OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Andre Morua. Oltin yombining qarg‘ishi (hikoya)

Men Nyu-Yorkdagi "Oltin ilon" restoranining doimiy mijozlaridan edim. Bu gal restoranga kirishim bilan birinchi stolda o‘tirgan kichik jussali cholga ko‘zim tushdi. Uning oldida taqsimchada qonlari silqib turgan bifshteks bor edi. Rostini aytganda, avval diqqatimni go‘sht o‘ziga jalb qildi, chunki yilning bu faslida go‘sht kamchilroq bo‘lardi. Keyin esa men cholning o‘ziga, uning ma’yus yuziga qiziqib qoldim. Men bir lahzada uni avval ham uchratganimni his qildim. Bilmadim, Parijdami yo boshqa biror joydami? Stol yoniga o‘rnashib o‘tirib olgach, xo‘jayinni chaqirdim. Asli Perigordan kelib qolgan bu abjir va chaqqon odam kichkinagina, torgina yerto‘lani shinavandalarning sevimli maskaniga aylantirgan edi.
— Ayting-chi, janob Rober, eshikning o‘ng tomonida o‘tirgan anavi qariya kim bo‘ldi? Adashmasam, fransuz bo‘lsa kerak-a?
— Qaysisini aytyapsiz? Stol ortida yolg‘iz o‘tirgan odammi? U kishi janob Borak bo‘ladi. Bu yerga har kuni kelib turadi.
— Borak? Sanoatchimi? Ha, albatta. Endi tanidim. Lekin avval men uni bu yerda biron marta ham ko‘rmagan edim.
— U odatda hammadan avval keladi. Yolg‘izlikni yaxshi ko‘radi. Xo‘jayin stolim ustiga egildi-da, ovozini pasaytirib qo‘shib qo‘ydi:
— Uning o‘zi ham, xotini ham allanechuk g‘alati odamlar... Rost aytaman, jinday dovdirroqmi-ey. Ko‘rib turibsiz, hozir bir o‘zi nonushta qilyapti. Bugun kechqurun soat stgida keling — uning xotinini ko‘rasiz. U ham bir o‘zi o‘tirib ovqatlanadi. Bir-birlarini ko‘rgani ko‘zlari yo‘q bo‘lsa kerak deb o‘ylash mumkin. Haqiqatda esa juda inoq yashashadi. Ular "Deltoniko" mehmonxonasida istiqomat qilishadi. Men ularni tushuna olmayman. Turgan-bitganlari jumboq!..
— Xo‘jayin! — deb chaqirdi yugurdak bola. — O‘n beshinchi stol bilan hisob-kitob qilar ekansiz.
Janob Rober ketdi. Men esa bu g‘aroyib er-xotin haqida o‘ylay boshladim... Ha, albatta, men u bilan Parijda tanishgan edim. U yillarda, ya’ni ikkita jahon urushi oralig‘ida u tez-tez dramaturg Fabernikiga kelib turardi. Faberning unga allanechuk tushunib bo‘lmaydigan moyilligi bor edi; aftidan, ularni qandaydir mushtarak tashvishi birlashtirib turardi — ularning ikkovi ham sarmoyalarini eng ishonchli joyga qo‘yishni o‘ylar va to‘plagan pullaridan ajrab qolishdan qo‘rqishardi. Borak... Hozir u saksonlarga borib qolgan bo‘lsa kerak. 1923 yillar tevaragida sarmoyasi bir necha millionga yetganini esladim. O‘sha paytda frankning qadrsizlanishidan bechora ancha kuygan edi.
— Bema’nilik! — deya xunobi chpqardi uning. — Qirq yil ter to‘kib mehnat qilay-da, oxirida kunlarim qashshoqliqda o‘tsinmi? Rentam bilan obligatsiyalarimning ikki pullik qadri qolmadi. Bu ham yetmagandek, sanoat korxonalarining aktsiyalari ham ko‘tarilmay qoldi. Pullar ko‘z o‘ngimizda kulga aylanyapti. Qariganda kunimiz nima kechar ekan?
— Mendan o‘rnak oling, — deb maslahat berdi unga Faber. — Men jamiki pulimni funtga aylantirib qo‘ydim... Funt ishonsa bo‘ladigan valyuta...
Oradan uch-to‘rt yil o‘tgandan so‘ng ikkala og‘aynini yana uchratdim. Ular sarosimada edilar. Borak Faberning maslahatiga amal qilipti. Ammo shundan keyin Puadkare frankning kursinn ko‘tarishga muvaffaq bo‘lipti. Funt esa juda tushib ketipti. Endi esa Borak qanday qilib daromad solig‘iga chap berish yo‘linp o‘ylamoqda edi. O‘sha kezlarda daromad solig‘i ham o‘sa boshlagandi.
— Kip-qizil bolasiz-a, — deb koyidi uni Faber. — Mening gapimga kiring... Dunyoda hech narsa kor qilmaydigan bitta-yu bitta narsa bor — oltin... 1918 yilda oltin yombilarini olib qo‘yganingizda daromadingiz uncha ko‘p bo‘lmas edi, lekin hech kim sizga soliq ham solmas edi. Qarabsizki, bugun boyu-badavlat bo‘lib turaverar edingiz... Bor-yo‘g‘ingizning hammasinp oltinga aylantiring-da, bemalol uyquni uravering.
Eru xotin Boraklar Faberning gapiga kirishdi. Ular tilla sotib olishdi, bankda po‘lat sandiqni pjaraga olishdi, keyin vaqti-vaqti bilan bu moliya ma’budiga borib, xursandliqdan og‘izlarining tanobi qochib, oltin sanamlariga ta’zim qilib turishdi. Keyin men o‘n yilcha ularni nazardan qochirib qo‘ydim. Keyin ularni 1937 yilda Fobur-Sent-Onoreda rasmlar sotadigan savdogarning do‘konida uchratdim. Borak o‘zini juda sipo tutardi, qora shohi ro‘mol o‘rab olgan jussasi kichik Borak xonim esa juda anoyi va samimiy ko‘rinardp. Borak xijolat cheka-cheka mendan maslahat so‘radi:
— Siz, do‘stim, o‘zingiz san’at odamisiz. Nima deb o‘ylaysiz, sizningcha, impressionistlarning narxi yana ko‘tarilishiga umid qilsa bo‘larmikin? Bilmayman deysizmi? Ancha-muncha odam shunday bo‘lishi mumkin deb hisoblayapti. Lekin impressionistlarning rasmlari shundoq ham juda qimmatlashib ketgan-ku! Eh, ularning rasmlarini asr boshida olib qo‘ymaymanmi!.. Undan ham ko‘ra, qaysi oqim modaga kirishini oldindan bilib, ularning rasmlarini hozir arzon-garov sotib olib qo‘ysa xo‘p zo‘r ish bo‘lardi-da! Biroq chatoq joyi shundaki, bu ishda oldindan hech kim kafolot berolmaydi. Xo‘b zamonlarga qoldik-da! Hatto ekspertlar ham ojiz. Ishonasizmi, azizim, men ulardan so‘radim: "Yaqin o‘rtada qanday rasmlarning bahosi ko‘tariladi?" Ular bo‘lsa dudmallanadi, dami ichiga tushib ketadi. Bittasi Utrilloning bahosi oshadi deydi. Ikkinchisi Pikassoni aytadi... Ammo bular ko‘pdan beri yaxshi tanilib qolgan nomlar-da...
— Xo‘sh, tillalaringiz nima bo‘ldi? — deb so‘radim undan.
— Tillalarim o‘zimda, o‘zimda... Men yana ancha-muncha yombi sotib odtsim... Ammo hukumat tillani musodara qilishni o‘ylayapti. Po‘lat sandiqlarni ochish payidan bo‘layapti... O‘ylashga qo‘rqasan, kishi... Bilaman, siz aytmoqchisizki, eng ma’quli hammasini xorijga o‘tqazib qo‘yish... Bu gap-ku to‘g‘ri-ya!... Lekin qayoqqa? Britaniya hukumati ham xuddi biznikidek iddizga bolta uradigan xilidan... Gollandiya bilan Shveytsariya urush bo‘lib qolgan taqdirda juda katta xavf ostida qolishadi. Faqat Qo‘shma Shtatlar qolyapti. Biroq Ruzvelt prezident bo‘lgandan beri dollar ham... Bundan tashqari ko‘chib borib o‘sha yerda istiqomat qilish kerak bo‘ladi. Aks hodda, bir emas, bir kuni sarmoyalarimizdan uzilib qolishimiz hech gap emas...
O‘shanda unga nima deb javob berganim esimda yo‘q. Bu eru xotinlar g‘ashimga tega boshladi — butun olamga o‘t ketyapti-yu, ular o‘zlarining xumchalaridan boshqa hech narsani o‘ylamaydilar. Muzeydan chiqib ular bilan xayrlashdim-da, xush axloqli, lekin qora libosga o‘ralib olgan bu ikki mudhish siymo mayda-mayda ehtiyotkor qadamlar bilan ketib borayotganiga ancha vaqt qarab qoldim. Mana, endi men Leksington-avenyudagi "Oltin ilon"da Borakka ro‘para kelib o‘tiribman. Urush boshlanganda ular qaerlarda yurishdi ekan? Qaysi shamol uchirib olib keldi ularni Nyu-Yorkka? Qiziqish tobora ortib borardi. Borak o‘rnidan qo‘zg‘olganda, men uning oldiga bordim-da, o‘zimni tanitdim.
— O, bo‘lmasa-chi! Albatta, esimda, — dedi u. — Sizni ko‘rganimdan juda xursandman, azizim. Biznikiga bir piyola choyga kirib chiqarsiz? Yo‘q demassiz? Biz "Delmoniko" mehmonxonasida turamiz. Xotinimning boshi osmonga yetadi... Biz bu yerda juda siqgoshb ketganmiz. Na u, na men inglizcha bilamiz.
— Amerikada doimiy yashayapsizmi?
— Boshqa ilojimiz yo‘q, — deb javob berdi u. — Biznikiga keling, hammasini tushuntirib beraman. Ertaga soat beshlarga.
Men uning taklifini qabul qildim va aniq aytilgan vaqtga yetib bordim. Borak xonim hamon o‘sha 1923 yilgi qora shohi ko‘ylakda, bo‘ynida bir shoda noyob dur. U menga juda ham kayfi buzuq ko‘rindi.
— Shunday siqilganmanki, qo‘yaverasiz, — deb shikoyat qildi u. — Biz shu ikki xonaga qamalib olganmiz. Yaqin-atrofda bironta tanish zot yo‘q... Umrimning oxiri shunaqa badarg‘ada o‘tadi deb sira o‘ylamagan edim.
— Kim sizni bunga majbur qilyapti, xonim? — deb so‘radim men. — Menga ma’lum bo‘lishicha, shaxsan sizning iemislardan qo‘rqishingiz uchun hech qanday sabab yo‘q. Ya’ni aytmoqchimaiki, siz ularning xumi ostida yashashni xohlamagansiz, buni bilaman, albatta. Lskin o‘z ixtiyoringiz bilan badarg‘a bo‘lish, tilini bilmaydigan begona yurtlarga kelish...
— Nima deyapsiz, nemislarning bu ishga sira daxli yo‘q, — dedi u. — Biz bu yerga urushdan ancha oldin kelganmiz.
Uning eri o‘rnidan turdi, eshikni ochib yo‘lakka nazar tashladi, hech kim bizning gaplarimizga quloq solmayotganiga ishonch hosil qilib, eshikni qulfladi-da, o‘rniga qaytib o‘tirib, shivirlab dedi:
— Men sizga hammasini gapirib beraman. Tshshngiz mustahkam ekaniga ishonchim komil, do‘stona maslahat esa hozirgi ahvolimizda bizga juda qo‘l kelardi. Rost, bu yerda mening o‘z advokatim bor, lskin siz meni yaxshiroq tushunasiz... Bilasizmi... Esingizdami-yo‘qmi, bilmadim — Hokimiyat tepasiga xalq fronti kelgandan keyin biz oltinimizni fransuz bankida saqlashni xatarli deb hisobladik va uni Qo‘shma Shtatlarga o‘gkazib yuborishning ishonchli yashirin yo‘lini topdik. Tabiiyki, o‘zimiz ham bu yerga ko‘chib o‘tishga qaror qildik. Axir, oltinimizni takdir qo‘liga berib, indamay qarab turolmas edik-da... Xullas, bu o‘rinda tushuntirib o‘tirishning hojati ham yo‘q. 1938 yilga kelib, oltinlarimizni qog‘oz pulga — dollarga aylantirdik. Amerikada pul boshqa qadrsizlanmaydi deb hisobladik-da (bu hisobimiz to‘g‘ri chiqdi ham). Bundan tashqari ba’zi bir boxabar odamlar bizga ma’lum qilishdiki, ruslarning geologiya sohasidagi yangi izlanishlari natijasida oltinning bahosi tushib ketadi... Buni eshitgandan keyin "pulimizni qanday asramoq kerak?" degan masala ko‘ndalang bo‘ldi. Bankda hisob ochmoq kerakmi? Pullarni qimmatli qog‘ozlarga aylantirgan ma’qulmi? Yo aktsiyalar sotib olmoq zarurmi? Agar biz Amerikaning qimmatli qog‘ozlarini xarid qilsak, daromad solig‘i to‘lash kerak edi. Amerikada esa bu soliq juda baland... Shuning uchun hammasini qog‘oz dollarlarda qoldira qoldik.
Men toqatim toq bo‘lib, uning gapini bo‘ldim:
— Bundan chiqadiki, siz ellik foizlik soliqni to‘lamaslik uchun o‘zingizga o‘zingiz yuz foizlik soliq solibsiz-da?
— Bu yerda boshqa sabablar ham bor edi, — deb davom etdi u yanada sirliroq ohangda. — Biz urush yaqinlashib kelayotganini his qildik. Hukumat bankdagi hisoblarni harakatdan to‘xtatib, po‘lat sandiqlarni ochadimi deb qo‘rqdik. Buning ustiga biz Amerika grajdanligiga ega emasmiz... Shuning uchun ham pulimizni hamisha yonimizda saqlashga ahd qildik.
— "Yonimiz"da deganingiz nimasi? — deb xitob qildim men. — Shu yerda, mehmonxonadami?
Ikkovlari ham bir amallab jilmaygan bo‘lib, bosh irg‘adilar va o‘zlaridan mamnun bir kayfiyat bilan bir-birlariga qarab olishdi.
— Ha, — deb davom etdi u eshitilar-eshitilmas ovozda. — Shu yerda, mehmonxonada. Biz dollarlarimizni ham, jinday tillamiz bor edi, uni ham qo‘shib, katta chemodanga joylab qo‘ydik. Chemodan shu yerda, xobxonamizda...
Borak o‘rnidan turdi, qo‘shni xonaga qaragan eshikni ochdi va meni ostonaga olib borib, ichkarida yotgan qora chemodanni ko‘rsatdi. U ko‘rinishidan juda oddiy chemodan edi.
— Mana u, — dedi Borak shivirlab va asta eshikni yopdi.
— Biror odam chemodandan xabar topib qoladi deb qo‘rqmaysizmi? Buni qarang-a, har qanday o‘g‘rini yo‘ldan ozdiradigan luqma-ku bu!
— Yo‘q, — dedi u. — Birinchidan, chemodanni advokatimizdan boshqa hech kim bilmaydi. Mana endi, siz biddingiz. Sizga to‘la ishonaman... Yo‘q, gapimga ishonavering, hammasini obdon o‘ylab ko‘rganmiz. Oddiy chemodan hech qachon diqqatni jalb qilmaydi. Unda butun boshli xazina yotgani hech kimning kallasiga kelmaydi. Buning ustiga biz ikkovimiz bu xonani kechasi-yu kunduzi qo‘riqlab chiqamiz.
— Hech qachon xonani xoli qoldirmaysizlarmi?
— Xonada birimiz bo‘lmasak, birimiz, albatta, bo‘lamiz. Bizning to‘pponchamiz bor, uni chemodanning yonida g‘aladonda saqlaymiz. Hech qachon xonani ikkovimiz baravar tark etmaymiz. Men siz bilan uchrashgan fransuz restoranida nonushta qilaman. Xotinim u yerda tushlik qiladi. Chemodan hech qachon qarovsiz qolmaydi. Tushundingizmi?
— Yo‘q, azizim janob Borak, tushunmayapman, tushuna olmayapman — nima uchun sizlar o‘z-o‘zlaringizni mana shunday ayanchli ahvolga solib qo‘ydinglar? Nima uchun o‘zlaringni o‘zlaring qamab, azob chekib yotibsizlar? Soliqmi?.. Jin ursin uni-ey! Axir, pullaringiz umringizning oxirigacha bemalol yetib ortmaydimi?
— Gap bunda emas, — deb javob berdi u. — Shunchalik mashaqqat bilan topgan pulimni boshqalarga tutqazib qo‘ymoqchi emasman.
Men gapni boshqa yoqqa burmoqchi bo‘ldim. Borak o‘qimishli odam edi, tarixni yaxshi bilardi. Bir vaqtlar u dastxatlar yiqqan edi. Unga shuni eslatmoqchi bo‘ldim. Biroq xotini eridan ko‘ra ko‘proq vas-vasga uchragan ekan — u gapni yana avvalgi o‘zaniga qaytardi. Uni qiziqtirgan birdan-bir masala shu edi.
— Men bir odamdan qo‘rqaman, — dedi u shivirlab. — Bu nemis, ertalablar xonamizga nonushta olib keladigan mehmonxona xodimi. Ba’zan u mana shu eshikka shunaqa qaraydiki, uni ko‘rib qo‘rqib ketaman. Darhol ko‘nglimda shubha paydo bo‘ladi. Rost, u kelganida hamisha ikkovimiz ham uyda bo‘lamiz, shuning uchun xatar unchalik katta emas deb o‘ylayman.
Ularning yana bir tashvishi — kuchuk edi. Bejirim, o‘lguday ziyrak kuchukcha har doim mehmonxonaning bir burchagida yotardi. Biroq uni kuniga uch mahal tashqariga olib chiqib, aylantirib kelish kerak edi. Bu vazifani ham eru xotin navbatma-navbat bajarishardi. Men ularnikidan o‘zimda yo‘q holatda ketdim — vas-vasga tushgan bu ikki odamning o‘jarligi g‘azabimni qo‘zg‘adi. Ayni choqda, ularning fe’lu atvorida meni mahliyo etgan nimadir bor edi.
O‘shandan beri men roppa-rosa soat yettida "Oltin ilon"da bo‘lmoq uchun ishdan vaqtliroq chiqib ketadigan bo‘ldim. Restoranga borib, Borak xonimning stoliga o‘tirar edim. U eridan ko‘ra so‘zamolroq edi va yuragidagi dardlarini hamda rejalarini bamaylixotirroq gapirib berardi.
— Ejen g‘oyatda noyob aql egasi, — dedi u menga bir kuni oqshom. — Biror ish qilsa, hamisha hamma tomonini puxta o‘ylab qiladi. Bugun kechasi kallasiga bir o‘y kelipti: hukumat xususiy odamlar qo‘lida pul to‘planib qolishiga qarshi kurash maqsadida ularni almashtirish haqida buyruq chiqarsa nima bo‘ladi? Unda nima qilish kerak? Biz dollarlarimizni ko‘rsatishga majbur bo‘lamiz-ku!
— Shuning ham tashvishi bormi?
— Bo‘lganda ham, juda katta tashvishi bor-da, — deb javob berdi Borak xonim. 1943 yidda Amerika g‘aznasi muhojirlarning molu mulkini ro‘yxatdan o‘tqazishni e’lon qilganida, biz hech narsamizni ko‘rsatganimiz yo‘q... Endi bo‘lsa ancha jiddiy ko‘ngilsizliklarga duch kelmog‘imiz turgan gap... Ejen shunga qarshi yangi reja o‘ylab qo‘yipti. Janubiy Amerikaning ba’zi bir respublikalarida umuman daromad solig‘i Yo‘q emish. Qaniydi endi pullarimizni o‘sha yoqqa o‘tqazishga muvaffaq bo‘lsak...
— Ammo ularni bojxonada ko‘rsatmasdan qanday olib o‘tish mumkin?
— Ejenning aytishicha, biz qaysi mamlakatga ko‘chib o‘tmoqchi bo‘lsak, avval shu mamlakatning fuqaroligini qabul qilmog‘imiz kerak bo‘larkan. Agar biz, aytaylik, Urugvay fuqarosi bo‘lsak, unda qonunga muvofiq pullarimizni bexavotir o‘tkazib olishimiz mumkin bo‘ladi.
Bu g‘oya menga shu qadar ma’qul bo‘ldiki, ertasiga ertalab nonushtaga restoranga yetib keddim. Borak meni ko‘rib har doimdagidek xursand bo‘ldi.
— Marhamat, xush kelibsiz, — deb men bilan salomlashdi u. — Ayni vaqtida keldingiz-da. Men sizdan ba’zi narsalarni so‘rab olmoqchi edim. Venesuelaning fuqaroligiga o‘tmoq uchun qanaqa hujjatlar zarur bo‘larkin, bilmaysizmi?
— Xudo haqqi, bilmayman-a, — dedim men.
— Kolumbiya uchun-chi?
— Butkul bexabarman. Eng yaxshisi, bu mamlakatlarning elchixonasiga murojaat qilish kerak.
— Elchixonaga deysizmi? Nima balo, hushingiz joyidami? Hammaning e’tiborini jalb qilaylikmi?
U qovrilgan jo‘ja turgan taqsimchasini ijirg‘anib nari surib qo‘ydi-da, xo‘rsindi:
— Qanaqa zamonlarga qoldik-a? O‘zingiz o‘ylang — agar biz 1830 yilda tug‘ilgan bo‘lganimizda tinchgina, xotirjam hayot kechirgan bo‘lardik — soliqchilarning zulmidan ham xoli bo‘lardik, bizni tunab ketishadi degan xavotir ham bo‘lmas edi. Hozir bo‘lsa, qaysi bir mamlakatni olma, hammasi yo‘lto‘sar, qaroqchi bo‘lib ketgan... Hatto Angliya ham... Men u yerga besh-oltita rasm bilan gobelen-gilamlarni yashirib qo‘ygandim. Keyin ularni bu yerga olib kelmoqchi bo‘ldim. Bilasizmi, ular mendan nima talab qilishdi? O‘sha buyumlarni mamlakatdan olib chiqib ketish uchun yuz foiz mikdorda boj to‘lash kerak emish. Axir, bundan ko‘ra o‘sha buyumlarni musodara qilib qo‘ya qolsa bo‘lmaydimi? Kuppa-kunduz kuni odamni talashdan o‘zga narsa emas-ku! Haqiqiy talonchilik...
Shundan keyin oradan ko‘p o‘tmay ishlarim yuzasidan Kaliforniyaga ketishimga to‘g‘ri keldi. Boraklar oxir-pirovardida qaysi mamlakatning — Urugvaymi, Venesuelami yoxud Kolumbiyaningmi — fuqaroligini qabul qilishganidan bexabar qoldim. Bir yildan keyin Nyu-Yorkka qaytganimda, "Oltin ajdarho"ning xo‘jayini janob Roberdan ularni surishtirdim.
— Boraklar qalay yurishipti? Hali ham kelib turishadimi?
— Nimalar deyapsiz? — deb javob berdi u. — Nahotki, xabaringiz bo‘lmasa? Xotini o‘tgan oyda vafot qildi. Yuragi yorildi, shekilli. O‘shandan beri erini ham ko‘rganim yo‘q. Betob bo‘lib qoldimi g‘amdan deyman-da...
Lekin men Borakning g‘oyib bo‘lib qolganiga sabab butunlay boshqa narsa deb o‘yladim. Men cholga ta’ziya izhor etib, uch-to‘rt enlik maktub yozib yubordim. Undan huzuriga borishga ruxsat so‘radim. Ertasi kuni u menga qo‘ng‘iroq qilib, huzuriga taklif qildi. Chol ozib ketipti, rangida rang qolmapti, lablari ham butunlay gezargan. Ovozi zo‘rg‘a chiqadi.
— Boshingizga tushgan ko‘rgilikni men kechagina eshitdim, — dedim. — Sizga biror foydam tegib qolmasmikin? Boshingizga tushgan judolik turmushingizni juda ham qiyinlashtirib yuborgan bo‘lsa kerak?
— Yo‘q, yo‘q, unaqa bo‘lmadi, — deb javob berdi u. —Men uydan chiqmaslikka ahd qildim... Boshqa choram yo‘q. Chemodanni qoldirishga qo‘rqaman, ishonadigan biror kimsa yo‘q... Shuning uchun ovqatni shu yerga olib kelib berishlarini buyurdim.
— Bunaqa butkul qamalib o‘tirish sizga malol kelsa kerak?
— Yo‘q, yo‘q, sira malol kelmaydi... Hamma narsaga ko‘nikib qolar ekansan... Derazadan o‘tgan-ketganlarga, mashinalarga qarab o‘tiraman... Keyin bilasizmi, bunaqa tarzda turmush kechira boshlaganimdan keyin boshimdagi xavf-xatarlardan butkul xalos bo‘lganday his qilyapman... Avvallari nonushta qilganimda, butun bir soat mobaynida xotirjamlik nimaligini bilmay qolardim: men yo‘g‘imda biron korhol bo‘lmadimikin deb o‘ylardim... Albatta, uyda sho‘rlik xotinim qolgan bo‘lardi, lekin men uning to‘pponchani eplashini sira tasavvur qilolmasdim. Buning ustiga yuragi xasta bo‘lsa... Endi bo‘lsa, eshikni qiya ochib qo‘yganman. Chemodan hamishako‘z o‘ngimda... Binobarin, men uchun eng qadrli narsa hamisha o‘zim bilan. Bu esa tortayotgan azoblarim evaziga menga berilgan mukofotdir. Faqat Ferdinandga jabr bo‘lgani qoldi, xolos.
Kuchuk o‘z ismini eshitib yaqinroq keldi va xo‘jayinning oyog‘i tagiga o‘tirib, unga savolchan nigoh tashladi.
— Ana ko‘rdingazmi, endilikda uni o‘zim aylantirib kelolmayman, lekin bir yugurdak bolani yollaganman. Bu yerda ularni "ve-vou" deb atashadi. Hayronman, nega hamma joydagi kabi jo‘ngina qilib "dastyor" deb qo‘ya qolishsa bo‘lmasmikin? Xudo haqki, bu amerikaliklarning inglizcha talaffuzlari meni aqddan ozdiradi, shekilli. Xullas, men dastyor yollaganman. U jinday haq evaziga Ferdinandni olib chiqib, aylantirib keladi. Shunday kilib desangiz, bu muammo hal bo‘ldi... Menga yordam berishga tayyor ekaningiz uchun sizdan bag‘oyat minnatdorman, aziz do‘stim, rahmat, lekin men hech narsaga muhtoj emasman.
— Janubiy Amerikaga ketish niyatidan voz kechdingizmi?
— Albatta, do‘stim, albatta... Endi u yerga borib nima qilaman? Vashington pul almashtirish to‘g‘risida gapirmay qo‘ydi, mening yoshim esa...
U chindan ham qarib qolgan edi. Hozirgi yashash tarzi ham unga foyda qil-mayotgan bo‘lsa kerak. Yonoqlaridagi qizili o‘chib ketib, zo‘rg‘a-zo‘rg‘a yuradigan bo‘lib qolipti.
"Uni, umuman tiriklar qatoriga qo‘shib bo‘larmikin?" degan xayol o‘tdi ko‘nglimdan. Unga hech narsada yordam berolmasligimga ishonch hosil qilgach, men xayr-ma’zur qildim. Men gohi-gohida uning oldiga kelib turishga qaror qildim, ammo bir necha kundan keyin "Nyu-York tayms" gazetasini ochib, "Fransuz muhojirining o‘limi. Chemodan to‘la dollar!" degan sarlavhaga e’tibor berdim. Men xabarga ko‘z yugurtirib chiqdim. Haqiqatan ham, gap mening Borakim haqida borardi. Ertalab uning jasadini topishibdi. U ustiga odeyal yopingan holda qora chemodan uzra cho‘zilib yotgan ekan. U o‘z ajali bilan o‘lipti, uning xazinasi bus-butun va daxlsiz turgan ekan. Men dafn kunini bilmoq uchun "Deltoniko" mehmonxonasiga kirdim. Mehmonxona xodimidan Ferdinandni nima qilishganini so‘radim.
— Janob Borakning kuchugi nima bo‘ldi?
— Hech kim uni "men olaman" degani yo‘q, — deb javob berdi u. — Shuning uchun uni itxonaga berib yubordik.
— Pullar-chi?
— Agar merosxo‘rlari chiqmasa, pullar Amerika hukumatining mulkiga aylanadi.
— Buni qarang-a! Intiho ham chiroyli bo‘lipti, — dedim men.
Shunday deganimda, men pullarning qismatini nazarda tutgan edim, albatta.

Rus tilidan Ozod Sharafiddinov tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnalining 1998 yil, 12-sonidan olindi.
© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.