OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Akutagava Ryunoske. A-ba-ba-ba-ba (hikoya)

Yasukiti bu do‘kon xo‘jayinini anchadan beri bilardi.
Ya’ni, taxminan uni dengiz harbiy birikmasiga o‘tkazishgan kundan beri. U nogahon bir quti gugurt olishga kirgandi. Do‘konda kichikkina peshtaxta bor edi; oynak orqasida, admiral bayrog‘i qadalgan “Mikasa” modelidagi kreyser atrofida kyurasao shishalari, kakao idishlari, mayiz qutilari tizilib turardi. Oziq-ovqat do‘koni bo‘lishiga qaramay, eshik tepasiga “Tamaki” degan qizil yozuv osilgan, demak, bu yerda gugurt ham sotilishi turgan gap. Yasukiti do‘konga bosh suqib: “Bir quti gugurt bering”, — dedi. Eshik yaqinidagi peshtaxta ortida ko‘zi g‘ilay bir yigit zerikib o‘tirardi. U tashrif buyurgan kishini ko‘rib, cho‘tini joyidan jildirmay, tabassum ham qilmay javob berdi:
— Afsuski, gugurtlar tugagan. Mana buni oling.
“Mana bu” papirosga qo‘shib beriladigan mittigina quticha edi.
— Biroz noqulayroqmi, deyman... Unda bir quti “Asaxi” ham bering.
— Hechqisi yo‘q. Olavering.
— Yo‘q-yo‘q, “Asaxi” bering.
— Gugurt zarur bo‘lsa, bexijolat olavering. Keraksiz narsaga pul sarflashning xojati yo‘q.
G‘ilayning so‘zlarini, shubhasiz, iltifotli desa bo‘lardi. Ammo uning ohangi va yuz ifodasi g‘oyatda sovuq edi. Undan tekinga bir narsa olishga nimadir yo‘l qo‘ymaydi, lekin olmasdan qayrilib ketaverish ham noqulay. Yasukiti istar-istamas bir senlik chaqani peshtaxta ustiga qo‘ydi.
— Unda shunaqa qutichadan ikkitasini bering.
— Ikkita xohlaysizmi, uchtami, marhamat. Faqat to‘lash shart emas.
Baxtiga, shu daqiqada eshikda osig‘liq turgan «Kinsen-sayda» reklamasi ortidan sotuvchining husnbuzar toshgan ifodasiz yuzi ko‘rindi.
— Xo‘jayin, gugurtlar bu yerda.
Yasukiti ichki tantana bilan bir quti oddiy gugurt sotib oldi. Ularning narxi odatdagiday bir sen edi. Ammo hech qachon gugurt degan narsa uning ko‘ziga bunchalik chiroyli ko‘rinmagan. Sotuv markasi – uchburchak to‘lqinlardagi yelkan shunchalik go‘zalki, xohlasang romga osib qo‘yishing mumkin. Gugurtlarni avaylabgina shimining cho‘ntagiga solgan Yasukiti g‘alaba nashidasini surib do‘kondan chiqdi.
Yasukiti shu kundan boshlab yarim yil mobaynida korpusga ketish-qaytishda do‘konga kirib o‘tadigan bo‘ldi. Haliyam ko‘zini yumsa, uni aniq-tiniq tasavvur qilishi mumkin: shiftdagi to‘sinlarga dudlangan cho‘chqa go‘shtlari osib qo‘yilgan. Derazaning mayda ko‘zlaridan suvoqlangan devorga yashiltob quyosh nurlari tushib turibdi. Taxta polda quyultirilgan sut reklamasi tushirilgan qog‘ozlar sochilib yotibdi. Eshik ro‘parasidagi ustunda osig‘liq soat tagiga katta kalendar ilingan. Va boshqalar – vitrinadagi “Mikasa” kreyseri, “Kinsen-sayda” reklamasi, stul, telefon, velosiped, shotland viskisi, amerika mayizi, manila sigaralari, misr papiroslari, dudlangan baliq, soya yog‘ida qovurilgan mol go‘shti – deyarli hammasi uning xotirasiga muhrlangan. Ayniqsa, u ko‘raverib badiga urib ketgan xo‘jayinning baland peshtaxta orqasidan chiqib turgan tumshaygan basharasi. Nafaqat badiga urgan, u uning barcha odat va xatti-harakatlarini – qanday yo‘talishi, sotuvchiga qay tarzda buyruq berishi, bir shisha kakao sotib olish uchun kirgan xaridor bilan qanday muomala qilishini ikir-chikirlarigacha bilardi. “Yaxshisi, “Fray”ni emas, mana bunisini oling. Bu golland “Drost”i”. Bularning barini bilish yomon emas. Ammo, turgan gapki, juda zerikarli. Ba’zida Yasukiti bu do‘konga kirganida, unga o‘qituvchi bo‘lib xizmat qilayotganidan beri juda ko‘p vaqtlar o‘tib ketgandek tuyulardi. Aslida esa xizmatga kelganiga hali bir yil ham bo‘lgani yo‘q.
Biroq har joyda mavjud o‘zgarishlar bu do‘konni ham chetlab o‘tmadi. Ilk yoz kunlarining birida ertalab Yasukiti papiros sotib olgani kirdi. Do‘kon har doimgiday, nam polda quyultirilgan sut reklamalari sochilib yotardi. Ammo, lekin g‘ilay xo‘jayinning o‘rnida, peshtaxta ortida sochini yevropacha turmaklagan ayol o‘tirardi! Uning yoshi o‘n to‘qqizlar atrofida edi. Yonidan qaraganda u mushukchaga o‘xshardi. Quyoshda ko‘zini qisib o‘tirgan oppoq mushukchaga. Yasukiti ajablanib peshtaxta yoniga keldi.
— Ikki pachka “Asaxi”.
— Hozir.
Ayol uyalibgina javob berdi. Va ustiga ustak, uning uzatgani “Asaxi” emas, orqasiga samoga bosh ko‘tarayotgan quyosh rasmi tushirilgan ikkala quti ham “Mikasa” edi. Yasukiti beixtiyor qutilardan nigoh uzib, ayolning yuzchasiga qaradi. Va shu zahotiyoq burunchasining tagida mushukchaning dikkayib turgan uzun mo‘ylabini tasavvur qildi.
— Men “Asaxi” so‘ragandim, bu esa “Mikasa” ekan.
— Ie, shunaqami! Iltimos, kechiring.
Mushukcha, yo‘g‘-ey, ayol qizarib ketdi. Bu ruhiy qalqish xuddi balog‘at yoshidagi qizchalarnikiga o‘xshardi. Yo‘q, u zamonaviy oyimtilla qizchalardan emas. “Kenyusa” didiga mos, besh-olti yillardan beri topish mushkul bo‘lgan qizchalardan edi. Cho‘ntagidan mayda chaqa axtarar ekan, Yasukiti negadir «Sverstnikov»ni, ikki rangli furosika o‘ramini, gulsafsarlar, Regoku kvartali, Kaburagi Kiekata va shuningdek boshqa ko‘p narsalarni esladi. Ayni paytda ayol astoydil peshtaxta tagidan “Asaxi” qidirardi.
Ichkari eshikdan ilgarigi g‘ilay xo‘jayin ko‘rindi. U “Mikasa”ni ko‘rishi bilan vaziyatni tushundi. Va odatdagiday ijirg‘angan qiyofada qo‘lini peshtaxta tagiga suqib, Yasukitiga ikki quti “Asaxi” uzatdi. Ammo uning ko‘zlarida bilinar-bilinmas bo‘lsa-da tabassumga o‘xshash bir narsa miltillardi.
— Gugurt?
Ayolning ko‘zlari xurillashga tayyor turgan mushukchanikiday xumor suzildi. Xo‘jayin javob o‘rniga nomigagina bosh qimirlatdi, ayol shu zahotiyoq peshtaxta ustiga kichkina gugurt qutisini qo‘ydi. So‘ng yana bir marta uyalinqirab jilmaydi:
— Iltimos, kechiring...
U faqat “Asaxi”ning o‘rniga “Mikasa” uzatgani uchungina kechirim so‘ramayotgandi. Yasukiti nigohini ayoldan uzib xo‘jayiniga qadarkan, o‘zi ham tabassum qilayotganini sezdi.
Shundan keyin har kelganida ayol peshtaxta ortida o‘tirgan bo‘lardi. Biroq sochi birinchi galdagidek yevropacha turmaklanmagan edi. Endi ular marumage usulida yig‘ilib, qizil bog‘ich bilan sipo qilib bog‘lab qo‘yilgandi. Ammo u haliyam xaridorlar bilan muomala qilishni bilmasdi. Javob berishga qiynalardi. Sotuvdagi mollarni almashtirib yuborardi. Ustiga ustak, vaqti-vaqti bilan qizarib turardi. U hech do‘kondor o‘xshamasdi. Ayol asta-sekin Yasukitiga yoqa boshladi. Bu uni sevib qoldi, degani emas, albatta. Shunchaki, uning uyatchanligi yoqardi.
Toliqtiruvchi jazirama kunlarning birida kechga yaqin Yasukiti korpusdan qaytayotib bir banka kakao olishga kirdi. Ayol bu gal ham peshtaxta ortida “Kodan-kurabu” jurnalini o‘qib o‘tirardi. Yasukiti yuziga husnbuzar toshgan sotuvchidan “Van Guten” markali kakao bormi, deb so‘radi.
— Hozir faqat mana bundan bor.
Sotuvchi unga “Fray” bankasini uzatdi. Yasukiti do‘konga ko‘z yugurtirdi. Mevali konservalar orasida yevropalik rohiba rasmi tushirilgan markali banka bor ekan.
— Anavi yerda “Drost” borga o‘xshaydi?
Ko‘rsatilgan rafga o‘girilib qaragan sotuvchining yuzida esankirash alomati paydo bo‘ldi.
— Ha, buyam kakao.
— Demak, faqat shuning o‘zi emaskan-da?
— Yo‘q, faqat shuning o‘zi... Bekam, bizda faqat “Fray” kakaosi bor-a?
Yasukiti ayolga qayrilib qaradi. Ayol ko‘zlarini biroz qisib olgan, yuzlari yashiltob jilolanardi. Buning hech ajablanarli joyi yo‘q – do‘kon derazasining rangli kichik ko‘zchalaridan kechki quyosh nuri tushib turgandi. Ayol jurnaldan tirsagini olmay, har galgiday tutilib javob berdi:
— Men faqat shunaqasi qolgan, deb o‘ylovdim, lekin...
— Bilasizmi, “Fray” kakaosidan ba’zan qurt chiqib qoladi, — gapira boshladi Yasukiti jiddiy ohangda. Aslida esa u qurtlagan kakaoni hech qachon uchratmagandi: shunchaki, bunday deyish — «Van Guten» kakaosi bor-yo‘qligini aniqlashning eng yaxshi usuli ekaniga amin edi. – Anchagina yiriklariyam chiqishi mumkin. Jimjiloqday...
 Ayol hadiksirab, peshtaxta orqasiga egilib qaradi.
— Anavi yerda qolmadimikan? Orqa rafda.
— Faqat qizil bankalar. Bu yerda boshqasi yo‘q.
— Mana bu yerda-chi?
Ayol getalarini taq-tuqlatib peshtaxta ortidan chiqdi-da, hovliqqancha do‘konni aylanib axtara boshladi. Sarosimaga tushgan sotuvchi ham istasa-istamasa konservalar orasini izlashiga to‘g‘ri keldi. Papiros chekib turgan Yasukiti cho‘qqa o‘tin qalash uchun dona-dona qilib dedi:
— Mabodo bunaqa qurt tushgan kakaoni bolalarga bersa bormi, qorni og‘rib qolishi tayin. (U dala hovlidagi xonani yolg‘iz o‘zi ijaraga olgandi). Bolalar u yog‘da tursin, xotin ham bir kuni ichib qo‘yib, aziyat chekkan. (Turgan gapki, uning hech qanaqa xotini yo‘q edi). Tag‘in bu o‘ta ehtiyotkor kishi ekan, deb o‘ylamanglar...
Yasukiti birdaniga jimib qoldi. Ayol fartugiga qo‘lini arta turib unga xavotir bilan qaradi.
— To‘g‘risi, topa olmayapman...
Uning ko‘zlarida tortinchoqlik bor edi. Lablari jilmayishga urinardi. Ayniqsa, burnining ustiga ter tomchilari sizib chiqqanini tomosha qilish maroqli edi. Ko‘zi ko‘ziga tusharkan, Yasukitining ichiga shayton oraladi. Bu ayol gulday nozik-nihol edi. Yasukiti uning hislarini qitiqlab qo‘yib, xuddi o‘zi kutgan ta’sirni ko‘rardi. Hatto “qitiqlash” juda oddiy bo‘lganida ham. Yuziga sinchkov tikilish yoki barmoq uchi bilan tegib ketishning o‘zi uning uchun yetarli edi. Ha, birgina shuning o‘zi Yasukiti undan nima xohlayotganini tushunishi uchun kifoya. Nima xohlayotganini tushungach esa u qanday yo‘l tutadi, faqat o‘zigagina ayon. Mabodo qarshilik ko‘rsatmasa-chi? Yo‘q-yo‘q, mushukni uyda saqlash-ku mumkin. Ammo mushukka o‘xshagan ayol deb o‘z jonini battol shayton hukmiga topshirish hech aqlga sig‘maydigan ish. Yasukiti oxirigacha chekilmagan papirosini tashlab yuborib, ichiga kirib olgan shaytonni uloqtirdi. Shayton kutilmaganda o‘mbaloq oshib, sotuvchining burniga kirdi – va sotuvchi o‘zini undan olib qocholmay bir necha marta qattiq aksirdi.
— Nimayam qilardik. Bir banka “Drost” beraqoling.
Yasukiti og‘zini qiyshaytirib jilmaygancha cho‘ntagini kovlab, mayda pul izlay boshladi.
Shundan keyin Yasukiti ayol bilan bu mavzuda gaplashmadi. U haqida qancha eslamasin, baxtiga, shayton Yasukitini bir martagina yo‘ldan ozdirishga uringandi, xolos. Hatto u qaysidir bir gal yelkasiga farishta qo‘nganini ham sezib qolgandi.
Kech kuz kunlarining birida Yasukiti shomga yaqin papirosga kirib, birato‘la do‘kondagi telefondan ham foydalanmoqchi bo‘ldi. Xo‘jayin do‘kon yonida tik tushayotgan quyosh nurlari ostida velosipedi bilan ovora, shinasiga dam solayotgan ekan. Aftidan, sotuvchi biror yumush bilan ketganga o‘xshaydi. Ayol odatdagiday peshtaxta ortida allaqanday hisob-kitoblarini tartibga solib o‘tirardi. Mana shu o‘zgarmas do‘kon manzarasida yoqimsiz hech narsa yo‘q edi. Golland maktabi janri tasvirlaridagi kabi har taraflama xotirjam baxt ufurardi. Ayoldan nariroqda telefon go‘shagini qulog‘iga tutib turarkan, Yasukiti o‘zi yaxshi ko‘rgan De Xuga reproduktsiyasini esladi.
Ammo har qancha urinmasin, kerakli raqamga ulana olmadi. Buyam yetmaganday, aloqachi ayol ikki marta: “Raqam? Raqam?” – dedi-da, suvga cho‘kkanday jim bo‘lib qoldi. Yasukiti qayta-qayta sim qoqdi. Ammo go‘shakdan taqir-tuqirdan bo‘lak hech nima eshitilmadi. Endi De Xugani eslashgayam uning hafsalasi qolmadi. Cho‘ntagidan Spargoning “Sotsiolizm bo‘yicha qo‘llanma”sini chiqardi. Baxtiga, telefon apparati yonida kitob qo‘yadigan taglikka o‘xshash quti bor edi. Yasukiti unga kitobni qo‘ydi, ko‘zlari harflar ustida yugurgan ko‘yi qo‘li telefon ruchkasini iloji boricha shoshmasdan tinmay aylantira boshladi. Bu uning qaysar telefonchi ayol bilan kurashish usuli edi. Bir kuni Gindza-Ovari-tedagi telefon avtomati yoniga borib, kerakli joyga qo‘ng‘iroq qilib tushgunicha butun bir “Sabasi Dzingoro»”ni o‘qib chiqishga ulgurgan. Bu safar ham u telefonchi ayol javob bermagunicha qo‘lini telefondan uzmaslikka qaror qildi.
U telefonchi ayol bilan astoyidil urishib, nihoyat, ulanib suhbatlashishga erishgunicha yigirma daqiqacha vaqt o‘tib ketdi. Minnatdorchilik bildirish uchun Yasukiti peshtaxta tarafga qaradi. Ammo peshtaxta ortida hech kim yo‘q edi. Ayol eshik oldida turib, eri bilan gaplashardi. Aftidan, xo‘jayin haliyam kuzgi quyosh ostida vilosipedini titkilash bilan ovvora edi. Yasukiti eshik tomon yurarkan, beixtiyor qadamini sekinlatdi. Unga orqasi bilan turgan ayol eridan so‘rardi:
— Boya bir xaridor arzon qahva kukuni so‘radi. Arzon qahva kukuni qanaqa bo‘ladi?
— Arzon qahva? – xo‘jayin xotiniga xuddi xaridorlar bilan muomala qilgani kabi sovuq ohangda gapirardi. – Balki xato eshitgandirsan: arpa qahvasidir?
— Arpa qahvasi? Ha-a, arpadan tayyorlangan qahva! O‘zimam o‘ylovdima-a, kukun oziq-ovqat sotadigan joyda bo‘lmaydi, deb.
Yasukiti do‘konda turib bu sahnani tomosha qilgandi. Ana o‘shanda u yelkasiga farishta qo‘nganini sezib qolgandi. Farishta dudlangan cho‘chqa go‘shti osilgan shift tagidan uchib o‘tdi va hech narsadan bexabar shu ikki odamning haqiga duo o‘qidi. To‘g‘ri, sho‘r baliq hididan u salgina burnini jiyirib o‘tdi... Yasukiti birdaniga sho‘r baliq sotib olishni unutganini eslab qoldi. Seld balig‘ining ayanchli tanachalari shundoqqina burnining tagida g‘ij-g‘ij uyulib yotardi.
— Menga sho‘rbaliq bervoringlar.
Ayol darhol o‘girildi. U arzon qahva kukuni oziq-ovqat do‘konida bo‘lmasligini anglagan paytida bu ro‘y bergandi. Shubhasiz, suhbatiga quloq solinganini u fahmladi. Hali qarab ulgurmasidanoq mushukchanikiga o‘xshash yuzchalariga qizil yugurdi. Ilgari aytilganiday, Yasukiti uning qizarishiga birinchi marta e’tibor berayotgani yo‘q edi. Ammo bunchalik lolarang tusga kirganini ilgari hech ko‘rmagandi.
— Sho‘rbaliq? – eshitilar-eshitilmas qayta so‘radi ayol.
— Ha, sho‘rbaliq, — bu gal alohida ehtirom bilan javob berdi Yasukiti.
Bu voqeadan ikki oy o‘tib keyingi yilning yanvari kirib keldi. Ayol to‘satdan qaergadir g‘oyib bo‘ldi. Bir necha kungagina g‘oyib bo‘lgani yo‘q. Yasukiti qachon do‘konga kirmasin, g‘ilay xo‘jayin eski pechga suyangancha yolg‘iz zerikib o‘tirardi. Nimadir yetishmayotganini his etgan Yasukiti ayolning yo‘qolib qolishi haqida o‘zicha turli xil shub-halarga bora boshladi. Ammo jo‘rttaga o‘zini qo‘rs tutuvchi xo‘jayindan: “Rafiqangiz?...” deb so‘rashga botinolmasdi. Aslida esa u nafaqat xo‘jayin bilan hech qachon hech narsa haqida gaplashmagan, hatto uning tortinchoq ayoliga muomalada ham “uni bering, buni bering”dan nariga o‘tmagandi.
Shu tariqa muzlagan yerlar ketma-ket ikki kunlab quyosh nuri ostida isina boshladi. Ammo ayol haliyam ko‘rinmasdi. Xo‘jayini bo‘la turib do‘kon huvillab yotardi. Asta-sekin Yasukiti bekaning yo‘qligiga e’tibor bermay qo‘ydi...
Fevralning oxirlarida qaysidir bir oqshom ingliz tili darsi tugagach Yasukiti ittifoqo do‘kon yonidan o‘tib qoldi. Vitrina orqasida, yarqiragan elektr chirog‘i ostida yevropadan keltirilgan vino shishalari va konserva bankalari tizilib turardi. O‘z-o‘zidan ma’lumki, bu yerda hech qanday g‘ayrioddiylik yo‘q edi. Ammo birdaniga do‘kon oldida bir ayol qo‘lidagi chaqalog‘iga qandaydir bema’ni “gu-gu”lab turganiga ko‘zi tushdi. Do‘kon chiroqlari nuri ko‘chani yoritib turardi, Yasukiti bu yosh onani darrov tanidi.
– A-ba-ba-ba-ba-ba-ba-ba-a
 U do‘kon oldida aylanib yurib chaqalog‘ini o‘ynatardi. Uni tebrata turib ko‘zi Yasukitining ko‘zi bilan to‘qnashdi. Yasukiti hozir ayolning ko‘zida tortinchoqlik va yuzlarida qorong‘ida ham ko‘rish mumkin bo‘lgan darajada qizillik paydo bo‘ladi, deb xayolidan o‘tkazdi. Ayol esa pinaginiyam buzmadi. Uning ko‘zlari sokin jilmayar, yuzlarida esa tortinishdan asar ham yo‘q edi. Buyam yetmaganday, u yana chaqalog‘iga qarab, begona ko‘zlardan uyalib-netib o‘tirmay takrorladi: birov bolasiga tillari bor tekkizganda nag‘ she’rga aylanib ketadiganlardan biri
– A-ba-ba-ba-ba-ba-ba-ba-a
Ayolni orqada qoldirib ketarkan, Yasukiti o‘zi ham sezmagan holda achchiq kinoya bilan kuldi. Bu u bilgan ayol emasdi. Bu shunchaki oddiy mehribon ona edi. Ona bo‘lganda ham birov bolasiga til tekizganda hamma zamonlarda naq sherga aylanib ketadiganlardan biri! Yo‘lida davom etarkan, Yasukiti tomlar ustidagi osmonga ko‘z tikdi. Janub shamoli esayotgan osmonda bahorgi bir parcha kumush oy zaifgina nur taratib turardi...

Rus tilidan Oydinniso tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 9-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.