OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Alis Munro. Yuz (hikoya)

Oilada farzand dunyoga kelishi bu katta quvonch va cheksiz baxtdir. Bo‘lajak otaning tug‘ruqxona eshigi oldida xushxabar kutayotgan paytdagi hayajonlari esa bu baxtning qadrini yana bir karra oshirishi ayni haqiqat...
Bilishimcha, otam meni tug‘ilganimda atigi bir marta ko‘rgan. O‘sha paytlarda erkaklarni tug‘ruqxona eshigiga yaqinlashtirishmas ekan. Ayollarning baqi­riqlari va endigina tug‘ilgan chaqaloqlarning yig‘i­siga to‘lgan kasalxonada otalar farzandlarini faqat alohida xonaga olingandan so‘nggina ko‘rishlari mumkin bo‘lgan. Men va oyimni ham alohida xonaga joylashtirishgach, otam yuragida qanchalar hayajon bilan meni ko‘rishga oshiqqan bo‘lsa, uning eshik tomon yaqinlashayotgan oyoq tovushlarini eshitgan onamning qo‘rquvi shunchalar oshganini tasavvur etish mushkul emas. Barcha erkaklar orzu qilgan kabi u eriga o‘g‘il tug‘ib berdi. Ammo rahmat va minnatdorlik o‘rniga umr yo‘ldoshidan:
– Bir parcha go‘shtning o‘zginasi... Lekin buni uyga olib borish haqida o‘ylab ham o‘tirma! – degan gap­larni eshitganida bechora onaizorim o‘zini xo‘rlik va tahqir botqog‘iga botgandek his etganini qalban sezib turaman. O‘z zurriyodiga jirkanish nigohi bilan qarayotgan otani ko‘rishga uning bardoshi qanday yetdi ekan-a?
Yuzimning bir tomoni barcha bolalarniki kabi. Bo‘yim ham, og‘irligim ham sog‘lom chaqaloqligimni isbot etib turgan. Xullas, oq-sariqdan kelgan, do‘n­diq­qina go‘dak bo‘lganman.
Bolalik inson umrining tog‘ cho‘qqisidagi qorlar kabi beg‘ubor, gul yaprog‘i ustidagi shabnamday toza damlari bo‘lib, uni hayot yo‘lingizning har bir bekatida qo‘msaysiz... sog‘inasiz... yana bir lahzaga bo‘lsa-da unga qaytgingiz keladi. Ammo mening bu yorug‘ kunlarim hasratning qora kalxatlariga o‘lja bo‘lgani uchun, bahorni ko‘rmay kuzning sovuq yellarida uchib ketgan bolalik orzularim uchun taqdirimdan xafaman... noroziman... shu tufayli ba’zan dunyoi-dunga o‘t qo‘ygim keladi. Bularning bariga: otamning nafratiga, hayotdan sovishimga sabab bo‘lgan chap yuzimdagi tug‘ma dog‘ni ko‘rmaslik uchun hatto oynaga yaqinlashmagan kunlarimning adog‘i yo‘q. Ko‘rgan kishining ko‘zlariga hayratni oshno qiluvchi bu dog‘ yuzimga ataylabdan sepilgan uzum sharbatini eslatadi. Go‘yo kimdir bir piyola sharbatni chap yuzimga sepgan-u, uning tomchilari to bo‘ynimga qadar sizib tushgandek edi. Burnimning atrofi va ko‘zimning ostigacha yoyilgan bu chandiq hayotimni alamga to‘ldirgani har ko‘zguga boqqanimda yodimga tushib, yuragimni bir chetdan kemirardi. O‘z-o‘zimdan nafratlanishimni istamagan onam esa ko‘nglimni ko‘tarish bilan ovora edi.
– Bu ko‘zingni yana ham ma’nodor qilib ko‘rsatadi, – deya meni tinchlantirar, mening bola ko‘nglim esa bunga ishonar va shu iliq so‘zlar taftida isinardi. Otam esa meni tan olmas, hatto uning zurriyodi ekanimdan ham tonishga tayyor edi. Ammo meni ranjitadigan narsa aslida bu emasdi. Mening tug‘ilishim, borligim ota-onam o‘rtasida buzilmas devor bo‘lganiga chidolmasdim, o‘zimni kechirolmasdim. Ularning tuganmas tushunmovchiliklari, adoqsiz dilxiraliklarining sababchisi bo‘lganimga ishonmasdim, ishona olmasdim.
Otam ko‘n zavodining egasi bo‘lgan tadbirkor kishining farzandi edi. Buvam qurgan katta hovli va bog‘ hozir ham mavjud. Bu oilamizning mulki hisoblanadi. Otam kollejni tugatib, sug‘urta biznesi bilan shug‘ullangan. Shaharda uning o‘ziga yarasha obro‘yi bor edi. Aqlimni taniganimdan buyon otam­ning yuzida naf­rat va hazardan boshqa ifodani ko‘rmaganman. Bu ikki so‘z otam bilan doimo birga, xuddi uning lug‘atida shundan boshqa so‘z yo‘qdek. U hatto onam tayyorlagan ovqatdan, musiqadan, radioeshittirishlardan, teleseriallardan, hatto o‘tayotgan har bir kunidan naf­ratlanib yashayotgandek tuyulardi menga. Otam yolg‘iz o‘zi nonushta qilar, tushlikda uyga kelmasdi. Onam har doim men bilan ovqatlanar, kechki ovqatda otamni kutardi. Kechki ovqat ham janjalsiz o‘tmasdi. Men esa baxtli turmushga sabab bo‘lolmagan norasida bo‘lib ikki o‘rtada qolib ketardim. Ammo hanuzgacha ularning qanday qilib birga yashashganiga aqlim yetmaydi.
Onam kollejda o‘qimagan, o‘qituvchilar tayyor­lay­­­digan kurslarga birovlardan qarz ko‘tarib qat­na­gan. Atrofdagilarning aytishicha, onam otamni hay­ratlantiradigan ayol bo‘lmaganmish. Chindan-da, uning lablari lab bo‘yog‘i ko‘rmagan, yuzi upa-elikdan yiroq, keng peshonasiga bir tolasi ham tushirilmay orqaga taralgan sochlari nursiz edi. Uning kiyimlariga moda degan tushuncha mutlaqo yot, vaholanki, uning tengqurlari moda, desa o‘zini tomdan tashlashga-da tayyor edi.
Otamning haddan tashqari ko‘p ichishi va chekishi oxir-oqibat o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmadi, uni to‘shakka mixladi. Ellik yoshida otam o‘lim bilan yuzlashdi. U bir necha oy kasalga chalinib yotdi. Onam esa uning atrofida girdikapalak bo‘lib parvarish qildi. Volidamning shunchalar daryo ko‘ngli bor ediki, erining xo‘rlashlariga, holdan toyguncha haqorat qilishlariga qaramay unga g‘amxo‘rlik qildi, buni o‘zining vazifasi, deb bildi. Ta’ziya kuni bir mo‘ysafid ayolning menga aytgan so‘zlari hamon esimda:
– Sening onang avliyo.
Ammo bu ayol menga yoqmagandi. O‘shanda kollejning ikkinchi bosqichida o‘qisam ham otamning jamoasiga qo‘shilmadim, birov taklif ham qilgani yo‘q. Xullas, uning ishini davom ettirishni xohlamasdim. Do‘stlarimning biri aktyor, biri yozuvchi, biri yana kimdir bo‘lishni orzu qilib yurardi. Onam meni hech narsaga, hatto kasal otamning oldiga kirib murosayu-madora qilishga ham majburlamasdi. U butun borlig‘ini menga bag‘ishlagandi. Avval boshda uyda savodimni chiqarib, so‘ng maktabga jo‘natdi. Bo‘yim baland va baquvvat bola bo‘lganim uchun o‘zimni eplashimga ishonardi. Ammo katta boshim va murg‘ak qalbim bilan uyi­mizdagi yovuzlik va nafratning sababchisi otam ekanini, u tufayli uyimizda baxtsizlik hukmronligini anglay olardim. Beg‘ubor nigohlarimga otam yirtqich maxluq, onam esa xaloskor va himoyachi bo‘lib ko‘rinardi. Ammo hikoyamning yagona sababchilari bular emas. Hayotimdagi katta dramaning sababi boshqa. Ana shu sabab meni yozishga undadi.
Men aktyor bo‘ldim. Qiziq-a? Kollejda teatrga yaqin kishilar orasida o‘ralashib yurardim va oxirgi kursda o‘qiyotganimda bir pesani sahnalashtirdim. O‘sha paytlarda radio orqali turli seriallar berib borilardi, ular orasida eng mashhuri har yakshanba kuni uzluksiz uzatiladigan Shekspir asarlari edi. Ovozim nihoyatda moslashuvchan bo‘lib, bir necha mashqdan keyin qolipga tushib ketardi. Asta-sekin radioda ham o‘z tinglovchilarimga ega bo‘ldim. Ish faoliyatimning oxirgi yigirma yilini bir musiqali shouning boshlovchiligiga bag‘ishladim. Dastur katta muvaffaqqiyat qozondi, maktublarning keti uzilmasdi. Qariyalar uyidan, ko‘zi ojizlardan, uylarida tozalash, dazmollash, pishir-kuydir bilan band bo‘lgan uy bekalari, kun bo‘yi rulda yuradigan haydovchilardan, xullas, barchadan maqtov eshitardik. Ammo mening iste’foga chiqishim muxlislarga biroz boshqacha ta’sir qildi. Ularning aytishicha, yaqin do‘stlaridan yoki oila a’zolaridan ayrilib qolgandek his etishibdi o‘zlarini. Onamning vafotidan so‘ng qalbimda yana tushkunlik paydo bo‘ldi. Bizga meros qolgan uyda yashamaganim uchun uni ijaraga bergandim, keyin uni sotmoqchi bo‘ldim. O‘zimni anchagacha yolg‘iz his etgan bo‘lsam ham, tanishlarim va do‘stlarimning davrasida bu bilinmay ketardi. Bir nechta ayol tanishlarim ham bo‘lib, ular orasida men o‘zimga yaqin oladiganim kotiba bo‘lib ishlardi. Men uchun juda ajoyib va mehribon bo‘lgan bu ayol to‘rt bolasi bilan yolg‘iz qolgan edi. Men iste’foga chiqib, eski uyimga qaytganimdan keyin u bilan telefonda ko‘p suhbatlashardim. Uni uyimga taklif qilishni rejalashtirib yurganimda uning turmushga chiqayotganidan va to‘ydan keyin Irlandiyada yashashidan xabar topdim...
Eski uyimning atrofidagi bobom qurgan bog‘ ni­hoyatda katta bo‘lib, u yerda ko‘p yillik daraxtlar, bu­talar o‘sib yotardi. Bolaligimda Pit ismli bir bog‘bon bo‘lardi va u bog‘da kun bo‘yi ishlardi. Sababini bilmadim-u, negadir u bir oyog‘ini sudrab bosardi. Garchand Pit onamning gulzor jo‘yaklarini to‘g‘rilash haqidagi takliflariga quloq tutmasa-da, onam unga muloyimlik bilan munosabatda bo‘lardi. Pit meni yoqtirmasdi, chunki unga xalal berib, jig‘iga tegardim va masxara qilib qochardim. Ammo ikkimiz ham baxtsiz taqdirning qurbonlari edik. Avval buvamning xizmatkorlari yashagan xonalarning birida Pit yashardi. Bolaligimda bu yerda Sheron Satlis degan ayol Nensi ismli qizi bilan turardi. Uning eri doktor bo‘lib, bir necha yil oldin olamdan o‘tgandi. O‘shanda u pulsiz va boshpanasiz qolgandi. Keyin otamning sug‘urta ofisiga ishga kirib uyimizda yashashgan. Birinchi marta Nensini ko‘rganimda, u uch yoki to‘rt yoshli qizaloq edi. Men uning onasini missis Satlis deb chaqirardim, chunki uning ismi o‘sha paytlarda juda kamyob edi. U ko‘pincha Nensini biz bilan sohil bo‘yiga olib borardi va bizga suzishni o‘rgatardi. Men Nensi bilan ko‘p tortishardim, onam esa:
– Nensi hali kichkina, sen unga akalik qilishing kerak, – derdi.
Keyinchalik biz yaxshi chiqishadigan bo‘ldik. Daraxtdan daraxtga sakrab o‘ynab yurardik. Qishda esa qordan koptokchalar yasab, ko‘chadan o‘tganlarni savalardik. Hovli o‘rtasida katta qorbobo yasab, so‘ng uni buzib tashlashdan ikkimiz ham rohatlanardik. Hozir uning yuzini aniq eslay olmayman. Faqatgina chiroyli sochlari, rangli qalam bilan bo‘yab qo‘yilgandek qip-qizil yanoqlari hamon ko‘z oldimda. Biz u bilan rasm chizishni yaxshi ko‘rardik. Omborxona oldida rasm chizib, bir-birimizga ko‘rsatardik. Kunlarning biridan men chizgan rasmimni unga ko‘rsatmoqchi bo‘ldim, u esa:
– Men bandman. Biroz kutib tur, – dedi menga orqasini o‘girgancha va bir ozdan so‘ng: – Senga o‘xsha­dimmi? – deya menga yuzlandi. U xuddi qoyilmaqom ish qilgandek zavqlanardi. Men esa uning yuziga qilt etmay qarab turardim. Uyda onamning iloji boricha meni ko‘zguga yaqinlashtirmasligining, barcha ko‘zgular mening bo‘yim yetmaydigan joyga ilib qo‘yilganining sababi shu ekaniga ishona olmasdim. Nensini kuchim boricha qattiq itarib tashladim-da, yugurib ketdim. Chopib ketarkanman, buning qo‘pol hazil ekanini isbotlovchi biror oynani yoki kishini topishni xohlardim. Jahlim chiqqanidan tishimni-tishimga qo‘yib, faqat Nensidan o‘ch olish haqida o‘ylardim. Hovlimiz tomon shahd bilan yugurib borib, hovli o‘rtasida oyimga ko‘zim tushdi-da, taqqa to‘xtadim. Ko‘nglim to‘lib ketganidan hiqillab yig‘lay boshladim va oyimga ayta olgan yagona gapim “Yo‘....o‘..q, mening yuzim qizil emas, yo‘...o‘..q!” bo‘ldi. Menga ko‘zi tushgan oyim qanday qilib oldimga kelganini na men, na o‘zi anglay olgan bo‘lsa kerak. Uning yuzidagi hayrat va tushunmovchilik ortimdan chopib kelgan Nensini ko‘rishi bilan g‘azabga aylandi. Lablari titrab ketdi-yu:
– Se..e..en yomon qiz e..ekansan, – deya yig‘lab yubordi. – Bizga yaqinlasha ko‘rma, aslo... Yomon qiz ekansan! Senga insoniy shafqatni o‘rgatishmagan ekan!
Baqir-chaqirni eshitgan Nensining onasi yugurib keldi:
– Ha, nima gap, nega baqiryapsiz? – dedi oyimga tikilib.
Oyim chuqur nafas oldi va:
– Men hali baqirganim yo‘q. Qizingizga... shu shafqatsiz bolangizga uyimizga qayta qadam bosmasligini aytyapman. Birovning nuqsoni ustidan kulmaslik kerakligi o‘rgatilmagan tarbiyasiz bolani ortiq ko‘rishni xohlamayman, uning tarbiyasizligiga siz aybdorsiz, – dedi go‘yo ichidagi butun nafratini to‘kib-solayotgandek. Men esa uning etagiga osilgancha:
– Bo‘ldi, oyijon, bo‘ldi!
Ammo uning ahvoli yomonlashib ko‘zlarida yosh qal­qir, tinmay titrardi. Nensining onasi esa:
– Eringizning sizga va bolangizga bo‘lgan naf­ratiga biz aybdor emasmiz. Alamingizni bor gapni aytgan boladan olmang. Xohlasangiz yordan berishim mumkin...
– Ba...a...as! Bo‘ldi qiling! – deya boshini changal­ladi oyim. Shu mahal qo‘shni ayol Nensining onasini cha­qirib qoldi. – Keting, ko‘zimdan yo‘qoling, – deb ba­qirardi onam.
Hayotimda keskin burilish yasagan ko‘ngil­siz­lik­larning bari shanba kuni bo‘lib o‘tgandi. Dushanba kuni ular uyimizni bo‘shatishdi. Ammo o‘sha kuni Nensining onasida hech qanday afsusni ham, achinish va asabiylashishni ham sezish qiyin edi. Shundan so‘ng men Nensini anchagacha ko‘rmadim. To‘g‘rirog‘i, undan shunchalar xafa edimki, hatto uni eslashni ham istamasdim. Onam ba’zan u haqdagi savollarimga nari-beri, mujmal javob berib qo‘ya qolar, o‘zining ham, mening ham, hali bitmagan yaramizni qayta jarohatlashni xohlamasdi. Uning bor fikri-xayoli meni qaysidir maktabga joylashtirish bilan band bo‘lib qoldi.
Otamning dafn marosimidan bir kun o‘tgach, men oyimdan restoranga borishni so‘radim. Mening bu gapim uni rosa hayratlantirdi:
– Men shu la’nat tekkan uyda bir umrga mixlanib qo‘yilganman, deb o‘ylardim.
O‘shanda onam birinchi marta men bilan vino ichdi, o‘ziga butunlay yot muhitda uning ruhi biroz yengil tortganini sezardim. Ammo o‘sha kuni aytgan bir gapim onamning yuragida bir umrlik dard bo‘lib qolganini aslo unuta olmayman:
– Otam mening haqiqiy otam emasdi! Shundaymasmi?
– Esingni yig‘! Gapingni o‘ylab gapir! – dedi onam ko‘z ostidagi asab tolalarining titraganini ko‘rsatib.
Men oyimga yuzimdagi va ovozimdagi mungni ko‘rsatmagan bo‘lsam-da, yuragimni ezayotgan gaplarning ko‘pini to‘kib solgandim. Onam ham menga Nensi haqidagi bir gapni aytdi. Aytishicha, Nensi onasi bilan bizning uydan ketib alohida yashashganida bir noxush voqea sodir bo‘lgan ekan. Kuz tonglarining birida onasi uni yuvinish xonasidan qonga belangan holda topib oladi. Kichkina qizaloq bo‘lgan Nensi yoshlik qilib ustara bilan yuzining terisini shilib olgan ekan. O‘sha paytlarda biz tomonlarga tez yordam mashinasi kelmasdi, hisob. Onasi bir amallab uni kasalxonaga olib borgan.
– Endi uning yanoqlarida ham senikidek chandiq bor, – dedi oyim chuqur xo‘rsinish bilan. Men esa uning so‘zlarini go‘yo nafas olmay eshitardim.
– O‘g‘il bola bo‘lganda ham mayli edi. Lekin qiz bolaga bunday chandiq bilan yurish azob, – qo‘shib qo‘y­di onam.
– Hozir plastik operatsiyalar rivojlanib ketgan. Bir ilojini qilishgandir, – dedim o‘zimni beparvo tutib.
Onam to o‘sha paytgacha menga bu haqda aytishdan yoki o‘zim biror narsa so‘rab qolishimdan qo‘rqib yurganini ham aytdi. Suhbatimiz oxirida Nensiga uylanishimni istashini eshitib biroz ajablangandim...
Bir necha kun oldin bog‘imizdagi bir eski olma daraxtining atroflarini tozalayotganimda ko‘zimga nimadir kirib ketganini sezdim. Ko‘zim shunchalik achishib qichishdiki, chiday olmadim. Qanday qilib kasalxonaga borganim hozir yodimda yo‘q. O‘zimga kelganimda esa ko‘zlarim bog‘langan va shifokorlar bir kun kasalxonada qolishim kerakligini aytishdi. Ko‘z to‘qimalarim jarohatlangani sabab ikki ko‘zimga ham dori bog‘lashdi. Kasalxonadagi bir kecha nihoyatda notinch o‘tdi. Ko‘zlarim bog‘langani sababmi, bilmadim, xuddi butun vujudim quloqqa aylangandek va eng past tovushni ham eshitayotgandek edim. Ayniqsa, xonam tomon yaqinlashayotgan oyoq tovushini. Bu ayol kishining qadam bosishi, lekin ichimda nimadir bu hamshira emasligini bot-bot takrorlardi.
– Nimagadir uxlay olmayapsizmi? – degan savoldan ovoz kelayotgan tomonga o‘girildim. – Men sizga suhbatdosh bo‘lishim mumkin, – davom etdi u, men esa uning qaerdaligini bilish uchun qo‘llarimni havoda harakatlantirardim.
– Men shunchaki, siz bilan gaplashib o‘tirmoqchiman, – dedi yoqimli ovoz sohibasi. – Agar siz xohlasangiz, albatta. Bu yerdagi ko‘p odamlar ko‘zlari bog‘langan holda yotishdan zerikishadi.
– Suhbat mavzusini o‘zlari tanlashadimi yoki siz? – so‘radim men.
– Albatta o‘zingiz tanlaysiz.
– Men she’riyatni sevaman.
– Men unchalik ham mahorat bilan o‘qiy olmayman.
Buni men allaqachon payqagandim, chunki bu borada radioda orttirgan tajribam bor.
– Biz bir o‘yinni ham o‘ynasak bo‘ladi, – dedi u hamon ko‘tarinki ovozda. – Men she’rning bir yoki ikki qatorini o‘qiyman, siz esa qolganini topishga urinib ko‘rasiz. Kelishdikmi?! Ma’qulmi sizga?
– Yaxshi.
– Qirol turar savlat to‘kib… – deya she’rning birinchi qatorini o‘qidi va mening javobimni kutardi.
– Qo‘lda qadah, vino ichib... – hozirjavobligim uni ruhlantirib yubordi va she’rning davomini o‘qishga tutindi. Uning quvnoq kayfiyati menga ham ta’sir qildi va shu tariqa anchagacha mushoira qildik.
– Juda ajoyib! Xuddi radiodagidek. Men sizni radio orqali tinimsiz eshitib borardim.
– Nahotki! Rostdanmi? – hayajonlanib ketdim to‘­satdan.
– Albatta. Bir men emas, ko‘pchilik shunday qi­lardi.
U she’r o‘qishni to‘xtatdi va men tomonga yaqin­lashdi:
– Juda qisqa nafas olyapsiz, – dedi u va yumshoq qo‘llarini lablarim ustida sekin harakatlantirdi... Yuzimga urilayotgan issiq nafasidan uning menga qanchalar yaqin turganini his etdim.
– Endi men borishim kerak. Ammo bir misrani aytmoqchiman. “Hech kim yig‘lamaydi sening-chun uzoq, Seni sog‘inaman, qilaman duo. Yoding qolar qalbimda shundoq...”
– Men buni oldin eshitmagan ekanman, – dedim she’rning ta’sirida hislarimga ko‘milgancha.
– Rostdanmi? – dedi u. Garchi uning yuzini ko‘r­mayotgan bo‘lsam-da, uning ko‘zlaridagi ma’noni uq­qan­dek bo‘ldim.
– Rostdan. Siz g‘olibsiz...
Bu bizning birinchi va oxirgi suhbatimiz bo‘l­di. Men uning yuzini ko‘rmagan bo‘lsam-da, hamon qo‘n­g‘iroqdek ovozi qulog‘im ostida jaranglab turadi.
Kech kuz edi... Uydagi eski kitoblarning bir qan­chasini xayr-ehson tashkilotiga berish uchun saralayotgan edim. To‘satdan kitoblardan birining ichidan sarg‘ayib ketgan qog‘ozni topib oldim. Unda qalam bilan yozilgan bir she’r bor edi. Buni onam yozmaganini aniq bilaman, biroq otam yozganiga ham shubham bor. Unda kim? Bilmadim! She’rning hatto sarlavhasi ham yo‘q edi. Faqat qog‘ozning oxirida muallifning nomi «Volter de la Mare» deya qayd qilingandi. She’rga ko‘z yugurtirarkanman, unda shunday satrlar bor edi.
Yo‘qdir hech qanday alam,
Ruhingga bo‘lay malham....
Qara, quyosh charaqlar,
Gullar yuzida xanda...
Ammo she’rning oxirgi satrlarini o‘qiganimda boshimdan sovuq ter quyilgandek, qalbimning bir chetini kemirib yotgan allaqanday nomsiz tuyg‘ular g‘alayon ko‘targandek bo‘ldi.
Hech kim yig‘lamaydi sening-chun uzoq,
Seni sog‘inaman, qilaman duo.
Yoding qolar qalbimda shundoq,
Garchi sen bo‘lasan mendan ko‘p yiroq.
Ha, bu o‘sha men oxirini topolmagan to‘rtlik... Ha, o‘sha... Bu she’rni o‘qiganimdan so‘ng qattiq turib olgan qarorimni o‘zgartirishni o‘ylab qoldim. Uyni sotmayman, deb ta’kidladim o‘z-o‘zimga...
Ishonchim komilki, agar men Nensini biror yerda uchratib qolsam, ko‘chadami, bekatdami, umuman qaerda bo‘lsada, ikkalamiz ham yuzimizdagi dog‘dan uyalib, bir-birimizning ko‘zimizga qaray olmagan bo‘lardik. Naridan beri so‘rashib, o‘zimizni shoshayotgandek ko‘r­satib xayrlashgan bo‘lardik. Balki boshqacha ham bo‘lishi mumkindir!
Bilasizmi, inson hayotida shunday voqealar bo‘­ladiki, u butun hayotingizni o‘zgartirib yuboradi. Bu shunchaki voqea emas, uning ahamiyatini siz bir umr yashab ham bilmasligingiz mumkin...

Ingliz tilidan Mukarram Otamurodova tarjimasi.
“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 3-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.