OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Alber Kamyu. Isyon va san’at (esse)

San’at bir paytning o‘zida ham e’tirof, ham inkor etuvchi hodisalar sirasiga kiradi. “Bironta ham san’atkor voqealikka oxirigacha dosh berolmaydi”, deydi Nitsshe. Bu haqiqat, biroq bironta ham san’atkor voqealikni chetlab o‘tolmasligi ham haqiqat. Ijod – vahdalul vujudga intilish, shu bilan birga mavjud olamdan qochish, uni inkor qilish hamdir. Biroq u olamda o‘zligini topolmagani, bu olam o‘zligiga mos kelmagani uchungina inkor qiladi. Bu inkor mohiyatan ibtidoga, tarix zanjirining ilk halqalariga, olam ezgulik va yovuzlikka bo‘linayotgan pallalarga qaratiladi. Isyon – olam bo‘linishidan boshlangan. Shu sababli san’at isyonning mohiyatini bizga to‘la ochib bera oluvchi vosita bo‘lishi ham mumkin.
Biroq ajablanarlisi shundaki, inqilobchi islohotchilar haqiqiy san’atga yot ko‘z bilan qarab kelishgan. Aflotunning qarashlari bu masalada hammadan oshib tushadi. Uning uchun “go‘zallik hamma narsadan ustun, til bor-yo‘g‘i jilo beruvchi vosita edi”. Shu sababli u o‘z davlatidan shoirlarni badarg‘a qilishda tashabbuskor bo‘lgandi. Zamonaviy inqilobiy harakatlar ham san’atni sud qilishga kirishdi. Jamiyatga madadni tabiatdan izlagan Russo san’atga xurofot deb qarardi. “Aql tantanasi” uchun yozgan dasturida hamma narsani avval momoqaldiroq gumburlatib, so‘ng yashin bilan kuydirmoqchidek taassurot qoldiradigan Sen – Jyust Aql ma’budasini go‘zallik emas, ko‘proq mehr-shafqat sohibi sifatida ko‘rishni istadi. Frantsuz inqilobi uchar jurnalist Demulen(1) va muxolif yozuvchi Saddan boshqa biron san’atkorning olqishiga sazovor bo‘lolgani yo‘q. Aksincha, o‘sha davrdagi eng ulug‘ va yagona shoirning boshi tanidan judo etildi(2) , yagona katta yozuvchi esa Londonga qochib ketishga majbur bo‘ldi(3) va u yerda mutassib taqvodorga aylandi. Sal keyinroq “sensimonchilar” san’atning “jamiyat uchun foydali” bo‘lishini talab qila boshladilar. “Taraqqiyot uchun san’at” – XIX asr aql sohiblarining birdan-bir da’vosi edi, garchi haqligini isbotlay olmagan bo‘lsa-da, hatto Gyugo ham shu da’vo bilan bayroq ko‘targan edi. Faqat Vales(4) san’atni xumori qonguncha so‘kishdan va unga ma’lum vazifa yuklashdan o‘zini tiydi.
Rus nigilistlari ham shunga yaqin qarashda edilar. Pisaryov moddiy foyda bermaydigan estetikani tan olmadi. “Rus Rafaeli bo‘lgandan ko‘ra rus etikdo‘zi bo‘lish foydaliroqdir”, derdi u. U hatto Shekspirga ham etik tiktirmoqchi bo‘ldi. Keyinchalik mashhur va katta shoir bo‘lib yetishgan nigilist Nekrasov “Pushkindan ko‘ra bir burda pishloq menga afzal” degan edi. San’atni “tarbiya vositasi”ga aylantirmoqchi bo‘lgan Tolstoy qarashlari hammaga ma’lum. Ulug‘ Pyotr sa’i-harakati bilan Peterburgdagi Yozgi bog‘ga keltirilgan va Italiya quyoshida pishgan, marmari hozirgacha yaraqlab turgan Venera va Appolondan esa Inqilobiy Rossiya butunlay yuz o‘girdi. Qashshoqlik ba’zida behisob boylikni ko‘rganda ana shunday burnini jiyiradi.
Nemis mafkurasi ayblovi bundan ham shafqatsizroqdir. “Ruh noyobligi” sharhlovchilari bani bashar hamjihat bo‘lgan jamiyatda san’atga hech qanday ehtiyoj qolmaydi, deb hisoblashadi. Go‘zallik ham yashab qoladi, biroq u badiiy tarzda emas. Aqlga muvofiq voqealikning o‘zi insonning jami ehtiyojini qondira oladi. Voqealikdan yuqori turuvchi shaklni tanqid qilish voqealikka to‘liq bo‘ysunuvchi san’atni ham qamrab olyapti. Marksning fikricha, san’at o‘z zamonidan tashqarida yashay olmaydi; u o‘z davrining va hokim sinflarning manfaatini aks ettiradi. Faqat inqilobiy san’at, ha, faqat o‘sha, inqilobga xizmat qila olishi mumkin. Voqealikdan ustun bo‘lgan go‘zallik yaratayotgan san’at voqelikning o‘zini mutlaq go‘zallikka aylantirsagina o‘zining bosh vazifasini bajargan bo‘ladi. Inqilobiy harakatda o‘z o‘rnini anglagan rus etikdo‘zi go‘yo go‘zallikning haqiqiy yaratuvchisi emish. Uni yangi, inqilobiy odam uchun tushunarsiz bo‘lgan, hech kimga foydasi tegmaydigan bir lahzalik oniy go‘zallik yaratgan qandaydir mujmal Rafaelga qiyoslab bo‘lmaydi. Shunday bo‘lsa-da, Marks, “nega yunon badiiyati biz uchun hanuz go‘zalligicha qolmoqda”, deb savol qo‘yadi va shunday javob beradi: u insoniyatning beozor bolalik davrining in’ikosidir va biz, ularga nisbatan, katta bo‘lib qolganlar, bu asarlarni bolalikni xotirlaganday zavqlanib o‘qiymiz(5). Shunda o‘z-o‘zidan ulug‘ Italiya uyg‘onish davri shoh asarlari, Rembrand suratlari, xitoy san’ati bilan bizni nima bog‘lab turadi degan savol paydo bo‘ladi. Hech narsa! San’at ustidan hukmi hoziqlik davom etmoqda va bunga san’atkorlar, aql-idrok egalari ham qo‘shilishmoqda: ular san’atga tuhmat qilar ekanlar, eng avvalo o‘zlari o‘tirgan shoxga bolta urishmoqda, o‘zlarini o‘zlari sharmandali ravishda masxara qilishmoqda. Aslida san’atkor Shekspir bilan etikdo‘z Shekspir o‘rtasidagi bahsdan shu narsa ma’lum bo‘ldiki, etik tikayotgan pallada emas, Shekspirni o‘qiyotgan pallada inson go‘zallik bilan yuzma-yuz keladi. Davrimiz san’atkorlari tavba-tazarru qilayotgan XIX asr rus dvoryaniga o‘xshaydi, zero ikkalasi ham vijdoni og‘rigani uchungina uzrxohlikka o‘tgan. Mutelikni bo‘yniga olganlar va murosasozlar ham uning istagi bilan hisoblashmagan holda insoniyatni, shu jumladan, etikdo‘zni ham o‘sha boy ma’naviy ne’matdan – abadulabad mahrum qilmoqchi, go‘zallikni toptamoqchi bo‘layotganlar bilan bir safda ekanligini unutmasliklari kerak.
Ammo, bu zohidona nodonlikni oqlovchi asos ham borki, bu biz uchun ham qiziqdir. Bu inqilob va isyonning estetik in’ikosi masalasidir.
Har qanday isyonda isyon qilingan narsaning maqsadga muvofiq emasligi va uning o‘rnini boshqasi bilan almashtirishdek istaklarni jamlashtirgan umumiy talablar aks etadi. Shu ma’noda isyon – yangi dunyo qurishga intilishdir. Bu san’atga ham taalluqli. Isyon o‘z oldiga, ochiqroq aytganda, estetik talablar qo‘yadi. Barcha isyonkor fikrlar, ko‘rib chiqqanimizdek, yoki da’vatlarda, yoki yangi dunyoni ramzlashtirgan obrazlarda namoyon bo‘ladi. Lukretsiyning shahar devorlari, Sadning odam o‘tolmas qo‘rg‘onlari, xayol qoyasi va yolg‘izlik cho‘qqilaridan iborat Nitsshening tafakkur oroli, Lotreamonning ilk hayot okeani, Remboning ohang panjarasi, syurrealistlarning borliqni larzaga solgan bo‘rondan so‘ng qoladigan iz kabi fikr istehkomlari, mamlakatning qoq yarmini egallagan qamoqxona tasvirlari, konslagerlar, ozod qullar imperiyasi – bular hammasi bir butunlikni, yagonalikni va unga bo‘lgan ishtiyoqu-mayllarni ifodalaydi. Mana shu tasvir etilgan dunyoni odam tezroq anglashi mumkin: anglangan dunyo – yangilanayotgan dunyodir.
Bu holatni biz deyarli barcha san’at turlarida uchratamiz. San’atkor dunyoni o‘z tushunchasidan kelib chiqib quradi. Tabiat musiqasidagina hudud va zamon yo‘q. Borliq esa hech qachon jim turmaydi: hatto sukunat payti ham u bizdan taralayotgan ohanglarga aks-sado berib, o‘zining azaliy kuyini chalaveradi. Biroq bizga tushunarli bo‘lgan tovushdan hamisha ham ohang chiqavermaydi va musiqa bo‘lavermaydi. Shu bilan birga musiqa o‘zaro uyg‘unlik tugagan, ohang tovushga aylangan, bizning hissimiz va kechinmalarimizga mos tabiatdagi tartibsiz ohanglar tartiblashuvga kirishgan joydan boshlanadi. “Men shunga qat’iy amin bo‘lib boryapmanki, - deb yozgan edi Van Gog, - tubanlikka g‘arq bo‘lgan dunyoga qarab Parvardigorga baho berib bo‘lmaydi. Dunyo, shunchaki, oxiriga yetkazilmagan chizgi, xolos”. Har bir san’atkor ana shu chizgini mufassal suratga aylantirish, unga yetishmayotgan manzaralarni kiritishni xohlaydi. San’at ichida eng buyugi va zahmatkashi bo‘lgan haykaltaroshlik uch o‘lchovli dunyoda inson qiyofasini koinot va o‘z uslubi mujassami sifatida yaxlit tasvirlashni istaydi. Haykaltaroshlik mavjud voqelikni inkor qilmaydi, balki unga hammadan ham ko‘proq ehtiyoj sezadi, biroq unga hech qachon bor kuchi bilan yopishib olmaydi ham. Uyg‘onish davrida uning yutuqlaridan biri ishora – ko‘z ifodasi va tasviri bo‘ldiki, bu bilan u bani odamdagi ishora va ifodaning ramziga aylana oladi. Uning mohiyati mavjud qiyofadan ko‘chirib olishda emas, balki uyg‘unlashtirishda, ya’ni bir soniyalik yuz ifodasi, tana va qomat ishorasini mangu go‘zallikka, mangu ishoraga aylantira olishda ko‘rinadi. Faqat shu yo‘l bilan – namunaviy yoki odatiy obrazlar yordamida horg‘inlik sillasini quritgan odamlarning e’tiborini mangu go‘zallikka tortib, sershovqin shaharlar hashamiga yana ham hasham qo‘shadi. Balki muhabbati toptalgan oshiq yunon ma’shuqasiga bugun ham nafrat va g‘azab bilan qarar, biroq bu qarashdan hech qanday estetik zavq uyg‘onmaydi.
Tasviriy san’at ham ana shunday uyg‘unlik mahsulidir. Delakrua o‘z san’ati haqida mushohada qilib, shunday yozgan edi: “Daholik bu – uyg‘unlashtirish va ifodalay olish iste’dodir”. Mavzuni tanlash bilanoq san’atkor asarga birinchi g‘ishtni qo‘yadi. Manzara tutqich bermaydi yoki xotiraning qaysidir burchagiga bekinib oladi. Shuning uchun ham manzarachi rassom yoki natyurtmorchi mo‘yqalam sohibi makon va zamondan eng avvalo tutqich bermaydigan yoki betartib ranglar orasida g‘oyib bo‘ladigan, bir lahza ko‘rinib so‘ng mangulik ortiga yashirinadigan manzaralarni tezroq qog‘ozga tushirib qolishga shoshiladi. Manzarachining birinchi vazifasi yaxlit suratning qism-qismlarini tayyorlashdan iborat bo‘ladi: qismlarni tayyorlayotgan lahzadayoq u tanlay boshlaydi. Ko‘pincha syujetli surat makon va zamondagi boshqa bir harakatning in’ikosi sifatida yuzaga chiqadi. So‘ng san’atkor tasvirni yaxlitlashtirishga o‘tadi. Pero della Franchesko kabi ulug‘ mo‘yqalam sohiblarining asarlari yoz faslining bir soniyasini ushlab olib, mangu to‘xtatib qo‘ygandek taassurot qoldiradi. Uning qahramonlari go‘yo makon va zamonni sezmayotganday, undan butkul xalos bo‘lganday, makon va zamon xavfini nazariga ilmay yashashda davom etadi; uni na makon, na zamon o‘chirishga qurbi yetadi – san’atning eng mo‘‘jizali xususiyati ham shunda. O‘z o‘limidan so‘ng yuz yillar o‘tgach ham “faylasuf” Rembrand yillar sharpasi orqasiga yashiringan holda o‘sha o‘zi ko‘targan muammo ustida siz bilan bahslashib o‘tiraveradi. “Bizni narsalar manzarasi bilan o‘ziga rom qilmoqchi bo‘lgan, biroq hech qachon bizni maftun qilolmaydigan bu tasviriy san’at degani aslida bir pulga qimmat”. Bu Paskalning mashhur iborasi. Delakrua hech bir asossiz ravishda “bir pulga qimmat” sifatlashini “g‘alatiroq” deb o‘zgartirgan. Bir qarashda haqiqatan ham o‘sha narsalar bizni maftun qila olmaydi, chunki biz ularni ko‘rmaymiz. U bizdan uzilgan holda abadiy harakatda yashaydi. Iso Masihni qamchilayotgan jallodning qo‘lini kim ko‘rgan? Salb yurishiga ketayotganlar izidan zaytunzorga singayotgan g‘uborlarni kim ko‘rgan? Biroq bularning hammasi go‘zal va shafqatsiz manzaralari bilan bizni o‘sha azob-uqubatga yuzma-yuz qilish uchun muzeyning sovuq devorlariga zarb etilgan: umri g‘amu-hasratda o‘tgan Isoning bir necha soniyalik uqubati ana shu suratlarga jo qilingan. Rassomning mo‘yqalami tabiat sirlariga, tarix qatlamlariga bemalol yorib kira oladi va shunisi bilan u bani olam harakatining ajralmas qismidir. San’at Gegel orzu qilgan xususiydan umumiyga qarab intiluvchi doimiy harakatdagi va kurashdagi hodisalar sirasiga kiradi. Balki bani bashar birdamligiga intilayotgan bugungi zamon shu sababli ham ana shu yaxlitlikka intilishning eng mukammal namunasi bo‘lmish san’atga ko‘proq ehtiyoj sezayotgandir? Badiiy tafakkur davrning ibtido va intihosiga hamisha mos keladi: bugungi tasviriy san’atning turmushga va yaxlitlikka bo‘lgan betinim intilishini faqat badiiy tafakkur orqaligina tushuntirish mumkin. Van Gogning yurakni larzaga soluvchi zorlanishida barcha san’atkorlarning kibr va umidsizliklari aks etgan: “Men hayotda ham, tasviriy san’atda ham xudoni chetlab o‘tishim mumkin. Biroq mening ichki “men” im o‘zidan ustunroq “men”ni chetlab o‘tolmaydi, usiz mening ijodim ham, hayotim ham ma’nisiz bo‘lib qoladi”.
Mustabid inqilob tomonidan ishonchsizlik bilan kutib olinadigan san’atkorning voqelikka qarshi isyoni aslida eziluvchilar ko‘targan ongsiz isyonning samoviy yuksak ko‘rinishidir. Barcha narsaga shubha va inkor ko‘zi bilan qarovchi inqilobiy harakat san’atda inkordan tashqari e’tirof ham mavjud ekanligini ich-ichida his qiladi: san’atdagi harakat – yaratuvchanlik bilan, go‘zallik – adolat bilan tengdir: ba’zi holatlarda go‘zallik o‘z-o‘zidan adolatsizlikni fosh qiluvchi shafqatsiz vositaga aylanishi mumkin. Shuning uchun bironta ham san’at turi faqat inkor evaziga yashashi mumkin emas. Har qanday fikr, kezi kelsa, hech narsani anglatmagani kabi inqilobchilar ma’nisiz deb atayotgan san’atda ham ma’no va yana nimadir mavjud bo‘ladi. Inson umumiy adolat talab qilib, umumiy adolatsizlikka qarshi oyoqqa turishi, adolatli jamiyat ijodkori bo‘lib chiqishi mumkin, biroq uning dunyodagi barcha narsaga hammasi bir pulga qimmat deb qarashga haqqi yo‘q. Go‘zallikni ijod qilishi uchun u voqelikni inkor qilishi va ayni paytda uning zavqli tomonlarini ko‘ra olishi shart bo‘ladi. San’at voqelik bilan bahslashadi, biroq undan butkul chetlashmaydi. Nitsshe har qanday ahloqiy, ilohiy tushuncha va odatlarni inkor qilishi, ularni bu hayotga, bu dunyoga g‘irt tuhmat deb atashi mumkin. Biroq o‘zining go‘zalligi bilan bizni tug‘ilish va o‘lim orasidagi dunyoni sevishga va bu go‘zallikni boshqalar bilan baham ko‘rishga undaydigan boshqa bir oliy tushunchalar ham mavjudligini u esdan chiqarmasligi kerak. Alalxusus, san’at bizni isyonning haqiqiy mohiyatiga – unga yuksak qadriyat va yangilovchi kuch, abadiy kurash hamda ichki tiklanishning vositasi sifatida qarashga o‘rgatadi. Bunga ishonch hosil qilish uchun hozir san’atning qayta qad rostlash jarayonini bor qiyofasi bilan aks ettira oladigan shakli – roman san’ati haqida gaplashamiz.

Nazar Eshonqul tarjimasi.


___________
1. Kamill Demulen (1760-1794) frantsuz publitsisti, siyosiy arbobi, frantsuz inqilobi qatnashchisi.
2. Andre de Shene (1762-1794) yakobinchi terrorchilar tomonidan qatl etilgan.
3. Fransua Rene de Shatobrian (1768-1848) 1793 yil Angliyaga qochib ketgan.
4. Jyul Vales (1832-1885) frantsuz yozuvchisi, jurnalisti, Parij kommunasi arbobi.
5. Karl Marks “1857-1859 yillardagi iqtisodiy qo‘lyozmalar” asari.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.