background
logotype

Parmenid

PARMENID
(Taxminan miloddan avvalgi 540 yilda tug‘ilgan. Vafot etgan sanasi noma’lum)


Yunon faylasufi Parmenid janubiy Italiyada istiqomat qiluvchi aslzoda, boy-badavlat xonadonda dunyoga keldi. U faylasuf Ksenofan va Pifagorning izdoshi Aminiydan saboq olgan.

* * *
Hamma narsaning asosida ikki ibtido — olov va yer yotadi.

* * *
Yo‘qlikning mavjudligi haqidagi fikr xatodir.

* * *
Borliq mushtarak, uzluksiz, yaxlit, bo‘linmas va bir jinsli voqelikdir.

* * *
Yo‘q narsalarning borligini hech qachon isbotlab bo‘lmaydi. Tadqiqotning bu yo‘lidan fikringizni qaytaring. Chunki yo‘qlikni na anglab va na ifodalab bo‘ladi. Yo‘qlik yetib bo‘lmas voqelikdir.

* * *
Ko‘pincha: «Biz o‘z kamchiliklarimizni ko‘ramiz», — deyishadi. Shunday savol tug‘iladi: qanday qilib nimanidir emas, aynan kamchilikni ko‘rish mumkin? Kamchilik so‘zi yo‘q narsani ifodalaydi. Axir, mohiyatan, bu so‘z mavjud bo‘lmagan narsani yoki nomavjudlikning o‘zini anglatadi-ku!
Aslida yo‘q narsani qanday ko‘rish mumkin?! Demak, ko‘rayotganlarimiz biz uchun ko‘rinmish sifatida kam, yetarli emas. Biz ko‘proq yoki boshqacharoq ko‘rishni, ya’ni muayyan narsada mavjud bo‘lmasa-da, boshqa bir narsada bor bo‘lgan nimanidir ko‘rishni xohlaymiz.
Demak, qat’iy qilib aytganda, biz nafaqat ko‘rmaymiz — axir «nomavjudlik»ni qanday ko‘rish mumkin — balki ko‘rganlarimiz bilan kelisha olmaymiz.

* * *
Qarama-qarshilik haqiqatga nomuvofiqdir.

* * *
Na o‘tmish va na kelajak mavjud. Chunki o‘tmish endilikda yo‘q, kelajak esa hali yetib kelmagan.

* * *
Bema’ni ma’ruzalarga quloq osma.

* * *
Parmenid Suqrot bilan uchrashib, ko‘p suhbatda bo‘lgan. Bir kuni u yosh Suqrotga shunday maslahat beradi:
— Fikrlashga intilish maqtovga juda loyiq ishdir. Ammo sen ko‘pchilik quruq safsata, deb hisoblaydigan fikrlar ustida bosh qotirishga intil! Aks holda, haqiqatni qo‘ldan boy berib qo‘yasan.

2004-2018 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.