OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Aziz Nesin. Esini kirgizib qo‘ydi (hajviya)

Tahririyatda ish qizg‘in edi. Men o‘shanda politsiya va sud xronikasida reportyor edim.Xonamizga Hasan kirib keldi. U birinchi havfsizlik boshqarmasida matbuot masalalari bilan shug‘ullanardi.Qorachadan kelgan yuzlari tirjayib turardi.Bu yaxshilik alomati emasdi.Hatto hamkasbining o‘limi haqidagi shumxabarni ham u xuddi xushxabar keltirgandek ma’lum qilardi.
Muharrir uning basharasidagi iljayishni ko‘rib, siniq ovozda so‘radi:
-Sovuq gapmi? Hoynahoy, yana bir ishkal chiqqandir.
 Hasan shu zahoti «xushxabar»ini e’lon qildi:
-Sizlarning gazetalaringiz yopildi.Shuni ma’lum qilib qo‘ymoqchiman.
«Ma’lum qilib qo‘ymoqchiman» degani uning og‘zidan xuddi «tabriklayman» deganday jarangladi.
-Nega endi?- deb so‘radi muharrir.
-Favqulodda holat munosabati bilan hukumat chiqargan farmon .- U «favqulodda holat» deganida tovushi quvonchdan titrab ketgandek bo‘ldi.
-Nima, rasmiy farmoyish chiqdimi?- deb so‘radi muharrir.
-Keyinroq chiqadi,- javob qildi Hasan.
 Malaylik suyak-suyagigacha singib ketgan bu Hasan degani shu qadar betoqat kimsa ediki, hech qachon ,har qanday holatda telefonogrammaning mashinkadan chiqishini kutib o‘tirmas, noxush xabarni hamisha o‘zi ma’lum qilar edi.Ollohga shukurki, endi zamona sal yengillashdi.Loaqal «Farmoyish chiqqanmi?» deb so‘rash mumkin.Vaholanki bundan o‘n olti oy muqaddam bunaqa savolni berib ham bo‘lmasdi.
Mana,uzoqdan mototsiklning shovqini eshitildi.Har gal mototsiklning shunaqa pot-poti qandaydir bir nashrning yopilganidan yoki shunga o‘xshash bir noxushlikdan darak berardi.Mototsikl mingan politsiyachi gazetaning yopilgani haqidagi farmoyishni keltirgandi.
Biz tishimizni tishimizga bosib, jim turardik.Keyin birdan tarqab ketdik.Yigirma olti nafar xodimning hammasi tahririyatni tark etdi.Bulardan yetti nafarimiz o‘n kun muqaddam yopilgan gazetadan kelgan edik.
O‘sha davrda gazeta xo‘jayinlari ishdan bo‘shatilgan jurnalistlarga nafaqa to‘lamasdi.Kasaba ittifoqi ham yo‘q edi.Biz ishsiz va pulsiz qoldik .Ikki oy mobaynida men uchta gazetada ishlab ko‘rdim, hammasini navbati bilan yopishdi.
Har bir bo‘shagan ish o‘rniga o‘nlab talabgor tayyor turardi.
Ishsizlikning ikkinchi oyidan keyin ahvolim juda tang bo‘lib qoldi.
- Gazetamizda musahhihlik o‘rni bor.Men seni tavsiya qildim.Hoynahoy, olishsa kerak.Tezda yetib bor,hech kimga og‘iz ocha ko‘rma,- dedi menga rahmi kelgan bir tanishim.
Bu gazetaning nufuzi ancha baland edi.Uning xo‘jayini hukmdor partiyadan deputat edi.
Men ishga joylashganimda deputat Yevropa bo‘ylab sayohatda edi.
Boshlig‘imiz qurumsoqlik qilib, har bir xonaga telefon o‘rnatmagandi.Shunday katta gazeta tahririyatida bor-yo‘g‘i ikkitagina telefon o‘rnatilgandi - bittasi xo‘jayinning xonasida, ikkinchisi xodimlar o‘tiradigan xonada edi.Men kechalari bo‘sh turadigan ana shu xonada ishlar edim.Tunda navbatchilik qiladigan kotib qo‘shni xonada o‘tirar, men uni telefonga devorni taqillatib chaqirardim.
Bizning kotibimiz g‘irt xotinboz edi.Restoran-kafelardagi jamiki qizlar, raqqosalar, kinoaktrisalar bilan tanish edi.Har kecha uni o‘nlab ayollar qidirib qolardi.Men tinimsiz devorni taqillatardim.Ammo u xonasida navbatdagi jononi bilan maishatdan bo‘shamas, telefonga ham umuman kelmas yoki hadeganda kelavermas edi.
Men nihoyat ish topganimdan juda mamnun edim va ishdan haydab yuborishlaridan qo‘rqib-qaltirardim.Uzoq muddat ishsiz yurib, kamxarjlikdan qiynalganim uchun har qanday og‘ir yumushni bajarishga ham tayyor edim.Shu bois mendan nimani iltimos qilishsa yo‘q demasdim.
Meni ishga joylab qo‘ygan tanishim shunday derdi:
- Xo‘jayinning xotinidan boshqa hech kimdan qo‘rqma.Undan nariroq yursang hech kim pishagingni pish demaydi.
- Xo‘jayinning xotini bilan ishim nima?
- Unday dema...Bu xotin emas, naq azroilning o‘zi...Hamma yerga burnini suqadi.
Gazeta xodimlari uning nomini eshitiboq titrab-qaltirashardi.
Cheksiz hokimlikni qo‘lgan kiritgan ayollar kabi uni begoyim deb atashardi.U hammani qo‘rquvda ushlab turardi.Men u bilan to‘qnashmaslikka intilardim.
Ish boshlaganimga ham uch oy bo‘lib qoldi.Bir kuni tunda korrekturani tuzatib o‘tiruvdim.Bu bir sportchi haqidagi juda qiziqarli roman edi.Mutolaaga berilib ketgandim.Shu mahal telefon jiringlab qoldi.Men go‘shakni ko‘tarib ayol ovozini eshitdim.Kotibni so‘rashayotgan ekan.
Men devorni bir necha bor urdim. «Bir daqiqa,kelyapti»,- deya javob qilib,go‘shakni stolga qo‘yib qo‘ydim.O‘zim yana korrekturani o‘qishga berilib ketdim.Roman ham tugadi.Kotib xonada ko‘rinmadi yoki muhim ishlar bilan band edi.Men telefon go‘shagini joyiga qo‘ydim.
Darhol yana qo‘ng‘iroq bo‘ldi.
- Sizni eshitaman.
- Menga qara, kimsan o‘zing?- deb so‘radi o‘sha ovoz.
- Sen o‘zing kimsan?
 Men qo‘ng‘iroq qilayotgan bu ayolni kotibning tungi jazmanlaridan biri bo‘lsa kerak deb o‘ylabman.Bu xo‘jayinning xotini ekan!..
-Men sendan kotibni chaqirib qo‘yishingni so‘raganmidim?
- So‘ragan eding...Men devorni taqillatib chaqirdim.
- Yaxshi, ammo nega u kelmadi?
- Men qayoqdan bilay?..
- Senimi shoshmay tur,hozir o‘zim boraman!
«Mana senga tarbiyasiz, ko‘cha ayoli!»
- Sen sal o‘pkangni bosib ol!- dedim.
Keyin, ayol meni so‘kkach, shunday dedim:
- Mening tarbiyam sen bilan boshqa gaplashishga imkon bermaydi.
Telefondan yana shang‘illash eshitildi:
- Voy xomkallaey!..Qaerda bunaqa tarbiya olgansan?To‘nka!
- Jim!
- Eshak!..
- O‘zing eshaksan!
- Cho‘chqa!
- O‘zing cho‘chqasan!
U har gal so‘kinganida «O‘zing shunaqasan» deb turaverdim.Nihoyat:
- Men senga ko‘rsatib qo‘yaman!- dedi.
- Qani kelib ko‘rchi,shunda ko‘ramiz kim kimga ko‘rsatarkin!- deya javob qildim.
- Tuf senga, ablah!
- O‘zing ablahsan! Sen nima- aqlingdan ozdingmi? Namuncha menga yopishib qolding?
- Oh, hozir o‘zimdan ketib qolaman! Men sendan kotibni chaqirib berishni so‘rovdimmi? Axir sen uni hozir keladi demaganmiding?
U xuddi pulemyot kabi tinimsiz tarillab, so‘kinardi.Men bo‘lsam hammasiga «O‘zing shunaqasan, o‘zing shunaqasan, bu sensan, bu sensan» deb javob qilardim.
- Qani tezda menga kotibni chaqirib qo‘y-chi!
- Sen nafsingga kamroq ovqat yeginda, tejalgan pulga xizmatkor yollab ol.Bu yerda xizmatkoring yo‘q.
Men fig‘onim falakka chiqib, devorni urdim va kotibga baqirdim:
- Telefonga kelsangchi...Sening isqirt suyuqoyoqlaring jonimga tegdi.Bunaqa og‘zi shalaqlarni qaerdan kovlab topgansan o‘zi?
Bu gaplarni haligi xotin ham eshitsin deb telefon go‘shagiga qichqirib aytdim.
Kotib kelib telefonda gaplasha ketdi:
-Men eshitaman Sizni...Buyuring xonim ...Qanday?...Ha-a...Nimalar deyapsiz!..Kechirim so‘rayman...Sizning sodiq qulingiz...Kechirgaysiz...Biz... Ha... Musahhih...Yaqinda ishga keluvdi, xonim...- Kotibning yuzlari gezarib ketdi. U go‘shakni qo‘ydi.
- Menga qara, nima qilib qo‘yding o‘zi?- deb so‘radi u.
- Nima bo‘pti?
- Sen begoyimni so‘kibsan...
Xushimdan ketib qolayozdim.
- Haydavorisharmikin?- dedim ingrab.
- Xo‘jayin hozir Yevropada,- dedi kotib.- Qaytib kelishi hamon seni ishdan bo‘shatadi.
- Agar unga yalinib-yolborsamchi,kechirim so‘rasamchi, anglashilmovchilik bo‘pti desamchi...
- Foydasi yo‘q. U xotinidan o‘lgudek qo‘rqadi.Begoyimning gapini ikki qilolmaydi.
Demak, meni yana ishsizlik, qashshoqlik kutib turardi.Men shu haqda o‘ylab turganimda telefon jiringlab qoldi.Yana o‘sha ovoz ekan. Nima bo‘lganda ham baribir meni ishdan haydashadi endi,najot yo‘q...O‘ladigan xo‘kiz boltadan qaytmaydi.
- Senga nima kerak yana?- birinchi bo‘lib o‘zim hujumga o‘tdim.
Men uning yana shallaqilik qilishini bilardim.
- Siz yaqinda men bilan gaplashuvdingiz va hoynahoy kim bilan so‘zlashganingizni bilmagandirsiz ?
- Biluvdim.Siz o‘sha – begoyim deb atashadigan jodugarsiz. Siz bilan nima haqdayam gaplashish mumkin?
 Xonim jazavaga tushdi:
- Nima-a? Demak, bilgansan...
Men shu zahotiyoq telefon go‘shagini qo‘yib qo‘ydim.
Endi ortga yo‘l yo‘q edi.
Bu voqeadan taxminan bir hafta o‘tgach xo‘jayin sayohatdan qaytib keldi.Men qo‘rquvdan titrab-qaqshardim.Xo‘jayin qaytgan kunining ertasiga meni chaqirdi.Men uning xonasiga kirdim.Men ilinj bilan xayol qilardim: « Agar iltimos qilib ko‘rsam balki rahmi kelar!»
Men uning ro‘parasida qornimni asabiy silab turardim.
- Marhamat,o‘tir, o‘g‘lim.
- E yo‘g‘-e...
- O‘tir, o‘g‘lim, o‘tir...
U jilmayib turardi.Men ro‘parasidagi o‘rindiqqa o‘tirdim.
- Men seni tabriklayman.Rahmat...Men bir umr sendan qarzdorman...Sen bizning begoyimning esini joyiga keltirib qo‘yibsan...Barakallo!..O‘n sakkiz yil chekkan azoblarimning o‘chini olib berding. Qoyil!..Axir unga bir og‘iz gap aytib bo‘lmasdi-ya.Uni ham so‘kish mumkinligini tasavvur qilolmasdim. To‘g‘ri qilibsan.Pastga tushgin, aytib qo‘yganman, senga ellik lir mukofot puli berishadi.
Buxgalteriyada men ellik lir oldim.Shundan buyon har bir telefon qo‘ng‘irog‘iga yugurib boraman.Balki yana begoyim qo‘ng‘iroq qilib qolsa, og‘zimga kelgan so‘zlar bilan so‘karman.Ammo u boshqa telefon qilmaydi.Faqat bir oqshom uning o‘zi tashrif buyurib qoldi.Men xonamda yolg‘iz edim. Begoyim kirib keldilar.
- Sizmisiz musahhih?- deb so‘radi.
- Ha.
- Telefonda meni so‘kkan sizmidingiz?
Begoyimning nima ekanligini shunda bildim.Telefonda gaplashish qayoqda-yu u bilan shundoq yuzma-yuz turish boshqa edi...Men boshimni egib, indamay turaverdim.
- Men sizni tabriklayman,- dedi u.-Men ko‘nglidagini shundoq dangal aytadigan odamlarni yoqtiraman.Siz menga tikilmang: oshqozonim kasal, shuning uchun juda asabiyman.Men erimga siz uchun ikki yuz lir mukofot puli ajratishini tayinladim.
Demak, meni xo‘jayin emas, begoyim mukofotlagan ekan.Buning ustiga insofsiz yuz ellik lirni urib qopti.
- Nega indamayapsan? Ehtimol bermagandir?Bilardim-a uning bermasligini!- deya qichqirdi-yu erining xonasiga yugurib ketdi.U yerda dahshatli to‘s-to‘polon ko‘tarildi. Meni chaqirib qolishdi.Xo‘jayin qo‘rqa-pisa so‘radi:
- O‘g‘lim, axir men senga ikki yuz lir bermovdimmi?
Begoyim goh menga, goh eriga qaraydi.Ko‘zlaridan olov sachrardi.Agar shu tobda «bermadi» desam, erini urib sulaytiradi, «berdi» desam meni uradi. Men xo‘jayinga dedim:
- Xo‘jayin, menga tegishli ikki yuz lirning ellik lirini oldim. Qolganini har oyda olib turaman.
- Mana ko‘rdingmi, azizam, sen bo‘lsang ishonmovding.
Keyin u menga o‘girilib dedi:
- Endi o‘g‘lim, tezda borib qolgan pullaringni ol!..

Shodmon Otabek tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.