background
logotype

Stendal

STENDAL
(1783-1842)


Frantsuz adibi, faylasuf va insoniy ehtiroslar nazariyotchisi Stendal Frantsiyaning Grenbi shahrida tug‘ilib o‘sdi. Uning haqiqiy ismi Anri-Mari Beyl edi. Stendal 1800-1812 yillarda Bonapart qo‘shinida xizmat qilgan. Borodino janglarining guvohi bo‘lgan.
Bonapart inqirozga uchragandan keyin Italiyaga jo‘nab ketadi. 1821 yilda esa yana Frantsiyaga qaytadi.
1831 yilda Frantsiya konsuli sifatida Italiyaning Chivitavekkya shahriga ko‘chib o‘tadi. Uning birinchi asari «Rim, Neapol va Frantsiya» (1817) deb nomlangan.
Zamondosh odamlarning sevishga qodir emasligi – Stendal romanlarining yetakchi mavzusi edi.
Uning quyidagi asarlari ma’lum: «Italiya tasviriy san’ati tarixi» (1817), «Sevgi haqida (1822), «Armans yoki 1827 yildagi Parij salonidan lavhalar» (1827) (Stendalning mazkur birinchi romani e’tiborsiz qolgan), «Qizil va qora» (1831), «Lyusen Leven» («Qizil va oq») (1836), «Parma ibodatxonasi».
Stendal 1842 yilda «Lamel» nomli so‘nggi romanini yozib tugatolmay miyasiga qon quyilishi oqibatida vafot etdi.
Stendalning «Sevgi haqida» nomli asari yetarli muvaffaqiyat qozonmagan bo‘lsa-da, muallif tomonidan uzoq yillar mobaynida yig‘ilgan sevgining o‘ziga xos jihatlari to‘g‘risidagi fikrlar hamon o‘z qimmatini yo‘qotmagan.


* * *
Boy berilgan narsa to‘g‘risidagi xotira kelajakdan kutishimiz mumkin bo‘lgan narsadan doim ustun turadi.

* * *
Askar kasalxona to‘g‘risida o‘ylamagani kabi yozuvchi ham tanqid haqida o‘ylamasligi kerak.

* * *
Sabr-toqat hamda g‘azabni jilovlay olish qobiliyatidan mahrum kishini siyosatchi deb bo‘lmaydi.

* * *
Tuyg‘ular olamida faqat birgina qonun – o‘zing uchun sevimli odamga baxt ato etmoq qonuni hukmrondir.

* * *
Do‘st uchun o‘zni har kuni va pinhona qurbon qilmoq muayyan bir vaziyatda uning uchun jon fido etmoqlikdan a’loroqdir.

* * *
Dunyoda ikki baxtsizlik bor: ehtirosning qondirilmay qolishi va haddan ortiq g‘am-anduh chekish.

* * *
Go‘zallik – baxt haqidagi bir va’da, xolos.

* * *
Husn sevgining paydo bo‘lishida peshlavha kabi zarurdir.

* * *
San’at uchun biroz g‘amgin va yetarli darajada baxtsiz odamlar kerak.

* * *
Umri davomida faqat bir marta sevganlarni yengil-elpi odamlar deb hisoblayman. Ularning sadoqati, doimiyligi – shunchaki odat yoki tasavvurning yo‘qligi belgisi, xolos.

SEVGI TAJRIBASI TO’G’RISIDA


… Men yuksak ehtirosdan xolis bo‘lishga va sovuqqon faylasuf sifatida erkin fikr yuritishga harakat qilaman. Quyida sevgi deb atalmish dard bosqichlari vijdonan va aniq tasvir etilgan:
1) sevgi-ehtiros;
2) sevgi-mayl.
Sevgi-ehtiros bizni manfaatlarimizni qurbon qilishga majburlagan  bir paytda, sevgi-mayl bunga moslashishga undaydi;
3) jismoniy sevgi;
Insonning fe’l-atvori qanchalik sovuq va quruq bo‘lmasin, u 16 yoshida shu yo‘lga qadam qo‘yadi;
4) sevgi shuhratparastlik.
Tark etilgan oshiq manmanlik va g‘amginlik alamini tortadi, romanlarda tasvirlangan timsollar uni hayajonga soladi va u o‘zini sog‘inch o‘rtayotgan oshiq deb biladi. Chunki shuhratparastlik doimo yuksak ehtiros bo‘lib ko‘rinishga ishtiyoqmanddir.

* * *
Sevgi! Sen bizni bu dunyodagi qanday telbaliklardan zavqlanishga majbur etasan-a?!

* * *
Zamin bo‘ylab yoyilgan har qanday sevgi ayni bir qonuniyatga amal qilgan holda tug‘iladi, yashaydi va o‘ladi.

* * *
Ishq bezgakka o‘xshaydi, u irodaga bog‘liq bo‘lmagan tarzda paydo bo‘ladi va so‘nadi.

* * *
Men qalb tubida ro‘y berayotgan narsalar to‘g‘risida so‘zlashni istayman.

2004-2018 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.