background
logotype

Aziz Nesin. Tarbiyam yo‘l qo‘ymaydi (hajviya)

- Voy yaramas-ey!..
 Bu xotinning nega meni so‘kayotganini tushunolmay qoldim. «Kechira- siz, nega meni so‘kayapsiz?» deb so‘ramoqchi ham bo‘ldim. Ammo indamay qo‘ya qoldim.
- Yana ko‘zini lo‘q qilganiga o‘laymi? Men senga ko‘rsatib qo‘yardim-u ammo tarbiyam bunga yo‘l qo‘ymaydi-da.
Avtobus yo‘lovchilar bilan tirband edi. Hamma bizga tikilib qarardi. Men yaxshisi sukut saqlagan ma’qul deb o‘yladim. Ammo xotinning jag‘i tinmasdi:
- Surbet!..To‘nka!..Ablah!..Tarbiyaning ko‘chasidan o‘tmagan galvars! Qanday oiladan ekanliging shundoq ko‘rinib turibdi!..
Ikki marta og‘iz juftlab, «Xonim, o‘zingizni qo‘lga oling!» demoqchi ham bo‘ldim. Ammo yana indamadim.
- Tupurdim yuzingga! Agar tarbiyam yo‘l qo‘yganda edi, senga ko‘rsatib qo‘yardim...
Atrofdan tanbehlar yog‘ila boshladi:
- Uyat emasmi! Ayol kishiga ham shunaqa muomala qilinadimi?
- U nima qilibdi o‘zi?
- Shilqimlik qilgan bo‘lsa kerak.
- Ehtimol oyog‘ini bosib olgandir.
- Siz qayoqdan bilasiz, balki qo‘liga erk bergandir...
Agar shu tobda avtobus to‘xtasa edi, ikkilanmay tushib qolgan bo‘lardim. Haligi xotin esa hamon pulemyotday tinimsiz javrardi. Uni tinchitishga hech kimning haddi sig‘masdi...
- Uyat degan narsa yo‘q ekan-da! Odob degan narsaning ko‘chasidan ham o‘tmagan! Ayol kishining iffatini qayoqdan ham bilsin. Afsus, tarbiyam yo‘l qo‘ymaydi-da...Men senga ko‘rsatib qo‘ygan bo‘lardim!..
Yo tavba!..Koshki biron aybim bo‘lsa!..Unga tirnog‘imning uchi tekkan bo‘lsa til tortmay o‘lay! Agar tekkan bo‘lsa ham mening aybim nima? Avtobus tirband bo‘lsa...
- Voy pastkash-ey! Tarbiya ko‘rgan ayolga duch kelganing uchun shukur qil. Aks holda men senga...
Men terlab ketdim.
- Bunaqa yaramaslar atay tirband avtobuslarga o‘tirishadi...Men senga...Omading bor ekan, tarbiyali ayolga duch kelding...
Chamasi, toqatim toq bo‘ldi. Mening o‘rnimda tosh bo‘lganda ham portlab ketardi.
- Shukur qil, men tarbiya ko‘rgan ayolman. Aks holda og‘zingdan qulog‘inggacha yirtib tashlardim.
Yo‘lovchilardan hech kim yonimni olay demasdi. Hamma xotinning tarafida edi:
- Ehtimol shilqimlik qilgandir...
- Xotin nima desayam baribir haq!
- Haddidan oshib ketgan-da! Hamma narsaning meyori bor.
Oxir-oqibat xotin tinib-tinchish o‘rniga yana battar jazavaga tusha boshladi.
- Voy ablah-ey! Voy yaramas-ey! Agar ja-a hirsing jo‘shib ketgan bo‘lsa, qaerga borish kerakligini ko‘rsatib qo‘yishim mumkin. Tushundingmi? Tushundingmi deyapman? Xudo haqqi agar tarbiyam yo‘l qo‘yganda edi...
Bas. Pichoq suyakka yetdi. Hamma narsaning cheki-chegarasi bor. Tirsaklarim bilan o‘zimga yo‘l ochib, xotinning oldiga bordim, qo‘llaridan tutib dedim:
- Xonim, aytingchi, men sizga nima qildim o‘zi?
Xotin xo-xolab kulib yubordi:
- Odamlar! Mana bu bechoraga bir qarab qo‘yinglar! U ham o‘zini erkakman deb yuribdi. Sen qayoqdan paydo bo‘lib qolding? Nahotki sen ham erkak bo‘lsang? Nahotki men senga gapirgan bo‘lsam? Ensamni qotirma! Bor-e toshingni ter! Senga gapiraman deb hech kimning ko‘zi uchib turgani yo‘q. Men ana bu baland bo‘yli, kelishgan yigitga gapiryapman...
Avtobus Taqsim maydonida to‘xtadi. Avtobusdan qanday sakrab tushganimni sezmay qoldim. Xotin hamon javrardi:
- Qarib quyulmagan galvars! Xomtama bo‘lib menga gapirgan deb o‘ylaganiga o‘laymi?..Afsuski tarbiyam yo‘l qo‘ymaydi-da, aks holda tavbasiga tayantirib qo‘yardim!
Yoshing o‘tib qolsa qiyin bo‘larkan. Hatto xotinlar ham seni so‘kmay qo‘yarkan...

Shodmon Otabek tarjimasi

2004-2019 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.