background
logotype

Abu Ali ibn Sino. Hayy ibn Yaqzon (falsafiy qissa)

O’z shahrimda turgan vaktimda uning atrofidagi sayilgoh joylarning birisiga o‘rtoqlarim bilan sayohat kilishga muvaffaq bo‘ldim. Biz o‘sha yerni aylanib yurgan vaqtimizda ko‘zimizga bir nuroniy, yoshi ham anchaga borib kartayib qolgan, lekin o‘zi hali barvasta, tetik suyaklari ham susaymagan, hech bir a’zosi bo‘shashmagan va xullas soch oqarishdan boshqa hech qarilik nishonasi bo‘lmagan bir chol ko‘rindi. Shunda mening u bilan gaplashishga havasim kelib, o‘zimdan-o‘zim uning pinjiga kirgim va u bilan yaqin bo‘lgim kelib  qoldi. Keyin o‘rtoqlarim bilan unga qarab ravona bo‘ldim. Unga yaqinlashgan chog‘imizda, u bizdan avval salom berdi va juda dilga yoqar, ma’qul gaplardan gapira boshladi. Gapga kirishib ketibmiz, hatto gap aylanib, uning hol-ahvoli, yoshi, hunari, hattoki uning ismi, nasabi, shahrini bilishgacha ham borib yetdi.
Keyin u javob berib aytdi:
— Ismim Tirik, nasabimga kelsak, Uyg‘oq o‘g‘liman. Shahrim Bayt ul-muqaddasdir. Hunarim jahon tevaragini sayohat qilish va hatto olamning  hamma tomonlaridan xabardor bo‘lib yurishdir. Shu sayohatlarimda yuzimni otam tomonga qaratganman. U tirikdir. Men barcha ilmlar kalidini undan olganman. U menga olam chegaralariga olib boradigan yo‘llarni ko‘rsatgan, sayohat qilish bilan hatto hamma iqlim ufqlari menga ko‘rinib qoldi.
Ancha mahalgacha u bilan har xil ilm sohalarida masalalar aytishardik va ularning haqiqatini tushuntnrib berishni so‘rardik, nihoyat farosat ilmiga yetdik. Men uning bu ilmda shunchalik to‘g‘ri fikr yuritayotganinm ko‘rib, juda ham hayratda qoldnm. Negaki, u biz kelib to‘xtagan farosat ilmidan gap boshlab, mana shunday dedi:
— Farosat ilmi foydasi naqd bo‘lgan ilmlardandir. Sen bu ilmni bilib olsang, u senga kishilarning  o‘zlari yashirib yurgan fe’lu atvorlarini bildiradi. Mana shu farosatning bildirishi natijasida o‘z bilging bilan unga boylanib qolarsan, yo undan yuz o‘girarsan. Farosat ilmi sening  o‘zingni aslingda bor bo‘lgan instinktiv yaratilmalaring, o‘zgartirilmagan tabiatlaringni ko‘z o‘ngingga keltirib qo‘yadi. Agar senga farosatning  tuzatuvchi qo‘li tegsa, sen juda o‘tkir bo‘lib ketasan. Agar seni bir aldoqchi yo‘ldan ozdirib, tuzog‘iga tushira olsa, aldanasan.
Tevaragingdagi seni tashlab ketmaydigan bu kishilar sening yomon oshnalaringdirlar. Sen ulardan osonlikcha salomat qutulmaysan, ular senga fitna qiladilar. Seni ular fitnasidan faqat to‘la bir poklikkina saqlab qola olishi mumkin, xolos.
Ammo mana shu sening  oldingda turgan og‘ayning esa, senn hayratga soluvchi, ezmadir. U yolg‘onni to‘qib chiqaradigan va qalbaki ishlarga usta bir uydirmachidir. U yo‘l ozig‘i berilmagan kishilarning  senga keltirgan xabariga o‘xshagan xabarlarni keltiradi. U xabarlarning  haqiqatini uydirma bilan bulg‘andi, rostni yolg‘onga qorishtiradi. Tag‘in u sening  josusing va ayg‘oqchingmi? Senga ma’lum bo‘lmagan va sendan uzoq bo‘lgan narsalarning  xabarlarini senga u shu yo‘l bilan keltiradi. Sen buning  rostini yolg‘ondan ajratish bilan, soxtadan chinni farq qilish bilan, xato pardalar ortidan to‘g‘rilarini saylab olish bilan sinalasan. Senga bunday qilishdan boshqa chora yo‘q. Goho baxt qo‘lingni tutib, adashuv muhitidan qutqaradi, goho uning  bergan xabari seni hayratda qoldiradi, goho yolg‘on seni aldaydi.
Mana bu o‘ngingdagi oshnang esa, senn yo‘ldan urishga juda ham chog‘langandir. Agar u bezovta bo‘lib qo‘zg‘alib qolsa, uni nasihat qilish bilan to‘xtatib va yumshoqlik bilan bosib bo‘lmaydi. U xuddi quruq o‘tinga tushgan o‘tday yo bosib kelayotgan selday, yo mast tuyaday va yo qasd oladigan sherday, uning jnlovini tutib bo‘lmaydi.
Mana bu so‘lingdagi oshnang esa, o‘lguday iflos, ochopat, vujudi bilan shahvatga berilgan kishidir. Uning qornini tuproqdan bo‘lak hech narsa to‘ldirolmaydi, ochligini gard, changdan bo‘lak hech narsa yo‘qota olmaydi. U o‘lguday yaloqi, xo‘randa, yutoqqan, mechkay va yamloqdir. U rosa ochiqtirib, keyin axlatga qo‘yib yuborilgan to‘ng‘izga o‘xshaydi.
Ey, miskin! Bu oshnalaringga sen shunday bog‘lanib qolgansanki, ular va ularga o‘xshaganlarning  oyog‘i hech ham tegmagan mamlakatga chiqib ketib, ulardan qutulmasang, boshqa hech narsa seni qutqarolmaydi. Lekin hozir ulardan ajralishning vaqti ham emas, qochib qutulishing ham qiyin. Endi qo‘lingni ulardan uzun qilib yur. Sening hukming ular hukmidan ustun kelsin. Sen o‘z tizginingni ular qo‘liga tutqazib qo‘yishdan yoki ularning o‘zingga yetakchi bo‘lishlaridan saqlan. Qaytangga ularga yaxshi tadbir qo‘llab, ustun kelishga harakat qil. Shunda sen ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlagan bo‘lasan. Agar sen qattiq tursang, ularni o‘znngga qaratasan, ular esa seni o‘zlariga qarata olmaydilar. Sen ularni egallab olasan, ular seni egallay olmaydilar. Bu o‘rtoq va og‘aynilaring haqida sening uchun eng yaxshi hiyla va tadbir shuki, laganbardorlik bilan muomala qiladigan bu kaltafahmga aldanishdan iborat g‘azab aralash oshiftalik va qiyin ishni uchratsang, u badxulq bilan bu kaltafahmning  boshiga yaxshilab urib sindirasan, shunda uning  martabasnni juda pasaytirgan bo‘lasan. Ammo mana bu ochko‘zga u to tangriga katta qasam ichib, seni ishontirmagunigacha unga moyil ekanligingni bildirma. Agar u qasam ichib, inontirsa, inon, uning senga keltirayotgan xabari rost-yolg‘on aralash bo‘lsa ham eshitishdan qochma. Shunda sen uning xabarlaridan aniq va isbotlashga loyiq bo‘lganini yo‘qotmagan bo‘lasan.
Shunday qilib, u chol, menga og‘aynilarimdan gapirib, ularni menga tavsiflab berganida oshnalarim haqida bilgan narsalarini, rost, deb qabul qilishga shoshildim. Axir, men uni imtihon qila boshlaganimda, so‘ragan kishim ular haqidagi xabarlarning  to‘g‘risini menga aytib berdi-da!
Men mashaqqat tortib, ular bilan shug‘ullana boshladim. Goh mening qo‘lim ulardan, goh ularning  qo‘li mendan baland kelardi. To ajralish payti kelgunga qadar bu oshnalarim bilan yaxshi qo‘shnichilik qilishim uchun tangridan yordam tilayman.
So‘ngra bu choldan zo‘r bir orzu va ishtiyoq bilan sayohatda rahnamolik qilishini istadim. U menga aytdi:
— Sen va senga o‘xshash kishilar mening sayohatimdek sayohat qilmoqchi bo‘lishsa, bunga yo‘l berkdir. U sayohat yo‘li senga va senga o‘xshashlarga ham berkilgan. Yakkalanish senga baxt-saodat bag‘ishlamasmikin?! Baxt uchun belgilangan vaqt bor; sen u vaqtdan oldin baxtga erisholmaysan. Sen ba’zi vaqtlar qo‘nim aralash sayohat qilishga va ba’zi vaqtlar ular bilan birgalashnb turishga ko‘nik. Juda ishtiyoq bilan sayohatga chiqqaningda sen men bilan birga bo‘lasan. Shunda sen ularni o‘zing bilan birga olmay, tashlab ketarsan. Agar sen u oshnalaringga moyil bo‘lsang, ular tomonga borarsan; to ulardan yuz o‘gira olishliging muyassar bo‘lgungacha mendan aloqangni uzib turarsan.
Shunday qilib, gap har bir iqlim ahvolidan, to‘la bilgan va eshitgan xabarlaridan so‘rashga kelib yetdi. Shunda u menga aytdi:
— Yer chegarasi uchtadir: birn Xofiqoni deb aniqlangan chegaradir. Bu chegaraning haqiqati ma’lum. U haqda ketma-ket ochiq va ajoyib xabarlar kelib turadi. U ulug‘ narsalarni o‘z ichiga olgan, yana ikkita ajoyib chegara bor: biri Kunbotar, boshqa biri Kunchiqardir".
Bularning har birida bittadan mamlakat bor. Bu ikkalasi oralig‘i bilan nnsonlar olami oralig‘ini ajratib turgan chegara bor. U chegaradan xudo tomonidan, asli yaratilishda o‘tish layoqatini kasb qilgan, maxsus odamlardan tashqari, hech kim o‘tolmaydi. Bu chegaralardan o‘tishda turg‘un hayot chashmasi yonida sharillab oqib turgan chashmada cho‘milish foyda beradi. Agar sayohatchi o‘sha chashmaga yo‘l topsa, unda yuvinib, toza bo‘lsa va uning shirin suvidan ichsa, u vaqtda uning a’zolarida ajoyib bir quvvat paydo bo‘lib, u bilan bu sahrolarni bosib o‘tishga qodir bo‘ladi. U Bahr ul-Muhitda cho‘kmaydi. Qof tog‘i uning yo‘lini to‘solmaydi. Zaboniya ham uni jahannamga uloqtirib yubora olmaydi. Biz buloqni yaxshilab tushuntirib berishni so‘radik. U aytdi:
— Sen buni eshitgansan: Qutb tomondagi turgun qorong‘uliklarning holi senga ma’lum. Quyosh har yili ma’lum muddatgacha uni yoritishga qodir bo‘lolmaydi. U qorong‘uliklarga kirgan va ulardan tortinmagan kishi, nurga to‘lgan cheksiz bir bo‘shliqqa yetib boradi. Shunda, unga, eng oldin, balandlikka qarab, daryo bo‘lib sharillab oqayotgan chashma ko‘rinadi. Kimki bu chashmada cho‘milsa, suvda cho‘kmay, yengil yuradi; tog‘ cho‘qqilariga qiynalmay chiqib, nihoyat insoniyat olamndan ajralgan o‘sha ikki chegaraning biriga erishadi. Mamlakatimiz Mag‘rib chegarasidan uzoq bo‘lgani uchun chegara haqida gapirib berishini so‘radik. Shunda u aytdi:
— Mag‘ribning eng uzoq joyida katta va issiq bir dengiz bor. Uni tangri kitobida «Aynan hamiatan» issiq chashma deb yuritiladi. Quyosh uning yaqinnga botadi. Bu dengiz cheki yo‘q keng bir xarob mamlakatdan boshlanadi. U iqlimga turli tomondan g‘ariblar kelib, uni obod qilib turadilar, xolos. Uning yerlarini doimiy qorong‘ilik qoplab olgan, u yerga boradigan ko‘chmanchilar quyosh botganda kerak bo‘ladi, deb o‘zlari bilan birga bir ozgina nur ham olib boradilar. Uning  yerlari sho‘r tuproqdir. Bu yerga kelib qo‘nib qolganlar o‘zlari uchun u yerni obod qilib, ariqlar qaziydilar, binolar qurib, ko‘chatlar ekadilar. Boshqa birovlar imorat soladilar, keyin u binolar qulaydi, uni yana tiklashadi, yana buzadilar.
Bu yerning odamlari o‘rtasida doimo janjal, hatto urishlar ham yuz berib turadi. Qaysi bir toifa zo‘r kelsa, boshqa toifaning uylarini egallab oladi. Shu bilan birga bu zo‘r kelganlar uy egalarini u yerdan majburiy ravishda ko‘chirib yuboradilar. Ular o‘z yerlarida qolishni istashsa ham, xo‘rlanishlari bunga yo‘l qo‘ymaydi. Bularning odatlari shudir, bundan qaytmaydilar. Bu iqlimga har xil jonlilar keladi, unda o‘simliklar o‘sadi. Lekin bu yerga kelib qaror topgan jonlilar, bu yerning o‘tlog‘idan o‘tlab, bahramand bo‘lib yursa va suvidan ichsa, suratlaridan ancha uzoq (ya’ni o‘xshamagan) bir tusga kirib qolib, o‘z suratlari esa pardalanib qoladi. Shunda u mamlakatda insonni jonivar terisi bilan yopilganini va uning  ustida qalin o‘tlar bitishini, shu bilan birga, qolgan hamma narsalarning holi nima kechishini ko‘rasan. Bu iqlim xarob bir jon bo‘lib, yerlari sho‘rob, serfitna, serjanjal, serg‘alayondir. Agar istalsa, yaxshilik va xursandchilik uzoq joylardan olib kelinadi.
Mana shu iqlim bilan sizning iqlimlaringiz o‘rtasida boshqa iqlimlar ham bor. Lekin osmon cheti kelib tutashgan joyiga yondosh mana shu iqlimning orqasida bir qancha narsalarda xuddi shu iqlimga o‘xshash yana bir iqlim bor. Ularning biri g‘arib va uzoq yerdan kelgan aholisidan boshqa hech kimsa yo‘q, kimsasiz, bo‘m-bo‘sh joydir. Bulardan yana biri, garchi biz yuqorida aytib o‘tgan nur derazasiga eng yaqin bo‘lsa ham, nurni begona joydan o‘g‘irlaydigan iqlimdir. Bundan oldingi iqlim yerning asosi va qarorgohi bo‘lganidek, keyingisi osmonlarning  qarorgohidir. Lekin bu keyingi iqlimda obodonlik yo‘lga qo‘yilgan. Bu iqlimga kelib tushuvchilar orasida hech qanday kelishmovchilik yo‘q. Har bir xalq uchun tayinlangan ma’lum o‘lka bor. Ular ustiga hech kim g‘olib bo‘lib bostirib kirmaydi. Obod qilingan joyning bizga eng yaqin qismida yashovchi xalq kichik jussali, serharakat kishilardir. Ularning shaharlari esa sakkizta bo‘ladi.
Unga yondashgan mamlakat ahllarining jussasi esa bulardan ham kichikroq, yurish-turishlari og‘irroq bo‘ladi. Ular yozuv-chizuv va nujum, nayrangbozliklar, tilsimlar, nozik sinoatlar, yuksak ishlarni biladilar va shular bilan shug‘ullanishga harakat qiladilar. Ularning shaharlari to‘qqiztadir. Bu mamlakat aholisi yoqimli, juda go‘zal bo‘ladi. Ular kayf-safoni juda ham yaxshi ko‘rishadi, g‘amdan ozodlar, turli na’malarni latif qilib chalishadi, uning turli-tuman kuylarnnn bilishadi. Bir xotin ularga podshohlik qiladi. Ehson va yaxshilik ular uchun tabiiydir. Agar yomon narsa gapirilib qolinsa, undan nafratlanishadi. Bu xotin podshohning  shaharlari sakkiztadir.
Unga tutashgan mamlakatda yashovchilarning  jussalari katta, yuzlari suxsurdek; ulardagi xislatlardan biri shuki, ularning  bir-birlari bilan tanishishlari juda ham foydasiz, yaqinlashish aziyatli bo‘ladi. Ularning shaharlari beshtadir.
Unga yondashgan mamlakatda dunyoda yomonlik qiladigan xalqlar joylashgan. Ular bo‘g‘ish, qon to‘kish, o‘ldirish va oyoq-qo‘l kesishni yaxshi ko‘radilar, o‘yin-kulgini sevadilar. Ularning kulfat keltiradigan qotil, uradigan, qirmiz yuzli, yo‘ldan uruvchi podshoihi bor.
Bu qissa rivoyatchilarining aytishicha, bu hokim yuqorida aytganimiz chiroylik podshoh xotinga oshiq ekan, uning  muhabbati buni oshifta qilib qo‘ygan ekan. Ularning  shaharlari yettitadir.
Unga yondashgan buyuk mamlakat ahllari iffat, adolat, hikmat va taqvoga berilgan, yaxshilikni qo‘lga kiritish uchun har tomonga borishga tayyor, uzoq va yaqin barcha kishilarga shafqat ko‘rsatishga e’tiqodlidirlar. Bilgan va bilmaganlariga yaxshilik ko‘rsatuvchilardir. Nafosat va go‘zallikda bularning tengi yo‘q. Bularning ham shaharlari yettitadir.
Unga yondashgan mamlakat aholisi esa chuqur fikr yurituvchi, yomonlikka berilgan xalqdir. Agar yaxshilik qilsalar, uni juda ham uddalaydilar. Bular biron-bir toifa ustiga yurish qilishsa, shoshgan kishi kabi emas, balki aqlli kishi singari tadbir ko‘radilar; qiladigan ishlarida sabrdan boshqa narsaga asoslanmaydilar. Ularning shaharlari yettitadir.
Undan keyin, keng o‘lkali, ko‘p imoratli katta bir mamlakat bor. Bu mamlakatning obod qiluvchilari ko‘p. Xalqlari shaharlarda turishmaydi, sahrolarda yashashadi. Ularning turarjoylari o‘n ikki bo‘lakka bo‘lingan quruq yerdir. Ularning yigirma sakkiz qo‘noq joyi bor. Ularning  hech qaysisi boshqalarnning qo‘nog‘iga borishmaydi. Lekin old tomondagi uylardan biror toifa ko‘chsa, ularning orqalaridan boshqa bir toifa borib, ularning joylarini darhol egallab oladi. Bundan oldingi mamlakatlarning xalqlari bu mamlakatga kelib-ketib turadilar.
Unga yana bir mamlakat yondashgan. Bu mamlakat ufqiga to ushbu vaqtgacha hech kim yetgan emas, payqagan ham emas. Unda na shaharlar bor, na qishloqlar.
Ko‘z bilan ko‘riladigan zotlar bu yerda turishmaydi. Bu yerni obod qilib turuvchilar ruhoniy farishtalardir. Hech bir inson u yerga tushmaydi. Bu mamlakatdan unga yondash bo‘lgan mamlakatlardagilarga farmonlar tushib turadi. Buning orqasida obod joy yo‘q. Olamning Mag‘rib deb ataladngan chap tomonndan bu ikki iqlimga yerlar va osmonlar tutashgan.
Agar undan Mashriq tomonga yuzlansang, senga bir iqlim ko‘rinadi. Bu iqlimda na inson, na o‘t, na tosh bor. Faqatgina u keng bir sahro, suvi liq to‘la dengiz, jilovlangan shamollar, alangalangan o‘tdan iborat, xolos. Buni bosib o‘tsang, yuksak tog‘li, oqar daryolar, gizillagan shamollar, yomg‘irli bulutlari mavjud bir joyga duch kelasan va u yerda oltin, kumush, qimmatli va arzon gavharlarning xil va turlariga ega bo‘lasan. Lekin unda hech bir o‘simlik yo‘q.
Bu yerdan o‘tgach, boshqa bir iqlimga borib qolasan. Bu iqlim yuqorida aytilgan joyda bo‘lmagan narsalar bilan liq to‘la. Unda yer bag‘irlab o‘sadigan o‘simliklarning barcha turi, mevali va mevasiz. donli va urug‘li daraxtlar bor. U yerda yuradigan va ovoz chiqaradigan jondorlarni ko‘rmaysan, Undan o‘tib, boshqa bir iqlimga borib qolasan, tilsiz, suzuvchi, sudraluvchi, to‘g‘ri uchuvchi va tug‘iluvchi hayvonlarning hamma turlarini ko‘rasan. Unda senga ulfat bo‘ladigan kimsa bo‘lmaydi. Unda ko‘rgan va eshitganlaringni o‘qib olib, hamjinslaring olamiga qutulib chiqasan.
Agar Mashriq tomonga yo‘nalsang, quyoshni shaytonning ikki shoxi o‘rtasidan chiqishining shohidi bo‘lasan. Chunki shaytonning ikkita shoxi bor: biri uchadi, biri yuradi. Mashriq tomonda yuradigan xalqlar ikki qabiladan iboratdir. Birining  xulqi yirtqich hayvonsifat, boshqasining  xulqi esa to‘rt oyoqli uy hayvoni sifatdir. Bular ikkovi orasida doim janjallar bo‘lib turadi. Bularning ikkalasi Mashriqning so‘l tomonidadir. Uchadigan shaytonlarning joylari esa Mashriqning  o‘ng tomonndadir. Bular bir xil jinsdan yaratilmay, balki ularning har biri deyarlik bir-biridan ajratilgan holda, nodir ko‘rinishda yaratilgandir. Ularning ba’zisi ikki xil, ba’zisi uch, boshqa ba’zisi to‘rt xil qilib uchadigan inson va cho‘chqa boshli ilon kabi yaratilgan. Ba’zisi yarim odam va boshqa ba’zisi bir kafti inson qo‘liyu, boshqa hamma joylari hayvonlarning a’zosidan iborat. Rassomlar tasvirlaydigan suratlarning  o‘sha iqlimdan olib kelinganligi haqiqatdan uzoq emas. Bu iqlimda g‘olib kelgan — podshoh bu yerda beshta chopar — aloqa yo‘li tashkil qilgan. Shuningdek, u o‘sha mamlakat uchun qurolxonalar qurgan va unga qurolli kishilar qo‘ygan. Bular bu olam ahlidan kimki u yerga borib qolsa, uni shartta tutib oladilar va o‘zlariga yetgan barcha xabarlarni o‘sha orqali isbotlaydilar. Keyin asirlarni mamlakat eshigini tutib turuvchi o‘sha beshta choparning boshlig‘iga topshiradilar. Asirlarda bekitib muhrlangan yozma xabarlar bo‘ladi, lekin undan mudir ham xabardor bo‘lolmaydi. Bu mudirning  vazifasi maktublarning barchasini podshohga bildirish uchun xazinachiga yetkazishdir. Asirlarga esa mana shu xazinachi qarab turadi. Ularning qurollari esa, boshqa xazinachiga saqlash uchun topshiriladi. Sizning olamingizdan asir olingan insonlar, hayvonlar va boshqalar o‘z suratlari bilan o‘sha turlarning  biri bo‘lib ko‘payadilar.
Bu ikkala shox o‘rtasidan bu iqlimingizga safar qiluvchi kishi nnsonlarning nafas yo‘llaridan kirib, hatto ularning  qalblarining qora nuqtasigacha boradi. Ammo bu ikki yuruvchi shoxning yirtqich hayvon suratdagisi insonga uni qiynaydigan bir aziyat yetishini kutib turadi. Agar aziyat yetsa, uni bo‘rttiradi va insonga vahshiylik qilish, o‘ldirish, quloq-burunni kesib sazoyi qilish, azob berib qiynash kabi yomon ishlarni yaxshi qilib ko‘rsatadi. U inson vujudida jabr qilish, zulm va ezish hislarini uyg‘otadi, uni shunga moyil qilib tarbiyalaydi. Lekin bu ikki shoxdan boshqa bir shox esa inson bolasiga yomonlik, man qilingan ish, fisqu fujurlarni yaxshi qilib ko‘rsatadi va shunga qiziqtiradi. Hatto uning yelkasiga minib oladi. Qiziqtirishda davom etib, nihoyat uni o‘sha tomonga tortadi.
Ammo u uchadigan shox esa, ko‘zi bilan ko‘rmaganni yolg‘ondan ko‘rdim, deb aldaydi, yaratilgan narsalarga ibodat qilishni tasvirlab beradi. Insonning  diliga, o‘lgandan keyin qaytib tirilish yo‘q, oqibati yomonlik va yaxshilikni ko‘rish ham yo‘q, bu mamlakatni yaratuvchisi ham yo‘q, deb inson qalbini qoralaydi, fikrini buzadi.
Bu ikkala shoxdan buyog‘ini iqlimingiz ortidagi iqlim chegarasiga yaqin yer farishtalari obod qilishadi, farishtalarning yo‘l ko‘rsatishi bilan u toifa to‘g‘ri yo‘lni topib, dinsizlarning yo‘lidan chiqadilar, pok ruhlilar axloqiga ega bo‘ladilar. Bular agar insonlar bilan aralashsalar, ularga yomon xulqlarni o‘rgatmaydilar, yo‘ldan ozdirmaydilar, insonlarning pok bo‘lishlariga yordam beradilar. Ular jin va hinlardir. Kimki ushbu iqlim orqasiga yetsa, yer farishtalari turadigan bpr iqlimga boradi. Bular ikki tabaqaga bo‘linadi: biri o‘ng tomondagisi bo‘lib, bu biluvchi va buyruq beruvchidir. Ro‘baro‘sidagi, chap tomonda turuvchi tabaqa esa, buyruqni qabul qiluvchiga ishlovchilardir. Bu ikkala tabaqa goh jin va inson iqlimlariga, pastga tushadilar, goh ko‘kka ko‘tariladilar. Aytishlaricha, «xafazayi kiromi kotibiyn» shulardan emish. Bulardan o‘ngda o‘tirib kuzatuvchisi esa, buyruq beruvchilardan bo‘lib, yozdirish ishi shularning qo‘lida. Chapda o‘tirib kuzatuvchisi ishlovchilardan bo‘lib, yozish ishi shuning qo‘lida. Bu iqlimga o‘tishga yo‘l topa olgan kishi osmonning  narigi tomonidan qutulib chiqadi. Shundan keyin u eng oldingi yaratilganlarni ko‘radi. Ularning barchasi itoat qiladigan yagona podshohlari bor. Chegaralarning birinchisida ulug‘ podshohlarining xizmatkorlari unga yaqinlashtiradigan amallarni qilib turadilar. Ular ochko‘zlik, znqnalik, shahvoniy ish, zulm va hasad qilish hamda yalqovlik qilishga moyillik qilmaydigan pokiza zotlardir. Ular bu mamlakat atroflarpni obod qilish uchun qo‘yilgan vakillardir. Ular o‘sha yerda har narsadan ogoh bo‘lib turadilar. Bular madaniy bo‘lib, shaharlarda, baland-baland ko‘shklarda, go‘zal binolarda turishadi.
Bu yerning tuprog‘i iqlimingiz tuprog‘iga o‘xshamaydi. Bu mamlakat oyna, yoqut va shunga o‘xshagan narsalardan ham qattiqroqdir. Ularning umrlari uzun va o‘lim ulardan yiroqlashtirilgan. Ular eng uzoq umr ko‘radilar. Ularning vazifalari podshohlari bilan juda yaqin va juda yaxshi aralashish bo‘lib, ular shoh majlisiga doim tayyor bo‘lib turadilar. Podshoh xizmatini qilishni o‘zlariga xorlik deb bilishmaydi va qilayotgan ishlarini o‘zgartirishmaydi. Ularning o‘zlari shohga yaqin turishni istashadi. Shoh oliy majlisining davrasida o‘tiradilar va podshohdan ajralmaydigan bo‘lib, uning yuziga qarash bilan baxtga erishadilar. Bularning tabiatlari go‘zallik va zehn o‘tkirligi, donolik, rostgo‘ylik bilan yoqimlilik va yetuklik bilan ziynatlangan. Ularning  har biri uchun alohida-alohida joy ajratilgan, darajalarn ham tayin, turar-joylari ham ma’lum chegaralar bilan belgilanib qo‘yilgan. Ular bu darajalarda turib, bir-birlarining o‘rinlarini tortib olmaydilar va boshqalarning ishlariga aralashmaydilar ham. Ularning har biri boshqasidan yuqori bo‘lib, o‘zganing ishiga aralashmaydi, o‘zini undan kamsitishni ep ko‘rmaydi.
Podshohning bitta eng yaqin kishisi bo‘lib, u ham bo‘lsa ularning otasidir. U kishilar o‘sha otaning farzandi va nevaralaridir. Bu ota orqali ular podshohning  buyruq va farmonlarini olib turadilar. Ularning ajoyib xususiyatlaridan biri shuki, ularning  tabiatlari pir bo‘lib, tez keksayishmaydi.
Ularning otasi esa, garchi ulardan kattaroq bo‘lsa-da, ulardan ham kuchga to‘la, ko‘rinishi ham yoshroqdir. Ularning hammalari sahroda turishadi. Hamma narsa yetarli, kamchiliklari yo‘q. Podshohlari esa, ulardan ham ehtiyojsizdir. Kimki uni biror irqqa taalluqli deb bilsa, u adashadi, kimki unga loyiq maqtovlar bilan maqtay olaman desa, bekorlarni aytibdi. Uning vasfini qilishga kishining kuchi yetmaydi. U biror narsaga o‘xshatilishdan uzoq. Chunki o‘xshatish bo‘lak bir narsaga qiyoslash bilan bo‘ladi. Unda bo‘lsa, bunday a’zolar yo‘q. Shu sababdan butun vujudi o‘zining  husni uchun chehra, saxiyligi uchun qo‘ldir. Uning husni barcha go‘zalliklarni yo‘q qilib yuboradigan darajada bo‘lib, uning  karami oldida barcha nafis karamlar chippakka chiqadi. Agar bu podshoh atrofida xizmatda bo‘ladiganlarning birortasi fikr qilib, uni ko‘raman desa, hasratida ko‘zdan mahrum bo‘ladi va shu ko‘yicha maqsadga yetmay qaytadi. Uning jamoli o‘z husnini pardasidir, oshkoraligi uning yashirinligiga, nur sochishi bekikligiga sababdir. Xuddi quyosh ozroq niqoblanganda, ochilishi ko‘proq talab qilinganidaydir.
Quyosh nuriga sinchiklab qaramoqchi bo‘linganda, nuri nuriga parda bo‘lib qoladi. Bu podshoh o‘z kishilariga ko‘rinib turadi, ularga o‘zini ko‘rsatishga baxillik qilmaydi. Kimki uni ko‘ra olmas ekan, buni o‘z mulohazasining yetishmasligidan deb bilsin. U ko‘p yaxshilik, xayr-ehson qiladigan, mo‘l narsa ato qiladigan dargohi keng, barchaga baravardir. Kimki uning jamolidan bir ozgina bahramand bo‘lsa, uni har holda taniydi. Bir ko‘z ochnb yumguncha ham undan ko‘zini ololmaydi. Agar insonlar u tomonga hijrat qilib tursalar, uning fazilatlaridan o‘zlariga kerakligini olishadi va bu iqlimingiz matoini bir pul qilishadi. Mabodo, uning huzuridan qaytishsa, o‘zlarining xohishiga qarab emas, balki majburan qaytishadi. Nihoyat Uyg‘oq o‘g‘li Tirik qo‘shib qo‘ydi:
— Agar, seni uyg‘otish maqsadida qilgan bu hikoyam meni unga yaqinlashtirmaganda edi, men bu hikoya bilan mashg‘ul bo‘lmasdim va senga bu so‘zlarni gapirib o‘tirmasdim. Istasang menga ergash, seni unga olib borayin.

Abdusodiq Irisov tarjimasi

2004-2018 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.