshqalar.


* * *
Muhtojlik qanchalik og‘ir bo‘lsa, qonunlar yordamida davlatmandlikni ham shunday og‘ir yukka aylantirmoq joiz.

* * *
Mustabid tuzumni idora etuvchi hukmdor bir vaqtning o‘zida qul hamdir.

* * *
Asriy tarixiy tajribalar shuni ko‘rsatadiki, hokimiyatga ega bo‘lgan har qanday odam mansabini suiiste’mol qilishga moyil bo‘ladi va u to maqsadiga erishmaguncha shu yo‘ldan ketaveradi.

* * *
Siyosiy erkinlik xohlagancha ish tutish degani emas. Erkinlik qonun yo‘l qo‘ygan har qanday ishni bajarish huquqi bilan belgilanadi. Agar fuqaro qonunda taqiqlangan ishga qo‘l ursa, erkinlikdan mahrum bo‘ladi. 

* * *
Orolda yashovchi odamlar qit’ada istiqomat qiluvchilarga nisbatan ko‘proq erkinlikka moyil bo‘ladilar.

* * *
Har bir davlatda uchta hokimiyat mavjuddir: qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati.

* * *
Bordi-yu, sud hokimiyati qonun chiqarish bilan mashg‘ul bo‘lsa, fuqarolarning huquqlari toptaladi.

* * *
Agar sud hokimiyati ijro hokimiyati bilan birlashsa, u holda sud hakami sitamgarga aylanishiga imkoniyat tug‘iladi.

* * *
Agar ijro hokimiyati qonun chiqaruvchi yig‘inni tarqatish huquqiga ega bo‘lmasa, u holda qonun chiqaruvchi hokimiyat hokimi mutlaqqa aylanib, qolgan barcha hokimiyatlarni yo‘q qiladi. 

* * *
Qonun chiqaruvchi hokimiyat ijro hokimiyatining faoliyatini cheklash huquqiga ega bo‘lmasligi mumkin. Chunki o‘z tabiatiga ko‘ra cheklangan narsani yana cheklashdan ne hojat? Bundan tashqari ijro hokimiyatining faoliyati tez hal qilinishi kerak bo‘lgan ishlarga qaratilgan bo‘ladi. 

* * *
Shaxs va fuqaro erkinligi hamma vaqt ham bir-biriga mos kelavermaydi. 

* * *
Har qanday ulug‘vorlik, kuch-qudrat va hokimiyat nisbiydir.

* * *
Me’yoridan ortiq tafakkur har qachon ham qo‘l kelavermaydi. Chunki odamlar deyarli hamma vaqt o‘rtamiyonalikka tezroq moslashadilar.

* * *
Dinning qudrati unga bo‘lgan ishonch bilan belgilansa, qonunning kuchi unga nisbatan yuzaga keladigan qo‘rquv bilan belgilanadi. Qadimiylik din uchun qulaylik tug‘diradi. Chunki e’tiqodning darajasi uning manbai bizdan qanchalik uzoq ekanligiga bog‘liq. Bizning aqlimiz e’tiqodimizga qarshi turuvchi uzoq o‘tmishdagi turli qarashlar ta’siridan ozoddir. Qonunlar esa aksincha: qancha yangi bo‘lsa, shuncha ustundir. Yangi qonun, qonun chiqaruvchining uning ijrosiga qaratilgan alohida, jonli e’tiborini ifodalaydi.

* * *
Luiziana yovvoyilari avval daraxtni kesib, so‘ng uning mevasini terib yeydilar. Mustabid tuzumning mohiyatini ham shunga o‘xshatish mumkin.

* * *
Burgundiya qiroli Gundobad o‘g‘rining xotini yoki farzandi uning qilmishlari haqida hukumatga xabar qilishi shartligi, aks holda, har ikkisi ham qullikka mahkum etilishi to‘g‘risida qonun chiqardi. Lekin bu qonun tabiatga zid edi. Xotin o‘z erining qoralovchisi bo‘lishi mumkinmi? O’g‘il otasini qanday qilib sotadi? Qirol shu tariqa bir jinoiy harakatni jazolash uchun undan ham og‘irroq ikkinchi bir jinoyatga yo‘l ochib berdi.

* * *
Bolalarda Vatanga muhabbat uyg‘otishning eng yaxshi vositasi otalarning Vatanni sevishlaridir.

* * *
Mualliflar aktyorlardir.

* * *
Qonunlarning shafqatsizligi ularning bajarilishiga to‘sqinlik qiladi.

* * *
Shunday haqiqatlar borki, ularga ishonch uyg‘otishning o‘zi kamlik qiladi, ularni his etishga sharoit va imkon yaratmoq kerak. Axloqqa doir haqiqatlar shular jumlasidandir.

* * *
Insondagi ba’zi illatlar o‘zini o‘zi yetarli darajada hurmatlay olmasligidan kelib chiqsa, ayrim nuqsonlar bu hurmatning me’yordan oshishi tufayli paydo bo‘ladi.

* * *
Insonning tabiati shundayki, u o‘ziga yaxshilik qilgan odamdan ko‘ra, o‘zining yaxshiligidan bahramand bo‘lgan odamga ko‘proq bog‘lanib qoladi. 

* * *
Odatda fikr sayozligini uni uzaytirish vositasida qoplashga urinadilar. 

* * *
Biror odamning qaysarligi meni loqayd qoldirishi mumkin. Lekin odamlardagi qo‘pollikka befarq qarolmayman. Qaysar odam o‘z qarashlarini – demakki, sha’nini himoya qiladi. Ikkinchi toifa odamlar esa o‘zgalarning fikriga, ya’ni umumning sha’niga tajovuz qiladilar.

* * *
Biz shunchalar so‘qirmizki, qachon qayg‘urish va qachon shodlanishni bilmaymiz. Deyarli hamma vaqt soxta qayg‘u va soxta shodlikni boshimizdan kechiramiz.

* * *
Hayot ezgulik qilish uchun in’om etilgan. Men ezgulikdan to‘xtagan kunim hayotimni «qaytarib beraman». Chunki sabab to‘xtaganda harakat ham tinmog‘i joiz.

* * *
Bitta odamni baxtli qilish uchun qanchalar ter to‘kmoq kerak-a!

* * *
Mening dardim shundaki, kitob yozishga kirishaman-u, u nihoyasiga yetgach, yozganlarimdan uyalaman.

2004-2018 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.