OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ota-ona hurmati

Bir azizi mo‘tabar odam bir yigitning ota-onasiga qilgan xizmatlarini eshitib uni ziyorat qilmoqchi bo‘ldi. Bu yigit qassob edi. Mo‘tabar odam qassobchilik bozoridan u yigitni izlab topdi. U bilan ko‘rishib, hol-ahvol so‘rashgandan keyin:
— O’g‘lim, men musofir bir kishiman, agar qabul qilsangiz, bu kechani sizning uyingizda o‘tkazishni istayman,— dedi. Yigit mo‘tabar odamning iltimosini jonu dil bilan qabul etdi, kechqurun do‘konini berkitib, u bilan birga uyiga qaytdi.
Uyning bir chekkasidagi to‘shakda qarilikdan juda kichkina bo‘lib qolgan bir chol yotardi. Yigit mo‘tabar mehmoniga joy ko‘rsatib:
— Aziz mehmonim, qani, bemalol o‘tirib dam oling, to‘shakda yotgan muhtaram chol mening otam bo‘ladilar. Onam yaqinda vafot etdilar. Otamga mendan boshqa qaraydigan kishi yo‘q. Har kun aziz otamning xizmatlarini qilib, keyin ishga ketaman,— dedi. Yigit darhol sho‘rva pishirishga kirishdi. Ovqat tayyor bo‘lgandan keyin bir kosachada sho‘rva olib otasining yoniga keldi. Uning boshini sekingina ko‘tarib sho‘rvani ichirdi. Yigit, chol otasini uxlatib xotirjam bo‘lgandan keyin mehmon uchun dasturxon yozdi. O’ziga ham, mehmonga ham sho‘rva keltirdi, birgalashib ovqatlandilar. Mo‘tabar mehmon:
— O’g‘lim, sen otangni to‘ydirib, yuvib-tarab o‘rniga yotqizganingdan keyin u og‘zini qimirlatib turdi, shu bilan u nima demoqchi edi? — deb so‘radi.
— Men har vaqt otamni ovqatlantirganimdan keyingina o‘zim ovqatlanaman. Agar undan avval ovqatlansam, ota hurmatini bajo keltirmagan tarbiyasiz, adabsiz o‘g‘illardan hisoblanardim. Otam mendan juda rozidirlar. Taomdan keyin og‘zilarini qimirlatib shukur etadilar va mening haqimga duo qiladilar. Marhuma onam ham mendan rozi edilar, doimo haqimga duo qilardilar,— dedi yigit.
Mo‘tabar odam yigitning so‘zlarini eshitgach, ko‘zlariga yosh olib:
— Barakalla, o‘g‘lim! Sen haqiqiy farzand ekansan. Ota-ona hurmatini unutgan farzandlar sendan ibrat olsinlar. Ofarin, o‘g‘lim. Ota-onangga qilgan xizmatingni xayrli ajrini ko‘rasan,— dedi va yigit haqiga duo qildi. Ertasi kun ertalab yigit bilan xayrlashib o‘z yo‘liga qaytdi.
Aziz farzandlar, ota-onangizni hurmat qilishni aslo esingizdan chiqarmang. Ota-onangizga qanday muomala qilsangiz, kelgusida o‘z farzandlaringizdan shunday muomalani ko‘rishingiz aniqdir.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.