OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Andre Morua. "Tanatos" mehmonxonasi (hikoya)

— "Stil"ning aktsiyalari qanday ketyapti? — deb so‘radi Jan Mone.
— Ellik to‘qqiz-u chorakdan, — deb javob berdi o‘n ikkita mashinistkadan bittasi.
Yozuv mashinkalarining chaqir-chuqurida jaz ohanglari eshitilardi. Derazadan Manxettenning beso‘naqay qomati ko‘rinib turipti. Telefonlar xirillaydi, qog‘oz tasmalar shosha-pisha yuqoriga o‘rlaydi. Kontora harflaru raqamlar yozilgan ensiz qog‘oz laxtaklariga to‘lib ketgan.
— "Stil" qalay ahvolda? — deb yana so‘radi Jan Mone.
— Ellik to‘qqiz, — deb javob berdi Gertruda Ouen.
U bir lahza ishidan to‘xtab, fransuz yigitga qaradi. Yigit qo‘llari bilan boshini qisganicha o‘rindiqda qimir etmay o‘tirardi. O‘tirishidan butunlay mag‘lub bo‘lgan odamga o‘xshardi.
"Kuni bitganlarning yana biri, — deb xayolidan o‘tqazdi juvon. — Badtar bo‘lsin. Fanniga jabr bo‘ldi-da..."
Xolmen bankining Nyu-York bo‘limi vakili bo‘lgan Jan Mone ikki yil avval o‘zining kotibasi — amerikalik Fanniga uylangan edi.
— "Kennikot"-chi? — deb yana so‘radi Mone.
— Yigirma sakkiz, — dedi Gertruda.
Eshik ortidan kimningdir baland ovozda gapirgani eshitiddi. Garri Kupsr kirib keldi. Jan Mone o‘rindiqdan turdi.
— Tomosha zo‘r bo‘lyapti-ku! — deb g‘o‘dirladi Garri Kuper. — Aktsiyalar kursi 20 foizga tushib ketdi. Holbuki, buning bo‘hron ekanini rad etuvchi ahmoqlar hamon topilib turipti.
— Ha, bu — bo‘hron! — dedi Jan Mone va tashqariga chiqdi.
— Chuv tushdi-da, sho‘rlik! — dedi Garri Kuper.
— Ha, — deb uni ma’qulladi Gertruda Ouen. — U oxirgi pullarini tikkan edi... Menga Fannining o‘zi aytdi. Shu bugunoq u erini tashlab ketadi.
— Nima ham iloji bor? — deb xo‘rsindi Garri Kuper. — Bo‘hron bo‘hronligini qiladi-da...

* * *

Liftning bejirim bronza eshigi tovushsiz yopildi.
— Pastga, — deb buyurdi Mone.
— "Stil" qalay? — so‘radi liftchi bola.
— Ellik to‘qqiz, — javob berdi Mone.
U aktsiyalarni 112 dollardan sotib olgan edi. Demak, har bir aktsiyada 53 dollardan yo‘qotgan. U xarid qilgan boshqa aktsiyalarning ahvoli birmuncha durust edi. U Arizonada biroz mablag‘ yig‘ishga muvaffaq bo‘lgandi. Shu mablag‘ning hammasiga aktsiya sotib oldi. Fannida bir chaqa ham pul yo‘q. Ha, tamom bo‘ldi! Ko‘chaga chiqib, shitob bilan metroga qarab yurdi. Ertangi kunini ko‘z oldiga keltirishga urinib ko‘rdi. Hammasini boshidan boshlaydimi? Fanni biroz mardonavorroq bo‘lganda shunday qilsa bo‘lardi. U o‘zining qiyinchilikda o‘tgan birinchi qadamlarini esladi. Arizona cho‘llarida mol boqqanlari, keyin omadi kelib, ishlari yurishib ketganini xotirladi. Nima bo‘pti? U hali yosh — endi o‘ttizga kirdi. Biroq Fanni uni ayab o‘tirmaydi. Jan buni yaxshi biladi.
Shunday bo‘ldi ham.
Ertasiga ertalab uyqudan turganida Jan Mone yolg‘iz, so‘ppayib qolgandi. U kurashmoqqa ortiq majoli qolmaganini his qildi. Fanni juda ham diydasi qattiq ayol edi. Shunga qaramay Jan uni yaxshi ko‘rardi. Negr xotin unga har kungi nonushtasini — bir tilim qovun bilan suli bo‘tqa olib keldi va pul so‘radi.
— Bekangiz qani, mister?
— Ketdi.
U xizmatkor ayolga o‘n besh dollar berdi, keyin qancha puli qolganini hisoblab ko‘rdi. Olti yuz dollarcha qolipti. Bu pulga ikki oy, nari borsa, uch oy tirikchilik qilsa bo‘ladi... Keyin nima bo‘ladi? U derazaga qaradi. So‘nggi haftada gazetalar deyarli har kuni kimningdir o‘z joniga qasd qilgani haqida yozar edilar. Singan bankirlar, dallollar, birjadagi olibsotarlar o‘limdan najot izlashadi. Yigirmanchi qavatdan sakrasa nima bo‘larkin? Yerga yetguningcha qancha vaqt o‘tarkin? Uch soniyami? To‘rt soniyami? Keyin "tars" etib asfaltga urilasan. Dabdurustdan joning uzilmasa nima qilasan? U majaqlangan suyaklarini, abjaq bo‘lgan gavdasini, butun vujudini qaqshatgan dahshatli og‘riqlarni ko‘z oldiga keltirdi. U chuqur xo‘rsindi, gazetani qo‘ltig‘iga qistirib, restoranga ovqatlangani jo‘nadi. Unda ustiga sirop solingan quymoqni yedi. Ishtahasi karnay ekanini ko‘rib o‘zi hayron qoldi.

* * *

"Palas-otel" Tanatos", Nyu-Meksiko..." G‘alati adres-a! Bu yerdan menga kim maktub yo‘llashi mumkin?
Ertalab kelgan maktublar orasida Jan Mone Garri Kuperning ham xatini uchratdi va birinchi bo‘lib shuni ochdi. Xo‘jayini nima sababdan idoraga kelmayotganini so‘rapti. U kassaga sakkiz yuz to‘qson uch dollar qaytarib top-shirmog‘i kerak. Bu masalani u qanday bartaraf qilishni o‘ylayapti?.. Shafqatsiz, joningni oladigan savol. Garri Kuperning kamchiligi bo‘lishi mumkin, biroq u anoyi emas.
Jan Mone boshqa maktubni ochdi. Maktubning yuqorisida uchta sarvning shakli chakilgan, undan quyiroqda esa quyidagi matn bor.

"Palas-otel "Tanatos" 
Direktor Genri Bersteker 
Muhtaram janob Mone!
Bugun sizga murojaat qilayotganimiz bejiz emas. Ixtiyorimizdagi mavjud ma’lumotlarga qarab hukm yuritsak, ma’lum bo‘ladiki, bizning xizmatlarimiz Sizga asqotib qolishi mumkin.
Siz, albatta, sezmagan bo‘lishingiz mumkin emas — hatto eng omadli odamning hayoti ham birdan chappaga ketib qolishi mumkin. Bunday hollarda ularga qarshi kurashib bo‘lmaydi. Shunda o‘lim haqidagi fikr odam uchun najot yo‘lini ko‘rsatuvchi fiqr bo‘lib tuyuladi...
Ko‘zingni yumsangu uyquga ketsang, boshqa hech qachon uyg‘onmasang, hech qanaqa so‘roqlarni eshitmasang, hech qanaqa ta’na-dashnomlar yuragingni o‘rtamasa!.. Bizning ko‘pchiligimiz shunday orzularni ardoqlaganmiz, shu xohishni bayon etganmiz... Holbuki, juda kam hollarni mustasno qilganda, odamlar o‘zlari chekayotgan azob-uqubatlarga chek qo‘yishni istashmaydi. Shunday qilmoqchi bo‘lganlarni izlasak, buni tushunsa bo‘ladi. Kimdir birov o‘zini peshonasidan otmoqchi bo‘lgan-u, otaman deb asabini jarohatlab qo‘ygan va oqibatda ko‘r bo‘lib qolgan. Boshqa birov mangu uyquga ketmoq maqsadida uyqu dori ichganu miqdorini to‘g‘ri belgilay olmagani uchun uch kundan keyin hushiga kelgan. Qarasa, falaj bo‘lib qolipti, miyasi og‘ir jarohatlanipti, xotirasi butkul yo‘qolipti. O‘z-o‘zini o‘ldirish san’atdir. Bu ishda nodonlik ham ketmaydi, oliftagarchilik ham. Shu bilan birga o‘zining tabiatiga ko‘ra inson bu ishda kerakli tajriba ham to‘playolmaydi.
Muhtaram janob Mone. Biz ayni shu xildagi tajribaga egamiz. Bizning nazarimizda bu muammo Sizni qiziqtiradi, shuning uchun to‘plagan tajribamizni sizning ixtiyoringizga berishga tayyormiz. Bizning mehmonxonamiz Qo‘shma Shtatlar bilan Meksikaning oralig‘ida joylashgan. Bizning joylar ancha xilvat, kimsasiz. Hukumat tomonidan ham nojoiz nazoratlar kamroq bo‘ladi. Shularning barini inobatga olgan holda yaqin birodarlarga ko‘maklashmoq bizning birinchi burchimizdir, degan xulosaga keldik. Kimda-kim juda jiddiy kulfatlar va o‘ngarilmas baxtsizliklar ta’sirida hayot bilan vidolashmoqni istasa, biz bunday birodarlarimizga o‘z istaklarini hech qanday iztiroblar chekmagan holda va har qanday xavf-xatarsiz amalga oshirmoqlariga imkon beramiz.
"Tanatos" atelida hech qanday og‘riqni sezmasdan uxlab yotgan joyimizda hayot bilan vidolashasiz. O‘tgan yili biz ikki mingdan ortiq mijozning hojatini chiqardik. Bizning odamlarimiz 15 yil mobaynida bu ish bilan uzluksiz shug‘ullanib, g‘oyat yuksak malakalarga erishgan. Shuning uchun o‘ldiradigan dorilarning miqdorini to‘g‘ri belgilash masalasida va ularning bir zumda ta’sir qilishida kafolat beramiz. Yana ilova qilamizki, mijozlarimizdan biror kishi diniy xarakterdagi qonuniy shak-shubhalarga beriladigan bo‘lsa, o‘zimiz ustalik bilan ishlab chiqqan usullar yordamida ularni sodir bo‘lgan voqea uchun har qanday ma’naviy mas’uliyatdan xalos etamiz.
Bizga yaxshi ma’lumki, mijozlarimizning ko‘pchiligi juda kam miqdorda mablag‘ga ega. Negaki, o‘z-o‘zini o‘ddirish ishtiyoqi hamisha bankdagi joriy hisobga teskari mutanosibdir. Shuning uchun mehmonxonadagi qulayliklarga sira daxl qilmagan holda "Tanatos"dagi narx-navoni eng arzon darajaga tushirishga harakat qildik. Bizda istiqomat qilmoq uchun kelishingiz bilan uch yuz dollar miqdorda pul to‘lasangiz kifoya. Bu to‘lov mehmonxonamizda istiqomat qiladigan vaqtingiz mobaynida Sizni har qanday sarf-xarajatdan xalos qiladi. Mehmonxonada qancha vaqt istiqomat qilmog‘ingiz Sizga noma’lum bo‘lib qolmog‘i kerak. To‘lagan pulingiz so‘nggi safar xarajatlariga ham, dafn marosimi va qabrni sarishta tutish xarajatlariga ham yetadi. Mutlaqo ayonki, to‘lagan pulingizga Sizga ko‘rsatiladigan hamma xizmatlarning haqi ham kiradi. Shundoq bo‘lgach, Sizdan hech qanaqa choychaqa talab qilinmaydi.
Yana ilova qilib aytamizki, "Tanatos" oteli haddan tashqari xushmanzara joyda joylashgan. To‘rtta tennis korti, golf o‘ynaydigan maydon va suzish uchun kattakon basseyn Sizning ixtiyoringizda bo‘ladi. Mehmonxonaning mijozlari har ikki jinsga mansub odamlardir. Ular jamiyatdagi eng asl toifalar qatorida turadi. Mijozlarimiz o‘rtasida barkamol ahillik muhiti hukm suradi. Vaziyatning g‘ayrioddiyligi bu muhitga hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydigan alohida joziba baxsh etadi. Yangi kelayotganlardan iltimosimiz: ular Diming bekatiga borsinlar. U yerda mehmonxonaning maxsus avtobusi ularni kutib turadi.
Yana bir iltimos — rozi bo‘lsangiz yo xat yo telegramma orqali loaqal kelishingizdan ikki kun avval xabar qilib qo‘ysangiz. Telegramma uchun adresimiz: "Tanatos", Koronado, Nyu-Meksiko.
Jan Mone kartani olib chiyladi-da, Fanni o‘rgatganiday fol ko‘ra boshladi.
Safar juda cho‘zilib ketdi — hali-beri uning keti ko‘rinmasdi. Poezd paxta dalalarining yonidan ketib boradi. Dalada oq ko‘pik ichidagi qora nuqtalarga o‘xshab negrlar kuymaklanib yuripti. Jan kitobni qo‘yib uyquga ketar, uxlab bo‘lib kitobga tutinardi. Shu ahvodda ikki kun-u, ikki kecha o‘tdi. Nihoyat, ular toqqa yetib kelishdi. Tevarak-atrofdagi hamma narsa bahaybat, ulkan edi. Poezd dara tubida katta-katta qoyalarni oralab; yelib borar, tog‘lar binafsharang, sariq, qizil tasmalardan belbog‘ o‘rab olguday edi. O‘rtalikda esa bulutlar mualliq turipti — ular ham uzun oq belboqqa o‘xshaydi. Kichkina bekatlarda soyaboni keng shlyapa kiygan, ustidaga charm kurtkalari guddor naqshlar bilan bezalgan meksikaliklarni ko‘rish mumkin edi.
— Keyingi bekat — Diming, — deb ma’lum qildi Jan Monega negr provodnik. — Botinkangizni tozalab beraymi, mister?
Fransuz kitoblarini yig‘di va chemodanini yopdi. Bu so‘nggi sayohatning jo‘nginaligi uni hayron qoldirdi. Tog‘ dunyosining shovullashi quloqlariga chalindi. Poezd to‘xtadi.
— "Tanatos"gami, ser? — deb Janga xitob qildi vagonlar yonidan yugurib o‘tayotgan hindi hammol. U allaqachon aravachasiga malla sochli ikkita xushro‘y juvonning yuklarini ortib olgan edi. Ular hammolning ortidan halloslab kelishyapti.
"Nahotki, — xayolidan o‘tkazdi Jan Mone, — shu sohibjamol qizlar ham bu yerga o‘lgani kelgan bo‘lsa?"
Ikkala mallasoch juvon unga mahzun va jiddiy nigoh tashladi, o‘zaro bir nimalarni pichirlashdi. Jan ularning gapini eshitmadi.
"Tanatos" mehmonxonasining avtobusi tobut tashiydigan mashinaga o‘xshasa kerak deb xavotir bo‘lgandi Jan. Yo‘q, bunday emas ekan. U yaltiroq ko‘k rangga bo‘yalgan, o‘rindiqlariga havorang va sariq mato qoplangan. Avtobus quyoshda yarq-yurq qiladi. Hovlida almisoqdan qolgan turli-tuman mashinalar turipti — ularning orasida mehmonxonaning avtobusi bashangligi bilan ajraladi.
Hovlida odam ko‘p — ispancha va hindcha so‘kishlardan quloq qomatga keladi. Bularning bari birikib eski-tuski temir-tersak bozorini eslatadi. Yo‘l bo‘yidagi qoyalarning usti zamburug‘lar bilan qoplangan — ularni oqish moviy rang tutun chulg‘ab olganday. Yuqoriroqda quyosh sho‘‘lasida tog‘ jinslarining qatlamlaridagi ma’danlar yarqiraydi. Ko‘zlari qinidan chiqib ketay deb turgan semiz haydovchi kul rang kiyim kiyib olgan. Mallasoch juvonlarni siqishtirib qo‘ymaslik uchun Jan Mone kamsuqumlik bilan shoferning yoniga o‘rnashdi. Mashina ilon-bilon yo‘lning burilishlaridan birin-ketin o‘tib, tog‘ yuksaklari sari dadil yo‘l olganda, Mone shoferni gapga solmoqchi bo‘ldi.
— Siz ko‘pdan beri "Tanatos"da shoferlik qilasizmi?
— Uch yil bo‘ldi, — deb tund javob berdi shofer.
— Ismingiz ko‘p g‘alati ekan-da!
— G‘alati deysizmi? — deb qaytarib so‘radi shofyor. — Nimasi g‘alati? Men avtobus haydayman. Buning nima g‘alatiligi bor?
— Siz mehmonxonaga olib keladigan yo‘lovchilar-chi? Ulardan hech qaysisi qaytib ham ketadimi?
— Ko‘p emas, — biroz xijolat bo‘lib uning gapini ma’kulladi shofer. — Ko‘p emas... Lekin, har holda bo‘lib turadi. Mana, masalan, meni olaylik...
— Sizni? Rostdanmi? Siz bu yerga... mijoz tarzida kelganmidingiz?
— Menga qarang, mister, — dedi shofer, — men shu ishni zimmamga olgan payt, hech kim mendan hech narsani surishtirmaslikni shart qilib qo‘yganman. Buning ustiga bu yerlarning burilishlari xavfli. Sizni ham, siz bilan manavi oyimqizlarni ham biror falokatga ro‘para qilishimni istamassiz, axir?
— Albatta, istamayman, — deb javob berdi Jan Mone. Keyin javobining o‘ta kulgili ekani xayoliga kelib jilmaydi.
Ikki soatdan keyin shofer indamay barmog‘i bilan unga yassi adirlar tepasida savlat to‘kib turgan "Tanatos"ni ko‘rsatdi.
Mehmonxonaning imorati ispan-hindu uslubida qurilgan edi — imorat baland emas, tomi yassi, devorlari qizil rangga bo‘yalgan. Xonalar janubga qaragan, oynavand ayvonga chiqadi, quyosh nurlari mo‘l-ko‘l. Kelganlarni italyan darbon qarshi oldi. Uning soqoli qirtishlab toza olingan edi. Yuzining silliqligi Jan Monening xotirasida boshqa bir mamlakatni, katta shaharning suronli ko‘chalarini, gullarga cho‘mgan xiyobonlarni jonlantirdi.
— Men sizni qaerda ko‘rganman, a? — deb so‘radi u darbondan, yugurdak bola qo‘lidan chemodanini olar ekan.
— Barselonada, ser. "Ritts" mehmonxonasida... Men — Sarkoniman. Inqilob boshlanib qolib, men u yerdan jo‘navordim...
— Barselonadan Nyu-Meksikaga kelib qoldingizmi? Uzoq ham demabsiz...
— Nima qilay, ser. Darbon lavozimi hamma joyda ham bir xil... Faqat... Hozir men sizlardan bir qog‘ozni to‘ldirib berishni iltimos qilaman. Bu kartochka odatdagidan bu yerda birmuncha uzunroq. Xafa bo‘lmaysizlar...
Porte mijozlarga bosmaxonada bosilgan uchta blank uzatdi. Ular haqiqatan ham har xil savollarga, izohlarga to‘la edi. Mijozlarga tug‘ilgan joyi va vaq-tini aniq ko‘rsatish taklif qilingandi. Shuningdek, mijoz biror baxtsiz hodisaga duch kelib qolsa kimlarga xabar berish kerakligini ham ma’lum qilmog‘i zarur edi.
Qarindoshlaringiz yoxud do‘stlaringizdan kamida ikki kishining manzillarini ko‘rsatishingizni iltimos qilamiz. Eng muhimi esa, ona tilingizda o‘z qo‘lingiz bilan quyidagi arizani (A shakli) ko‘chirib yozing:
"Men kim, quyida imzo chekuvchi... sog‘lom es-hushim va xotiram bilan sho-hidlik beramanki, o‘z ixtiyorim bilan hayotdan ko‘z yummoqdaman va shuning uchun men bilan qanday voqea ro‘y berishidan qatiy nazar, buning uchun "Tanatos" mehmonxonasining ma’muriyati va xodimlaridan har qanday mas’uliyatni soqit qilaman..."
Jan Monening sohibjamol hamrohlari yonma-yon turgan stolchalar yonida ro‘parama-ro‘para o‘tirib olib, "A shaklini" hafsala bilan ko‘chirmoqda edilar. Jan Mone juvonlarning nemis tilidagi blankni olganlarini ko‘rdi.
Oltin gardishli ko‘zoynak taqqan mehmonxona direktori Genri Bersteker dunyoni suv olsa to‘pig‘iga chiqmaydigan odam edi. U o‘zining mehmonxonasidan juda faxrlanardi.
— Mehmonxonaning egasi sizmi? — deb so‘radi undan Jan Mone.
— Yo‘q, ser, mehmonxona — hissadorlik jamiyatining mulki, lekin uni barpo etish g‘oyasi chindan ham mendan chiqqan, shuning uchun men umrbod direktor qilib tayinlanganman.
— Mahalliy hokimiyat bilan munosabatlaringiz qanday? Ularning ta’na-dashnomlarini qanday bartaraf qilasiz?
— Ta’na-dashnomlar deysizmi? — deb xitob qildi janob Beksteker biroz taajjub bilan xijolat chekib. — Butun javobgarlik mehmonxona egalarining zimmasiga yuklatiladi. Biz vazifamizga xilof hech qanaqa ish qilmaymiz! Biz mijozlarimizning istaklarini bajo keltiramiz, xolos. Undan ortiq biron ish qilmaymiz!.. Undan tashqari, janob Mone — bu yerda mahalliy hokimiyat degan narsadan nomu nishon ham yo‘q. Bizning turgan yerimiz kimga qaraydi — meksikagami yoxud Qo‘shma Shtatlargami — buni ham hech kim tayinli bilmaydi. Ancha vaqtga qadar bu joylar qadam yetmas joylar hisoblanardi. Bir afsona bor. Unga ko‘ra bir necha yuz yil avval bir to‘da hindular ovrupoliklarning tajovuzidan qochib shu yerlarga kelib qolishipti-yu, hammalari birgaliqda shu yerda hayotdan ko‘z yummoqchi bo‘lishipti. Mahalliy aholining e’tiqodiga ko‘ra o‘lganlarning arvohi bu yerga keladigan yo‘lni qo‘riqlab turar emish. Shu sababdan biz bir amallab bu yerga o‘tib kelganmiz va to‘g‘ri keladigan bahoda shu yerni sotib olganmiz. Ana shunaqa — biz bu yerda butunlay holi yashaymiz, hech kimga qaram emasmiz.
— Mijozlaringizning oila a’zolari hech qachon ustinglardan sudga shikoyat qilmaganmi?
— Ustimizdan sudga shikoyat qilishadimi? — deb xunob bo‘ldi janob Beksteker. — Qaysi qilgan gunohlarimiz uchun? Keyin qaysi sud bizni sud qilishga botina oladi. Yo‘q, ser. Mijozlarimiz boshiga tushadigan muammolar hamisha juda murakkab va o‘ta nozik bo‘ladi. Biz ularni hech qanday g‘alva-janjalsiz hal qilishga yordam berar ekanmiz, mijozlarimizning oila a’zolari bizdan xursand bo‘lishadi... Yo‘q, yo‘q. Bu ishlar bizda xamirdan qil sug‘urganday silliq o‘tadi, mijozlarimiz mijoz emas, bizlarning do‘stlarimiz... Xonangizni ko‘rishni istamaysizmi? Yo‘q demasangiz, biz sizni 113-xonaga joylashtiramiz... Irimchi emasdirsiz, hoynahoy?
— Irimchi emasman, — deb javob berdi Jan Mone. — Lekin men juda qattiq diniy qoidalar ruhida tarbiya ko‘rganman. E’tirof etmog‘im kerakki, bu jonimga qasd qilish haqidagi fikr meni ancha tashvishlantirmoqda.
— Nima deyapsiz, ser, o‘zini o‘ldirish to‘g‘risida gap ham bo‘lishi mumkin emas, — dedi Beksteker. U bu gapni shu qadar ishonch bilan aytdiki, suhbatdoshi darhol jimib qoldi. — Sarkoni, janobni 113-xonaga kuzatib qo‘y. Avvaldan kelishib qo‘yilgan uch yuz dollar masalasiga kelsak, sizdan iltimos, janob Mone, xonangizga ketayotib kassirga to‘lab qo‘ysangiz yaxshi bo‘lardi. Kassirning xonasi meniki bilan yonma-yon...
Shafaq shulasida yal-yal yonib yotgan 113-xonada Jan Mone o‘lim qurollarining hech qanday izini topa olmadi.
— Kechki ovqat qachon bo‘ladi?
— Sakkizu o‘ttizda, ser, — javob berdi xizmatchi.
— Bu yerda yemakxonaga maxsus kiyinib chiqiladimi?
— Jentelmenlarning ko‘pchiligi shu qoidaga amal qiladi, ser.
— Yaxshi. Men kiyimimni o‘zgartirib olaman. Qora bo‘yinbog‘im bilan oq ko‘ylagimni tayyorlab bering.
Mehmonxonaga tushib Mone haqiqatan ham ko‘kragi ochiq ko‘ylakdagi ayollarni, smoking kiygan erkaklarni ko‘rdi. Uning oldiga janob Bekstekerning o‘zi yugurib keldi-da, ehtirom va takalluf bilan dedi:
— O, janob Mone, men sizni izlab yurgandim. O‘zingiz yolg‘iz bo‘lganingiz uchun mijozlarimizdan biri, ya’ni missis Kirbi-Shou bilan birga ovqatlansangiz sizga ma’qul bo‘lmasmikin?
Mone ensasi qotib, aftini bujmaytirdi.
— Men bu yerga zodagonlarcha hayot kechirgani kelganim yo‘q... Yana, bilmadim... Meni u xonim bilan tanishtirishdan avval, uni menga bir ko‘rsatsangiz bo‘ladimi?
— Ha, albatta, janob Mone... Ho‘-o‘ anavi pioninoning yonida jurnal varaqlab o‘tirgan juvonni ko‘ryapsizmi? Oq krepsatindan ko‘ylak kiygan. Missis Kirbi-Shou shu juvon bo‘ladi... Bu juvonning biror odamga manzur bo‘lmasligini ko‘z oldimga keltirolmayman... Aksincha bo‘lsa, boshqa gap... Sirasini aytganda, haddan tashqari yoqimtoy ayol. Juda aqlli. Yaxshi tarbiya ko‘rgan. Juda nazokatli tabiati bor...
Missis Kirbi-Shou haqiqatan ham juda yoqimtoy ayol edi. Tim qora sochlari halqa-halqa o‘ralib tushgan, manglayi keng. Ko‘zlaridan nur va mehr yog‘iladi. Nima qilib shundoq ajoyib ayol o‘lmoqni maqsad qilib yuribdi?
— Nahotki, missis Kirbi-Shou ham... Qo‘ying-chi, bu ayol ham mijozlaringizdan birimi? Nahotki, u ham menga o‘xshab o‘sha maqsadda kelgan bo‘lsa?
— Albatta, — deb javob berdi Beksteker, — albatta, — deb ma’nodor qilib takrorladi u.
— Unday bo‘lsa, mayli, tanishtiring meni.
Dasturxon did bilan jihozlangan. Kechki ovqat juda totli edi. Ovqatlanish oxirlaguncha Jan Mone Klara Kirbi-Shouning butun hayotini asosiy nuqtalarida bo‘lsa hamki bilib oldi. U juda badavlat va mehribon odamga turmushga chiqqan ekan, lekin uni sevmas ekan. Yarim yil avval u erini tashlab, yoshgina bir yozuvchi yigit bilan Ovro‘poga ketib qolipti. Yigit xushro‘ygina va lekin ancha surbet edi. U bilan Nyu-Yorqda tanishib qolgan ekan. Klara eridan rasman ajralishi bilanoq yozuvchi yigit unga uylanadi deb kutgan. Ammo ular Angliyaga kelishlari hamono ayolga ayon bo‘liptiki, yozuvchi yigit imkoni boricha tezroq Klaradan xalos bo‘lish orzusiga tushibdi. Yigitning shafqatsizligidan larzaga tushgan va tahqirlangan juvon yigitni deb nimalardan voz kechib kelganini, qanaqa mudhish ahvolga tushib qolganini tushuntirmoqchi bo‘lipti. Ammo uning ta’nalarini eshitib yigit kulib qo‘ya qolipti.
— Klara! — depti yigit juvonga, — Siz o‘tgan asrning ayolisiz... Agar men eski axloqqa bunchalik mukkasidan ketganingizni bilganimda edi, eringizu bolalaringizni chirqiratib sizni o‘g‘irlab ketmagan bo‘lardim... Ularning yoniga qaytib borishingizni maslahat berardim, azizim... Sizning qismatingiz oilangizni gullatib o‘tirish ekan...
Shunda u uyga qaytib borishiga erini ko‘ndirishga urinib ko‘rmoqchi bo‘lipti. Agar eri bilan yuzma-yuz ko‘rishsa, uning muhabbatini qaytadan qozonishiga ishonar ekan u. Lekin Normanning qarindoshlari va hamkorlari undan bir qadam ham nari ketishmapti, uni Klaraga qarshi qayrab solib, juda qattiq tazyiq o‘tkazishipti. Norman ham oyog‘ini tirab, "yo‘q" deb turib olipti. Klara u bilan uchrashishga bir necha marta urinib ko‘ripti. Biroq bu tahqirli urinishlar behuda ketipti. Shunda kunlardan birida u o‘zining pochta qutisida "Tanatos" mehmonxonasining taklifnomasini ko‘rib qolipti. Shunda u tomog‘idan bo‘g‘ib yotgan sirtmoqni tezgina va oson qirqib tashlashning birdan-bir imkoniyatini topganday bo‘lipti.
— Siz o‘limdan qo‘rqmaysizmi? — deb so‘radi Jan Mone.
— Albatta, qo‘rqaman... Ammo yashamoqdan ko‘proq qo‘rqaman...
— Javobingiz juda zakiy, — dedi Jan Mone.
— Men zakovatli bo‘lishga intilmayman, — dedi Klara. — Qani, siz ham gapiring — o‘zingiz bu yerga qanday tushib qoldingiz?
Jan Monening hikoyasini oxirigacha eshitib, u yigitga qattiqqina tanbeh berdi.
— Bu ishingizga aql bovar qilmaydi-ya! — dedi juvon. - Nechuk? Aktsiyalaringizning bahosi tushib ketgani uchungina joningizga qasd qilmoqchimisiz? Agar yashashga qurbingiz yetsa, bir yil yoki ikki yil, ha, boringki, ana — uch yiddan keyin siz bularning hammasini unutib yuborasiz, balki yo‘qotgan narsalaringizni qaytadan qo‘lga kiritarsiz ham.
— Boy bergan narsalarim bir bahona, xolos. Agar yashashimdan biror ma’no qolganda edi, ehtimolki, ularning qandaydir ahamiyati bo‘lishi mumkin edi...
Biroq hozirgina sizga gapirdim-ku — xotinim mendan voz kechdi... Fransiyada na yaqin qarindoshlarim qoldi, na do‘stlarim... Nihoyat, bor gapni to‘la-to‘kis aytadigan bo‘lsam, o‘z vaqtida baxtsiz muhabbat tufayli vatanimni tark etganman... Endi men kimni deb, kim uchun kurashmog‘im kerak?
— O‘zingizni deb kurashing... Siz hali ko‘p odamlarni uchratasiz. Ular sizni sevib qoladi. Shu odamlarni deb yashamoq kerak... Boshingizga og‘ir ish tushganda ba’zi bir ayollar o‘zini nomunosib tutgan bo‘lsa, faqat shunga qarab qolgan hamma ayollarni yomonotlig‘ qilish kerak emas...
— Siz rostdan shunday deb o‘ylaysizmi? Demoqchisizki, olamda bir ayol bor... E, e, men aytmoqchimanki, men yaxshi ko‘rib qolishim mumkin bo‘lgan ayollar bor — ular loaqal bir necha yil davomida men bilan birga kurashlarga va muhtojliklarga to‘la hayot kechirishga rozi bo‘lishadi...
— Bunga shubha qilmayman, — deb javob berdi u. — Ko‘p ayollar kurashni juda yaxshi ko‘radi va qashshoqliqtsan allanechuk romantika topishadi. Mana, masalan, meni olaylik...
— Sizni?
— E-e, men boshqa bir gapni aytmoqchi edim...
Juvon xijolat chekib gapini yo‘qotib qo‘ydi, keyin davom etdi: ikkimizdan boshqa hech kim qolgani yo‘q. Metrdotel bizga gapirishga tortinib, tevaragimizda aylanib yuripti.
— Nima deysiz? — deb so‘radi Jan Mone Klara Kirbi-Shouning yelkasiga suxsur yopinchig‘ini tashlar ekan, — nima deb o‘ylaysiz — bugun kechasi... ro‘y bermasmikin?
— O, yo‘q, — dedi u. — Siz bugun keldingiz-ku...
— Siz-chi?
— Mening kelganimga ikki kun bo‘ldi.
Xayrlashaturib ular ertalab toqqa birga sayr qilishni kelishib olishdi.
Tong quyoshi ayvonga qiyg‘och tushib, uni nurga va iliqlikka to‘ldirib turipti. Hozirgina muzdek suvda yuvinib chiqqan Jan Morening ko‘nglidan "Yashash muncha shirin bo‘lmasa..." degan fikr o‘tdi.
Ammo shu lahzaning o‘zida kissasida bir necha dollargina qolganini va bir necha kundan keyin hayotdan ko‘z yumishini esladi. Mone chuqur xo‘rsindi...
"Soat o‘n bo‘lipti!.. Klara meni kutayotgan bo‘lsa kerak..." U apil-tapil kiyindi. Ustiga oq kostyumini ilganida a’zoyi badanida favqulodda bir yengillik his qildi. Tennis maydonchasida u Klara Kirbi-Shouga yetib oldi. Juvon ham oq kiyingan. U avstriyalik ikkita yoshgina qiz bilan xiyobonda sayr qilib yurardi. Jan-Moneni ko‘rishib qizlar shosha-pisha g‘oyib bo‘lishdi.
— Ularni hurkitib yubordimmi deyman?
— Kizlar biroz hadiksirashyapti. Ular menga tarixlarini gapirib berishdi.
— G‘aroyib-ku! Ularning tarixini menga ham aytib berarsiz? Kechasi jinday bo‘lsa-da mizg‘ib oldingizmi?
— Juda yaxshi uxladim. Menimcha, yuragingizni taka-puka qilayotgan Beksteker ovqatimizga xabdori qo‘shib qo‘yayapti deyman-da...
— Unaqa bo‘lmasa kerak, — dedi Jan. — Men to‘ygan qo‘ziday uxlabman. Ertalab tursam miyam biram ravshan...
Bir lahza o‘tgach, ilova qildi:
— O‘zimni juda baxtiyor his qildim.
Juvon unga qarab jilmaydi, lekin hech narsa demadi.
— Manavi so‘qmoqdan yuraylik, — deb taklif qildi u. — Yo‘lda menga avstraliyalik qizlarning tarixini aytib berarsiz. Bu yerda siz mening Shahrizodam bo‘lasiz...
— Lekin bizda ertak uchun ming bir kechamiz bo‘lmaydi-da...
— Shuni ayting... Siz... "bizda" dedingizmi? 
Juvon uning gapini bo‘ldi.
— Bu qizaloqlar egizak ekan. Ular birga o‘sib-ulg‘ayishibdi, avval Venada, keyin Budapeshtda turishipti. Yaqin dugonalari yo‘q ekan. Ular o‘n sakkizga to‘lganlarida bir venger yigit bilan tanishishipti. U qadimiy zodagonlar avlodiga mansub bo‘lib, o‘zi benihoya kelishgan, sohibjamol, lo‘lilarday qo‘shiqqa ishqiboz ekan. Bir kunning o‘zida ikkala qiz ham unga oshiqu beqaror bo‘lib qolishipti. Bir necha oy o‘tgach, u egizaklardan biriga uylanmoqchi bo‘lipti. Ikkinchi qiz alamidan nima qilarini bilmay, o‘zini o‘zi o‘ldirmoqchi bo‘lipti. Buni ko‘rib birinchi egizak yigitning taklifini rad qilipti. Keyin egizaklar o‘z-o‘zlarini birga o‘ldirish rejasini tuzishipti... Xuddi shu paytda ular ham xuddi sizu men kabi "Tanatos" mehmonxonasining qog‘ozini olishipti.
— Bu qanday tentaklik-a? — dedi Jan Mone. — Ularning ikkovi ham navqiron va sohibjamol... Nega endi ular Amerikaga keta qolmaydi. U yerda yigit degani to‘lib yotipti-ku. O‘ziga munosiblarini uchratib, sevib qolishardi. Biroz sabr qilishsa, olam guliston edi-ku...
— Bardoshi yetmaganlar bu yerga tushadi-da, — dedi Klara ma’yus ohangda. — Buni qarang — gap boshqa odam to‘g‘risida borsa, har bittamiz juda zo‘r mulohaza yuritamiz... Kim aytgan edi bu gapni: "Boshqalarning baxtsizligini ko‘tarmoq uchun biz hammamiz ham yetarli matonatga egamiz".
"Tanatos"da istiqomat qiluvchilar oq libosli erkak bilan ayolning parkdagi xiyobonlarda, qoyalarni ortda qoldirib, shundoqqina jar yoqalab toliqish nimaligini bilmay sayr qilayotganlarini kun bo‘yi kuzatishlari mumkin edi. Ular nimanidir qizishib muhokama qilishardi... Qosh qoraya boshlaganda ular orqaga — mehmonxona tomonga yo‘l olishdi. Ularning bir-birlarining yelkasiga qo‘l tashlab kelayotganlarini ko‘rgan meksikalik bog‘bon tavoze bilan teskari qarab oldi.
Kechki ovqatdan keyin Jan Mone Klara Kirbi-Shouni kichkinagina xilvat mehmonxonaga yetaklab bordi va butun oqshom davomida unga nimalarnidir gapirib, ko‘nglini olib o‘tirdi. Keyin o‘zining xonasiga ko‘tarilishidan avval u janob Bekstekerni qidirib ketdi. Direktor o‘zining xonasida allaqanday qora kitobni o‘qib o‘tirgan ekan. Janob Beksteker hisob-kitoblarni tekshirmoqda ekan. Ahyon-ahyonda u qizil qalamni olib, bir satrni o‘chirib qo‘yardi.
— Xayrli kech, janob Mone! Biron masalada men sizga kerakmidim?
— Ha, janob Beksteker... Bir narsani maslahatlashay degandim... Men aytmoqchi bo‘layotgan gapni eshitib hayron bo‘lishingiz mumkin... Birdan shunaqa o‘zgarish bo‘lib qoldi... Lekin na iloj — hayot shunaqa ekan-da!.. Qisqasi, huzuringizga kelishimdan maqsad — niyatlarim o‘zgarib qolganini ma’lum qilish edi. Men o‘lish fikridan qaytdim.
Janob Beksteker taajjub ichida unga tikilib qoldi.
— Jiddiy gapirayapsizmi bu gaplarni, janob Mone?
— Juda yaxshi bilib turibman, — deb davom etdi fransuz, — siz meni tuturig‘i yo‘q, beqaror bir odam deb hisoblaysiz... Ammo shunisi ham tabiiyki, hayot sharoitining o‘zgarishi bilan bizning niyatlarimiz ham o‘zgardi... Bir hafta oldin men sizning maktubingizni olganimda noumid bir ahvolda edim, o‘zimni mutlaqo yolg‘iz his etardim... O‘shanda menga ortiq kurashmoqning ma’nosi yo‘qday ko‘ringan edi... Hozir esa men uchun bugun dunyo boshqacha bo‘lib qoldi. Rostini aytsam, bularning bari siz tufayli bo‘ldi, janob Beksteker.
— Siz tufayli deysizmi, janob Mone?
— Ha, siz tufayli. Negaki, bu mo‘jiza siz tanishtirib qo‘yganingiz juvon tufayli ro‘y berdi... Missis Kirbi-Shou juda jozibador ayol ekan, janob Beksteker.
— Men o‘zim ham sizga shunaqa deb edim-ku, janob Mone.
— Ha, u juda jozibador va qahramon ayol ekan. Men unga o‘zimning nochor ahvolimni hikoya qilib berdim, u bo‘lsa mening baxtsizliklarimni baham ko‘rishga rozi bo‘ldi... Hayron bo‘lyapsizmi?
— Sira ham-da... Biz bu yerda bunaqa o‘zgarishlarga ko‘nikib qolganmiz... Siz uchun g‘oyatda xursandman, janob Mone. Siz hali yoshsiz, juda yoshsiz...
— Xullas, agar siz e’tiroz bildirsangiz, biz missis Kirbi-Shou bilan ertaga Dimingga qaytar edik.
— Demak, missis Kirbi-Shou ham sizga o‘xshab fikridan qaytdimi?
— Albatta-da. U hozir keladi, bu gapni uning o‘z og‘zidan eshitasiz... Faqat bitta nozik masalani kelishib olsak bo‘ldi. Bilasizmi, sizga to‘lagan uch yuz dollarim mening deyarlik hamma sarmoyamni tashkil qiladi... Shu pulning hammasi to‘la-to‘kis va uzil-kesil "Tanatos"ning hisobiga o‘tib ketdi deb hisoblaysizmi, yoxud men qaytib ketmog‘im uchun poezdga bilet olgani puldan bir qismini qaytarib olishim mumkinmi?
— Biz halol odamlarmiz, janob Mone... Biz hech qachon yeyilmagan somsaga pul to‘lashga majbur qilmaymiz. Xona, ovqat va xizmatkorlar haqi bir kuniga yigirma dollar bo‘ladi. Ertaga ertalab xazinachi bo‘yningizdagi qarzni hisob-kitob qiladi. Qolgan pulingizni qaytarib olasiz.
— Siz juda olijanob va sahovatli ekansiz... Eh, janob Beksteker, sizdan naqadar minnatdor ekanimni bilsangiz edi... Men qaytadan baxtimni topdim... Hayotim yangidan boshlanadi...
— Hamisha xizmatingizga tayyormiz, — dedi janob Beksteker.
U Jan Monening xonadan chiqishini va yo‘lakdan yurib ketishini kutib turdi. Keyin qo‘ng‘iroqning tugmasini bosdi.
— Sarkoni mening oldimga kelsin, — deb buyurdi u. Bir necha daqiqa o‘tgach, darbon kirib keldi.
— Chaqirdingizmi, sinor direktor?
— Ha, Sarkoni... Shu bugun kechasi bir yuz o‘n uchinchi xonaga gazni ochib qo‘ying... Kechasi ikkilar atrofida.
— Zaharlovchi gazni ochishdan avval uxlatuvchi tazni ochaymi, sinor direktor?
— Buning hojati bo‘lmasa kerak... U rosa miriqib uxlaydi... Bugunga shu, xolos, Sarkoni... Ertaga esa avval kelishganimizga binoan o‘n yettinchi xonadagi ikki juvon...
Darbon chiqib ketishi bilan ostonada missis Kirbi-Shou paydo bo‘ldi.
— Kir, kiraqol, — dedi Beksteker. — O‘zim ham seni endi chakirmoqchi bo‘lib turuvdim. Sening mijozing huzurimga kelib ketdi. Jo‘nab ketmoqchi ekanini aytdi.
— Menimcha, men maqtovga sazovorman, — deb javob berdi juvon. — Ishni juda o‘rinlatib qo‘ydim...
— Ha, tez va bekamu ko‘st... Buni hisobga olaman.
— Demak, uni bugun kechasi...
— Ha, bugun kechasi...
— Sho‘rlik yigit! — deb xo‘rsindi u. — Biram yaxshi, biram samimiy.
— Ularning hammasi samimiy, — dedi Beksteker.
— Juda bag‘ri toshsiz-da, — dedi juvon. — Ular yana yangidan hayotning lazzatini tuya boshlagan daqiqada siz ularni narigi dunyoga jo‘natasiz.
— Bag‘ri toshmanmi?.. Yo‘q... Usulimizning insonparvarligi ayni shunda-da. Sho‘rlik diniy shak-shubhalar iskanjasida qiynalib ketuvdi. Men uni tinchlantirdim.
U oldida yotgan ro‘yxatga ko‘z tashladi.
— Ertaga bo‘shsan... Indinga yana ancha ishing bor... Bu gal bir moliyachi keladi. Bunisi Shvetsiyadan... Lekin yoshi o‘tinqirab qolgan.
— Fransuz yigit menga juda manzur bo‘lib edi-da... — dedi Klara xayolchanlik bilan.
— Ishni tanlamaydilar, — dedi direktor qahr bilan. — Mana, senga tegishli o‘n dollar. Bu o‘n dollar — mukofot.
— Rahmat, — dedi Klara Kirbi-Shou va pullarni sumkachasiga solib og‘ir xo‘rsindi.
Klara chiqib ketgandan keyin janob Beksteker kizil qalamni olib, ro‘yxatidagi bir ism-sharifni hafsala bilan o‘chirdi.

Rus tilidan Ozod Sharafiddinov tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnalining 1998 yil, 12-sonidan olindi.
© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.