OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Agata Kristi. Shohida (hikoya)

Jinoiy ish bo‘yicha jalb etilgan janob Meyxern o‘rta bo‘yli, qotma, did bilan kiyinadigan oliftanamo kishi edi. U advokatlar ichida o‘ziga yarasha obru-e’tiborga ega edi. Uning kulrang va har bir narsaga diqqat bilan boqadigan o‘tkir ko‘zlari suhbatdoshiga uning qanchalik idrokli kishi ekanini ko‘rsatib turardi. Advokat o‘z mijozlari bilan quruqqina gaplashsa-da, gap ohangida badxohlik alomati sezilmasdi. Uning bu galgi mijozi qastdan odam o‘ldirishda ayblanayotgan edi.
 — Siz tushgan vaziyat o‘ta jiddiy ekani, siz hamma narsani ochiqchasiga tan olsangizgina bu vaziyatdan chikib ketishingiz mumkinligini yana bir karra eslatib o‘tishni burchim deb bilaman. 
Bu xitob uning qarshisida atrofida ro‘y berayotgan ishlarga befarq va lanj bir kayfiyatda o‘tirgan, o‘ttiz yoshlar atrofidagi yigitga qaratilgan edi. Biroz fursat o‘tib, u ma’nosiz nigohlarini janob Meyxernga qaratdi.
— Bilaman, — dedi so‘nik va umidsiz tovushda. — Siz ilgariyam ogohlantirib edingiz. Ammo... g‘araz niyatda va shafqatsizlarcha odam o‘ldirganlikda ayblanayotganimga ishonolmayapman.
Meyxern faqat faktlarga ishonishga ko‘nikib qolgan, unga hissiyotchanlik begona edi. U ko‘zoynagini olib, shoshilmasdan har ikkala ko‘zini artib chiqdi.

— Ishqilib, janob Voul, bu ko‘ngilsizlikdan qutilib chiqishingiz uchun ancha ter to‘kishingiz kerak. Hali ko‘rmaganday bo‘lib ketarsiz. Biroq men sizga qarshi vajlarning salmog‘i va sizni qaysi yo‘l bilan himoya qilish qulayroq bo‘lishini bilib olishim kerak.
Ish u qadar chalkash emasdi va ayblanuvchiga qo‘yilgan ayb ham aniq-tiniq bo‘lib, hech kimda shubha tug‘dirmasdi. Hech kimda. Biroq ayni damda janob Meyxernning o‘zida shubha tug‘ildi. 
— Siz meni chindan aybdor sanaysizmi? — so‘radi Leonard Voul. — Xudo haqqi qasam ichaman, mening aybim yo‘q. Shunchaki qutulib chiqish mushkul bo‘lgan to‘r ichiga tushib qolganman. Lekin men o‘ldirganim yo‘q. O‘ldirganim yo‘q! 
Bunday vaziyatda hech bir kimsa o‘z aybini bo‘yniga olmasdan qolmasdi. Buni janob Meyxern hammadan yaxshi biladi. Ammo bu narsani ich-ichidan tan olsa-da, bunga to‘la amin emasdi. Pirovardida, Voul chindan ham begunoh bo‘lib chiqishi hech gap emasdi-da.
— Barcha dalillar sizga qarshi, janob Voul. Shunday esa-da, ishonaman sizga. Xo‘sh, faktlarga qaytsak, Siz Emili French xonim bilan qanday tanishgansiz?
— Oksford stritda edim. Bir keksa ayol ko‘chani kesib o‘tayotgandi. U bir qancha tugunlarni ko‘tarib ketayotganida, yulning yarmiga borib, ularni qo‘lidan tushirib yubordi. Ularni yig‘ib olaman, deganida, shitob bilan ketayotgan avtobusning tagida qolib ketishiga oz qoldi va bir amallab piyodalar yo‘lagiga yetib oldi. Men sochilib yotgan tugunchalarni yig‘ib, changni qoqib ayolning qo‘liga tutqazdim.
— Siz uning hayotini qutqarib qolganman, degan da’voda emassiz-a?
 — Albatta yo‘q. Shunchaki odamgarchilik yuzasidan kildim bu ishni. Rost, u menga qo‘yuq minnatdorchilik bildirdi, hatto yelkamni qoqib, bunaqa olijanoblik hozirgi yoshlar uchun tanqis bo‘lib qolganini ham aytib o‘tdi. Xullas, keyin men yo‘limda davom etdim. Men u bilan bir kuni kelib qayta ko‘rishib qolishimizni xayolimga ham keltirmaganman. Biroq hayot kutilmagan tasodiflarga to‘la. Kunlarning birida uni bir oshnamning uyida kechki ovqat mahali uchratib qoldim. U meni darrov tanidi va yaqindan tanishishni taklif etdi. Oti Emili French ekani va Kriklvudda yashashini o‘shanda bilganman. Picha gurunglashdik. U fikrimcha kirishimli ayol ekan Keyin u meni uyiga taklif qildi. Men imkon topsam biror kuni unikiga o‘tishimni aytdim, u esa aniq bir kunni tayinlashimni so‘radi. Men uning uyiga borgim kelmayotgan bo‘lsa-da... uning taklifini rad etish noqulay va beodoblik bo‘lardi... Shanbani belgilaganimizdan keyin u ketdi. Oshnalarim uning juda boy ayol ekani, kattakon bir uyda, bittagina oqsoch va sakkizta mushugi bilan yashashini aytishdi. 
— Demak, siz uning o‘ziga to‘q ayol ekanini chindan ham u ketganidan keyin eshitdingiz? — so‘radi Meyxern. 
— Agar siz buni ataylab ayolning o‘zidan so‘rab olgan deb o‘ylayotgan bo‘lsangiz... — Voul shu tariqa alam bilan o‘zini oqlashga tirishgan paytda Meyxern uning gapini oxiriga yetkazish uchun imkon bermadi.
— Men hech narsani o‘ylayotganim yo‘q. Men faqat ayblov jarayonida qanday savollar paydo bo‘lishini oldindan tasavvur qilyapman. Miss French ko‘zdan panada, o‘ta yopiq muhitda yashagan. Chetdan qaragan kishi uning badavlat ayol ekanini bilmagan bo‘lardi. Eslab ko‘ring-chi, uning puli ko‘p ekanini sizga kim birinchi bo‘lib aytgandi?
— Og‘aynim Jorj Garvi. 
— U buni tasdiqlay oladimi? 
— Bilmadim. Oradan ancha vaqt o‘tdi.
— Ko‘ryapsizmi, janob Voul. Ayblovning birinchi vazifasi sizningg pulga muhtoj yashaganingiz, marhumaning puldor ekanini bilganingizdan keyin u bilan tanishishga oshiqqaningizni isbolashdan iborat bo‘ladi.
— Axir, aslida...

— Juda ko‘p narsa o‘sha og‘ayningizning xotirasiga bog‘liq. U o‘sha gurungni eslarmikin?
 Leonarda anchagina jim qoldi, keyin bosh chayqab sokin javob qaytardi:
— Bilmadim, janob Meyxern. Bizning gapimizni ko‘pchilik eshitib o‘tirgandi. Hatto kim birovi hazillashib, o‘sha boy ayolning boshini aylantirib olishimni maslahat bergandi. 
— Afsus, ming afsus, — Advokat o‘z qiziqishlaprini yashirib o‘tirmadi. — Ammo sizning dangal gaplaringiz menga yoqyapti. Xullas, siz miss French bilan tanishib oldingiz. Bu tanishuv birgina tashrif ila tugamadi, albatta, to‘g‘rimi? Siz Kriklvudga katnashda davom etdingiz. Qiziq, sizdek kelishgan, yosh va baquvvat yigitning o‘sha keksa xonim bilan uchrashib turish uchun vaqt topa olishi biroz shubhali. Uni sizga yana nima bog‘lab turgan bo‘lishi mumkin?
Leonrada Voul gap topolmay biroz chaynalib qoldi. 
— To‘g‘risi, buning sababini o‘zim ham yaxshi tushunmayman. Men unikiga birinchi marta borganimdayoq u yolg‘izlikdan bezib ketganini aytib, uning holidan tez-tez xabar olib turishimni iltimos qildi va menga bo‘lgan moyilligini yashirib o‘tirmadi. Men esa uning taklifini qaytarishni o‘zimga ep ko‘rmadim va tez-tez kelib turishga so‘z berdim. Axir kimningdir o‘zingga ixlosi borligini, kimgadir kerakligingni his qilish yoqimli emasmi?
Janob Meyxern bu gal ko‘zoynagini burnidan olib chuqur tafakkurga cho‘mgan holda arta boshladi. 
— Sizni tushundim, desam ham bo‘ladi, — dedi u uzoq jimlik so‘ngida. — Fikrimcha bu holat psixologik jihatdan asosga ega. Kim bilsin ayblovchilar balki boshqacha o‘ylashar. Qani, davom eting-chi? Qachon Miss French ish boshqarishda yordam berishingizni so‘rab iltimos qildi?
— Albatta, birinchi borgan kunimda emas. Bungacha u turli qog‘ozlar bilan ishlash uning joniga tekkani haqida gapirib, ko‘pgina kapital qo‘yilmalari bilan bog‘liq tashvishlardan bezovta ekanini aytgandi.
 Janob Meyxern Voulgina tezgina o‘tkir bir nigoh tashlab qo‘ydi.
— Miss Frenchning oqsochi Janet Makkenzi o‘z bekasining o‘ta ziyrak ayol bo‘lgani, barcha ishlarni o‘zi nazorat ostida tutib turganini ta’kidlagan. Uning bankirlari ham bu fikrni tasdiqlashadi.
— U menga butunlay boshqacha gapirgandi. 
Janob Meyxern yana Voulga qadaldi. Hozir uning Voulga nisbatan ishonchi ortayotgan edi. U qalbida mana shu yoshgina yigitga mehr uyg‘ongan Miss Frenchning uni o‘z uyida tutib turishnig eng maqbul yo‘lini topganini tasavvuriga sig‘dira oldi: Ayol moliyaviy ishlarda yordam berishni yigitdan shaxsan iltimos qilgan bo‘lishi juda-juda tabiiy. U yigitning ko‘nglini ovlash maqsadida unga yana bir karra iltifot ko‘rsatmoqchi bo‘lgandir ehtimol. Balki u qanchalik badavlat ayol ekanini yigitga ko‘rsatib qo‘ygisi ham kelgandir. O‘ta sermulohaza va idrokli bo‘lgan Emili French har bir narsani munosib baholab kelgan.
Janob Meyxern Voulning hissiz yuziga termilib turib ana shularni xayol qildi.
— Demak, siz miss Frenchning iltimosiga ko‘ra, uning ish boshqaruvchisi bo‘lishga rozi bo‘ldingiz? 
— Ha. 
— Janob Voul. — Advokat har bir gapini chertib-chertib gapira boshladi. — Men hozir sizga o‘ta jiddiy bir savol beraman va siz menga faqat to‘g‘risini aytishingiz kerak. Moliyaviy munosabatlarda sizning ishingiz ancha ahamiyatli bo‘lmagan. Marhumaning fikricha, siz faqat uning ishga aloqador bo‘lmagan qog‘ozlarni tartibga keltirish bilan shug‘ullangansiz. Aslida bu qog‘ozlarning aksariyati juda muhim va qimmatli bo‘lgan. Siz ulardan biror marta shaxsiy manfaatingiz yo‘lida foydalanganmisiz? Faqat avval yaxshi o‘ylab keyin javob bering.
Voul bir daqiqa ham o‘ylab o‘tirmadi.
— Hamma ishni halol va vijdonan bajarganman. Men nima ish qilgan bo‘lsam, miss Frenchning foydasini ko‘zlab qilganman. 
— Lekin nazarimda bunaqa jiddiy ishlarda qilvirlik qilish uchun sizning fahmu farosatingiz yetadi. 
— Kim bilsin, — yelka qisdi Voul.— Menda uni o‘ldirish uchun birorta ham asos yo‘q edi. Qolaversa, mening faqat boylik orttirish maqsadida u bilan aloqani uzmagan bo‘lsam, uning o‘limi hamma umidlarimin chippakka chiqargan bo‘lardi. 
Advokat yana ko‘zoynagini artishga tushdi 
— Janob Voul, nahotki, siz miss French butun boyligin sizga vasiyat qilib qoldirganidan bexabar bo‘lsangiz? 
— Nima?
 Voul stuldan sapchib turarkan, janob Meyxernga hayrat ila tikilib qoldi. Meyxern esa, boyagi gapni qaytarish o‘rniga shunchaki bosh irg‘ab qo‘ya qoldi. 
— Siz bu vasiyatnoma haqida hech narsa bilmasdim, demoqchimisiz?
— Ishoning, bu men uchun kutilmagan yangilik bo‘ldi.
— Biroq, xonimning oqsochi buning aksini aytyapti. Uning gaplariga karaganda, xonim bu qarorga kelishdan ilgari gapning bir uchini o‘z joriyasiga ham chiqarib qo‘ygan ekan. 
— Janet aldagan! U o‘ta badgumon va hasadgo‘y kampir. Uni bekamning o‘zi ham yoqtirmasdi. Menga undan bir necha marta nolib gapirgan.
— U sizga tuhmat qilyapti, deb o‘ylayapsizmi? 
— Yo‘g‘-e, unga buning nima keragi bor? — u advokatga g‘alati qarab qo‘ydi.
 — Bilmadim. Lekin u sizdan qattiq g‘azabda.

— Dahshat! Bundan chiqdi, men turli yo‘llar bilan qo‘rqitib, miss Frenchni mening foydamga vasiyatnoma yozishga majbur qilganim va uyda hech kim yo‘q paytda uni... Ertalab esa u o‘lik holda topilgan. O‘, parvardigor, bu ne ko‘rgulik?
— Uyda o‘sha kuni marhumdan bo‘lak hech kim yo‘q deb o‘ylagan bo‘lsangiz, adashasiz, janob Voul, — deya uning gapini shart bo‘ldi advokat. — Esingizda bo‘lsa, Janet o‘sha kuni har kungidan ertaroq uyiga ketgan — uning dam olish kuni edi. Biroq soat to‘qqiz yarimlarda orqaga qaytishga to‘g‘ri kelgan. Janet yashirin yulakdan uyga kirib, tepaga ko‘tarilgan va ichkaridan g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir ovozni eshitib qolgan. Ovozlarning biri uning bekasiga tegishli bo‘lgan, ikkinchisi esa, qandaydir erkakniki ekan.
 — To‘qqiz yarimda... men... — Birdan Voulning yuziga qon yugurib, ko‘zlari chaqnab ketdi. — To‘qqiz yarimda? Men ozodman endi!!!
— Ozodsiz? Nimani nazarda tutyapsiz? — ajablandi janob Meyxern.
 — Bu vaqtda men uyda o‘tiruvdim. Xotinim buni tasdiqlashi mumkin. Taxminan, o‘nta kam to‘qqizlarda mis French bilan xayrlashib chiqqanman. To‘qqizu yigirmalarda men kechki ovqatga o‘tirgandim. Yo rab, o‘zingga shukur! 
— Unda miss Frenchni kim o‘ldirgan bo‘lishi mumkin? 
— Ehtimol, bosqinchi o‘g‘rilar bo‘lishi mumkin? Janetning menga adovatiga ishonib, politsiya noto‘g‘ri yo‘ldan bordi va vaqtni bekor o‘tkazib yubordi.

— Balki, shundaydir, — dedi advokat. — O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, Janob Voul. Siz soat to‘qqiz yarimda uyda bo‘lganman, deyapsiz. Oqsoch esa, uyda erkak kishining ovozini eshitgan. Nahotki, miss French bosqinchi bilan gaplashib o‘tirgan bo‘lsa? 
— Axir, men... — Voul nima deyishini bilolmay, so‘zini yo‘qotib qo‘ydi. — Har holda mening bu yerda hech kanaqa aybim yo‘q. Dalilim bor. Siz darhol xotinim Romeyn bilan uchrashishingiz kerak. U mening gaplarimni tasdiqlaydi.
— Albatta, — rozilashdi janob Meyxern. — Men allaqachonlar xotiningiz bilan uchrashmoqchi edim. Lekin u Londonga jo‘nab ketgan ekan. Missis Voulning bugun qaytishini eshitganimdan keyin siz bilan gaplashib bo‘lgach, uning yoniga borishga qaror qilgan edim. 
Voul qoniqish bilan bosh irg‘adi. U endi tamomila xotirjam tortib qolgandi. 
— Uzr, janob Voul, siz xotiningizni judayam yaxshi ko‘rsangiz kerak?
 — Albatta.
— U-chi, uyam sizni sevadimi?
— O, Romeyn menga juda sadoqatli. U men uchun hamma narsaga tayyor.
Voul xotini haqida juda to‘lqinlanib gapirar ekan, janob Meyxern biroz bezovtalana boshladi. Axir o‘z erini jonidan ortiq sevadigan ayolning erining foydasiga berayotgan ko‘rsatmasiga kim ham ishonardi?
 — To‘qqizu yigirmada uyga qaytganingizni xotiningizdan boshqa yana kimdir ko‘rdimi? Masalan, xizmatkoringiz? 
— Bizning oqsochimiz qatnab ishlaydi. U soat yettida uyiga ketadi.
— Ko‘chada ham birontaga ko‘zingiz tushmadimi?
— Tanishlardan hech kimni ko‘rmadim. To‘g‘ri, yo‘lning yarmini avtobusda bosib o‘tdim. Balki, konduktor meni eslab qolgandir?
Janob Meyxern shubhali bosh chayqadi:
— Xotiningizning ko‘rsatmasini yana kim tasdiqlab berishi mumkin?
— Hech kim. Axir shusiz ham meni oqlash mumkin emasmi? 
— Men ham shunga umid qilaman.
Janob Meyxern o‘rnidan turayotib, Voulga qo‘l uzatdi. 
— Har holda men sizning aybsiz ekaningizga ishonaman va bu sudda o‘z isbotini topishiga umid qilaman. 
Leonardning yuziga tabassum yoyildi.
— Men ham umidvorman. Axir menda haqqoniy alibi bor-ku?
Janob Meyxern hech narsa demasdan xonadan chiqdi.
Voullar oilasi Peddington-Grindagi kichkina, nazarnogir bir uyda turishardi. Janob Meyxern o‘sha yoqqa yo‘l oldi. 
Eshikni Voul "qatnab ishlaydi" deb aytgan o‘rta yashar, miqti xizmatkor ayol ochdi. 
— Missi Voul qaytdilarmi? 
— Ha, bir soat bo‘ldi. Lekin u kishi sizni qabul qila olarmikinlar?
— Manavini ko‘rsatsanigz qabul qilsa kerak, — advokat shunday deya tashrifnomasini unga uzatdi. 
Ayol advokatga ishonqiramay qarab turdi-da, uning qo‘lidagi qog‘oz parchasini ehtiyotkorlik bilan oldi va eshikni shundoq uning yuziga yopib, ichkari kirib ketdi. U bir necha daqikadan keyin ortiga qaytdi, bu paytda uning muomalasi ham biroz o‘zgargan edi. 
— Kiring, marhamat.
Advokat ayolning izidan ixcham va shinam oshxonaga o‘tdi. Uning qarshisidan baland bo‘yli, xushqomat va qorasoch sanam ohista odimlab kelardi.
— Mister Meyxern? Adashmasam, siz erimning ishi bilan shug‘ullanyapsiz, hozir uning yonidan kelyapsiz. shunaqami? Marhamat, o‘tiring.
Uning yengil va sal g‘aliz talaffuzi ajnabiy ekanini ko‘rsatib turardi. Janob Meyxern zimdan razm solib, ayolning oppoq va keng yelkalari, jozibali qaroqlari va qo‘llarining nozik harakatiga e’tibor berdi. Uning tashqi ko‘rinishidagi har bir belgi uning g‘ayriingliz ekanidan dalolat berardi.
— Muhtarama Voul xonim, o‘zingizni qo‘lga oling, tushkunlikka tushmang, — deya gap boshladi advokat o‘tirayotib: ammo, ayolning yuz ifodalarida hech qanday tushkunlik alomati yo‘q edi. Aksincha u o‘zini juda erkin va xotirjam tutayotgandi.
"G‘alati ayol ekan. Shunaqa beta’sirki, g‘ashing keladi" – o‘yladi Meyxern. Bu ayol bilan uchrashgan ilk daqiqada u o‘zini biroz noqulay sezgandi. Hozir uning qarshisida javobini topish o‘ta mushkul bo‘lgan bir jumboq turardi, go‘yo. 
Janob Meyxern Voul bilan kechgan suhbatning qisqacha mundarijasini bayon etdi. Ayol esa, uning gaplarini diqqat bilan, boshini irg‘ab-irg‘ab eshitdi.
— Demak, — dedi u, advokat gaplarini tugatgach, — u soat to‘qqizu yigirmada uyiga qaytib kelganini tasdiqlashimni istaydi, shunaqami?
— Axir, u rostdan ham shu payti kelmaganmidi?
— Gap bundamas. mening gaplarimga ishonadilarmi, yo‘qmi, shuni bilmoqchiman. Kimdir gapimni tasdiqlaydimi?
Janob Meyxern o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. Ayolning maqsadi nima o‘zi? Nega u o‘zini bunchalar loqayd tutyaptiykin? 
— Hech kim, — dedi advokat quruq ohangda.
Bir-ikki daqiqa Romeyn sokin o‘tirdi, keyin uning lablari orasidan kinoyali tabassum sizib chiqdi. Nega iljayyapti bu o‘zi? Janob Meyxernning qalbidagi isyon yana kuchlana boshladi. 
— Voul xonim, sizning eringizga qanchalik sodiq ekaningizni yaxshi bilaman. 
— Ma’zur tuting, nima dedingiz?
 Bu savol boyaqish advokatni tamoman shoshirib qo‘ydi va jur’atsizgina savolini qaytardi.
— Bu gapni sizga uning o‘zi aytdimi? Eh, erkak zoti buncha ahmoq bo‘lmasa? — deya ilkis stuldan turib ketdi ayol. 
Meyxernning ichidagi gumon endi haqiqatga do‘nib ulgurgan edi.
 — Uni ko‘rgani ko‘zim yo‘q! Eshityapsizmi? Nafratlanaman. Uning kanday osishlarini o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rsam edi! 
Janob Meyxern lol bo‘lib qoldi. U ayolga sekin yaqinlashdi.Uning nigohlarida, ovozida hatto nafasida ham g‘azab namoyon edi.
— U o‘sha kuni kechasi 9:20 da emas, 10:20 da keldi desam, nima bo‘pti? U vasiyatnoma haqida oldindan bilgani, shuning uchun u ayolni o‘ldirishga qaror qilgani haqida aytib bersam-chi? Axir o‘zi menga hammasini aytib bergandi. Bularning barini sudda aytib bersam, nima qipti?
Meyxernning nazarida ayolning ko‘zlari o‘t chaqnatib turardi. Advokat bir amallab o‘zini tutib turdi-da, qat’iy javob qaytardi. 
— Siz eringizga qarshi ko‘rsatma berishga jalb etilishingiz mumkin emas. Qonun shunaqa. 
— U mening erim emas.
Shu daqiqada Meyxern hozirgina eshitgan gapini mulohaza qilishga tushdi. 
— Erim emas, — qaytardi u va anchagacha jim qoldi. — Men Venada aktrisa edim. Erim bor edi, hozir ham bor, faqat... jinnixonada. Ko‘ryapsizmi, Voul bilan bizning nikohimiz qonuniy emas. Va men bundan xursandman.
— Sizdan faqat bir narsani eshitishni istardim, — janob Meyxern yana his-tuyg‘ulardan mosuvo advokat Meyxernga aylandi, — Siz nima sababdan o‘z e... Janob Voulga nisbatan qarshi oyoqqa turdingiz?
— Bu haqda gapirishin istamayman. Bu mening sirim bo‘la qolsin.
 Janob Meyxern yo‘talib qo‘ydi:
— Suhbatni bu tarzda davom ettirishdan foyda yo‘q. Mijozim bilan yana bir bor gaplashib ko‘rganimdan keyin siz bilan ham gaplashib olarmiz.
Shu choq sobiq Voul xonim erkakning ro‘parasiga kelib to‘xtadi va shu asnoda advokat uning shahlo o‘zlari bilan yana bir karra yaqindan to‘qnashdi.
— Ochig‘ini ayting. Siz bu yoqqqa kelishingizdan ilgari uning aybsiz ekaniga ishonib edingizmi? 
— Ha.
— Sizga juda achinaman, — u yana sirli tabassum hadya qildi.
— Hozir ham ishonaman unga, — dedi janob Meyxern. — Xayr.
U ko‘chada ketib borarkan, ko‘z o‘ngidan Romeynning qiyofasi ketmasdi. G‘alati ayol. Tushunarsiz va xavfli ayol... Politsiya mahkamasida dastlabki tergov ishlari jadal borardi. Jinoiy ishning asosiy shohidlari maqtulaning joriyasi Janet Makkenzi va kelib chiqishi avstris bo‘lgan Leonard Voulning xotini sanalmish Romeyn Xeylger edilar.
Voul ishi sudga oshirildi. Sud boshlanishidan sal avvalroq kechki pochta orqali Meyxern bir maktub oldi. Xat iflos xatjildda, arzon qog‘ozda va aji-buji harflarda o‘ta savodsizlik bilan bitilgan edi. Meyxern xatning mazmun-mohiyatidan to‘la xabardor bo‘lish uchun uni ikki qayta o‘qishga majbur bo‘ldi. Xatni ta’sirchan ko‘rsatishga uringan g‘aliz jumlalar olib tashlansa, qolgan birikmalar sof inglizcha shaklga solinsa, qo‘yidagi ma’no kelib chiqardi: "Hurmatli janob! Siz anavi bechoraning ishi bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsangiz kerak. Agar siz uning ajnabiy xotini haqida biror qiziqarli gap eshitishni istasangiz, bugun kechki payt Stepniga yetib keling. U yerdagi o‘n oltinchi uyda miss Mogsnning uyini so‘rang. O‘zingiz bilan ikki yuz funt ola kelishni ham unutmang".
Janob Meyxern bu g‘aroyib jumlalarni qayta-qayta o‘qib chiqdi. Avval bu xat unga oddiy bir jumboq bo‘lib tuyulgan esa-da. Advokat chuqurroq fikr yuritib u bilan hazillashishmayotganini tushunib yetdi. Janob Voulning qutulib qolishi ham shu maktub egasi beradigan ma’lumotga bevosita bog‘liq.

Xullas, janob Meyxern qaror qildi...
U xatda ko‘rsatilgan uch qavatli vayronani topish uchun chang va iflos ko‘chalar, faqirlik hidi kelib turgan xaroba guzarlarni uzoq kezishga majbur bo‘ldi. Janob Meyxern kir latta qoplagan eshikni chertganida hech kim javob qaytarmadi. Qayta chertilgach, avval shaloplagan qadam tovushlari eshitildi, keyin eshi qiya ochilib, ichkaridan bir juft ko‘z advokatga boshdan-oyoq razm sola boshladi. Keyin esa eshik tabaqasi katta ochilib, bo‘sag‘ada bir ayol paydo bo‘ldi.
— Bu senmisan? — so‘radi xirilloq ovozda, — Bir o‘zingmisan? Kir tezroq.
 Janob Meyxern egilib, gaz chirog‘i xiragina yoritib turgan kichkina va juda iflos xonaga kirdi. Burchakda yig‘ilmagan to‘shak, o‘rtada g‘ichirloq stol va puturdan ketgan ikki stul turardi. Advokatning ko‘zlari g‘ira-shiraga ko‘nikkach, u bu xarobat bekasiga diqqat bilan razm sola boshladi.U o‘rta yoshlardagi qaddi dol, nari-beri kiyingan ayol edi. Uning mavxum tusdagi, anchadan beri taroq tegmagan sochlari yelkalarida to‘zg‘ib yotardi. Yuzlari to ko‘zlari qadar ola-bula sharf bilan o‘rab olingan edi. Ayol janobning oshkora taajjubli nigohlariga ayol zaharxanda bilan javob qaytardi.
— Nega angrayib qolding? Yuzimni yashirib olganimga hayron bo‘lyapsanmi? istasang, mening mislsiz chiroyimdan bahra olishing mumkin. Faqat, ko‘rib o‘zingni yo‘qotib qo‘ymasang, bas.
U shu gaplar bilan sharfini yechganida, uning chap yonog‘idagi qip-qizil va mudhish chandiqlarni ko‘rib, advokatning hushi boshidan uchdi.
— Xo‘sh, meni o‘pmoqchimisan? Yo‘q? O‘zim ham shunaqa deb o‘ylovdim. Bir paytlar men ham hurliqo edim. Yuzimdagi bu naqshi nigor qaerdan kelganini bilasanmi? Kuporosdan. Anavilar...— u shunday deya og‘iz olib bo‘lmaydigan haqoratomuz gaplarni yog‘dira ketdi. U gapirib tinchiganidan keyin ham qo‘llarining tinimsiz qaltirog‘i bosilmadi.
— Bas, — dedi Meyxern uzoq davom etgan jimlikni buzib. — Bilishimcha, siz menga Lnonard Voul ishi buyicha qadaydir ma’lumot bermoqchi edingiz? 
Miss Mgson ayyorona ko‘z qisdi: 
— Puli-chi, jonginam? — dedi xirillab. — ikki yuztani cho‘zib qo‘ysang, senga kerakli narsani qo‘lingga tutqazaman.
— Masalan nimani?
— Xat. O‘sha ayolning xati. Xo‘sh, bunga nima deysan? Faqat, u mening qo‘limga qanday tushib qolganini so‘ramasang, bas. Ikki yuzni to‘laysan — xat seniki. 
— O‘n funt! Boshqa bir chaqa ham bermayman. Agar, o‘sha menga asqotadigan bo‘lsa, albatta. 
— Nima? Bor-yo‘g‘i-ya? — Ayol yana baqirib-chaqirishga o‘tdi. 
— Yigirma, — dedi janob pinagini buzmay. — Bu mening oxirgi gapim.— Advokat hamyonini kavlashtirishga tushdi. — Bor pulim shu. 
Ayol naqd pulni ko‘rib, biroz o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. Allanarsalarni g‘o‘ldirab-g‘o‘ldirab karavotiga yaqinlashdi va matrasni ko‘tardi.
— Mana, ol, jin ursin, — deya bir dasta xatni uning oldiga irg‘itdi. — Senga keraklisi eng tepada turibdi. Janob Meyxern xatlar bog‘lamini ochib, ularni birma-bir ko‘zdan kechira boshladi Romeyn Xeylgerning Voulning nomiga bitilmagan ishqiy maktubini topib oldi. U boshqa xatlarga ham bir qur ko‘z tashlab chikdi. Eng tepadagi xatni ikki marta o‘qib chiqdi: unda Voul xibsga olingan sana qayd etilgan edi.
— Bu xat sizning qo‘lingizga qanday tushib qoldi? 
— Bu xat xali hammasi emas. O‘sha oqshom anavi j... qay go‘rda ekanini so‘ramaysanmi? Layen Roud kinoteatridan borib so‘ra. U yerdagilar uni yaxshi eslashsa kerak. 
— Xat kimga atab yozilgan?
— Bu xatni menga tashlab ketgan odamga tegishli. — Miss Mogson qo‘llarini abgor yuziga tomon olib borarkan, uning barmoqlari Meyxernga tanish harakat ila mashg‘ul edi. 
— Uning qo‘lidan kelgani shu bo‘ldi. Necha yil o‘tgan bo‘lsa-da, esimdan chiqmaydi. O‘sha kelgindi uni mendan tortib oldi. Bir kuni men ularni izma-iz ta’qib qila bordim. Ularni qo‘lga tushirgan paytimda erim yuzimga ana shu zaqqumni sepib yubordi. Anavi manjalaqi esa, bundan huzurlanib kuldi. Shu paytga qadar undan o‘ch olish uchun har kadamini poylab kelaman. Endi u mening qo‘limda. Hali hammasi uchun javob beradi. To‘g‘rimi, janob? 
— Ehtimol, uni yolg‘on guvohlik bergani uchun qamashar. 
— Ishqilib, ovozini o‘chirishsa, popugini pasaytirib qo‘yishsa, bas. Ey! Janob, pul kani? 
Janob Meyxern stol ustiga ikkita o‘ntalikni qo‘yib, chiqib ketdi.
Advokat vaqtni o‘tkazmaslik uchun hoziroq Layen Roudga borishga qaror qildi. U yerda eshik og‘asi Romeyn Xeyldgerning suratidan darhol tanidi. O‘sha kuni soat o‘nda allaqaysi erkak bilan kinoteatrga kelgan. Eshik og‘asi xaligi erkakka diqqat bilan razm solmagani uchun uning qiyofasi yaxshi esida qolmaganini aytdi. Ular ikkalovi seans tugaguncha, soat o‘n ikkilarga qadar o‘tirishibdi.
Janob Meyxern bundan to‘la-to‘kis qoniqish hosil qildi. Romeyn Xeylgerning ko‘rsatmalari boshdan oxirigacha yolg‘on bo‘lib chiqdi. Bunga sabab — uning Voulga bo‘lgan nafrati. Buning boisi nima bo‘lsa ekan? Sho‘rlik Voul xotinim deb atagan ayolning o‘zi haqida gapiragan gaplarini eshitib, bir zambil loydek bo‘shashib ketdi. Bunga sirayam ishongisi kelmadi. 
Darvoqe, dastlab Voulning e’tirozlaridagi tushkunlik Meyxernga biroz soxtadek tuyuldi. Chamasi, u xotining bu darajaga borishini avvaldanoq bilgan. Lekin boshqalar bundan xabardor bo‘lishini istamagan. Ikkalasining orasidagi sir hamon sirligicha qolyapti.
 Bundan kachondir Meyxern ham voqif bo‘larmikin?
Emili Frenchni o‘ldirganlikda ayblanayotgan Leonard Voul ustidan sud jarayoni katta shov-shuv bilan boshlandi. Birinchidan, ayblanuvchi hali yosh va tarbiyali yigit edi, ikkinchidan uni o‘ta vahshiylarcha odam o‘ldirishda ayblashayotgan edi. Bu jarayonning katta shov-shuv bo‘lishining yana bir sababi ayblovning asosiy shohidi Romeyn Xeylgr edi. Ko‘plab gazetalarda uning fotosurati va o‘tmishi bilan bog‘liq turli mish-mishlar chop etildi. 
Avvaliga xammasi silliq kechdi. Avval ekspertlar o‘z xulosalarini o‘qib eshittirishdi. Keyin oqsoch ayol so‘zga chiqdi va u tergovda bildirgan ko‘rsatmasini so‘zma-so‘z takrorladi. Himoyachi ayrim savollar bilan uni chalg‘itmoqchi bo‘lgani ham hech qanday naf bermadi. Uning gaplarida ayblanuvchini asrab qolish uchun birgina tugun bor edi: Ayol erkak kishining ovozini eshitgan bo‘lsa-da, bu ovoz aynan Voulga tegishli ekanini u isbotlab berolmadi. Advokat shu bilan bir qatorda hakamlarga oqsochning guvohligi aniq dalillar emas, uning Voulga nisbatan badxohligi asosida qurilganiga ishontira oldi.
Asosiy shohidani chaqirdilar.
— Sizning ism-sharifingiz Romeyn Xeylger, shunaqami?
— Ha.
— Kelib chiqishingiz avstrislarga borib taqaladi?
— Xuddi shunday.
— So‘nggi uch yil ichida siz ayblanuvchi bilan er-xotindek yashagansiz, to‘g‘rimi? 
Shu lahzada Romeynning ko‘zlari Voulniki bilan to‘qnashib ketdi.
 — Ha.
 So‘rov davom etardi. Romeyn sud a’zolariga dahshatli haqiqatni hikoya qilib berishga tushdi: Qatl okshomi ayblanuvchi o‘zi bilan kichkina cho‘kich ko‘tarib uyidan chiqib ketgan. O‘ndan yigirmata o‘tganda, u qaytib kelgan va qotillik sodir etganini aytib bergan. Yenglari qonga belangan ko‘ylagini o‘tga tashlagan. Keyin esa, hech kimga og‘iz ochma, deya xotiniga tahdid solgan. 
Qarshida o‘tirgan ayblanuvchining asl qiyofasi oydinlashib borgani sari, hakamlarning ham chehrasida o‘zgarish zuhur eta boshladi. Romeyn esa o‘z hikoyasini katta hayajon bilan davom ettirar, u so‘zdan-o‘zga o‘tgani sari qahr va g‘azab ortib borardi. 
 Himochi ham g‘azabdan tishini-tishiga bosib o‘rnidan turdi. U shohidaning barcha gaplari uydirma ekanini bildirdi. U aytdiki, o‘sha oqshom ayol uyida bo‘lmagan, shu bois Voulning kachon qaytganini ham bilmasligi kerak. Advokat hakamlarga Romeyn xonimning boshqa bir erkak bilan o‘ynash tutingani, shu bois u o‘z erini qilmagan jinoyati uchun o‘limga mahkum etilishini istab unga tuhmat toshlarini otayotganini bildirdi. 
Romeyn esa, o‘ta sovuqqonlik bilan ayblanuvchi bildirgan e’tirozlarni qat’iyan rad etdi. 
Shunda advokat zalda pashsha uchsa bilinadigan sukunat qunishini kutdi va Romeyn Xeylgerning maktubini o‘qiy boshladi: 
"Azizim Maks. Taqdirning o‘zi bizning birga bo‘lishimiz uchun yo‘l ochayotganga o‘xshaydi. U hozir qamoqda! Uni, hatto chumoliga ham ozor berolmaydigan bir lapashangni qotillikda ablashayapti. Eh, ana qasos fursati yetib keldi. Meni so‘roq qilishsa, u kechasi qonga belanib kaytdi va barcha qilgan ishlariga iqrorini bildirdi, deb aytaman. Uni dorga olib borishayotganida uni o‘limga mahkum etgan men ekanimni anglab, qanchalik to‘lg‘onishini tasavvur qilyapman. Vul endi yo‘q. Faqat sen bilan men bormiz. Bu bizning baxtimiz Maks!" 
Ekspertlar hoziroq xat kimga tegishli ekani aniqlashga hozir edilar. Biroq kutilmaganda, Romeyn Xeylger hammasini tan oldi: Advokatning gaplari to‘g‘ri chiqdi. Jinoyat ishining eng asosiy aybdori yolg‘onchi bo‘lib chiqdi. 
Voulni ikkinchi bor so‘roq qilishdi. U hammasini xuddi avvalgidek tutilmasdan gapirib berdi, hatto chalg‘ituvchi savollarga ham osonlikcha chap berdi. Garchi ba’zi dalillar hamon unga qarshi bo‘lsa-da, hakamlar yakdil hukmni qabul qilishdi: Voul aybsiz deb topildi.
Janob Meyxern Voulni g‘alaba bilan tabriklashga oshiqdi. Uning yaqiniga hozircha yo‘lab bo‘lsaligini bilgan advokat xalq anjoblashishini kutdi. Advokat yana ko‘zoynagini artish uchun qo‘liga olganida, bu harakat uning uchun odatga aylanib qolganini payqab kungliga bexos xavotir oraladi. Xotini xam bir necha marta shu haqida gapirgandi. Tarki odat — amri mahol. 
G‘alati narsa shu odat degani. Manavi Romeyn Xeylgar deganlari ham... U o‘zini qancha bexovotir va vazmin tutishga intilmasin, baribir qanchalik xayajonda ekanini sezdirib o‘ydi. 
Shu lahzada Meyxern ko‘zlarini yumib, sarvqomat, siymtan va allanarsadan xadik olib turgan ehtiroschli ayolning siymosini ko‘z oldiga keltirdi. Uning muxabbati... Uning nafrati... Qo‘llarini galati alfozda o‘ynatishi... 
Eh, u xuddi shunday xarakatni yaqin orada yana kimdadir ko‘rgandi. Yaqindagina... 
Mister Meyxern esladi—yu, nafasi bo‘g‘ziga tiqilayozdi: Stepnilik mis Mogson! 
Bo‘lishi mumkin emas! Nahotki? 
U hozir faqat birgina narsani istardi — Romeyn xeylger bilan ko‘rishishni. 
Biroq, ular ancha kech ko‘rishdilar, qaerda bir—birini uchratib qolishgani hozir unchalik muxim emas.
 — Siz adashmadingiz, — dedi ayol. — Yuzimni qanday qilib
o‘zgartirganimni suramoqchisiz. Bu uncha qiyin emas. Gazchiroq yorugida grimmni payqash juda mushkul. Qolaversa... Men bir paytlar aktrisa bo‘lganimin unutmang. 
— Lekin nima uchun... 
— Nima uchun bunday qildim? — uning savolini to‘ldirdi u yarim tabassum bilan. — Men Uni qutqarishim lozim edi. Axir o‘z erini chin dildan sevadigan va unga o‘lgudnk sodiq bo‘lgan ayolning kursatmasiga hech kim ishonmasligini men ham bilardim. Siz o‘zingiz bilmagan holda menga buni yana bir karra eslatib qo‘ygandingiz. Men esa odamlar orasida yaxshigina ajralib turaman. Meni sharmandalarcha fosh qilsangiz, o‘zim qilmagan ishga iqror ettirsangiz, men erimga karshi guvohlik berayotganlarga nisbatan tuban va olchoq bo‘lib ko‘rinsamgina, u
oqlanishi mumkinligini bilardim.
— Haligi xat-chi?
— U xat shunchaki uydirma, sizning tiligizda aytganda qalbaki edi. Hamma narsa o‘sha xat tufayli iziga tushdi. 
— Unda Maks degani kim bo‘ldi? 
— Unaqa odam yo‘q, hech kachon bo‘lmagan. 
— Menimcha, biz o‘ta mohirona o‘ynalgan mana shu spektaklsiz ham ishda yutib chiqishimiz mumkin edi—ku? 
— Men tavakkal qila olmasdim. Axir siz uni aybsiz deb o‘ylagansiz, tushunyapsizmi? 
— Tushunaman, Voul xonim. Men uni aybsiz deb O‘YLAGANMAN. Siz sa, uning aybsizligini BILGAN edingiz—ku? 
— Hech narsani tushunmabsiz, muxtaram janob Meyxern. Ha, men bilgandim. Bilgandim erimning... AYBDOR ekanini!..

Rus tilidan Rustam Jabborov tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.