OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Bakir Yulduz. «Germaniyada ishlab chiqarilgan» (hikoya)

Tobutni barakning tor-tanqis eshigidan olib chiqishayotganda, turklar g‘uj bo‘lib olishdi. Xuddi marhum eshitib qoladiganday hadiksiragan shivirlash eshitildi:
— Oldini tushiringlar!
Haligi odam aytganday qilib, ming mashaqqat bilan eshikdan chiqishdi. Hovliga chiqishgach, odamlar yengil nafas olishdi. Yomg‘ir savalamoqda edi, lekin tobutning atrofida turgan turklar uni hatto sezishmasdi ham. Mo‘‘jazgina hovlidan tobutni yelkaga olib, yo‘lga tushishdi.
Agar yakshanba bo‘lmaganda italyanlar ham, ispanlar ham motam marosimini ko‘rmagan bo‘lishardi. Tobut ko‘targanlar ispanlar istiqomat qiladigan barakka yaqinlashganda, uning derazasidan ilk tomoshabinlar ko‘rindi. Marhumga ko‘zlari tushishi bilanoq odamlarning yuzi cho‘zilib, oqarib ketardi. Ular ham begona yurtda bir nechta o‘rtoqlaridan ayrildilar, shuning uchun ham ona yurtdan olisda judolik juda ham og‘irligini his qilishardi, marhumning ruhi ulkan masofani bosib o‘tib, vataniga qaytishga ojizlik qilardi. Marhumning o‘zi esa begona tuproqda abadulabad qolib ketadi, bu yerdagi tog‘lar ham, vodiylar ham, daryolar ham o‘zgacha. Mana shu yerda dafn qilingan uning jasadi o‘zgacha so‘zlaydigan, o‘zgacha fikrlaydigan, shuningdek, o‘zgacha turmush tarzi kechiradigan, tom ma’nodagi, begonalar tomonidan bosib-yanchib tashlanadi.
Markaziy barak eshigidan bir ispan chiqdi-da:
— Kim o‘ldi, amigo?— deb so‘radi.
Xuddi uning savolini eshitmaganday hech kim unga qayrilib qaramadi:
— Biz ham boramiz, amigo! Bunday paytda ispan, turk, deb millat ajratish gunoh.
Ispanlar tezkor odamlar. Mana, zum o‘tmay o‘n-o‘n, beshta odam ko‘chaga yugurib chiqib, marosimga qo‘shildi. Ishchi shaharchasining darvozasidan tashqari chiqishgach, turklar tobutni yuk mashinasiga ortishga yo‘l qo‘ymadilar.
— Marhumni mozorgacha o‘zimiz ko‘tarib boramiz,— deya ma’yus javob qilishardi hech qanday nasihatlarga ko‘nmay.
Yomg‘ir chelaklab quyganday yog‘a boshladi. Tobut yomg‘irda shishib tobora og‘irlashayotganga o‘xshardi. Hamma suyak-suyagigacha ivib ketdi. Lekin turklar o‘z ahdlarida qat’iy turib:
— O‘zimiz olib boramiz...— deyishardi.
Fabrika direksiyasining vakili soyabonini to‘g‘riladida, tarjimonning qulog‘iga bir nima deb shivirladi, aftidan, yon bosishga qaror qildi, shekilli.
— Yaxshi,— dedi tarjimon,— markaziy ko‘chagacha tobutni ko‘tarib borishlaringiz mumkin, lekinu yerda bari biram uni yuk mashinasiga ortishga to‘g‘ri keladi.
Yuk mashinasi tobutkashlar ortidan sudralib kelmoqda edi. Markaziy ko‘chaga chiqqach, to‘xtashdi. Yemg‘ir tinay demasdi. Agar yomg‘ir yog‘maganda, turk ishchilari o‘zlarining dastlabki ahdlaridan qaytishmagan bo‘lardi.
— Ha, mayli,— deya rozi bo‘lishdi ular nihoyat,— yuk mashinasiga ortsak, orta qolaylik. Lekin biz bari bir mozorgacha boramiz.
Mas’ul vakil rozi bo‘lganday bosh qimirlatib qo‘ydi,
Tobut ortilgan yuk mashinasi ohista mozor tomon yo‘naldi.
Uning ortidan turklar, ispanlar, bir nechta italyanlar borishardi.

* * *

Marosim shahar chekkasida joylashgan qabristonga ham yetib keldi. Tobutni yuk mashinasidan tushirishdi. Uni yelkaga olib, oldilariga tushib yo‘l ko‘rsatayotgan nemis cholning ortidan qabriston bo‘ylab keta boshlashdi. Yaxshilab obod qilingan katta-kichik qabrlarni ortda qoldirib, ular suv yuvib ketgan, yerdan poydevori chiqib turgan eski bino kiraverishida to‘xtashdi. Mas’ul vakil choldan nimadir so‘radi. To‘rtta odam tobutni keng-mo‘l eshikdan ichkariga olib kirib ketdi. Olomon tashqarida qoldi: gangib qolgan odamlar endi nima qilishlarini bilmay turishardi. Ichkarida nima bo‘layotganini bilish uchun binoga kirishmoqchi bo‘lishuvdi, lekin tarjimon ularning yo‘lini to‘sdi:
— Siz o‘z ishlaringizni qilib bo‘ldingiz. Qaytishlaringiz mumkin.
Lekin ular ketishga jur’at qilishmasdi. Ular hech bo‘lmasa ichkariga kirib ketgan o‘rtoqlarini kutishga qaror qilishdi.
Birmuncha vaqt tobutni keng xira yoritilgan koridorda nemis cholning ortidan ko‘tarib borishdi. Ko‘kimtir rangdagi katta-katta xarsang toshlardan qurilgan devorlar odamlarning yuraginn iskanjaga olardi. Eski keng mo‘lgina zalga kirishdi. Kiraverishdagi devorning qarshisiga uncha katta bo‘lmagan supacha qurilgandi. Tobutni o‘sha yerga qo‘yishdi. Jasad buzilib qolmasligi uchun nemis chol tobutning qopqog‘ini ochib qo‘ydi. Tobutni ko‘tarib kirganlar marhumning boshiga ko‘zlari tushishi bilanoq joylarida tirrakdek qotib qoldilar. Oppoq sochlar tikkayib turganidan, xuddi dag‘alga o‘xshab ko‘rinardi. Marhumning gunafsharang lablari esa shishib ketganidan bir-biriga mingashib qolgandi.
Turklar qimirlashga hollari kelmay turishardi. Chol birpas kutib turdida, keyin nemischalab nimadir deb eshikka yo‘naldi. Odamlar uyqudan uyg‘ongandek cho‘chib tushishdi. Ular zaldan chiqib ketishayotgan paytda, ulardan biri chidolmadida, orqasiga o‘girilib yana qaradi. Balki u Ragip amaki tobutdan boshini ko‘tarib, uning ortidan qarayaptimikin, deb o‘yladimikin. Yo‘q, o‘lik uni qanday qoldirgan bo‘lsalar o‘sha holda qimirlamay yotardi. Shunday bo‘lsa ham orqasiga o‘girilishga jur’at qilgan turk o‘rtoqlari sezmagan nimanidir sezganga o‘xshardi. Ragip amakining chehrasida o‘z vatanida, ota-bobolari tuprog‘ida dafn qilinish, shuningdek, tobutni qarindosh-urug‘lari ko‘tarib, yaqinlari yig‘lab borishi istagi qotib qolgandi. Balki, o‘rtoqlari uning so‘nggi xohishini bajo keltirishlarini judayam istagan bo‘lsa kerak.
Eshikning qulfi sharaqladi, Ragip amaki tiriklar uchun dahshatli bo‘lgan bu binoda yakka-yolg‘iz qoldi.

* * *

Barakning tor, uzun koridoridagi yog‘och pol g‘ijirlardi: turklar televizor qo‘yilgan xonaga yig‘ilishmoqda edi. Aniq belgilangan vaqtda mas’ul vakil bilan tarjimon hozir bo‘lishdi. Ular eshik oldida gap-so‘zlar tinishini kutib bir oz to‘xtab turishdi-da, keyin xonaga kirishdi.
Mas’ul vakil nimdoshgina jildni ochib, stol ustiga qo‘ydi. Keyin o‘tirdi. Tarjimon tik turgancha turaverdi.
— Og‘aynilar...— deya gap boshladi-yu, lekin keyingi so‘zni talaffuz qilolmay, tupugini yutdi.
Shu vaqt xonaga yana bir nechta ishchilar kirib, bo‘sh joylarni egallashdi. Tarjimon ovozini ko‘tarib yana gapira boshladi:
— Do‘stlar, bu yerga nima maqsadda yig‘ilganinglarni bilasizlar-a, shundaymi?
U o‘z savoliga javob kutib birmuncha vaqt tik turdi, O‘tirganlardan biri hammalari uchun javob berdi:
— Ha. Bilamiz.
— Xo‘sh,—dedi sovuqqonlik bilan tarjimon,— agar bilsanglar, kelinglar, gaplashib olaylik. Ertaga Ragip amakining jasadi kuydiriladi. Lekin bizga ma’lum bo‘lishicha, sizlar norozi bo‘lganmishsizlar.
Ishchilar baravariga, shosha-pisha, qizg‘in gapira
boshladilar:
— Uning kuydirilishini xohlamaymiz, xohlamaymiz...
Tarjimon o‘tirganlarga ko‘z yugurtirib chiqdi.
— Hammanglar shu fikrdamisizlar? Yalpisiga-ya?
— Ha,— deya javob qilishdi jo‘r ovozda.
— Kim krematsiyaga qarshi bo‘lsa qo‘l ko‘tarishini so‘rayman.
Tarjimon sanaganda qarshilar xonada qancha turk bo‘lsa shuncha edi.
Tarjimon mas’ul vakilga qaradi, u boshini bir ozgina egdida, jilddan qog‘oz olib tarjimonga uzatdi. Tarjimon matnga ko‘z yugurtirib, uning mag‘zini eslab qolishga tirishgancha, e’lon qildi:
— Qayg‘ularingizga hamdardmiz. O‘rtoqlaringizning jasadi kuydirilishini xohlamayapsizlar, shundaymi?
Ragip amakini so‘nggi bor ko‘rishga musharraf bo‘lgan ishchi uning yuzida muhrlangan iltijoni esidan chiqarmagandi. U tarjimonning gapini bo‘ldi:
— Agar pulimiz yetganda edi, biz o‘z vatandoshimizni uning kindik qoni to‘kilgan yerga dafn qilgan bo‘lardik. Biz noilojmiz, uni samolyotda jo‘natishga mablag‘imiz, qurbimiz yetmaydi. Lekin biz qanday qilib uning jasadini kuydirilishiga rozi bo‘la olamiz-a?
— Tushunsanglar-chi, axir, bu barcha katta shaharlarning fojiasi-ku!
— Demak, bu yerda o‘lgan har bir kishi albatta kuydirilar ekan-da?
— Ha. Faqat sizlargina emas, o‘zimizning boshimizda ham shu savdo.
— Bizning shartnomamizda bunday modda yo‘q ediku.
— Darhaqiqat, shartnomada bunday modda yo‘q. Lekin sizlar modomiki, bu yerga kelib ishlashga majbur ekansizlar, ko‘pgina shartlarimizni bila turib qabul qilasizlar-ku,— tarjimonning ovozida mensimaslikka o‘xshash ohang jarangladi.— Nega endi hozirgi daqiqada bizni tushunishni istamayapsizlar?
Tarjimon jimib, o‘tirganlarga ko‘z yugurtirdi. Yo‘q, ular oldindanoq barcha shartlarni qabul qilganliklarini e’tirof etishni hecham xohlamasdilar. Shu bilan bir vaqtda xuddi bu begona yurtga sadaqa so‘rash uchun kelgandek, uyat hamda. izza hissini tuymoqda edilar.
Ragip amakini so‘nggi bor ko‘rgan ishchi o‘rtoqlariga qaradi: ular xijolat hamda o‘ng‘aysizlikdan boshlarini xam qilib o‘tirishardi,
— Mening Germaniyada o‘tkazgan kunlarim yillarga tutashib ketgan,— dedi u ohista, lekin qat’ii ohangda.— Men ko‘p narsaga tushuna boshladim. Avvaliga bizni begona tortlarda ishlashga majbur qilgan vatanimizdagi ochlikning sabablariga tushunolmasdim va uni oddiygina «peshanamiz ekan-da», deb qo‘ya qolgandim. Endilikda, sizlar ham foyda ko‘rmaydigan eshagingiz oldiga hatto bir tutam ham pichan solmasligingizni tushunib yetdim.
Tarjimon aytilganlarni mas’ul vakilga tushuntirayotganida, ishchilar ularning adreslariga aytilgan haqoratli so‘zlarning mag‘ziga tushunib yetmaganlarga tushuntirib, o‘zaro gaplasha boshladilar.
Tarjimon qo‘li bilan stolni taqillatdi. Barcha jimib qoldi.
— Biz bu yerga siyosat haqida safsata sotish uchun yig‘ilmaganmiz. Gap krematsiya haqida ketyapti. Biz sizlarga vaziyatni tushuntirmoqchi bo‘lgandik, lekin sizlar hech narsani eshitishni xohlamayapsizlar. Buni xohlaysizlarmi yoki xohlamaysizlarmi, bari bir marhumning jasadi kuydiriladi. Shaharimizdagi qabriston kichkina, shuning uchun biz hozir sizlar bilan o‘rtoqlaringizni dafn etish uchun yangi qabriston ochish haqidagi masalani muhokama qila olmaymiz. Shahar atrofiga fabrikalar qurilgan. Biz hatto o‘zimizning marhumlarimizni ham allaqachondan beri kuydiryapmiz. Shunday ekan, gapni cho‘zib o‘tirishning nima hojati bor?
— Axir, siz gapirayotgan narsa dahshatli qabohat-ku,— deya yana o‘rnidan turdi haligi ishchi,— axir, gap nihoyati bittagina marhum uchun bir parchagina yer topish haqida ketyapti. Biz shu yaqindan beri begona yurtda ishlay boshlagan bo‘lsak, birinchi bor o‘lim bilan yuzma-yuz kelishimiz. Shuningdek, kuydirish haqida ham ilk bora eshitishimiz.
Mas’ul vakil ishchining gaplarining tarjimasini eshitgach, qansharidagi ko‘zoynagini to‘g‘riladi. Qeyin soatiga qarab, bir oz xayolga toldi. Tarjimon bilan
bir necha og‘iz uzuq-yuluq gaplashdi-da, jildni asabiy berkitib o‘rnidan turdi.
Tarjimon shosha-pisha dedi:
— Suhbat vaqti tugadi, do‘stlar. Ertaga ish kuni. Sizlar vaqtliroq yotishlaring kerak. Yerimiz yetishmaganligi sababli marhumning jasadi kuydiriladi...

* * *

Ertalabki soat sakkizlar chamasi edi. Yomg‘ir bir necha kundan beri tinmay yog‘ardi. Ikkita xizmatchi qabriston qorovuli hamrohligida Ragip amaki yotgan zalga tez-tez kirib borishdi. Ular bu sovuq hamda vahimali binoda qo‘rqmay yurishardi.
...Ragip amaki tunni turklar qoldirib ketishgan o‘sha joyda hamda o‘sha vaziyatda yakka-yolg‘izlikda o‘tkazdi. Hatto qo‘lini ham qimirlatmadi. Faqat yuzi yanada burishib ketgandi.
Xizmatchilardan biri tobutni berkitdi.
Boshqasi unga yaqinlashib:
— Ertaga bayram...— dedi.
— Peshanasiga o‘liklar bilan ishlash yozilganlar uchun bayram-payramning farqi bormi?— deya to‘ng‘illadi keksa qorovul.
Uchalalari ham kulib yuborishdi.
Keyin tobutni ko‘tarib, o‘likxonadan olib chiqishdi.
Tobutni krematsiya zalidagi kattakon marmar plita ustiga o‘rnatishdi. Zalning devorlariga Iso Payg‘am-bar va Momo Havoning rasmlari ishlangandi. Zal yop-yorug‘ bo‘lishiga qaramay, u yerda son-sanoqsiz shamlar yonib turardi.
Serhasham tobut yonida ruhoniy duoyi takbir o‘qib o‘tirardi.
— Yana bittasini olib keldik,—deya ruhoniyga murojaat qildi go‘rkov.
Ruhoniy boshini o‘girib unga qaradi-yu, lekin javob bermadi — uni kambag‘algina egasiz tobut qiziqtirmasdi.
Tobutni g‘ildirakli stolga qo‘yishdi. Keyin to‘rt tomonidan mix qoqishdi. Hatto qopqog‘ini ochib, Ragip amakiga samoda jilmayayotgan Isoni ko‘rsatishni ham lozim topmadilar.
Knopkani bosishgandi, tobut asta-sekin polning
ostiga ravona bo‘ldi.
Besh daqiqadan keyin esa yuqoriga ikki siqim kul chiqarishdi. «...Ragip amaki»dan qolgani shu edi.
Xizmatchi oynaband shkafdan urna oldida, chaqqonlik bilan unga «Ragip amaki»dan qolgan-qutgan kulni soldi. Hali sovib ulgurmagan kul silliq, yumshoq oqib tushardi. Ragip amakining fe’l-atvori ham xuddi shunaqa edi. Hech qachon ovozini balandlatmas, hech kimga qo‘pol muomala qilmasdi. U saxiy qalb edi. Mana shu odam chang-g‘uborga aylangandi. Uning yuragi katta yukni ko‘tara olmadi. Yurtida qolgan oilasi uchun ishlayotgan la’nati pullar bechorani adoyi tamom qildi. O‘limidan ancha oldinoq ko‘zlaridagi umid so‘ngandi... Endi ular qayerda, bu ko‘zlar? Urnadan topib ko‘r-chi?
Xizmatchi urnani yengilgina silkitdi. Kul tagiga cho‘kdi. Ragip amakining ko‘zlari bilan yuragi ham tagiga tushib ketgan bo‘lsa kerak. Xuddi shunga o‘xshash hol o‘sha kuni ertalab, ya’ni u o‘lgan kuni bo‘lgan edi. Yoshi ellikda bo‘lishiga qaramay, unga zararli gazlar ishlatiladigan binoda ishlash uchun ish berishdi. Gazdan saqlanadigan niqob qop-qorayib ko‘zini to‘sib qo‘ydi: yillar davomida ojizlanib qolgan yuragiga xuddi qo‘rg‘oshin quyilganday bo‘ldi. Lekin Ragip amaki tishlarini girih qilib, o‘ziga-o‘zi: «Qora kunlar tez orada oq-oydindek yorishadi»,— dedi. Ammo-lekin u yana bir qora kunni ko‘tarolmadi: tungi smenaning oxirida, jimjit va mash’um daqiqada u yuztuban yiqildi. Hatto o‘ziga ham tan olishga qo‘rqib yurgani, yurak xastaligi uni nobud qilgandi. Urnani surg‘uchlashdan oldin xizmatchi:
— Bu nusxa o‘zi qayerdan ekan?—deb so‘radi. Jilddagi hujjatlarni titkilay boshlashdi. Pechka navbatdagi marhumni qabul qilib olgan damda:
— Qandaydir turk ekan...— degan ovoz eshitildi.—Qani, patentli urnani ber-chi!
Kulni yana boshqa urnaga ag‘darishdi. Balki, bu gal vataniga yuborish oldidan Ragip amakining yuragi bilan ko‘zi yuqoriga chiqib qolgandir.
Shundan keyin xizmatchi urnaning hamma yog‘ini qarab chiqdi. Uning tagida: «Germaniyada ishlab chiqarilgan», degan yozuv yaqqol ko‘zga tashlanib turardi.

Hikoyat Mahmudova tarjimasi

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.