OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Chingiz Aytmatov. Raqiblar (hikoya)

I


Endigina ishdan qaytgan Xonimgul uy ishlarini ana-mana deguncha bitirdi-da, ko‘chaga, poda yo‘liga chiqdi. Qora sigirni ertaroq bog‘lab olmasang, u yomon, darrov qo‘shnilarning ekinlariga tushib ketadi. Orqasidan o‘n choqli kishi halloslab quvlamasa, osonlik bilan ushlatmaydi.
Xonimgul qo‘liga ikki yashar o‘g‘li To‘qonni ko‘tarib olgan edi. Ularnipg ikkalasi ham ko‘chaning kun botish tomoniga tikilib turishardi. Poda har kuni o‘sha yoqdan kelardi. Ko‘chaning oxiridagi qator tizilgan teraklarning ignadek uchiga go‘yo quyosh ilinib qolganday, so‘nggi nurlarini sochib, qirning ortiga botib bormoqda edi. Botib borayotgan quyosh o‘rnini borgan sari g‘ira-shira qorong‘ilik egallab, pastlikdagi ko‘lankalarni o‘z qa’riga tortib borayotganday, tobora hamma narsa ko‘zdan g‘oyib bo‘lib borardi.
Kech kirib qolgan bo‘lsa ham, oftobning tafti hali qaytgancha yo‘q, kun botish tomondagi qozoq dashtidan kimdir birov atayin yelpiyotganday garmselning issiq nafasi yuzlarga lovillab ura boshladi. Hozir tevarak-atrofdagi hamma narsa: holsiz tebranayotgan butalar, jimjit to‘qayzor singari issiq havoda dimiqib turgan chorbog‘lardagi oq jo‘xorilar, chivinga talanib ariq bo‘yida bosh siltab turgan bo‘zbiya, mana shularning bari saraton issig‘ida kuyib-yonib, hozir salqin tunning kelishinigina orziqib kutayotganday. Tunda yuqoridan muzdek shabada esardi, tongda hordiq chiqarib yotgan yer betini shudring qoplardi, o‘shanda toshlar marvarid donachalari bilan qoplanganday jilvalanardi, mollarning yegani singib, semirardi, qurib-qovjiragan nihollarga qayta jon kirardi.
Sigirlar rosa to‘yib qaytganidan og‘irlashib qornini ko‘tara olmay ko‘chaning o‘rtasida shoshmasdan bir-bir bosib, yo‘lning changini burqsitib kelardi.
Ikki yuzi qip-qizil olmaday, burni esa sal yassiroq, tinib-tinchimas kichkina To‘qon Xonimgulning qo‘lida olg‘a talpinib, chiviqni o‘ynab, qora sigirni: «Hish-hish, hish!» deb chaqirardi. Qora sigir To‘qonga parvo qilmay, erinchoqlik bilan sudralib keldi-da, jo‘xori tomon intilmoqchi edi, Xonimgulni ko‘rib to‘xtab qoldi.
– Hayda, To‘qon, uyga hayda! – dedi Xonimgul qo‘lidagi bolasini erkalatib. Shu payt bolasi ko‘ziga chindan ham ishga yarab, go‘yo mol haydashib yurganday ko‘rinib, onasi bundan o‘zicha suyunib qo‘ydi.
Xonimgul bir bola ko‘rgan juvon bo‘lsa ham, qiz paytidagi husni jamolini yo‘qotmagandi. Kulib turganda yuzlaridagi kuldirgich yanada chuqurlashib, chehrasida qandaydir uyatchanlik balqib turardi. Uning sal qiyiq chiroyli ko‘zlari ba’zan sho‘x qulunday o‘ynoqlar, ba’zan ichki nozik hissiyotlarini shundoqqina ko‘rsatib, uzoq vaqt porlab turardi.
– Aylanayin podachim! Sening bu mol haydaganingdan aylanay! – deb Xonimgul bolasini quchoqlab, qayta-qayta o‘pdi. Bolaning salmog‘idan tortilib tovoniga tushgan uzun ko‘ylagining etagini yerga qo‘shib bosayotgan Xonimgul erkalanganday bidirlab kelardi. – Hayda, sadag‘ang ketayin, hayda... Chiviq bilan ur... Bosh, uni qara, jo‘xoriga kirmoqchi chog‘i! Bosh desa!.. Aylanayin, men uni hozirgina sog‘aman, sut ichasanmi, To‘qon?
Xuddi shu vaqt ko‘chadagi chang-to‘zon ichida bir otliq ko‘rindi. Unint ot haydashi bejo edi. Devorning boshida qo‘nqayib o‘tirgan boyo‘g‘liday hurpayib, terga botgan kigiz qalpog‘ini chaqchaygan ko‘zigacha bostirib kiyib olgan, havo yonib turganiga qaramay ustida yog‘in-sochindan o‘ngib ketgan plash.
– Otang keldi, qara-chi. To‘qon, otang keldi! – dedi Xonimgul kuyoviga jilmayib.
Qoratoy aslida o‘zi qop-qora kishi. Biroq bugun uning terlab-pishib chang bosgan yuzi o‘zgacha xunuk tortib rangi o‘chib ketgan edi. Uning ko‘pdan beri ustara tegmagan shopday mo‘ylovining uchlarini ham boyagi issiq garmsel urganday sarg‘ayib ketgan.
Qoratoy tizginni tortgani yo‘q. U bolasi bilan xotinining yonida to‘xtamay go‘yo boshqa begona kishilarni uchratganday, ularning oldidan o‘tib borayotib bir tikilib qo‘ydi-da, darvozaga suykanib yotgan sigirga yetib borib, uni qamchi bilan qulochkashlab jon-jahdi-la bir soldi-da, indamasdan uyga haydadi.
– Ota, hachuv! Ota, hachuv! Ota! – Otga mindirgin deganday otasiga chuldirardi kichkinagina To‘qon.
– Qoratoy, o‘g‘ling‘ni mindir! – dedi Xonimgul. Qoratoy otining jilovini bir oz tortib, qayrilib turib bir kulimsirayin dedi-yu, lekin kulmadi. Lablarida tabassum bir ko‘rindi-yu, yana yo‘qoldi. «Ey, qochib tursang-chi» – deganday Qoratoy o‘g‘liga qarab qo‘lini siltadi.
Hech nimaga tushunolmay qolgan Xonimgul bolasini ko‘kragiga bosganicha, o‘rnida serrayib turib qoldi.
Boshqa kunlari Qoratoy suv boshidan kelganida otdan tushmay turib doimo «Qani, xonim, o‘g‘ilchani ber!» deb, ot ustida qulochini yozib engashardi. O‘shanda uning ma’yus ko‘zlariga kutilmaganda sevinch uchqunlari, xo‘mraygan yuziga iliqlik yugurardi. Qoratoy To‘qonni oldiga mindirib olib, o‘zicha allaqaysi ohangda xirgoyi qilib, kechki salqinda ko‘cha bo‘ylab o‘g‘lini nari-beri sayr qildirardi. To‘qon bo‘lsa chilvirning bir uchini ushlab kichkintoy oyoqchalari bilan tepinib, quvonchidan lablarini cho‘chchaytirib: «Ko‘rdilaringmi, otni o‘zim haydab yuribman!» deganday taltayib qo‘yardi. Shunda bularni ko‘rgan kishilar:
– Voy-bo‘y! Bizning To‘qon ajabtovur yigit bo‘lib qolibdi-ku! – deyishib, chindan ham suyunishardi. – Ko‘rmaysanmi! Otni o‘zi minib yuribdi! Borakallo! Azamat, azamat-da o‘zi!
Mana shu aytilgan oddiy so‘zlar Xonimgul uchun onalik mehrining eng yuksak cho‘qqisiga olib chiqqanday bo‘lardi.
Xonimgulning eng yaxshi ko‘rgani – kechki payt. Qoratoy otini soyga tushovlab kelib, ko‘nglini joyiga qo‘ygach, oz-moz qo‘biz ham chertib qo‘yardi. O‘choqning boshida yostiqqa yonboshlab, qo‘li bilan qo‘bizning torini chertib, uyqusiraganday shishinqiragan qovog‘ining ostidan, yonida chordona qurib xursand bo‘lib o‘tirgan To‘qonni erkalatib, kulimsirab qarardi.
Yerda hamir yug‘irib o‘tirgan Xonimgulning lorsillagan yuzlari olovning taftidan loladay qizarib ketgan edi. Qoratoy, albatta mohir qo‘bizchilardan emas, uning chertganini har bir qirg‘iz eplab chertadi, biroq u chertib o‘tirgan eski kuy Xonumgul uchun obdan yoqimli, bu kuyni u tunu kun mijja qoqmay eshitishga tayyor. Uning orzulari ro‘yobga chiqqan: qarshisida bolasi, bir yostiqqa bosh qo‘ygan umr yo‘ldoshi o‘tiribdi. Ularga Xonimgul o‘z qo‘li bilan ovqat pishiryapti. Qoratoy chertayotgan kuy Xonimgulga qanot berib, u hozir osmonda aylanib uchib yurganday. Bunday paytlarda Xonimgul: «shunday ittifoq, rizqi-ro‘zli oila peshonamga bitganidan roziman», deb o‘ylardi.
Xonimgulning shunday o‘ylashida jon bor. Goho tengqur kelinlar yashirmay-netmay: «Sen juda baxtlisan, Xonimgul! Kuyoving ro‘zg‘orga jonkuyar, chorva kishisi, Kolxozning mirobi. Sen dala ishida bo‘lsin, uy ishida bo‘lsin, hech kimdan ortda qolmaysan. Turmushlaring tinch, o‘g‘ilchang bor, qaynanang bilan ahilsan, armonsiz o‘tasan», – deb aytishardi. Bunday paytlarda Xonimgul barcha quvonchini ichiga yutib, indamasdan kulib qo‘yardi-da, qo‘lidagi ketmonini yana ham ildamroq siltardi. «Biroq sizlar eng negizini bilmaysizlar!» deganday Xonimgul o‘zicha kulimsirardi. «Men uchun sevish hammasidan qimmat. Men Qoratoyni sevaman. Qoratoy meni sevadi. Ikkovimiz bolamizni sevamiz... Sevmagan odamlarning boshi birikadimi?» Biroq kutilmaganda, qandaydir sabablar bilan ular o‘rtasida shirin turmushning buzilishini Xonimgul xayoliga ham keltirmas edi. Qoratoyning bugungi avzoyi Xonimgulni o‘ylantirib, tashvishga solib qo‘ydi. «Bu nimasi, u nega bunday qilyapti?» deganday To‘qonning yuziga ayanchli holatda termilardi. Bola bo‘lsa ona qalbini tushunganday yig‘lay boshladi, u aftidan otga mindirmading, deb otasidan ko‘ngli o‘ksiganga o‘xshaydi.
– Qo‘y, To‘qon! yig‘lama, qo‘y! – dedi Xonimgul. U bolani ovutishga qanchalik urinmasin, o‘zi ham allanarsani eslab xayolga cho‘mdi. Biroq o‘y-xayollarining uchini topolmadi. Bolani yupatishga boshqa munosib so‘z topolmay, Xonimgul uni yanada qattiqroq quchoqlab bag‘riga bosdi.
Old tomondan urgan kuchli shamolga ko‘ksini qalqon qilib turganday Xonimgul To‘qonni bukchayganicha quchoqlab turaverdi. Ayol tez-tez nafas olayotganidan bo‘yin tomirlari sirtiga bo‘rtib chiqqan. Xonimgulning o‘zi uchun ham, bolasi uchun ham o‘ksigan yuragi aybsiz izza bo‘lganiga chidamay o‘rtanib yonib, allaqanday qo‘rqinchli hodisa yuz berishini oldindan sezayotganday gup-gup urardi.
Xonimgul uyga kirib kelganda, Qoratoy o‘sha chang bosgan plashini yechmasdan, burchakdagi stol yonida tik turganicha, katta kosani qo‘sh qo‘llab ushlab ayron ichayotgan, ekan. U xuddi uzoq chopib, yutaqib qolgan ot singari ayronni jon-jahdi bilan qultullatib ichardi. Xonimgul unga indamay qarab turaverdi. Har bir qultumni yutganda uning yungli bo‘ynidan kekirdagi goh pastga tushib, goh yuqoriga ko‘tarilib turardi.
Xonimgul erining fe’li-atvori nimaga bunday o‘zgarib kelganini tushinib yetmadi. Qoratoy hamma vaqt kam gap edi, albatta. Biroq Xonimgul erini hali hech qachon bugungidek begonalashib, g‘azabga to‘lganligini ko‘rmagan edi.
Qoratoy, nihoyat, kosani tokchaga qo‘ydi, yorilib, dag‘allashib ketgan katta kafti bilan lablarini artgancha, xotiniga ko‘z qiri bilan nazar tashladi va orqasiga burilib, indamasdan karavot tomon odimlab ketdi.
– Bolani bu yoqqa olib kel! – dedi u plashini devordagi mixga ilar ekan,bo‘g‘iq ovoz bilan.
«Nimaga kerak u senga? Sadqayi bola ket! Xudo yorlaqab sog‘inib qolibsan! Shoxini sindirganing ham yetar!» Xonimgul kuyoviga shunday deb aytmoqchi bo‘ldi. Biroq bunga jur’at etmadi. Shu mahal Qoratoy kigizga o‘tirarkan, bir yeri qattiq og‘riyotganday tishini tishiga qo‘yib ingrardi. Aftidan qandaydir achinayotganday ko‘rinib, bosh-yuzlari burishib, qarib qolgani, ayniqsa bugun ko‘zga alohida tashlanib turardi. Shunda buni payqagan Xonimgul qalbidagi g‘azab alangalari birdan tarqalib ketdi.
– To‘qon katta onasinikida, – dedi Xonimgul eshikka chiqib borayotib, – senga nima bo‘ldi, Qoratoy? Nega muncha qovog‘ing soliq?
– Hech nima... Ovqatingni qil...
Xonimgul bir chelak suv olib uyga qaytib kelganda kuyovi hali ham boyagiday mustar bo‘lib, quyi solingan boshini kaftiga qo‘yganicha kigizning ustida yonboshlab yotardi. U shu bo‘yicha qo‘zg‘almay yotaverdi, biroq Xonimgul yaqinlab kelganda uni ataylab javratmayin dedimi, yoki boyadan beri o‘ylanib yotib bir fikrga kelgan bo‘lsa shuni aytishga o‘zini chog‘ladimi, harqalay, Qoratoy o‘rnidan sakrab turdi-da:
– Rezinka etik qaerda, olib kel! – deb xotinining ro‘yxush bermayotganini anglab, shartta buyruq qildi. Paytavasini shosha-pisha o‘rab, rezinka etigini kiyib olgan Qoratoy eshikka shoshilib yugurib chiqdi, Qantarig‘liq turgan otning pushtanini biron nimadan o‘ch olayotganday jon-jahdi bilan tortgan edi, ot o‘rnidan qo‘zg‘alib ketdi.
– Tak! – dedi Qoratoy ovozining boricha zarda bilan baqirib, – harom o‘lgur!
So‘ng u xotiniga qayrilib, xo‘mrayib yovuzlarcha tikilib qaradi.
– Sening Sobirbeging! – dedi u rang-quti o‘chib, qaltirab, – yo meni de, yo uni de!..
Buni uqub boyadan beri ko‘ngli xiralashib, allaqanday yomon narsani sezib hadiksirab yurgan Xonimgulning qalbi yana Sobirbek, deganida qinidan chiqib ketguday bo‘ldi. U Qoratoyga qarab otildi va ot uzangisiga yopishib olib yalinib-yolvordi:
– To‘xta, Qoratoy! To‘xta, bu nima deganing? Nima uchun bunday deyapsan?.. Qaysi Sobirbek?..
Biroq Qoratoy xotinining so‘zlariga quloq solmay, uning qo‘lini siltab tashlab, otiga ustma-ust qamchi bosib, chang-to‘zonni ko‘tarib chopib ketdi.
Xonimgul «Qoratoy! Qoratoy!» – deb baqirganicha qolaverdi. Tog‘dan esayotgan kechki shamol g‘azabga to‘lgan Xonimgulning etak-englarini hilpiratib: «Sen bu yerda nima qilib turibsan, qitiqlayinmi-a?» deganday yulqilab o‘ynayotgan edi. Xonimgul uyga qaytarkan, yelkalari sovuqdan uchib titrardi.
Tog‘dan qorong‘ilik bosib kela boshladi. Allaqaerdan, olis-olislardan boyo‘g‘lining qichqirig‘i eshitildi. Eshitildi-yu darhol jimib qoldi. Samoda yulduzlar fanari yona boshladi. Koinot uyquga ketdi.

II


O‘sha kuni kunduzi chaqirilgan kolxoz miroblari va dalachilik brigadalari kengashiga Qoratoy bir oz kechikib keldi. Rayon ijroiya komiteti raisining katta kabineti kengash qatnashchilari bilan liq to‘lgan edi. Qaysi birlari derazalarning tagida, boshqalari eshikning bo‘sag‘asida devorga suyanganicha o‘tirishardi.
Qoratoy koridorga kirib, eshigi ikki yoqqa ochib qo‘yilgan kabinet tomon bo‘yin cho‘zib o‘tirishgan kishilar to‘piga kelib qo‘shildi.
Kengashda chiqib so‘zlaganlarning barisi birgina masalani muhokama qilishardi. Rayonda sug‘orish ishi yomon ahvolda, ekin-tikin vaqtida sug‘orilmay qurib, kuyib ketyapti. MTSning bosh agronomi «Beshtosh» kolxozi haqida uzoq gapirdi. Unda Qoratoy miroblik qilardi. Ilg‘or kolxozlarda bedalar ikki bor o‘rilib, g‘aramlanayotgan bo‘lsa, «Beshtosh» kolxozida bir marta o‘rilgandan so‘ng boshqa sug‘orilmay, beda suvsizlikdan shu bo‘yicha o‘smay qolgan. Ish shu ahvolda bo‘lar ekan, beshtoshliklar bu yil ham o‘tgan yillardagidek bedani ikki marta o‘rib olishiga ko‘zi yetmaydi. Jo‘xori bo‘lsa endigina bir marta sug‘orilibdi, qay bir yerlariga butunlay suv chiqmay, tap-taqirligicha yotibdi, boshqa kolxozlarda bo‘tako‘z ekinlari to‘rt-besh bor sug‘orilgan bo‘lsa, «Beshtosh»da atigi ikki marta sug‘orilgan, xolos.
Kolxoz sha’niga aytilgan agronomning bu xildagi so‘zlarini Qoratoy beparvolik bilan odatdagi so‘zlar-da, deganday tinglab o‘tirdi. Bu yetishmovchiliklar haqida uning ham o‘zgacha aytar so‘zi bor. Bu narsalar unga ilgaridan besh qo‘lday ma’lum edi. Chunki Qoratoy o‘zining jonajon ishi – mirobchilik haqida ertayu kech bosh qotirar edi. U ko‘pdan beri bunday savollarga javob berish uchun o‘ylab, tayyorlanib yurardi. U o‘z fikrlarining to‘g‘riligiga qattiq ishonar edi ham. Mirobning o‘ziga xos tegishli ishlari bor: kolxozga berilgan suvni belgilangan norma bo‘yicha ariqlarga bo‘lib tarqatish kerak. Qolgan boshqa ishlar esa raisga tegishli, brigadirga tegishli. Ishni o‘shalar boshqaradi-ku! Darvoqe, suv ishi kolxozda g‘oyat yomon ahvolda, biroq bunga kim aybdor? Qoratoymi? Yo‘q, kolxozda suv yetishmasa Qoratoyning qo‘lidan nima ham kelardi? Yo‘qni yo‘ndiradimi? Ayrim vaqtlari suv yetarli bo‘lgani bilan sug‘orishga odam yetishmay qoladi, hammasiga kolxoz raisi aybli, u javob beraversin...
Qoratoy bu gal ham kengashda aytiladigan gaplarni ko‘ngliga olmay odatdagidek qosh-qovoq qilib o‘tirmasdan, kelgan bo‘yidan ovulga qaytib ketaverishi mumkin edi. Biroq kengash oxirida kimdir birov burchakdan turib gapirib qoldi: «Unday degan bilan ham, bunday degan bilan ham, baribir suv normasi ko‘paytirilib, har birimizga uch-to‘rt quloqdan suv qo‘shib bermaguncha ish bitmaydi». Qoratoy o‘zini birdan yengil his qildi, – uning ayni muddaosidagi gap aytilgan edi. O‘zi ham doimo suv deb qaqshab yurardi. Ish ko‘ngildagidek bo‘lish uchun kolxozga bo‘lib berilgan suv yana kam deganda yarim baravar ko‘paytirilishi zarur edi. Ko‘pchilik miroblar bu taklifni quvvatlab shovqin-suron qilishdi: «To‘g‘ri! To‘g‘ri aytadi, hamma gap shunda-da!»
Ovozlar bir oz bosilgach, Sobirbekka so‘z berildi.
Sobirbek Qoratoylarga qo‘shni – Jdanov nomli kolxozning mirobi. U porusina  ko‘ylagining etagini orqa tomoniga tortib qo‘ydi-da, stol yoniga yengilgina odimlab keldi. So‘ng o‘tirganlarning ko‘nglidagini bilmoqchi bo‘lganday, ularning har biriga ko‘z yugurtirib chiqdi. Hadeganda Sobirbekning o‘ziga xos belgilarini anglab olish qiyin edi. Uning yoshi o‘ttizlardan oshgan, keng yag‘rinli, qo‘y ko‘zli, sariqdan kelgan kishi edi. Uning baquvvat gavdasi ko‘rinishdan yoshlik chog‘idan mehnatga chiniqqan kishilarni eslatardi. Sobirbekning yoqimli kulimsirab turgan yalpoq yuzlari, kishilarni maftun qiladigan ishonchli ko‘z qarashlari, vazmiyligi, birovga yomonlikni ravo ko‘rmaydigan yuvosh kishini eslatardi. Biroq ish haqida, suv xususida so‘zlaganda, uning haligi mo‘min-qobilligi bir zumda yo‘q bo‘ladi-qoladi. Sobirbekning bu tabiatini Qoratoy boshqalardan ko‘ra yaxshiroq bilardi...
Yaqin kishilar orasidagi o‘zaro aloqa va munosabatlar ham vaqti kelib juda murakkablashib ketishi mumkin. Mana hozir Sobirbek so‘zlay boshlaganda, Qoratoy uning so‘zlarini menga hech qanday qizig‘i, tegishli joyi yo‘q, deganday, o‘ziga yuqtirmay, shunchaki tinglab o‘tirdi. Ular go‘yo ilgaridan kelishib qo‘ygan kishilardek, bir-birini hech vaqt yomonlab ham, yaxshilab ham gapirmas edilar. Sen menga tegmasang, men senga tegmayman, sen mening ishimga aralashmasang, men sening ishingga aralashmayman, deb kelishib qo‘yganday, o‘zaro yoqtirishmasalar ham biri ikkinchisiga gap tegizishdan ehtiyot bo‘lib yurishardi. Oldin do‘stlashib yurgan kishilarning orasi buzilib, yo‘llari ikki tomonga ayrilib ketgan paytlarda shunday hodisa yuz beradi: yaxshi, yomonni yashirishib bir-biridan uzoqlashaverishadi. Ularning do‘stligi odam qatnamay qo‘ygan yolg‘izoyoq yo‘lni o‘t bosib ketgani kabi bora-bora, o‘z-o‘zidan unutilib, qalbdagi o‘kinchlarni bir-biriga aytishmay yurgan do‘stlar orasidagi ziddiyatlar kuchayib, kek saqlaydigan bo‘lib qoladilar. Ular ochiqdan-ochiq qasdlashib qolmasa ham, har biri o‘z dardini ichiga tugib, paytini poylab yuradi.
Mabodo, ulardan biri qo‘l ko‘tarib qolguday bo‘lsa, ikkinchisi ot qo‘yib kurashga kirishga tayyor turadi. Ana shunda ular bir-biriga dushman ekanini yashirib o‘tirmasdan, yuzma-yuz keladi. Hozircha ko‘nglida biror g‘arazi bo‘lmagan Qoratoy Sobirbekning so‘zlarini sovuqqonlik bilan tinglab o‘tirardi.
Sobirbek u-bu deb ezmalik qilib o‘tirmasdan, gapning bo‘larini aytayotgan edi:
– Bu yerda ba’zi birlarimiz suvni taqsimlash masalasi qayta ko‘rib chiqilsin, tekshirilsin, degan fikrni aytyapmiz, – dedi u bamaylixotir so‘zlab. – Bu bir tomondan to‘g‘ri, albatta. Chunki har bir ishni qayta-qayta ko‘zdan kechirib, tekshirib turish – foydadan xoli emas. Bizning suvchilarimiz – gidrotexniklar ham buni allaqachon inobatga olib qo‘yishgan bo‘lsa kerak. Bu haqda ularning o‘zlari gapirishar. Biz, miroblar esa bu yerda bundan boshqa ishlar to‘g‘risida kengashib olishimiz kerak. Aks holda qizining siri onasiga ma’lum, deganlariday, bizning bilganimiz bitta. U ham bo‘lsa: «Suv yetmayapti, chanqadik, ko‘proq suv ber!» deb ayyuhannos solganimiz solgan. Agar suvni ko‘paytirib berganlari taqdirda ham yana suv yetmaydi deb chopganimiz chopgan. Suvning ko‘pi yaxshi. Suv qancha mo‘l bo‘lsa, non ham shuncha serob bo‘ladi, bu hammaga ma’lum. Lekin ba’zi birovlarimiz Chuy arig‘iniig hammasini dalasiga burib yuborsang ham ko‘zi to‘ymay, o‘shanda ham suv yetmaydi deb zorlanadi. Yo‘q, o‘rtoqlar, bu kulgi emas. Bu muammo har birimizni qattiq o‘ylantirmoqda. Axir unga xudoning shunchaki oqib yotgan suvi deb yengil-elpi qarash mumkin emas-da. Suv deb qanchalik tashvish tortyapmiz, mehnat qilyapmiz... Shunday ekan, bu haqda bafurja o‘tirib gapirishib olaylik... Mana masalan, ko‘klamda dalani kezgan vaqtingda, bir tekisda unib chiqqan ekinlarni ko‘rib qalbing quvonchga to‘ladi, kuzga kelib xirmon ko‘tarilganda hosilni ko‘rib xafsalang pir bo‘ladi. Mana hozir ham ekinlar suv yuzini ko‘rmay quvrab ketyapti... Nega shunday bo‘lyapti? Suv yetishmasligidanmi? Yo‘q, bunday emas. Meningcha, har bir kolxozda yetarli suv bor, hatto suvga serobmiz ham deya olishimiz mumkin. Xo‘sh, shunday ekan, asosiy gap nimada?
Sobirbek koridorda o‘tirgan bir gala odamlar tomon g‘ozday bo‘yin cho‘zib qararkan, birdai Qoratoyga ko‘zi tushishi bilan taqir qirilgan boshini qashib, xayoliga biror narsa kelganday bir oz jim qolib, gapni ulab ketdi:
– Har kim ko‘rgan-bilganini gapiradi. Qoratoy bilan ikkimizning ovulimiz yonma-yon. Ichadigan suvimiz ham bir. Qatta ariqning narigi sohili ularniki, berigi sohili bizniki... Bu tomondan Qoratoyni do‘st deb bilaman. Men uni yomonlamoqchi emasman, lekin men bugun haq gapni aytolmasdan ham turolmayman. Sen ham mirobsan, men ham mirobman. O‘zingga ma’lum, «do‘st achitib gapirar, dushman kuldirib», degan maqol bor.
Sobirbekning bu so‘zlarini tinglab o‘tirib Qoratoy o‘z qulog‘iga ba’zan ishongisi kelmasdi. Bu gaplarning hammasi unga to‘g‘riday bo‘lib tuyulardi. Biroq to‘g‘ri so‘z toshni yorar deganlariday...
Sobirbekning so‘zlari asta-sekin Qoratoyga og‘ir bota boshladi. Sobirbek haq gaplarni aytayotgan bo‘lsa ham, Qoratoy uni aksiga tushunib, g‘azablanayotgan edi. Qoratoy aldanadigan anoyi emas, Sobirbek nima uchun boshqalarni misolga keltirmay, uning ishi haqida gapirayotganini yaxshi payqardi. Sobirbek undam o‘ch olmoqchi. U shu kengashda xalqning ko‘z oldida ataylab uning obro‘yini to‘kib, sharmanda qilmoqchi. Bo‘lmasa, «Beshtosh» kolxozi ekinlarni sug‘orishda eng orqada qolgan, deb bunchalik javramasdi.
Haqiqatan ham, Sobirbek bugun yechinib olib, kurashga tushgan kishiday do‘stlarini ham, boshqalarni ham yuzxotir qilmay, qattiq tanqid qilayotgan edi:
– Qachon bo‘lsa suv oz, suv yetishmaydi, deb bahona qilib yuradi. Bu odatingni tashla, Qoratoy. Aks holda ish ham yurishmaydi, ekin ham o‘smaydi. Sening ixtiyoringga uch yuz litr suv berib qo‘yilibdi. O‘z dehqon tilimiz bilan aytganda, bu olti quloq suv! Hoy, bu hazilakam suv emas. Men ham uch yuz litr suv olaman. Bizning ekin maydonimiz ham deyarli birday. Shu suvning o‘zidan ham tejab-tergab foydalansak, xudo haqqi, yetish u yoqda tursin, hatto oshib ketishi ham mumkin. Lekin sen o‘sha o‘zingga berilgan suvning hammasidap to‘la foydalanayotibsanmi? Hamma gap ana shunda! Men hozir senga to‘ppa-to‘g‘risini aytib bera qolay, – deb Sobirbek cho‘ntagidan bloknotini oldi. O‘tirganlar qo‘zg‘alib ivir-shivir qila boshlashdi: «Sobirbekning gaplari to‘g‘ri! Hamma balo o‘zimizda! Suv isrof bo‘lib ketyapti». Sobirbek bloknotini varaqlab, bir joyini ochdi-da, gapira boshladi:
– Agar shu vaqt ichida sug‘orilgan yer maydonlari hisoblab chiqilsa, haligi uch yuz litr suvdan faqat bir yuz yetmish litrigina foydalanilgani ma’lum bo‘ladi. Shunday ekan, qolgan yuz o‘ttiz litr suv qaerga ketgan? Bu suvlarning bekorga oqib yotgani o‘zingga ham ayon, Qoratoy. Ularning bir tomchisi ham ekinlarga sarflanmagan. Xo‘sh, nima uchun bular haqida gapirmaysizlar. Bu mirobniig ishi emasmi? Hosil olamiz der ekanmiz, har kuni uch mahal ovqat qilishni kanda qilmaganimizdek, ekinlarning ham bir kun emas, bir soat ham kechiktirmasdan qondirib sug‘orib turishimiz kerak. Buning uchun esa mirob ertayu kech dalada, suvning boshida turib joy kuydirib ishlashi kerak. Qoratoy, sen tungi sug‘orishda bo‘lasanmi? Yo‘q, albatta. Odam bo‘lib hali biror marta seni kechasi suv boshida ko‘rganim yo‘q! Ariq-ariqlarga taqsimlab berilgan suv qaerga oqyapti, uni kim boshqaryapti, aminmanki, qanchasi bekorga isrof bo‘lyapti? Sen shularni tekshirib ko‘rdingmi? O‘z suvchilaring aytsin, yo‘q albatta, sen buni qilayotganing yo‘q. Qachon qaramay to‘g‘on boshida, reykadan ko‘zingni uzmay o‘tirganing o‘tirgan. Agar, suv rejadan salgina pasaydimi, darhol gidrotexniklarga: menga suv yetmayapti, suv beringlar, deb chopib qolasan. Ammo shu payt pastda qancha suv foydalanilmay, isrof bo‘lib oqib yotgani bilan ishing yo‘q. Qanday bo‘lmasin, birovning hisobidan bo‘lsa ham, ko‘proq suv olish payidan bo‘lasan, o‘zim bo‘lay deysan. Boshqalar suvsiz qolsa ham senga baribir. Olma pish, og‘zimga tush, deb doimo reykaning tagida o‘tirasan... Asov otni o‘rgatib mingan kabi suvning ham tizgin-chilvirini qattiq qo‘lga olmasang to‘g‘ri kelgan tomonga urib ketadi... Buni unutma Qoratoy, sening o‘rning reykaning tagida o‘tirish emas, balki dalada, suvning boshida, suvchilarning orasida...
Sobirbek borgan sari qizishib so‘zlay boshladi. Uning so‘zlari Qoratoygagina emas, o‘tirganlarning hammasiga qattiq botayotganday edi. Miroblar boshlarini egib, jiddiy qiyofada jimgina o‘tirishardi.
Sobirbek «Beshtosh» kolxozida ishlamasa ham, u kolxozni miridan-sirigacha o‘rganib chiqqanday gapirardi. «Beshtosh» kolxozida sug‘orish ishlariga ertaroq tayyorgarlik ko‘rmaydilar. Faqat suv bosib kelgandan keyingina tashvishga tushib qoladilar. Tajribali dehqonlar bunday qilmaydi, ular erta ko‘klamdan boshlab taraddudga kirishadi. Sug‘orish kartalarini ishlab chiqishadi... Yerga qo‘sh tushishi bilan peshma-pesh yangi ariqlar olinib, to‘g‘onlar tuzatib qo‘yiladi, eski ariqlar qazib taxt qilinadi, tajribali suvchilar tanlanib, ularning har biri ma’lum kartalarga birkitib qo‘yiladi. Biroq «Beshtosh» kolxozida bunday ishlar qilinmaydi. Qoratoy bo‘lsa, bunday ishlar bilan yetarli shug‘ullanmaydi, harakat ham qilmaydi.
Qoratoy, senlarga ajratilgan suv ekinlarga yetib bormasdanoq, eski ariqlarda yo‘l-yo‘lakay qurib, yo‘qolib ketmoqda. Shu zaylda ekinlar suv ichmasdan qolib ketyapti, kolxozning olayotgan hosili ham kamayib ketyapti. Bu bilan ish bitmaydi. Hammamizga ma’lum, har bir litr suv uchun kolxoz pul to‘laydi. Senlarda bo‘lsa, suv yo‘lda-cho‘lda isrof bo‘lib ketgani uchun birgina o‘tgan yilning o‘zida kolxoz ellik ming so‘mdan ortiq ziyon ko‘rdi. Butun rayon bo‘yicha esa foydalanilmay isrof bo‘lib ketgan suv uchun necha minglab so‘m zarar ko‘rdik. Agarda buning ustiga, sifatsiz sug‘orish natijasida hosilning kamayib ketganini qo‘shib hisoblaydigan bo‘lsak, keltirilgan zarar miqdori o‘n baravar, yuz baravar oshib ketishi mumkin. Ey, og‘aynilar, buning uchun kim javob beradi? O‘zlaring aytinglar-chi, kim javob berishi kerak? Menimcha, avvalo bunga biz, mana men, mana sen, Qoratoy, miroblar javob berishimiz kerak. O‘zlaring bir o‘ylab ko‘ringlar-chi, mabodo, cho‘pon bir uloq yo‘qotsa, u uloqni to‘laydi. Shunga javob beradi. Agarda bizning miroblar vaqti bilan yuzlab kubometr suvni isrof qilib yuborsalar ham javobgarlikka tortilmaydi. Axir, o‘rtoqlar, bunga chidab bo‘ladimi? Suv – bu mirobning boqib yurgan moli. Yaxshi mirob undan doimo ko‘z-quloq bo‘lib turadi, har bir tomchisini ham tejab-tergab sarflaydi. Mana shunday hammamiz to‘planishib o‘tirganda aytadigan taklifim shuki, mehnat kuni miroblik vazifasi uchun yozilmasdan, balki ish jarayonida foydalangan suvning hisobidan yozilishi kerak, siz qo‘shni rayonning vakillaridan mening bu taklifimni hamma yerda quvvatlashlaringni so‘rayman... Ot ustida yurib miroblik qilgan boshqa-yu, suv kechib, jonini jabborga berib ishlagan miroblik boshqa...
Qoratoy bu so‘zlarni eshitib bezovtalanib o‘tirardi. Bu ham mayli-ya, ayniqsa Sobirbekning «sen», «sen» deb qo‘lini nayza qilib, ko‘rsatib gapirgan gaplari uning suyak-suyagidan o‘tib ketdi.
– Yer traktor bilan haydaldi. Kolxozchilaringiz bug‘doyni ekib, unib chiqishiga ham erishdi. Sug‘orish mahaliga kelganda, hammasi bekorga ketdi. Shuni bilginki, Qoratoy, sen odamlarning mehnatini zoe ketkazding. Uchtepa uchastkasidagi makkajo‘xorilar hanuzga qadar biror marta ham sug‘orilmadi. Yaxshi unib chiqqan ekinning nobud bo‘lishiga nega yo‘l qo‘yding? Bilaman, sen hozir, bu tepalikka suv chiqmaydi deb aytasan. Biroq, u tomonga kun botar betdan ariq olib o‘tish mumkinu, sen bo‘lsang bu haqda ertaroq harakat qilmading, bosh ham qotirmading.
Qoratoy o‘tirganlarning hammasi o‘ziga tikilib qarayotganini sezib turardi. Qoratoy shu payt yer yorilsa-yu, yerga kirib, ko‘zdan g‘oyib bo‘lgisi keldi.
U qaynoq suvga pishib olinganday beti-boshi taram-taram qizarib ketgan edi. Kengash tamom bo‘lishi bilan u ijrokomning eshigidan birinchi bo‘lib yugurib chiqdi-da, shu bo‘yicha otiga irg‘ib minib, to‘ppa-to‘g‘ri dalaga qarab chopib ketdi. Biroq u ot ustida ketayotganda ham Sobirbekning so‘zlari quloq ostida jaranglab eshitilardi. Go‘yo Sobirbek uning orqasidap quvib kelayotganday edi. Qoratoy Uchtepa tomon chopib borarkan, u hamon kengashda aytilgan gaplarni bir-bir eslab turli xil o‘y-xayollarga cho‘mardi. Ammo qancha o‘ylamasin Sobirbekning aytgan gaplarini ma’qul ko‘rmasdi. O‘zini oqlash uchun qanday bo‘lmasin, turli xil dalillar izlab topishga harakat qilardi. Lekin shunday bo‘lsa-da, topgan javoblari tinchitib, hovuridan tushirmayotgan edi. Qoratoyni iztirobga solayotgan narsa: kengashda gangib qolib, Sobirbekka hech bo‘lmasa bir og‘iz ham javob qaytarolmaganida edi. Mana endi Sobirbek uni burniga sirtmoq solingan tuya kabi o‘z izmiga solib oldi. Eh, kallavaram, Sobirbekning bunday ayyorligini sal ilgariroq bilsa qani edi! Zarba berib, shoxini sindirib, ikkiichi marta og‘iz ochmaydigan qilib qo‘yardiku-ya!
Biroq nima ham deya olardi? Sen, Sobirbek, boshqalarning ishiga aralashmasdan, o‘zingni bilaver deb endi aytib bo‘larmidi? Endi hech kim u haqda shikoyat qilolmaydi. Sobirbekni butun rayon biladi, u mohir suvchi, eng yaxshi mirob. Sobirbekning kolxozida beda har yili to‘rt martadan o‘rib olinadi. Uning kolxozida silosga mo‘ljallab ekilgan jo‘xorining har bir gektaridan olti yuz tsentnerdan hosil olinadi, kolxozchilarga har bir mehnat kuni uchun rayon bo‘yicha hammadan ko‘p pul, g‘alla, go‘sht, moy beriladi. Oblast gazetasi Sobirbek haqida maqolalar bosib, undan o‘rnak olishga chaqirdi. Bilimi jihatidan ham Sobirbek hammasidan ustun. Ko‘pchilik kolxozlarda jo‘xorini yer yetilgandan so‘ng yoppasiga sug‘orishadi deyishadi. Ma’lum bo‘lishicha, bu eski usul yaxshi natija bermabdi. Uning fikricha jo‘xorini jo‘yak-jo‘yak qilib zaxlatib sug‘orish ma’qul ekan. Shunda hosil ikki baravar ortar emish. Uning aytishicha, agar kanop hozirgi kunda qonib suv ichsa, sutkasiga 12–14 santimetrgacha o‘sishi mumkin emish. Tavba, har bir o‘simlikni o‘lchab yurganday gapiradi. Qishda sug‘orish masalasini ko‘targan ham Sobirbek emasmidi? Yerni qishda ham sug‘orish kerak ekan, shunda yer namlikni yaxshi saqlar emish. Buni eshitib turgan yonidagi bir chol: «Obbo shayton-ey», – deb yoqasini ushlab Sobirbekka tan berayotganini Qoratoy ham ko‘rib turgan edi. To‘g‘ri, Sobirbekning ilmi zo‘r, o‘zi ham ishning ko‘zini biladi, uzoqni ko‘radi!
Qoratoy-chi? U nimalarni biladi? Qoratoy ham miroblik kasbini Sobirbekdan kam bilmaydi, albatta. Ular ikkalasi ham mirobchilik kursida birga o‘qishgan. Ammo Sobirbekning baxti bor ekan. Ilg‘or kolxozga keldi-yu ishlab, tezda nom chiqardi. Xo‘sh, u «Beshtosh» kolxozida ishlab ko‘rsin-chi! Uning kimligi shunda ma’lum bo‘ladi! Dastavval Qoratoy ham ishga zo‘r ixlos bilan kirishgan edi. Uning ham halol mehnat bilan xalq o‘rtasida shuhrat qozonsam degan orzu-umidlari bor edi. Ammo, ish boshidanoq chappasiga ketib, o‘zini o‘nglab ololmadi. Raislar biri kelib, biri ketib tez-tez almashinib turdi. Ana shunday sharoitda yangi takliflarni amalga oshirib, havas bilan ishlab bo‘larmidi... Oylar, yillar o‘tdi. Qoratoy ham bora-bora ishning borishiga qarab ko‘nikib qoldi...
Taqdir ataylab qilganday, ko‘p vaqtlar Qoratoy bilan Sobirbekning turmush yo‘lini bir yo‘ldan boshlab bordi. Ularning qishloqlari ham yondosh edi, yoshligidan bir-biri bilan tanish edilar, keyinchalik o‘spirinlik kezlarida «ShKM»  maktabida birga o‘qishdi. Urush paytida ham ular bir batalonda xizmat qildilar.
Belorussiyada bir poxodda ketayotib, jildirab oqayotgan kichik suvning bo‘yida dam olib o‘tirishganlari hali ham esida saqlanib qolgan edi. Sekin oqayotgan kichkinagina ariqchaning yoqasida soya tashlab turgan butalar, suv ichida o‘sgan qalin qamishlar, musaffo osmon, sukut saqlab turgan tushki payt, xullas, atrofdagi jamiki narsalar nafasini ichiga saqlab, o‘sha sokin oqayotgan suv tinchligini buzmayotganday bo‘lib tuyulardi. Shu payt otishmalarning ovozi ham eshitilmay, bir lahzaga urush dahshatlari unutilib, tinchlik hukm surardi. Bunday sukunat og‘ushiga cho‘mgan soldatlarning har biri o‘zicha turli xil shirin xayollarga berilardi. Sobirbek etigini yechib qayta kiyayotgan edi, ko‘zi suvga tushib tikilib qoldi:
– Eh og‘ayni, bizning qadrdon tog‘ suvlarimiz qanday ajoyib-a. Ularni juda ham sog‘indim-da, Qoratoy! – dedi u. – Har bir ariqning suvi o‘zicha bir tuganmas boylik ekanini endi payqab o‘tiribman. Okopda yotganimda ba’zan suvning shildirab oqayotgani eshitilib turganday bo‘ladi... Omon-eson uyga qaytib borsak, albatta suvchi bo‘lamiz... O‘shanda sen ham men bilan birga qo‘shilib dalaga sug‘orishga chiqasan. Axir, dehqonning huzur-halovati o‘shanda emasmi? Sening Xonimgulingni ham birga ergashtirib olamiz... Dalaga suvni boshqarib boramiz-da, keyin men sizlarga ashula aytib beraman. Sug‘orishda tilsiz kishi ham kuylamasdan turolmaydi! Yovni yengib, omon-eson qaytsak, tilagim shu!..
O‘shandan beri oradan qancha yillar o‘tib ketdi. Ularning ikkalasi ham urushdan bir vaqtda qaytib kelishdi, ikkovi ham mirob bo‘lib birga ishlab yurishdi. Qoratoyning og‘ir tabiatliligi va tund mijoziga qaramasdan ular o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari avvalgiday davom etaverdi. Biroq, kunlardan birida Sobirbek o‘z o‘rtog‘i Qoratoyning qallig‘i Xonimgulni sevar emish, degan so‘z chiqib, ovulda mish-mish gaplar tarqaldi. Shu-shu Qoratoyning do‘stidan ko‘ngli sovib, Sobirbekdan uzoqlasha boshladi. 
Qoratoy Xonimgulga uylangandan keyin ham Sobirbekka ochiq ko‘ngil bilan qo‘l bergani yo‘q. Qoratoy bu haqda qancha o‘ylab ko‘rsa ham, bir qarorga kelolmay, sabr kosasi to‘lib yurdi. Buning sababi ham bor edi, albatta, u sirtdan qaraganda unchalik sezdirmay yurgani bilan Xonimgulni jondan aziz ko‘rardi. Uning ichi torligi ham, rashk qilishi ham shunga yarasha edi: Xonimgulga biror kishi kulib qaradimi, bo‘ldi, jonajon do‘stimi, tug‘ishgan kishisimi – kim bo‘lishidan qat’i nazar, zaharini sochib, hazilmi, chinmi, surishtirib o‘tirmasdan, qo‘lga tushsa shu zahotiyoq jiqqa-mushtlashishdan ham qaytmasdi.
Ilgaridan shubhalanib yurgan yovuz niyatli Qoratoy Sobirbekning har bir bosgan qadamini kuzatib yurib, unga nafrat bilan qaray boshladi. Buni sezgan Sobirbek ham u bilan ko‘pdan beri gapirishmas edi. Qoratoy Sobirbekning bunday yurishini ko‘rib o‘zicha: u Xonimgulni unutolmayapti, Sobirbek mening baxtimga chang solyapti, deb sal narsadan gumonsirab yurdi. Bora-bora Qoratoy Sobirbekning mehnatda erishgan yutuqlariga ham hasad bilan qaray boshladi. Sirtdan qaraganda u Sobirbek erishgan muvaffaqiyatlarni nazar-pisand qilmay yurgan bo‘lsa ham, aslida uni ko‘rganda ichidan zil ketib yurardi. To‘g‘ri, Qoratoy ham Sobirbekdan orqada qolib ketmaslik uchun harakat qildi. Biroq uning ishlari nima uchundir olg‘a bosmadi. Bular Qoratoyning qalbini battarroq tirnab-o‘rtab, eski qadrdonidan o‘rnak olishga, yordam so‘rashga, unga boshimni egib boramanmi, degan g‘urur yo‘l bermasdi. Sobirbek bo‘lsa o‘chakishganday nomi xalq og‘zidan tushmay maqtalib, borgan sari obro‘-e’tibori ortib borayotgan edi. So‘nggi vaqtlarda Qoratoy buni xalq tugul o‘z xotinining og‘zidan ham eshitib qoldi. Kunlardan birida Xonimgul Sobirbekning surati bosilgan gazetadagi maqolani o‘qib o‘tirgan edi. Bunga ko‘zi tushib qolgan Qoratoy hadeganda sir boy bermay, jimgina turdi-da, so‘ng sabri chidayolmay:
– Ie, yana sening Sobirbeging haqida yozishibdimi? Qani, yana nimalar deb maqtashibdi! – deb, rashki kelib, ichidan kuyib borayotganini sezdirmaslikka harakat qilib kulimsirab qo‘ydi. Bundan bir oz oldinroq Xonimgul dugonalari bilan birga Sobirbeklarning qishlog‘ida qo‘yilgan kinoga borib kelgan edi. Aytishlaricha, u yerda Sobirbek bilan Xonimgul yonma-yon o‘tirishib, kinoni ham ko‘rmasdan, bir-birlari bilan gapirishib o‘tirgan emish. Buni eshitgan Qoratoy xotini bilan ochiqchasiga gaplashib olmoqchi bo‘ldi, biroq u nari-berini o‘ylab: – Bizning ovulimizda shu kungacha klub qurilmaganiga kim aybdor? – dedi-yu, yana shashtidan tushdi.
Boshidan kechganlarini shu tarzda o‘ylab borar ekan, Qoratoy Uchtepadagi ekinzorlar tomon qanday yetib kelganini bilmay qoldi. U endi jo‘xorilarning qay ahvolda ekanligini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi. Ko‘rganlariga ishongisi kelmay, ko‘zlarini uqalab-uqalab qo‘ydi. Lekin bu bilan manzara o‘zgarmadi. Sarg‘ish tortib kuyib yotgan bo‘z tuproq gugurt chaqsang lop etib yonib ketguday. Jo‘xorilar bo‘lsa allaqachon quvrab o‘tkir quyosh nuriga tob berolmay yaproqlarini naycha singari qat-qat o‘rab olgan edi. 
Ona-Yer, u ekinga sut beradi, hayot baxsh etadi. Lekin, u hozir yetim bolalardek o‘gay qolgan. Uning suti yo‘q, egasiz qolgan, jo‘xorilar ayanchli ahvolga tushib bari bir ovozdan: «Bizga suv kerak! Suv! Tezroq bir tomchi bo‘lsa ham suv kerak!» deya yalinib-yolvorayotganday edi. Ana shu paytda Qoratoyning yuragi umrida birinchi marta, haqiqatan ham iztirob chekib, zirqirab og‘rimoqda edi. Shunda uning quloqlari ostida yana Sobirbekning ovozi jaranglab eshitilganday bo‘ldi: «Sen mirobsan, suv qo‘lingda, hosil uchun sen javob berasan. Bilib qo‘y, Qoratoy, elning rizqini qiyganing, ter to‘kib qilingan mehnatni zoe ketkazganing uchun xalqning uvoli tutadi seni».
Shu mahal ko‘ngilni behud qiluvchi garmsel boshlandi. Issiq shamolning quyuq to‘lqinlari yer betiga olov purkab, qolgan-qutgan so‘nggi namlikni ham so‘rib olayotganday Qoratoyning badanlarini kuydirib yondirardi.
– Garmsel! – deya baqirardi Qoratoy jon-jahdi bilan, nafasi bo‘g‘ziga tiqilib. – Garmsel keldi! – so‘ng u otning yoliga mukkasidan yiqilib tushdi-da, o‘zicha bo‘g‘iq ovoz bilan pichirlay boshladi. – Bundan ko‘ra, mening suvsiz qolganim yaxshi emasmidi?! Bundan ko‘ra, mening chanqab o‘lganim ma’qul emasmidi?!
Bir ozdan so‘ng Qoratoy boshini bir chulg‘ab oldi-da, o‘nqir-cho‘nqirlarga qaramay, dala bo‘ylab, chang-to‘zon ko‘tarib ovul tomon ot qo‘yib boraverdi. U tizginni bo‘sh qo‘yib chopib borar ekan, hozirgina ko‘chada podani to‘sib turgan Xonimgul bilan To‘qonning oldiga yetib keldi-da, otni taqqa to‘xtatdi.

III


Tunning birinchi yarmi shu kunlarda odatdagidan qop-qorong‘i edi. Oy qorayib ko‘ringan tizma tog‘ cho‘qqilaridan kechikib chiqayotgan edi. Sug‘orish uchun tun eng yaxshi vaqt. Sobirbek sug‘orishning qanday borayotganini tekshirib yurdi. Hamma ish joyida. Suvchilarga kunduz kuni topshiriq berib qo‘yilgan, ularning har qaysisiga alohida yer ham taqsimlab berilgan. Endi bo‘lsa Sobirbek biror yerga suv chiqmay qolmadimikin deb, marzama-marza yurib sug‘orilgan ekinlarni ko‘zdan kechirib yurgan edi, bir vaqt:
– Sobirbek, qaerdasag, ho-o-o, Sobirbek qaerdasan! – degan ovoz eshitilib qoldi.
– Men bu yerdaman!
– Suv yo‘q! Suv qurib qolyapti! – deya baqirardi haligi suvchi. Sobirbek u tomon chopib borarkan, narigi yoqdan yana qiyqiriq ovozi eshitldi:
– Xoy, mirob, suv yo‘q! Suv qani?
Haqiqatan ham ariqdagi suvlar o‘zidan-o‘zi kamayib qurib qolgan edi. «Katta ariqqa urib ketdimi, nima bo‘ldi?» – degancha Sobirbek katta ariq tomon chopib ketdi... Ariq joyida, boya-boyagiday. Ammo suv kamayganidan kamayib, ariq tubidagi toshlar qorong‘ida yiltirab ko‘rinib turardi. «Tavba, bu nimasi bo‘ldi?» – deb Sobirbek hayron qoldi-da, kanalning bnror yerini suv olib ketganmikin degan xayolga borib, birdan cho‘chib ketdi. Bo‘lmasa bu kanaldan yolg‘iz Sobirbeklar emas, «Beshtosh» kolxozi ham suv ichardi, qolaversa, kanalning urib ketgan yerini bog‘lash oson ish emas. Unga qancha kuch, qancha vaqt kerak. Sug‘orish qizg‘in ketayotgan hozirgi paytda suvsiz qolish bu hosildan mahrum bo‘lish degan gap. Nima bo‘lsa ham tezroq harakat qilish kerak, deb Sobirbek tun qorong‘isiga qaramay, otga yana qamchi bosdi.
Mana, u kanalning boshiga ham yetib keldi. U yerda ikkala kolxoz uchun suv bo‘lib berib turadigan katta shlyuz o‘rnatilgan edi. Sobirbek otini kanal chetidagi tolga bog‘ladi-da, o‘zi kanalning tepasiga irg‘ib chiqdi va shlyuzning ko‘prigi bilan yurib borayotib birdan to‘xtab qoldi. Sobirbek katta ariq boshidagi shlyuzning berkitilganini ko‘rib o‘z ko‘ziga ishonmasdi. Kanaldan ariqqa tomon hech bo‘lmasa jildirab ham suv oqayotgani yo‘q. Qoratoylarning shlyuzi bo‘lsa, oxirigacha ko‘tarilgan. Suvning hammasi ularning arig‘ida sharqirab oqayotgan edi.
«Bu nimasi, buni kim qildi?» – deb Sobirbek o‘ziga-o‘zi savol berardi-yu, unga javob topa olmasdi. U umrida bunaqa hodisaga duch kelmagan edi. Suvning shovqin solib, sharqirab oqayotganidan Sobirbekning so‘zlarini eshitib bo‘lmasdi.
– Yo‘q, bu yerda qandaydir anglashilmovchilik bor. Bunday bo‘lishi mumkin emas. Buni darhol tuzatish kerak!..– der edi Sobirbek o‘ziga-o‘zi pichirlab.
U otining yoniga borib, hamisha egarining qoshiga bog‘lab yuradigan katta klyuchni yechib oldi-da, qaytib kelib o‘ziga tegishli suvni ochib yuborayin degan maqsad bilan klyuchni shlyuzning gaykasiga solib burayotgan edi, yaqin atrofdan birovning haybatli ovozi eshitildi:
– Tegma unga, qo‘lingni tort!
Sobirbek yalt etib yon-atrofiga qaragan edi, ko‘prikning ustida qandaydir qanotini yozib yuborgan burgutga o‘xshash, ola-bula juldur yopinganday boshini ichiga olib kelayotgan ko‘lanka paydo bo‘ldi. Uning afti basharasi ko‘zga ko‘rinmasdi.
– Sen kimsan?
– Qo‘lingni tort deyapman!
– Qoratoy, senmisan? U javob bermasdi.
– Bizning suvni sen bo‘g‘ib oldingmi?
– Menga suvning hammasi kerak!
– Bunday huquqni senga kim berdi?
Qoratoy lapanglagancha ikki sakragan edi, Sobirbekning qarshisida paydo bo‘ldi.
– Yo‘qol, hozir ko‘zimga ko‘rinma!
– Qoratoy, aqling joyidami o‘zi? Nima deb vaysayapsan?
– Hozir bu yerdan ket! Suvni bermayman dedimmi, bermayman! Uni o‘zim uchun emas, kolxoz uchun olyapman! Ekinlar quvrab ketibdi, menga suvning hammasi kerak. Hozir ket, joningdan umiding bo‘lsa, bu yerdan hozir ket! Nima qilsang ham suvni bermayman. 
– Boshqalarning ekini sug‘orilmasdan qolib ketsa maylimi? Bu kurakda turmaydigan so‘z. Bu o‘g‘rilikdan boshqa narsa emas!
– Men o‘g‘rimanmi? Tilingni tiy! – Qoratoy sakrab borib Sobirbekning qo‘lidagi temir klyuchni yulib oldi-da, orqaga bir qadam tisarilib, qulochkashlab turib Sobirbekniig boshiga urmoqchi bo‘lgan edi, Sobirbek epchillik qilib, Qoratoyning qo‘lini ushlab qoldi. So‘ngra u qo‘liga butun kuchini to‘plab, Qoratoyning bilagini qopqon kabi sindirgudek mahkam siqib turaverdi. Nihoyat, klyuch Qoratoyning qo‘lidan sho‘lp etib suvga tushib ketdi. Biroq Qoratoy hamon yon bergisi kelmadi. Aftidan, u holdan toyib yiqilmaguncha olishmoqchi. Sobirbekni ko‘prikning chetiga sudrab borib, suvga itarib yubormoqchi. Buni sezgan Sobirek bir qo‘li bilan shlyuzning temiridan ushlab olib, o‘rnidan qimirlamay turaverdi. Ular shu zaylda yuzma-yuz olishib, ko‘prik ustidan suvga tushib ketmaslik uchun bir-birini ushlab, yopishishardi. Qadrdon do‘st bo‘lib yurgan kezlarida ham ular bir-biri bilan bunchalik yaqinlashgan emas edi. Atrof bo‘lsa jimjit, qorong‘i, biror tirik jon yo‘q. Faqat endigina bosh ko‘tarib kelayotgan to‘lin oy “bu olishib yotganlar kim bo‘ldi”, deganday, qir orqasidan bosh cho‘zib qarayotgan edi. Agarda hozir kun qorong‘i bo‘lmaganida, Sobirbek Qoratoyning quturganday qon to‘lgan ko‘zlarini baralla ko‘rgan bo‘lardi, chakkasida bo‘rtib chiqqan qon tomirlarini yuragi bilan birgalikda gupillab urayotganini sezgan bo‘lardi, uning irvaygan og‘izlari murdani eslatardi. Biroq qorong‘ida Qoratoyning kuyib-yonayotgap issiq gavdasi, anqib turgan ter hidi va xirillab chiqayotgan so‘zlarigina sezilardi.
– Suvni bermayman dedim – bermayman! Bu tunda suvdan men foydalanaman. Ekinlar suvsizlikdan quvrab ketyapti!..
Bir oz vaqt o‘tgach, Qoratoyning madori qurib, bo‘shashgan edi, Sobirbek uni o‘zidan nariga itarib yubordi:
– O‘rningdan jilma, Qoratoy! Qo‘zg‘ala ko‘rma! – dedi Sobirbek, – oqibat shu edimi? Hosil uchun, birinchilik uchun shunaqa kurashishimiz kerak ekan-da. Sen meni kim deb bilasan?
– Sen menga dushmansan! – dedi Qoratoy entikib xirillab. – Sen menga dushmansan... Sen mening sevgan xotinimga ko‘z olaytiryapsan, sen meni sinamoqchi bo‘lib yig‘ilishlarda yomon ishlaydi, deb ishimni muhokama qilasan. Lekin meni aldayolmaysan, bilib qo‘y shuni... Sug‘orishda qanaqa qilib ilg‘or bo‘lib yurganingni ham bilaman, sen mening suvimni ham tuni bilan o‘zingga foydalanib yuribsan...
– Nima-nima? – dedi-yu, Sobirbekning tomog‘i bo‘g‘ilib, boshqa so‘z aytishga chamasi kelmadi shekilli, Qoratoyning yoqasini qo‘sh qo‘llaganicha o‘ziga niqtab tortib, shu bo‘yicha qimirlatmasdan xippa bo‘g‘ib turaverdi, so‘ng qorong‘ida uning ko‘zidan ko‘nglida nimalar borligini bilib olmoqchi bo‘lganday, yuziga anchagacha tikilib turdi-da, qandaydir o‘kinch bilap boshini chayqadi:
– Hammasi tushunarli! Men ketdim. Ammo shuni bilginki, sening ariqlaring shuncha suvga chidash berolmaydi... Sen o‘zingga-o‘zing dushmanlik qilyapsan... Agar bir ho‘plam suv bekorga ketsa, keyin o‘zingdan o‘pkala...
Sobirbek ketgandan so‘ng Qoratoy ko‘prikning ustida turib, oy nurida oqarib ko‘ringan Sobirbekning gimnastyorkasiga anchagacha qarab qoldi. Sobirbek bu to‘qnashuvda g‘olib chiqqanday boshini baland ko‘tarib, ko‘kragini kerib, mardonavor odimlab ketayotgan edi, Qoratoyning bo‘lsa boshi aylanib, butun vujudi olov bo‘lib yonayotgan edi. U hozir o‘zini g‘oyat kuchsiz, birov adashtirib, yolg‘iz tashlab ketgan go‘dak singari his qilardi. Shu payt u ketib borayotgan Sobirbekka: «To‘xta! Menga suving kerak emas, suvingni ol!» deb baqirib yuborishiga sal qoldi.
O‘z qilmishini to‘g‘ri deb topish va undan qanoat hosil qilish uchun Qoratoyga yana nimadir yetishmayotgan edi. Kanalning tepasidan chopib tushgan Qoratoy ariq yoqasiga kelib o‘tirdi-da, jonimni jabborga berib topgan suv senmisan, deganday tomog‘i qurib-chanqagan kishi kabi hovuchlab qult-qult suv ichdi-da, o‘zicha nimalarnidir gapirayotgan edi:
– Shoshmay tur, hali men senga ko‘rsatib qo‘yaman. Endi hamma suv o‘z qo‘limda... Bu kecha hamma ekinlarni sug‘orib olaman. Muddaom shu. Meni o‘g‘ri deb ko‘rsin-chi, men o‘g‘ri emasman!.. Ular ekinlarini to‘rt-besh martalab sug‘orib olishgan. Bir kecha suv olmasa olmabdi-da... Bizga bo‘lsa hoziroq suv kerak. Mana, yana garmsel esib kelyapti... Yo‘q, Sobirbek, bekorlarni aytibsan, bizga olti quloq emas, o‘n-o‘n besh quloq suv kerak... Uchtepadagi jo‘xorilarga suvni o‘sha eski ariqlar bilan olib boraman.
Haqiqatan ham ariqda katta suv to‘lqinlanib oqayotgan edi. Uning kuchli oqimiga qarab turgan Qoratoyning ko‘zlari jimirlab ketdi. Bahorgi toshqin daryo kabi qirg‘oqlari bilan to‘lib oqayotgan ariq suviga kaftingni solib to‘smoqchi bo‘lsang, suv go‘yo asov toydek sapchib, duch kelgan tomonga olib ketishi mumkin. Suv erkin oqishni yaxshi ko‘radi. Agar unga quloq solib tursang, suv o‘zining kuchli oqimi bilan ariq qirg‘oqlarini kemirib ketib, ko‘zga ko‘rinmas qumlarni muttasil oqizib borayotgani eshitiladi. 
Biroq Qoratoyning xayoli boshqa narsada edi. U bugun qanday bo‘lmasin, tuni bilan ekinlarning hammasini sug‘orib olmoqchi edi. Suv hozirgacha Uchtepaga yetib borganini, u yerda suvchilar kechadan beri shaylanib, tayyor bo‘lib turganini xayolidan o‘tkazdi-da, Qoratoy o‘rnidan sapchib turib quvonchidan o‘zicha miyig‘ida kulib qo‘ydi. Ha, sug‘orish boshlandi! Endi tezroq harakat qilib qolish kerak...

IV


Qalin kanopning qoq o‘rtasidagi yolg‘izoyoq yo‘l bilan chor atrofga nazar tashlab bir ayol kelardi. Uning boshiga bir o‘ram qilib bog‘lab qo‘yilgan oq ro‘moli yelkasiga sidirilib tushgan, ko‘ylagining yoqalari ochib yuborilgan, qorong‘ida ko‘ksi oqarib ko‘rinib turardi. Bu Xonimgul edi. U shoshilganicha qaergadir ketib borardi. Uyqusidan cho‘chib uyg‘onib ketgan to‘rg‘ay yonidan parillab uchib ketgan edi, Xonimgul cho‘chib ketib qichqirib yuborishiga sal qoldi va qo‘rqqanidan qo‘lidagi tugunchani ko‘kragiga bosib oldi. Yo‘q, u qo‘lidagi tugunchani tashlamoqchi emas. Qoratoy ishga bugun ovqat yemasdan ketgan, yana buning ustiga, uning kayfiyati ham buzuq edi. Agar biror hodisa yuz berganini bilganda, Xonimgul Qoratoy uchun jonini berishga ham tayyor edi...
Shu payt allaqaerdan:
– Qoratoy! Qoratoy! Suv urib ketdi! Tezroq kel! – degan kuchli ovoz eshitildi.
Shoshib qolgan Xonimgul o‘sha tomonni ko‘zlab chopib ketdi. Uch-to‘rt kishi, kimligini bilib bo‘lmasdi, urib ketgan ariq yoqasida uymalashib yotgan edi. Ammo Xonimgul ular orasidan Qoratoyni darrov tanidi. U suv o‘yib ketgan ariq o‘rtasida enkayganicha nimagadir urinib yotgan edi. Qatta ariqdan siqilib oqayotgan kuchli oqim yirtqich hayvon kabi tutqich bermay, qirg‘oqni uzib-yulqib, tuproq chiqindilarini o‘zi bilan birga oqizib soyga tomon chopardi. Suvning shovullab oqayotgan oqimi ichidan dam-badam kishilarning shovqin-suronlari eshitilib qolardi.
– Bo‘l!.. Tezroq! Chimni olib kel!.. Toshni bos... 
Xonimgulning yetib kelganini hech kim payqamagan edi. Biroq uning qaerdan, qachon kelganiga ham hech kim hech qancha taajjublanmasdi. Xonimgul suv kechib, Qoratoyning oldiga yugurib bordi. Qoratoy unga yalt etib bir qarab qo‘ydi-da:
– Chim, chim olib kel! Tezroq! – deb buyruq qildi. Undan keyin nima bo‘lganini Xonimgul yaxshi anglamasdi. Boshi qotib, gangrab o‘ngimi, tushimi, faqat jon-jahdi bilan chim o‘yib yotganini bilardi, xolos. Chimni yerdan ajratib olish qiyin, uni tirnoqlari bilan uzib olish kerak. Chim juda og‘ir bo‘lsa ham, Xonimgul uni tashlamay, bola ko‘targanday quchoqlab ko‘kragiga qisib, Qoratoyga olib kelardi. Qoratoy bo‘lsa xotiniga biron nima demasdan bo‘g‘ilib xirillardi. Shu choq narigi tomondan birovning qichqirgan ovozi eshitildi:
– Nima? Nima bo‘ldi?
– Tezroq, tezroq bo‘linglar! Suv olib ketyapti!..– Muskullari temirday bo‘rtib chiqib, hansirab, bir-birovlarini turtishib suv bilan olishib yotgan odamlar orasidan ayolning horg‘in ovozi quloqqa chalindi. Xonimgulning oyog‘iga tosh tushib ketgan edi. U oyog‘ining og‘rig‘iga chiday olmasdan «voy jonim», degancha tishini tishiga bosib, suvning ichida o‘tirib qolgan edi, narigi yoqdan Qoratoyning «bo‘linglar», degan buyrug‘ini eshitib, o‘rnidan irg‘ib turdi. Shu zahoti bir narsa qirs etib ketdi. Nima bo‘ldi, oyog‘i sindimi?.. Qoratoyning qoqayotgan qozig‘i sinib ketgan edi...
Ko‘zlari jimirlab tinib ketdi...
– Bari bir, bo‘lmaydi!
– Nega bo‘lmaydi?
– Eski ariq eski ko‘ylak singari, bir joyini yamasang, ikkinchi yeri yirtilaveradi.
– Bas qil!
– Bundan chiqdi, ishlab o‘lgin deb qo‘ya qol?
– O‘l!
Yana shiddatli kurash davom etadi! Suv – bu tilsiz yov. U bostirilgan tosh va chimlarning ostidan otilib chiqib, hamma yoqqa toshib, buzib borayotgan edi. Uni jilovlab bo‘lmasdi... Qo‘llarining tobora madori qurib, yuzlaridan nomakob ter quyilardi... Suvchilar Qoratoydan norozi bo‘lib, uni ko‘rishga ko‘zi yo‘q edi...
– Shu ham ariq bo‘ldi-yu, ichidagi cho‘p-xasiga o‘ralashib yiqilasan kishi... Yana undan suv qanday oqsin...
– Ariqlarni durustroq qazitmay rais bilan mirob nima qilib yuribdi...
– Bularning hammasiga Qoratoy aybdor, ikki o‘rtada na o‘ziga, na o‘zgaga qildi...
– Tekin tomoq yurakni og‘ritadi!
Bu so‘zlarni Xonimgul ham eshitib turgan edi. «Ular nima deyishyapti, Qoratoy biror qaltis ish qilib qo‘ydimi?» deb qo‘rqib ketdi.
Suvchilardan biri jahl bilan baqirdi:
– Bas endi, suvni ochib yubor!
Kimdir birov suvni ariqqa tashlab yuborish uchun shlyuz tomon yugurib ketdi. Qoratoy bo‘lsa, bir-ikki sakrab yetib keldi-da, uning yo‘lini to‘sdi.
– Senga kim aytdi suvni tashlab yuborsin deb? Hoziroq izingga qayt! Javobini o‘zim beraman!
– Nimaning javobini berasan? Birovlarning suvini ochib olib, ariqlarni buzib yuborganingnimi?
Qoratoy lom-mim demasdi. Qovoq osgan bo‘yicha qarshilik ko‘rsatmoqchi bo‘lib to‘planib turgan suvchilarga tomon qo‘lidagi ketmonini salmoqlab yaqinlashib bordi.
Haligi so‘zlarning ma’nosini, kuyovining qilmishlarini Xonimgul endi aniq anglab yetgan edi.
Qoratoy suvchilarga g‘azab bilan tashlandi:
– Ishni tashlab ketishga kim ruxsat berdi?
– Qo‘p baqiraverma! Yaxshilik bilan suvni ochib yubor!
– Sen o‘g‘irlagan suv uchun biz javob bermaymiz!
– Ochib yubormayman! – deb baqirgan Qoratoy joni bo‘g‘ziga kelib, ketmon ko‘tarib suvchilarga hamla qildi.
Shu zahoti suvchilardan biri uni o‘z ketmoni bilan to‘sib qoldi, ketmonlar bir-biri bilan to‘qnashib, qorong‘ida olov uchqunlari chaqnadi. Suvchilar ko‘plashib Qoratoyni bosib yiqitib, qo‘lidagi ketmonini tortib olishdi. Qoratoy shunda ham tinchlanmasdi. U oldida turgan odamlarni boshi-ko‘zi demasdan sola boshladi.
Boshqalar uni ushlab qo‘lini orqasiga qayirishgan edi. Qoratoy qo‘ldan chiqib ketib, ikki-uch qadam nariga borib yiqilib tushdi. Biroq yana o‘rnidan tura solib, quturgan hayvon kabi olishib ketdi.
Hangu mang bo‘lib qolgan Xonimgul tili kalimaga kelmay, majoli qurib, o‘sha o‘tirgani bo‘yicha o‘tirib qoldi.
– Voy, bu qanday mudhishlik! – deganicha Xonimgul mushtlashib yotganlarni ajratmoqchi bo‘lib, o‘zini ularning orasiga otdi. Gandiraklab holdan ketgan Qoratoyning oldini to‘sib, urayotgan odamlardan uni himoya qila boshladi:
– Qo‘yinglar, sadag‘ang ketaylar, hoy bu nima qilganlaring, bola bo‘lyapsizlarmi, qo‘yib yuboringlar! – deb Xonimgul yiqilib-surilganicha Qoratoyni ajratib olishga talpinardi. Ko‘ziga qon to‘lib, jon talvasasida olishayotgan Qoratoy ayoliga bo‘y bermay, uni qayta-qayta siltab tashladi. Shunga qaramay Xonimgul o‘zini qorong‘ida mushtlashib yotgan olomon orasiga otib suvchilarga yalinib-yolvordi:
– Qo‘ysalaring-chi, ayb sizlarda emas... Qo‘li bilan qilgan, boshi bilan javob beradi. Bunga Qoratoyning o‘zi javob bersin, sizlar ketaveringlar... Ketinglar hozir... Urmanglar deyapman!
– Hoy, urishni kim boshladi? Uning o‘zi emasmi?
– Boshlagan bo‘lsa, boshlagandir, o‘chlaringni mendan olinglar, undan ko‘ra, meni uringlar.
– Nega seni urar ekanmiz... Hozir ketamiz, bu yerda yotib qoladigan odam yo‘q. Biroq biz buni shu bo‘yicha oqibatsiz qoldirmaymiz. Tegishli joyda gapirishib olamiz... «Ko‘ramiz! Hali partorg, pravleniening oldiga ham boramiz!» – degancha suvchilar ketmonlarini yelkalariga tashlab, ovulga yo‘l olishdi.
Qoratoy bo‘g‘iq ovoz bilan:
– To‘xta! Orqaga qaytinglar, hozir qaytinglar! – deb bo‘yniga osilib olgan Xonimgulni sudrab, ular tomon intilardi.
Suvchilar to‘xtamadi, unga javob ham qilishmadi. Bir ozdan so‘ng ular qorong‘ida g‘oyib bo‘lishdi.
Boyadan beri olishaverib holdan ketgan Qoratoyning esi og‘ib, butun vujudi titrab-qaltirab, qo‘llari lattaday shalvirab qolgan edi. Dala ustidan go‘yo momaqaldiroq guldurab o‘tib ketganday atrof jimjit.
Dimiqqan iliq tun mayin tortib qizib yotgan yer betiga salqin tushayotgan edi. Ariq bo‘ylab tig‘iz o‘sgan ixroj bilan sariq bosh o‘simliklarning o‘tkir hidi havoda anqib turardi. Kanal tarafdan qurbaqalarning qurillashi elas-elas eshitilib turardi. Narigi yoqda esa qalin butazor oralab ona tuya o‘tlab yuribdi. U bo‘talog‘ini erkalab, cho‘ziq ovoz bilan o‘ziga chorlardi va yantoq poyalarini kirtillatib chaynardi.
Ha, tabiat odatdagiday tinch, o‘z maromida, uning osudaligini faqat birgina narsa – ariqning sharillab oqayotgan suvi buzmoqda edi. Kichkinagina kamarchadan kuch bilan otilib chiqayotgan suv soy bo‘ylab sharqirab oqmoqda. Qoratoy boshini quyi solib, o‘rtanib yotgan yuragini to‘xtatolmay kamardan pishqirib qaynab chiqayotgan suv kabi entikib, og‘ir nafas olardi. Uning «dik-dik» urayotgan yuragi kuyovini quchib turgan Xonimgulga go‘yo o‘z qalbi urayotganday aniq sezilib turardi. Mana, suv so‘nggi tosh va chimlarni ham surib oqizib bormoqda. U o‘chakishganday, avvalgisidan ham kuchliroq sharillamoqda.
– Buni men yolg‘iz o‘zim uchun qildimmi? – deyardi Qoratoy o‘z-o‘zicha, kimga yuzlanishni bilmay. – Yo‘q, kolxozni deb qildim... Suv bo‘lmasa... Ekin maydoni yildan yilga kengayib borayotgan bo‘lsa...
Xonimgul kuyovining bu nolishini ko‘rib, yuragi tovlanib ketdi:
– Hechqisi yo‘q, Qoratoy, ko‘p xafa bo‘laverma! – deyardi Xonimgul kuyovining qulog‘iga shivirlab.
Qoratoy bir xo‘rsinib, Xonimgulni quchoqlab turgan qo‘llarini ajratib, uni nariga itarib yubordi.
– Ket bu yerdan! – dedi u zarda bilan qahri kelib. – Ko‘zimga ko‘rinma, yo‘qol!
Xonimgul biron narsa demasdan jimgina qayrildi-da, odimlab ketdi. U yurib borarkan, yo‘l-yo‘lakay quvraylarning boshini chimchib, ularning achchiq donlarini kaftida uqalab, yerga sepib borardi.
Yolg‘iz qolgan Qoratoy yana bir oz o‘tirdi-da, so‘ng to‘g‘onni ko‘zlab yurib ketdi.

V


Tong ham ota boshladi. Tog‘ yon bag‘irlariga o‘rnashib olgan pag‘a-pag‘a yengil bulutlar uyqudan sekin-asta bosh ko‘tara boshladi.
Qoratoy bo‘lsa yerda chalqancha tushib yotgan edi. Hozir u yerni quchoqlaganicha yolg‘iz yotardi.
Yer hammasini tushunadi, odamning sevinch-quvonchiga ham, qayg‘u-alamiga ham sherik bo‘lishi, o‘z bag‘riga singdirishi mumkin. Mana, hozir ham chuqur xayollar og‘ushiga cho‘mib o‘tgan voqeani eslayotgan Qoratoyning tinchini buzgisi kelmaganday, sekin-asta yorishib kelayotgan tong shu’lasi yer betiga to‘shalib, yuqoridan esayotgan mayin shabada uning zirqirab-qaqshab og‘riyotgan tanasi, qavarib ketgan qo‘llari uzra girdikapalak bo‘lardi. Qoratoy yotgan yerga yana kimdir birov sharpasiz yaqinlashib keldi-da, uning yoniga o‘tira qolib, Qoratoyning boshlarini, kiftlarini silay boshladi. Bu iliq qo‘llar Qoratoy uchun g‘oyat yaqin, g‘oyat yoqimli tuyulardi. Qoratoy zarracha bo‘lsa-da, qo‘zg‘alishdan qo‘rqardi; go‘yo sal qo‘zg‘alsa bu orombaxsh lahza, jon ato qilgan baxt qushi parvoz qilib, uchib ketib, ikkinchi marta qaytib kelmasdek bo‘lib tuyulardi.
«Qadringga yetmadim, Xonimgul, – deb o‘ylab yotgan edi u. – Sening tabiatingni tushunmasdan pastlik qildim. Kechir meni, yuzingga qanday qarayman endi. Baxt-tole degan narsa faqat uyda, o‘choqning boshidagina emas, balki el bilan, kollektivning mehnati bilan chambarchas bog‘liq ekanini o‘zing ham tushungan bo‘lsang kerak...»
– Qoratoy, o‘rningdan tur, Sobirbek kelyapti! – deb shivirladi Xonimgul. Qoratoy boshini salanglatib o‘rnidan turdi.
– Ma, dalada qolib ketibdi, boshingga kiyib ol, – deb Xonimgul unga qalpog‘ini uzatdi. Qoratoyning changga botgan ust-boshini qoqib, ko‘ylagining yirtilgan joylarini to‘g‘rilab, qistirib qo‘ydi.
– Men uyga ketaverayin, sen keyin borarsan... Oting qo‘rg‘onning narigi yog‘ida tushovli yuribti, – dedi Xonimgul ketib borayotib.
Sobirbek ariqni yoqalab sekin kelayotgan edi. U ba’zan uzangiga oyoqlarini tirab, otining jilovini tortib, atrofga nazar tashlab borardi. Balki, u yangi ariqning qaerdan tushishini mo‘ljallab yurgandir.
Qoratoy jimgina qarab turardi.
Do‘st oldida javob berishdan ko‘ra dushman qo‘lida o‘lgan yaxshi emasmi?!

1954 yil

 

Asil Rashidov tarjimasi
© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.