OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Oq ko‘ngil Vazir

Podshohning hech kimga o‘xshamaydigan xushfe’l, yuragi keng va jo‘mard vaziri bor edi. Tili bilan dili bir bo‘lganidan hech kimni g‘iybat qilmas, nima  gapi bo‘lsa, odamning yuziga qarab aytaverardi. Bir kuni podshohga uning bir qilig‘i yoqmadi. G’azabga mingan shoh, juda qattiq qizishib, vazirning mol-mulkini musodara qilib yubordi. Va o‘zini zindonga tashlashlarini buyurdi. Ammo, xalq orasidan hurmatga  sazovor bo‘lgan vazirga hech kimning qo‘pol gapirishga haddi sig‘madi. 
Bir kuni qo‘shni davlat hukmdorlaridan vazirga maktub keldi. Unda shunday yozilgan edi:
–Podshohingiz sizdek buyuk shaxsning qadriga yeta olmadi; adolatsizlik 
qildi. Alloh oxirini xayrli qilsin. Agar ko‘nglingiz biz tomonga moyil bo‘lsa, siz uchun hamma narsaga tayyormiz. Mamlakatimning barcha amaldorlari sizni ko‘rmoqlikdan behad baxtiyor bo‘lur. Hammamiz javobingizni kutmoqdamiz. 
Vazir maktubni olib o‘qirkan, bo‘lajak tahlikalardan chekindi. Qog‘oz orqasiga qisqa javob yozdi. Podshoh odamlari bu voqeadan xabar topib, darhol hukmdorni ogohlantirdilar. Sultonga:
–Vaziringiz qo‘shni mamlakatlar bilan til biriktirib maktub
yozishmoqda, – deyishdi. 
Bu gapni eshitib, shohning battar g‘azabi ortdi. Zudlik bilan ishning ko‘rib chiqilishini buyurdi. Xatni olib kelgan odamni tutib shohning huzuriga olib keldilar... 
    Maktubda shunday yozilgan edi:
“Mendek g‘aribning xizmatlari sizni qanoatlantira olmaydi. Menday bechoraga bu taklifni qabul qilish yaramaydi. Chunki men shu mamlakat tuzini yeb, shu hukmdorimning bergan ne’mati ila ko‘tarildim. Inson, ozgina anglashilmovchilik uchun o‘z valine’matiga vafosizlik qila olmaydi. Zero, “Doimo senga yaxshilik qilgan kishidan bir bor sitam yetsa, kechirimli bo‘l, uni yaxshi ko‘r!” deganlar...”
Vazirning  javobini eshitib, podshoh hushiga keldi. Darhol uni zindondan chiqartirib oldi; qaytadan vazirlik maqomini berib, unga bir qancha ehsonlar tortiq qildi. Vaziridan uzr so‘rab:
–Xato qildim. Gunohing yo‘q edi, g‘azabga kelib seni ranjitdim, – dedi. 
–Podshohim! – dedi vazir. – Qulingiz bu ishda sizdan aslo ranjigani yo‘q. Chunki sizning hech bir gunohingizni ko‘rmayapti. Balki, Allohning irodasi o‘laroq, bu ishning sizdan kelishi tag‘in yaxshi bo‘ldi. Chunki, qulingizda bergan ne’matlaringiz bor. Men esa, bu ne’matlarni tashimoqdaman. 
O’sha kundan keyin, vazir bilan podshoh orasidagi ishonch yanada ortdi; o‘lkani yanada yaxshi boshqara boshladilan. 

Hikmat

To‘g‘rining yordamchisi Allohdir. Ishlarida to‘g‘rilikdan ayrilmagan kishiga buyuk Alloh har zamon yordam qiladi.

"Guliston"dan
Kavsar Shodiyeva tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.