OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Alfons Dode. Boker dilijansi (hikoya)

O’sha yerga ilk bor borishim edi. Eski bo‘lsa-da, birmuncha yaroqli, ammo qulaysizligidan «patash» laqabi bilan el og‘ziga tushgan, Boker dilijansiga chiqqandim. Jo‘nash joyidan borar jiyigacha katta yo‘l bosish «patash»ning chekiga ko‘p ham tushavermasdi. Ammo shunday bo‘lganda, u butun yo‘l bo‘yi, ayniqsa kechqurunlari, toza havodan to‘yib-to‘yib olish uchun atayin qilganday, sekin-sekin o‘rmalardi. Haydovchini hisoblamasak, ko‘nkada besh kishi edik. 
«Patash»ga minganlarning biri jundor, quloqlariga kumush isirg‘a ilib olgan, katta-katta ko‘zlari o‘ljasiga o‘qtalgan yirtqich qushning qontalash ko‘zlaridek, jussasi kichik bo‘lsa-da, chorpahil odam, Kamarglik otboqar; ikkitasi Bokerlik bo‘lib, birining yuzi qip-qizil, ko‘rinishi tangada zarb etilgan Imperator Vitelius aftidan ancha chiroyli nonvoy, ikkinchisi esa uning kuyovi ekanligini gaplaridan angladim. Haydovchi yonida, oldingi o‘rindiqda, yana bir odam..., - yo‘g‘e!- bir shapka, quyon terisidan tikilgan bahaybat shapka, ma’yus, yo‘lga tikilib borardi.
O’sha yo‘lovchilarning barchasi bir-birini tanishar ekan, shekilli, o‘zlarining va o‘zgalarning sarguzashtalaridan baland ovoz bilan bemalol gapirib kelardi. Nim shahridan qaytayotgan Kamarglik bir cho‘ponga qanday panshaxa sanchib olganini va mahkamada qanday tergov qilinganiini hikoya qildi. Kamarg tarafning odamlari andak qiziqqonli... Ammo, Bokerliklar ham ulardan qolishmaydi! Bizning bu ikki Bokerlik Muqaddas Ma’sumaning bo‘y qiz va juvon ko‘rinishidagi tasviri borasida bahslashib, bir-birlarini qariyb bo‘g‘izlashdi. Aftidan, nonvoy Provansliklar Hazrati Ona deb ulug‘laydigan, chaqaloq alayhissalomni qo‘lida ko‘tarib turgan, muqaddas ma’budaga sig‘inuvchi cherkovda azaldan toat-ibodat qilarkan; kuyovi esa, bil’aks, har bir barmog‘idan nur taralib turgan qo‘llarini osiltirib turgan Hur Qizga sig‘inuvchi va ayol egriliklarini ayblovchi cherkovda oldiga kitob qo‘yib olib, ashula aytarkan. Janjal ana shundan kelib chiqdi. Bir mazhabga mansub bu ikki nasroniy bir-birlariga nimalar demadi, Hazrati Ona va Hur Qiz boshiga ne bir bid’at-qabohatlar yog‘dirmadi! 
-Juda chiroyli-da, sening, gunoh qilmagan, qizing!
-Yo‘qol ma’suma onang bilan!
-Falastinda ne bir gunohlarga botmadi, o‘sha hur qizing!
-Heh, sening ma’sumang-chi? O’sha badbasharang? Eh-he, ne bir qilg‘iliklarni qilmadi... Ularga Yusuf alayhissalomning o‘zlari guvoh.
Neapol portiga, janjalkash odamlar orasiga, tushib qolmaganimni tushunib yetishimga faqat pichoqlarning qinidan qalqib, yarqiramagani imkon berdi. Xudo haqi, agar haydovchi aralashmaganda, bu ajoyib teologiya turniri ana o‘shanday yakunlangan bo‘lardi.
-O’sha ma’sumalaring bilan bizni tinch qo‘ysanlarmi, yo‘qmi? –Bokerliklarga po‘pisa qildi haydovchi. Axir, buning hammasi ayollarning uzoq-uzoq o‘tmishi-ku! Erkak odam ham ayolning g‘iybatini qiladimi?
Shunday dedi-da, boshi uzra jahd bilan qamchinni bir aylantirib oldi. Shu zohatiyoq hamma hovridan tushdi. 

Tortishuv tugagan edi; ammo jazavasi pasaymagan nonvoy qolgan so‘zamolligini ko‘rsatishga o‘zida ehtiyoj sezdi-da, lom-mim demasdan, o‘z o‘rnida g‘amgin o‘tirgan badbaxt shapka tomon o‘girilib, masxaraomiz dedi:
- Ha, sening xotiningchi, charxchi?... Senii farishtang qaysi cherkov ma’budasi? 
Butun ko‘nka qahqaha otib yuborganiga qaraganda uning bu gapida bir masxaraomiz kinoya borligiga ishonsa bo‘lardi... Faqat bir kishi, charxchi, kulmadi. U o‘zini eshitmaganday tutardi. Buni ko‘rgan nonvoy men tomonga burildi-da:
-Janob, siz buning xotinini, o‘sha ayolni, bilmaysizda. E, asti qo‘yaaering, u ibodatxonaning antiqa qavmi! Bokerda uning xotiniday ayol bittayu bitta, ikkita topilmaydi. 
Kulgi yanada kuchliroq ko‘tarildi. Charxchi pinagini ham buzmadi. Xolos, boshini ko‘tarmasdan ming‘irladi:
-Jim bo‘l, nonvoy.
 Ammo bu shayton nonvoy jim bo‘lish o‘rniga tilini yanada qayrab, masxara gapni qaytadan do‘ndira ketdi: 
Eshak olati! Bu do‘stim shunday xotini borligidan o‘kinmasa ham bo‘ladi... Axir, o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, xotinidan qandoq nolisin, u bilan bir fursat ham birga bo‘lmasa... Har olti oyda uning parivashini kimdir ergashtirib ketadi. Albatta, sirli safardan qaytgan parizodning sizga aytadigan ko‘p sarguzashtlari bo‘ladi... 
-Menga-ku bari bir, davom etdi nonvoy, faqat, bu ham bir antiqa kasb-kormi, deymanda...
-Axir, o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, janob, bir yil mobaynida eru xotin bir to‘shakda bir marta ham yotmasayu, xotin qurg‘ur qaytgan kuniyoq hayo-huv! Qarab turibsizki, bu sho‘rpeshananing jufti haloli qandolat sotuvchi bir boyvachcha bilan Ispaniyaga jo‘nab ketmoqda. 
Er bechora o‘z kulbai vayronasida so‘qqabosh qolib, ko‘z yosh to‘kishdan va alamini vinodan olishdan o‘zga chora topolmadi... U jinnisifat bo‘lib qoldi. Bir muncha vaqt o‘tgach, parizod ispan libosida tovlanib, qo‘lida qo‘ng‘iroqchali kichkina doira bilan yurtiga qaytib keldi. 
-Eringning ko‘ziga ko‘rinma, -derdik hammamiz unga, -u seni o‘ldiradi.
-Evoh holingga! Uni o‘ldirdi, deysizmi? -Yo‘q, bu xilda xayollarni o‘ylamang... U, hech nima ko‘rmaganday, xotini bilan qaytadan qo‘shildi ketdi. Xotini esa eriga bask doirasini do‘m-do‘m qilishni ham o‘rgatdi.
Qaytadan qahqaha gumburladi.Charxchi kunjakdan yana po‘ng‘illadi:
-Jim bo‘l, nonvoy.
Nonvoy charxchining so‘ziga e’tibor ham bermadi-da, uning ustidan kulishni davom ettirdi: 
-Balki, siz, janob, o‘sha tannozxon tinchigandir, deb o‘ylarsiz... Eh-he, aksincha... Uning kirdikoridan eri jirkanmayaptiku! O’rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas... U ergashib ketgan erkaklarning soni bor, sanog‘i yo‘q. Ispaniyadan keyin bir zobit, innaykeyin Rona kemachisi, innaykeyin muzikachi... Men ularning hammasini bilamanmi? Hammasi yaxshi, hammasi ajoyib! Bir manzara har safar takror: xotin ketadi, er yig‘laydi; xotin qaytib keladi, er tinchiydi; xotin boshqa erkak quchog‘ida doim bo‘lib kelaveradi, er hech nima bilmaganday uni doim xotinlikka qayta olaveradi. Bu er deganning toqati toq bo‘lmas ekanda! Charxchining jajji xotini juda-juda go‘zal, nihoyatda xushbichim, o‘ynoqi, dilbar... Ayolni xayoliga keltirmaydigan kardinalni ham tuzog‘iga tushiradigan bu nozik nihol oppoq badanini ko‘z-ko‘z qilib, jilmayganicha ohu ko‘zlarini doim erkaklarga tikib turadi. Inoning, Parijlik janob, gar bir kun Bokerga qayta yo‘lingiz tushsa... 
-Uh! Jim bo‘lsang-chi, nonvoy, sendan iltijo qilaman... , - yurakni o‘rtaydigan ovoz bilan yana yalindi bechora charxchi.
Shu tobda dilijans to‘xtadi. Biz Angolores qishlog‘iga yetib kelgandik. Ikki Bokerlik o‘sha yerda tushishdi. Xudo haqi, men ularning ushlanib qolishini sira-sira istamasdim... Qanday zaharxanda bu nonvoy! Masxarasining qahqahasi qishloq to‘ridagi hovlisidan ham hanuz eshtilib turardi. 
Kamarglik Arl shahrida tushib qoldi. O’sha odamlar ketdiyu, ko‘nkada shamol yotganday bo‘ldi. Haydovchi ham qonini bir oz qimirlatish mashqida otlari bilan yonma-yon ko‘cha bo‘ylab borardi... Yuqorida faqat ikkimiz, charxchi va men qoldik. Har qaysimiz o‘z kunjagimizda sukut saqlab borardik. Havo issiq, ko‘nkaning charmi qizigandan qizib borardi. Aravaning issiqda tebratishiga elib, boshim og‘irlashib, ko‘zim goh-goh ilinganday bo‘lardi, ammo aslo uxlay olmasdim. «Jim bo‘l, o‘tinib so‘rayman» degan juda iltijoli, juda iztirobli so‘zlar qulog‘imga doim chalinib turardi... U-chi, u bechora iztirob iskanjasida! Uyqu qayoqda, un chiqarmay yig‘lab borardi... Baquvvat yelkalarining titrayotganiga va o‘rindiq suyanchig‘ida osilib turgan qariyaning qo‘lidek qonsiz va jonsiz qo‘lining qaltirayotganiga ko‘zim tushdi. 
-Mana, muhtaram Parijlik, manzilga ham yetib keldingiz, -dedi daf’atan haydovchi. U qamchisining uchi bilan yam-yashil tepalikni menga ko‘rsatdi. Tepalikda qo‘nib turgan katta kapalakdek tegirmon ko‘rinib turardi.
Men ko‘nkadan tushishga shoshildim. Charxchining yonidan o‘ta turib, shapkasi yopib turgan yuziga boqishga harakat qildim. U mening niyatimni oldindan anglagandek, egik boshini birdan ko‘tardi-da, ko‘zini ko‘zimga tikib, dedi:
-Mana, meni yaxshilab ko‘rib oling, oshna, -dedi bo‘g‘iq ovozda, - agar kunlardan bir kun Bokerda bir kishi o‘zini o‘zi o‘ldiribdi, deb eshitsangiz, men uni bilardim deb, bemalol aytishingiz mumkin. 
Uning yuzi mahzun va so‘lg‘in, kirtaygan ko‘zlari namli, ammo ovozi alamga to‘la edi. Alam!... Er kishining g‘azabi alam bo‘lib qolmasligi kerak!... Falakning gardishi bilan men charxchining xotiniga aylanib qolsam, albatta, unday erdan hazar qilgan bo‘lardim... 

Fransuzchadan Hamdam Orziqulov tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.