background
logotype

Aziz Nesin. Ishchan ayol (hajviya)

Ayollarning ijtimoiy hayotda faol bo‘lishi oilaviy hayotga putur yetkazadi degan gaplar g‘irt uydirma. Men buni o‘zimning baxtli oilaviy hayotim misolida isbotlashim mumkin. Yurtimizga xorijiy demokratiyaning kirib kelishi va saylovoldi nutqlarining avj olishi oqibatida deputatlarni saylash oson, yashash esa qiyin bo‘lib qolganda men javlon urib ishlayotgan ishchan ayolga uylanishga majbur bo‘ldim.
Darhaqiqat, xotinim astoydil ishga berilgan, bichish-to‘qishdan bo‘shagan vaqtini hamkasblari bilan aymoqi bo‘lishga sarflaydi. Men esam gazetalardan birida kechasi ishlayman.
Biz turmush qurmoqchi bo‘lgan kuni xotinim bankdan ikki kunga ruxsat olgandi. Men esam garchi tunda ishlagan bo‘lsam ham o‘sha kuni uxlamadim.Nikohni qayd qilish idorasiga borib turmush qurdik. O‘sha oqshom suyukli xotinimni baxtli go‘shamizda qoldirib tahririyatga ketdim.Ertalab kulbamga qaytganimda yotoqxonamiz eshigiga qistirilgan shunday xatni ko‘rdim:
« Suyukli erginam!
Men bankka ketdim. Seni o‘pib qolaman».
Xotinimning xatini zor-zor yig‘lab o‘qidim. Ertalab uyg‘ondim. Mening ko‘z ochib ko‘rganim hali ishdan qaytmagandi. Tahririyatga kechikayotganim uchun men ham xat yozib eshikning o‘sha joyiga qistirib qo‘ydim:
« Jonginam!
Men ketyapman. Ishdan kech qolsam bo‘lmaydi. Dudoqlaringdan o‘pib qolaman».
 Biz navbatdagi tongotarda ham ko‘risholmadik. Ammo mening sadoqatli rafiqam iliq, qisqa, xuddi jasur qo‘mondonning buyrug‘idek lo‘nda maktublar bitishni kanda qilmasdi:
« Jonginam!
Men ketyapman. Seni qayta, qayta va yana qayta o‘pib qolaman».
Men ham shu zahotiyoq javob yozdim:
« Azizam!
Xatingni oldim. Katta rahmat. Lablaringdan bo‘sa olaman».
Sening ering Xasan Kafadan.
Shu tariqa biz xotinim bilan xat orqali o‘pishadigan va xat orqali achomlashadigan bo‘ldik. Xotinimning turmush qurganimizdan uch oy o‘tgach yozilgan va eshikning o‘sha joyiga qistirilgan xatida shunday deyilgandi:
« Azizim!
Xatlaring uchun mingdan ming rahmat. Men juda baxtliman va senga ham shuni tilayman. Seni suyuntiradigan xushxabar aytmoqchiman. Tez orada oilamizda jajji chaqaloq dunyoga keladi. Chamasi, men sal-pal xomilador bo‘lganga o‘xshayman, lekin seni bezovta qiladigan darajada emas. Do‘xtirlar sakkiz oylik bo‘ldi deyishyapti. Farzandimizni jamiyatga foydali inson bo‘lib yetishishi uchun biz sen bilan qo‘lni-qo‘lga berib, bahamjihat xarakat qilmog‘imiz lozim. Meni unutib qo‘yma, xatlaringni kutib qolaman.
Faqat seniki bo‘lib qolguvchi
Pokiza Kafadan».
Jamiki otalar kabi, men bu yangilikdan behad suyunib ketdim. Shu zahotiyoq javobini yozib, eshikka qistirib qo‘ydim:
« Mening farishtaginam!
Behad xursandman. Men senga to‘g‘nog‘ich sotib oldim, yostig‘ingning ostidan topasan. Seni ming, ming va yana ming marta o‘pib qolaman!
Albatta, yillar o‘tishi bilan eru xotin bir-biriga ko‘nikib qoladi va oldingi ehtiroslar ham andak so‘nadi. Biz ham oilaviy hayotga moslashdik va goho o‘zaro befarqlik ham odat tusiga kirdi. Ba’zan xat yozishni unutib qo‘yadigan bo‘ldik.
Oradan bir necha yil o‘tgach biz xat yozishni umuman unutib qo‘ydik. Ammo radioning ro‘parasidagi oshxona stolida ko‘zga tashlanib qoladigan ayollarning buyumlaridan xotinimning kulbamizga kelib turishini bilib qolardim.
Baxtli oilaviy yillar shu tariqa o‘tdi.
Bir kuni ishdan charchab kinoga bordim. Kinoteatr yo‘lagida ajabtovur voqea sodir bo‘ldi. Qandaydir bir savlatli ayol to‘satdan yelkamga osilib qoldi:
- Azizim, qadrdonim, suyuklim!
- Kechirasiz, xonim-afandim,- dedim talmovsirab,- men oilali odamman, bolalarimning otasiman, o‘zingizni qo‘lga oling. Men bunaqa yengiltaklikni hazm qilolmayman.
Ana shunda u menga iddao qilib qoldi:
- Sen meni tanimadingmi? Uyat emasmi? Axir men xotiningman, Pokiza Kafadanman.
Men judayam izza tortib ketdim.
- Demak, sen – mening suyukli xotinim Pokizasan? Kechirgaysan, seni dabdurustdan tanimabman. Men seni ko‘rmaganimdan buyon juda o‘zgarib ketibsan.
U bo‘y-bastiga qarab qatorlashib turgan uch nafar bolakaylar – bir qiz va ikki o‘g‘il bolaga ishora qilib dedi:
- Bular bizning bolalarimiz!
Men bolakaylarning qo‘lini otalarcha suyib qisdim.
- Tanishganimizdan juda xursandman,- dedim.
Suyukli qizalog‘imning oyisiga shivirlab aytgan ushbu gapini eshitmagandek bo‘ldim:
- Didingga ham qoyil emasman, oyijon! Nahotki bizga bundan ko‘ra ko‘rimliroq ota topolmagan bo‘lsang?
Keyin xotinim bolalarning yonida turgan oliftanamo odamni ko‘rsatib dedi:
- Bu mening amakim.
Oradan ko‘p yillar o‘tdi, biz esak oilaviy hayotimizdan mamnunmiz.Agar men bironta ishlamaydigan xotinga uylanganimda edi, biz eru xotin xudoning bergan kuni qiypichoq bo‘lib urishardik. Mana men uylanganimdan keyin necha yillar o‘tgan bo‘lsa-da, hali-hanuz oilaviy hayotimizga rahna solgudek bironta ko‘ngildsizlik bo‘lmagan.
Biz bir-birimiz bilan ko‘rishish uchun vaqt topolmaymiz, shu bois o‘zaro urish-janjal ham bo‘lmaydi, hafagarchiliksiz, tinchgina yashaymiz.
Mening tajribam – ayollarning ijtimoiy hayotdagi faolligi oilaviy baxtga rahna sololmasligini yana bir karra tasdiqlaydi.

Shodmon Otabek tarjimasi

2004-2019 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.