OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Alberto Moravia. Isrofgar (hikoya)

Xotinim ikkalamiz mudom pulning ustidan janjallashar edik.
Mening elektr plitalar va boshqa isitgichlar hamda turli elektr mahsulotlari sotadigan do‘koncham bor edi. Do‘kon San-Jovanni kabi kiborlar yashaydigan makondan juda uzoq hududda joylashgan edi. Shu boisdan men daromadimning oshib borishiga hech qachon qat’iy ishonmaganman.
To‘g‘risi, mening bitta plitani qirq ming lirga sotgan baxtli kunlarim ham bo‘lgan, lekin lampochkani uch yuz lirga sotgan va kun uzog‘i hech narsa sota olmagan kunlarim ham bo‘lgan. Ammo Valentina buni tushunishni sira ham xohlamas edi. U meni shunchaki ziqna deb hisoblar edi. Mening xasisligimning ifodasi shu ediki, men topayotgan mablag‘imizga yarasha xarajat qilib zoriqmasdan yashash maqsadida kirim-chiqimni tartib bilan yozib borar edim. Kirim bo‘lmagan kunlari xarajatni qisqartirsam u jazavaga tushib:
– Qurumsoq… men qoqboshga turmushga chiqibman! – deya ayyuhannos solar edi.
Men unga:
– Nega meni qurumsoq deysan? Sen axir mening ishlarim qanday borayotganini bilmaysan-ku… Nega sen biror marta do‘konga yoki bankka bormaysan? O‘shanda sen mening nimani sotganim va nimani sota olmaganimni o‘z ko‘zlaring bilan ko‘rar eding. Bankdagi hisobim kun sayin kamayib borayotganini bilar eding… – der edim.
Bunga javoban u do‘konga borishni xayoliga ham keltirmasligini, u mayda savdogar emas, davlat xizmatchisining qizi ekanini aytar edi. Shuningdek, bankda ham qiladigan ishi yo‘q, negaki, bunaqa ishlarni mutlaqo tushunmaydi, uni o‘z holiga qo‘yishdan boshqa chora yo‘q edi. Keyin u bir oz murosaga kelgan ohangda:
– Bilmadim, Augusto, balki sen haqiqatan nima topayotgan bo‘lsang, o‘shani sarflayotgandirsan, haqiqatan qarzga botib borayotgandirsan… Shunday bo‘lsa ham… sen ziqnasan… Axir qurumsoq narsa xarjlashni xohlaydigan odam emas, sarflashni xush ko‘rmaydigan odam hisoblanadi.
– Menga xarjlash yoqmaydi degan gapni qayoqdan olding?
– Sen har doim pul chiqarayotganda yuzing shunday bo‘ladi…
– Qanday bo‘ladi?
– Qurumsoqning yuziga o‘xshab qoladi.
U vaqtlarda men xotinimni sevar edim: oq-sariqdan kelgan to‘lagina, yoshgina, ko‘zni o‘ynatadigan Valentina mening orzu-havaslarimning yuksak cho‘qqisi edi. Uning kun uzog‘i uyda bekorchi o‘tirib, amerika sigaretasi tutatib komikslar o‘qib yotishi, dugonalari bilan kinoma kino yurishini muhokama qilish o‘sha kezlarda xayolimga ham kelmas edi. Men Valetinani shunchalar sevar edimki, har qanday holatda uni oqlab, o‘zimni aybdor deb bilar edim. Ziqnalik masalasiga kelsak, u – insonning nafsoniyatiga tegadigan ayblov, Valentina esa meni bu nuqson bilan shunchalik ko‘p ayblar ediki, oxir-oqibat men bunga ishonib qoldim va o‘zimni xasis bo‘lsam kerak deb hisoblay boshladim.
– Xasislik haqida yetar… Qizg‘anchiqmanmi, boshqami, har holda biz qancha pul sarflash imkoniga ega ekanimizni yaxshi bilaman, – deya uni gap bilan urib tashlamoqchi bo‘lardim.
Ammo, unga “Ana ziqna!” degan so‘zni iste’foda etishning o‘zi kifoya edi. Shundan qo‘rqib darhol cho‘ntagimda bor pulni chiqarib, g‘ing demasdan berar edim. U mening ana shu zaif jihatimni yaxshi bilib olgan edi va aslo o‘z holimga qo‘ymas edi.
– Augusto, mening ham radiopriyomnigim bo‘lishini juda ham orzu qilaman… Axir hammaning radiosi bor-ku.
– Ammo, Valentina, u juda ham qimmat-u.
– Xo‘p, qizg‘anmagin, nahotki, bankda shuncha puling bo‘la turib shuginani mendan ayasang?
– Mayli, radio olamiz.
Yoki u:
– Augustio, men shunday chiroyli tufli ko‘rdim!.. Uni olishga pul berasanmi?
– Yaqindagina ikki juft tufli olgan eding-ku
– Ular sandalet edi… Xo‘p, de, qizg‘anmay qo‘yaqol!
– Yaxshi, ma, pul.
Umuman, u meni indamasdan pul chiqarishga majbur qiladigan vositani topgandi va bundan ustalik bilan foydalanar edi. Unga pulni mening ziqnamas, saxiy ekanimni bir kun tushunib yetadi degan umidda berar edim. Amalda men unga qancha ko‘p pul sarflasam, u meni ziqnalikda shuncha ko‘p ayblayotgan edi. Balki u g‘ururimni saqlab qolish uchun uning xarajatdan qochmayotganimni, bu bilan uning men haqdagi fikrini o‘zgartirishga urinayotganimni, o‘jarlik bilan meni ziqna deyishiga barham berish uchun bu ishni qilayotganimni bilgandir. Ammo sarkashlik otidan tushishni u istamayotgan edi. Ehtimol, u meni ahmoqona tarzda xasislikda ayblar ekan, rostdan ham meni qurumsoqlik qilib pullarini qaerlargadir yashirib, daromadini oshirib yuribdi deb o‘ylagandir.
Tan olib aytamanki, menga sarf-xarajat qilish yoqmaydi, bu borada u haq edi. Menga buning yoqmasligining sababi, yana qancha pulimiz boru qancha vaqtga yetishini, xarajatlarimiz shu taxlit davom etsa tez orada hech narsamiz qolmasligini yaxshi bilar edim.
Men uylangan vaqtimda moddiy ahvolim binoyidek edi, savdodagi aylanmam ham yaxshi edi, bankda million lirga yaqin pulim bor edi. Endi esa qanchalik tirishib harakat qilmayin, bankka pul qo‘yish u yoqda qolib, u yerdagi pullarimni ham olib tugatayozdim. Yig‘ilgan pullarimni saqlab qola olmayotgandim – ular kun sayin “erib” bitib borayotgan edi. Dastlab hisob daftarchamda to‘qqiz yuz ming qoldi, keyin sakkiz yuz, keyin yetti yuz va nihoyat olti yuz. Kirimimizdan chiqimimiz ortib borayotgandi. Shu ketishda davom etsak, uzog‘i bilan bir yil ichida bankdagi hisobimiz bo‘shab qolishi tayin edi. Men o‘zimga kamida besh yuz ming lirga kelganda xarajatni keskin to‘xtatish haqida so‘z berdim va bu haqda Valentinaga aytishga qaror qildim. Rostini aytsam, men bu daqiqani o‘ta hayajonlanib kutdim. Agar hozir so‘zimda qat’iy tura olmasam, keyin butkul xarob bo‘lishimni bilar edim. Biroq vaqt o‘tayotgandi va hisobimiz cho‘g‘i pasayib borayotgandi. Olti yuz ming lir, keyin besh yuzu ellik va nihoyat besh yuz yigirma besh ming lir.
Ana men ertalab bankka borib yigirma besh ming lir oldim-da, uyga qaytib kelib Valentinaga:
– Mana qara, yigirma besh ming lir, – dedim.
– Nega men unga qarashim kerak? Sen uni menga sovg‘a qilmoqchimisan? – deya so‘radi u.
– Yo‘q, meni uni senga sovg‘a qilmoqchi emasman…
– Albatta… Sendan sovg‘a!.. Bu lekin qoyilmaqom ish bo‘lardi!
– Shoshma… sen baribir bu pulga qarashing kerak, chunki bu oxirgi pulimiz.
– Men senga ishonmayman.
– Ammo bu rost.
– Sen shu bilan bankda boshqa pulim qolmadi, demoqchimisan?
– Yo‘q, yana ozgina qoldi, ammo u mening savdo ishimga kerak bo‘ladigan ozgina summa. Agar biz u pulni ham sarflab qo‘ysak, do‘konni yopishga majbur bo‘laman.
– Ana ko‘rdingmi, sening puling bor. Xo‘sh, nima uchun meni tashvishga solmoqchi bo‘lyapsan? Meni o‘z holimga qo‘y… yana seni xasis deb atashimga majbur qilma.
Men o‘zimni xotirjam tutishga harakat qildim. Ammo meni qurumsoqlikda ayblashni esga olishi meni quturtirib yubordi.
– Men ziqna emasman… Biz men topayotgandan ko‘p xarajat qilyapmiz… mana gap qaerda… Nima uchun sen do‘konga kirmaysan yoki bankka borib hisobimiz bilan qiziqmaysan?
– Ay, o‘sha do‘koning va banking bilan birga daf bo‘l, nimani xohlasang o‘shani qil. Agar senga qizg‘anchiqlik huzur bag‘ishlasa – haqiqiy qurumsoq bo‘l, faqat meni tinch qo‘y.
– Ovsar!
Men uni turmush qurganimizdan beri birinchi marta so‘kib yubordim. Balki siz yonpb turgan gugurt donasini kerosinga yaqinlashtirganda kerosinning qanday sakrab o‘t olganini ko‘rgandirsiz. Hamisha vazmin va hatto sovuqqon ko‘ringan Valentinam shunday lovullab ketdi. U meni haqorat qila boshladi, qanchalik ko‘p haqorat qilsa, shuncha ko‘p yangi so‘kishlarni topar va bu so‘kishlar xuddi uzilgan olchadek bir-biriga bog‘lanib ketar edi. Hozir Valentina menga sochayotgan zahar ko‘p vaqtdan beri menga qarshi uning ko‘nglida yig‘ilib kelgani aniq edi. Bu shunchaki “yaramas, pastkash, razil” kabi jahl chiqqanda aytiladigan, ammo hech kimning yuragiga botadigan darajada xafa qilmaydigan erkakcha so‘kishlar emas edi. Bu faqat ayollarga xos o‘tkir xaqorat, tahqir bo‘lganda ham tanangga ignadek sanchilib, yuragingga qadaladigan va uzoq yillar unuta olmaydigan so‘kishlar edi. Tahqirlash mening oilamga, mening kasbimga va mening qiyofamga qaratilgan edi. Bu odatdiy so‘kishlardan emas edi, so‘zlarga omuxta qilingan jilovlab bo‘lmaydigan zahar oqimi edi. Ma’lum bo‘lishicha, men Valentinani yaxshi bilmas ekanman, agar u qalbimni majruh qilmaganida bunchalik hayron qolmagan bo‘lar edim.
Nihoyat u tinchlandi, men esa tahqirlashlardanmi, shunchaki charchoqdanmi, bilmadim – bu manzara juda uzoq vaqtga cho‘zildi – uning tizzalariga yuzlanib o‘tirib xuddi bolalarga o‘xshab yig‘ladim. Garchand, ho‘ngrab yig‘lagan va undan kechirim so‘ragan bo‘lsam-da, lekin shu damda unga bo‘lgan muhabbatim so‘nganini his qildim. Bu tuyg‘u meni battar eza boshladi va battarroq yig‘lashga tushdim.
Qancha vaqt o‘tdi, bilmayman, bir oz o‘zimga kelib, unga besh ming lir tutqazdim-da uydan chiqib ketdim. Mening yigirma ming lir pulim qoldi, endi xotinimni sevmayman, unga jahl qilib o‘zimning ziqna emasligimni isbot qilish uchun butkul xonavayron bo‘lguncha bor-budimni sarflashga qasd qildim. O‘zingizni dengizga tashlamoqchi bo‘lganingizda oyog‘ingiz ostida to‘lqinlar shovullab ko‘nglingizga vahima soladi-yu birdan yuragingiz orqaga tortib ketadi-ku, bu qarorni bajarishga kirishishimdan oldin xuddi shunday qanchadan qancha shubha-gumonlar va ikkilanishlar, vahimalarni boshdan kechirdim!
Men Ripetta qirg‘og‘ida o‘zimga kelgandek bo‘ldim. Bahor kunlarining charog‘on, muloyim va yoqimli havosi. Tasodifan ko‘prikka ko‘tarilaverishda quruq yerda o‘tirgan gadoyga ko‘zim tushdi. U qo‘llarini sadaqa uchun uzatib turgan bo‘lsa-da, yuzini quyoshga tutib turar edi. Unga qarab ko‘zlarimni yarim yumib holimga kulib qo‘ydim. “Nimadan qo‘rqaman? Agar mana shu gadoga o‘xshab hech nimasiz qolsam ham hozirgi kunimdan baxtli bo‘laman”.
Shunda cho‘ntagimdagi mingtaliklarimni chiqardim, ularni qo‘llarimda changallab tilanchining oldiga bordim-da, bittasini uning oldiga qo‘yib olgan shlyapasiga tashladim; u ko‘r ekan menga duo berishning o‘rniga o‘sha holicha quyoshga yuzlanib, tilanchilarning yod bo‘lib ketgan so‘zlarini takrorlab o‘tiraverdi.
Ko‘prikning ortida, sal teparoqda soat sotadigan do‘kon bor edi. O‘ylab o‘tirmasdan o‘sha do‘konga kirib o‘n sakkiz ming lirga xotinimga atab soat sotib oldim. Qolgan ming lirga taksi yollab o‘z do‘konimga ketdim.
Qo‘rquv qalbimni butkul tark etmagan bo‘lsa-da, bir oz yengil tortgandek edim.
Ertalabdan kelgan xaridorlar nimani so‘rasa ral qilar ekanman, o‘zimni hech narsa bo‘lmagandek tutishga harakat qilar edim. Ulardan biriga so‘ragan narsasining tugaganini aytsam, boshqasiga juda baland narx aytardim, uchinchisiga u so‘rayotgan molning sotilgani, vitrinadagi faqat ko‘rgazma uchun turganini aytardim. Men hatto shu choqda xaridorlarga yoqmaydigan tarzda dag‘allik qilayotganimdan o‘zimda qandaydir mamnuniyat his qildim. O‘zimga “Dadil bo‘l, faqat birinchi qadam qiyin bo‘ladi, naryog‘i moydek ketadi”, deb dalda berar edim.
O‘sha kuni choshgohda uyga qaytish menga azob bo‘ldi, bo‘lib o‘tganlarga qaramay, xotinimni hali ham sevadiganga o‘xshagan edim. Men shundan qo‘rqar edimki, endi yana har bir tiyin uchun kurashishim, uning meni xasis deya xaqorat qilishini eshitishim, men butun ikki yil davomida yashagan mashaqqatli hayotni yana qaytadan boshlashim kerak bo‘lar edi. Biroq muhabbatimning butkul xazon bo‘lganiga ishonch hosil qilganimda qanday ahvolga tushganimni bir ko‘rsangiz bo‘lar edi. Xotinim menga oddiy bir buyumga aylanib qolgan edi. Men hatto uning burni upa ostida qanday yaltirayotganini ham ko‘rdim. Ammo unga:
– Jonginam, qara, senga sovg‘a olib keldim, sen orzu qilgan qo‘l soati – dedim.
U menga qo‘lini uzatdi, men unga soatni taqib, go‘yo sevgan umr yo‘ldoshiga ko‘rsatiladigan mehr-muhabbat ramzi kabi cho‘lpillatib bo‘sa oldim. Ichimda esa “Ha, men seni o‘pdim, ammo bu bo‘sa Iudaning o‘pichidan ham yolg‘on bo‘lsa kerak!”, deb qo‘ydim. Shuni aytishim kerakki, vijdoniga dog‘ tushirganiga ishonch hosil qilganmi, bilmadim, Valentina menga juda muloyim muomala qilib, meni avramoqchi bo‘lar edi. Lekin menga buning sira qizig‘i qolmagan edi: ko‘nglimdagi sevgi ipi uzilgan, endi uni ulashga urinishning hojati qolmagan edi.
Oradan ozroq vaqt o‘tib tuzgan rejamni amalga oshira boshladim. Kun o‘tmasdan unga nimadir sovg‘a qilar edim. Do‘konda esa xaridor bir narsani so‘rab ulgurmasidan “Savdo yo‘q”, deb javob berar edim. Bankdagi hisobim kun sayin kamayib borardi. Yarim million lir –.unchalik katta pul emas, ikki oy o‘tib bankda bir lir ham pulim qolmadi. Valentina esa hech narsadan bexabar edi. U odatdagidek, amerika sigaretasini chekib jurnal o‘qib kunni kech qilar, kechqurun esa dugonalari bilan kinoga ketar edi. Faqat navbatdagi sovg‘ani olayotgan choqda:
– Ana ko‘rdingmi, pulim qolmadi degan gapingga ishonmaganimda haq ekanman. Hozir sen oldingidan ancha-muncha ko‘p pul sarflayapsan. Seni saxiysan deb aytmayotgan bo‘lsam ham, har holda avvalgidek ziqna emassan, sendan pul so‘rashning hojati yo‘q, uni sen o‘zing sarflayapsan, – der edi.
Men gap qaytarmas edim, boshimda esa: “G‘alabangni bayram qilishga shoshilma!” degan gap aylanar edi.
Bankdan oxirgi besh ming lirni olganimda o‘sha kun yetib keldi. Bu pulning hammasiga amerika sigaretasi sotib oldim, yonimda esa bor-yo‘g‘i uch yuz lir qoldi, xolos.
Endi choshgoh mahali bo‘layotgan edi. Do‘konga borishning o‘rniga uyga qaytib keldim-da, to‘g‘ri yotoqxonaga yo‘l olib, egnimdagi kiyimlarimni, hatto poyafzalimni ham yechmasdan hali ham yig‘ilmagan joyimga kirib yotib oldim. Valentina hali uxlab yotgan edi, narigi yoniga ag‘darildi-da, uyqu aralash:
– Sen uydamisan? Bugun yakshanbami? – deb so‘radi.
Keyin yana uxlab qoldi.
Uning uyg‘onishini kutib sigaretni sigaretga ulab chekib yotaverdim. U yana bir soatcha uxladi, so‘ng uyg‘ondi, hali ko‘zlarini ochishga ulgurmasdan:
– Bugun bayrammi? – deb so‘radi.
– Ha, bayram – deya javob berdim men.
U o‘rnidan turib shoshilmasdan kiyina boshladi. U jimgina kiyindi, faqat orada go‘yo bugun butunlay bayram emasligini sezgandek, bir-ikki bor: “Bugun qanday bayram o‘zi?”, deya takrorladi.
Men uning xarajatlar uchun qachon pul so‘rashini kutib yotaverdim: o‘ta dangasaligiga qaramay, bozor-o‘charni uning o‘zi qilar edi, ovqat tayyorlashga kelib-ketadigan xizmatkor yordam qilardi.
Valentina vannaga o‘tdi, kiyin kiyinishni yakunlab kofe tayyorlab xizmatkor bilan valaqlashib o‘tirish uchun oshxonaga yo‘l oldi. Men ham o‘rnimdan turib oshxonaga kirdim, biz jimgina o‘tirib kofe ichdik. Bayram haqidagi gap uning xayolidan ketmayotgan va u qanday bayram ekanini o‘ylab topa olmayotgan edi. Shuning uchun u mendan yana:
– Ayta qolsang-chi, bugun qanaqa bayram o‘zi?.. Lyuchiyaning aytishicha, bugun hech qanday bayram emas, hamma do‘konlar ochiq. – deb so‘radi.
– Bugun mening bayramim, – deya sovuqqon ohangda javob berdim va yotoqxonaga qaytib yana kostyum va oyoq kiyimimni yechmay yotib oldim.
Menimcha, Valentina bu harakatimni jiddiy qabul qilmayotganini namoyish etish niyatida oshxonada yana birpas xizmatkor bilan gaplashib o‘tirdi. Nihoyat u boshimga kelib qo‘llarini beliga tirab:
– Ishlash ishlamaslik – sening ishing. Krovatda istaganingcha dumalab yotaver… Ammo agar yeyishni xohlasang, bozor-o‘charga pul cho‘z, – dedi.
Men havoga qarab tutun pufladim-da:
– Pul? Mening pulim yo‘q, – deb javob berdim.
– Qanaqasiga sening puling yo‘q?
– Shunaqasiga, yo‘q!
– Quloq sol, bu yana nima injiqlik? Sen nimani o‘ylayapsan? Axir sen pul bermasang, men oziq-ovaqt sotib ola olmayman, agar oziq-ovqat bo‘lamasa, nima yeb, nima ichamiz!
– Ha, men ham shu haqda o‘ylayapman, yeb-ichishga hech narsamiz bo‘lmaydi.
– Bu nimasi, – dedi u, – sen bilan tortishib o‘tirmoqchi emasman. Pulni tungi stol ustiga qo‘y, – deya u xonadan chiqib ketdi.
Men sigaret chekishda davom etdim, bir necha daqiqadan so‘ng u qaytib kirganda:
– Valentina, men mutlaqo jiddiy aytyapman, mening bir chaqa ham pulim yo‘q… menda faqat uch yuz lira qoldi, xolos… boshqa yo‘q, – dedim.
– Bankda puling bor-ku… Qanaqa xasislik yopishib oldi senga bugun?
– Yo‘q, bunga xasislikning hech ham aloqasi yo‘q, mening pulim tugadi, xolos. Ishonmasang, mana – qara, o‘zing.
Cho‘ntagimdan bankdan ochilgan hisob daftarchamni ochib unga ko‘rsatdim. Bu safar u hech narsa demadi, chunki bunday narsalarni tushunmaydi, shuningdek, o‘zini tinch qo‘yishimni ham so‘ramadi.
U mening jiddiy gapirayotganimni tushundi va yuzida qo‘rquv alomati paydo bo‘ldi. Daftarchaga qaradi-da, bo‘shashib stulga o‘tirib qoldi.
Men:
– Sen meni ziqna deding, qancha ko‘p sarflasam, ko‘zingga shuncha xasis bo‘lib ko‘rinaverdim. Shunda men qasdan pulni isrof qilishni boshladim… Men bor-budimning hammasini sarflab yubordim… Savdoni ham yig‘ishtirdim. Ana endi hammasi tugadi. Endi mening o‘zimga yeyishga narsa sotib olishga ham hech vaqoyim qolmadi. Ammo endi sen meni qizg‘anchiq deb ayta olmaysan!
Shunda u o‘tirib yig‘lay boshladi, chamamda, pul uchun emas, mening uni yoqtirmay qolganimni fahmlagani uchun ko‘z yoshi qilayotgan edi:
– Sen hech qachon sevmagansan meni, – dedi u. – Endi esa menga yedirib-ichirishni ham istamayapsan.
– Nima ham qilardik! – javob berdim men. – Mening pulim yo‘q.
– Men sen bilan qola olmayman… Onamnikiga ketaman.
– Xayr!
U dastlab qo‘shni xonaga chiqdi, keyin esa hayotimdan butkul g‘oyib bo‘ldi. O‘shandan boshlab uni hech qachon ko‘rmadim.
Bir oz vaqt o‘tkazib o‘rnimdan turib men ham uydan chiqib ketdim. Quyoshli kun edi: bitta non sotib oldim-da, uni qirg‘oqda turgancha yeb oldim. Daryo suvining oqishini tomosha qilib o‘tirar ekanman, shu onda o‘zimni nihoyatda baxtiyor his qildim. O‘tgan ikki yillik oilaviy hayotimni esa umrimning ahamiyatsiz bir epizodi kabi xotiramdan o‘chirib tashlashni dilimga tugdim. Keksaygan chog‘imda ana shu ikki yil ikki qisqa kundek xotiramda jonlansa kerak.
Shoshilmasdan nonni yedim-da, kichkina favvoradan suv ichib olib, akamning oldiga yo‘l oldim. Undan ish topgunimga qadar boshpana berib turishni so‘ramoqchi edim. Haqiqatan, bir necha hafta o‘tib elektromontyor bo‘lib ishga joylashdim.
Valentinani esa, aytganimdek boshqa ko‘rmadim. Ammo, bilasizmi, u men haqimda qanday mish-mishlar tarqatmadi? Uning aytishicha, men shu qadar ko‘p pul sovurar emishmanki, mening aqlga sig‘mas darajada isrofgarligimning oqibatini o‘ylab meni tashlab ketishga qaror qilgan emish.

Ruschadan Damin Jumaqul tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.