OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Agata Kristi. Tikuvchining xatosi (hikoya)

Miss Politt eshik halqasini ushlab, asta taqillatdi. Andisha qilib bir oz kutib turdi-da, yana taqillatdi. Qo‘ltig‘iga qisib olgan tugunchasi tushib ketayozdi, lekin miss Politt uni bazo‘r ushlab qoldi. Bu tugunchada missis Spenlouning kiyib ko‘rish uchun tayyorlangan ko‘ylagi bor edi. Miss Polittning chap qo‘lida esa tikuvchilarning o‘lchagichi, ignayu to‘g‘nag‘ichlar qadaladigan yostiqcha va kattakon qaychi solingan qora sumkachasi ham bor edi. Miss Politt baland bo‘yli, qotmadan kelgan, qirra burunli, lablari qimtilgan va siyrak sochlari oqara boshlagan ayol edi. Bir oz kutib turgach, u yana uchinchi marotaba eshik halqasini taqillatdi. Ko‘cha tomondan uyga yuzlari qizarib ketgan xushchaqchaq miss Xartnell yaqinlasharkan, qo‘ng‘iroqdek ovozda miss Politt bilan: 
– Xayrli kun, miss Politt! – deya salomlashdi.
– Xayrli kun, miss Xartnell! Kechirasiz, miss Spenlou uydamikin, mabodo, siz bilmaysizmi? – u so‘zlarni chiroyli qilib, xuddi kiborlardek talaffuz bilan past ovozda gapirdi. U yoshligida bir oqsuyak xonimning xizmatida bo‘lgan edi.
– Xabarim yo‘q, – javob berdi miss Xartnell.
– Buyog‘i qandoq bo‘ldi? Missis Spenlou bilan u tiktirayotgan yangi ko‘ylagini kiyib ko‘rishi uchun bugun soat uch yarimda uchrashishga kelishgandik. Boyadan beri uch marta eshik qoqdim, lekin hech kim javob bermayapti. Balki missis Spenlou qayergadir ketib, ko‘ylagi esidan ham chiqib ketganmikin? Qiziq, lekin u ko‘ylagini indinga tayyor bo‘lishini juda ham istayotgandi.
Miss Xartnell o‘z eshigini ochgach, miss Polittga yaqin keldi-da:
– Gledis ham javob bermayaptimi? – deya so‘radi.– Aytgancha, bugun payshanba-ku, uning dam olish kuni! Balki, missis Spenlou uxlab qolgandir? Siz eshikni juda sekin taqillatgan bo‘lsangiz kerak-da.
U eshik halqasini ushlab bir necha marta shunaqangi qattiq taqillatdiki, quloqni teshib yuborayozdi. Bu ham yetmaganday, oyog‘i bilan ham eshikni bir necha marta tepib, baland ovozda:
– Hoy! Uyda odam bormi? – deb baqirdi.
– Hech kim javob bermadi, – dedi hayron bo‘lgan miss Politt. – Menimcha, miss Spenlou ko‘ylagi haqiqatdan ham esidan chiqib, biror yoqqa ketgan bo‘lsa kerak. Keyin yana bir kirib o‘tarman, – deya u asta ko‘cha eshik tomon yura boshladi.
 – Bo‘lmagan gap! – uning gapini bo‘ldi miss Xartnell.– U hech qayoqqa ketmagan. U holda men uni yo‘lda uchratgan bo‘lardim. Hozir ko‘ramiz: bu yerda birorta tirik jon bormi o‘zi.
U odati bo‘yicha hazillashayotganini bildirish uchun xushchaqchaqlik bilan kulib qo‘ydi-da, oldidagi deraza oynasidan ichkariga ko‘z tashladi va shu bir qarashning o‘zidayoq uyda hech bir tirik jon yo‘qligiga amin bo‘ldi va buning aksi – kamin oldidagi gilamchada missis Spenlou yotganiga ko‘zi tushdi – u jonsiz edi.
– Lekin, – keyinchalik gapirib yurdi miss Xartnell, – men o‘zimni yo‘qotib qo‘ymadim. Ammo anavi qiltiriq Politt esa shunaqangi qo‘rqib ketdiki, hatto nima qilishni ham bilmay qoldi. «Shovqin solmang! – dedim men unga.– Siz shu yerda kutib turing, men borib politsiyani chaqirib kelaman». U esa bir o‘zi qolishga qo‘rqishini aytib, nimalardir deb ming‘irladi, men bo‘lsam unga quloq ham solib o‘tirmadim. Bunday odamlar bilan qattiqroq gaplashish kerak. Men hali ketishga ham ulgurmagandim, ko‘cha boshida mister Spenlou ko‘rinib qoldi. – Hikoyasining shu yeriga kelganda miss Xartnell uni hayajon bilan tinglayotganlar: «Voy, xudo! Xo‘sh, u nima qildi?» deb so‘rashlarini kutib, bir oz jim turdi-da, yana davom etdi: – To‘g‘risini aytsam, u menga boshidanoq shubhali tuyuldi. U juda xotirjam, bilasizmi, haddan tashqari xotirjam edi. Xuddi hech narsa bo‘lmagandek. Nima desangiz deng-u, lekin bu g‘ayritabiiy edi.
Hamma uning bu fikriga qo‘shildi.
Politsiya ham shu fikrda edi. Keyinchalik, missis Spenlouning eridan ko‘ra ancha boyroq ekanligi va vasiyatnomaga ko‘ra uning hamma pullari eriga o‘tishi ma’lum bo‘lgach, bu shubha yana ham mustahkamlandi.
Jinoyat ma’lum bo‘lgandan so‘ng oradan yarim soat o‘tgach, politsiya miss Marpl bilan uchrashdi. Unikiga mahalliy konstebel mister Polk kirib keldi. Uning qo‘lida yondaftari bor edi va u ma’noli qilib yondaftariga urib qo‘ydi.
– Xonim, bir-ikkita savolimga javob bersangiz, degandim.
– Missis Spenlouning o‘ldirilishi bilan bog‘liq emasmi?
– Kechirasiz, siz buni qayerdan bilasiz?– hayron bo‘ldi Polk.
– Baliqlar orqali, – dedi miss Marpl.
Konstebel uning bu javobidan baliq do‘konchasida tarqatuvchi bo‘lib ishlaydigan bolakayning yangilikni hammaga tarqatishga ulgurganiga amin bo‘ldi. Uning suhbatdoshi missis Spenlouning o‘z xonasida yotganligini, uni, ma’lum bo‘lishicha, balki ingichka kamar bilan bo‘g‘ib o‘ldirishganini, lekin jinoyat sodir bo‘lgan joyda hech narsa topilmaganini va yana boshqa narsalar haqida allaqachon bilishga ulgurgandi. Konstebel bu «ona suti og‘zidan ketmagan Fred»- dan achchig‘i chiqa boshlagan edi, miss Marpl uning gapini bo‘ldi:
– Men yoqangizda to‘g‘nag‘ich ko‘ryapman-a.
Konstebel hayratlanib o‘z mundiriga qarab qo‘ydi.
– E-ha... bilasizmi, bu haqda nima deyishadi? To‘g‘nag‘ich topib olish – bu baxt topib olish degani.
– Umid qilamanki, shu safar bu gap to‘g‘ri chiqadi. Endi ayting-chi, mendan nimani bilmoqchi edingiz?
Polk yo‘talib qo‘ydi va jiddiy tortib, yondaftariga qaradi.
– Menda marhumaning eri bo‘lmish mister Artur Spenlouning ko‘rsatmalari bor. Uning ta’kidlashicha, siz soat ikki yarimlarda qo‘ng‘iroq qilib, undan soat uchdan chorak o‘tganda bir maslahatli ish bilan siznikiga kirib o‘tishini so‘ragansiz. Men, rostdan ham shunday gap bo‘lgan-bo‘lmaganini sizdan aniqlab olmoqchi edim.
– Albatta, yo‘q, – dedi miss Marpl.
– Ya’ni, siz soat ikki yarimda mister Spenlouga qo‘ng‘iroq qilmagansiz, to‘g‘rimi?
– Ikki yarimda ham, undan keyin ham qo‘ng‘iroq qilmaganman.
– Shunday deng... – deb qo‘ydi konstebel va mo‘ylovining uchini burab qo‘ydi. – Mister Spenlouning yana aytishicha, u uchdan o‘n daqiqa o‘tganda sizning oldingizga kelgan. Lekin u kelganda, xizmatkoringiz sizni uyda yo‘q degan.
– Ha, bu rost, – dedi miss Marpl. – Men Ayollar klubida edim.
– Ha... – deb qo‘ydi konstebel Polk.
– Serjant, nima, siz mister Spenloudan shubhalanyapsizmi?
– Hozirgi sharoitda aniq bir gap aytish qiyin, lekin nazarimda, ismini aniq aytolmayman-u, kimdir mendan ko‘ra ayyorlik qilmoqchi.
– Va siz bu “kimdir”ni mister Spenlou deb o‘ylayapsiz, shundaymi? – dedi miss Marpl.
Mister Spenlou unga yoqardi. Jikkakkina, qotmadan kelgan, bir oz to‘poriroq bo‘lsa-da, haqiqiy insonning timsoli edi. Undagi boshqalarga g‘alati tuyulgan yagona narsa – uning qishloqda yashashni istashi edi. Unga tegishli har bir narsada uning oldingi hayoti shaharda o‘tganligi bilinib turardi. Kunlardan bir kuni u miss Marplga o‘zining qishloqqa kelib qolish tarixini so‘zlab berdi: « Men umr bo‘yi qishloqda yashashni, o‘zimning bog‘im bo‘lishini orzu qilib yashardim. Men har doim gullarni juda sevganman. Menga turmushga chiqqunga qadar xotinimning hatto o‘z gul do‘koni ham bo‘lgan. Men u bilan o‘sha yerda tanishganman». Bu gaplarda uning nozik his-tuyg‘ulari sezilib turardi. Va bog‘dorchilikdan u hech vaqoni tushunmasa-da, ko‘z oldiga ancha yosh va kelishgan mister Spenlouni keltirish mumkin edi. U urug‘lar, ekin-tikin va boshqalar to‘g‘risida hech narsa tushunmasdi. Unga yoqadigan narsa faqat anvoyi hidlar ufurib turgan gullarga to‘la bog‘i bor uy edi, xolos. U miss Marpldan berilib maslahatlar so‘rar va eshitganlarining barini – bittasini ham qoldirmay, hammasini yondaftariga yozib borardi.
Mister Spenlou birov tanib birov tanimaydigan kamtarin inson. Shuning uchun ham politsiya u bilan xotini o‘lgandan keyingina qiziqib qoldi. Politsiyaga xos sabr-toqat va qunt bilan kirishilgandan keyingina, u bechora haqida uncha-muncha ma’lumot yig‘ishga erishildi va Sent-Meri-Midda hech narsani sir saqlab bo‘lmaganligi sababli, tez kunda bu ma’lumotlar hammaga ma’lum bo‘ldi.
Marhuma missis Spenlou yoshligida bir boy oilada oshpaz bo‘lib ishlar edi. U bog‘bonga turmushga chiqqach, ishdan ketadi va eri bilan birga Londonda gul do‘koni ochadi. Do‘kon yaxshigina foyda keltirib, tez kunda gurkirab ketadi, bog‘bon er esa, aksincha, tez orada kasal bo‘lib vafot etadi. Uning bevasi yana ham berilib ishini davom ettiradi va biznesini ancha-muncha kengaytirishga erishadi. So‘ngra esa do‘konini yaxshigina pulga sotib, merosga kichkina bir zargarlik korxonasini olgan, uncha yosh bo‘lmagan mister Spenlouga turmushga chiqadi. Keyinchalik zavodni ham sotib, er-xotin Sent-Meri-Midga ko‘chib kelishadi.
Gul savdosidan tushgan pullarni missis Spenlou spiritik seanslarida ruhlardan olgan ko‘rsatmalarga amal qilib, sarmoya qilar edi. U bu haqda berilib gapirib berardi. Unga duch kelgan ruhlar juda ham ustomon edilar. Missis Spenlou orttirgan sarmoyalar juda ham foydali, taajjublanarli darajada foyda keltirar edi. Bundan kelib chiqib, missis Spenlouning spiritizmga ishonchi yanayam ortadi, deb o‘ylash mumkin edi. Lekin, buning aksi bo‘lib chiqadi: bu noshukur ayol birdan hamma narsaning bahridan o‘tib, nafas olish mashqlarini o‘rgatuvchi qandaydir bir tezkor hind guruhining ta’siriga berilib ketadi. Lekin, Sent-Meri-Midga kelgach esa, u yana ham o‘sishda davom etadi: ingliz cherkovining ashaddiy targ‘ibotchisiga aylanadi. U kechasi ham, kunduzi ham kohinning uyida qolib ketar, birorta ham cherkov marosimini o‘tkazib yubormasdi. U do‘konlarga borar, kundalik yangiliklarni muhokama qilar va hatto qarta ham o‘ynardi.
Bir-biriga o‘xshash sokin kunlarning birida to‘satdan qotillik ro‘y berdi.
Politsiya boshlig‘i polkovnik Melchett inspektor Slekni chaqirtirdi.
– Bu uning erining ishi, – ishonch bilan dedi inspektor. – Bunga shonchim komil. Hatto xijolat ham bo‘lmadi, xavotirlanmadi ham. Siz uni bir ko‘rsangiz edi!
 – U hattoki o‘zini g‘amdan ado bo‘lgan erga o‘xshab ko‘rinishga ham urinmadimi?
 – Yo‘q-da. Ba’zi birovlar biror narsaga urinib ko‘rishga ham qodir emaslar. U menga xotini uning jonini hiqildog‘iga keltirib yuborganga o‘xshab ko‘rinayapti. Xotinining xayoli doimo biror narsa bilan band bo‘lar ekan – goh yoga, goh esa bir narsa. Oxir-oqibat, eri undan qutulishga ahd qilgan. Hamma narsani ipidan-ignasigacha o‘ylab chiqqan.
– Unga birortasi qo‘ng‘iroq qilgan-qilmaganini aniqladingizmi?
– Yo‘q, aniqlay olmadim. Demak, u yolg‘on gapirgan yoki unga telefon budkasidan qo‘ng‘iroq qilishgan. Bu yerda ikkita telefon budkasi bor – biri vokzalda, ikkinchisi esa pochtada. Unga pochtadan qo‘ng‘iroq qilishmagan, chunki missis Bleyd u yerga kirib-chiqadigan hammani ko‘rib turadi. Vokzaldan qilgan bo‘lishlari mumkin. Soat ikkidan yigirma yetti daqiqa o‘tganda u yerdan poyezd o‘tadi, u yer juda sershovqin. Lekin mister Spenlou unga aynan miss Marpl qo‘ng‘iroq qilganini ta’kidlayapti.
– Sizga kimdir uni atayin uydan chiqishga majbur qilgandek bo‘lib tuyulmayaptimi?
 – Siz yosh Teddi Jerardni nazarda tutyapsizmi? Men, albatta uni ham ro‘yxatga tirkab qo‘ydim, lekin unda missis Spenlouni o‘ldirish uchun hech qanday sabab yo‘q-ku?!
– Biz bu sabablarni bilmasligimiz mumkin. Uning orqasida esa yaxshigina gunohi bor: qandaydir pullarni yeb ketgan.
– U albatta – ablah. Lekin o‘shanda uy egalari hali hech narsadan gumonsirashga ulgurmaslaridan, u hamma gunohlarini bo‘yniga olgan.
– U hozirda Oksford guruhining a’zosi, – dedi Melchett.
– Ha, u to‘g‘ri yo‘lga tushib oldi. Lekin men baribir u o‘shanda undan gumon qilayotganlarini bilib, o‘z aybini bo‘yniga olayotgan gunohkor rolini o‘ynagan, deb o‘ylayman.
– Siz skeptik–shuhratparastsiz, Slek, – dedi polkovnik. – Ayt-gancha, miss Marpl bilan bir gaplashib ko‘rmaysizmi? U juda ham aqlli ayol.
Slek butunlay boshqa narsa to‘g‘risida gap boshladi:
– Ser, men sizdan yana bir narsa to‘g‘risida so‘ramoqchi edim. O‘lgan ayol yoshligida ser Robert Aberkrombi uyida xizmat qilgan ekan. O‘sha paytda uning uyidan butun bir boylikka teng qimmatbaho toshlar yo‘qolgan, o‘g‘rilarni esa topisha olmagan edi. Siz nima deb o‘ylaysiz, uning bunga aloqasi yo‘qmikin? Yana bu Spenlou ham tayini yo‘q, bir tiyinga qimmat zargarlardan – u olibsotar yoki shunchaki bir qallob bo‘lishi mumkin.
– Menimcha, bunday bo‘lmasa kerak. Axir u paytda bu ayol mister Spenlouni tanimagan-ku. Men bu ishni yaxshi eslayman. O‘sha paytlarda politsiya doiralarida bu ishga xo‘jayinning o‘g‘li Jim aralashgan, deb ham o‘ylashgan edi. U bezorining juda ham ko‘p qarzlari bo‘lib, u o‘sha o‘g‘irlikdan so‘ng hamma qarzlaridan qutulgan edi. Qariya Aberkrombi esa bu ishni bosti-bosti qilib ketishga harakat qilgandi – u politsiya bu ishga aralashishini xohlamagan edi.
Miss Marpl inspektor Slekni polkovnik Melchett yuborganini bilgandan so‘ng, juda ham iliq kutib oldi.
– Polkovnik meni hali ham esidan chiqarmaganidan juda xursandman.
– Bo‘lmasam-chi! Juda ham yaxshi eslaydi. U aytdiki, agar bu yerda sizning xabaringiz yo‘q biror hodisa ro‘y bergan bo‘lsa, demak, bu narsani bilishga ham arzimaydi.
– Polkovnik tomonidan bu juda ham katta iltifot, lekin ishoning, men qotillik haqida hech narsa bilmayman.
– Hech bo‘lmasa, bu haqda nimalar gapirishayotganini ayting.
– Aytishga-ku aytaman-a, lekin g‘iybatchilarning bo‘lar-bo‘lmas gaplarini qaytarishning nima hojati bor?
– Bu suhbatimiz so‘roq yoki rasmiy suhbat emas, – inspektor Slek gap ohangini o‘zgartirishga harakat qildi. – Shunchaki, bir dildan gaplashib olsak, degandim.
– Demak, siz, odamlar qotillik xaqida nima deyishayotganini bilib, keyin haqiqatni aniqlamoqchisiz, shundaymi?
– Ha, xuddi shunday.
– Tushunarli. Bu hodisa to‘g‘risida har xil gap-so‘zlar va tahminlar bor. Agar aytish joiz bo‘lsa, odamlar ikki guruhga bo‘linishdi.Bir guruh odamlar marhumaning erini aybdor deyishayapti va bu, albatta, tabiiy. Odatda birinchi shubha erdan yoki xotindan bo‘ladi-ku, shunday emasmi? Bundan tashqari, bunday hodisalar odatda pulni deb sodir bo‘ladi, men esa mister Spenlou xotinining o‘limidan keyin juda ham boy bo‘lib ketadi, deb eshitgandim. Afsuski, bu telba dunyoda bunday taxminlar juda ko‘p hollarda to‘g‘ri bo‘lib chiqadi.
– Unga meros qolgan pullarni nazarda tutadigan bo‘lsak, siz haqsiz.
– Xuddi shunday. Bundan tashqari, bu ishni bajarish uning uchun unchalik qiyin bo‘lmagan: xotinini bo‘g‘ib o‘ldirib, orqa eshik orqali hovlidan menikiga kelish, mening bor-yo‘qligimni so‘rash, men unga qo‘ng‘iroq qilib chaqirganimni aytish va uyiga qaytib kirish, go‘yoki xotinini uning yo‘qligida o‘ldirib ketishgandek.
– Agar moliyaviy sharoitni hisobga oladigan bo‘lsak, – gap boshladi Slek, – ayniqsa, ularning oxirgi paytlarda bir-birlariga munosabatlari yaxshi bo‘lmaganligini hisobga oladigan bo‘lsak...
 – Bo‘lmagan gap, ular bir-birlari bilan juda yaxshi edilar, – miss Marpl uning gapini bo‘ldi. – Agar ular xafalashib qolishgan bo‘lganda, bundan hamma allaqachon xabar topgan bo‘lardi: ularning xizmatkori Gledis Brent buni butun mahallaga yoyib chiqqan bo‘lardi.
– Xizmatkor buni bilmagan ham bo‘lishi mumkin...– o‘zi ham ishonqiramay, e’tiroz bildirdi inspektor, lekin miss Marpl unga qarab kinoyali kulimsirab qo‘ydi va davom etdi:
– Lekin boshqa bir guruh odamlar ham borki, ular Ted Jerarddan gumon qilishyapti. U juda ham kelishgan yigit. Afsuski, bunday toifa odamlar atrofdagilarning e’tiborini haddan ortiq o‘ziga tortadi, hattoki chegaradan ham chiqib ketishadi. Masalan, o‘zimizning oxirgi kapellanimizni olaylik – u hammani o‘ziga rom qilib qo‘yardi. Qizlarning hammasi cherkovga borishni boshlashdi – ertalab ham, kechqurun ham. Yoshi katta ayollar esa cherkovning har xil xayriya aksiyalarida qatnasha boshladilar. Unga yana qandaydilar shippaklar ham tikib olib kelishdimi-ey... Bechora rosa xijolat bo‘lardi... To‘xtang. Men nima haqida gapirayotgandim? Aytgancha, Ted Jerard haqida edi... Uning to‘g‘risida har xil mish-mishlar yurardi. U missis Spenlouning uyiga tez-tez kelib turardi. Missis Spenlou menga Tedning qandaydir sektaga... Oksford guruhi edi shekilli, a’zo bo‘lganligini aytgandi. Bu sekta a’zolari hammasi xudoga ishongan va o‘z e’tiqodlariga sodiq bo‘lgan, missis Spenlou bunga juda qiziqardi. Tedni u yerga, albatta, faqatgina diniy qarashlari olib kelganiga men ishonaman, lekin odamlarning qanaqaligini o‘zingiz yaxshi bilasiz-ku.... Ko‘pchilik missis Spenlou u yigitni deb es-hushini yo‘qotib qo‘yib, unga juda katta pul qarz berganligiga ishonadi. Bundan tashqari uni o‘sha kuni vokzalda soat ikkiyu yigirma yettida keladigan poyezdda ko‘rganlar ham bor. Uning uchun vagonning boshqa tomonidan tushib, yo‘lni kesib o‘tgach, devordan sakrab o‘tish, so‘ng esa butalarning u tomoniga o‘tish hech ham qiyin emas edi. Agar shunday bo‘lsa – u Spenloularning uyigacha ko‘rinmay pusib borishi mumkin edi. Xa, aytgancha hamma missis Spenlouning kiygan kiyimidan hayratlanyapti. 
– Hayratlanyapti?
– U ko‘ylakda emas, xalatda edi, – miss Marpl bir oz qizarinqiradi. – Ba’zilar bunda bir gap bor, deb o‘ylashyapti, men esam bu tabiiy deb hisoblayman.
– Bu sizga tabiiy tuyulayaptimi?
– Hozirgi sharoitda – ha. – Miss Marpl inspektorga xotirjamlik bilan va bir oz o‘ylanib javob berdi.
 – Demak, yana erini ayblashga qaytamiz. Sabab – rashk.
 – Yo‘q, yo‘q, mister Spenlou rashk nimaligini bilmaydi! Agar xotini ignalar sanchiladigan yostiqchaga birorta xatchani qadab, undan qochib ketsagina u biror narsani sezgan bo‘larmidi. – Miss Marpl Slekka tikilib qaradi va unga ayolning gaplarida qandaydir tushunarsiz shama bordek tuyuldi.– Inspektor, birorta iz topdingizmi?
– Miss Marpl, bizning davrimizda qotillar iz qoldirishmaydi.
– Menga esa bu aynan urfdan qolgan qotillikka o‘xshab tuyulayapti.
– Siz shunday deb o‘ylayapsizmi? Iltimos, tushuntirib bersangiz.
– Balki sizga konstebel Polk yordam berar, – sekingina dedi miss Marpl. – Jinoyat sodir bo‘lgan joyga u birinchi bo‘lib borgan.
Mister Spenlou bog‘dagi o‘rindiqda o‘tirar, uning ko‘rinishi juda ayanchli edi. U asta shunday dedi:
– Balki menga shunday tuyulgandir, lekin men bolakayning menga qarab «Hoy,sen mabodo Krippenni tanimasmiding?» deb baqirganini aniq eshitdim. Axir Krippen degani bu – o‘z xotinini o‘ldirgan shaxs-ku. Va mening xayolimga: «U menga xotinimni men o‘zim o‘ldirganimni aytmoqchi bo‘ldimi?» degan fikr keldi.
Miss Marpl ehtiyotkorlik bilan qurib qolgan gul g‘unchasini qirqib tashladi:
– Albatta, u xuddi shunday demoqchi bo‘lgan.
– Oh, xudoyim, axir yosh bolaga bu gapni kim uqtirgankin?
– Tushunarli, – yo‘talib qo‘yib dedi miss Marpl, – bola ota-onasi o‘zaro suhbatlashayotganini eshitgan bo‘lsa kerak.
– Siz haqiqatdan ham kimdir shunday deb hisoblaydi, deb o‘ylayapsizmi?
– Sent-Meri-Mid aholisining qoq yarmi shunday deb o‘ylayapti.
– Axir qanday qilib bunday narsa xayolga kelishi mumkin? Axir men, o‘rnak olsa bo‘ladigan, xotinini suyadigan er edim-ku. Baxtga qarshi, qishloq hayoti unga yoqmasdi, lekin ikkita inson har doim ham hamma narsada bir-birlariga to‘g‘ri kelavermaydi-ku. Sizni ishontirib aytamanki, xotinimning o‘limi menga juda qattiq ta’sir qildi.
– Tushunaman. Lekin, meni kechirasiz-u, sizning ko‘rinishingizdan bunday deb bo‘lmaydi.
Mister Spenlou o‘zining jikkak qaddini rostladi.
– Hurmatli miss, men bir paytlar o‘z xotinidan ayrilib, ko‘chada bemalol zang chalib yurgan (zang urish xitoyliklarning kundalik o‘yini shekilli) xitoy faylasufi haqida o‘qigandim. Uning o‘zini qo‘lga ola bilishi shahar aholisida katta taassurot qoldirgan edi.
– Afsuski, Sent-Meri-Mid aholisi uchun xitoy falsafasi begona.
– Lekin, umid qilamanki, siz meni tushunarsiz?
– Men tushunaman. Mening Genri amakim doim: «O‘z hissiyotlaringni hech qachon bildirma», deb ta’kidlardi. U ham gullarni juda sevardi.
– Men g‘arb tomonda ayvoncha qurishni rejalashtirayotgandim, – zaharxandalik bilan dedi mister Spenlou. – Atirgulmi yoki glitsiniyalar bilan atrofini o‘rab.... Va yana bitta gul bor, oppoq, gulbarg-lari yoyilib turadi, afsuski, hozir nomini eslay olmayapman...
Miss Marpl o‘zining uch yoshli nabira jiyani bilan gaplashadigan ohangda dedi:
– Menda rasmlari bilan berilgan gullarning juda yaxshi ro‘yxati bor. Ko‘rib chiqasizmi? Hozir, men bir necha daqiqaga sizni yolg‘iz qoldiraman.
Miss Marpl mister Spenlouni qo‘lida ro‘yxat bilan yolg‘iz qoldirib, o‘z xonasiga qarab ketdi. U yerda qog‘ozga qandaydir ko‘ylakni o‘rab, uydan chiqdi va pochta tomonga qarab jadal yo‘l oldi. Tikuvchi Politt pochta joylashgan binoning ikkinchi qavatida yashar edi. Lekin miss Marpl u yerga birdaniga kirmadi. Soat roppa-rosa ikki yarim edi, darvoza oldida Mach Benxemdan kelgan avtobus to‘xtadi. Ichkaridan pochta xodimasi ko‘plab tugunlar, qutilar, xaltalar bilan – o‘zining asosiy ishidan tashqari u yana shirinliklar, arzon kitobchalar va bolalar o‘yinchoqlari bilan ham savdo qilardi, – chiqib keldi. Missis Bleyd qaytib kelgandan keyingina miss Marpl yuqoriga ko‘tarildi, eshikni taqillatib, tikuvchi bilan uchrashdi va undan ushbu ko‘ylakni agar iloji bo‘lsa zamonaviyroq qilib qayta tikib berishni so‘radi. Miss Politt harakat qilib ko‘rishga va’da berdi.
Politsiya boshlig‘i Melchett miss Marplning tashrifidan juda xayron bo‘ldi.
– To‘g‘risini aytsam, sizni bezovta qilish menga noqulay, juda ham noqulay. Polkovnik, bilaman, sizning ishingiz boshingizdan oshib yotibdi, lekin siz har doim shunday xushmuomalasizki, shuning uchun men inspektor Slek emas, sizning oldingizga kelishga qaror qildim. To‘g‘risini aytsam, konstebel Polkda ko‘ngilsizliklar bo‘lishini xohlamayman. Lekin, baribir, u qotillik bo‘lgan joyda hech narsaga tegishi kerak emas edi.
– Polk deysizmi? Sent-Meri-Middagi konstebelmi? U nima qilib qo‘ydi?
– To‘g‘nag‘ichni olibdi, tushunyapsizmi? Olib, latskaniga taqib qo‘yibdi. Men o‘sha zahoti, buni Spenlouning uyidan olgan bo‘lsa kerak, deb o‘yladim.
– Xo‘p, mayli, shunday deb faraz qilaylik. Lekin, to‘g‘nag‘ichning bunga nima aloqasi bor? To‘g‘ri, u hech narsaga tegishi kerak emasdi, lekin bu to‘g‘nag‘ich ekan-ku, ayollar ishlatadigan oddiygina to‘g‘nag‘ich.
– Yo‘q, polkovnik, siz yanglishayapsiz. Bu boshqacha to‘g‘nag‘ich, juda ham ingichka, ularni mana bunday qutichalarda sotishadi. Ulardan tikuvchilargina foydalanishadi.
Melchett miss Marplga tikilgancha qarab qoldi: u endigina biror narsani tushuna boshlaganga o‘xshardi. Miss Marpl boshini qimirlatib qo‘ydi:
– Ha-ha, hammasi ochiq-oydin ko‘rinib turibdi. Missis Spenlou xalatda edi, chunki u yangi ko‘ylagini kiyib ko‘rishga tayyorlanib turgandi. Miss Politt unga yana biror narsani o‘lchab ko‘rish kerakligini aytgan bo‘lsa kerak – bo‘yniga o‘lchagichni tashlagan – uchini aylantirib burashgina qolgan. Men surishtirib ko‘rdim, bu unchalik qiyin emas ekan... Shundan so‘ng miss Politt xotirjamgina tash-qariga chiqqan, eshikni yopgan va xuddi endigina kelgandek eshikni taqillata boshlagan. Lekin bu to‘g‘nag‘ich uning missis Spenlouning uyiga allaqachon kirib, chiqqanini tasdiqlaydi.
– Siz mister Spenlouga ham u qo‘ng‘iroq qilgan deb o‘ylaysizmi?
– Albatta. U ikki yarimda pochtadan qo‘ng‘iroq qilgan – bu paytda avtobus keladi va bir necha daqiqa davomida u yerda hech kim bo‘lmaydi.
– Lekin, nima uchun, azizim miss Marpl, nega? Axir odamlarni shunchaki, hech qanday sababsiz o‘ldirishmaydi-ku?
– Mening tushunishimcha, bu jinoyatning ildizi juda chuqur. Bilasizmi, mening ikkita amakivachcham bo‘lardi – Entoni va Gordon. Entoni nimaga qo‘l ursa doim omadi kelardi, bechora Gordonning esa hech ishi yurishmasdi: goh poygada otining oyog‘i sinardi, goh birjada aksiyalarning, gohida yer uchastkalarining narxi tushib ketardi... Menimcha, o‘sha o‘g‘irlikda bu ikki ayolning ham qo‘li bo‘lsa kerak. Xizmatkor va oshpazning. O‘sha paytda bitta narsani oxirigacha hal qilishmagan: oshpaz ayol bog‘bonga turmushga chiqibdi, gul do‘koni sotib olish uchun pulni ular qayerdan olishgan? Javob oddiy – bu uning o‘g‘irlikdan tushgan pullardan hissasi edi. Ha, menimcha «o‘g‘irlikdan tushgan pullar» desak juda to‘g‘ri bo‘ladi. Shundan keyin u nimaga qo‘l ursa hamma yerda omadi chopaveradi. «Pul pulni chaqiradi», degan gap xuddi unga qarata aytilgandek. Lekin ikkinchi ayol esa juda ham omadsiz bo‘lib chiqadi: oxiri borib-borib u oddiygina tikuvchi bo‘lib qoladi. Ular uchrashib qolishadi. Boshida hammasi sip-silliq edi, lekin keyin bu yigitcha – Ted Jerard paydo bo‘ladi. Menimcha, missis Spenlou oldinlari ham vijdoni qiynalgan, axir u juda ta’sirchan va xudojo‘y bo‘lgan-ku. Ted albatta missis Spenlouning «o‘z gunohlarini bo‘yniga olishini, xudo oldida yuzini yorug‘ qilib olishini» talab qilib turib oladi. Bilishimcha, Ted uni ko‘ndirgan ham bo‘lsa kerak. Lekin miss Politt esa qamoqqa tushishni hech ham istamaydi va aybini bo‘yniga olishga qarshilik qilishga qaror qiladi.U har doim ham johil va nomussiz bo‘lgan bo‘lsa kerak. Agar vijdonli va tentak mister Spenlouni ushbu jinoyatda aybdor qilishsa, bu ayol pinagini ham buzmagan bo‘lardi.
–Ha, – gap boshladi polkovnik. – Buni tekshirib ko‘rsak bo‘ladi. Miss Politt haqiqatan ham o‘sha uyda xizmatkor bo‘lib ishlaganligini aniqlashimiz mumkin, lekin ...
– Buning qiyin joyi yo‘q, – miss Marpl uni tinchitdi. – U hamma narsani darrov bo‘yniga oladi. Va yana menda uning o‘sha o‘lchagichi bor. Men uni ... o‘g‘irlab oldim. Bilasizmi, ushbu o‘lchagich bilan uning jinoyatini isbotlash mumkin yoki mumkin emasligiga bu ayolning aqli yetmaydi. – Miss Marpl uni tinchitayotgandek jilmayib qo‘ydi. – Ishonavering, hammasi silliq bitdi.
Bu so‘zlarni u, polkovnik qachonlardir Sandxerstdagi harbiy akademiyaga imtihon topshirish uchun ketayotganida xolasi uni kuzatib omad tilayotganda aytgandek ohangda aytdi.
Polkovnik esa o‘sha kuni imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan edi. 

Ingliz tilidan Muhabbat Ismoilova tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.