OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Aziz Nesin. Pashshalar bo‘lmasaydi... (hajviya)

O‘n yoshga qadam qo‘yganida, u shunday degandi:
— Eh, agar mening portfelim bo‘lganida bormi! Eh, boshqa bolalarda bo‘lgani kabi kitob va o‘yinchoqlarim bo‘lsa edi! O‘shanda qanday o‘qish kerakligini ko‘rsatib qo‘yardim. Ammo menda hech narsa yo‘q. Bunday ahvolda a’lo bahoga o‘qish mumkinmi?..
O‘n uch yoshga to‘lganida, boshqa bolalarda bo‘lgani kabi, uning ham daftar-qalami, kitob va o‘yinchoqlari, portfeli bor edi. Lekin o‘qishni eplolmadi.
— Ko‘rib turibsiz-ku, mening ust-boshim o‘rtoqlarim ustidagi kiyimdek bashang emas, — nolidi u. — Onam, otam, ukalarim — hammamiz bir xonada yashaymiz. Shunday sharoitda yaxshi o‘qish mumkinmi? Eh, jilla qursa, o‘zimning yozuv stolim va shkafim bo‘lsa edi! O‘shanda mendagi qobiliyat yaqqol ko‘zga tashlanardi.

* * *

O‘n sakkiz yoshga to‘lganida unga alohida xona ajratib berishdi.
— Shu yoshda haftasiga aqalli o‘n lira cho‘ntakka tushmasa, qanday xotirjam ishlash mumkin? Kitob va kartinalar sotib olishim zarur! Ana o‘shanda o‘zimni ko‘rsatardim!
Yigirma yoshida uning bu orzulari ro‘yobga oshdi.
— Eh, o‘quv kursini tezroq tugatsaydim! Hayot – boshqa, o‘qish – boshqa! Universitetni bitirsam, shunday shahd bilan ishlaymanki, shunday ishlaymanki, mana ko‘rasiz! Men shunday mashaqqatli mehnat haqida yozamanki, o‘qiganlar... Eh, eh, tezroq universitetni tamomlasam!
Universitetni tugatganida, u yigirma to‘rt yoshga to‘lgan edi, dedi:
— Men o‘zim istaganday ishlolmayapman. Butun fikri-zikrimni harbiylik band etib turibdi. Eh, tezroq muddatli xizmatni ado etsaydim, bosh ko‘tarmay kecha-kunduz ishlardim. Katta mehnat katta kuch talab qiladi. Shunday narsani yozardimki, hamma faqat men haqimda gapira boshlaydi. Eh, bu harbiy xizmat!

* * *

Harbiy xizmatdan qaytganida u yigirma olti yoshda edi.
— Ishlolmayapman! O‘zim istaganday mehnat qilolmayapman. Eng yomoni, yozishga qo‘lim bormayapti. Umuman, bunday ahvolda yozish mumkinmi? Bir tishlam non topishni o‘ylash kerak. Agar kishida yetarlicha imkoniyat va daromad bo‘lmasa, u qanday qilib yozadi? Eh, shart-sharoit risoladagidek bo‘lganida bormi! Kechqurundan tongga qadar ishlardim va binoyi bir asar yozardim.

* * *

U yigirma sakkiz yoshida muqim ish o‘rniga ega bo‘ldi.
— Ishlab qoniqmayapman, mana shunaqa! — depsindi u. — Mulohaza qilib ko‘ring, qanday ishlash mumkin, axir? Odam deganning o‘z uyi, radiopriyomnigi bo‘lishi kerak. Uning qulog‘ini burasang, taralayotgan musiqadan ruhlanasan, ilhomlanasan! Shunday sharoit bo‘lsa, dam olmasdan ishlash, ohang ta’sirida yozish ancha barakali kechadi. Eh, o‘zimning radiom bo‘lganida bormi!
Yigirma to‘qqiz yoshida u butun bir qavatni egallagan uyga egalik qildi. Radiopriyomnik ham sotib oldi. Ammo ancha yillardan beri orzu qilib kelayotgan asarini yozish uchun stolga o‘tirishga shijoat topolmadi.
— Eh, bu yolg‘izlik! — dedi u. — Yolg‘izlik azobi qursin! Ko‘ksimda g‘or kabi bo‘shliqni his qilayapman. Shu ahvolda qanday yozish, ijod qilish mumkin? Ish odamni o‘ziga jalb etishi kerak. Kim uchun ishlayapman o‘zi? Nima meni ilhomlantiradi? O, muhabbat, qaydasan?
O‘ttiz yoshida sevib qoldi. U sevdi va uni sevishdi. Ammo ancha vaqtdan buyon o‘ylab yurgan asarini yozmoqchi bo‘lib stolga o‘tirishga jur’at etolmadi.
— Muhabbat — muqaddas tuyg‘u, — dedi u, — albatta, bu ajoyib! Lekin... uylanish kerak. Ko‘rasiz, uylangach, shunday ishlaymanki, hayotim o‘z maromiga tushib ketadi! Eh, bir yaxshi jufti halolimni topsam edi! Biror daqiqani ham bekorga o‘tkazmasdim!
O‘ttiz ikki yoshida uylandi. Baxtiyor bo‘ldi, biroq o‘zi o‘ylagandek mehnat qilishga kuch topolmadi. Ammo u bunga ham asosli vaj ko‘rsatishga urindi:
— Zimmamda turmush tashvishlari turibdi. Kun bo‘yi pul topish ilinjida ishlab yuribman. Ijod uchun vaqt qayda! Ijodkor har tomonlama ma’lumotga ega bo‘lgandagina o‘zini shu ishga baxshida etadi. Shu topganlarim bilan bunday imkoniyatni yaratishim mumkinmi, axir?!
O‘ttiz olti yoshida uning maoshi oshdi. Oyligi ko‘tarildi, lekin uning so‘zlariga quloq tutaylik-chi, nima derkin:
— Albatta, alohida uyim bor. Ammo... xonalari tor, buning ustiga bolalarim ham yonimda. Shunday biqiq muhitda ijod qilish mumkinmi? Eh, menda to‘rt yoki besh xonali uy bo‘lganida edi! Shunday ishlardimki, eh, shunday mehnat qilardimki!..
O‘ttiz sakkiz yoshida besh xonali uy oldi. Shunday bo‘lsa-da, uning ishi yurishmadi. U ishlayolmadi. Bunda uning aybi bormi?
— Shaharda ijod qilish qiyin ekan. Derazadan kelayotgan shovqin-suronda ishlab ko‘ring-chi. Moslashish uchun menga osudalik kerak. Bu yerda chang-to‘zon, ko‘cha hayqiriqlari baralla eshitilib turadi. Eh, agar shovqin-surondan xoli hovlim bo‘lganida edi, hammaga qanday iste’dod egasi ekanimni ko‘rsatib qo‘yardim.
Qirq yoshida, o‘zi orzu qilganidek, barcha shart-sharoit muhayyo hovliga ega bo‘ldi. Oynalardan go‘zal manzaralar ko‘rinib turardi. Tevarak-atrofini sokinlik va qulayliklar chulg‘ab olgandi. Ammo...
— Ayting-chi, uyingizda e’tiborli narsalar, devorga osib qo‘yiladigan qimmatli kartinalar, katta yozuv stoli, qulay kreslo va yumshoq gilamlar bo‘lmasa, odam ijod qila oladimi?! Ijod uchun ko‘z quvonadigan narsalar bo‘lishi kerak. Mumtoz musiqalarni eshitadigan moslamalar zarur. Ana o‘shanda ko‘z va quloqlaring ziyrak tortadi — shunda sen ham chin dildan ijodga sho‘ng‘ib ketasan. O, qudratli xudo, qachondir mening orzu-umidlarim ro‘yobga chiqadimi?!
Nihoyat, uning orzulari amalga oshdi. Qirq ikki yoshida barcha imkoniyatlarga ega bo‘ldi. Xo‘sh, keyin-chi?
– Eh, siz bir daqiqaga men bo‘lib ko‘ring! Tashqaridan buni tushunish qiyin. Pulim bor, yaxshi yashayapman. Bolalarim ham binoyi. Keng uyda ajoyib sharoit mavjud — barcha qulaylik muhayyo. Yorug‘ oynalardan mo‘‘jizalarni tomosha qilish mumkin. Go‘zal va qimmatbaho narsalarim bor. Shunga yarasha vaqtim ham yetarli. Ammo — lekin... pashshalar! Meni pashshalar yengayapti. Stolga tinchgina o‘tirib, ijod qilishimga xalaqit berayapti. Bu hashoratlardan qanchalik azob chekayotganimni bilsangiz edi! Ular tufayli kunduzlari uxlolmayman, miriqib uxlolmaganim uchun esa kechasi ishlolmayman. Oynani yopsang — dim, pardani tortib qo‘ysang — go‘zallik yo‘qoladi. Qishda ishlab ko‘rsammikin? Sovuqda pashshalar bo‘lmaydimi? Bunga ishonchingiz komilmi? Nima uchun qishda ham pashshalar yashashi mumkin emas?.. Eh, men hatto bilmayman, pashshalar bo‘lmaganida edi, qanday asarlar yaratgan bo‘lardim-a!..

Rus tilidan Murodulla G‘afurov tarjimasi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 31-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.