OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Aziz Nesin. Har kallada har xayol (hajviya)

 U zo‘rg‘a oyog‘ini sudrab bosardi.
 « Odam bolasi uchun yelkasidan hech qachon tashlab tashlab yubora olmaydigan yuk – uning o‘z jussasi»,- deb o‘ylardi.
« Ana bu avtomashinalarga qara, xuddi quturgandek yelib-yuguradi.
Qiziq, odam qanchalik ozib borgani sayin o‘z gavdasini ko‘tarib yurishi ham shunchalik qiyinlasharkan.
Ana bu mashinalarga qara, turfa rangda, markalari ham har xil.
Qiziq, vaznim qancha chiqarkin? Ellik kilomi? E qayoqda? Nari borsa zo‘rg‘a qirq kilo chiqsam kerak!..»
U yo‘l yo‘lakay o‘zi bilan o‘zi gaplashib borardi. Goho yo‘tali tutib qolardi.
« Shu ahvolga tushib qolishimni kim ham o‘ylabdi?..Eh, qaniydi shu tobda ana bu yerdan ikkitagina kulcha non sotib ololsam!..Issiqqina choyi bilan bo‘lsa yanayam soz bo‘lardi...»
Mashinalar yonidan quvlashmachoq o‘ynagandek g‘izillab o‘tib borardi. Ana, yaltirab turgan havorang mashina. Go‘zal bir xonim haydab boryapti. Sochlari shamolda o‘ynoqlaydi. Mashina sekinlashgandek bo‘ldi.Yo‘q, faqat mashinagina emas, ruldagi xonim ham unga qaragandek tuyuldi.
 Yanoqlari turtib chiqqan ozg‘in chol o‘zicha xomxayol qildi.
« Maza qilib bir ko‘ngilxushlik qilsam edi».
Haligi yaltiroq mashina sekinlashdi. Ellik qadam narida to‘xtadi. Ochlik va charchoqdan xorib-tolgan ozg‘in chol o‘z yo‘lida davom etardi. Havorang mashina yonidan o‘tayotganda rulda o‘tirgan ayol unga qarab qo‘ydi. Yo‘q, u yanglishmagandi: xonim haqiqatan ham unga qaragan edi. «Ochlikdan boshim aylanib qolgan bo‘lsa kerak»,- deb o‘yladi chol.
Havorang mashina o‘rnidan qo‘zg‘oldi. Sal yurib yana to‘xtadi. Xonim unga qarab turardi. Ehtimol uni kim bilandir adashtirayotgandir? « Unga yoqib qolgan bo‘lsam kerak»,- ozg‘in chol o‘zidan kulib qo‘ydi.
Havorang mashina goh oldinga yurar, goh yana to‘xtab qolar edi. Ozg‘in chol rulda o‘tirgan xonimning bu g‘alati qilig‘i sababini bilmoqchi bo‘ldi. U yo‘lning o‘ng tomoniga o‘tdi. Go‘zal xonim endi unga mashinaning boshqa oynasidan qarab turardi. «Yoshligimda xushro‘ygina edim. Menga e’tibor qilishardi»,- deb o‘yladi ozg‘in chol.
U yana yo‘lning chap tomoniga o‘tdi. Endi xonim unga oynaning chap tomonidan qarab turardi.Havorang mashina yana to‘xtab qoldi. Chol mashina bilan baqamti kelganda xonim unga oynadan boqib dedi:
- Eshikni ochib, mashinaga o‘tir!
 Ozg‘in chol talmovsirab qoldi. Ammo xonimning jilmayib turishidan dadillanib, mashinaga o‘tirdi. Xonim hech nima demasdi. Chol ham indamasdi. Mashina xashamatli bir uy oldida to‘xtadi. Xizmatkor ayol cholga ajabsinib qarab qo‘ydi.
Ular did bilan jihozlangan xonaga kirishgach, xonim chol hali o‘tirmasdanoq amr qildi:
- Yechin!
- Xonim, loaqal yuvinib olay!
- Yechin deyapman!
Chamasi, ayol maishatni ancha sog‘ingan ko‘rinardi. Chol yirtiq, kir ko‘ylagini yechdi.
- Shimingni ham yech!
 Endi uning shubhasi qolmagan edi. U go‘zal xonimning bo‘liq sonlari va lorsillagan ko‘kraklariga qarab turib ochligi va charchog‘ini ham unutvordi. «Xo‘sh,bir gal omadim chopganbo‘lsa nima bo‘pti?! Podshoning ishqi qurbaqaga tushibdi. Yurakka buyurib bo‘lmaydi, u aynan meni tanladi!»
« Ey xudo, endi meni sharmanda qilmagaysan!». O‘zicha tavallo qilgan chol shimini yechib, ayolga yaqinlashdi.
- Ishtoningni ham yech!- buyurdi go‘zal xonim. Keyin u qo‘ng‘iroq tugmasini bosdi. Xuddi uy bekasiga o‘xshagan chiroyli xizmatkor ayol kirib keldi.
Chol sergak tortdi: « Endi bunisi faxsh!- deb o‘yladi u. – Mening yoshimda ikkitasini eplash qiyin!».
Go‘zal xonim xizmatkorga buyurdi:
- Tarbiyachiga ayt, bu yerga bolalarni olib kelsin!
Xizmatkor chiqib ketdi. Ishtonchang olgan chol titrab-qaqshardi. Sovuqdanmi, hayajondanmi – bilib bo‘lmasdi. Bir kuni u qandaydir go‘zal xonim o‘ziga xiyonat qilgan eridan o‘ch olish uchun uyiga duch kelgan bir erkakni olib kelib yotganini eshitgan edi. «Mana bu xonim ham mendan o‘ch olish quroli sifatida foydalanmoqchi» deb o‘yladi chol.
Bunaqa ishlarga yarardi. U yutqinib qo‘ydi.
Xonaga tarbiyachi,xizmatkor va uch nafar bolalar kirib kelishdi.Bolalarning kattasi o‘n yashar, kichigi taxminan olti yashar – ikki qiz va bir o‘g‘il. Uch nafar ajoyib farishtalar.
« Xizmatkor ayol bilan tarbiyachi-ku bir navi, ammo bolakaylarning ko‘z oldida...»,- deb o‘yladi chol.
Cholning oyoqlari qoq tayoqday, qo‘llari chilvirday nimjon, bo‘yni somon parchasiday ingichka edi. Qovirg‘alarini uzoqdan ham sanab ko‘rsa bo‘lardi. U sapsariq kir teri qoplangan qoq suyak edi...
Go‘zal xonim tarbiyachiga murojaat qildi:
- Aysel bugun ovqat yedimi?
- Juda ozgina yedi. Kakaoni ichmadi,- deya javob qildi tarbiyachi.
- Geksel-chi?
- U mutlaqo ovqatlanmadi.
- Altan-chi?
- Bir bo‘lak shokolad yedi, xolos.
Go‘zal xonim bolalarga o‘girildi. U titrab-qaqshab turgan ozg‘in cholga qo‘lini bigiz qilib dedi:
- Mana bu odamni ko‘ryapsizlarmi? U qoqsuyak bo‘lib qolgan. Agar ovqat yemasanglar, sizlar ham xuddi shunaqa bo‘lib qolasizlar.
Bolakaylar cho‘chib onaning pinjiga tiqilishdi. Go‘zal xonim esa ozg‘in cholga zarda bilan xitob qildi:
-Endi tezroq kiyinib tuyog‘ingni shiqillat!

Shodmon Otabek tarjimasi

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.